Ajoyib eksponat va original ko‘rgazmalar shaydolari diqqatiga: Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga tashrif buyurishni ko‘nglingizga tukkan bo‘lsangiz, quyida keltirilgan manzillarni, albatta, bir aylanib chiqing. Mazkur sayohat sizga estetik ruh ulashib, esda qolarli madaniy hordiq chiqarishingizga yordam beradi. O‘ziga xos va bir-biriga o‘xshamaydigan tomoshagohlar sirasiga, shubhasiz, Piterdagi bir qator muzeylarni kiritish mumkin.
Shaharning Ligovskiy prospektidagi 73-binoda joylashgan, yakshanba, dushanba va oyning oxirgi seshanbasidan tashqari boshqa kunlar soat 10 dan 16 gacha faoliyat ko‘rsatadigan muzeyda bizda ham ulug‘ ne’mat sifatida qadrlanadigan nonning 14000 dan ortiq turini ko‘rish mumkin. Bunday katta hajmdagi kollektsiyaga ega bo‘lgan joy nafaqat mahalliy xalq, balki mehmonlarning ham sevimli manzilgohiga aylangan. Non muzeyida insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk kashfiyot, tengsiz ozuqa manbai, ajdodlardan avlodlarga meros qolib kelayotgan oliy qadriyat mahsullaridan birining tarixi, non pishirish jarayonini o‘zida aks ettirgan ma’lumotnomalar, shunga tegishli ro‘zg‘or anjomlari, samovarlar to‘plami, mazkur ne’matni ishlab chiqaruvchi turli korxonalar haqidagi lavhalar, rasm va amaliy san’at namunalari, kulinar kitoblar kutubxonasi o‘rin olgan. U yerda rus pechkasidan endigina olingan qaynoqqina non sotib olish ham mumkin. Mazkur muzey Rossiyada yagonaligidan tashqari, jahonda o‘ziga yarasha obro‘ga ega.
Professor Popov ko‘chasidagi 2-uy orqali, jumadan tashqari har kuni soat 11 dan 16 gacha ishlaydigan botanika bog‘iga kiriladi. Uning qurilishi 1714 yilda boshlangan. O‘ziga xos nomdagi “apteka tomorqasi”da o‘sha vaqtda shoh buyrug‘iga binoan, dastlab shifobaxsh o‘simliklar, kamyob hamda dengiz ortidan keltirilgan begona nabotot vakillari ham yetishtirila boshlandi. O‘simliklarning ko‘pchiligi o‘zga o‘lkalardan buyurtma asosida olib kelinar, ba’zilarini ekspeditsiyaga chiqqan tadqiqotchilar taqdim etishar edi.
1823 yildan boshlab Pyotr I ning tabiiy dorixonasi “Imperatorning Botanika bog‘i”ga aylantirildi. Shu paytdan e’tiboran u yer shahar aptekalarini shifobaxsh o‘tlarning eng yangi va sof xomashyosi bilan ta’minlashni to‘xtatdi, ammo kollektsiya ishlarini rivojlantirish uchun imperator katta miqdorda mablag‘ ajratdi. Oradan qariyb yigirma besh yil o‘tib, mazkur bog‘ to‘plagan tabiiy xazinasi jihatdan dunyoda birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bunday ko‘rsatkichga erishishga, hatto, 1824 yilgi suv toshqini va u keltirgan zarar ham halaqit bera olmadi. Ammo bu fojea oxirgisi emasdi. Ikkinchi jahon urushi paytida flora olamining go‘zal makonlaridan biri ishchilarning sa’y-harakatlariga qaramasdan minglab o‘simliklarni yo‘qotdi. Deyarli barchasini qaytadan boshlashga to‘g‘ri keldi. Oradan bir necha yil o‘tgach, u asl qiyofasini deyarli tikladi. Aptekar orolidagi flora durdonasi yilning har bir faslida o‘zgacha va dilbar manzarasi bilan ko‘zni quvontiradi.
Oranjereya bilan o‘ralgan park, ayniqsa yozda yanada go‘zallashib ketadi. Peterburgning bir burchagiga butun dunyodan keltirilgan minglab gullarning xushbo‘y iforidan odamlar ma’lum vaqtgacha sarmast bo‘ladilar. Atirgulning sertikan, aslida beozor va dilga yaqin butalari hamda bir-birini opichlab olgan gulbarglari, mayin nasimda raqsga tushayotgan nilufar, unga havas qilib sollanayotgan gulsafsar, ulardagi tabiiylik shahar ahlini vaqtinchalik do‘konlardagi sun’iy rang-baranglikdan uzoq-uzoqlarga, tabiat bag‘riga olib ketadi. Adolat yuzasidan yana shuni aytish lozimki, bunday sof va tasavvurning nozik torlarini chertadigan manzaralarni bahor va kuzda ham kuzatsa bo‘ladi.
“Mazkur majmua birinchi marta shahar va suvning naqadar bir-biriga bog‘liq ekanini ko‘rsatib berdi“, degandi u haqda shaharni suv bilan ta’minlashga mas’ul tashkilotning rahbarlaridan biri.
“Sankt-Peterburgning suv olami” axboriy-ma’rifiy majmuasi tarixiy va zamonaviy ekspozitsiyalarni o‘zida uyg‘unlashtirgan, an’anaviy hamda interfaol g‘oya va yangiliklarni jo qilgan muzey maqomi darajasiga ko‘tarildi. Bu kabi markazlar Yevropa mamlakatlarida ancha keng tarqalgan bo‘lsa-da, Rossiyaga nisbatan bunday deyish unchalik to‘g‘ri emas.
U yerdagi ko‘rgazmalar suv bilan ta’minlash madaniyati shakllanayotgan davrlar — Qadimgi Misr, o‘tmishdagi Yunoniston, ko‘hna Rim tarixini o‘z ichiga olgan. “Suv olami”da saqlanayotgan ko‘plab arxiv hujjatlari shaharda birinchi marta markazlashgan tarzda suv bilan ta’minlash bilan shug‘ullangan tashkilot va ayni paytda aktsiyadorlar jamiyati sifatida faoliyat yuritadigan korxonaning tashkil topishi bilan chambarchas bog‘liq. Majmuaning binolaridan biriga ”Yer osti Peterburgi” nomli multimedia ko‘rgazmasi, shahardagi gidrogeologik va ekologik vaziyatni ko‘rsatishga xizmat qiluvchi zamonaviy uskunalar bilan birga Neva daryosining katta masshtabdagi xaritasi o‘rnatilgan. Muzeydagi Buyuk Britaniya ilmiy kengashi tomonidan yaratilgan “Fan mo‘’jizalari” turkumidagi bir qator o‘yinchoqlar modellarni yaratishga qiziquvchi havaskorlarning e’tiborini tortishi tabiiy. Shpaler ko‘chasi 56-uyda qad rostlab, dushanba, seshanbadan boshqa kunlari 10 dan 18 gacha mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi muzey oldida “Peterburglik meshkoplar” haykaltaroshlik guruhi faoliyat yuritadi.
Katta prospekt, 18a. Ish vaqti: seshanba va yakshanba, soat 12:00 dan 17:00 gacha. Bu yana bir ajoyib dargohning manzili. U “Zigmund Freydning tushlari muzeyi“ deb atalib, mashhur psixolog qalamiga mansub “Tushlarning sharhlari” kitobi yaratilganiga yuz yil to‘lishi munosabati bilan ochilgan. Tush muhitini yaratish uchun mutasaddilar ancha ter to‘kkani ko‘rinib turibdi. U yerdagi ko‘plab oynalar va qorong‘ulik tush olamiga sayohat yoki tasavvurni shunga moslashtirish uchun xizmat qiladi.
Uning eshigi oldida qora tanli xizmatkor oppoq kiyimda, Yangi yil arafasida esa Qorbobo odamlarni ichkariga taklif qilish bilan bandligini ko‘p kuzatish mumkin. Jukovskiy ko‘chasining 18-binosi dam olish kunlarisiz soat 11 dan 21 gacha mijozlarni o‘ziga chorlaydi. Uning peshtaxtasiga “Shokolad muzeyi” deb yozib qo‘yilgan. Bolajonlarning sevimli tomoshagohida nafaqat oddiy shirinliklar, balki turli shakllardagi, haykal ko‘rinishiga keltirilgan shokoladlarni iste’mol qilish ham mumkin. Shuning uchun “Shokolad muzeyi“ga asosan suvenir qidiruvchilar, qora, oq va boshqa ranglardagi shirinliklarning shinavandalari tashrif buyuradilar.
1900 yil baron K.K.Shtakelberg Sheremetovo qasrining Galereya binosi ichida “Cholg‘u asboblari“ muzeyini tashkil etdi. Mazkur inshoot 18-asr oxiri 19-asr boshlarida o‘z davrining mashhur me’morlari tomonidan barokko uslubida qurilgan. Sheremetovlar shajarasi o‘z qasrini Oktyabr inqilobigacha idora etgan bo‘lsa, ularning bu boradagi so‘nggi davomchisi S.D.Sheremetov shundan keyin ajdodlaridan qolgan merosni davlat ixtiyoriga topshirgan. O‘shandan beri u yerda bir necha institut va tashkilotlar faoliyat yuritadi. 20-asrning oxirlarida inshootning bir nechta zali evaziga “Cholg‘u asboblari“ muzeyi yanada kengaytirildi. Ko‘rgazma hududi 350 kv.metrni o‘z ichiga olib, uning fondidan uch mingga yaqin eksponat o‘rin egallagan. Ko‘rgazmalarning ko‘pligi va ahamiyati jihatidan u Yevropada to‘rtinchi o‘rinda turadi. Muzeyda barcha turdagi, jumladan, zarbli, puflab chalinadigan, klavishli, kamonchali (masalan, skripka), nohinli(chertib chalinadigan) musiqa vositalari alohida diqqat talab qiladi. Har bir guruh asrlar qa’riga borib taqaladigan eng sodda va bugungi kundagi zamonaviy vakillariga qarab alohida tartiblangan. Masalan, eramizgacha bo‘lgan ikkinchi ming yillikka tegishli suyakdan uzunasiga ishlangan fleyta eng qadimiysi bo‘lsa, 20-asrning so‘ngida ishlangan namunalarni zamonaviylari sirasiga kiritish mumkin. Muzey geografik jihatdan ham bag‘oyat boydir. Professional va havaskor musiqaviy asboblar Yevropa, Osiyo va Afrika mamlakatlaridan olib kelingan. Bunday turfa orkestr orasidan simfoniya, milliy rus va hatto, Indoneziya folklor musiqalari manbalarini ham topish qiyin emas. Bundan tashqari, Aleksandr Iga tegishli fleyta, Aleksandr III tomonidan yig‘ilgan puflab chalinadigan misli va fors milliy cholg‘u asboblari, mashhur kompozitorlarning musiqa vositalari, ayniqsa A.Stradivarining skripkasi mehmonlarni hayratlantirishi, shubhasiz.
17—19-asrlarda yaratilgan viola (katta skripkaga o‘xshash qadimgi musiqa asbobi) va naylar ham qimmatli ahamiyat kasb etadi.
Fontanki ko‘chasida seshanba(oyning so‘nggi ikkinchi kuni bundan mustasno), chorshanba, payshanba, juma va dam olish kunlari xizmat ko‘rsatadigan muzeyning mutaxassislari eski, antik turdagi asboblarni yaratishdan tashqari, mavjudlarini qayta ishlash bilan ham shug‘ullanadilar.
1721 yil Petrodvoretsda Pyotr I ning buyrug‘iga ko‘ra, Rossiyada ilk marta toshlarga ishlov berish ijodiy markazi ishga tushdi. U yerda mohir ustalar “Raketa” rusumidagi turli kattalikdagi qo‘l, cho‘ntak soatlari va budilniklarni ishlab chiqara boshladi. Petrodvoretsdagi soat zavodi tarixi rus madaniyatining ajralmas bo‘lagi sanalib, korxonada yaratilgan va ayni paytda Ermitaj, Isaakievskiy sobori, Petropavlovsk qal’asi, Xitoy saroyi hamda boshqa muzeylardagi soatli, ajoyib bezak berilgan tosh kesiklari butun dunyoda mashhur. Qo‘li gul ustalarning bunday yuqori darajadagi ish namunalari London, Parij, Vena, Kopengagen, Chikago va Milanda berilgan xalqaro mukofotlar bilan o‘zining munosib bahosini topgan. Sankt-Peterburg prospekti, 60-binoga buyurtmaga qarab istalgan vaqtda tashrif buyurish mumkin.
Piterdagi yana bir o‘ziga xos muzeyda ko‘plab qo‘g‘irchoqlar qo‘nim topgan. Katta yoshlilarni bolalikning totli onlari, ertaklarning ajoyib olamiga yetaklovchi, kichik yoshlilarni yanada quvontiradigan mazkur majmuada 5000 dan ziyod eksponat bilan tanishish imkoni bor. An’anaviy, suvenirbop va zamona ijodkorlari tomonidan yaratilgan eng yaxshi qo‘g‘irchoqlar juda ajoyib. Sayohat davomida mehmonlar “Rojdestvo ertaklari“, “Qo‘g‘irchoqning dunyoga kelishi”, “Rassom va qo‘g‘irchoq”, “Turli xalqlarning milliy kiyimidagi qo‘g‘irchoqlari”, “Qo‘g‘irchoqlarda aks etgan dunyo ertaklari” bo‘limlarida bo‘ladilar.
Barcha uchun esdalik damlarni taqdim etguvchi muzey maktab ta’tillari paytida tom ma’noda “Bolajonlar shahri”ga aylanib, bu yerda turli qo‘g‘irchoq spektakllari, tanlov va ko‘ngilochar o‘yinlar tashkil etiladi. Mazkur eksponatlar markazi Rossiyadagi birinchi nodavlat muzeylaridan bo‘lib, 1998 yili tashkil etilgan. Oradan bir yil o‘tib, dastlabki mehmonlarni qabul qilishga kirishgan. Dam olish kunlarisiz soat 9 dan 18 gacha ishlaydigan Qo‘g‘irchoqlar makoni Kamskaya ko‘chasi 8-uyda joylashgan.
Karpovkadagi o‘yinchoqlar muzeyi dushanbadan tashqari boshqa kunlar soat 11 dan 18 gacha ishlaydi. Madaniyat markazida saqlanayotgan namunalar nafaqat materialistik, balki tarixiy-maishiy jihatdan va milliy an’analar hamda zamonaviy ijodkorlik tamoyillarini o‘zida aks ettirgan san’atning bir turi sifatida ham ahamiyatga ega. Bugungi kunda muzey grafik ustalari, haykaltaroshlar, rassomlar, dizaynerlar, me’morlar tomonidan yaratilgan mualliflik mahsulotlari — o‘yinchoqlar va o‘yin vositalarini qabul qilishda davom etayapti. Majmua vaqti-vaqti bilan turli xalqlarning milliy va sanoat o‘yinchoqlariga to‘ldirilib boruvchi kollektsiyasi bilan maqtansa arziydi. Qolaversa, muzeyda turli ko‘rgazmalar ham tashkil etib turiladi. Yosh sayohatchilar to‘rt zaldan iborat inshootdagi ikkita doimiy hamda ikkita muvaqqat ekspozitsiyalarni tomosha qiladilar.
Sanoat o‘yinchoqlari zalida XIX—XX asrda Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Frantsiya, Angliya, Italiya, Ispaniya va AQSh kabi 30ga yaqin davlatda ishlab chiqarilgan namunalar bilan tanishish mumkin. Ular orasida nemis o‘yinchoqbozlari mahsullari mavjud bo‘lgan qismi alohida e’tirofga loyiq. O‘yin vositalari yordamida ko‘plab millatlarning mentalitet va xarakter qirralari, ular tomonidan ezgulik hamda go‘zallikning qabul qilinishi o‘rtasidagi farqlarni solishtirish imkoni bor. Karpatortidan keltirilgan pishloqdan tayyorlangan o‘yinchoqlar, italyan ko‘cha teatrlarida ishlatilgan bosh qismi katta qo‘g‘irchoqlar, metall va yog‘och detallardan yasalgan nemischa figuralar, Dog‘istonning hayvon shaklida ishlov berilgan hushtakchalari kamyob ko‘rgazmalar sirasiga kiradi. Ularning orasidagi guruchdan olingan qog‘oz ustidagi karp balig‘i samuraylar xarakteri ramzini anglatadi. Rus xalqining sevimli o‘yinchoqlariga aylanib ketgan Dimkovskiy, Filimonovskiy va Bogordskiy turkumlari muzey faxri hisoblanadi. Shuningdek, zamonaviy mualliflarga taalluqli me’morchilik va rassomchilik, haykaltaroshlik va dizayn, musiqa va teatrni o‘zida uyg‘unlashtirgan ijod mahsullari tasvirga boyligi va yorqin ifodalari bilan e’tiborga sazovordir.
Muzeyda odat tusiga kirgan “Salvador Dali uchun o‘yinchoqlar”, “Qog‘oz o‘yinchoqlar”, “Uchinchi mingyillikning “homo ludens”i”, “Archadan mandarin hidi kelgan paytda”, “Intererdagi yumshoq o‘yinchoq” kabi ko‘rgazmalar o‘tkaziladi. 1997 yil may oyida asos solingan mazkur muzeyga o‘yinchoqlar kollektsionerlar tomonidan, auktsionlar, antikvar do‘konlar va qishloqlardan keltirilgan.
Sankt-Peterburgdagi dunyoga mashhur Imperatorning chinni zavodi (“Lomonosov nomidagi chinni zavodi” muzeyi) tarixi turli sir va afsonalar bilan qorishib ketgan. Majmuada nafaqat zavodda ishlab chiqarilgan hamda ijodkorlik va san’atkorlik bilan yo‘g‘rilib ketgan chinni buyumlarning qimmatli to‘plami, balki Rossiyada ayni paytda shu sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar mahsulotlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Obuxovsk mudofaasi prospektidagi 151-uy buyurtmaga binoan xizmat ko‘rsatadi.
Ommaviy transport vositalari muzeyida 20 dan ortiq eski tramvay va trolleybus saqlanadi. U yerda avtobuslarni ham uchratish mumkin. Muzey xazinasi boyishda davom etmoqda. Dastlab tramvaylar harakatsiz turgan bo‘lsa, hozir ularning shu paytgacha yaratilgan rusumlarida maxsus tashkil etilgan retro-marshrut orqali sayohat etish imkoni yaratildi. Mumtoz tramvaylarni ijaraga olish uchun muzeyning maxsus bo‘limiga murojaat etish lozim. Yana harakatlanmaydigan ekspozitsiyalar, qolaversa, arxiv hujjatlari, fotosuratlar, xaritalar, turli maketlar, tramvay ishchilarining ish kiyimlari hamda kassa apparatlari va boshqa eksponatlarni ko‘rish mumkin. O‘rta prospektning 77-uyi mijozlarga ular bilan maxsus shartnoma imzolangachgina xizmat ko‘rsatadi.
Konsullar qishlog‘i nomli kottejlar shaharchasi Finn qo‘ltig‘idagi Strelne mavzesining go‘zal qirg‘og‘ida savlat to‘kib turadi. Davlat boshlig‘i, hukumat a’zolari va oliy darajadagi uchrashuvlar uchun tashrif buyurgan chet ellik mehmonlar vaqtincha istiqomat qilishlari uchun mazkur hududda 20 ta VIP turkumidagi uy barpo etilgan. Sayyohlar maxsus firmalar ko‘magida “Konsullar qishlog‘i”ga tashrif buyurib, kottejlarning mehmonxona, oshxona, yotoqxona, ishlash uchun ajratilgan maxsus xonalar, rus rassom va dizaynerlarining ijod mahsullarini tomosha qiladi. Har bir binoga Rossiyadagi shahar nomlari (Moskva, Sankt-Peterburg, Vladimir, Velikiy Novgorod, Kostroma, Pskov, Yaroslavl, Tula, Smolensk, Arxangelsk, Vologda, Astraxan, Murmansk, Samara, Rostov, Irkutsk, Krasnoyarsk, Kazan, Yekaterinburg, Vladivostok) berilgan va ularning o‘ziga xosligidan kelib chiqib bezatilgan. Ramziy jihatdan u davlat xaritasini eslatadi. U yerda Vologda o‘ymakorligi, Kaslinsk metall quyish san’ati, naqqoshlik, po‘lat ustidagi gravyuralar, tatarcha va saamcha bezaklarni ko‘rish mumkin.
2003 yil “Rossiya—Yevropa Ittifoqi” sammiti va 2006 yilgi “Katta sakkizlik” davlatlari Sankt-Peterburgda uchrashganda, aynan shu qishloqda Jorj Bush, Angela Merkel, Jak Shirak, Toni Bler, Romano Prodi, Dzyun’itiro Koidzumi ma’lum vaqt yashagan. Boris Yeltsin va mashhur qo‘shiqchi Pol Makkartni turli vaqtlarda shu yerda dam olgan. Sayohat shanba-yakshanbadan boshqa kunlari 10 dan 18 gacha faqat kattalar uchun tashkil etiladi.
Endi bemalol sayohatga otlanishingiz mumkin.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.