Erkin A’zam adabiyot maydoniga o‘tgan asrning 70-yillarida kirib keldi. Uning eng so‘nggi “Shovqin” (2011) romanidan tortib “Chiroqlar o‘chmagan kecha” (1977), “Olam yam-yashil” (1984), “Javob” (1986), “Bayramdan boshqa kunlar” (1988), “Otoyining tug‘ilgan yili” (1985), “Pakananing oshiq ko‘ngli” (2001), “Kechikayotgan odam” (2002), “Ertak bilan xayrlashuv” (2007), “Jannat o‘zi qaydadir” (2007), “Guli-Guli” (2009) kabi o‘ndan ortiq kitoblari millionlab o‘quvchilar ko‘nglini zabt etdi. Mazkur nasriy kitoblar mundarijasini 1 roman, 15 ga yaqin qissa va kinoqissalar, 5 drama, 40 dan ziyod hikoyalar, 50 ga yaqin esse, suhbat, xotira, adabiy o‘ylar tashkil etadi.
Ijodkor shaxstug‘ilib-o‘sgan muhit, oila, ota-ona, oiladagi kitobga muhabbat masalasi doimo adabiyotshunoslarni qiziqtiradigan an’anaviy savollardan sanaladi. Biz xuddi shu savol bilan adibga murojaat etganimizda, u quyidagilarni hikoya etdi:
“Ziyoli xonadonda tug‘ilib o‘sganman. Asli muallimlikdan chiqqan otamiz keyinchalik tuman miqyosidagi katta-kichik lavozimlarda ishlagan, ammo umr bo‘yi kitobni qo‘ldan qo‘ymagan. Xo‘jalik rahbari bo‘lganlarida ham kechasi bir mahalda daladan qaytib, yana allapaytga qadar kitobxonlik, gazetxonlik qilib o‘tirardilar. Kitobning muhim tuyulgan joylarini qalam bilan belgilab ketish, o‘qib bo‘lgach, oxiriga ixchamgina taqriznamo xulosa yozib qo‘yish odatlari bor edi. Viloyat markazidagi katta majlislardan qo‘ltiq-qo‘ltiq yangi kitob bilan qaytardilar. Uyimizda yo‘q kitobning o‘zi yo‘q edi. Nazarimda, oilamizdagi kitobxonlik ishtiyoqi ana shundan boshlangan. O‘n bir farzand o‘sgan bo‘lsak (kamina to‘ng‘ichiman), hozir bari turli kasbning boshini tutib ketganiga qaramay, hamon kitobga ishqiboz, uyda bola boqib o‘tirgan singillargacha adabiy yangiliklardan xabardor, bo‘sh vaqt topilganda kitobdan bosh ko‘tarmaydi. Bor gapni aytyapman, aynan shunday.
Onamiz maktab ostonasini ko‘rmagan, harf tanimasalar-da, hammamizdan dono! Maqolgo‘y, matalgo‘y. Adabiyotchi singlimiz onadan eshitgan ohorli so‘zlarini bir daftarga yozib yuradi, kitob qilmoqchi. Men u kishini “akademik enam” deb alqayman, uncha-muncha masalalarda (hatto adabiy ishlarda ham) hanuz maslahat so‘rab kelaman. Shuncha farzandni esli-hushli qilib o‘stirgan, saksonlardan o‘tib ham gapidan adashmaydigan kampirning o‘zi bir maktab-da, nima dedingiz?
U kezlari maktabda ham, uyda ham kitob o‘qish musobaqasi bor edi. Ta’tilda nechta kitob o‘qiganimizni, ular qanday kitoblar ekanini otamiz rahmatli so‘rab-surishtirib turardilar. Biroq adabiyotni sevishing shart, sen kelajakda yozuvchi bo‘lasan, degandek tayin yo‘naltiruvlar bo‘lmagan. Ko‘p kitob o‘qigan odam xor bo‘lmaydi qabilidagi doimiy da’vatlarni, yozuvchi bo‘laman degan ahdimga biron qarshilik ko‘rmaganimni ta’kidlashim kerak”.
E.A’zamning “Ertak bilan xayrlashuv” to‘plamiga jamlangan qissalar, hikoyalar motivini aynan bolalik xotiralar, bola nigohi bilan ko‘rib-kuzatilgan, bola qalbi bilan his etilgan voqelik, adib o‘zi yaqindan bilgan kishilar: qo‘ni-qo‘shnilari, qarindosh-urug‘lari, hamyurtlarining yorqin obrazlari bezaydi. Xilma-xil, kutilmagan, tasodifiy, ohorli syujetlar, raso xarakterli kishilarga qarshi bir qaynovi ko‘p yoki bir qaynovi kam bo‘lgan g‘alati odamlar obrazi Erkin A’zam nasrining mehvarini tashkil etadi. Jumladan, hech kimga o‘xshamaydigan Ramazon obrazi, uning nutqidagi “Chantrimor-e” va “Kalamakatore” singari xitobini o‘qib, yuzingizga tabassum yuguradi. Ruhiyatingizda yengillik his etasiz. Ma’no-mazmuni noma’lum bu so‘zlar o‘zingiz sezmagan holda dilingizga olam-olam quvonch ulashadi. Qalbingiz yumshab, ruhingiz tozaradi.
Shuningdek, adibning “Shaytonchalar ko‘chasi”, “Kechirasiz, o‘rtoq muallim” qissalari mutolaasi jarayonida muallif bilan birga bolalikning sho‘x-shodon ko‘chalarini kezib chiqasiz. Bu chang-to‘zonli ko‘chalarda beg‘ubor bolalik saslarini eshitasiz. Velosiped, moped uchayotgan bolalar obrazi beixtiyor o‘sha baxtli bolalikning parchalari, manzaralari yanglig‘ aks sado beradi. Bu beg‘ubor lavhalar shirin xotiralarni uyg‘otadi, beixtiyor o‘zimizning bolaligimizni eslaymiz, asardagi voqealar, xarakterlarga uyg‘un hayotiy lavhalarni xotirlab, entikamiz. Albatta, bolalik har bir kishi hayotida insonlarning xarakteri, qismati singari individual, takrorlanmas kechadi.
Bolalik motivi Erkin A’zam nasriga lirik-romantik kayfiyat, uslub baxshida etgan. Yozuvchining “Muzqaymoq”, “Shahardan odam keldi” hikoyalaridagi shaharsevar, shaharparast bolalar obrazi muallifning bolalik orzularini o‘zida ifoda qilgan.
Erkin A’zam bolaligida qanday bola edi? Uning ruhiyati, dunyoqarashidagi ideallari adabiy qahramonlariga ko‘chganmi? Bu masalani aniqlashtirmoq uchun “Bolaligingizda qanday edingiz?" degan savol bilan ijodkorga murojaat qildik:
“O‘lgudek ta’sirchan, sirkasi suv ko‘tarmaydigan injiq, xayolparast bola bo‘lganman. Ishyoqmasroq edim, kitob o‘qishdan boshqasi ko‘zimga ko‘rinmasdi. Shoirona aytganda, xayol dunyosida yashardim. Tevarak-muhit menga zerikarli, to‘porinamo tuyular, ko‘ngilda unga nisbatan hali anglanmagan bir norozilik ham bor, nuqul kelajakdagi o‘zgacha hayot orzusi bilan yurar edim. Ana shu bezovta, bolalarcha sodda o‘y-xayollar, orzumandligu kitobxonliklar adabiyot sari boshlagandir...”
Yozuvchi bo‘lib yetishish uchun juda ulkan ijodiy, hayotiy evolyutsiya boshdan kechiriladi. Juda ko‘pchilik nosirlar bolaligida she’r mashq qiladi. Xo‘sh, bu jarayon Erkin A’zam hayotida qanday kechdi? Uning ilk bor qo‘liga qalam olib, yozgan asarlari haqida suhbatlashsak:
“To‘rtinchi sinflardami, “Haqiqat bor joyda tug‘ishganingni ham ayama!” degan hikoya yozganman, o‘zimcha. Sarlavhani qarang! Da’voni ko‘ring! Shunday o‘gitnamo maqol ham bor, bilasiz. (Endi o‘ylasam, ana shu gap keyinchalik hayotiy printsipimga aylanibdi. Qizig‘-a?) Sinfdoshlar o‘rtasidagi bir kelishmovchilik, rostgo‘yligu yolg‘on haqida edi. Bosh qahramon, ya’ni ijobiy personaj o‘zim, albatta. Hikoya devoriy gazetada chiqdi – muharrir ham o‘zim-da. So‘ngra uni hozirgi “Tong yulduzi” gazetasiga yubordim. Javob keldi: “Badiiy jihatdan bo‘sh...” Nazarimda esa, gazetada bosilib turgan narsalardan hech kamlik joyi yo‘q edi – o‘shalarni o‘qib, o‘shalarga o‘xshatib yozganman-da. Baribir, kelgan siyqa javob xatini ko‘zlarimga surtib, kerilib yurganlarim yodimda.
O‘n to‘rt yoshimda “Ismoil” degan qissa yozdim. Azza-bazza boblarga ajratib, ularga sarlavhachalar qo‘yib deng! O‘zim ko‘rmagan, bilmagan o‘tmish hayotidan. Bir yetimchaning taqdiri. “O‘qituvchi” romani va shunga o‘xshash o‘qiganlarim andozasida “ijod” qilingani ma’lum bo‘ldi. Lekin bo‘sh kelish yo‘q, hikoya ustiga hikoya bitilaverdi. Nihoyat, to‘qqizinchi sinfdaligimda “Inson” (!) degan “ta’sirli” novellam viloyat gazetasida bosilib chiqdiyu qahramonga aylanib ketdim! Uning syujetini do‘stim Usmon Azim aytib bergan, ijrosi kaminadan edi...”
Muallif 1977 yilda “Otoyining tug‘ilgan yili” qissasida o‘jar, haqiqatparast, adolatparvar Asqar Shodibekov obrazini mahorat bilan tasvirlaydi. 1980 yillarda E.A’zam “Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar”, “Navoiyni o‘qigan bolalar” singari qissa va hikoyalarini yaratdi. Yozuvchi “Javob” qissasida ironiyaning dialogizm, absurd kayfiyat, o‘z-o‘zini kinoya qilish (samoironiya), kesatiq, piching, o‘z-o‘zini tahlil qilish (samoanaliz) singari badiiy shartlilik usullaridan mahorat bilan foydalanadi. Qahramon hayotida sodir bo‘lgan mudhish voqea uning botiniy olamini ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi, natijada, muloyim, xushchaqchaq, hazilkash, kamsuqum Elchiev boshqacha odamga aylanib qoladi.
Qahramon o‘zi va atrofdagilarning hayotini, unga munosabatini taftish etib ko‘rar ekan, o‘zining qo‘rqoq, noshud, o‘rtamiyona, qumursqa singari qornini to‘ydirishdan boshqasini o‘ylamagan mayda odam ekanligini tushunib yetadi. Bularning bariga esa faqatgina o‘zi aybdor. Ironik asar muallifi mahoratli rejissyor, iqtidorli aktyor singari ironik o‘yinlarni uyushtirib beradi. Natijada, badiiy asarda voqealar qaytadan kodlashtiriladi. Qissada xuddi shunday holat kuzatiladi. Asarda kinoyaning ikki xil turi istifoda etilgan, birinchisi, muallif kinoyasi, ikkinchisi qahramon kinoyasidir.
Adibning “Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasi qahramoni Pakanaga qo‘yilgan laqab, kitobxonni asardagi kuchli ironiyadan xabardor etadi. Adib qahramonning tashqi kamchiligi, ya’ni bo‘yi pastligi, ustiga-ustak kalligini jiddiy nuqson sifatida bo‘rttirib ko‘rsatadi. Adib shu orqali, ya’ni inson jismidagi kamchilik tufayli ko‘ngli ozurda bo‘lgan, oxir-oqibat alamzadaga aylangan shaxsning tragikomik hayoti, hissiyotlarini badiiy tahlil etadi. Pakana tragikomik obraz bo‘lishi bilan bir vaqtda tragiironik xarakterga ham ega. Hayotda ko‘rimsiz tashqi qiyofa tufayli omadsizlik, ko‘ngilsizlik, alamzadalik, baxtsizlikka giriftor bo‘lgan Pakananing sarguzashtlari komik kayfiyat bilan hikoya etiladi. Pakananing tashqi nuqsonlari ko‘nglidagidek ayolga uylanish, ko‘nglidagidek ayol bilan hamsuhbat bo‘lishga izn bermaydi. Qissa uslubini quvnoq yumoristik ironiya bezagan.
E.A’zam “Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasida yumoristik ironiyadan foydalangan bo‘lsa, “Shoirning to‘yi”, “Chapaklar va chalpaklar”, “Guli-guli”da kinoyaning o‘tkir formasi – sarkazmni qo‘llagan.
E.A’zamning navbatdagi qissasi “Chapaklar va chalpaklar”da ham ironiyaning o‘tkir formasi – sarkazm istifoda etilgan.
Adib qator hikoya va qissalarida kinoyaning badiiy-g‘oyaviy jihatdan turfa ma’nolaridan mahorat bilan foydalanadi. Shunga asoslanib, biz yozuvchi o‘z uslubiga yaqin ironik uslubda ijod qiluvchi qaysi tengdoshlari va jahon adabiyoti vakillari asarlarini sevib mutolaa qilganiga qiziqdik:
“Uslubimga yaqinmi-yo‘qmi bilmadim-u, Aziz Nesin, Fozil Iskandar, Vasiliy Aksyonov, Grant Matevosyan, o‘zimizdan Murod Muhammad Do‘st ijodlari menga qiziq tuyuladi. Ulardan nimadir o‘rgangan bo‘lishim mumkindir, ammo birortasiga o‘xshamoqqa harakat qilmaganman. Qo‘ldan kelganicha, boriga baraka deb yuribmiz, kim bilsin”.
Erkin A’zam baravar ravishda san’atning uch turida ijod qilmoqda. Ya’ni badiiy adabiyot (nasr), kino, teatr san’ati. Adibning kinoqissalari asosida tasvirga olingan filmlar “Piyoda”, “Zabarjad”, “Parizod”, “Suv yoqalab”, “Erkak”, “Dilxiroj” va h.k. Shu bois biz adibga quyidagi savol bilan murojaat etishga jur’at etdik:
“Siz bir qancha kinoqissalar yaratgansiz. Kino san’ati bilan badiiy nasrdagi shartlilik tabiatan bir-biridan farqlansa kerak. Stsenarist sifatida, shuningdek, yozuvchilik tajribalaringiz asosida bu haqda nima deysiz? Kino san’ati, teatr san’ati, so‘z san’ati. Bu uch san’at turidagi badiiy shartlilik bir-biridan keskin tafovut qiladimi?”
“Siz aytayotgan har uchala san’at turining asosi, sarchashmasi bitta – Adabiyot, So‘z. Ifoda shakllari esa turlicha. Goho bir-biriga shu qadar qorishib ketadiki, tafovutli jihatlarini topolmay ham qolasiz. Chunonchi, dramatik qissa yoki muallif bayoniga (kadr ortidagi roviy) asoslangan kino asari. Vaholanki, kino, avvalo, tasvir va harakat negiziga quriladi, uzundan-uzoq dialog, izohu ko‘pso‘zlikni ko‘tarmaydi. Garchand ayni shunday filmlar ham bor, masalan, Eldar Ryazanovning “Garaj”, Nikita Mixalkovning “O‘n ikki kishi” kabi asarlari. Bularda tasvir va harakat o‘rnini aktyorning mahorati, jozibasi, uning og‘zidan chiqayotgan fikrlar shiddati, qolaversa, muhokama etilayotgan qaltis vaziyat dramasi tutib turadi. Voqean, shu toifa asarlar, ya’ni, asosan, gap-so‘zdan iborat filmlar bizning tomoshabinga xush keladi. Negaligi – boshqa masala. Har holda, shunisini ta’kidlash kerakki, ko‘pso‘zlik, cho‘ziq bayon, chaynab berishlar kino san’atida fazilat sanalmaydi, bular “harakatdagi tasvir” atalmish kinoning tabiatiga yot.
Biroq aynan shu jihatlar teatr san’ati uchun suv bilan havodek zarur. Chunki sahnada kechayotgan mojaro, asosan, qahramonlar og‘zidan chiqayotgan gap-so‘zlar orqali hal etiladi.
Voqelikni birmuncha lo‘ndaroq shaklda ifoda etsa-da, o‘rtadagi talaygina xosliklariga qaramay, kino san’ati tabiatan badiiy nasrga yaqin turadi, deyish mumkin. Teatr san’atida esa badiiy shartlilik masalasi mudom ustun maqomda kelgan. Loaqal, sahnaning mumtoz qoidasi hisoblanmish “makon – zamon – harakat birligi” zaruratini yodga oling.
U yog‘ini so‘rasangiz, bu mulohaza, bu cheklanishlarning o‘zi ham shartli gaplar. Negaki, zamonaviy sahnalarda kino unsurlari ham, badiiy nasrga xos uzundan-uzoq iqrornomalar (monospektakl deydilar buni) ham dadil tajriba qilinayotir. Lekin har nima deb atamang, bular baribir istisno ko‘rinishlardir. Garchi, hali aytganimizdek, ular asli bir “ota-ona”dan – Adabiyot bilan So‘zdan bino bo‘lsa ham!”
“Qahramonlaringizga ism tanlashda qanday badiiy-estetik printsiplarga amal qilasiz?” – deya yozuvchiga murojaat qildik:
“Personaj ko‘pincha o‘zining nomi bilan tug‘iladi. Keyin tahrir jarayonida goho o‘zgarishi ham mumkin. Muayyan bir badiiy maqsad, deylik, tipiklashtirish ehtiyoji paydo bo‘lganda aniq nomsiz ham kunini ko‘raveradi. “Pakananing oshiq ko‘ngli”, “Shoirning to‘yi”, “Yozuvchi”, “Aralashqo‘rg‘on” kabilarni eslang.
Bu ishning tayin bir printsipini bilmas ekanman, qarang. Yoki erinib, ilmiy asosda mushohada yuritishdan qochyapmanmikan?..”
Qaysi qahramoningiz o‘zingizning fe’lu tabiatingizga yaqin? Yoki hali unaqasini yaratmadingizmi?” – degan mazmundagi savolimizga yozuvchi shunday javob berdi:
“Siz yozganingizdan keyin, siz to‘qiganingizdan keyin o‘zingizdan ham nimalardir yuqishi tabiiy-da. Shuncha gapni osmondan olmaysiz-ku, to‘g‘rimi? Muallifning o‘zi ko‘rgan-bilganlari, boshdan kechirganlari, ko‘nglida yurgan o‘y-fikrlar ham yozishga o‘ng‘ay, ham ishonarli chiqadi. Boringki, kimnidir takrorlab qo‘ymoq xavfidan nari bo‘lasiz.
“Otoyi”dan ham, “Anoyi”dan ham, “Guli-guli”yu “Shovqin”dan ham topasiz meni. Biroq aynan emas. Yozuvchi faqat o‘zining shaxsiyati, o‘zining kechmish va kechinmalari tevaragida o‘ralashib qololmaydi – buni bilasiz, albatta”.
Shubhasiz, adib ijodida “Shovqin” romani juda katta bahsu munozaralarga sabab bo‘ldi. Yozuvchi mazkur asarni kechmishnoma xarakterga ega, deydi. Biz romanning yaratilish tarixi bilan qiziqdik:
“Bu kitob to‘g‘risida matbuotda “kinochilar haqida, shularning hayotini fosh qilgan” kabi mulohazalar bildirildi. Qo‘shilolmayman. U siz bilan biz haqimizda, kechagi kunimiz haqida. Kinochilar hayoti bunda bir vosita, xolos. Qoni, nasl-nasabi, e’tiqodi, tiliyu urf-odatlari boshqa-boshqa bo‘lgan el-elatlarni “yagona sovet xalqi” atalmish quyushqonga tiqish yo‘lidagi urinishlar, zo‘ravonliklar yodingizdadir? Shuning oqibatida kelib chiqqan birda kulgili, birda ayanchli, pirovardida esa umummilliy fojia tusini olgan ajabtovur voqelik-chi? Bu tabiatan g‘ayriinsoniy, g‘ayrimilliy siyosiy tajriba negizidagi ziddiyatlar o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari arafasida junbush nuqtasiga ko‘tarilgani ma’lum. Xo‘sh, adabiyotimizda ana shu jarayon, ana shu kirdikorlarni aks ettirgan asar ko‘pmi? U yog‘ini so‘rasangiz, kamina aql bovar qilmas bir manzara – shovvoz Rustning samolyotchasi Qizil maydonga kelib qo‘nganiga shaxsan shohid bo‘lganman, GKChP isyonini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman – o‘sha kunlari Moskovda edim, qarang! Taqdir taqozosi bilan bunday tarixiy voqealarga guvoh bo‘lib qolgan, ongli umri o‘sha zamon masxarabozchiliklari muhitida kechgan, qo‘lida qalami bor odam indamay ketaverishi mumkinmidi?! “Shovqin”da ana shu qaltis burilishlar, odamzod taqdiri va tiynatidagi tovlanishlar to‘g‘risida baqadri imkon hikoya qilmoqqa uringanman. Biron bir toifani, deylik, kino olamini, uning namoyandalarini “fosh etish” niyati bo‘lmagan, aslo. Ko‘ngildagi maqsad-muddaoni amalga oshirishda bular – yorqinroq misol sifatida – anchayin bir bahona edi, xolos. Lekin umumiy tasvirda insonning insonligi, tabiiy qusur va ojizliklardan xoli emasligini nazardan qochirmaslikka chandon rioya qilganim bor gap.
“Shovqin” tayin ifoda shakli topilmay, ko‘p yil ko‘ngilda yurdi. Yaxshi chiqdimi, yomonmi, harqalay yozildi. Tez yozildi”.
Erkin A’zam Frantsiya, Rossiya, Eron, Shimoliy Quriya kabi turli mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo‘lgan. Zero, ijodkor uchun turli millatlar va elatlar hayotini ko‘rish-kuzatish juda muhim sanaladi. Biz Erkin akaga quyidagi savol bilan murojaat etdik: “Qaysi mamlakat qay jihati bilan sizga ma’qul bo‘lgan? Xorijiy safarlarda yurganingizda vatan sog‘inchi qiynaydimi? O‘zbekiston, o‘zbek xalqi siz uchun nimasi bilan qadrli? Asarlaringizdan sezaman-da, siz juda millatparvar odamsiz. Xalqimizni sevasiz. Uning soddaligini, oddiyligini, kamsuqumligini...”
“Menga, ayniqsa, qattiq ta’sir qilgan mamlakatlardan boshlasam bo‘ladimi? Eron bilan Shimoliy Quriya. Eron qandaydir qadimiy ruhi va bizning ko‘zimiz o‘rganmagan manzaralari bilan diqqatimni tortgan. “Tehronda qo‘rquv yo‘q” degan esse ham yozganman. Shimoliy Quriyaga kelsak... “Chapaklar va chalpaklar”ni o‘qigansiz. Boshqa nimayam deyin? O‘sha o‘n kunlik safar haqida shunday hajmdagi tag‘in bir kitob yozish mumkin... Xudo u yerga qaytib borgulik qilmasin!
Boshqa mamlakatlarning esa manzur, o‘rgansa arziydigan jihatlari kam emas. Ammo qaerga bormayin, bir haftadayoq darrov Toshkentga qaytgim kelaveradi. Sog‘inch deymizmi buni, til-zabonsiz gangish kasrimi, bilmadim. Ha-a, topdim – harchand erkin mamlakat bo‘lmasin, bemalol, yallo qilib yurolmaysiz, negaki o‘zingizniki emas, begona!
Yaxshidir-yomondir, men ham shu xalqning bir vakiliman. Uning siz tilga olgan fazilatlaridan qanchalik faxrlansam, kamchiliklariga shunchalik kuyinaman. O‘zimning kamchiliklarim, o‘zimning qusurlarim-da!”
Asarlaringizdagi g‘alati xarakterli odamlar obrazi diqqatni tortadi. Masalan; Asqar Shodibekov – o‘lgudek o‘jar odam; Zabarjad – qaysar, aqlli, ilmli qiz; Safura – yasama kiborlardan farqli ravishda hayotdan, muhabbatdan o‘zicha ma’no izlayotgan ayol; Ramazon – sodda, jaydari xarakter; Bolta Mardon – davri o‘tgan odam; Berdiboy – bu ham o‘ta o‘jar, uning qarashlari bilan jamiyatdagi qarashlar mos kelmaydi, teskari odam obrazi. Sanayversak, ular ko‘p... Shular orasidan shaxsanmeni Ramazon (“Anoyining jaydari olmasi”) obrazi hayajonga soladi. Shu obrazning hayotiy prototipi bilan qiziqayotgan edik:
“Bor. Yuribdi. Hikoyaga prototip bo‘lganini o‘zi ham biladi. G‘ururlanadi. Kinosida o‘zim o‘ynashim kerak edi-da, deb qo‘yadi ba’zan taassuf bilan. Bu ish qo‘lidan kelmasligi bilan esa ishi yo‘q. Bir hisobda uniki ham to‘g‘ri-da: hikoyaga azza-bazza qahramon bo‘lolgan odam, nima, rolini o‘zi eplayolmaydimi?!
Shu hikoya sabab o‘zimcha bir xulosa qilganman. Insonning yaxshi tomonlarini, fazilatlarini ko‘rsatib bersangiz ko‘p olqish olar ekansiz. Lekin adabiyotning vazifasi nuqul fazilatlarni ulug‘lash bo‘lmay, hayotni butun murakkabligi bilan, demakki, uning qorong‘i jihatlarini ham bor-boricha tasvirlamoqdan iborat-da. Inson zoti mudom ezgu fazilatlar jamuljami bo‘lsa, koshki edi...”
Erkin A’zam stsenariylari asosida ishlangan o‘zbek filmlari shu kecha-kunduzda dunyo bo‘ylab kezmoqda. Bu yil adib stsenariysi asosida suratga olingan “Parizod” filmining taqdimot marosimi go‘zal Parij shahrida o‘tkazildi.
Adibning bir qancha hikoya va qissalari rus, ingliz, qozoq, tojik, ukrain, belarus, chex tillariga tarjima qilingan. Endilikda E.A’zamning eng sara asarlari frantsuz, turk tillariga tarjima qilinish arafasida turibdi.
Stsenariylaringiz asosida ekran yuzini ko‘rgan qaysi filmlar qanday xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan, degan savolimizga suhbatdoshimiz kamtarona javob berdilar:
“Asosiy mashg‘ulotim – adabiyotda emas, kelib-kelib boshqa soha hisoblangan kinoda omadim chopganiga nima deysiz! “Dilxiroj”, “Erkak”, “Zabarjad”, “Suv yoqalab”, “Parizod” filmlari ko‘plab xalqaro kinoanjumanlarda qatnashib, qo‘sha-qo‘sha sovrinlarga ega bo‘lgan. Birma-bir sanab ro‘yxat qilay desam, maqtanganga o‘xshab qolaman. Sizning savollaringizga javob beraman deb shuncha maqtanganim o‘zi yetar, qo‘ying!”
Hurmatli adibimizga sog‘lik-salomatlik, yangi ijodiy ishlariga barakalar tilab qolamiz! Mazmunli, samimiy suhbatingiz uchun chin dildan minnatdorchilik izhor etamiz.
Marhabo Qo‘chqorova
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 1-son