OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yong‘oqning xosiyati

Osiyo qit’asi, shuningdek, Shimoliy va Janubiy Amerika yong‘oqning vatani sanaladi. Yong‘oq daraxti, odatda, ekilganidan so‘ng o‘n-o‘n bir yil o‘tib hosilga kirsa-da, ming yilgacha umr ko‘radi. Bir tup daraxtdan 200-250 kilogrammgacha yong‘oq olish mumkin. Hozir bu noyob daraxtning 15 dan ortiq navi mavjud.

Yong‘oq tarkibida A, Ye, I, R, S guruhidagi darmondorilar, kaliy, natriy, fosfor, temir, magniy, kaltsiy, yod kabi mineral moddalar mavjud. Mag‘izining oltmish foizi yog‘lardan iborat bo‘lishiga qaramay xolesterindan xolidir. Bundan tashqari, yong‘oq oqsilga ham nihoyatda boy. Shu bois hayvonot oqsillari o‘rnini bosa oladi.

Yong‘oq to‘yimli ne’mat. Yaxshi pishgan yong‘oq oliy navli bug‘doy nonga nisbatan ikki barobar kaloriyali. Yuz gramm yong‘oqda 650 (bir plitka shokoloddagidan ko‘p) kilokaloriya mavjud. Shuning uchun bir kunda ikki-uchtadan ortiq yong‘oq iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Yong‘oq taom hazmini yaxshilab, me’dani mustahkamlaydi, stenokardiya xurujini bartaraf etadi. Bosh miya to‘qimalarini oziqlantirib, miya faoliyatini yaxshilaydi. Agar anjir bilan qo‘shib iste’mol qilinsa, jinsiy quvvatni oshiradi va ichni yumshatadi.

Bu ne’mat keksayu yosh uchun birdek foydali. Muntazam iste’mol etilganda organizmdan strontsiy, qo‘rg‘oshin va boshqa og‘ir metallarni haydab, aterosklerozga chalinish xavfini kamaytiradi. Kuniga to‘rt-beshta yong‘oq iste’mol qilinsa, organizmning atmosferadagi yuqori radiatsiya ta’siriga bardoshli bo‘lishiga yordam beradi. Yong‘oq tarkibidagi yog‘ xotirani mustahkamlaydi, qandli diabetda yaxshi muolaja hisoblanadi. Terisi kasallangan kishilar yong‘oq yemasligi kerak, biroq xastalangan teriga yong‘oq moyi surtilsa, shifo bo‘ladi.

Yong‘oqni ertalabki nonushtada pishloq yoki brinzaga qo‘shib, petrushka va shivit ko‘katlari bilan yeyish, ayniqsa, foydali. Uning mag‘zidagi mineral moddalar taom tarkibidagi darmondori va boshqa moddalarning organizmga singishiga yordam beradi. Yong‘oq mag‘ziga pishloq, mayiz qo‘shib yeyilsa, yurak mushaklari mustahkamlanadi, shuningdek, asab tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, jigarni sog‘aytiradi. Sovuq kunlarda yong‘oq yeyish organizmning shamollashga qarshiligini oshiradi. Shuni ham unutmangki, yong‘oq mag‘zidagi yog‘ tarkibini tez o‘zgartiradi, me’yordan ortiq yeyilganda og‘iz bo‘shlig‘i va bodomchalar yallig‘lanadi. Shu bois, yong‘oqdan so‘ng og‘izni chayish yoki nordonroq meva yegan ma’qul.

Yong‘oq mag‘zidan murabbo tayyorlab yoki uni asalga aralashtirib yeyish ozg‘in va semirishni hohlagan kishilar uchun foydali. U jinsiy quvvatni oshirishda ham yaxshi malhamdir. Agar yong‘oq mag‘zini tuyib, teng miqdorda asal qo‘shib, bir oy mobaynida taomdan yarim soat keyin ikki choy qoshiqdan iste’mol qilib, ustidan sut ichib yurilsa, quvvat yanada oshadi.

Xalq tabobatida yong‘oqning qattiq po‘chog‘idan ham foydalaniladi. O‘ng‘oq po‘chog‘i tolqon qilib tuyilib, yaralarga sepilsa, ularni tuzatadi. Me’dada qon ketish yoki siydikning tomchilab qolish holati yuz berganda esa, ana shu tolqondan bir choy qoshig‘ini ichish tavsiya etiladi.

www.aif.ru saytidan tarjima.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.