— O‘zbek she’riyati jahondagi eng boy va yuksak milliy madaniyat turlaridan biri sifatida rivojlanib kelgan. U o‘zining klassik davri, Navoiy va Boburlari bilangina emas, balki G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon singari sovet davrida tug‘ilgan cho‘qqilari bilan ham mashhur. Bugun ana shu cho‘qqilar bag‘rida yangi qoyalar qad ko‘tarmoqda. Shu qoyalardan biri — Erkin Vohidov. Uning maydonga kelishi qanday kechgan?
— O‘zing to‘g‘ringda gapirishdek qiyin narsa dunyoda yo‘q. O‘z yelkangni qashlashdan ham mushkul. Yaxshisi, men o‘zim tengi avlod to‘g‘risida gapiray.
Elliginchi yillarning oxiri, oltmishinchi yillarning boshida bir avlod yozuvchilar adabiyotga kirib keldilar. Ular urush yillari maktab yoshida bo‘lgan, u yillarning qiyinchiliklarini ko‘rgan, qahatchilik, ocharchilikni boshidan kechirgan so‘nggi avlod edi, — ruscha aytsa, day bog, o‘zbekcha aytsa, inshoolloh, urush nimaligini bilgan oxirgi avlod bo‘lib qolgay.
O‘n to‘rt yil avval yozilgan maqoladan ko‘chirma:
«Men tengdosh ijodkor do‘stim! Yurtimiz boshiga qora kunlar kelganda, sen bilan biz bola edik. Biz «Alifbo» kitobi yonida Informbyuro xabarlarini o‘qib, savod chiqarganmiz, otalarimizdan kelgan uchburchan maktublarni tatalab, xat taniganmiz. Bizning maktabda tutgan husnixat daftarimizda ko‘zyoshlarimizning izi qolgan...»
— Bu siz to‘g‘ringizda, sizning avlodingiz to‘g‘risida yozilgan...
— Oltmishinchi yillar boshida adabiyotga ana shunday avlod kirib keldi. Sizning o‘zingiz ham, Naim aka, shu avlod vakilisiz. Siz bilan bizning «ijtimoiy kelib chiqishimiz» bitta, bir buloqdan suv ichganmiz. Shuning uchun bizning avlod manbai, ijodiy qismati o‘zingizga ayon. Men faqat bir savolga, holi qudrat, javob berishga harakat qilaman: oltmishinchi yillarning yosh avlodi adabiyotga nima olib kirdi?
1945 yil mayi — dunyoni larzaga solgan Buyuk G‘alaba, Reyxstag ustida yangragan «ura» sadosining to‘lqini elliginchi yillar so‘ngigacha mamlakatimiz ustida taralib turdi. Adabiyot va san’at asarlarining ruhida ana shu tantana nashidasi hokim bo‘ldi, Bu, qonuniy ruh edi. Axir o‘sha G‘alabaning olamshumul ahamiyatini to bukungacha dunyo unutmagay va boqiy unutmaydi. Biz bugungi kun nazari bilan elliginchi yillar adabiyotiga «soxta ko‘tarinkilik», «tantanavorlik» adabiyoti, deb qaramasligimiz_kerak. O‘sha adabiyot ham millionlarning qalb ehtiyoji tufayli yaratilgan, Tvardovskiy, Samad Vurg‘un, G‘afur G‘ulom, Mirzo Tursunzoda kabi gigantlarni bergan adabiyot.
Elliginchi yillar o‘rtasidan jamiyatda yangi ruh, lenincha qarashlar boshlandi. Adabiyot va san’atda ham yangilanish belgilari paydo bo‘ldi, ijod zaminiy hislarga, haqiqatga, inson qalbining murakkabliklariga yaqinlasha boshladi. Bu to‘lqinda R. Hamzatov, Ye. Yevtushenko, R. Rojdestvenskiy, A. Voznesenskiy, B. Axmadulinalar she’riyati, Ch. Aytmatov, Yu. Bondarev, V. Rasputinlar prozasi yuzaga chiqdi va «xayollarning hokimi» bo‘ldi.
Menga tengdosh shoirlar va yozuvchilar adabiyotga kirib kelganda, partiya XX s’ezdi o‘rtaga qo‘ygan demokratlashtirish jarayoni, shaxsga sig‘inish davri iskanjalarini sindirish jarayoni fikrlarni egallagan payt edi.
— Har bir shoir — muayyan insonning she’riyat olamidagi davomi. U dastavval sheriyatda o‘zining insoniy sifatlarini ifodalaydi, hayotga shu sifatlari osha qaraydi, baho beradi. Shu ma’noda siz bolalik, o‘smirlik va yoshlik chog‘laringizda qanday hayotiy hodisalar va qaysi kishilar ta’sirida shakllandingiz? Sizning ijodingizdagi nafis, muloyim, dilbar ohanglarning manbai qaerda?
— Men ota-onadan to‘qqiz yoshimda yetim qolib, tog‘a qo‘lida tarbiyalanganman. Tog‘am adliya xodimi bo‘lsa ham adabiyotga qiziqqan, klassik she’riyatni biladigan odam edi. Men tarbiya topgan xonadonga o‘sha davrning fozil kishilari — shoirlar, xonandalar yig‘ilib turishar edi. Ularning o‘tirishi ichkiliksiz, faqat she’r bahsi, askiyalar bilan muzayyan bo‘lardi. Navoiy, Bedil, Fuzuliy g‘azallarini o‘qib, tahlil qilib o‘tirishardi. Suhbatlarning birida mening o‘sha vaqtda gazetada bosilgan bir she’rim ustida gap ketdi. Yoshi ulug‘ bir mulla odam bu she’rga butunlay boshqacha, men sira xayol qilmagan diniy ma’no berib, sharh qila boshladi. Men e’tiroz bildirmoqchi bo‘lib gap boshlaganimda, tog‘am meni tergab: «Sen bola narsa nimani bilar eding, kattalar gapirganda, xo‘p, deb jim o‘tir», degan edi. Yillar o‘tib, hozir ham ba’zi munaqqidlar mening yozganlarimga o‘zlaricha talqin bersalar, o‘sha voqea esimga tushadi.
Mening she’riyatga oshno bo‘lishimda shoir G‘ayratiy to‘garagi, ustoz Mirtemir seminari, dorilfunundagi ijodiy muhit katta ta’sir qilgan. Yoshligimda meni qurshagan odamlar klassik adabiyot muhiblari edilar. Agar men yozgan she’rlarda, siz aytgandek, «dilbar ohanglar» bo‘lsa, bu o‘sha dilbar odamlarning suhbatlari mevasi bo‘ladi.
— Men ba’zan sizning she’rlaringizni o‘qib, mabodo shoirlik san’ati sizni o‘ziga maftun etmaganida, kim bo‘lib yetishar edingiz, deb o‘ylab qolaman. Bir kuni o‘zingiz shaxmat san’ati sohasidan ketmagannngizdan o‘ksinib gapirgan edingiz. Shaxmat — har holda kishi uchun ikkinchi bir kasb bo‘lishi lozim. Masalan, Botvinnik, aslida, matematik olim, Taymanov — pianist, Karpov esa jurnalist... Siz-chi! Agar sheriyat bo‘lmaganida, siz kim bo‘lib ulg‘ayyshingiz mumkin edi?
— Shoir bo‘lmasam, kim bo‘lar edim?.. S. Yesenin: «Mabodo men shoir bo‘lmasam, bo‘lar edim bezori, o‘g‘ri», degan. Shaxmat bo‘yicha sobiq chempion A. Karpov: «Men shaxmatchi bo‘lmaganimda, boshqa biror sohada, albatta, birinchi bo‘lar edim», deb aytgan. Mening tabiatimda na bezorilik, na, albatta, birinchi bo‘lishga intilish bor. Shoir bo‘lmasam, sharqshunos bo‘lishim mumkin edi, jurnalist bo‘lishim mumkin edi. Kim bo‘lsam ham, adabiyot atrofida bo‘lar edim. Hatto shaxmatchi bo‘lganimda ham ko‘proq bu san’atning — «aqllar kurashi, tuyg‘ular jangi»ning targ‘ibotchisi bo‘lardim.
Bolaligimda texnikaga, fizika, matematika, astronomiyaga qiziqqanman, keyinroq tarix va geografiya meni band qilgan. Adabiyot bo‘lsa, o‘ylaymanki, meni umr bo‘yi tark etmagan. Hozir men boshqa kasb egasi bo‘lishim mumkinligini tasavvur qilolmayman. Mabodo yozganlarim elda e’tibor topmaganda-chi? Unda... baribir shoir bo‘lardim. She’rlarini faqat o‘zi uchun, pinhoniy daftariga yozib yurguvchi, o‘z ishidan o‘zi zavqlanib, o‘zi bilan o‘zi gaplashib yurguvchi devona, baxtsiz shoir bo‘lardim. Ahdim shuki, she’rim elga manzur bo‘lmay qolgan kun, ya’ni xatlar oqimi to‘xtagan kun, kitobim do‘konda sotilmay qolgan kun she’r yozishni to‘xtataman. Prozaga o‘taman. Eng baxtiyor damlarimni eslab, xotiralar yozaman...
Mening ikki tilagim bor. Birinchisi — o‘shanday kun mumkin qadar kechroq kelsa, ikkinchidan, o‘shanday kun kelganda, menda uni ilg‘ash tuyg‘usi, aytilgan ahdni bajarmoq uchun jur’at, mardlik ko‘nglimda bor bo‘lishini tilayman.
— Men — suhbatimiz juda jiddiy tus olmasligi uchun — jindek hazil-savol bergan edim. Siz bu savolni qandaydir g‘ussali bir kayfiyat bilan, men o‘ylagandan ko‘ra jiddiy bir suratda qabul qildingiz.
«Shoirlik — bu shirin jondan kechmakdir, Limmo-lim fidolik mayin ichmakdir...» Bu satrlaringiz ustoz Mirtemir xotirasiga bag‘ishlangan. Lekin ular, ayni paytda, jamiki shoirlarning asl mohiyatini, shoirlikning mohiyatini ochishga safarbar etiladi. Shirin jondan faqat so‘z, ohang, buyoq, mavzu topish uchungina kechilmaydi. Balki birinchi navbatda xalq manfaatini himoya qilish, ulug‘ g‘oyalarga, adolat va haqiqatga qalqon bo‘lish uchun kechiladi. Snz ana shunday, shirin jonidan kechgan shoirlardan biri sifatida qaysi asarlaringizni ko‘proq qadrlaysiz? Qaysi asarlaringizda xalq dardi va tashvishlari ko‘proq ochilgan, deb bilasiz?
— «Tirik sayyoralar» kitobi, «Ruhlar isyoni» va «Istambul fojiasi». Farzandning eng kichigi sevimli bo‘lganday, bu asarlar so‘nggi yillarning mevasi bo‘lgani uchun ham menga qadrli. Lekin ularning oldida men «yoshlik devoni»dan ham, «Muhabbat»dan ham kechgim kelmaydi. Sizning «shirin jondan kechmoq» haqidagi fikringizda hozirgi zamon adabiyotshunoslarining hukmron qarashini sezib turibman. Ya’ni haqiqiy she’riyat xalq dardi, tashvishlari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lishi kerak. Bu fikrni inkor etmagan holda, bil’aks, yigirma besh yil avvalgidek (u paytda «xalq dardi va tashvishi» degan so‘zni aytishning o‘zi dushmanlik hisoblangan) qo‘llab quvvatlagan holda, adabiyotning san’at ekanligini unutmasligimizni istar edim. Bir zamonlar hayotning yorug‘ tomonlarini bo‘rttirib yozish qanday urf bo‘lgan bo‘lsa, bugun xato va kamchiliklarni ko‘proq qalamga olish odat bo‘ldi. U paytlar she’riyatning vazifasi «baxtli hayotimizni madh etmoq» deb belgilangan bo‘lsa, bugun «xalq dardi, hayot muammolari haqida bong urmoq», deb hisoblanmoqda. Shoirlar ijodiga baho berganda ham birinchi galda «u o‘sha zamonlarda bong urgan», deb maqtayapmiz. She’riyatning san’at xususiyatlari avvallari qanday e’tiborsiz qolgan bo‘lsa, hozir ham shunday. Bu — xafa bo‘lmang-ku — adabiyotshunoslarimizning biryoqlamaligi. Madh etish ham, rad etish ham — she’riyat emas. El ko‘nglidagini topish va el ko‘ngliga yo‘l topish — bu she’riyat, san’at. Mana bu yo‘lda shirin jondan kechmoq kerak... E’tiroz bildirmoqchisiz, sezib turibman...
— Chindan ham, etiroz bildirmoqchiman. Gap shundaki, adabiyotning, chunonchi, sheriyatning vazifasi turli davrlarda turlicha bo‘ladi. Bugungi she’riyat bugungi prozadan, xususan, Ch. Aytmatov prozasidan ortda qolmasligi uchun kurash quroli ham bo‘lishi lozim...
— She’riyat el ko‘ngliga yo‘l topmoqning o‘zi emas, demoqchisiz. Shoshmang. Men fikrimni oxirigacha aytay. To‘g‘ri, shoir — jamiyatni olg‘a boshlovchi odam, u jangchi, fidoyi, kelajak xizmatkori, hokazo, hokazo. Lekin bularning barchasi avvalo shoir bo‘lishni, shoirlik san’atiga ega bo‘lishni taqozo qiladi. Sehr darajasidagi yuksak san’at bo‘lmagan joyda qolgan hammasi — behuda kuchanish, quruq gap.
Afsuski, keyingi ikki-uch o‘n yillikda adabiyot bilan jurnalistika o‘rtasidagi farq yo‘qolib bormoqda. To‘g‘rirog‘i, san’at qadrsizlanib, yalang‘och so‘zning e’tibori oshib bormoqda. Nasriddin Afandi: «Qofiyasi bilan ishim yo‘q, to‘g‘risini aytaman», deb shoir podshoni yutib chiqqanday, bugun uloq o‘ng-tersiga qaramay qamchi solib borayotgan chavandozlarniki bo‘lib qoldi.
— Bu mulohazangizda jon bor. Menimcha ham, hozirgi she’riyatimizning nisbatan yosh avlodi qanchalik iste’dodli bo‘lishiga qaramay, ba’zan she’riyatning avvalom bor san’at ekanligini unutib qo‘yayotgandek tuyuladi.
So‘z bugungi va kechagi she’riyat o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida borar ekan, men sizning e’tiboringizni yana bir marta kechagi she’riyat manzaralariga qaratgim keladi. Ma’lumki, bundan bir qancha yillar ilgari «Ukrainani sevgil» she’ri uchun V. Sosyura «toshbo‘ron» qilingan edi. «O‘zbegim» degan she’ringiz uchun siz ham ozmuncha ozor chekmagansiz. Ammo, ayni paytda, sizning xonadoningiz shu she’r tufayli ulug‘ yoshdagi kishilarga sajdagoh bo‘lib qoldi. Oddiy kishilarning ana shu mehru muhabbati o‘sha kezlarda sizning yarangizga malham bo‘la oldimi? Yo o‘sha yara tufayli «shirin jondan kechish» hunari sizga malollik qilgan va iztirob keltirgan damlar ham bo‘ldimi?
— She’ring ham farzanding. Biri tufayli rahmat eshitasan, biri tufayli nadomat. Har ikki holda ham shoirga bardosh kerak bo‘ladi — maqtalganda ham, urilganda ham. Bir donishmand: «Boylik, martabang juda oshib ketsa ham, omading ketib, gado bo‘lib qolsang ham qabristonga bor. Birinchi holda hovurdan tushib, oqibat keladigan joyim shu, deb o‘zingni bosib olasan, ikkinchi holda tiriklar qatorida bo‘lganingga shukr qilasan, taskin topasan», degan ekan.
Ijodiy mehnatning ham ko‘tarilish va tushishlari ko‘p bo‘ladi. Shoir omad chog‘ida ham, tushkunlik chog‘i ham muvozanatni yo‘qotmasligi uchun qabristonga — kitoblar qabristoni bo‘lgan Knigotorg omboriga borib turishi kerak. Har ikki holatda ham o‘ziga-o‘zi hisob berib qaytadi. Shoir uchun el nazaridan qochish — eng oliy jazo. Qolganini iztirob demasa ham bo‘ladi.
— Qulluq qil, demasman,
Yurt tuprog‘in o‘p,
Unga qullar emas, fidolar kerak,
Uning senu mendek shoirlari ko‘p,
Buyuk elga endi daholar kerak...
Bu satrlar bilan boshlangan she’ringizda ham fidoyi shoir obrazi qad ko‘taradi. Ammo sizning lug‘atingizda u endi daho tushunchasi bilan o‘rin almashmoqda. Siz bu she’r orqali nima demoqchi bo‘lgansiz? Daho deb qanday shoirning tug‘ilishini orzu etmoqdasiz?
— Xalqning qaddini u yaratgan moddiy ne’matgina ko‘tarmaydi. Xalq — ulug‘ farzandlari bilan ulug‘. Tasavvurimda, har yangi avlod voyaga yetganda, xalq unga umid ko‘zi bilan qaraydi: qadrimni bir pog‘ona yuqoriga ko‘taradigan farzand shular orasida bormikin?.. deb.
Daho deganda, faqat daho shoir nazarda tutilgan emas. U olim bo‘lishi mumkin, rahbar bo‘lishi mumkin... Daho deganda, men zamon tafakkuridan ilgarilab ketgan aqlni, davrni va ommani olg‘a harakat qildiruvchi aqlni tushunaman.
«O‘zbegim» she’rini tilga oldingiz. Bunday she’rlar xalqqa o‘z qadrini anglashi uchun kerak. Lekin men orzu qilgan shoir shunday she’r yozadiki, xalq uni o‘qib, o‘z qadr-qimmatini bilibgina qolmay, o‘zini orqaga tortayotgan kuchlarni ham anglaydi, fikriy parvozlar uchun chog‘lanadi, xalq yuragida inqilob paydo bo‘ladi. Xalqni maqtagan shoir ulug‘ emas, uning o‘zligini o‘ziga ko‘rsatib berolgan, ayovsiz gapni aytolgan shoir ulug‘. Buni aslo yasama kamtarlikka yo‘ymang. Bu mening e’tiqodim.
«O‘zbegim» yozilganiga yigirma yil bo‘ldi. Bugun asr boshida: «Bizlar-chi o‘ynab tartarak sopqon otolmaymiz hanuz», deb yozgan Tavallo «O‘zbegim»ning avtoridan yuz karra balandroq ko‘rinadi menga. Rus halqi unga odalar yozgan Trediakovskiy va Sumarokovlar emas, Plyushkinlarni, Oblomovlarni yaratgan Gogol, Goncharovlarga ta’zim qilsa haqli...
Men o‘zbeklar ichidan shunday daholar paydo bo‘lishini, daho asarlar yozilishini orzu qilaman. «Yo‘qolgan she’rida shunday so‘zlar bor: «Men yozmasam, Mayli yozsa kim, U xoh g‘azal, qasida bo‘lsin — Mayli, mening bor-yo‘q yozganim O‘sha she’rga baxshida bo‘lsin».
— Keyingi ikki-uch yil orasida bo‘lgan va bo‘layotgan voqealar har qanday xato tarix tomonidan tuzatilmay qolmasligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ham vijdon hamisha bedor holatda yashamog‘i lozim. Sheriyat va shoirlar esa, umuman, vijdonga xilof holatda yashay olmaydilar. Vijdon omon ekan, shoir haqiqat uchun razillik va uning ming xil ko‘rinishlariga qarshi kurashishi zarur bo‘ladi. Mana, sizning ijodingizda ham bir qancha yillardan beri vnjdon bongi jaranglab turibdi. (Sizga «bong» so‘zi boshqa davrlarni eslatsa ham men bu so‘zdan yaxshi ma’noda foydalanaman.) Siz bugungi oshkoralik va adolat uchun kurash davrida qaysi mllatlar va xatoliklarga qarshi, ularning takrorlanmasligi uchun bong urmoqchisiz? Qayta qurish davrining diqqat-e’tiborini qaysi masalalarga qaratishni istaysiz?
— Biz inqilobga teng burilish davrini boshdan kechirmoqdamiz. Tarix tajribasiga nazar solsak, bunday burilish davrlari hech qachon xatolarsiz, haddan oshishlarsiz bo‘lgan emas. Kontrrevolyutsiyaga qarshi kurash, kollektivlashtirish davrini oling, yo bo‘lmasa, elliginchi, oltmishinchi yillardagi eksperimentlarga nazar tashlab ko‘ring. Qancha begunoh jonlar qurbon bo‘ldi, qancha mablag‘lar behuda sarf bo‘ldi. Bugungi qayta qurish davrini ham biz bor ko‘lami va ahamiyati bilan ko‘rishimiz uchun vaqt o‘tishi kerak. Hozir turg‘unlik davri tug‘dirgan illatlar bilan bir qatorda demokratiya va oshkoralik davrida paydo bo‘lgan illatlarni ham fosh etish kerak. Bunday illatlar birinchi navbatda demokratiya va oshkoralikdan g‘arazgo‘ylik maqsadida foydalanish, faqat o‘z manfaatini o‘ylash, boshqalardan oshkora qasd olish va hokazolar bugungi kunda qancha sofdil odamlarni infarkt qilmoqda. Yumaloq xatlar asosida qancha odamlarning vaqtini olib, asabini egovlab tekshir-tekshir qilishlar... Respublikamizda ayniqsa, rahbar kadrlarga shafqatsizlik qilinmoqda. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida ishdan olinganlarning hammasi ham adolatli olindimi yoki tayinlanganlarning hammasi ham munosib odamlarmi? Bu savolga vaqt javob beradi.
Lekin biz hozir har qachongidan ham xushyor bo‘lishimiz kerak. O‘z jonimiz uchun emas, yonimizda turgan, biz to‘g‘riligiga ishongan odamlar uchun, ularni tuhmat va nohaq jazodan himoya qilish uchun hushyor bo‘lishimiz kerak. Ochig‘ini aytsam, shu borada bizlarda shaxdamlik yetishmaydi. Do‘stimiz, yaqinimiz boshiga ish tushsa, tomoshabin bo‘lib turaveramiz. «Yuqorida tekshiruvchilar bor, adolat qilar», deb o‘z vijdonimizga taskin beramiz. Vaholanki, u odamning kimligini «yuqoridagilar» emas, biz, u bilan yonma-yon mehnat qilganlar bilamiz. «Yuqoridagilar» tuhmatning tuhmatligini aniqlaguncha u odam ham tamom bo‘lishi mumkin. Axir Abdulla Qodiriy, Usmon Nosirning taqdirini ham bir zamon «yuqoridagilarning adolati»ga topshirganlar. Bilmadim, qachon ko‘zimiz ochiladi? Qachon do‘st uchun, ishongan safdosh uchun ko‘krak tutadigan bo‘lamiz?
— Sizning bu kuyunchak gaplaringiz Abdulla Oripovning «Olomonga» degan she’rini yodimga tushirmoqda. «Nimasan! Qandayin sehrli kuchsan! Nechun tomoshaga bunchalar o‘chsan!..» Chindan ham, xalqimizda uyushqoqlik deymizmi, tarix oldida masuliyat deymizmi, o‘zining eng yaxshi farzandlarini yovuz changallardan olib qolish qudrati deymizmi, — qandaydir eng muhim fazilat yetishmayotgandek. Bugun ana shu nuqson tufayli Orol dengizi buyuk halokat yoqasida. Ana shu nuqson tufayli paxtazor va ekinzor dalalarimiz butifos bilan zaharlangan...
— Bir zamonlar respublikamizning oliy darajadagi rahbarlaridan biriga butifosning keltirayotgan ofatini aytishganda, u shunday degan ekan: «Paxta ham front, front esa qurbonsiz bo‘lmaydi». Bu ham falsafa. Soxta vatanparvarlikka asoslangan g‘ayriinsoniy falsafa. Agar biz bugun ham shu gapni yangi shaklda takrorlasak, «Qayta qurish ham jang, u ham qurbonsiz bo‘lmaydi», desak, o‘sha soxtalikdan bir qadam ham olis ketmagan bo‘lamiz. Paxta ham, qayta qurish ham, hamma-hamma narsa avvalo inson uchun.
Mana shu so‘zlarni aytib turganimda, dalalarda farzandlarimiz loy kechib, paxta termoqdalar, zax baraklarda istiqomat qilmoqdalar. Yana o‘zimiz hayron bo‘lamiz — nega yoshlarda bod kasalligi ko‘p, nega ular sog‘lom emas, deymiz. Paxta bor ekan, hashar bor, kuzgi safarbarlik bor. Nega biz har gal o‘zimizni aldab, hosilni hasharchilarsiz terib olamiz, deb ko‘krakka urib, kuz taraddudini qilmaymiz?
Kolxoz va sovxozlarning vaqtincha yotoq hozirlash uchun shu kungacha tasarruf qilgan yog‘och va taxtalaridan minglab jihozli issiq vagon uylar qursa bo‘lar edi. Ballon g‘ildirakli bunday uylar ko‘chib yurish sharoitiga juda mos tushar, qancha vaqt, qancha mablag‘ tejalgan bo‘lar edi. Yo‘q, biz faqat shu yilni o‘ylaymiz. Besh yil, o‘n yilni sira xayol qilmaymiz. Afandi aytganday, ungacha «yo podsho o‘ladi, yo eshak o‘ladi, yo men». Biz o‘zimiz-ku, darvoza qursak, yog‘ochi yuz yilda chirishi mumkin, deb sal qimmatroq bo‘lsa ham temir darvoza o‘rnatishga harakat qilamiz. Ha, endi bu uch-to‘rt yuz yil turadi, deb o‘zimizning puxta ishimizdan xursand bo‘lamiz. Davlat mulki esa bizniki emas. Uning ko‘pga chidashi, arzon tushishi, ayniqsa, o‘n-o‘n besh yildan keyingi holati bizni mutlaqo qiziqtirmaydi. Yana afandining o‘sha gapi.
Qayta qurish psixologiyamizdagi asosiy ish ana shu fikriy yalqovlikni yo‘qotish bo‘lishi kerak. Odamlardan «Bugun nima qilding?» debgina emas, «Erta uchun, kelajak uchun nima qilding?» deb ham so‘rash kerak. Ona o‘z farzandini suysa, parvarish qilsa, birov oldida hisob berish uchun yoki biror chaqiriqqa javoban qilmaydi. Sohib o‘z mulkini ehtiyot qilsa, «Men o‘z shonli burchimni bajardim», deb ko‘krak kermaydi, unvonu nishonlar umidida qilmaydi.
— Siz Yozuvchilar soyuzida bo‘lib o‘tgan yig‘inlarning birida Chulpon va Fitrat ijodlarini o‘rganish va ular merosini e’lon qilish lozimligi to‘g‘risida kuyinib gapirgan edingiz. Hozir bu masala yuzasidan turli doiralarda qizg‘in bahslar bormoqda. Bu yozuvchilarning o‘zbek adabiyoti tarixidagi o‘rnini tiklashga qarshi bo‘lgan kishilar ular merosini e’lon qilish va o‘rganish adabiyotimizga nima beradi, deb yana bizni chalkashtirmoqchi bo‘lmoqdalar.
— Agar Cho‘lpon va Fitrat ijodi boshdan-oyoq millatchilik, Sovetlarga qarshi norozilik ruhida bo‘lganda, hozir adabiy jamoatchilik bu masalani o‘rtaga qo‘yib ham o‘tirmasdi. Ular umr kamolida xatolarini anglab yetgan, ya’ni jamiyatni yangi soz bilan olqishlagan ijodkorlar. Lekin davr ularga nisbatan beshafqat bo‘lgan. Ha, biz davr beshafqat bo‘lgan, deb bugun yumshatib, odamlarga gunoh qo‘ymay gapiramiz. Aslida ular ustidan davr emas, yuragida hasad va kin to‘la bo‘lganlar, ularning shuhrati, xalq o‘rtasidagi obro‘sidan kechalari uxlamay chiqadiganlar hukm chiqarganlar. So‘ngra sallani keltir desa, kallani keltiradigan kaltabin, soxta vatanparvarlar bu hukmni ijro etganlar. Ko‘pchilik esa, o‘sha betaraf, parvosiz tomoshabin bo‘lgan ko‘pchilik bu ijroni baqrayib kuzatib turgan. Mana bu holatlar yig‘indisini biz «davrning shafqatsizligi», deb yumshoq qilib aytamiz.
Dunyoda hasad va g‘arazgo‘ylik bor ekan, kaltabinlik, soxta vatanparvarlik bor ekan, tomosha- bin — ko‘pchilik bor ekan, shafqatsiz davrlar boshqa qaytib kelmaydi, deb bo‘lmas.
— Hamza va Cho‘lpon, Fitrat va Oybek singari ijodkorlar og‘ir tarixiy davrlarda, murakkab va mashaqqatli sharoitlarda yashaganlariga qaramay, har bir kundan, har bir lahzadan samarali foydalanishga harakat qilganlar. Atigi o‘ttiz besh yil umr ko‘rgan Hamid Olimjon katta jamoatchilik ishlari bilan band bo‘lganiga qaramay, o‘n jilddan iborat asarlar majmuasini meros qilib qoldirgan. Ammo adabiyotimizning bugungi namoyondalari, shu jumladan siz ham ularchalik tashnalik bilan ijod etmayotgandek ko‘rinasiz. Holbuki, vaqt o‘tib bormoqda. Umr o‘tib bormoqda.
— Avvalo gap sonda emas, sifatda. Ko‘p va xo‘b yozganga nima yetsin. Lekin bu ish qo‘ldan kel magach, hech bo‘lmasa, oz va soz yozgan durust. Bizning shitob zamonamiz oq qog‘oz ustida diqqatni jamlashga kam vaqt qoldirmoqda. Hozir informatsiya yigirmanchi, o‘ttizinchi yillarga qaraganda yuz baravar ko‘p. Shoir esa dunyodan bexabar bo‘lishi mumkin emas. Boz ustiga jamoat ishlarining yuki ham u vaqtlarga qaraganda bir necha bor salmoqli. U zamonlarda hayot bugunchalik farovon bo‘lmasa ham odamlar hozirgiga nisbatan xotirjamroq, qanoatliroq bo‘lganlar, deb o‘ylayman. Hozir tong otgandan kun botgungacha qayoqqadir shoshib, entikib yuramiz. Kun o‘tgach, nima ish qilganimizni o‘zimiz bilmaymiz. Hayot shitob, istaklarimiz bepoyon, vaqtimiz oz. Umrimiz o‘zimizdan tez yugurib o‘tayapti. Gohida hamma narsadan kechib, tog‘larga chiqib ketgim keladi. Tog‘lardan shaharga boqsang, xuddi boqiylik ko‘zi bilan foniy dunyoga qaraganday bo‘lasan, kishi. O‘zingni o‘zing yomon ko‘rib ketasan...
— Yaqinda sizning «yosh shoirlarga» degan she’ringizni qayta o‘qir ekanman, bir narsadan ajablandim. Bu she’rni yozganingizda, endigina qirq yoshga to‘lgan ediigiz. «Yoshlik» jurnalining muharriri, katta bir nashriyotning direktori lavozimlari hali oldinda edi. Ammo o‘shandayoq xizmat mashinasi siz tengi shoirlarni tongda «mag‘zi» bilan olib ketib, kechqurun «po‘chog‘i»ni tashlab ketishi haqida yozgan ekansiz. Mana, hozir o‘sha she’rning yozilganiga ham o‘n yil bo‘ldi. Bu orada jurnal va nashriyot mashinalari sizning «po‘chog‘ingiz»ni rostdan ham uyingizga tashlab ketgan kunlar oz bo‘lmadi. Xo‘sh, hozir ham yosh shoirlarga havas qilasizmi! Umuman, she’riyat uchun yoshlikning beg‘ubor olamiyu ko‘tarinki holati muhimmi yo yetuklik yoshidagi kishining hayotiy tajribasiyu aqlining teran qatlamlarimi?
— Xalqimizda shunday matal bor: «Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishta omin deydi». Ruslar: «Naklikat sebe bedu», deydilar. Darhaqiqat, o‘sha she’r yozilganda, men nashriyotda kamtargina ishda edim. Tagimda hukumat mashinasi ham, yonboshimda to‘rt-beshta telefon ham yo‘q edi. Qaydan ham: «Amaldor bo‘larsiz, kursingiz baland, Xizmatingiz qilar mashina har kun, Tongda olib ketar mag‘zingiz bilan, Po‘chog‘ingiz tashlab ketar kechqurun», deb yozdim. Qaydan ham bu satrlar ko‘nglimga keldi. Oradan ko‘p o‘tmay, shu holat boshimga tushdi. She’r daftarim uzoq vaqt chetga surilib qoldi.
Hayotimning eng baxtli daqiqalari qalam va qog‘oz bilan yolg‘iz qolgan damlarim, deb hisoblayman. «Oq qog‘ozim... Sen boru men bor, qalam bor, O‘rtada begona yo‘q». Bu misra eng baxtli damlar mevasi bo‘lgan. Yoshlarga, yoshlikka havas bilan qarayman. Yoshlikning qaynoq nafasi ko‘nglimni tark ztmasligini tilayman.
Lekin har faslning o‘z hislati bor. Har bir umr faslining ham. Soyning bahordagi toshqini, suroni qanchalik sururbaxsh bo‘lsa, ko‘zdagi tiniqligi, sokin qo‘shig‘i shunchalar dilbar bo‘ladi. Ijodda shavqu zavq bilan teranlik omuxta bo‘lgan joyda kamolot bo‘ladi.
— Boya aytganingizdek, siz G‘ayratiy domlaning mashhur to‘garagida voyaga yetib, Mirtemir domlaning seminaridan sheriyat maydoniga kirib kelgansiz. Ularning har ikkovlari xoksor insonlar bo‘lgan. Umuman, nazarimda, chinakam shoirning tabiatida xoksorlik, darvishlik bo‘ladi. Menimcha, siz bu shoirlardan ham, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Shayxzoda kabi oqsoqol shoirlardan ham nimanidir o‘rgangansiz. Siz ularning inson va shoir sifatidagi qanday fazilatlarini ibratli deb bilasiz? G‘ayratiy va Mirtemir kabi xoksor shoir bo‘lish adabiyot olamidagi yulduzni benarvon uruvchi kimsalar oldida xor-zor bo‘lishlikni anglatmaydimi? Umuman, bugungi shoirning ma’naviy kodeksi haqida nima deya olasiz?
— Darhaqiqat, G‘ayratiy, Mirtemirlar hayotda xoksor, darvish tabiatli odamlar edi. Lekin «chinakam shoir tabiatida... darvishlik bo‘ladi», degan fikringiz, nazarimda, bahsli. Hamid Olimjon, Shayxzoda, Zulfiya...—bular haqiqiy shoirlar. Lekin ular to‘g‘risida hech kim darvish tabiatli, deb gapirgan emas. Menga qolsa, hozirgi zamon shoiriga darvishlikdan ko‘ra o‘ktamlik ko‘proq yarashadi. To‘g‘rirog‘i, shunday xislat kerak, zarur. Mamlakatimiz buyuk, shoiri ko‘p. Bu ulkan muhitda ajralib ko‘rinish uchun, demakki, xalqni ko‘rsata bilish uchun shoir darvesh emas, o‘ktam, so‘zi keskir, o‘zi shijoatli bo‘lishi kerak.
— Sizning butun ijodingiz o‘tmishdagi «adabiy ildizlar»ga borib taqaladi. Sizning qariyb har bir asaringiz asrlar qa’rida yotgan ana shu ildizlardan unib chiqqan niholga o‘xshash. Ammo siz «Sharqiy qirg‘oqlar» kitobingiz bilan jahon she’riyatining g‘arbiy qirg‘oqlaridan yangi adabiy shakl va ohanglarni axtargandek bo‘ldingiz. Bu jarayon, shubhasiz, muayyan ichki ehtiyojlar talabi bilan bo‘lgan. Siz bundan keyin ham milliy an’analarni internatsional adabiy tajribalar bilan boyitish istagida emasmisiz! Agar shunday bo‘lsa, «Donishqishloq latifalari»da yana eski va qadrdon adabiy qirg‘oqqa qaytganingizni qanday tushunsa bo‘ladi?
— Adabiyotlar o‘rtasidagi aloqalar shunday katta ko‘lam va sur’at kasb etgan bizning kunlarda sharqiy va g‘arbiy qirg‘oqlar o‘rtasida bir-biriga ta’sir bo‘lmasligi mumkin emas. Bu holat shoirning ixtiyoridan tashqari sodir bo‘ladi. Lekin men hech qachon g‘arbiy qirg‘oqlardan adabiy shakl va ohanglar axtargan emasman, o‘zimni ikki oyoq bilan sharqiy qirg‘oqda turgan odam, deb hisoblayman. Bunday ohanglarni she’rlarimda o‘zim sezmaganman, boshqa birov sezganini ham bilmayman. Buni sizdan ilk daf’a eshitib turibman. Aslida, mening bu masalaga qarashim boshqacha.
Har bir xalqning milliy xususiyatlari san’atida, adabiyotida ayniqsa, yorqin namoyon bo‘ladi. Millatlar bir-biridan tili, urf-odati bilangina emas, fikrlash xususiyati bilan ham ajralib turadi. She’rni nari qo‘yib turganda, hatto oddiy nutqda ruscha fikrlab, o‘zbekcha gapirgan yoki, aksincha, o‘zbekcha fikrlab, ruscha gapirgan odamning nutqi g‘ayritabiiy, sun’iy bo‘lib turadi. She’rni-ku boshqa tilga tarjima qilib bo‘lmaydi, degan fikrni ko‘p mo‘‘tabar odamlar takror- takror aytganlar. Zeroki, u xalqning o‘zligi, ruhiyati, asrlar davomida shakllangan didi. Endi boshqa tilda fikrlab, boshqa tilda she’r yozadigan shoirni tasavvur qiling. Bunday ijod mahsulini arosatda qolgan mahsul debgina baholash mumkin..
Yapon tankasi ham, ispan verlibri ham manba e’tibori bilan o‘sha xalqlarning uzoq traditsiyalariga borib taqaladi. Shuning uchun ham muayyan ohanglar muayyan xalqlarga marg‘ub va manzur.
Internatsionalizm boshqalar she’riyatidan ohang ko‘chirish emas. She’riy ijoddagi internatsionalizm o‘z milliy she’riyatingni jahonga va, aksincha, jahon she’riyatini o‘z xalqingga anglata bilish, tanita bilish, deb tushunaman. Ijodda umumjahon standarti yo‘q, umuman standart yo‘q. Lekin jahoishumul daraja, talab bor. Shunday talab bilan ijod qilishni, yashashni za kurashishni men internatsionalizm, deb tushunaman.
— Siz haqsiz. Ammo men tipga olgan hodisa «Sharqiy qirg‘oqlar» to‘plamida emas, balki «Tirik sayyoralar»da ozmi-qo‘pmi seziladi. Bu kitobga kirgan «Bong uring» singari she’rlarda o‘zbek klassik she’riyati, xususan, sizning avvalgi ijodingiz uchun xarakterli bo‘lmagan ohanglar borki, ular, menimcha, Mayakovskiy, Lorka, Neruda, Hikmat singari shoirlarni, istasak-istamasak, eslatadi... Yana «Donishqishloq latifalari»ga qaytsak. Bu latifalar real kishilar hayotidan, hatto real qishloq hayotidan olingan. Matmusa — shu qishloqning tipik vakili. Uning xatti-harakatlari XX asr sharoitida kulgi uyg‘otadi. Ammo uning xarakterida kishini maftun etuvchi samimiylik, beg‘uborlik, soddalik kabi fazilatlar ham bor. Afsuski, bunday fazilatlar xira tortib bormoqda. Biz hammamiz qandaydir hissiz, ratsional odamlarga, robotlarga aylanib bormoqdamiz. Siz ana shu jarayonga qarshi Donishqishloq kishilarining ajabtovur xislatlarini tasvirlamoqchi bo‘ldingizmi? Yoxud sizni boshqa bir istak ushbu qishloq sari yetakladimi?..
— «Donishqishloq latifalari»ni o‘qib, hamma kuladi. Vaholanki, men ularni yig‘lab yozganman. Aql-idrokka zid, teskari ishlarimiz el boshiga kulfat va uqubatlar keltirib yotgani sir emas-ku. Kosasi teskari qurilgan charxpalaklar kammi? Bir pardani tutgancha qolavergan, bir xil ohangni qo‘ymay chala bergan matmusalar ozmi? O‘zimiz yaratgan qoliplarni tandirday kiyib olib, yo‘lni ko‘rolmay, osmonga qarab ketayotgan hollarimiz yo‘qmi? Bular kulgili ishlarmas, achinarli, ofatli hodisalar.
Boshqa jabhalarni qo‘yib, o‘zim ishlagan, bilgan sohani gapiray. O‘zbekistonda o‘ndan ortiq nashriyot bor. Taxminan, kitob chiqaradigan shuncha bosmaxona bor. Nashriyotlar, bosmaxonalar bilan bir yilga shartnoma tuzib, belgilangan tartib bo‘yicha qo‘lyozma topshiradilar va tayyor kitob qabul qilib oladilar. Kitob savdosi tashkiloti bilan ham munosabat shunday. Bir qaraganda, hamma narsa juda oddiy, oqilona. Ishlar har uchchala tomonning manfaatdorligi asosida, kelishuvga ko‘ra, amalga oshiriladi. Nashriyotlar ham, bosmaxonalar ham, kitob savdosi tashkilotlari ham yaxshi, sifatli, xalqqa kerakli kitoblarni yetkazib berishdan manfaatdor. Biz bu ishlar ustidan nazorat qiladigan yana bir tashkilot Davlat komiteti tuzib qo‘yganmiz. Aytishingiz mumkin, Ministrlar Sovetida bu soha bilan shug‘ullanadigan bo‘lim bor-ku. Nashriyot, kitob savdosi boshqarmasi va bosmaxonalarning umumiy nazoratini shu bo‘lim amalga oshirsa bo‘lmaydimi? Yo‘q.
Tartib shunday. Bo‘lim ministrlikdan hisob so‘rashi kerak. Boshliq o‘rinbosarlardan, o‘rinbosarlar bo‘lim boshliqlaridan, bo‘lim boshliqlari bo‘lim xodimlaridan, bo‘lim xodimlari nashriyot, bosmaxona direktorlaridan, direktorlar o‘rinbosarlardan hokazo va hokazo.
Buyruqlar, ko‘rsatmalar, qarorlar ana shu, ilgaridan o‘rnatilgan qat’iy tartib bo‘yicha pog‘onama-pog‘ona tushib boradi. Nihoyat, og‘irlik bosmaxona ishchisiga, nashriyot redaktoriga tushadi.
Besh yil avval Suriyada bo‘lganimda, u yerda chiqadigan oylik adabiy jurnal redaktsiyasida bo‘lib, jurnalni chiqaruvchi kollektiv... ikki kishidan — muharrir va sekretar-mashinistkadan iborat ekanini bildim. Avval boshda ishonmadim: qayta-qayta so‘radim. Axir bizlarda bunday qalin jurnalni yigirma besh-o‘ttiz kishi chiqaradi. Markaziy jurnallarda esa ikki baravar ko‘proq — ellik-oltmish kishi mehnat qiladi. Muharrirdan jurnalning imlo-xatosiga javob beruvchi korrektor yo‘qmi, deb so‘radim. U javob berdi: Men mualliflardan asar qabul qilib olaman. O‘qib, mashinistkaga beraman. U mashinkalab, bosmaxonaga yuboradi. Xato ketishi mumkin emas. Mashinistka tez va bexato yozadi. Bil’aks ishlashi mumkin emas.
Bu javobni eshitib, ko‘nglimdan bir fikr o‘tdi. Olamda, hech bir mamlakatda bizdagidek keng fe’llik, bemalolgarchilik, xo‘jasizlik bo‘lmasa kerak. Nashriyotda bir kitob eng kamida o‘nta qo‘ldan o‘tadi, o‘nta imzo chekiladi, lekin baribir xato bilan chiqadi. «Qo‘ychibon ko‘p bo‘lsa, qo‘y harom o‘ladi», degandek.
Bu holatlar hozir biz uchun odatiy, normal hisoblansa, ertangi kun ko‘zi bilan qarasak, biz hozir Donishqishloqda yashayapmiz, demoq mumkin.
— «Donishqishloq latifalari» shunday yengil va beozor yumor bilan yozilganki, kitobxon uning zamirida yotgan bunday jiddiy hayotiy muammolarni xayoliga ham keltirmasligi mumkin. Bu asarning har bir hujayrasidan o‘zbek folkiori asarlariga xos bo‘lgan kulgi jaranglab turadi. Umuman, kulgi, hajv, satira o‘zbek adabiyotining kuchli jihatlaridan. Buning sababi shundaki, hayot hamisha kulgibop hodisalar, kulgibop manzaralarga to‘la bo‘lgan. Afsuski, bunday manzaralar bizning davrimizda ham oz emas. Shuning uchun ham yumor va satira miltig‘i doim o‘qlangan bo‘lishi lozim...
— She’rda she’r bor, hajvda hajv. Darhaqiqat, tagida teran mag‘zi bo‘lmagan hajv kishiga nari borsa, bir lahzalik kayfiyat beradi. Garchi kayfiyat berishning o‘zi ham katta gap, lekin bu hali to‘la ma’nodagi ijod emas. Komil hajv kuldirish barobarida bizni tarbiyalaydi, ko‘zimizni ochadi. Asarda asar bo‘lganidek, o‘quvchida ham o‘quvchi bor, tomoshabinda ham tomoshabin bor. Hamma ham kulgining tagida nima borligini daf’atan ilg‘ab ololmaydi. Ba’zilarga Chaplinning harakatlari bachkana masxarabozlik bo‘lib tuyulishi mumkin. Masxarabozlik... Bu so‘z bizning kunlarga kelib, salbiy ma’no kasb etdi. U yengil-elpi qiliqlar qilish, deb tushuniladi. Aslida, masxarabozlar o‘z vaqtida jamiyat illatlarini masxara qilganlar, podsholar, vazirlar ustidan kulganlar. Ular o‘z davrining qahramonlari, fidoyilari bo‘lganlar.
«Oltin devor» spektaklining premerasida bir amaldor odam yonida o‘tirgan odamga engashib: «Bu masxarabozlik-ku», dedi. O‘shanda men o‘tmish zamonlarda boylar, amaldorlar, eshonu qozi kalonlar masxarabozlarmi qanchalik yomon ko‘rganlarini tasavvur qildim. «Oltin devor» o‘n to‘qqiz yildan beri qo‘yilyapti. O‘sha amaldor esa to‘rt yil avval qamoqqa olingan. Uyidan necha kilogrammdir tilla chiqibdi. Mana sizga «masxarabozlik».
— Sizning ismingiz ko‘pincha Abdulla Oripov ismi bilan qofiyadosh bo‘lib yuradi. Holbuki, har ikkingizning ijodiy uslubingiz va estetik qarashlaringiz turlicha. Sizda musiqiylik, she’riy ravonlik ustivorlik qilsa, A. Oripov tig‘dor satrlar va she’rlarni yoqtiradi. Masalan, sizning «Manfaat falsafasi» degan she’ringiz bor. Hozirgi kishilardagi manfaatparastlik illatini fosh etuvchi she’r. Dmmo siz ana shunday tig‘dor mavzuni ham aruz vaznida va klassik muxammas shaklidan istifoda etgan holda yoritasizki, bu hol sizning uslubingiz, insoniy va ijodiy qiyofangizdan kelib chiqadi. Sizni A. Oripov bilan doimiy hamrohlikda tilga olishlarining sababini nimada deb o‘ylaysiz? Har ikkalangiz ikki xil adabiy hodisa sifatida bir-biringizni to‘ldirganingiz va bugungi voqelikni mukammal ifoda eta olganingiz uchunmi? Sizning estetik programmangiz qanday?
— Ijod — yurakdagi mehr va ezgulik tuyg‘usining mevasi. Salbiy hodisalarga munosabatda paydo bo‘ladigan nafrat tuyg‘usi ham o‘sha mehr va ezgulik hissi tufayli dunyoga keladi. Ijod qilmoq — odamlar yuragiga yaxshilik urug‘ini ekmoq, deb tushunaman. Bu uhdani har kim o‘z uslubi bilan, o‘z iste’dodi darajasida ado etadi. Shoirlar bir-biriga o‘xshamasligi bilan qadrlidir.
G‘alati bir haqiqatni aytay. Shoir ijodkor ko‘zi bilan qarab hech qachon boshqa shoirni dil- dilidan bus-butun qabul qilolmaydi. O‘quvchiga aylanibgina, o‘quvchi ko‘zi bilan qarabgina yayrashi, tan berishi, qabul qilishi mumkin. Ijodkor sifatida esa «Men boshqacha yozgan bo‘lardim», deyishi tabiiy.
Bu aslo raqobat tuyg‘usi emas, faqat o‘sha o‘ziga xoslik natijasi. Lev Tolstoy Shekspirni qabul qilolmagan. Negaki, bu ikki buyuk ijodkorning estetik printsiplari tamoman bir-biriga o‘xshamaydi. Va, aksincha, bir-biriga tamoman o‘xshamaydigan ijodkorlar bir-birlarini yuksak qadrlaganlar, izzat-ikrom qilganlar. Demakki, bir-birovga o‘quvchi ko‘zi bilan, xolis odam ko‘zi bilan qaray olganlar.
Men Abdulla Oripov she’rlarini yaxshi ko‘raman. Uning fikrlash tarzidagi o‘ziga xoslik menga yoqadi. Satrlarida asabning toridek taranglik bor, kuyunchaklik, dardnoklik, oshkor kurashchanlik bor. Eng muhimi, hech kimga o‘xshamaydigan uslubi bor.
— Bugungi o‘zbek she’riyatida Abdulla Oripov katta mavqega ega. Uning ortidan, sizning ortingizdan yana bir necha iste’dodli shoirlar yetishib chiqdilar. Ular tufayli bugungi o‘zbek she’riyati, menimcha, yana bir pog‘ona yuqori ko‘tarildi. Abdulla Oripov singari yorqin iste’dod sohiblari va ularning eng yaxshi asarlari sizning biror yashirin fazilatlaringiz va ijodiy imkoniyatlaringizning yuzaga chiqishiga turtki berganmi?
— Fikr fikrga, tuyg‘u, tuyg‘uga qayroq bo‘ladi. Shoir yuragidagi hislar, shuurida paydo bo‘lgan o‘ylar — bu uning dunyo ohanglariga quloq tutishi, turli-tuman ko‘rinishdagi muloqotlar mevasi bo‘ladi. Yuqorida biz sharqiy va g‘arbiy qirg‘oqlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir haqida bahs qildik. Bir zamonda, bir yurtda yashab turgan ijodkorlarning o‘zaro ta’siri tabiiy hol. Men o‘zimga davrdosh bo‘lgan ulkan adiblarnigina emas, balki adabiyotga endigina kirib kelayotgan yoshlarning asarlarini ko‘zdan kechirib, o‘zimni boyigandek his qilaman. Qizig‘i shundaki, menga mutlaqo yoqmagan asarlar ko‘nglimda e’tiroz tuyg‘usini uyg‘otib, qo‘limga qalam to‘tqazgan vaqtlar bo‘lgan.
— «O‘ylasam, men olamning yarmin kezib qo‘yibman...» Bu misralardan so‘ng siz, chindan ham, yer yuzidagi bir qancha shaharlar va yurtlarni tilga olgansiz. Bu yaqin va olis manzillarga siz sayyoh sifatida emas, shoir sifatida borgansiz. Har qanday safar shoir uchun yangi ijod ufqlarini ochadi. Sizning «Donishqishloq latifalari»ngizdan Kanada turkumidagi she’rlaringizgacha ana shunday ijodiy safarlar ta’sirida yozilgan.
O‘zbek sovet she’riyatida turli-tuman sayohatnomalar oz emas. Bir paytlar ular haqiqatan ham she’riyatimizning tematik doirasini kengaytirgan bo‘lishi mumkin. Lekin keyinchalik bunday she’riy turkumlar siyqalasha boshladi.
Ijodiy safar, yangi kishilar, yurtlar, urf-odatlar, yangi hayot manzaralari bilan uchrashuv sizga nimalar berdi? Sizning she’riyatingiz ana shunday safarlardan keyin qanday bo‘yoqlar bilan boyidi?
— «Donishqishloq» sayohat natijasida tug‘ilgan emas. Bu turkum o‘zimizning hayot to‘g‘risida. Kanada turkumiga, «Istambul fojiasi»ga kelsak, bularning yozilishiga safar bahona bo‘lgan esa-da, asli sabab yana o‘sha o‘z hayotimiz. Arslon o‘rgatuvchi Vankuver tsirkida ham bor, o‘zimizning bosh boshqarmalarda ham. Safarning yaxshi tomoni shundaki, u ijod kishisining tafakkur ufqini kengaytiradi, o‘z xalqi hayoti bilan boshqa xalq turmushini qiyoslash imkoniyatini beradi, yangi mavzular hadya etadi.
Shoir qaer to‘g‘risida, nima to‘g‘risida yozmasin, avvalo o‘zi to‘g‘risida, o‘z xalqi va yurti to‘g‘risida yozadi. Keyingi she’rlarimda ona tilimiz to‘g‘risida yozganlarim Marokash safarida tug‘ildi, desam, ko‘plar ajablanishi mumkin. Munosabat haqiqatan ham uzoq. Lekin gap shundaki, Marokashdagi Arab tili markazini ko‘rib, u yerlik olimlar arab tilini chuqur o‘rganish, uni yangi atamalar bilan boyitish, butun dunyoda targ‘ib qilish borasida shunday ishlar qilishmoqdaki, ochig‘ini aytganda, o‘zbek tilshunoslaridan xafa bo‘lib ketasan kishi. Bu markazda vaqti-vaqti bilan barcha arab mamlakatlaridan tilshunos olimlar yig‘ilib, dunyo tillarida yangi paydo bo‘lgan atamalarni arab tilida qanday ifoda qilish ustida, umuman, turli tillar bilan arab tilining o‘zaro aloqalari xususida ilmiy kengash o‘tkazadilar. Ijtimoiy terminlarga ham, ilmiy-texnik terminlarga ham ekvivalent topadilar.
Bizning tilshunoslik markazimiz nima bilan shug‘ullanadi — xudoning o‘zi biladi. Yaqinda televizorda bir injenerning chiqishini ko‘rdim. Mashhur spektakldagi Alisher Navoiy so‘zini takrorlagim keldi: «Ko‘zim chiqsun seni ko‘rguncha bundoq». Nutqda o‘zbek so‘zlari yo o‘n foiz, yo o‘n besh foizni tashkil qiladi. Gap texnika uskunalari haqida borayotgani uchun fe’llar va kelishik qo‘shimchalarinch hisobga olmasak, qolgani yo, ruscha, yo baynalminal so‘zlar yig‘indisidan iborat.
Tilga e’tibor — elga e’tibor, deymizu, hech birimiz tilimiz imkoniyatlaridan to‘laroq foydalanishni o‘ylamaymiz. Bu borada rus tilshunoslaridan ham o‘rgansak bo‘ladi. Axir samolyot, parovoz, poezd, paroxod singari ko‘plab so‘zlar — tilshunoslar kiritgan atamalar. Arablar samolyotni tayyora (ozarbayjonlar ham), poezdni — qitar, avtomobilni sayyora deb atashadi.
To‘g‘ri, rus tilida ham chetdan o‘zicha, betarjima qabul qilingan atamalar ko‘p. Lekin o‘zbek tilida bunday so‘zlar chet atamalar hisobiga ham, ruscha atamalar hisobiga ham juda tezlik bilan ko‘payib bormoqda.
Shularni o‘ylab ukrain shoiriga bag‘ishlangan she’rda:
Ona tiling dardin saqlab ko‘ngilda
Nola qilsam, ko‘kka chiqar faryodim,
Yetmish yetti pushtim so‘zlagan tilda
So‘zlarmikin yana yetti avlodim,
degan satrlar yozilgan edi.
— Men o‘tgan yili Farg‘ona vodiysida bo‘lganimda, odamlari nihoyatda sodda bo‘lgan bir qishloqni ko‘rsatishdi. Bu yo Anvar Obidjon tug‘ilgan qishloq, yo unga qo‘shni kolxoz yerlari edi. Menga hatto «Donishqishloq» qahramonlari shu yerda yashaydi, deb ham aytishdi. Bugungi suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, bu ma’lumot ko‘proq o‘sha sodda odamlarning xohishidan tug‘ilgan ko‘rinadi.
Siz hozir «Istambul fojiasi»ni tilga oldingiz. Haqiqatan ham, bu asarda tasvirlangan voqeani xohlagan mamlakatga ko‘chirish mumkin. Chunki, asar markazida Istambul bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan muammo emas, balki umuman hozirgi davrning muhim ma’naviy masalalaridan biri yotadi...
— Hayotda paradokslar ko‘p. Aqlga muvofiq kelmaydigan teskariliklar ko‘pincha badiiy asarga mavzu bo‘ladilar. Bir odam vatandan olisda uning mehri va sog‘inchi bilan yashasa-yu, boshqa odam vatanda yashab turib unga xiyonat qilsa... Kishi tirik turib o‘zimning tirikligini odamlarga aytolmasa, chunki tirikligidan ko‘ra barhayotroq yaxshi nomi, ikkinchi umri o‘ziga va hammaga qimmatli bo‘lsa... Bular va bularga o‘xshash muhabbat bilan bog‘liq, shuhrat, shon orzusi bilan bog‘liq paradokslar dramatik dostonga asos bo‘ldi. Mening kema sayohati bilan Istambulda ikki kecha bo‘lganim, kemamizning to‘lqinda qolgani bir turtki bo‘ldi-yu, ko‘ngildagi gaplar, his-tuyg‘ular dramatik doston shaklida qog‘ozga tushdi.
Bir ulug‘ rassom o‘z asarlari ko‘rgazmasida ko‘pchilikka manzur bo‘lgan bir asarining qancha vaqtda chizilgani haqidagi savolga shunday javob bergan ekan: «Butun umrimni va uch kunimni sarf qildim».
Darhaqiqat, bir asarga kishi umr bo‘yi yiqqan tajribasi, ruhiy boyligi to‘kiladi. Istambulda o‘tgan ikki kunda qahramonlarning butun hayoti daftardek varaqlangan bo‘lsa, bu asarni yozishga ketgan uch oy muddatda umrim bo‘yi meni o‘ylatgan, behalovat qilgan fikr za tuyg‘ular o‘rtaga tushdi.
Iskandarning iztirobi ko‘nglimga yaqinligi ota-onasiz kechgan o‘ksik bolaligim tufayligina emas. Men Iskandarlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, asarning kirish qismida yozilgandek, ularning ko‘zlari tubiga cho‘kkan dardni his qilganman.
Shukrki, qayta qurish zamoni xalqaro munosabatlarimizda ham, xususan, chet eldagi vatan- doshlarga munosabatda ham yangicha fikrlash davrini boshladi. Bu asar yozilgan vaqtda hali boshqacha fikr, ya’ni vatandan ketib qolgan kishi kim bo‘lishidan, qanday sabab bilan ketganidan qat’iy nazar xoindir, degan fikr hokim edi.
Asar dunyo yuzini osonlik bilan ko‘rgani yo‘q. Afsuski, bunday qarashlar hali ham yo‘qolmagan. Bir zamonlar urushda asir tushganlarga yalpisiga shunday munosabatda bo‘lingan. Iskandarning yurtiga qaytmaganligiga juda ko‘p sabablardan biri shu edi.
— «Istambul fojiasi»da olisdagi ona yurt chiroqlari bilan birga haqiqat fonusining nuri ham o‘qtin-o‘qtin charaqlab qoladi. Bu so‘nggi nur garchand g‘ira-shira bo‘lsa-da, bugungi voqealigimizning ayrim sohalarini yoritgandek bo‘ladi. Iskandar fikriga ko‘ra, dunyoda haqiqat yo‘q, faqat manfaat deb atalgan cho‘pon odamzodni poda qilib haydab yuradi. Bu so‘zlarni garchand kapital- dunyosining mohiyatini anglagan odam aytsa-da, u biz uchun ham begona xulosa emas. Shuning uchun ham Jalol: «Xudparastlik, nomardlikniig har daqiqasi haqiqatning yuragiga otilgan o‘qdir», deydi. Afsuski, o‘tgan yillar oralig‘ida bunday daqiqalar oz bo‘lmagan ekan.
Lekin adabiyotimiz, ayniqsa she’riyatimizning aksar namunalarini o‘qib, olam — guliston degan xulosaga kelish qiyin emas. Adabiyotimiz hali hayotdan, hayot haqiqatidan uzoqda. Soxta patetika hali ham so‘nmagan. Sizningcha, hayot haqiqatining, oshkoralikning badiiy asar hujayralariga to‘la kirishiga unda hayotning allaqanday taraqqiyot nuqtasi va istiqboldagi holati emas, balki bugungi jonli ahvoli aks etishiga nimalar xalaqit bermoqda?
— Oltmishinchi yillarning boshida bo‘lgan bir voqea sira esimdan chiqmaydi. Kech kuz edi. Qor aralash yomg‘ir boshlangan. Paxta planining bajarilishi gumon bo‘lib qolgan edi. Barcha yozuvchilar xalqni safarbar qilish vazifasi bilan dalaga otlangan. Endigina Yozuvchilar soyuziga a’zo bo‘lgan men ham Sunnatulla Anorboev boshliq delegatsiyaning a’zosi bo‘ldim. Biz kolxoz idorasiga kelganimizda, rais bizni sovuqqina kutib olib, kechki yig‘inga — brigadirlarning hisobotiga taklif qildi. Kechqurun uzoq-yaqindan loy kechib brigadirlar kelishdi. Yig‘inning boshidan rais ularni bo‘ralab so‘ka boshladi. Birma-bir turg‘izib, aybdorni sud qilgandek so‘roqqa tutdi, do‘q va dag‘dag‘alar qildi. Oxiri, «Mana senlarga men tushuntirolmasam, yozuvchilar tushuntirsin», deb delegatsiyamiz boshlig‘iga so‘z berdi. S. Anorboevning nima degani esimda yo‘q. Lekin raisning nohaq tahqiriga ko‘nib, chidab o‘tirgan brigadirlar hanuz ko‘z oldimdan ketmaydi. Yerda paxta bo‘lmasa, ular sho‘rlik nima qilsin? Qor aralash yomg‘ir yog‘ib turganda, kim dalaga chiqadi-yu, bu, sifatini yo‘qotgan ho‘l paxtaning kimga qanchalik foydasi bor?..
O‘sha kundan men xulosa qilib chiqargan haqiqat shunday edi: Avvalo bunday sharoitda dalaga chiqib bo‘lmasligini rais ham, bir chetda indamay o‘tirgan raykom vakili ham, yuqoridagi o‘rtoqlar ham bilishadi. Qor ostida qolgan «oq oltin»ning kolxozga oltin bahosiga tushishi ham, moddiy zarardan boshqa narsa emasligi ham ularga ma’lum. Lekin planni to‘ldirish kerak, raport berish kerak. Eng yuqoridan talab shu. Qarshi turgan odam o‘z joniga zavol bo‘ladi. Obkom raykomni siqiqqa oladi, raykom raisni, rais brigadirni. Endi pastdan yuqoriga qarab pog‘onama-pog‘ona: «Biz ishlayapmiz, hamma imkoniyatni ishga solyapmiz, hammani safarbar qilyapmiz, uxlamayapmiz, tinchimayapmiz», degan jon asrovchi ma’lumotlar ketadi. Studentlar yomg‘irda uch kunlab baraklarda yotadi. Hech kimga biror soatga biror yoqqa siljishga ruxsat yo‘q. Hamma bilsin, biz bor choralarni qilyapmiz va hokazo.
Hech kim: «Biz kimni aldayapmiz?» deb so‘ramaydi. Ana shu holat bizda uzoq vaqt barqaror bo‘ldi. Hozir ham inertsiya bilan davom etmoqda. Buning sabablari ko‘p. Avvalo kolxoz bilan davlat o‘rtasida oldi-sotdi ishi har ikki tomonning teng manfaatdorligi asosiga qurilmagan. Nomi oldi-sotdi bo‘lsa ham, aslida, prodrazvyorstka zamonidagi kabi paxta undirib olinadi. Qolaversa, «oq oltin»ning narxi po‘choq bahosida. Dala qahramoni bulgan paxtakorning bir kunlik ish haqiga Toshkent bozorida ikki dona olma beradi.
Bu gaplarni baralla aytish kerak bo‘lgan vaqt yetdi.
Aytish kerak bo‘lgan gaplar juda ko‘p. Lekin hamon ko‘nglimizda andisha, yuragimizda hadik bor.
Bir shoir do‘stim — juda ko‘p madhiyalar yozgan shoir — yaqinda qulog‘imga shunday dedi: «Bilasanmi, do‘stim, zamon nozik, aytadigan gapingni ehtiyot bo‘lib gapir. Demokratiya va oshkoralik ham qopqonga o‘xshagan narsa. Ular — ko‘rsatkich barmoq bilan yuqorini ko‘rsatdi, — ular ba’zi laqmalarni gapirtirib olib, shartta qopqonga tushiradi. Keyin «tsap-tsarap» — yeydi-qo‘yadi».
U «tsap-tsarap» degan so‘zni shunday lazzat bilan aytdiki, beixtiyor labini yalab qo‘ydi.
Shundan keyin ham qo‘rqmay ko‘ring.
Keling, es borida etakni yopib suhbatni to‘xtataylik. Yana kim biladi, deysiz.
Suhbatdosh: Naim Karimov
“Sharq yulduzi” jurnali, 1988 yil, 1-son