Sevimli san’atkor Gulchehra Jamilovani xalqimiz Zebuniso, Nodira, Kumush timsolida ko‘radi. U yaratgan har bir obraz san’atga mehri baland bo‘lgan yurtdoshlarimizning e’tiboridan chetda qolmagan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, hayotda ham sahnadagi kabi aqlli, jozibali, kamtarin bo‘lgani bois hamkasblari davrasida ham hurmati baland.
— San’at — hayotimning mazmuni. Unda kechgan quvonchu tashvishlar hayotimning eng baxtli onlari. Hali orzularim cheksiz, lekin sahnada san’atkorning umri qisqa, — deydi Gulchehra Jamilova.
— Baribir xalqimiz ko‘z o‘ngida Gulchehra Jamilova deganda beixtiyor Kumush gavdalanadi. Bu rolni siz yoshlik davringizda o‘ynagansiz. Kumushning sevgisini, dardu quvonchini shu yoshda qalbga singdirish oson bo‘lmagandir...
— «O‘tkan kunlar” filmida qatnashganim men uchun ham baxt, ham katta maktab bo‘ldi. Maktab deyishimning boisi, bu asar dastlab ekranlashtirilayotgan paytda juda katta ustoz aktyorlar ham ishtirok etishdi. Rejissyor obrazlarga munosib aktyorlarni saralash jarayonida har tomonlama kuchli, iste’dodli san’atkorlar jamoasini tuza bildi. Filmda o‘sha davrning ruhiyatidan tortib, oila a’zolarining bir-biriga o‘xshashi, ichki va tashqi dunyosining go‘zalligigacha ochib berishga harakat qilingan. Bu film suratga olinayotgan paytda san’at institutining 4-bosqich talabasi edim. Sochim qirqilgan, paranjini qanday yopinishni ham bilmasdim. O‘sha paytda Kumush obrazini Yozuvchi tasvirlagandek marg‘ilonlik qiz o‘ynagani ma’qul, degan fikr-mulohazalar ham bo‘lgan. Rus maktabida tahsil olganim bois, to‘g‘risi, «O‘tkan kunlar» asarini o‘qimasdan turib, Sobir Muhammedov yozgan ssenariydan kelib chiqib, rol o‘ynaganman.
Ba’zan asarni o‘sha vaqtda o‘qiganimda Kumush obrazini yanada teranroq ochib bergan bo‘larmidim, degan xayolga ham boraman. Nima bo‘lganda ham Kumushni osmondagi qahramon emas, yonimizda yashayotgan hayoli, iboli, iffatli qiz timsolida yaratish kerak edi. Menda bu obrazga yaqin fazilatlarni sezgan rejissyor sinov davrida ko‘p narsalarni o‘rgatdi. O‘sha filmda ishtirok etganlarning bu asarga hurmati balandligi bois, o‘ziga berilgan obrazni sidqidildan o‘ynashgan. Men ham ustoz san’atkorlar mehnati soyasida Kumush obrazini baholi qudrat o‘ynaganman.
— «O‘tkan kunlar» asari asosida yaratilgan yangi talqindagi badiiy filmda siz Kumushning onasi obrazini o‘ynadingiz. Ayting-chi, sizni qaysi rol ko‘proq hayajonga soldi?
— Xalqimizda qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan naql bor. Kumush Oftoboyimning tarbiyasini olgan qiz. Shuning uchun bu rolga meni taklif etishdi. Mening orzuim esa mutlaqo boshqa, ya’ni O‘zbekoyimni o‘ynash edi. Aktyor xalqi yaxshi rolga, yaxshi asarga to‘ymaydi. Nima bo‘lganda ham men bu filmda boshqa ishtirok etmasligim kerak edi, deb o‘ylayman. Masalan, “O‘tkan kunlar” birinchi ekranlashtirilganda Oftoboyim qisqa ko‘rinishda bo‘lgan. Bu safar o‘ynagan rolimdan aktyor sifatida qoniqmadim. Chunki bu obraz avvalgisida me’yoriga yetkazib yaratilgan. Ikkinchi filmda Oftoboyimning dardu hasratlari, ichki kechinmalari, O‘zbekoyimning xarakteri ham ko‘ngildagidek ochib berilmadi, nazarimda. Masalan, O‘zbekoyim oqsuyak ayol. U dasturxon atrofida o‘tirganda qo‘lida yelpig‘ich bilan pashsha qo‘rimaydi.
Aktyorlar bugun kino san’ati rivoji uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, bu filmni birinchisidan ko‘ra teranroq, u davrni chuqur o‘rganib havas bilan o‘ynashi kerak edi. Uzoqqa bormaylik... Toshkentga Kumush keladi. U O‘zbekoyimning rozi-rizoligini olmay turib, Otabek bilan oila qurgan. O‘sha zamonlarda paranjisini ochib qaynonasi bilan iymanmasdan ko‘rishishi qaysi sharqona odobga to‘g‘ri keladi? Biz o‘ynagan kinoda Kumushni marg‘ilonlik keliningiz deb tanishtirganda yuzi qizaradi. Uyatdan ko‘zini yerdan uzolmaydi. Ba’zilar rol ijro etayotganda xato qilib qo‘yishsa, rejissyordan yoki atrofdagilarning munosabatidan hayiqishadi. Tajribamdan aytishim mumkinki, aktyor uchun yaxshigina tug‘ma iste’dod, mahorat kerak. Mahorat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Buning uchun hayot tajribasi hamda tinimsiz mehnat qilishga to‘g‘ri keladi.
— Bugun turli saviyadagi kinolar yaratilmoqda. Ularda mahoratli aktyorlar tayyorlaydigan oliygohda ta’lim olayotganlar emas, ko‘proq boshqa soha vakillari — telejurnalistlar, diktorlar, qo‘shiqchilar va hatto kasbi-kori quruvchi, sotuvchi bo‘lgan biznesmenlar ham “aktyor” sifatida namoyon bo‘lib qoldi. Xalqning iste’dodli san’atkori sifatida bu holga sizning munosabatingiz qanday?
— Sahna san’ati, aktyor ijodining tabiati nozik. Bugun bor film ertaga eskirsa, san’atkorlar ham ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Uni gazetada chiqqan taqriz, xotira, suratlar ham tiklashi amri mahol. Buning uchun avvalo, kinoni suratga olish jarayonida biror ijrochining bu sohaga adashib kirib kelganini va bu umumiy maqsadga putur yetkazishi sezilsa, undan voz kechish kerak.
Avvallari har bir epizod lentaga muhrlanmasidan oldin rejissyorlar ijodiy guruh bilan maslahatlashardi. Agar biror aktyor qarshi chiqsa, uning taklifini ham atroflicha o‘rganib, agar maqsadga muvofiq bo‘lsa, bajonidil qabul qilinardi. Shuning uchun ular tomoshabinlarga yo‘q narsani bor qilib ko‘rsata olardi. Hozir aktyor, rejissyor va operatorning tasavvur kuchi tomoshabinlarni ishontira olmayapti. Chunki bizda ssenariylar juda bo‘sh.
San’at oliygohlarida tahsil olgan yoshlar betakror rollar bilan ko‘zga ko‘rinmayapti? Bu — bizning oqsoq masalamiz. Ko‘pincha kinossenariy mualliflari dramaturglar emas, rejissyor yoki jurnalistlar, hatto ijoddan butunlay uzoq bo‘lgan odamlar bo‘lib qolayapti. Teatr, kino olamida qobiliyatli aktyorlar ham ko‘p, ammo tom ma’noda katta san’atkorlarimiz ko‘rinmayapti. Rejissyor aktyorlardan hamisha nimanidir o‘rganishi, ulardan ma’naviy ozuqa olib turishi kerak. Yo‘qsa, ularning ham ishtiyoqi e’tiborsizlikdan so‘nib qoladi. Men bir narsaga hayronman: dramaturglar yoshi ulug‘ aktyorlar uchun ham asarlar yozishsa bo‘lmasmikan? Ko‘pincha el ardog‘idagi san’atkorlarning umri teatrda biror chol yoki kampir obrazi tegarmikan, degan umidda o‘tayapti. Adiblarimiz o‘z asarlariga yozilgan ssenariylari ekranlashtirilayotganda san’at ahli bilan ijodiy hamkorlik qilishsa, filmlarimiz ancha pishiq va puxta chiqardi.
Hozir har bir filmning sifatini yaxshilash borasida jiddiy ishlarga qo‘l urilmoqda. Dramaturglar, rejissyorlar, aktyorlar, rassom va bastakorlar o‘z mahoratlarini oshirishi, mas’uliyat hissini chuqur anglagan holda ish olib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Endi har bir film (u badiiymi, hujjatlimi, multiplikatsionmi bundan qat’i nazar) juda qattiq sinovdan o‘tishi kerak, deb o‘ylayman. Axir, bir filmni suratga olish uchun ko‘p vaqt va mablag‘ sarf bo‘ladi.
— Agar ta’bir joiz bo‘lsa ayting-chi, ayni paytda qalbingizda yana qanaqa obraz yaratish niyati bor?
— Bilasizmi, hozir qo‘limga tushgan ssenariylarda mening ruhimga mos keladigan obraz uchramayotgani sababmikan, buni aniq ayta olmayman. Lekin jamiyatdagi biror muammoni ochib bera oladigan, o‘zining yurish-turishi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘la oladigan zukko, iffatli, his-hayajoni ko‘zlarida chaqnab turgan, fikrlari teran ayol obrazini o‘ynagim keladi. Bu orzuim balki vrach, balki o‘qituvchi yo biror olima timsolida namoyon bo‘lar. Hozir ekranlashtirilayotgan filmlarda ayol obrazi qozon-tovoqqa o‘ralashib qolgan yoki o‘ta sipo yo jahldor qaynona timsolida namoyon bo‘lmoqda. Axir xalqimiz ayrim filmlardagi qiyofasiz obrazlardan, tog‘ora-nog‘ora mojarosidan zerikdi. Endi biz san’atkorlar haqiqatga yaqin turishimiz kerak.
Aktyor sahnada — aktyor, hayotda esa hamma qatori oddiy inson. Uning xizmati faqat rol o‘ynashi yoki mashinada to‘yga borishdan iborat emas, jamiyatga aralashib foydali ish qilishi ham kerak. His qilayapmizmi, hozir XXI asrda yashayapmiz! Ammo biz o‘sha bir xil mavzulardan chetga chiqa olmayapmiz. Tomoshabin esa zamonaviy kinoda biz — qahramonlarning ko‘ziga tik boqib, uning o‘y-xayollarining mazmun-mohiyatini bilib olishni istaydi. Ekranda aytgan so‘zi unda teran yoki munozarali, to‘g‘ri yoki xato fikrlarni uyg‘otib, davr va hayot haqidagi tasavvurlarini shakllantiradi. Shu sababli teatr yoki kinoda qahramonlarning xatti-harakatlari, fikr-mulohazalari juda jo‘n bo‘lmasligi kerak.
— Sahna san’atining taraqqiyoti doimo O‘zbek Milliy akademik drama teatr faoliyati bilan ta’riflanib keladi. Siz uzoq yillar mobaynida ana shu muqaddas dargohda ishlagansiz. Bizga teatr tajribasi, uning yutuqlari, o‘tmishi va buguni haqida gapirib bersangiz?
— Darhaqiqat, teatrimiz sahna orqali insonlar qalbiga ezgulikni jo etish yo‘lida dadil qadim tashlayotir. Buni sahnaga taqdirini bog‘lagan ulug‘ san’atkorlarning shonli yo‘li ko‘rsatib turibdi. Teatrda sahnalashtirilgan “Boy ila xizmatchi”, “Hamlet”, “Alisher Navoiy”, “Shoh Edip”, “Qutlug‘ qon”, “Qiyomat qarz”, “YUliy Sezar”, “Fig‘on”, “Zebuniso”, “Sarviqomat dilbarim” va boshqa ko‘pgina asarlar ana shu yo‘lning ko‘zgusidir. Nomlari zikr etilgan va etilmagan boshqa ko‘pgina spektakllardagi muvaffaqiyatlarda so‘zsiz ne-ne ulug‘ san’atkorlarning xizmati beqiyos.
Endi bugun teatr, zamonaviy sahna erishgan yutuqlarga diqqat bilan nazar tashlasak, o‘sha ustozlarning olijanob va ma’naviy yordamini his etamiz. Teatrda ish boshlagan chog‘larimda ko‘pgina domlalarimiz shu teatrning ijodkorlari edi. Olgan saboqlarimiz bekor ketmadi. Ustozlar sahna haqiqatini topishga yo‘l ko‘rsatdi, doimo zamonaviy mavzularga murojaat qilishni o‘rgatdi. Ushbu teatr maktabi shaklan va mazmunan milliy teatr san’atini yaratishga yordam berdi. Biz teatrda ishlagan paytda ham, undan keyingi davrlarda ham obraz xarakterini mukammal ochish uchun uni puxta o‘rgandik. Aktyorlar sahnaga ancha tayyorlangan holda chiqishardi. Afsuski, hozir teatrlarimizda bunday mashaqqatli, lekin samarali mehnat unutilib bormoqda. Bugun ham teatr spektakl ustida ana shunday jo‘shqin mehnat qilishni talab qilish kerak. Chunki qayerda inson ruhi to‘la va yorqin ochilgan bo‘lsa, o‘sha yerda yuksalish bo‘ladi. Ustozlarim menga “Sening tashqi qiyofang ijobiy, salbiy obrazlarni o‘ynamaganing ma’qul” deyishadi. U paytlar salbiy rolda o‘ynaganlar kuchli xarakterga ega aktyor hisoblanardi. Nima bo‘lganda ham har xil rollar yaratdim. Lekin teatrdan o‘zimni topolmadim, deb o‘ylayman. Ko‘proq kinoda yaratgan obrazlarim meni xalqqa tanitdi.
— O‘zbek filmlarining bugungi tarjimasiga qanday qaraysiz?
— Ilgari o‘zbek filmlari faqat Moskvada tarjima qilinardi. U paytlar kino san’atiga e’tibor hech qachon bugungidek bo‘lmagan. Bitta filmni rus tiliga o‘girish uchun ne-ne chig‘iriqlardan o‘tkazilardi. Bugun kino san’atining dunyoga chiqishi uchun barcha shart-sharoitlar, erkinliklar yaratilgan. Bundan samarali foydalanish lozim. Ammo bugun yaratilayotgan filmlarni bir tahlil qiling: qaysi kinomiz chet tiliga tarjima qilinsa bizga shuhrat keltirarkan? Ko‘pgina filmlar turli xil shevalar asosida dublyaj qilinmoqda. Bu holda sof adabiy tilimizga putur yetmaydimi? Masalan, biz kino yoki spektaklda hechni xech, “himoya”ni “ximoya”, “Hindiston”ni “Xindiston”, “bo‘lmag‘ur”ni “bo‘mag‘ir”, “kelsani” “kesa”, “bo‘lsani” “bo‘sa, “yangini” “engi”, “ana shu yerda”ni “o‘tda” demaganmiz! Endi yengi, bo‘sa, o‘tda degan so‘zlarni bir tahlil qilib ko‘ring-chi, qanday ma’no kelib chiqarkan? Tarjima — bu jiddiy masala. Bu san’at nafaqat kino san’atimizni, balki millatning ruhiyatini ham dunyoga ko‘rsatadi. Shu bois ongli kishi borki, jamiyatdan qancha manfaat olsa, shuncha qaytarishni ham o‘ylashi kerak.
Adiba Umirova suhbatlashdi
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).