OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shifokor-yozuvchilar

Sevimli adibimiz Abdulla Qahhor, “Yozuvchilik – kasb emas, hunar” degan edi. Haqiqatdan ham buyuk adiblarning ko‘pchiligi qalam tebratishdan tashqari, qandaydir kasb bilan ham shug‘ullanishgan.

Masalan, tibbiyot bilan shug‘ullangan mashhur qalamkashlardan biz Ser Artur Konan Doyl, Anton Pavlovich Chexov, Mixail Bulgakovlarni yaxshi bilamiz. Shifokorlik qilgan yoki tabobatdan boxabar bo‘lgan taniqli adiblarning umumiy soni esa 120 dan ortiq ekanligini ta’kidlash joiz.

Ma’lumki, A.P.Chexov o‘zi tug‘ilgan Taganrogda qishloq doktori bo‘lib, odamlarni davolagan, keyinchalik Saxalin va Sibir qamoqxonalariga borib, muolajalar qilib, mahbuslarga yordam bergan. Uning asarlaridagi voqealar ko‘pincha shifokor tilidan bayon etilganligi fikrimizga misol bo‘la oladi.

Taniqli rus adibi Mixail Bulgakov ham Kiev universitetini tugatib, shifokorlik diplomiga ega bo‘lgan, so‘ngra u o‘z mutaxassisligini adabiyot bilan yonma-yon olib borgan.

 “Sherlok Xolms” haqidagi detektiv asarlarning muallifi ser Artur Konan Doyl ham badiiy ijoddan tashqari tabobat bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bunga uning yoshlik yillarida Edinburg universitetining tibbiyot fakultetida tahsil olganligi turtki bo‘lgan. Doyl o‘z asarlarida tibbiy bilimlari va tajribalarini, izquvarning sherigi doktor Uotson siymosida mohirona aks ettirgan.

Nemis mutafakkiri I.V.Gyote umri davomida qo‘l urgan o‘nlab kasblar orasida tibbiyotga alohida yondashgani bizga ma’lum.

Uning zamondoshi va hamyurti Fridrix Shiller 1776-1780 yillarda tibbiyot akademiyasida tahsil olgan. U yerni tugatgach Shtutgartga polk feldsheri etib yuborilgan.

2011 yilda adabiyot yunalishida xalqaro Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan shvetsiyalik shoir Tumas Transtryomer – kuchli psixolog mutaxassis sanaladi.

Shuningdek, Nikolay Kopernik, Zigmund Freyd, Fransua Rable, Jan Pol Marat, Alfred di Myusse, Somerset Moem, Devid Kuper, Tomas Braun, Artur Shnitsler, Jon Kits, Jon Armstrong kabi ijodkorlar ham tibbiyot(meditsina) olamiga mansub shaxslar sirasiga kiradi.

Xulosa o‘rnida, shifokor-yozuvchilarning gumanistligini va inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsata oluvchi, ularning ko‘ngliga oson yo‘l topa oladigan, ideal shaxslar ekanligini ta’kidlab o‘tish muhim ahamiyatga ega. Chunki, tibbiyot va adabiyotda gumanizmning yuksak,ahloqiy g‘oyalari tutashadi.   

Temur Tangriberganov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.