Chingiz Aytmatov... Bu nom butun dunyo kitobxonlariga juda tanish va qadrli. Buyuk qirg‘iz yozuvchisi va jamoat arbobining vafoti haqida tarqalgan xabar jahon ahlini qayg‘uga soldi. Adib haqli ravishda o‘zbek xalqining ham sevimli yozuvchisiga aylangandi.
Buyuk yozuvchining 80 yoshga to‘lishiga yarim yil qolgan edi... Chingiz Aytmatov Germaniyaning Nyurnberg shahridagi klinikada 2008 yilning 10 iyun kuni vafot etdi. Ammo adibning o‘lmas merosi — betakror asarlari, samarali faoliyati so‘nmas quyosh kabi porlab turaveradi.
“Biz quyoshning so‘nishiga yo‘l qo‘ya olamizmi?”. Zamonamizning alp adiblaridan, asarlari, shubhasiz,jahon mumtoz adabiyotini boyitgan Chingiz Aytmatov bundan o‘n bir yil muqaddam “Literaturnaya gazeta” tahririyatida bo‘lib o‘tgan “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori” asari taqdimotida shunday degan edi.
Biz ajoyib so‘z ustasi, zabardast yozuvchi Chingiz Aytmatov yaratgan “Momo yer”, “Birinchi o‘qituvchi”, “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Alvido, Gulsari”, “Erta qaytgan turnalar”, “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” kabi dilbar qissalarni o‘qib, olamni, hayotni idrok etganmiz, ezgu hislarga oshno bo‘lganmiz. “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat” romanlarining behad teran mohiyatidan, ajib timsollardan lol qolganmiz, “Kassandra tamg‘asi” romani falsafasidan o‘yga tolganmiz. Adibning sermahsul ijodi necha-necha iste’dodlar namoyon bo‘lishiga turtki bo‘ldi.
O‘zuvchi O‘rta Osiyodagi boshqa xalqlar singari o‘zbek adabiyotiga ham befarq bo‘lmadi. San’atimiz, adabiyotimizdagi har bir yangilikdan xabardor bo‘lib turdi. Xususan, Oybek, Mirtemir, Zulfiya, Pirimqul Qodirovlar ijodini e’tirof etdi, hamisha xalqimizga samimiy, sidqidildan munosabatda bo‘ldi.
Chingiz Aytmatov haqli ravishda qadim Turkiston zamonaviy nasrining namoyandasi sifatida ellarimizni jahonga tanitdi. “Asrga tatigulik kun” romanidagi birgina manqurt obrazi jahon adabiyotida yangi hodisa emasmidi? O‘zuvchi bitgan sara asarlar dunyo adabiyotining tarkibiy qismiga aylandi.
Uning qissalari, romanlari uslub jihatidan ham, janr jihatidan ham tubdan farqqiladi, bir-birini takrorlamaydi. Lekin birgina jihatdan o‘xshash — ular orasidan birorta nosamimiy asarni topolmaysiz. Samimiyat — Aytmatovning ilk qissalaridan to so‘nggi yillarda yaratgan falsafiy romanlarigacha yo‘g‘rilib ketgan. Davr ruhi bu asarlarga daxl qilolmaydi — hammavaqt kishiga birday ta’sir etadi, kitobxon bu kitoblarni har safar o‘qiganida yangi-yangi sifatlarni kashf qilaveradi. Uning asarlaridagi psixologizm kitobxonga juda kuchli ta’sir ko‘rsatadi. O‘zuvchi jamiyatning qat’iy insoniy qadriyatlari, o‘zgarmas ma’naviy qonuniyatlariga suyanib asar yozdi.
Chingiz Aytmatov — olamni nozik mushohada qiluvchi donishmand, inson qalbining eng teran, sirli torlarini chertishga qodir mohir musiqachi va faylasuf edi. Muallifdagi ana shu xislatlar uning so‘nggi romanlaridan biri — “Kassandra tamg‘asi”da yana bir bor o‘z aksini topdi.
Bolalik... Ijodkor qalbi sira qarimaydi. Bolalikning beg‘ubor, oppoq tuyg‘ulari adibni umri davomida tark etmadi, ana shu hislar uning go‘zal asarlariga yetakchi bo‘ldi. O‘zuvchining “Bolaligim” avtobiografik qissasi fikrimizga dalil bo‘la oladi.
“Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori” asari — bu bir yo‘l, mangu savollar yo‘li. Bu savollarning ko‘pi murakkab, ko‘pi fojiali. Inson o‘ziga o‘zi bu savollarni mardona bera turib, qo‘rquvni, ruhan tushkunlikni yengadi, zero, umidni yo‘qqilib bo‘lmaydi.
Chingiz Aytmatov asarlari haqida yanada ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Har bir davr kitobxoni yozuvchini o‘zicha, yangicha talqin etadi, yangi-yangi ohanglardan bahramand bo‘ladi.
Aytmatov zabardast yozuvchi, siyosiy arbob bo‘lishi bilan birga katta so‘zlar bilan yoziluvchi grajdan ham edi. Yillar bo‘ldiki, xalqimiz boshiga qora kunlar tushdi, tuhmatlar yog‘ildi. Yurtimizga mash’um “O‘zbek ishi” atalmish falokat yo‘ladi.
Ana shunda Chingiz Aytmatov dadil o‘z so‘zini aytdi. Aytganda ham o‘zbeklarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini baralla aytdi. Bu bizga madad bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati yozuvchi xizmatlarini e’tirof etdi, taqdirladi.
Chingiz Aytmatov maqola avvalida tilga olingan taqdimotda so‘zga chechan bo‘lmagan himolayliklar yosh kelin-kuyovlarga tilak bildirishi haqidagi rivoyatni keltiradi va kitobxonlarga shunday istak bildiradi, “Men sizlarga kitlar muhabbatini, itlar sadoqatini tilayman”. U tabiat bilan insonni uzviy birga ko‘rdi. Bu so‘zlar fikrimiz dalili.
Biz ulug‘ adib Chingiz og‘a xotirasini yod etarkanmiz, e’tiboringizga yozuvchi ijodining avj gullagan payti “Nedelya” gazetasida chop etilgan suhbatni havola etmoqdamiz (“Nedelya” 1977 yil, №2). Zero, ushbu suhbat bugungi o‘quvchi uchun ham ahamiyatli deb o‘ylaymiz.
Yana shu narsani ishonch bilan aytish mumkinki, chin ijodkor sira qarimaydi, o‘lmaydi, mangu yashaydi. Bizning xotiramizda yozuvchi Chingiz Aytmatov shunday hayotga, ijodga tashna, hali katta-katta asarlar yaratishga qodir bunyodkor timsolida qolaveradi.
— Chingiz To‘raqulovich, adabiyot olamga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Shu haqda fikringiz?
— Adabiyot ish-harakatlarni yaqqol ko‘rsatib turadigan sxema emas. Adabiyot — aynan emas, bilvosita, murakkablashgan ko‘rinishda taqlid qilish, o‘xshash uchun namuna bo‘la oladi. Ba’zan, «Bu kitobdan o‘rgansa bo‘ladi, bu kitobdan bo‘lmaydi», qabilida gaplar yuradi... Qarang, o‘sha o‘rganib bo‘lmaydigan kitobdan ham o‘rgansa bo‘ladi! Lekin u o‘zicha saboq beradi, natijasi esa darhol ko‘zga tashlanavermaydi. Kitobxonga ezgulik va yovuzlik chegaralari aniq-ravshan belgilab berilgan shartli sxema kerakmikan?
— Siz o‘z asarlaringizda go‘yoki tabiatga jon kiritib yuborganday bo‘lasiz. Bundan kelib chiqadiki, siz uchun insonning tabiatga munosabati ma’naviy mezonlardan biri hisoblanadi, shundaymi?
— Men inson tabiatni qadrlay bilishi, undan zavq, bahra olishi kerakligini bilaman. Shuni ham tushunib yetish kerakki, inson — tabiatning bir parchasi, tabiat unga yashash uchun berilgan makon, yashaganda ham faqat bir marta aql va zavq bilan yashashi kerak.
— Sizning ko‘pgina asarlaringiz o‘smir, bola tilidan yozilgan. Bolalik taassurotlari ijodingizda muhim rol o‘ynaydimi?
— Yo‘q, bu men uchun shunchaki qulay usul. O‘smir olamni, insonlarni anglab yetishga harakat qiladi. Mening yangi qissamda ikki bola va qariya personajlari bor. Ulardan har biri o‘zlaricha aytmoqchi bo‘lgan fikrimni bayon etishda yordam beradilar. Qariya — o‘z tajribalari bilan menga ko‘maklashadi. Bola esa fikrimni ravshanroq ifodalab beradi, ba’zan chol aytolmagan tomonlarni ochib tashlaydi. Biroq ikkovlari ham mening bir bo‘lagim. Albatta, san’atkor bolalikdan bunyod bo‘ladi. Keyinchalik bilim-tajriba, aql-zakovat shaxsni to‘ldiradi, shaklga soladi. Lekin bu hol yuz bermasligi va inson bolalarcha ta’sirchan, hassosligicha qolaverishi ham mumkin. Men ovulda katta bo‘lganman. Inson tabiat qo‘ynida, kishilar va shu tabiatga tegishli bo‘lgan jonivorlar bilan o‘t-maysalar, daryolar va o‘rmonlar orasida ulg‘aysa, qanday ajoyib...
Shaharda-chi, shahar turmushida diqqat inson aql-zakovati barpo etgan narsalarga jamlanadi. Shahar zamonaviylikka yana fikrlash, tafakkurni ham qo‘shimcha qiladi. Men bolalik gohqishloq, goh shahar hayoti bilan almashinib turishi kerak, deb o‘ylayman.
Bolalik fenomeni... Men bolalik taassurotlari bilan yashamaydigan hech bir odamni, ayniqsa, ijodkorni bilmayman. Axir “Oq kema” qissasining qahramoni qilib bola tanlangani bejiz emas-ku. Men bu bilan bola — iymon-diyonat homilasi, shaxs homilasi, bularning bari bolalikdan boshlanadi, degan fikrni uqtirmoqchi bo‘lganman. Bu haqda hozirgi ilmiy-texnika taraqqiyoti, barcha axborot vositalarining universallashuvi avjiga chiqqan davrda jiddiy bosh qotirish kerak bo‘ladi. Qachonlardir bola ruhiyati, uning ong-shuuriga faqat ota-onasi, buva-buvisi, yaqin qarindoshlaridan yana kimdir ta’sir ko‘rsatgan. Hozir ularning bu vazifalarini bolalar bog‘chalari, maktablar “tuya” qilmoqdalar. Bolalar bog‘chalari, maktab, bularning yaxshi, foydali tomonlari ko‘p. Lekin ularning hammani baravarlashtirib, birxillashtirib qo‘yish jihatlarini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Hamma bolalar bir vaqtda bir teleko‘rsatuvni va bir xil filmlarni tomosha qiladilar. Bu hol esa hozirga qadar misli ko‘rilmagan darajada estetik, ma’naviy mezonlarning umumiy bo‘lib qolishiga olib keladi. Bunda bola rivojlanishidagi individuallik, o‘ziga xoslik qaysidir ma’noda yo‘qoladi.
Shubhasiz, bolalik menda o‘z tamg‘asini qoldirgan. Men qiziqarli davrda tug‘ilganim, Shakar ovulida, qadimgi patriarxal muhitda katta bo‘lganim uchun taqdirimdan minnatdorman. Mening momom oqila, ko‘p narsalarni biladigan, ziyrak, chevar va oqin ayol edi. Momom mening olamni poetik idrok etishim, anglashimga yordam berdi. U kishi aytib bergan ertaklar, qo‘shiqlar, rivoyatlar, u muloqotda bo‘lgan odamlar — bari-bari menga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Agar bir kuni erta tongda momom yuzida tabassum bilan, qo‘shni ayolning ko‘zi yoriganini aytsa bo‘ldi, men o‘rnimdan dik etib turib yuvinishim, so‘ngra ularni qutlagani birga borishim kerakligini bilar edim. Bu qo‘shninikiga borib, uni qutlashgina emas, avvalo ko‘rishuv, har xil aytishuv, laparlar bilan tantana uyushtirish uchun ham vaj edi. Bunaqa bayramlarda hamma bolalar qatnashar, hech kim ularga chaqaloqni karamzor ichidan topib oldik, deb aytmas edi. Hozir bolalar kattalar hayotida kamroqqatnashadilar, ular bu paytda bolalar bog‘chasida shu bog‘chaga oid qo‘shiqlarni kuylab o‘tirgan bo‘ladilar. Mening fikrimcha, hech bir hodisa bolalarni chetlab o‘tmasligi kerak. Shundagina ular Shaxs bo‘lib kamolga yetadilar.
— Shu yillar ichida Shakar ovulingiz ham o‘zgarib ketgandir?
— O‘zgarganligi tabiiy. Otlarga qo‘shilgan omochlar endi yo‘q, mashinalar ko‘p, keyin ish ko‘lami ham boshqacha. Birdaniga necha yuz gektarlab yer haydaladi. Axir texnika — texnika-da, tezlik va sur’at ham shunga yarasha katta bo‘ladi!
Ammo ot ilgarigiday insonga yaqin va qadrdon bo‘lib qolaveradi. Qirg‘izchasiga aytadigan bo‘lsak, “jonыbar”, otning joni bor.
— Aytmoqchi, “Qizil durachali sarviqomat dilbarim” qissangiz qahramoni Ilyos o‘z mashinasiga xuddi jonivorga qaraganday munosabatda bo‘ladi...
— Ha. U, ehtimol, otiga ham, ho‘kiziga ham shunday yaxshi muomala qilgan bo‘lardi. Bunday odamning mashinaga xo‘jasizlarcha qarashdan ichi achishardi.
— Ezgulikning yovuzlikka qarshi kurashi, muhabbat, imon, burch kabi umrboqiy mavzular qatorida bugunning dolzarb mavzulari ham bor. Siz 70-yillar uchun bu mavzulardan qaysi birini dolzarb deb ajratgan bo‘lardingiz?
— Menimcha, bu — urush, insonning urushda sinalishi, toblanishi mavzucidir. Men o‘zim urushda bo‘lmaganman, lekin bolalik va o‘smirlik yillarim shu davrga to‘g‘ri kelgan. Urushdan urushning farqi bor. Ozodlik, mustaqillik, adolat uchun urush. Masalan, Ulug‘ Vatan urushini olsak. Bu qahramonlik, fidokorlik, ulkan harbiy hamda mehnat jasoratlarini ko‘rsatish davri bo‘ldi. Biroq bu tajovuzkorlik, ta’magirlik, manfaatlar urushi, adolatsiz urush ham bo‘ldiki, bu davrda insoniylik taqchil bo‘ldi. Bugungi sayyoramiz, dunyo ko‘pgina ijtimoiy omillar keltirib chiqargan shafqatsizlik muammolari bilan to‘qnash kelmoqda. Baribir yuksak insoniy qadriyatlar, inson taqdiri mavzui o‘zgarmas, umrboqiy bo‘lib qolaveradi. Insoniylikning antitezasi — shafqatsizlik.
— Ham shafqatsizlikka qarshi kurasha turib, ham uni asarlarda ko‘rsatsa bo‘ladimi?
— Faqat bu zavq, ilhom bilan tasvirlanmasligi kerak.
— G‘arbda, masalan, vahima-dahshat teatri mavjudligini “ortiqcha havoni chiqarib yuborish klapani” zarurligi bilan oqlaydigan nazariyalar yaratildi. Ularning fikrlaricha, bunday tomosha insonga azaldan xos bo‘lgan tajovuzkorlik energiyasini uning vujudidan chiqarib yuborishga xizmat qilar emish. Shu haqdagi fikringiz?
— Ortiqcha havoni chiqarib yuborish klapani... Yomon niyat bilan insonni shafqatsizlikka undashsa, u esa bunga qarshi turolmasa, bu holat ko‘proq shafqatsizlikni rag‘batlantiradi, hattoki kuchaytiradi. Shunday misollar ham borki, G‘arbda tomoshabin dahshatli filmlarni ko‘rib, beixtiyor ana shu qahramonlar harakatlarini takrorlagan.
— Moddiy hayot haqidagi fikringiz?
— Bu haqda mening fikrim qat’iy, agar hayotda moddiy boylik maqsadga aylansa, shaxs tanazzulga yuz tutadi.
— Xuddi «Bo‘tako‘z» qissangizdagi Abakirga o‘xshab-a?
— Ha, Abakirga o‘xshab. Ba’zida pullar qanday bosib, ezib tashlashini odamlarning o‘zlari ham bilmay qoladilar. Buyumlarni haddan ortiq sevish, ularga hirs qo‘yish — vasvasa. Ayniqsa, ba’zilarning biror buyumga jiddiy munosabatda bo‘lishlari mening g‘ashimga tegadi. Aytaylik, hozir bizda, respublika chekkasida ma’lum turdagi palto urf bo‘ladi. Shu turdagi paltosi bo‘lmagan ayol o‘zini xo‘rlanganday, kamsitilganday his qiladi. Buyumlarga bo‘lgan bunday meshchanlarcha munosabat kishida g‘araz uyg‘otadi va u hammadan ajralib turish talvasasiga tushadi. Buyumlar muqaddas qadriyatlar qatorida hayot ma’nosi, maqsadiga aylanib qolmasligi kerak.
— Aytmoqchi, qissalaringizning asosiy personajlari — ayollar. Ulardan qaysi biri sizning idealingizga yaqinroq? Balki Jamiladir?
— Ideal haqida biror narsa deyish qiyin. Mening fikrimcha, umum qabul qilgan rasmga ko‘ra, e’tiborga sazovor, munosib ayol tushunchasi mavjud. Bu tushuncha ayolning bari ma’naviy fazilatlari, uning madaniyati, jozibasi, tashqi ko‘rinishini o‘z ichiga oladi. Jamila — mening ayolni ilk marotaba romantik idrok qilishim mahsuli. Hozir Jamila boshqacha bo‘lardi.
— Sizga insondagi qaysi xususiyat yoqmaydi?
— Mansabparastlik. Bunday odam biror martabaga erishaman deb haqiqatni gapirmaydi.
— Chingiz To‘raqulovich, yumorga munosabatingiz qanday?
— Afsuski, doimo menda yumor yetishmaydi (men buni juda his qilaman). Yumor bilan yoza oladigan kishilarga juda havasim keladi. Bu men hazilni umuman tushunmayman, deganim emas. Kulishni yaxshi ko‘raman, lekin hazil qilishni bilmayman. Bu alohida qobiliyat sanaladi. Men esa ma’yusroqman.
— Odatda yozuvchilar ikkita bir-biriga qarama-qarshi qoidaga amal qiladilar: “Yozolmasdan turolmaganingda yoz” yoki bo‘lmasa “Har kuni, juda bo‘lmaganda bir satrdan yoz”. Siz bularning qaysi biriga amal qilasiz?
— Men birinchi qoida bo‘yicha ishlayman. Shunchaki, har kuni yoza olmayman. Ikkinchi qoida esa sen yangi ishni boshlaganingda qo‘l keladi. O‘z tajribamdan kelib chiqib aytsam, agar boshlagan ishingni tashlab qo‘yadigan bo‘lsang, ko‘p narsani yo‘qotasan. Mana, hozir yangi qissamni tugatayapman. Endi men har kuni ishlashimga to‘g‘ri kelyapti.
— Qissada tasvirlanayotgan voqea qaysi davrda bo‘lib o‘tadi?
— Bu qiziq narsa. Qissa voqeasi qachon bo‘lib o‘tishi ijodimdagi — noma’lum bo‘lgan yagona holat. Asar “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” deb ataladi. Undagi voqealar qaysi vaqtda va nima haqda ekanligini har bir kitobxonning o‘zi hal qiladi. Bu yerda syujetning ham uncha ahamiyati yo‘q. Qissani yaqin kunlarda tugatsam kerak...
Ma’suma Ahmedova tayyorladi.