Yurak-qon tomir xastaliklari har yili 17 milliondan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda.
— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu yil ko‘p mablag‘ va vaqt sarflamay, uy sharoitini biroz o‘zgartirgan holda yurak xastaliklari va insultning oldini olishni xohlovchi kishilar uchun maxsus qoidalar ishlab chiqdi, — deydi profilaktik tibbiyot markazi ilmiy xodimi G. Xolmogorova. — Xastalanishning oldini oluvchi tadbirlarga zo‘r bermang. Barcha profilaktika choralarining kamchiligi shundaki, uning samarasini tezda sezish qiyin. Shu bois, mutaxassislar nimani maslahat berishsa, albatta, uni bajarishni o‘zingiz uchun oltin qoida qilib oling.
Kishi quyidagi to‘rt amalga rioya etish orqali o‘zi va yaqin kishilari yuragini sog‘lom asrashi mumkin:
- uyda chekishni ta’qiqlash. Bu tadbir oiladagi har bir insonning yuragi sog‘lomligini yaxshilaydi;
- sarxil taomlarni tanlash. Bu qimmatbaho taomlarni iste’mol qilish, degani emas. Kunni meva va sabzavot yeyish bilan boshlang. Tushlikni uyda tayyorlab, ishxonaga olib keling. Kechki taomda, albatta, 2-3 xil sabzavot bo‘lsin, ya’ni makaron o‘rniga kam tuzlangan karam iste’mol etilgani yaxshi;
- jismoniy jihatdan faolroq bo‘ling. Oila a’zolari televizor oldida bir kunda ikki soatdan ko‘p o‘tirmasliklari kerak. Tez-tez ochiq havoda bo‘ling, bolalar bilan o‘ynang, oila bo‘lib velosipedda yoki piyoda sayr qiling. Imkoniyatga qarab ko‘zlagan manzilingizga piyoda yetib olishga urining;
- sog‘ligingizga doir ma’lumotlarni kuzatib boring. Poliklinikada ushbu ma’lumotlarni aniqlab turish uchun muayyan vaqt tanlang: qon bosimi, xolesterin va glyukoza miqdori, bo‘yingiz, vazningiz, tana vazni indeksi, bel va quymich nisbati bilan qiziqing. Agar boshingiz tez-tez og‘rib tursa, qon bosimini o‘lchating. Bu arteriya bilan bog‘liq gipertoniya bo‘lishi ham mumkin. Xastalik endi boshlangan paytda uni yengil davolash oson.
Katta yoshdagi kishi yurak xuruji va insult belgilarini yaxshi bilishi zarur. Bu boradagi bilimlarimiz “tez yordam”ni vaqtida chaqirib, yaqin kishimiz hayotini saqlab qolishda qo‘l keladi. Negaki, yurak xuruji va insultning 70 foizdan ko‘prog‘i oila a’zolari ko‘z o‘ngida sodir bo‘ladi.
— Qon bosimi va xolesterin miqdori oshishi, ortiqcha vazn, chekish, jismoniy faollikning kamligi va qandli diabet yurak xurujiga olib keladigan omillarki, buni hamma biladi, — deydi akademik Ye. Chazov. — Bunga qo‘shimcha boshqa omillar ham bor. Ularning dastlabkisi — ruhiy-ijtimoiy omil. Ayniqsa, beqaror kechgan o‘tgan asrning 90-yillarida asab xastaliklari shifokorlari ishtirokida o‘tkazilgan tekshirishlarda shu narsa aniqlandiki, poliklinikalarga murojaat qilganlarning 40 foizdan ko‘prog‘i depressiyaga uchragan ekan. Ularning 23 foizi davolanishga ehtiyojmand bo‘lib chiqdi. Depressiya esa ko‘pgina a’zolarni, shu jumladan, yurakni ham shikastlaydi. Odamlar asablarini asrashga ko‘proq ahamiyat berishlari kerak. Ikkinchi omil — bu oila. Yurak kasalliklarini oilaviy quvonchlar orqali ham davolash mumkin. Oiladagi xush kayfiyat muhiti, bir-biriga mehr-muhabbat hamma narsadan a’lodir. Yurak xastaliklarini tibbiy yo‘l bilan davolashda ham muayyan yangiliklarga egamiz. Masalan, hozir qon tomiridagi tiqilmalar (tromblar)ni ochib yuborib, miokard infarktining oldini oladigan preparatlar qo‘llanmoqda. Ayni paytda, aritmiyaga tez barham beradigan preparat bemorlarda sinab ko‘rilyapti. Hozir Rossiyada shu preparatga muhtoj bo‘lgan ikki-uch million nafar bemor bor. O‘ylaymanki, kelasi yildan boshlab bu preparat amaliyotga keng joriy etiladi.
Agar o‘zingizni noxush seza boshlasangiz, vaqtni boy bermay tezda shifokorga murojaat qiling, albatta, ular sizga yordam berishadi.
Yurak xuruji belgilari: ko‘krak sohasida bezovtalik, og‘irlik yoki og‘riqni sezish; qo‘lga, yelkaga, ko‘krak ostiga, tomoqqa, iyakka tarqaladigan og‘riq; havo yetishmasligi.
Boshqa belgilari: sababsiz behollik, xorg‘inlik, bezovtalik yoki odatdan tashqari asabiylik, rangning oqarishi, ter quyulish, bosh aylanish, hushdan ketish.
Insult belgilari: qo‘l, oyoq va yuzda, ko‘pincha tananing bir tomonida tuyqusdan kuchsizlik his etish; kutilmaganda tovushning o‘zgarishi, bitta yoki ikkala ko‘zda ham ko‘rishning qiyinlashishi; muvozanatning o‘zgarishi; o‘zni tutib turish holatining buzilishi, noayon sababdan boshning qattiq og‘rishi.
Agar shunday belgilar ro‘y berib, kuchayib borsa, darhol “tez yordam” chaqirish kerak.
Xo‘sh, necha yoshda qon bosimini o‘lchaydigan tonometr sotib olgan ma’qul?
— Qon bosimini vaqt-vaqti bilan o‘lchab turish uchun odamga tonometr har qanday yoshda ham asqotadi. Masalan, bosh og‘riganda ham qon bosimini bilish zarur, — deydi akademik L. Bokeriya.
— Uxlaganda o‘ng tomon bilan yotish kerakmi?
— Qanday holda qulay bo‘lsa, shunday yotgan ma’qul.
— Qirq yoshdan oshgach, yurak sog‘lom bo‘lishi uchun go‘sht yeyishdan voz kechish kerakmi?
— Har qanday yoshda ham go‘sht iste’mol qilish zarur. Go‘sht tarkibida shunday oqsillar mavjudki, ular boshqa ne’matlarda uchramaydi. Biroq yosh qaytgan sayin qaynatib pishirilgan go‘sht iste’mol qilish zarur, garnirlarni esa suiiste’mol qilmaslik kerak.
— Yurak bezovta bo‘lishining ilk belgilari nimada ayon bo‘ladi?
— Yurak qonni yetarli darajada haydab bera olmaganda hansirash paydo bo‘ladi.
— Kardiologning doimiy mijoziga aylanib qolmaslik uchun nima qilish kerak?
— Har doim vazn bir xil bo‘lishi va oshib ketmasligiga ahamiyat berish kerak. Agar siz 50 yoshda ham 25 yoshda kiygan o‘lchamdagi kostyumlarni kiyib yurgan bo‘lsangiz, demak, o‘zingizga “+5” baho qo‘ysangiz bo‘ladi. Eng muhimi chekmaslik, haddan ziyod to‘yib ovqatlanmaslik va ichkilikka ruju qo‘ymaslikdir. Uyqu tartibiga qat’iy rioya eting — bir paytda uyquga yotishga harakat qiling. Jismoniy harakatlar esa juda muhim. Biroq me’yordan oshirib, organizmga og‘irlik tushirmang. Eng yaxshisi, suzishga qatnash va piyoda yurishdir.
Tadqiqotlardan shu narsa aniqlanganki, agar odam haftasiga ikki soat piyoda yursa, jismoniy harakatlarni yana biroz oshirishga ham, albatta, ehtiyoj tug‘iladi.
“AiF”ning 40-sonidan O‘zAS tarjimasi.