Erkin Vohidov nomi O‘zbekistonda kattayu kichikka yaxshi tanish. She’riyatimizning bayroqdorlaridan biri, respublika Bolalar fondi pravleniesining raisi, «Yoshlik»jurnalining tahrir hay’ati a’zosi, jahongashta ijodkor... Yaqindagina Amerika safaridan qaytib kelganligini eshitgan edim. Redaktsiya topshirig‘i bilan Erkin akaning Huvaydo ko‘chasidagi mo‘‘jazgina va orasta hovlisiga oshiqdim. Eshikni xonadon sohibining o‘zi ochdi. Ranglari bir oz siniqqan, ammo o‘sha tiyran nigoh, mayin sharqona lutf...
— Safardan qaytib to‘g‘ri kasalxonaga tushdim, — deydi xiyol tabassum bilan Erkin aka mening ajablanganligimni sezib, — o‘t pufagini toshlari bilan oldirishga to‘g‘ri keldi. Bu dard meni bir necha yildan beri qiynab kelardi. Amerika safari chog‘ida ham tekshirtirib ko‘rdim. Ular ham shu kasallikni tasdiqlab, tezda operatsiya qilish lozimligini aytishdi. Amerikalik o‘zbeklar o‘sha yerda operatsiya qildirishni, barcha xarajatlarni o‘zlari ko‘tarishlarini, bir haftada sog‘ayib chiqishimni aytishsa ham ko‘nmadim. Hamma tomonini o‘ylarkan kishi. Har qalay, o‘z uyim, o‘lan-to‘shagim degan gaplar bor.
Ko‘krak xirurgiyasi instituti shifokorlari meni bu darddan xalos etishdi.
— Amerika — «sehrli diyor», kapitalistik dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri, bir necha asrlik demokratik an’analarga ega. Siz bu mamlakat bilan ikkinchi bor tanishdingiz. O‘tgan vaqt mobaynida qanday o‘zgarishlar ro‘y berganligini sezdingiz? Mamlakatimizdagi qayta qurish jarayoni u yerda qanday baholanyapti?
— Bu safar Amerikaga «Toshkent darvozalari» hujjatli filmini suratga olish uchun borgan edik. Shahrimiz, respublikamizning xalqaro aloqalari haqida hikoya qiluvchi film stsenariysini men yozgan edim. Uning yaratuvchilari — rejissyor Xayrulla Jo‘raev, operator Qahramon Hasanovlar bilan birga bordik. 2 fevraldan 2 martgacha Sietl, Vashington, Nyu-York shaharlari bilan tanishdik. Hamma joyda suratga olish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdi. Amerikalik o‘zbeklar qo‘llaridan kelgan yordamlarini ayamadilar.
Amerika chindan qam jozibali mamlakat. U o‘zining boyligi va erkin bozori bilan jahondagi millionlab kishilarni jalb etadi. Magazinlar peshtaxtalarida deyarli butun dunyodan borgan mollarni ko‘rasiz. Bu borada hech qanaqa cheklash yo‘q. Odamlar ham istagan joyiga boradi, yashaydi, o‘zaro muloqotda bo‘ladi. Nazarimda, ana shu erkin aloqalar va raqobat yuksak taraqqiyot vositasi bo‘lgan. Ochig‘ini aytganda, o‘rtacha amerikalikning turmush darajasi bizdagi shunday kishilar darajasidan bir necha baravar yuqori. Masalan, u oylik maoshiga yengil avtomashina yoki o‘nlab magnitofon sotib olishi mumkin. Kiyimlar ham nisbatan arzon. Ammo uy-joy, meditsina xizmati qimmat. Texnikaning eng yangi yutuqlari har bir xonadonga kirib borgan. Simsiz va xotirali telefonlar, mikroto‘lqinli o‘choqlar, videomagnitofon, kompyuter... Nyu-Yorkdan telefon orqali Toshkent bilan gaplashish uchun bir necha daqiqa kifoya qildi. Uydagilar eshitib hayron qolishdi: nihoyatda aniq, xuddi qo‘shni xonadan gaplashayotgandek. Meditsina darajasi ham nihoyatda yuksak.
Amerikaliklarda ishbilarmonlik, egalik tuyg‘usi nihoyatda kuchli. Ular biror daqiqalarini bekorga ketkazmaydilar. Usha yerda yashayotgan o‘zbeklarga ham bu tuyg‘u o‘tgan. Chunki yalqovlik yoki beparvolik bilan ichki raqobatga dosh berish mumkin emas. Har bir korxona, shirkat, do‘kon o‘z mahsulotini sifatliroq, arzonroq qilishga, xizmat madaniyatini yuksaltirishga intiladi. Chunki xaridor qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Do‘konga kirgan biror odam e’tibordan chetda qolmaydi. Sietl shahrida bir kitob do‘koniga kirdik. Sotuvchi qiz nimanidir yozib o‘tirgan ekan. Sheriklar bilan kirib borganimizda u ishini tezda tugatib, yonimizga keldi va uzr so‘rab, qanday kitob zarurligini surishtirdi. Ancha izlab bu kitobni topolmadi. Shunda u telefon nomerini qoldirishni, topganidan so‘ng o‘zi xabar berishini aytdi. Bunday muomalani, e’tiborni har qadamda uchratasiz.
Bu mamlakatda ko‘rganlarimni xayolan o‘zimizning voqelik bilan solishtiraman. Barcha illat xo‘jasizlikda ekanligini payqayman. Yetishtirgan g‘allamizning 30 foyizi yo‘lda yo‘qolar ekan. Biz shuncha donni AQSh va Kanadadan sotib olamiz. Kemalarimiz bir necha ming kilometrni bo‘sh bosib o‘tib, g‘alla olib ketishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Chunki bu yerda deyarli hech narsamizni sotib olishmaydi. Mahsulotlarimizning sifati nihoyatda past. Biz ish uchun amerikacha jonkuyarlikni, ichki intizomni o‘rganishimiz kerak. «Hamma narsa inson uchun» degan shiorni ogizda emas, amalda joriy etishga intilishimiz zarur.
Amerikaliklarning Sovet Ittifoqiga, sovet kishilariga munosabati tubdan o‘zgarib boryapti. Ulardagi adovat va gumon tuyg‘usi do‘stlik, ishonch, samimiyat bilan almashmoqda. Bunga ko‘p jihatdan mamlakatimizdagi qayta qurish va oshkoralik jarayoni sabab bo‘lyapti. M. S. Gorbachev nomi bu yerda nihoyatda mashhur. Qo‘limga «Taym» jurnalining o‘tgan yilgi soni tushib qoldi. Unda sovet rahbari yilning eng yaxshi davlat arbobi deb e’tirof etilganligi yozilgan. Ayni paytda uning bolalikdagi va oilaviy suratlari chop etilgan. Chunki amerikaliklar davlat arbobiga ham inson deb qaraydilar, uning oilasi, qurshagan muhiti, fe’l-atvori, qatto qanday ichimlikni va taomni xush ko‘rishigacha bilishga qiziqadilar. Bu bejiz emas. Axir xalq saylagan rahbarlar oqibatda mamlakat taqdirini hal qiladilar, bu ishda esa ular tabiatidagi eng nozik ikir-chikirlar ham ahamiyatlidir.
— Erkin aka, amerikalik o‘zbeklar haqida gapirdingiz. Yaqin-yaqingacha biz ularni sotqinlar, vatangadolar deb atardik. Aslida ular kimlar? Okean ortiga qanday borib qolishgan?
— Amerikalik o‘zbeklar to‘g‘risida batafsil hikoya qiladigan bo‘lsam bir necha kitoblik roman bo‘ladi. Negaki, so‘nggi ellik-oltmish yil mobaynida qismat quyuni turli el-elatlar aro tuz-nasibasini sochgan va niqoyat olis ummon ortini makon etgan yetti-sakkiz yuz oilaning har biri o‘z murakkab shajarasiga, tarixiga ega. Ularning juda ko‘plari Afg‘onistonda, Turkiyada, Saud Arabistonida va boshqa mamlakatlarda tug‘ilib o‘sganlar. Ona yurt O‘zbekistonni faqat suratlarda, kinolarda ko‘rganlar, u haqda gazeta va kitoblardan o‘qib, vatandan borgan kishilarning suhbatlarini eshitib bilganlar. Shuning uchun ham Nyu-York hamda Vashingtonda kechgan ikki haftamizning biror kuni va biror soatida biz yolg‘iz qolmadik. Kunduzgi ishlarimiz vatandoshlar hamrohligida, oqshomgi dam olishlarimiz turli oilalarda, ko‘pchilik yig‘ilgan mehmondorchiliklarda o‘tdi. Biz olib borgan sovg‘alarning eng tabarrugi O‘zbekiston manzaralari, o‘zbek san’atkorlari suratga olingan kinofilmlar bo‘ldi, magnit lentasiga yozilgan she’rlar va qo‘shiqlar bo‘ldi.
Suhbatlarda men shunga amin bo‘ldimki, xorijda yashayotgan qar bir o‘zbekning qonida o‘z vatani mehri jo‘sh urib turibdi. O‘zbekistonlik yigit-qizlar meni kechirsinlar, — biz gohi yurtimizda yashab turib uning qadrini bilmaymiz, — men ko‘rib suhbatlashgan vatandoshlarning O‘zbekistonga muhabbati bizlarnikidan o‘n chandon ortiq desam lof bo‘lmas. Odatda kindik qoni to‘kilgan joyni Vatan deydilar. Lekin Suriyada tug‘ilgan, yo Marokashda dunyoga kelgan, yo Istambulda ko‘z ochgan o‘zbek uchun baribir Vatan — bu O‘zbekistondir.
Amerikalik o‘zbeklarning ko‘pchiligi yigirmanchi, o‘ttizinchi yillarda o‘ng-tersiga qaramay quloq qilish, zo‘rlik bilan kollektivlashtirish zamonida jon saqlab Afg‘oniston yoki Sharqiy Turkistonga ketib qolgan yurtdoshlarimizning farzandlari yoki nabiralaridir.
Bugun biz tariximizning o‘sha chigal tugunlarini yozib o‘rganar ekanmiz, stalincha qattol siyosatni qoralaymiz va binobarin o‘sha paytda vatanni tark etganlar begunoh jabrdiydalar bo‘lib chiqadilar. Axir vatandan qochib ulgurmaganlar keyincha «yot unsurlar» sifatida surgun qilindilar, otildilar, qolganlari o‘ttiz yettinchi yili «trotskiychilar», «buxarinchilar», «xalq dushmanlari» tamg‘asi bilan yo‘q qilindilar. Nyu-Yorkda to‘qson sakkiz yoshli mo‘ysafid, asli marg‘ilonlik odam yashaydi. O‘ttiz sakkiz karra hoji bo‘lgan bu qariyani bilgan keksalar «bu odam eng kamida 120 ga kirgan, yoshini yashiradi» deydilar. Bu gapda jon borga o‘xshaydi. U kishi Nikolay podsho zamonida qo‘ychi boy bo‘lgan. U qo‘ychibonlari bilan Olatov osha Xitoyga qo‘y haydab borgan, yo‘l-yo‘lakay semirtirib Qashqar bozorida pullagan va Xitoydan mato hamda buyumlar olib qayttan. «Yo‘ldosh Oxunboboev Marg‘ilonda mening qo‘limda batrak bo‘lgan» deydi. «Qaysi yillarda?» deb so‘rayman. «Esimda yo‘q, vallohi a’lam 1914 yilmikin, 1915 yilmikin...» deb yerga qarab tasbih o‘girib o‘tiradi... Ichimda hisoblayman: Yo‘ldosh ota tirik bo‘lsa, 104 ga kirgan bo‘lardi. Demak, bu odam darhaqiqat 120 ga borgan bo‘lsa ajab emas. Lekin ko‘rinishiga qarab nari borsa 70—75 yoshlarda deyish mumkin. Soch, mo‘ylovlar qop-qora (bo‘yatgan bo‘lishi mumkin). O‘zi serharakat, xotirasi butun, besh vaqt namozni kanda qilmaydi. Lekin o‘ta mutaassib emas, jindek-jindek «no‘sh etib» ham turadilar. Umrining ko‘p qismi Turkiyada o‘tgan. Shuning uchun so‘zlashuv tilida turk so‘zlari ko‘p uchraydi. O‘zbekistondan 1923 yilda Qashqarga ketgan va ko‘p Sharq mamlakatlarida yashab, oxiri Istambulda muqim bo‘lgan. Amerikaga o‘n-o‘n ikki yillar chamasi muqaddam ko‘chib kelgan.
Yana bir taqdir. Vashingtonda Abdulla Chig‘atoy ismli oltmish uch yoshli kishi yashaydi. Sizlar u kishining tovushini « Amerika ovozi» radiostantsiyasi orqali eshitgansiz. Aslida Toshkentning Chig‘atoy mahallasidan. Uch yoshlik chog‘ida oilasi bilan Afg‘onistonga ko‘chib ketishgan. Bolalik yillari u yerda, o‘smirlik, yigitlik davri Turkiyada kechgan. Turk qiziga uylanib, farzandlik bo‘lganlar. Qizlarining ismi O‘znur (O‘zbek nuri). Yigirma yildan buyon Amerikada istiqomat qiladilar. O‘tgan yili Amerika informatika ko‘rgazmasi ishtirokchilari qatorida Toshkentga kelib, qarindoshlari bilan topishdilar.
Amerikaning tijorat sohiblaridan bo‘lgan Abdulrauf Maqsudiyning, Kamol Boboqurbonning, Akbarxo‘ja ota va uning farzandi Abdulla Xo‘janing va boshqa men hamsuhbat bo‘lgan o‘nlab o‘zbeklarning bir-biriga o‘xshamaydigan, har biri alohida qissa bo‘ladigan taqdirlari bor.
Amerikalik o‘zbeklarning keksayu yoshi ona tilimizni, urf-odatlarimizni saqlab qolishgan. Oilada albatta o‘zbek tilida gaplashish yozilmagan qonun hisoblanadi. Shuning uchun xorijda tug‘ilgan uchinchi, to‘rtinchi avlod vakillari ham o‘zbek tilida ravon gaplashaoladilar. Men Akbarxo‘ja otaning nabiralari — besh yoshli Sofiya va uch yoshli Bobur bilan so‘zlashdim. Ularning tili o‘zbekcha chiqqanidan quvondim.
Olis qit’ada yashayotgan vatandoshlarimiz beistisno faqat yurtdoshlar bilan qiz olib, qiz beradilar. Agar Amerikada munosib juft topilmasa, Afg‘oniston, Turkiya, Arabistondan qiz qidiradilar. Shuning uchun ham ular naslni saqlab qolganlar. Albatta bu ko‘pgina murakkab muammolarni keltirib chiqaradi. O‘n besh-yigirma ming chaqirimdan qiz olish yo qiz berishning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin hayotiy zarurat, qonga singgan tuyg‘u shunga majbur qiladi. «Qani, — deyman ko‘nglimda — Sovet Ittifoqi va Amerika o‘rtasida darvozalar kengroq ochilsa-yu, bordi-keldimiz ko‘payib, yurtdoshlar o‘rtasida qudachilik ham boshlanib ketsa...»
— Juda dolzarb masalani tilga oldingiz. Jahondagi taraqqiy qilgan mamlakatlarda, shu jumladan, Ovro‘podagi sotsialistik mamlakatlarda ham o‘zaro aloqalar hech bir to‘siqsiz amalga oshiriladi. Ya’ni chet elga chiqmoqchi bo‘lgan odam xorijiy pasportiga muhr bosdirib, istagancha pulini almashtirib o‘tib ketaveradi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida va 1973 yilda Sovet Ittifoqi tomonidan tasdiqlangan grajdan va siyosiy huquqlari haqidagi Xalqaro bitimda kishilarning erkin safar qilish hamda istiqomatgoh tanlash huquqi qayd etilgan. Ammo bizda shunday bir tasavvur borki, go‘yo chegaralarni ochsak, ko‘pchilik chet elga qochib ketadi, deb o‘ylaymiz.
— Mutlaqo asossiz shubha. Qolaversa, ketadigan odamning ketgani yaxshi. Ko‘ngli ko‘chgan odam yolchitib ishlamaydi. Bizga o‘z vatani, xalqiga sadoqatli, o‘zga jannatni emas, balki o‘z yurtida jannat bo‘lishini istagan, shu ezgu maqsad uchun kurashga hozir fidoyilar kerak. Shundagina qayta qurish rejalari tezroq amalga oshadi. Bugungi kunda mamlakatlararo erkin aloqalarni yo‘lga qo‘ymasdan taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Og‘zi berk idishda hatto suv ham buziladi. Nazarimda, stalinizm davrida va turg‘unlik yillarida miyamizga qoqilgan zanglagan mixdan qutulolganimiz yo‘q. U doimo harakatlarimizni chegaralab turadi. O‘zimiz ham, ayrim rahbarlarimiz ham tramvayga o‘xshab qolganmiz — belgilangan izdan chiqolmaymiz, faqat ma’lum yo‘ldan oldinga — orqaga yuraveramiz. Vaholanki, V. I. Lenin marksizm-leninizmni qotib qolgan ta’limotga aylantirib qo‘ymaslikni, u harakat uchun qo‘llanma ekanligini alohida ta’kidlagan edi. Bugungi voqelikni, xalqaro iqlim yumshaganligini, o‘zaro dushmanlik tuyg‘usi yo‘qolib borayotganligini hisobga olmaslik mumkin emas. Turli mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi aloqalarning kengayishi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, demakki, yer yuzida tinchlikni ta’minlashga xizmat qilishi o‘z-o‘zidan ravshan.
Afsuski, bizda chet elga chiquvchilar uchun birtalay sun’iy to‘siqlar mavjud. Hujjat rasmiylashtirishning o‘zi oylab vaqtingizni oladi. Bir necha nusxadagi anketa savollarini o‘qib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Kitob yozib charchamagan qo‘lim anketalar yozib charchaydi. «Millatingiz nima?»! Xo‘sh, millatimning chet elga borish-bormasligimga nima aloqasi bor? Moldavan bo‘lsam nimayu gurji yoki nenets bo‘lsam nima? «O‘zingiz yoki qarindoshlaringiz asirlikda bo‘lmaganmi?» Axir urush tugaganiga 45 yil bo‘lyapti, asirlik haqida qanday gap bo‘lishi mumkin va uning chet el safariga nima aloqasi bor? «Chet elda qarindoshlaringiz bormi?» Xudo xayringni bergur, qarindoshim bilan nima ishing bor, bo‘lsa nima qilipti? Mening 40 yil ilgari o‘lib ketgan otam va onam qaerda, qachon tug‘ilganligi, nima ish bilan shug‘ullanganligi kimga, nima uchun kerak? Yoki besh yashar qizimning qaysi bog‘chada ta’lim olayotganligi «tegishli organlar» uchun shunchalar zarurmi? 18 nusxadagi suratim qaysi rahbarning albomi uchun kerak? Xullas, bularning hammasi insonni tahqirlaydi, uning bebaho vaqtini o‘g‘irlaydi.
Yaqivda matbuotda o‘qib qoldim. 1925 yilgacha xorijga chiqish yo‘llari ochiq bo‘lgan ekan. O‘sha paytda boshqa mamlakatlarga borib o‘qish, tijorat ishlarini amalga oshirish yoki sayohat qilish oddiy ish bo‘lgan. Darvoqe, hozirgi amerikalik o‘zbeklarning ota-bobolari, asosan, o‘sha yillarda xorijga ketganlar. Ammo keyinchalik mamlakat atrofida «temir to‘siqlar» yaratishga kirishilgan. Tashqi dunyodan butunlay ajralib, qancha narsa yo‘qotganligimizni endi sezyapmiz.
Suriyada bo‘lgan bir voqea yodimga keladi. Bu mamlakatdagi maroqli safarim nihoyasiga yetgach, qalamkash do‘stlar bilan xayrlashuv oqshomida menga so‘z berib qolishdi. To‘satdan miyamga anketaning kulgili savollari kelib qolsa bo‘ladimi? «Safarga kelish chog‘ida, — deb gap boshladim men, — anketa to‘lgazgandim. Undagi «Chet elda qarindoshlaringiz bormi?», «Asirlikda bo‘lganmisiz?» degan savollarga «yo‘q» deb javob bergan edim. Endigi safar bu savollarga «ha» deb javob beraman. Chunki sizdek samimiy do‘st va qarindoshlar orttirdim. She’riyatingiz, jozibali san’atingiz esa meni asir etdi». Garchi nutqim qarsaklar bilan kutib olingan bo‘lsada, rasmiy hamrohlarimdan tanbeh eshitdim. Go‘yo mamlakatimizning ichki sirini fosh qilgan emishman.
Mamlakatimizdan chet ellarga boradigan odamlarning moddiy ahvoli ham nihoyatda nochor. Ular amalda sariq chaqa bilan chiqariladi. Birovni mehmon qilolmaydi, tuzukroq narsa ololmaydi. Axir yetarlicha pul almashtirib berilsa, ular birdaniga kapitalistga aylanib qolmaydi-ku! Aksincha, mamlakatimizning obro‘yi ko‘tariladi. Hozir esa chet elga borgan turistlarimiz arzon tamaddi tayyorlaydigan «Makdonald» oshxonalariyu narxi tushirilgan, o‘tmas matolar sotiladigan «Keymark» magazinlarini qidiradilar. Safarda aytilgan hazil badihalardan biri:
Qurtga o‘n kunlik daha,tut barg bering,Bizga «Makdonald» bilan «Keymark» bering.Qayta qurish tufayli xalqaro aloqalarimiz tobora kengaymoqda. Yuqorida tilga olingan kamchiliklar ham tez orada tugatilishiga umid qilamiz.
— Yana amerikalik o‘zbeklarga qaytsak. Ularning yurtimiz bilan aloqasi uzilib qolmasligi uchun nimalar qilishimiz zarur, deb o‘ylaysiz?
— O‘zbeklar Amerikada ummondagi bir qatraga o‘xshaydi. Birgina Nyu-Yorkda aholi kechasi 8 million, kunduzi 14 million bo‘lar ekan. Chunki ko‘pchilik odam shaharga atrofdan qatnab ishlar ekan. Ana shu ulkan dengizda yetti-sakkiz yuz oila o‘zbek nima degan gap? Shunday sharoitda ham ular o‘z tili, urf-odatlarini yo‘qotmaganiga tasanno aytmay ilojingiz yo‘q. Albatta ular lahjasida ingliz, turk, afg‘on tillarining ta’siri seziladi. O‘zbeklarning keyingi avlodlari urf-odatlardan uzoqlashib qolishi mumkin. Shu sababli o‘zaro aloqalarni zudlik bilan kengaytirish zarur. «Vatan» jamiyati, chet mamlakatlar bilan madaniy aloqa bog‘lash O‘zbekiston jamiyati, qolaversa, «Yoshlik» jurnali bu ishga bosh qo‘shishlari kerak. Amerikalik o‘zbeklarning ona yurtga kelib ketishlariga imkon yaratish, ularning farzandlarini maktablar, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga taklif etishimiz lozim. Bu fikrni vatandoshlar ham qo‘llab-quvvatladilar. O‘sha yerlik o‘zbeklardan Kamol Boboqurbonning o‘g‘li 18 yoshli O‘rxun bilan o‘zbek tilida gaplashdim. U O‘zbekistonga kelib o‘qish niyati borligini aytdi. Men uni va otasini ishontirib aytdimki, agarda u Toshkentga kelib o‘qiydigan bo‘lsa, mening uyimda, farzandlarim qatorida yashab turib o‘qishi mumkin. Hozir esa arab va lotin alifbosida o‘zbek tili darsliklarini chop etib, ularga jo‘natsak, ayni muddao bo‘lardi.
Nihoyat, biz ularga dushmanlik ko‘zi bilan qarashdan voz kechishimiz kerak. Amerikadagi suhbatlar paytida o‘sha yerlik o‘zbeklardan biri yaqinda Toshkentda bo‘lganligini, ammo Marg‘ilonga qarindoshlarini ko‘rishga qo‘yishmaganini afsuslanib gapirdi. Bir necha o‘n ming kilometrlik masofani bosib o‘tgan, ona tuproq sog‘inchidan ozurda jon iztiroblarini his qilaylik, axir!
— Erkin aka, safar taassurotlari, vatandan olisdagi hamyurtlar bilan muloqotlar yangi aearlarga turtki bergan bo‘lsa kerak. Kanadaga safaringiz yakunida bitilgan «Kanada turkumi»dagi she’rlaringiz hamon yodimizda. Yangi turkumni qachon o‘qiymiz?
— Chindan ham hozir Amerika haqidagi she’rlar ustida ish olib boryapman. U bitganidan keyin «Yoshlik» muxlislari e’tiboriga havola qilish niyatim bor.
Nyu-Nork shahrida biz bir o‘zbek xonadonida mehmon bo‘lib o‘ltirganimizda gapdan gap chiqib mana shu ulkan shaharning o‘rtasida o‘zbek hunarmandligi ashyolari sotiladigan bir do‘kon ochilsa, degan fikr o‘rtaga tushib qoldi. Kimdir turkmanning gilami ham bo‘lsa, dedi, birov qirg‘izning oq qalpog‘ini eslatdi. Shunday qilib, bu do‘konning nomini «Turkiston bozori» deb atash ko‘pchilikka maqbul bo‘ldi. Yaqinda Nyu-Yorkdan maktub oldim. O‘sha davrada qatnashgan shoir Uchqun Ergash menga salomnoma bilan «Turkiston bozori» degan she’r yozib yuboribdi. Men unga javoban quyidagi muxammasni yozib jo‘natdim.
Turkiston bozori Bir do‘kon qurmoq kerakkim,Maqsadi sotmoq emas,Ikki oyda boy bo‘lay debElni aldatmoq emas.Ergash Uchqun, Amerikalik o‘zbek shoiri Bir bozor orzu qilurmiz,Nomi «Turkiston» bo‘lur,Mashriqu Mag‘rib elidaShuhrati doston bo‘lur,Ul bozor ichra bariAhli jahon mehmon bo‘lur,Bunda o‘zbek, turkmanuQirg‘iz, qozoq mezbon bo‘lur,Bir tomosho qilgan odamLol bo‘lur, hayron bo‘lur. Ul Brodvey ko‘chasida,Yo Bruklen yonida,Shu’basi London, ParijningMarkaziy maydonida,Gar nasib etsa kezarmizDehli Turkistonida,Tol tagi choyxona-yuChoyxona dasturxonidaBobur orzu aylaganQovun va shirmoy non bo‘lur. Ne bo‘lur peshtaxtalarda?Shohi, atlas, beqasam,Chust pichoq bergay, Buxoro —Atlasu, turkman — gilam,Oq momiq qirg‘izcha qalpoq,Tojikiy zar do‘ppi ham,Jun chopon oqmullacha,Jon rohati, silliq, shinam,Barcha tillarda NavoiyShe’ridan devon bo‘lur. Kelsa kim hinddir, xitoydirYaxshi niyatlar bilan,Bir piyola choy tutarmizXush nazokatlar bilan,Bir-birovga boqmas ellarKin, adovatlar bilan,Bor masalkim, ham ziyorat,Ham tijoratlar bilanInshoolloh bormog‘uKelmoq yana oson bo‘lur. Ne ajab, biz boshlasak,Ulg‘aysa kundan kun bozor,Yonimizga «Kavkaz»u«Boltiq» kelib tursa qator,Oqsa Xadson yonidaToshqin Dunay ham mavjkor,Bu jahonda baxtiyor kim?Bag‘ri kenglar baxtiyor,Asli bozormas murod,Diydor uchun imkon bo‘lur. Bu niyat chindir, demanglar,shoirona bir xayol.Ikki ulkan yurt uchunBundoq bozordan ne malol?Manfaat avvalda do‘stlik,So‘ng raqobatdir halol,She’ru san’at ahliga yo‘qKuy, qo‘shiqdan o‘zga mol,Bizga ham ul go‘shadaChorpoyayu ayvon bo‘lur. Bir muxammas bitdi ErkinShoir Uchqunga javob,Biz niyat qildik, bu niyatEzgudir, olijanob,Har zamon shoir nidosiOlam ahliga xitob,Bu jahon bozoridaElu elatlar behisob,Turfa gullardan u shoyadBir butun bo‘ston bo‘lur.
Suhbatni N. Muhammadiev yozib oldi.
“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 6-son