Qunduzlar kirib chiqadigan "kamera"
Odamzot qaysi zamonda yashamasin, unga boshpana kerak bo‘lgan. Chiroyli, hashamdor qilib qurilgan hovli yoki bir necha xonadan iborat kvartirada o‘ziga xos me'morchilik uslubini kuzatish qiyin emas. Zaboni yo‘q, ammo aql va tadbirkorlik bobida ongli mavjudotdan ko‘p ham qolishmaydigan hayvonlar o‘z boshpanalarini g‘isht va sement o‘ylab topilmasidan ilgariyoq ajoyib-g‘aroyib shaklda qurgani kuzatilgan. Ayrim jonzotlarning ini piyoladek bo‘lsa, boshqalariniki ulkanligidan kishini hayratga soladi.
Barcha hayvonlar ham xuddi odamlar kabi o‘zlaridan ko‘ra bolalari haqida ko‘proq qayg‘urishadi. Ayyorlik bobida ko‘pchilik turlarni dog‘da qoldiruvchilari esa o‘lja uchun tuzoq quradi.
Ayrim suv hayvonlari tomonidan hosil qilingan qurilma marjonsimon riflar (qoyalar)ni eslatadi. Uning uzunligi yuzlab kilometrga cho‘zilishi ehtimoldan xoli emas, ammo tartibsiz va chalkashligidan ko‘z jimirlaydi. Suv qunduzlari esa, aksincha, o‘z to‘g‘onlarini aniq bir maqsadga mo‘ljallab quradi, bu deylik, ularning instinktlarini boshqarishga qaratiladi. Ularning eng katta "uyi" chavandozlar o‘tirgan bir necha otni ko‘tara olishiga, uzunligi esa 700 metrni tashkil qilishiga nima deysiz?
Bilamizki, qunduzlar o‘rmonga yaqin ko‘l va ariqlar qirg‘og‘ida yashaydi. Ular o‘z inlarini qirg‘oqning suv bilan tutashgan tikka joylarida barpo etadilar. Jonivorlar kirib chiqadigan in shox-shabbalardan iborat bo‘lib, sirtdan qaraganda, omonat turganga o‘xshaydi. Ammo shox-shabbalarning ichkarisini naq "kamera"ning o‘zi deysiz. Uychasining devori qalinligi 1 metrgacha bo‘lib, qishda iliqqina turadi. Qunduzlar suvga bir sho‘ng‘ib olishadi-da, o‘sha "kamera" ichiga o‘zlarini urishadi va isinib olishadi. Shunisi hayratlanarliki, qunduzlarning o‘z inlariga kiradigan yo‘li suv orqali bo‘lib, u yerga yirtqichlarning nazari ham tushmaydi. Suv qunduzlari yosh daraxtlarning 30 sm.gacha uzunlikdagi shox-shabbalarini old tishlari bilan mohirona kesib, tiklanajak uychalari atrofiga tashishadi. Dumli "muhandislar" har bir to‘g‘onni sinchiklab tekshirishadi, teshiklar bo‘lsa, yo‘qotishadi. Qunduzlarning o‘ziga xos me'moriy qurilmasi ularga bir necha yil xizmat qiladi va bunda bir necha avlod yashaydi.
Qanotlilarning hayratomuz uyalari
Qushlar hayvonot olamidagi eng tajribali me'mor ekanini o‘ylab ham ko‘rmagansiz. Ko‘plab qanotlilar o‘z inlarini har yili yangilaydi. Masalan, kolibri o‘z uyasini yo‘sin va lishayniksimon o‘tdan qurib, uni o‘rgimchak to‘rlaridek mustahkamlab oladi. Natijada eng kichik qushlar uchun ajoyib va mukammal "belanchak" hosil bo‘ladi. Kattaroq qushlar o‘z inlarini shox-shabbalardan, ayrimlari loydan tiklaydilar. Qaldirg‘ochlar yasagan uya piyola shaklini eslatadi.
Janubiy Amerikada yashaydigan sariq qushchani bejizga "pechka ustasi" demaydilar. Ular loy va go‘ng qorishmasini go‘yoki g‘ishtga aylantirib, shakli pechkaga nihoyatda o‘xshash in yasaydilar. Uyaga kirish yo‘li bitta bo‘lib, u bukilgan xonachaday ko‘rinadi, shu bois ham yirtqichlar bu qushning tuxum va polaponlariga xavf sololmaydi.
Oropendallar va boshqa mohir "to‘quvchilar" "kutilmagan mehmonlar"dan boshqacha himoyalanishadi. O‘t va yaproqlardan mahorat bilan to‘qilgan inning uzunligi 1 - 1,5 metrgacha boradi.
Qushlar o‘z uyalarini qurishga ko‘p vaqt sarflasalar ham, ular uzoq muddatga mo‘ljallanmaydi. Sababi oddiy, qisqa vaqt ichida uya ko‘plab hasharotlar to‘plangani bois ifloslanadi. Bu holat yirik qanotlilarni zarracha ham tashvishga solmaydi, shuning uchun ular o‘zlari mashaqqat bilan tiklagan boshpanada uzoq yillar yashashi mumkin. Ba'zan bu uyalar kelgusi avlodga "meros" bo‘lib ham o‘tadi, ammo yangi egalar xuddi odamlarga o‘xshab uni qaytadan tiklashga kirishadi.
Hasharotlar ham qolishmaydi
Ha, hasharotlarning uyasi sizni yanada hayrat og‘ushiga soladi. Arilar o‘z lichinkalari uchun sopol "ko‘zacha"lar yasaydi. Eng murakkab uyalarni chumoli, asalari, termitlar tiklashadi. Mittigina chumolilar uyasi golf koptokchasini eslatsa, termitlar tiklagan uya yer sathidan 9 metrgacha balandlikda bo‘lishi kuzatilgan. Loydan tiklangan ushbu "qal'alar" quyosh nurida qotib qolgach, bir necha o‘n yil mobaynida o‘z sohiblariga xizmat qiladi.
Hayvonot olamida biz bilgan va bilmagan jihatlar ko‘p. Tirik jonzot sifatida ular yashash uchun kurash va nasl qoldirish, yuqorida ta'kidlaganimizdek, o‘z uyalarini tiklash bobida ham odamzotga yaqin turadi.
Hulkar To'ymanova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.