OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulg‘ayish iztiroblari vaqtning hukmida (O‘zbekiston xalq artisti Hojiakbar Nurmatov bilan muloqot) (2006)

Cheksiz osmon ostida hech bir narsa abadiy emas. Demakki, ijodkor uchun sahna hayoti ham betakror oniy lahza, xolos. Har bir avlod o‘z izdoshlariga o‘rnini bo‘shatadi. Bu — vaqtning hukmi. Shuning uchun ham sahna hamisha navqiron. Shoir:
Yuzni ko‘rmoq qiyin boqib yaqindan
Har narsa yiroqdan ko‘rinar ayon,
deganidek, biz ham haqiqiy aktyorning sahna hayotidan keyingi o‘ylari, iqrorlarini anglash maqsadida, birgina ovoziyu nigohi orqali botinidagi qudratning kuchini ko‘rsatolgan san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Hojiakbar NURMATOV dunyosiga nazar tashlaymiz.

— Aktyor taqdirini o‘zidan kuchli rejissyorning qo‘liga topshirishni xohlaydi. Agar rejissyor kuchli bo‘lmasa, aktyor uni mensimay qo‘yadi. Men bilan birga ishlagan rejissyorlar sahna ilmini mendan nozik tushunganlari uchun butun ixtiyorimni hech ikkilanmasdan ularga ishonib topshirardim. Chunki ular men hali ko‘ra olmagan narsani allaqachon anglab yetgandilar. O‘ylaymanki, bugun bizning eng zaif, kemtik tomonimiz yaxshi rejissuraning yo‘qligida. Tan olish kerakki, bizning avlod uchun eng kuchli rejissyor — Bahodir bo‘lib qoldi. Tajribamdan kelib chiqib aytaman — rejissyor talantdan boshqa hech narsani tan olmaydigan diktator bo‘lishi shart. U nainki aktyorlarga, kerak bo‘lsa mualliflarga va o‘ziga ham “shafqatsiz” bo‘lishi lozim. Uni na og‘aynilari, na pul, na aktrisaning qaddi-qomatiyu qosh-ko‘zi chalg‘ita olmasin. O‘shandagina u nimalargadir qodir bo‘ladi.
O‘z rejissyorini topgan aktyor omadli aktyor. Agar men Bahodirni topdim desam, unga ishonch bildirgan bo‘laman, u menga ishonadi. Men uning gaplarini yarim soat tinglab o‘tirishim shart emas. Ko‘zidanoq nima demoqchiligini, urishsa nimaga e’tiroz bildirayotganini, maqtasa nima uchun va qay darajada maqtayotganini bilaman. Rejissyor va aktyorning bir-birini tushunishi nihoyatda kam bo‘ladi. Vaqt o‘tgan sari moslashib ham ketasan. Lekin sen unda ijod qilmaysan. “Robot”ga aylanasan. Unda obrazning joni bo‘lmaydi. Harqancha urinma, yurak sezilmaydi.
Bir quti sigaretni stolga qo‘yib, gapni futboldan boshlardik-da suhbatimiz mavzusi o‘z-o‘zidan teatrga ko‘chardi. Bahodir ko‘zimga tikilib turib “Hoji, Protasov — bu, sensan!”— derdi.
— Qanaqasiga, axir boshqa aktyor o‘ynayapti-ku.
— Yo‘q, gapni eshitgin, tasavvur qil, eski plashchingga o‘ranib kelyapsan, bechorahol. Ilgari Rossiyada Tolstoyning “Tirik murda” asari qo‘yilganda, teatrga faqat erkaklar kiritilgan. Ayollarni kiritish qat’iyan man etilgan. Chunki erkaklar yig‘lab-yig‘lab chiqib ketishgan. Ularning ko‘zyoshini ayollar ko‘rmasligi kerak edi. Hamma erkakning o‘ziga yarasha siri, baxtsiz muhabbati bor. Tushungin, bu poymol bo‘layotgan ayanchli muhabbat tarixi.
Shu gapning o‘zidayoq menga jon kirardi. Rejissyor yuragimga Protasovning o‘tini yoqdi. Uning mahorati shundaki, aktyorini o‘z roliga ishontira boshladi. Afsus, aktyor yuragining qalovini topadigan bunday rejissyorlar judayam kam. Bu biz aktyorlarning baxtsizligimiz.
Stsenariy ustida ishlanyaptimi, ertangi kunni ham o‘ylash kerak. U erta uchun ham yarashi zarur. Bahodir Yo‘ldoshev sahnalashtirgan “G‘ariblar”da Yevropa hayoti orqali ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi muammo aks etgan. Asar sahna yuzini ko‘rganida, bu mavzu o‘zbek oilalari uchun deyarli yot edi. Afsuski, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi ziddiyat bugun bizning ham hayotimizga kirib kelyapti. Shuning uchun ham “G‘ariblar” har bir avlod ehtiyoj sezadigan klassik spektakl hisoblanadi.
— Teatrning oqsashida dramaturgiyani ayblashlariga qanday qaraysiz?
— Hech qaysi davrda tayyor dramaturg bo‘lmagan. Teatrda bir qoida bor: dramaturg yo‘qmi, klassikaga murojaat qiling. Klassikaga ham o‘ylab, undan bugunni izlab, aktyorlarning kuchini hisobga olib murojaat qilish shart. Nima uchun bu spektakl shu bugun sahna yuzini ko‘ryapti? Sirtdan qarasang, teatr repertuari rang-barang, turli toifadagi tomoshabinlar uchun mo‘ljallangandek. Komediya deb qo‘yilayotgan bachkana tomoshalar keskin tanqidga uchrayotgan bir pallada, “Falonchini qo‘yyapmiz” deb repertuarni zo‘rma-zo‘raki boyitish ilinjida jahon klassikasiga qo‘l urilishini hazm qilolmayman. Negaki, klassikaning o‘z o‘lchovi, mezoni, me’yorlari bor. Teatrning nufuzini saqlayman deb Shekspir yoki Shillerni qurbon qilish, uni tomoshabin ko‘z o‘ngida maydalashtirib yuborish kerak emas. Qaddi-qomati kelishgan, tashqi qiyofasi Gamletga o‘xshab ketadigan aktyor, uning so‘zlarini ravon yodlab olsa-da, sahnada 15 daqiqa yurgandan keyin uning Gamlet emasligi aniq bo‘ladi. Chunki aktyorning o‘zi qahramonining haqiqatlariga ishonmaydi. Unda Gamletnikidek isyonkor yurak, uyg‘oq ruhdan asar ham yo‘q. Aktyordan talab qilinayotgan narsa yurak, o‘ynayotgan roliga halol munosabatda bo‘lish, munofiqlik qilmaslik, partnyorini tinglay bilish, o‘ylab-fikrlab bajarish...
Gap klassik asarlarni qanday va qay vaqtda qo‘ya bilishda. Misol uchun, “Otello”ni urush yillarida qo‘yishning nima keragi bor edi? Shuning uchunki, bu asarda xiyonat haqida gap ketadi. Har qanday kuchli, jasur erkakni janglar emas, ayolning xiyonati qulatadi. Front ortida qolgan yolg‘iz ayollar, urushga ketgan erkaklarning sha’ni. Piesani o‘qib, tushunish, so‘ngra uni o‘zingniki qilib olgandan keyingina talqin qilish kerak. Nima uchun “Gamlet”ni dramaturgiyaning toji deymiz. Badiiyati, falsafasi jihatidan u bilan bellasha oladigan asarlar o‘zimizning Sharqda yo‘qmi? Buning yagona sababi shuki, Shekspir spektaklning qanaqa qo‘yilishi va qanday ijro etilishi haqida asari orqali yozib qo‘ygan.
Gamletning birinchi sahnada aytadigan shunday gaplari bor:

Ey yurak, sen tinch tur,
aqlga e’tibor bermoq kerak,
Aql, sen tezroq ishla,
Va nima bo‘layotganini hal qil.

Demak, “voh-voh” qilib bo‘m-bo‘sh havoni larzaga keltirib, og‘zidan ko‘pik chiqquncha baqirish, yo‘q joydan soxta hayajon yasash shart emas. U aktyorni o‘ylashga, fikr yuritishga undayapti.
Sahna va ekranlarni sinchiklab kuzatsangiz qiziq holatga guvoh bo‘lasiz. Olloh tomonidan berilgan nuqsonlarimizni sotamiz, xomsemiz bo‘lsak qornimizni atayin qimirlatamiz. Chunki tomoshabin qiyqirib chapak chalyapti.
Bir narsaga hayronman, o‘rtamiyona spektakllarga sodda tomoshabinlarning tushishini, ularning olqishlarini qay bir ma’noda tushunish mumkindir. Lekin ko‘ra-bila turib yomon spektaklni zo‘r deb maqtayotgan, san’atning orqasidan non yeydiganlarni umuman kechirolmayman. Xo‘p, agar to‘g‘risini aytishdan andisha qilsa, hech bo‘lmasa sukut saqlab, yolg‘on gapirishdan o‘zini tiysin.
San’atni chuchmallik o‘ldiradi. Na achchiq, na shirin. “Ko‘rsa bo‘ladi, yomonmas” degani, spektaklning o‘lganidan darak beradi. Bunaqa spektakllarga umuman tushmaslik kerak. Tomoshabinni hayratlantirolmagan, uning yettinchi tuyg‘usini uyg‘atolmagan spektaklning yashashga haqqi yo‘q!
Bugungi kun aktyorining maqsadi qanday qilib bo‘lmasin, to‘ylar orqali bo‘lsa-da, tez tanilish, pul topish. Afsuski, o‘sha bazmlarda ham Milliy teatrning nomi rol o‘ynaydi.
Hozir ijoddan ham ko‘ra “el xizmatida yurish” birinchi o‘ringa chiqqan. Agar to‘y bilan spektakl bir vaqtga to‘g‘ri kelsa, rolning oyog‘ini osmondan qilib tezroq o‘ynashga harakat qilishadi. Eng yomoni shuki, to‘ylar aktyorning sirini o‘g‘irlaydi. San’atkor sifatida unda odamlar kashf etishi mumkin bo‘lgan hech qanaqa sir qolmaydi. Negaki, shirakayf odamlar bilan yuzma-yuz turib gapirasiz. Ulardan pul chiqishi uchun betingizni sidirib bor mahoratingizni ishga solasiz. Imkoniyatlaringizni yalang‘ochlashga to‘g‘ri keladi. Agar aktyorning tabiati zaifroq bo‘lsa, kiyinishi, didi, umuman farosatiga shikast yetadi. Bu san’atkor uchun kichkina yo‘qotish emas. Artistni oddiy xalqdan ajratib turadigan o‘z hayosi, ohanrabosi bo‘lishi kerak. Yallachilarning nuqsi urib ketgan qiyofa bilan tarixiy shaxslarni, ularning onalari yoki yorini sahna va ekranda gavdalantirish gunoh.
Aktyorning qay darajada madaniyatli ekanligi ko‘zga yalt etib tashlanadigan hashamat va bashanglikdan uzoq bo‘lgandagina ko‘rinadi. Men shu ma’noda o‘zim bilan zamondosh aktrisalarni hurmat qilaman. Ulardagi saviya, did kiyimlaridayoq bilinardi. Ularni “ana, artist kelyapti” deb qo‘lingni bigiz qilib ko‘rsatolmasding. Ko‘chada ular shu qadar sipo kiyinardiki, keyin ularni sahnada malika yoki qirolicha qiyofasida ko‘rsang... Endi bundagi viqorni, go‘zallikni ko‘ring. Aktyor o‘z qiyofasi haqida o‘ylashi, kitob mutolaa qilib turishi shart. Ertaga Navoiy yoki Bobur, Nodira qiyofasini yaratayotganingda, har qancha urinma saviyang pastligi, fikrlaringning sayozligi baribir ko‘zlaringdan ko‘rinib turadi. Ko‘zlar tomoshabinni aldolmaydi.
— Ba’zi bir teatrlarga tushganimizda, hatto tez-tez chet el safarlariga chiqib turadigan “Ilhom” teatrida ham aktyorlar asarning yukini ko‘tara olmayotgandek, aytayotgan so‘zlarining ma’nosini his qilmayotgandek tuyuladi. Natijada asarning g‘oyasi, qahramonning dardlari, kayfiyati tomoshabinniki bo‘lib qololmaydi. Bu holat o‘zimizning sahna va ekranlarda qayta yaratilgan Navoiy, Bobur, Cho‘lpon, Amir Temur, Ulug‘bek... siymolarida ham seziladi.
— Aktyorki o‘z qahramonining fikrlarini hazm qilolmaganidan keyin qanday qilib tomoshabin uni hazm qilishi mumkin? Teatr tashkil bo‘lganidan beri bahs ketadi. Aktyor o‘qimishli, yuqori darajada fikrlaydigan bo‘lishi shartmi yo yo‘qmi? Shaxsan men bu savolga javob topolganim yo‘q. Ulkan san’atkor Shukur Burhonov hech qaerda o‘qimagan, o‘z ixtiyori bilan Shekspir, Sofokllarning asarlarini varaqlamagan. Lekin u kishi Edipni o‘ynaganda zal larzaga kelardi.
— Shukur Burhonovning san’atiga e’tiroz bildirishga ojizmiz. Ko‘pgina tarixiy shaxslarni ijro etgan. Lekin xalq u kishini Ulug‘bekdan ko‘ra Yusuf yalangto‘sh, Sulaymon ota, Edip qiyofasida ko‘proq eslaydi. Edip taqdirga isyon qilayotgan, o‘zining fojeasiga tik qaray oladigan jo‘mard shaxs! Qanchalik achchiq bo‘lmasin, haqiqatning ko‘ziga tik qarashga chog‘langan inson. Tushunishimcha, bunda aktyor tabiatidagi chapanilik, bag‘ri kenglik va uning zilday og‘ir yuragi yordam bergan. Ulug‘bekdayam olim Ulug‘bekning fojiasidan ko‘ra, tojdor otaning fojiasi ustunlik qiladi...
— Haqiqatan ham fojiaviy sahnalarda Shukur akaning Xudo bergan yuragi yordam berar edi. U kishi ko‘ngliga nima kelsa o‘shanday o‘ynar edi. Nima bo‘lgan taqdirdayam, kino va teatr san’atida faqat Shukur aka ijrosidagi Ulug‘bekninggina o‘z o‘rni bor.
Aktyorning saviyasi asosan olimu shoirlarning obrazini yaratayotganda seziladi. Masalan, hazrat Navoiyni o‘ynash uchun mumtoz she’riyatimizni nozik his qilish, yuqori darajadagi didga, umuman Ijodkor degan so‘zga loyiq bo‘lish shart. Tarixiy shaxslarga, ayniqsa millat timsollariga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur.
— Aksariyat san’atkorlar “Hayotim ham, mamotim ham shu yerda” deya so‘nggi nafasigacha sahnada xizmat qilishni qismat deb bilishadi. Yoshligi, olovli yillari, baxtli lahzalari o‘tgan, uni san’atkor sifatida elga tanitgan dargohni o‘z ixtiyori bilan erta tark etish bu San’atkorning jur’atimi yo ojizligi?
— Nimani nazarda tutganingizni tushundim... Bir vaqtlar MXATning bosh rejissyori bo‘lib ishlagan Yefremov bir asar ustida ishlayotganida, bosh rolga keksa aktrisa Sokolovani uyidan chaqiradi. Aktrisa o‘zining haliyam teatrga kerak bo‘lganligidan, suyunganidan yig‘lab yuboradi. Piesani teatrning o‘zidayoq o‘qib ikki soatcha binoni aylanib chiqadi-da, bosh rejissyorning kabinetiga kiradi.
— Meni chaqirganingiz uchun rahmat. Asar nihoyatda zo‘r. Bu spektaklning muvaffaqiyatli chiqishiga ishonaman. Sizning talantingizga shubha yo‘q. Lekin men o‘ynay olmayman.
— Nega? Men bu asarni siz uchun oldim-ku! Shumi menga bo‘lgan ishonchingiz. Axir o‘zingizning teatringiz...
— ... Afsus, bu teatr endi mening teatrim emas! — deb javob beradi aktrisa.
Sokolova piesaning taassuroti ostida teatr zallarini, pardozxonalarni aylanib yurganida, go‘zalligini, sog‘ligini sarflagan, yuragini bag‘ishlagan teatr uchun begona insonga aylanib bo‘lganligini, bu yerda endi uning hech qanday o‘rni yo‘qligini tushunib yetadi. Kimdir uni taniydi, yana kimdir yo‘q. Yangi avlod kelgan. Muhit tamomila boshqacha. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Insonning insonga munosabati o‘zgarib ketgan.
Shu ma’noda men uchun ham aktrisaning dardi begona emas. Ayniqsa, endi uni ko‘proq tushungandekman. Negaki, bugungi sahna men tabarruk deb bilgan sahna emas. Bu boshqalarning sahnasi. Bir vaqtlar sahnadan to‘ppa to‘g‘ri tomoshabinlar zaliga sakrab tushganim uchun Toshxo‘ja Xo‘jaev “Bu yer ilohiy joy, sen bu shohsupada qanchadan-qancha ulug‘ zotlarning qiyofasini yaratasan, tomosha zalida esa turfa odamlar o‘tiradi. Sahna bilan tomoshabinlarni bir-biriga qorishtirib tashlama”, deb dakki bergandilar.
Sahna muqaddasliligicha qolishi uchun har bir san’atkor o‘z sha’nini hurmat qilishi, tomoshabinlar bilan qorishib ketmasligi, sahna va sahna ortining o‘ziga yarasha odob qoidalariga amal qilib, sirlarini asrab qolishi kerak.
O‘zim sevgan teatrni o‘z ixtiyorim bilan tark etishim, ya’ni yuragimni o‘z qo‘llarim bilan sug‘urib olishim — bu mening kuchliligimdan dalolat bermaydi. Va o‘zimga begona bo‘lgan muhitga singib ketolmaganim ojizligim ham emas. Shunchaki ishxonaga aylanib qolmasligi uchun u yerdan ketishim kerakligini aqlan tushunib yetdim.
Nimasi bilandir san’atkorning bu iqrori “O‘zimga xat yozamanmi?”— deya Layliga yozgan maktublariga o‘t qo‘ygan oshiq Majnunning holatini eslatadi. Menimcha, “teatrni tark etdim” deb aytish, “Men Vatandan ketdim” degandek og‘riqli... Men shu birgina “ketish...” so‘zida ham o‘z javobini topolmagan otashin muhabbatning jarohatini ko‘raman. Balki teatr yillar davomida uning yuragiga, o‘zligiga aylanib bo‘lganligi uchun hamdir, bora-bora uning binosi faqat suratga aylanib qolgandir. Tabiiyki, haqiqiy san’atkor ijod zavqini hech narsa bilan baholamaydi.
— O‘ylashimcha, sizning hayotingiz va ijodingizdagi ziddiyatlar keskin qat’iyatingizda bo‘lsa kerak. Lekin gohida har qancha og‘ir, katta yo‘qotish bo‘lmasin insonning o‘z printsiplaridan ham chekinishiga to‘g‘ri keladi, deyishadi.
— Shaxsan o‘zimning manfaatim uchun printsipimdan chekinmaganman. Lekin mening hayotimdan va men qadriyat deb bilgan narsalardan-da qadrli, aziz insonlar onam va bolamning aziyat chekmasligi uchun qaysidir ma’noda chekinganman. Mening tushunchalarim shu odamlardan azizmi? Menimcha, inson o‘zi uchun noma’qul bo‘lgan, o‘zining tabiatidan yiroq narsani printsip qilib olmaydi. Siz biror bir haqiqatni o‘zingizga qonun qilib olishingiz uchun hamma jarayonlarni o‘zingizdan, shuuringizdan o‘tkazib, aqlan mukammal darajaga yetkazasiz. Qani qancha vaqt shu haqiqat bilan yashay olasiz? O‘lguningga qadar shu yukni ko‘tara olasanmi? Shundagina sening kimliging, asl qiyofang ko‘rinadi. Bilaman, printsiplarim bilan ko‘p narsani yutqazishim mumkin. Yutqazganlarim shu printsipimni ushlab turishimga arziydimi? Arzisayam men haqiqatimni, agar jigarlarim ozor chekmasa ushlab turaman. Irodamni shu orqali toblayman, qachongacha dosh berishini sinayman. Buning yomon joyi yo‘q. Ko‘p yillar davomida senga hamroh bo‘lgan printsipdan yuz o‘girish, bu o‘zingdan voz kechish.
— Tanlagan yo‘lingizdan afsus chekkan vaqtlaringiz bo‘lgandir...
— Agar biror bir aktyor men mana shu kasbni tanlaganimga hech qachon afsus chekmaganman desa, u yolg‘on gapirgan bo‘ladi. Demak, u ijod qilmagan, kasbning og‘riqlarini yuragidan o‘tkazmagan, hech qanaqa to‘siqlarga duch kelmagan. Har qanday aktyorning ham yillar o‘tgan sari imkoniyatlari torayadi. Aytaylik, mening aqlim, imkoniyatlarim charxlangan, vujudim yonyapti. Mening o‘z qahramonim, talqin etishim kerak bo‘lgan shoh rolim bor. Hamisha uning xayoli bilan yuraman. Lekin endi bu yoshimga, to‘g‘ri kelmaydi. Xo‘p, mayli Lirni o‘ynarman, o‘ynay olaman deb o‘zimni ovutib yurgan vaqtim menga “Sizga rahmat, shuncha yil fidoyilik bilan ishladingiz. Teatrimizning iftixorisiz. Endi dam olsangiz ham bo‘ladi” deb tantanali ravishda kuzatib qo‘yishadi. Mana sizga aktyorning sahnadagi oddiy qismati.
— Shunday bo‘lsa-da, sahnani sog‘insangiz kerak...
— Eh-he... sekin aytasizmi! Bilasizmi, tush ko‘rsam ham faqat teatrni tush ko‘raman, o‘tgan kunlarni qo‘msayman, o‘sha paytdagi ijodiy jarayonlarni sog‘inaman... Tushlarimda liboslarni kiymoqchi bo‘laman, lekin ular menga to‘g‘ri kelmaydi. Yoki rol olaman, ammo so‘zlarini bilmayman. Hatto, tushlarimda ham xo‘rsinib qo‘yaman. Negadir keyingi vaqtlar ko‘proq tushkun xayollarga berilyapman. ...Ey voh, hammasi tushdagidek ko‘z ochib yumguncha o‘tdi-ketdi-ya! Bu shamolli yillar, jazirama yo‘llar o‘zining otashi bilan bizni tez qaritdi, kuchimizni juda erta tortib oldi.
Armon... izhor qilinmagan muhabbat... yetolmagan manzillar, o‘ynalmay qolgan rollar... Uning ikkinchi nomi Vaqt... Men umr bo‘yi vaqtning orqasidan quvdim, uni o‘zimga bo‘ysundirmoqchi bo‘ldim... Lekin u meni yutib yubordi, mag‘lub etdi, oqibatda yanchdi... Umrimning o‘lchovi mening izmimda bo‘lganida edi... ba’zi bir lahzalarni qanchalik ko‘p cho‘zsam, boshqa damlarni ko‘zimni chirt yumib, quloqlarimni berkitgancha o‘shanchalik tez yashab o‘tardim.
Onam armon bo‘lib qolmasligi uchun, u kishining oldida ko‘proq bo‘lishim kerak edi. Ayolimga ko‘nglimni yorib, mening hayotimga u qanchalik kerak ekanligini aytolmaganim armon... Ra’noning so‘nggi kunlari edi. Ko‘chaga chiqolmasdi. Ishga ketayotganimda u muzqaymoq yegisi kelayotganini aytdi. Qaytayotganda albatta olib kelaman, deb va’da berdim. Kunim dublyaj va suratga tushish maydonchasida o‘tdi. Qorong‘u tushganda toliqib uyga qaytdim. Eshikdan kirib kelganimda u mening qo‘llarimda hech narsa yo‘qligini ko‘rdi... Vaqt o‘tgan sari bu yara yuragimni kemirib tashlayapti. Sizga bu oddiy holdek tuyular, lekin hayot o‘zining shafqatsiz qiyofasini mana shu iztiroblarda ham ko‘rsatarkan...
Odamzot o‘zining hayotiy dasturiga amal qilib kelayotgani uchun ham bashariyatning bu ko‘hna aravasi o‘z yo‘lida davom etyapti. Zero, har bir inson o‘zicha bir olam. Har bir davlatning o‘z dasturilamallari bo‘lganidek, har bir insonning ham bir-birini takrorlamagan o‘z ichki qonunlari bor. Ulg‘ayganing sari sening haqiqatlaring hayotning temir qonunlariga to‘qnash keladi, yolg‘onlari bilan kesishadi. Menimcha, shaxsni Shaxs qiladigan iztirob mana shu to‘qnashuvning mevasi bo‘lsa kerak. Shu iztirob sizni ulg‘aytiradi, hammalashib ketishingizga yo‘l qo‘ymaydi.
Hamma gap mana shunda!

Iqbol Qo‘shshayeva suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 31-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.