— Abdulla aka, adabiy gurunglarda o‘tgan asrning 60-yillari ijtimoiy hayotda yuz bergan yangi bir epkin haqida tez-tez eslab turiladi. Adabiyotimizda voqeaga aylangan bir qancha she’rlaringiz ayni shu yillarda yaratilgan edi. Bugun o‘sha davrdagi ijodingiz, adabiy jarayon, muhit haqida xotirlaganingizda, ko‘nglingizdan qanday tuyg‘ular kechadi?
— Avvalambor, kishi o‘zi haqida biron nima deyishi odobdan hisoblanmaydi. Adabiy jarayon esa faqat bir shaxsning ishtiroki bilan shakllanib qoladigan voqelik emas. Bunday paytlarda, odatda, muhit yoxud imkoniyatlar tahlil qilinishi mumkin. Adabiyotimizda o‘tgan asrning qariyb yarmidan ko‘pi urra-urrachilik, g‘oyabozlik davri bo‘lgan edi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Adabiy jarayonga yalpi nazar tashlaganda shunday taassurot tug‘ilishi tabiiydir. Biroq o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida sobiq mamlakat ma’naviy hayotida qandaydir o‘zgarishlar boshlangan edi. Bu siljishlar o‘sha davrda maydonga chiqqan shoirlar ijodida, ayniqsa, bo‘rtib ko‘rina boshladi. Rus adabiyotida Yevtushenko, Voznesenskiy, Ahmadulina singari shoirlar paydo bo‘ldi. Yangi epkinning xosiyati shundan iborat bo‘ldiki, bunday ijodkorlar qattiq tanqidga uchrasalar ham, lekin qamalmadilar.
Muhitdagi eng katta yutuq mana shundan iborat edi. Biznikilar ham, shubhasiz, Moskva soatiga qarab ish tutardilar. Biz ham dilimizni ochib, ayrim she’rlarimizni unda-bunda e’lon qila boshlagan edik. Erkin Vohidov kabi shoirlarning nafasida yangi bahor shabadalari ufurib turardi.
O‘zim haqimda gapiradigan bo‘lsam, ba’zi misollarni keltirish bilan cheklanaman. “Tilla baliqcha”, “Birinchi muhabbatim” kabi she’rlarimiz oshdan chiqqan tosh yanglig‘ o‘sha davr mafkurasining tishini qarsillatgani sir emas. Bu she’rlarga qo‘yilgan ayblarni eshitsa, bugungi kunda yosh bola ham kulib yuborishi mumkin, jumladan, “Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim” satrini katta majlislarda tilga olishib, “partiyaga suyan, davlatga suyan” qabilidagi ko‘rsatmalar bilan “siylashgan”.
Albatta, o‘sha insonlar o‘z nuqtai nazarlarini tabiiy ravishda himoya qilmoqda edilar. Bu holni bir qadar tushunish mumkin. Biroq eng yomon jihat shundan iborat ediki, jamiyatdagi juda katta qatlamning ongi, dunyoqarashi, daraja-saviyasi, boringki, butun borlig‘i o‘sha davr tarbiyasi asosida shakllanib bo‘lgan edi. Men ularni o‘zimcha mehrdan yiroq, yulduzlar hidini bilmaydigan temir odamlar, deb atagan edim. Ajablanarlisi shundaki, ular boshqacha fikrlash mutlaqo mumkin emas, deb chin dildan ishonardilar.
Bu — birinchisi. Ikkinchi va balki hech qachon yo‘qolmaydigan bir illat — hasad bo‘lib, bu yovuz tuyg‘uning tantana qilishiga o‘sha davr ajoyib shart-sharoit yaratib qo‘ygan edi. Ya’ni hasad g‘oyaviylik qalqoni va nayzasi bilan qurollangan bo‘lib, u o‘ziga yoqmagan har qanday filni ham qulatishi mumkin edi.
60-yillar adabiy muhitining ijtimoiy-siyosiy basharasi mana shunday edi. Lekin dunyoda xalq degan, faqat o‘ziga-o‘zi hisob bera oladigan, didiga xiyonat qilmaydigan kuch ham mavjudki, haqiqiy adabiyot faqat unga tayanadi. Shu ma’noda haligi she’rlarni qurultoylarda qanchalik qoralashmasin, jumladan, talabalar baralla yoddan aytib yurishar, hatto qo‘shiq ham qilishgandi. Bizga kuch va ishoch bag‘ishlagan, albatta, ixlosmandlarimiz edilar.
Bundan buyog‘i adabiyotimiz bosib o‘tib kelayotgan yo‘llar hammamizga ma’lum. Adabiyotning yalpi taraqqiyoti, hech shubhasiz, davr va xalq nafasi yaratgan iqlimga ko‘p jihatdan bog‘liq. Ammo adabiyot shundoq bir soha ekanki, uni ayrim shaxslar iste’dodi, mehnati samaralari belgilab berarkan. Axir, yozuvchilik aslida individual ish-ku!
Biror bir shaxsga tabiat ma’lum bir iqtidor bermagan bo‘lsa, hech bir tuzum qonun yo farmon bilan uni ato etolmaydi. Deylik, kimningdir fe’lida hasad, ichiqoralik, mahalliychilik, guruhbozlik, maydakashlik kabi illatlar ustuvor bo‘lsa, uni bu kabi qora tamg‘alardan “Yozuvchilar uyushmasiga a’zo”lik guvohnomasi forig‘ eta olmaydi-ku. Baribir, odam bolasi o‘z tabiatiga ko‘ra jamoa bo‘lib yashaydigan jonzotlar turkumiga kiradi. Shundoq ekan, kattakon xalq manfaatlari quloch yozgan sharoitda mayda-chuyda xatti-harakatlar bora-bora ko‘milib ketishi shubhasiz. Biz adabiyotning katta yo‘nalishi haqida fikr yuritganimizda, asosan, katta haqiqatlarni, tarixning muhim burilish yo‘nalishlarini ko‘zda tutamiz. Ana shunday eng yirik, aytish mumkinki, xalqimiz uchun hayot-mamot jarayoni mustaqilligimiz bo‘ldi.
Men adabiyotimizda turli his-tuyg‘ular, rang-barang mavzular, uslublar gullab-yashnashining tarafdoriman. Biroq u sa’y-harakatlar xalqimizning manfaatini, boringki, taqdirini belgilovchi tuyg‘ularga hamohang bo‘lishi shart. Deylik, hozirgi ba’zi qiyinchiliklar tufayli biror maktab binosi ta’mirlanmay turgan bo‘lsa — bu, mustaqillik o‘zini oqlamadi, degan xulosa chiqarishga asos bo‘lolmaydi-ku.
Bunday misollar, agar adabiy asarga aylansa bormi, u hech shubhasiz, es-hushi joyida bo‘lgan har qanday kitobxonning g‘ashiga tegadi, tajribasiz yoshlarni esa chalg‘itadi.
Men ushbu fikrlarim bilan “Keling, hamma ishimiz besh”, deya ertayu kech “Yashasin Istiqlol!” deb jar solib yuraylik, demoqchi emasman. Orzuim shulki, avvalom bor, adibning niyati to‘g‘ri bo‘lsin.
Adabiyotning qadr-qimmati birgina niyat to‘g‘riligi bilan belgilanmasligi ham bor gap. Adabiyot maqomi, darajasini uning nechog‘li mahorat bilan yaratilgan san’at asarlari belgilaydi. Shu ma’noda necha o‘n yillar osha minglab asarlar silsilasida yuksak mahorat bilan yaratilgan kamdan-kam ijod namunalarigina kitobxonni hayratga solib kelmoqda. Ular — Qodiriy romanlari, Oybek, Qahhor, G‘afur G‘ulomning barkamol ijod namunalari. Men shu o‘rinda she’riyat xususida fikr yuritib bir gapni aytib o‘tmoqchiman. Modomiki, shoir o‘z o‘chog‘ida o‘zi yoqqan olovda o‘zining yog‘ida o‘zi qovrilib taom pishirayotibdi ekan, uning qo‘shni o‘choq bilan nima ishi bor? Ya’ni biror shoirning uslubi yoxud ohanggi butkul she’riyatda yetakchilik qilishga da’vo qilmasligi kerak. Ijod mahsulining bahosini kitobxonlar beradi, degan qadimiy xulosaga ham bepisand qaramaslik lozim.
— Hayotingizning katta bir davri XX asrning suronli yillarida kechdi. Ijodingizda muhim voqea bo‘lgan eng yetuk asarlaringiz ham o‘tgan asrda yaratildi. Yangi zarvaraqlar bilan boshlangan yangi asrda ijodkor sifatida nimalarni his qilayapsiz?
O‘tgan asrda hammamiz ham baholi qudrat ijod qildik. Cheklanishlar bo‘lgan bo‘lsa, hammaga baravar bo‘ldi. O‘sha paytlar hammamiz birdaniga baqir-chaqir qilib, tilimizga erkinlik qani, millatimizga erkinlik qani, deb talab qilardik. Bu talablar ommaviy ravishda kechdi. Ko‘p narsalarga erishdik ham. Erkinlik nashidasidan bahramand bo‘ldik. Biroq, nazarimda, ba’zi bir insonlar bu buyuk o‘zgarishlarni, evrilishlarni yetarlicha baholamayotgandek, his qilmayotgandek. Axir, tilimizga erkinlik berildi, buyuk allomalarimiz xotirasi qadr topdi, e’zozlandi, an’analarimiz tiklandi.
Endi, yashash tarzidagi tafovutga kelsak, iqtisodiy taraqqiyotning o‘z qonuniyatlari bo‘ladi. Hamma bir xilda boy yoki bir xilda kambag‘al bo‘lib qolishi mumkin emas.
Yurt mustaqil bo‘ldi. Biroq ijodkorlar orasida ham, boshqa sohada ham yakka-yarim noliganlarni eshitib qolsam, ajablanaman. Bundaylar hech qachon rozi bo‘lmaydilar, oppozitsiyani o‘zlariga baxt deb biladilar. Bu toifa insonlar o‘tgan asrda ham o‘sha bayroqni ko‘tarib yurgan, hozir ham shu bayroqni ko‘tarib yuribdi, bundan keyin ham shundayligicha qoladi. Insoniyat azaldan komillikka intilgan, biroq to‘laligicha komil bo‘lolmagan, bo‘lolmaydi ham. Maqsadga ko‘chadigan bo‘lsak, bizni quvontiradigan bir katta haqiqat bor, bu ham bo‘lsa, katta bir qadimiy xalq o‘zining asriy orzusiga erishdi. Ixtiyori o‘zida bo‘ldi, davlat o‘ziniki bo‘ldi, tili o‘ziniki, oilasi o‘ziniki, bozori o‘ziniki, mozori o‘ziniki.
— Endi mavzuni bir oz o‘zgartirgan holda bevosita o‘zingizning ijodingiz, ruhiyatingizga bog‘liq bo‘lgan savollar bilan suhbatimizni davom ettirsak. Ijodingizda uzoq muddatli tanaffus bo‘lsa, qanday holatga tushasiz?
— Tanaffus ikki-uch sabab bois bo‘lishi mumkin. Lekin ijodkorning yuragi urib, aqli ishlab turgan bo‘lsa, unga hech kim tanaffus berolmaydi. Agar basharti qo‘li yozolmay qolgan taqdirda ham qalb tirik bo‘lsa, u ijod qilishdan to‘xtamaydi. Ijod bu gazeta uchun yozish degani emas, albatta. Chunki ijodkor istagan paytda o‘z tuyg‘ularini to‘kib solaveradi. Ona allasini garchi qog‘ozga tushirmasa-da, asrlar davomida alla aytish to‘xtab qolmagan. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, garchi shoir ba’zan ijod qilishdan to‘xtagandek bo‘lib ko‘rinsa-da, uning qalbida sukunat hukm surmaydi. Ahmad Yassaviydek buyuk avliyo yerning tagida ham ijod qilishdan, tafakkur yuritishdan to‘xtamadi. U yaratgan yuksak ma’naviy xazinadan insoniyat asrlar davomida bahramand bo‘lib kelmoqda. Aytilganlardan xulosa qilib gapiradigan bo‘lsak, ijodiy tanaffus ikki holatda bo‘lishi mumkin. Biri ijodkor dunyodan ko‘z yumsa, ikkinchisi fikrlashdan to‘xtasa. Qalbni hech kim buyruq bilan to‘xtata olishga qodir emas.
— Hayotda nimalardan ilhomlanib yashaysiz?
— Ijodning asosida ikkita narsa yotadi. Zavq va ilhom. Zavq hayvonotda ham bo‘ladi. Masalan, qushlar bir-biriga iltifot qiladi. Ko‘rkam bog‘ yoki gulzorda zavq bilan xonish qiladi. Lekin inson zavqining zamirida, agar u ijodkor bo‘ladigan bo‘lsa, juda katta ma’naviy manba yotadi. Anglab qilingan zavq ilhomga turtki bo‘ladi. Asli Ilhom inson qalbidagi tuyg‘ular muvozanatining buzilishidir. Muvozanat buzilgandan keyin qalb jumbushga kelib til so‘zlaydi, ko‘zda yosh qalqadi. Ilhom faqat quvonch emas. Shoir iztirobli satrlar ham bitadi, qo‘shiqlar to‘qiydi. Hayotda nimalardan ilhomlanib yashaysiz, degan savolingizga kelsak, yaxshi odamlarni ko‘rsam quvonaman. Dili toza, pok insonlar bilan Hirotgacha piyoda ketishga tayyorman. Hazrati Xizr ham o‘shadir, din ham o‘sha, e’tiqod ham o‘sha. Bunday odamlar afsuski ko‘p emas. Hayot yaxshi odamlarni har doim ham bir-birlari bilan uchrashtiravermaydi.
— Ijod erkinligini siz qanday tushunasiz?
— O‘zim ijodkorman va o‘z navbatida ijodkorlar uyushmasining rahbariman. Bu savolingizga men ikki tomondan javob berishga haqqim bor. Birinchidan, ijodkor sifatida, ikkinchidan, shu ijodkorlarning talabiga javob berishga majbur bo‘lgan idoraning rahbari sifatida. Sobiq sho‘rolar davrida kim she’r, hikoya yoki roman yozsa, o‘sha tuzum mafkurasi talabiga qarab baho berilardi. Hozir rahbar sifatida men birorta yozuvchini chaqirib mana bundoq yozgin, undoq yozgin, deb buyruq berolmayman.
Ijod erkinligidan noliydigan insonlarni esa noshukur odamlar deb hisoblayman. Chunki ular kamchilikni o‘zlaridan qidirishmaydi, balki o‘zlariga juda yuqori baho bergan holda ayyuhannos solishadi. Erkinlik og‘izga kelgan gapni gapiraverish, ko‘ngilga kelgan ishni qilaverish degani emas, albatta. Maymunning chizgan suratini san’at asari deb ko‘rgazmaga qo‘yish erkinlikka kirmaydi. Erkinlik haqida kim gapiryapti, qanaqa shaxs gapiryapti, qaysi muhitda gapiryapti, qanaqa darajadagi odam fikr bildiryapti — shunga qarab hukm chiqarish to‘g‘ri bo‘ladi. Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, har bir muayyan odamlar guruhi orasida odob-axloq, siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy me’zonlar va ularni qabul qilish darajasi bir xil bo‘lmaydi. Shu bois fikrlarda, nuqtai-nazarlarda tafovut bo‘lishi tabiiy.
— Abdulla aka, o‘zingizga ma’lum, bu yil Prezidentimiz tomonidan “Mehr va muruvvat yili” deb e’lon qilindi. Siz mazkur yil bunday nomlanishining qanday ijtimoiy- ma’naviy ahamiyati bor, deb o‘ylaysiz?
— Har bir ishning o‘z kamolot davri, taraqqiyot bosqichi bo‘ladi. Shu ma’noda gapiradigan bo‘lsak, Mustaqilligimizning o‘n uch yili davomida ham ijtimoiy-siyosiy, ham madaniy-ma’naviy hayotimizda ulkan yutuqlarga erishdik. Bu kabi yutuqlarga erishmasdan, ma’lum bir taraqqiyot bosqichini bosib o‘tmasdan turib mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq “Mehr va muruvvat yili” deb e’lon qilib yuborilsa, menimcha, notabiiy bo‘lardi. Shuning uchun aynan mazkur yilimizning Yurtboshimiz tomonidan shunday nomlanishini taraqqiyot belgisi, qolaversa, kamolot belgisi deyish mumkin. Mehr-muruvvat bizning oliy darajadagi qadriyatimiz. Uni yurtimiz bo‘ylab yana bir karra keng yoyamiz va tarannum etamiz.
Ona yurtimizga, ona xalqimizga, ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga, Hazrati insonga bo‘lgan buyuk muhabbatimizni ifoda etib, qalbimizdagi muruvvat va saxovat tuyg‘usini yanada oliy maqomga ko‘taramiz.
Suhbatdoshlar:
M.Abdullaev, S.Shodieva
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 10-11-sonilan olindi.