OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tish va milklar sog‘lomligi nimaga bog‘liq?

Kuniga ikki mahal tish yuvish milklar va tishlarning sog‘lom bo‘lishi uchun eng zarur tadbir sanaladi. Biroq tish cho‘tkangizda tez-tez qonash belgilari kuzatilsa va tish yuvish noxushlik tug‘dirsa, nima qilish kerak? Bu, eng avvalo, milklar “kuchsiz”lanib qolganining belgisi bo‘lib, unda yallig‘lanish jarayoni kechayotganidan dalolat beradi. Milklar kasal bo‘lsa, tish ham, uning atrofidagi etlar ham xastalanadi va oqibatda tish qimirlaydigan bo‘lib qoladi. So‘ngra eti ochilib, tushib ketishi mumkin.

Og‘iz bo‘shlig‘i nosog‘lomligining asosiy belgilari — milklarning yallig‘lanishi va qon chiqarishi, tishlarda karies (emirilish), toshchalar hosil bo‘lishi, og‘izning hidlanishi. Bundan tashqari, tishning atrofidagi hujayralar majmui — parodontada infektsiya o‘chog‘i paydo bo‘lib, nafaqat tishlarning holatiga, ayni chog‘da, butun organizmning umumiy holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shikastlangan milklarni davolashning asosiy profilaktikasi tozalik — gigienaga rioya etishdir. Milklarning qontalashi va yallig‘lanishining oldini olish stomatologiyaning asosiy muammolaridan. Milklarning kuchsizlanib, kasallana boshlaganidan belgi beradigan alomatlar bir qancha. Ulardan keng yoyilganlari:

— gingivit (milklarning yallig‘lanishi),

— parodondit (parodonta hujayralari yallig‘lanishi; bunda bog‘lovchi hujayralar va tishning suyak to‘qimasi yemiriladi).

Bu xastaliklarning kelib chiqish sabablari ko‘p. Noqulay yasama tishlar qo‘yilishi bois jarohat kelib chiqishi, tishlarda tosh hosil bo‘lishi, immunitetning susayishi, ya’ni organizm og‘riq beruvchi mikroorganizmlar faoliyatiga to‘sqinlik qila olmay qolgan hollar ham sabab bo‘ladi. Shunga qaramay, shifokorlarning fikricha, milklarning qontalashiga og‘iz bo‘shlig‘i gigienasiga yetarli darajada rioya etmaslik asosiy sabab hisoblanadi. Ko‘plab tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, yallig‘lanish va parodondit kelib chiqishi sakson foiz holatlarda bakteriyalarning tishga “hujumi“ bilan bog‘liq.

Bunday tish va milk xastaliklarini davolash yo‘llari va qanday preparatlardan foydalanish zarurligini tish shifokori aniq qilib aytadi. Og‘iz bo‘shlig‘ini hamisha toza saqlash va to‘g‘ri muolaja tish va milk xastaliklarining oldini olishda qo‘l keladi. Buning uchun quyidagi vositalardan foydalanish tavsiya etiladi: shifokorlar har kuni ertalab va kechqurun tishlarni yuvib tozalashdan tashqari, milklar yallig‘lanishiga qarshi qo‘shimcha vositalar (og‘izni chayish uchun eritma yoki sprey)dan foylalanishni maslahat berishadi. Tish pastasi odatdagidan o‘zgacha, ya’ni milklar qontalash bo‘lganda foydalanish uchun maxsus chiqarilgan bo‘lishi kerak. Tabiiy o‘t va giyohlar qo‘shilib ishlab chiqarilgan vositalar, masalan, og‘iz bo‘shlig‘ini muolaja qilish uchun mo‘ljallangan “Parodontitsid” turkumidan foydalanish mumkin.

Mazkur turkumdagi preparatlarga efir moylari, mavrak ekstrakti, yalpiz, chinnigul kabi o‘simliklardan tayyorlangan hamda zararsizlantiruvchi, tinchlantiruvchi, og‘riq qoldiruvchi, bakteriyalarga, yallig‘lanishga qarshi kurashish xususiyatiga ega vositalar kiradi.

“Parodontitsid” tish pastasi tarkibida bakteriyaga qarshi moddalar bo‘lib, ular milk va parodonta xastaliklari oldini olishda samarali vositadir. Bu tish pastasi kariesning oldini oladi va tishlarning emal qobig‘ini mustahkamlaydi. U tabiiy giyohlardan tayyorlangani uchun xushta’m, ularda yalpiz va chinnigul hidi bor. Agar unga “Parodontitsid” turkumidagi eritma va sprey ham qo‘shib qo‘llansa, muolaja samarasi oshadi. Bu eritma bilan og‘iz chayilsa, qon chiqish va milklardagi og‘riqlar bir-ikki kundayoq kamayib, ijobiy o‘zgarish kuzatiladi. Eritma og‘iz bo‘shlig‘ining sog‘lom mikroflorasiga xalal bermaydi, tish emali va plombalarni qoraytirmaydi.

Milklar qonashining oldini olish uchun og‘iz bo‘shlig‘i gigienasi vositalaridan, xususan, ertalab va kechqurun tish yuvilgach, darhol “Parodontitsid” spreyidan foydalanish zarur. Har safar ovqatdan so‘ng og‘izni mazkur sprey bilan chayish yaxshi samara beradi. U milklarni mustahkamlaydi, qon chiqishi barham topadi. “Parodontitsid” geli ham shu maqsadlarga mo‘ljallangan.

Uyqudan oldin qatiq ichish zararlimi?

— Uyqudan oldin qatiq, kefir ichib yotish sog‘liq uchun zararli emas. Ularni uyqudan 1-2 soat avval ichgan ma’qul. Yaxshisi qatiq va kefirni boshqa biror yegulik qo‘shmasdan iching. Shifokor tomonidan aniqlangan taom hazmi bilan bog‘liq xastaligi bor kishi kechasi uyqudan oldin qatiq yo kefir ichmagani maqsadga muvofiq.

Qanday taomlar qonni quyuqlashtiradi?

— Grechka yormasi, banan, shivit, petrushka, ismaloq, koriandr kabi ko‘katlar, oq bargli karam, na’matak mevasi, chetan daraxti mevasi va qora rangli ryabina qonning quyuqligini oshiradi, — deydi doktor S. Agapkin. — Bo‘ymadaron, valeriana, qizilpoycha, qariqiz, qirqbo‘g‘in, qichitqi o‘t kabi dorivor o‘simliklar, shuningdek, makkajo‘xori popuklari, eman daraxti va kalina po‘stlog‘i ham shunday xususiyatga ega. Taomlar yordamida qonning quyulishini, aksincha, kamaytirish ham mumkin. Buning uchun dasturxonda hammavaqt suyuqlik va quyidagi taomlar ko‘proq bo‘lishi zarur. Masalan, bodringning to‘qson foizi suvdan iborat. Yarim stakan qizil uzum sharbati qondagi trombotsitlar faolligini 75 foizga kamaytiradi. Klyukva mevasidan choy tayyorlab ichish, dengiz karami, qovun, greyfrut, qizil bulg‘or qalampiri, pomidor, gilos, olcha, bodom, sarimsoq piyoz, achchiq shokolad, limon, lavlagi, kakao, qahva, kungaboqar pistasi kabi juda ko‘p ne’matlar ham qon quyulishini kamaytirishga yordam beradi. Qonning quyuq va suyuqligini o‘zgartirishga kirishishdan oldin, yaxshisi shifokor bilan maslahatlashgan ma’qul.

“AiF”ning 2012 yil, 51-sonidan “O‘zAS” tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.