OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov: “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?..” (2008)

Ona-yurtni kuylamoq har bir ijodkor uchun ulug‘ saodat. Har qanday tuzumda ham xalq manfaatini o‘ylab, adolatni tarannum etmoq esa chinakam qahramonlikdir. Bunday sharaf hamma ijodkorga ham nasib etavermaydi.

O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning she’rlarini yod olmagan, so‘zi kuy-qo‘shiqqa ko‘chganda yurakdan tinglamagan birorta yurtdoshimiz topilmasa kerak.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, sevimli shoirimiz Abdulla aka bilan suhbatimiz ham Vatanimizning Eng ulug‘, eng aziz bayrami — mustaqillik arafasida bu dorilomon kunlar xal­qimiz hayotida nechog‘li ahamiyatga ega ekanligi, hurriyatning buyuk qadr-qimmati haqida kechdi...

— Abdulla aka, chinakam shoir doim zamondan ilgari sodir bo‘lajak voqealarni boshqalardan ko‘ra teranroq anglab, o‘z vaqtida munosabat bildiradi. Ancha yillar burun «Men nechun sevaman O‘zbekistonni» nomli she’ringizni yozgansiz. Bu xalqimizning bugungi hurriyatli kunlariga yetishini orzu qilish hissi tufayli dunyoga kelgan bo‘lsa kerak?

— Xalqimizning, Vatanimizning bardavom kelajagini, nurli istiqlolini menimcha mantiq belgilaydi. Aslida adolatning oyoq osti bo‘lishi mantiqning buzilishidir. Mantiqan O‘zbekiston o‘z hurriyatiga ega bo‘lishga haqli edi. Insoniyat genetikasida shunday g‘alati tuyg‘ular mavjudki, bu tuyg‘ular yaxlit armon va umid ustiga qo‘yilishi ham mumkin. Sho‘ro tuzumida bizning qalbimizdagi armon yaxlit shunday edi. Vatanni ozod ko‘rish edi bizdagi istak. O‘sha davr­da bu haqida o‘ylash uchun o‘tkir optimist bo‘lish kerak bo‘lgandir, lekin har holda yuragimizda umid, harakatimizda shasht bor edi. Siz yuqorida ta’kidlagan “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” she’ri bundan 35 yil ilgari yozilgan. U davr­da O‘zbekistonning paxtasi uchun, oltini uchungina “hurmat” qilishgan. Holbuki, o‘sha paxta ham meniki, oltin ham. Ammo men nima uchun sevaman O‘zbekistonni! Agar muzliklarda yashagan bo‘lsang ham, xalqim, men chukcha yo yoqutga o‘xshagan bo‘lganimda ham sen uchun jonimni berar edim-ku, degan muxolif kayfiyat bilan yozilgan edi-da.

Xalqimizning buyuk o‘g‘lonlarini, necha-necha allomalarini qurbon qilgan u tuzum haqida gapirish ayanchli. Mustaqil vatanimizning yalovi butun dunyo uzra hilpirayotgan ushbu kunda shahidlarni yod etish — qarz.

Tarixdan ma’lumki, Sohibqiron bobomiz asos solgan saltanat ham, avvalo Vatan ozodligi yo‘lida fidoyilikka undaydigan, xalqimizning barqarorligini ta’minlaydigan ezgu siyosatga asoslangani uchun barqaror va qudratli bo‘lgan. Ulug‘ bobomiz vasiyatiga bir e’tibor qiling, “Millatning ulug‘ martabasini, saodatini saqlamoq, uning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir”.

Bu xitob o‘zini tanigan, o‘zini anglagan har qanday insonga, shu yurt farzandiga beqiyos mas’uliyat yuklamaydimi?

Shu ma’noda, komil inson, ozod va obod Vatan, O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat g‘oyalari barchamizning manfaatlarimizni o‘zida ifoda etib, ezgu intilishlarimizda bizga qanot bo‘ladi, deb o‘ylayman.

– Ammo... sobiq sho‘ro tuzumida istiqlol orzusi ila yurt qadrini sharaflagan ko‘p ijodkorlarga oson bo‘lmagan. Jumladan, sizning ham “Ona tilimga” she’ringizni muhokama qilishganda qanday ahvolga tushgansiz?

— O‘tgan u davrlarda ijodkorlarni tuzumning buyurtmalari boshqarardi. Qolipga tushmaganlarga hech qachon oson kechmagan.

“Ona tilimga” (1965 yil yozgan) she’rining tarixi juda uzun. Sakkiz qatorlik shu she’r boshimga malomat toshi bo‘lib tushishini tush ko‘ribmanmi?

She’r chiqqach “Hali sening ona tiling bormi?», — degan bir dunyo savollar ostida qolganman. Har qanday millatda ham xolis va ulug‘ siymolar, albatta uchraydi. Shundaylardan biri rus xal­qining buyuk shoiri Aleksandr Tvardovs­kiy edi. Ushbu inson o‘sha mahallarda mening uch-to‘rtta she’rim atrofidagi mojaroni eshitgach, dunyoga don­g‘i ketgan ustozlar aralashgach, shu she’rlarimning ruscha tarjimasi “Novыy mir” jurnalida e’lon qilingan. Katta minnatdorchilik bilan bir gapni aytib o‘tishim kerak. O‘sha uch-to‘rtta she’rim, ya’ni “Ona tilimga”, “Minorai kalon tepasidagi laylak”, “Tilla baliqcha” kabi tizmalar Aleksandr Tvar­dovskiy hamda Qaysin Quliev yordami bilan markaziy nashrlarda bosilib chiqilmaganda edi, o‘sha taqdir charxpalagi qayoqqa qarab aylanib ketishi mumkinligini men hozir hatto tasavvur ham qila olmayman. Eh-he, gapiraversang gap ko‘p...

– Avvalgi she’rlaringiz bilan bugungi she’rlaringiz o‘rtasida qanday tafovut bor?

— Hozir ijodimizning mavzu sohasida ham, talqin qilish borasida ham chegara yo‘qoldi. Ayniqsa, ruhiy tahlilga keng yo‘l ochildi. Men mana shu qutlug‘, shukuhli yillar oralig‘ida mustaqillik, haj safarlari haqida she’rlar yozib, to‘plamlar chop ettirdim. Bu mustaqillikning beqiyos tuhfasi.

– Endi xalqimiz asriy orzusi – Hurlikka erishganda, istiqlol haqida mangulikka daxldor asarlar yaratish uchun ziyolilar, shoiru Yozuvchilar qanaqa muammolarni ko‘tarish shart deb o‘ylaysiz?

— Inson muammosi hamisha dolzarb bo‘lib kelgan. U istiqlol davrida ham o‘z qadr-qiymatini yo‘qotgan emas. Adabiyot oldida turgan ulkan savollardan biri – zamona qahramoni kim va u qanday xislatlarga ega? Bu masalani bir xil ijtimoiy-siyosiy tuzumda yashab turgan qo‘shni qardosh adabiyot vakillari qanday tasavvur etyaptilar? Shu ma’noda iste’dodning katta-kichikligi hech qachon uning xalqining soni bilan belgilanmaydi. Katta xalqning g‘oyat iste’dodsiz va nisbatan kichik xalqning buyuk adiblari bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda, Rasul Hamzatov, Chingiz Aytmatov asarlarini bosh­qa xalqlar adabiyotiga ta’siri haqida ham baralla so‘zlash mumkin.

— O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida shoir va Yozuvchilarimizning uyushmaga taqdim etayotgan asarlaridan qoniqasizmi?

— Negadir izlanishlar uzoq davom etayotir... Bugun astoydil ijod qilayotgan shoir, Yozuvchilar qatori shunchaki yozib yurganlar ham yo‘q emas. Bundaylar ko‘pincha ma’naviy boqimandalikka berilib, unvonu yubileylar tashvishi bilan yashaydilar. Bular, albatta, adabiyot olamida o‘tkinchi yo‘lovchilardir.

— Hayotingizda ulug‘ ijodkorlar bilan kechgan unutilmas adabiy va abadiy gurunglardan gapirib bersangiz?

— Bir umrga tatigulik uchrashuvlardan biri hayot va ijod tajribasi hali nihoyatda kam, tirik Yozuvchini ko‘rsa hayratga tushadigan men qatori yoshlar uchun 60-yillarda Oybek kabi ulug‘ zotlar bilan uchrashib muloqotda bo‘lish fav­qulodda baxt edi. Biz axir maktab partasidan tortib, dorilfunun auditoriyasida ham o‘sha mumtoz Yozuvchilarimiz asarlarini o‘qib savod chiqarganmiz. Talabalik paytlarimizdan ko‘cha-ko‘ydami, Yozuvchilar uyushmasidami, ommaviy yig‘inlardami, ulug‘ adiblarimizni uzoqdan ko‘rib, ana G‘afur G‘ulom, ana Oybek, ana Abdulla Qahhor deya bir-birimizni turtib shivirlashar edik. Yotoqxonaga qaytgach, qolganlarga maqtanardik. Qarang, yillar o‘tibdi...

Men Oybek domla bilan u kishining xonadonida ikki marta uchrashganman. Ikki safar ham domlaning uylariga o‘zlarining yo‘qlovlari tufayli borganman. Ilk daf’a, Oybek romanlarining muharrirlaridan biri marhum Rustam Komilovga hamroh bo‘lib bordim. O‘sha yillar men G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlab yurardim. Esimda, nashriyotda Rustam aka bir kuni, terlab-pishib, “Seni Oybek aka yo‘qlayapti”, deb qoldi. Endigina uch-to‘rt narsasi e’lon qilingan, hali o‘z qalamiga ishonib-ishonmay yurgan yosh shoirga bu tashrif qanchalik ta’sir qilganini tasavvur qilish qiyin emas.

... Uyga kiraverishdagi zalda devorga taqab qo‘yilgan mo‘’jaz stol atrofida domlaning ro‘parasida anqayib o‘tirgan o‘sha daqiqalarimni bir umr unutmasam kerak. Rustam aka meni tanishtirgach, domla mashaqqatli talaffuz bilan ismimni takrorladi. Keyin ular Zarifa opa ishtirokida “Navoiy” romanining qayta nashri bilan bog‘liq ba’zi tuzatishlarni muhokama qilib olishdi. Men bo‘lsam, bu mo‘’tabar dargohda daf’atan nechun paydo bo‘lib qolganimni tushunolmay hayron bo‘lib o‘tirardim.

Shu orada Zarifa opa “Oybek adabiyotimizning kenja avlodi bilan qiziqayotganini, ba’zi birlarimizning mashqlarimizni o‘qiganligini, meni ham shu sababdan yo‘qlatganini” yaxshi bir kayfiyatda aytib qoldi. Domla nihoyatda tiyraklik bilan, ko‘pchilik nomdor insonlarda juda kam uchraydigan samimiyat va bolalarcha beg‘uborlik bilan opaning gaplarini tasdiq etdi. O‘sha kungi qisqagina suhbat adabiy ijod zahmati haqida bo‘ldi. Esimda, Zarifa opa “Oybek sizlarning yoshingizda kitob o‘qishdan bosh­qa narsani bilmasdi. Navoiy, Pushkin, Gyote, Dantelarni juda ko‘p mutolaa qilardi. Kinoga kam kirardi”, deganida butun vujudimdan muzdek ter chiqib ketgan edi. Men garchan kinoteatrlarga hadeb kiraverishni yoqtirmagan bo‘lsam-da, bu o‘gitda vaqtingni, yoshligingni behuda o‘tkazma, degan pisanda-maslahatni il­g‘agan edim. Oybek domla bu o‘gitni azbaroyi ta’kid bilan tasdiqladi. Men keyinchalik juda uzoq vaqt o‘sha suhbat ta’sirida yurdim...

Men Oybek domla, Abdulla Qahhor bilan kechgan xotiralar haqida gapirsam, yirik bir asarga aylanadi. Ular juda ko‘p...

— Sizning bir necha kitoblaringiz dunyoning turli chet tillariga tarjima qilingan. Umuman... bugungi tarjimachilik borasida ham fikringizni bilmoqchi edik?

— Tarjimaga tarjimon o‘zini butkul bag‘ishlashi kerak deb o‘ylayman. Shu bilan birga muallif bilan tarjimonning saviyasi yaqin bo‘lishi shart. Keyin tarjimonning erkinligi, mening nazarimda qat’iy chegaralangan bo‘lishi zarur. Men shunday erkinlik tarafdorimanki, tarjima qilingan asarni uni asliya­tida o‘qigan kishi darhol taniydigan bo‘lsin. Erkinlikning chegarasi ana shu. Bu erkinlik chegarasidan chiqqan hamono istalgan narsa yuz berish — o‘rtacha asar bo‘lishi, yaxshisi esa rasvoga aylanishi mumkin. Bizda “qozonda bori cho‘michga chiqadi” deyishadi. Tarjimon “qozonda yo‘q” narsani bor qilsa, bu yomon. Lekin qozonda borini chiqara olmaslik ming chandon yomonroqdir. Agar tarjimada vazn, ohang va uslub saqlanmas ekan, asar o‘zining milliy qiyofasini butunlay yo‘qotadi. Har bir ijodkor albatta, o‘z asarini boshqa tilga o‘girilishini xohlaydi. Umidli dunyo deydilar. Ammo rostini aytganda barcha Yozuvchilarni ham bunga loyiq deb bo‘lmaydi.

Yozuvchilar uyushmasi qoshida “Yosh tarjimonlar” to‘garagi faoliyat ko‘rsatib turibdi. Endi asarlarimizning bo‘sh, umri qisqa tarjimalarini chop qildirilishiga loqayd bo‘lmasligimiz kerak. Yosh va iqtidorli tarjimonlarni tayyor­lash, ularning safini kengaytirish to‘g‘risida jiddiy bosh qotirish juda zarur.

– She’rlaringizda ko‘p bor hasad, laganbardorlikni qoralagansiz. Bunday illatlardan o‘zingiz ham qattiq aziyat chekkansiz chog‘i?..

— Afsuski, bunday illatlar siyosiy tuzum yoki mafkuralarga bog‘liq emas. Ularni umuman odamzotga xos deb aytish mumkin. Afsuski, bu holat ruhan qashshoq shaxslarda ochiq-oydin namoyon bo‘ladi. Men bir vaqtlar:

Deydilar: it hurar, o‘tadi karvon,
Ranju balolardan yonmasin joning.
Lekin alam qilar bir umr giryon,
Itlar orasida o‘tsa karvoning.

deb yozgan edim. Hasislik, ta’magirlik, vijdonsizlik, ikkiyuzlamachilik, qabihlik, sotqinlik, Navoiy davrida ham, Dante zamonida ham bo‘lgan.

— Buyuk ijodkorlar hamisha o‘z ijod mahsullaridan ko‘ngli to‘lmagan. Sizning ham o‘zingizdan, ijodingizdan qoniqmagan paytlaringiz bo‘lganmi?..

— Ruhiy to‘lg‘oqlarimni to‘laligicha hali qog‘ozga tushirishga ulgurganim yo‘q. Yozilgan she’rlarimdan yozilmaganlari ko‘proq.

– Yoshlar she’riyati haqidagi mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?..

— Albatta, bugungi yosh ijodkorlar o‘ta savodli. Ilg‘or adabiyot laboratoriyasidan xabardor. Faqat yozganlarida milliylik ko‘proq bo‘lishi kerak. Yosh adabiyotimiz vakillariga milliy ruhda o‘lmas asarlar yozishini tilayman.

– Mustaqillik oltin pilla­poyalarida qalbingizdan ne tuyg‘ular kechmoqda?

– Bu yil Yurtboshimizning «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» deb nomlangan kitobi nashr etildi. Unda ma’naviyatning qadri, bahosi, kuchi betimsol ekanligi aytiladi. Zero, biz ijod ahlining oliy maqsadi, burchi ham ana shu — ma’naviyatga xizmat qilishdir.

Iftixor tuyg‘usi esa millat ko‘kragini tog‘day ko‘taradigan, o‘z yeri va ozod osmoni bilan faxrlanishdek baland kayfiyatga oshna etadigan muborak tuyg‘u. Mustaqillik sharofati bilan xalqimiz ruhiga ruh, orzu-umidlariga qanot bag‘ishlaydigan qutlug‘ tadbirlar izchil amalga oshirib kelinmokda. Yurtimizda bunday bayramlar bo‘lishini ilhaq kutgan necha avlodlar bu kunlarga yetmay, armon bilan ketdilar. Endi ularning ruhini shod etib, ozod yurtimizni sharaflab, yoshlar qalbiga Vatan va erkinlik qadrini muhim joylab katta tantanalar, bayramlar o‘tkazsak yarashadi.

Mustaqillik bayrami — xalqimizning tabarruk bayramiga aylanib qoldi. Uni chinakam milliy iftixor shodiyonasiday nishonlashga burchlimiz. Chunki bu — bizning muqaddas va ulug‘ bayramimiz!

Buyuk olmon shoiri Iogannes Bexer bunday degan ekan: «Kishi fikrlari o‘lmasligi uchun har kuni, har doimo fikr­lab, tafakkurini charxlab turmog‘i shart». Bu, albatta, ibratli gap. Shu sababli biz yashab turgan davrimiz haqida adolatli, xolis, jo‘yali fikrlar aytmog‘imiz uchun davrning o‘y-xayollari bilan yashamog‘imiz lozim bo‘ladi. Shu ma’noda Vatanimiz ozodligi, mustaqilligini eslatuvchi har bir lav­ha yoinki suhbat bizning ruhimizni, fikriy olamimizni junbushga solishi tabiiy.

Adiba Umirova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.