OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim Haqqul: “Chin olim yostug‘in toshdin yaratdi” (2008)

Dilorom HAMROYEVA: — Ilmning ibtidosi, umuman, olimlik nimadan boshlanadi?

Ibrohim HAQQUL: — Aql-idrok uyg‘onishi va anglashdan. Anglash shavqi qancha tez kuchaysa, olimlik yo‘li ham o‘shancha barvaqt oydinlashadi.

D.H.: — Ilmiy tadqiqotchi, bu — olimlikka da’vogar degani. Shunday ekan, ilmiy daraja va olim tushunchasi bir-biriga teng kela oladimi?

I.H.: — Umuman olganda, ilmiy daraja yoki unvon nisbiy narsa. Shuning uchun ilmiy daraja va olimlik tushunchasi ko‘p hollarda bir-biriga umuman muvofiq kelmaydi. Tasavvur qiling, kichkina bolakayning boshiga katta va chiroyli bir qalpoq kiygizdingiz — yuzi ko‘rinmay qoladi. Iste’dodsiz ilm kishisining ahvoli ham shunga o‘xshab ketadi — yelib-yugurib qanaqa ilmiy darajani qo‘lga kiritmasin u baribir, qiyofasizlikka mahkum. Ilm unga bir vosita bo‘lganidek, o‘zi bir vositachi yo jallob kabi yashaydi. Ilmning shukuhi nima, azobi qanday, toti qanaqa — bularni u his qilolmaydi. Abdurahmon Jomiy hazratlari bir ruboiylarida:

Har cho zi dari xona daromad da’vi,
Ma’ny ba shitob az rahiravzan bigurext —

deydilar. Ya’ni, har qaerdaki xona eshigidan da’vo — iddao kirib kelsa, ma’no shitob ila tuynukdan chiqib qochadi. Olimning esa ma’nidan yiroqlashish, uni da’voga qurbon etishga sira-sira haqqi yo‘q.

D.H.: — Tadqiqotchi 40-45 yoshda ilmga kirib kelganda ham yosh olim sanaladi. Yosh va olim haqida nima deysiz?

I.H.: — Olim sekin mevaga kirib, o‘sib-ulg‘aygani sayin ildizi chuqurlaydigan daraxtni eslatadi. Yoshlikda, albatta, kuch-g‘ayrat, shiddat to‘lib toshadi. Bundan foydalanish kerak. Kuch-quvvatni ilmga sarflash yaxshi. Ammo uni “tejash”ni ham bilish zarur. Nega? Chunki g‘ayrat, tashabbus, tezkorlik — bu hali tajriba deganimas. Izlanish va tajriba “tegirmoni”da yanchilishga, chidamli olimga men havas qilaman. Hech payt did va saviya pastligiga u ko‘nikolmaydi. O‘zining mavjudligini ko‘rsatish, “alloma”ligini tan oldirish uchun talashib, tortishib yurmaydi.

D.H.: — Bir suhbatda Abdurauf Fitrat kabi olimning bevaqt o‘limi ba’zan millat uchun katta bir davr olimlarini boy berishdan ko‘ra ulkanroq yo‘qotishdir, degan edingiz...

I.H.: — Chunki Fitrat domla kabi Shaxslar necha yuz yillarda bir marotaba dunyoga keladi. Fitratning ilm va ijod jabhasida amalga oshirgan ishlarini bundoq sarhisob qilsangiz, beixtiyor Olloh unga qo‘sh-qo‘sh iste’dod ato etgan deysiz. Uning zukkoligi, bilimdonligi, ilmning bir necha sohalarida erkin qalam tebratishi, fidoiyligi — bularni ta’riflab tugatish qiyin... O‘sha paytda Fitratga otilgan o‘q — o‘zbek ilm-fani, ma’rifat va madaniyatiga otilgan o‘q ekanini men ko‘p o‘ylayman...

D.H.: — Shoirning ijtimoiy shaxsiyatini adabiy qiyofasi bilan solishtirganda, ichki parokandalikni ko‘ramiz. Umuman olganda, bu holatni san’atga daxldor har qanday insonda kuzatish mumkin. Ilm ham ijod, aslida, ijodning eng og‘ir shakli... Bu jihatdan olimning shaxsiyatini qanday izohlaysiz?

I.H.: — Yassaviy bobo: “Chin olim yostug‘in toshdin yaratdi”, deganlar. Olimning shaxsiyati qanday bo‘lishini ana shu gapdan tasavvur qilavering. “Toshi yengil”lik — olim uchun katta ayb. Sabr-qanoat, bilishga tashnalik, zahmatkashlik, tama’ va manfaatparastlik hirsini yengish, hech kori holda yaltoqlanmaslik, dunyoning har turli g‘irrom o‘yinlariga aralashmaslik, haq va haqiqatga sodiqlik — menimcha, olimning Shaxsini bezaydigan fazilatlarning eng muhimlari ana shular. Olim aqli va ilmini bozorga solmasa, uning yo‘qotadigan boshqa bir narsasi yo‘q. Yashayveradi. Unga ilmdan bo‘lak narsani “Ol!”, “Egalla!” degan huquq berilmagan.

D.H.: — Kimnidir “haqiqiy olim edi” deganda uning faqat ilmiy salohiyati ko‘zda tutiladimi?

I.H.: — Ilmiy salohiyati bilan birga haqgo‘yligi, shijoati, yurti va millatiga sodiqligi ham. Ba’zi olimlar go‘yo fikrlash uchun yashaydi. Ular ilmiy mavzulari, g‘oyalari bilan o‘ralashib, ko‘pincha boshqa mavjudliklardan uzilib qolishadi. Oddiy odamlarning dardi, g‘am-g‘ussasi, millat taqdiri — baribir ularga. Odamday yashash matlabida fikrlaydigan olimlar esa, eng avvalo, vijdon va erk navkarlaridir. Ularning qalbida bir olov doimo lovillab turadi. Faqat o‘zinimas, o‘zgani ham o‘ylaydi... qo‘rqib, qaltirab kun o‘tkazishdan uyaladi. Lattachaynarlik qilmaydi.

D.H.: — Bitta ilmiy maktabda shakllangan, ayni birday imkoniyatlarga ega ikki tadqiqotchi bir xil darajadagi olim bo‘lmasligi mumkin. Ilmiy ish saviyasi nimalarga bog‘liq?

I.H.: — Birinchi galda, iste’dodga bog‘liq. Olimlik iste’dodi ijodkor talantidan noyobroqdir. Chunki uning “yuk”i nisbatan ancha og‘ir. Bundan tashqari, “igna bilan quduq qazish” olimning tashqaridagi bir ishi emas, balki botindagi qiynoqli mehnat. Mana shu qiyinchilik va azobning quvonchiga u yetib bormasa, o‘zini ham, boshqalarni ham qiynaydi. Qiynagani shuki, yo‘talsa ham “man” deydi va bag‘ri hasad, kin, adovatga to‘lgani sayin jahli, qahri olovlanib, johillashib ketadi. Bu esa Mirzo Bedil aytgan: “Har ki olim shudam guft johil shud” — “Har kimki olim bo‘ldim deya da’vo qildi — johil bo‘ldi”, degan fikrning amaliy isbotidir.

D.H.: — Ma’rifat arboblari tolibni tarbiyalashda suhbat va jamoatni katta ahamiyatga ega deb hisoblaydilar. Mushohada esa uzlatda kamolga yetadi. Ilm — tafakkur, mushohada san’ati. Olim uchun suhbat va uzlat, munozara va mushohada aks tushunchalarmi?

I.H.: — Olim u yo bu narsada chalg‘ishi mumkin, ammo kimlar bilan o‘tirib-turish va suhbatlashishda adashmasligi zarur. Olimning zuhdi va uzlati zohidnikidan keskin farqlanadi. Buni bilish lozim. Bilmagan, birinchidan, vaqtini yelga sovuradi, ikkinchidan, ruh va ko‘ngil osudaligini ta’minlay olmaydi. Olimda “xususiy mutafakkirlik” maydoni bo‘lmas ekan, “degonim, degon”dan bir paysa ham nari jilolmaydi.

D.H.: — Abdulqodir Giloniy: har bir ko‘ngilning o‘z me’roji bo‘ladi, deydi. Olimning me’roji nimadan boshlanadi?

I.H.: — Olimning me’roji irfon, ya’ni O‘zni anglash. Yunus Emro haq gapni aytgan: “Ilm — o‘zni anglamakdir. O‘zni anglamassan, bu nechun urinmakdir”. Afsuski, sho‘ro zamonida ilm o‘zni anglashga monelik qiladigan qalin “parda”ga ham aylantirilgandi. Haqiqiy olim haddan ziyod siyrak, ilmiy darajali korchalon, kazzob va chalamullalar ko‘payib ketgandi. Ilm-fan ma’lum bir ma’noda din, tarix, milliyat, hurriyatga qarshi boltakashlik qilganligi endi hech kimga sir emasdir.

D.H.: — Inson tabiatidagi yetakchi tuyg‘ulardan biri — shuhratparastlik: ijobiy ma’noda hurmat-e’tibor qozonish. Ilm ham ma’lum ma’noda shuhrat qozonish degani. Olim va shuhratparastlik tushunchasini qanday izohlaysiz?

I.H.: — Olim ham odam: jamiyatda bir mavqe qozonish, boshqalarga tanilishga intiladi. Biroq chinakam olimlik bilan shuhratparastlik bir-biriga zid holatlardir. Zero, ilmda shon-shuhratga muhtojlik yo‘q. Ilm shuhratni ofat hisoblaydi. Qadimda ayrim olimlar yozgan asarlariga ismi shariflarini qo‘ymaganliklarining bir sababi ham shu. Hozir bunaqa ishni xayolga keltiradigan kishini uchratish Anqoga duch kelish bilan barobar. Salohiyati yetgan ham, yetmagan ham kitob yozayotir. Puli, imkoni bor — kitob chiqarmoqda. Nimaga? Nimani ko‘zlab? Maqsad bitta: shuhrat qozonib, “nomi muborak”larini boqiylashtirish. Vaholanki, bularning bari mag‘zi puch iddaolar, insonning sayozligi, nodon va ojizligini fosh etadigan urinishlardir. Nafsu havoning tuzog‘idan xalos bo‘lish qiyin. Demak, shuhratparastlik tug‘yoni ham to‘xtamaydi...

D.H.: — Bugungi kun tadqiqotchisiga munosabatingiz va tilaklaringiz?

I.H.: — “Olomonga qiziq bo‘lgan hamma narsadan qoch!”, deydi donishmand Seneka. Olim avom saviyasida fikrlab, avom qonini jo‘shdiradigan narsalar bilan o‘ralashadimi, bilingki, ilm niqobida ilmsizlik guvillaydi. Tadqiqot degani taraqqiyotga ulush qo‘sholmaydi.

Bilasizmi, zohiran oddiy, sodda ko‘ringan faktlarni badiiy taxayyul ko‘magi ila umumlashtira bilish ilmga qanot bag‘ishlaydi, ilm bilan san’atning kuchini birlashtiradi. Ana shunda tadqiqotchi-olim o‘zini adabiy fakt va dalillardan obraz yaratuvchi san’atkorday his etadi. Men esa adabiyotshunos didi o‘tkir, saviyasi baland, zahmatkash, bugun erishgan muvaffaqiyatini ertaga ixtiyoriy tarzda esdan chiqaradigan bir san’atkor bo‘lishini orzu qilaman. Bizning hayotimizning g‘ayrat, ilhom yuz ochgan paytlari qullik va qaramlikda o‘tgan. Ularning asorati va kasofatidan oxirgi damgacha qutulolmasak kerak, deb o‘ylayman. Yosh tadqiqotchilar buni hisobga olishi va har qanday taniqli olimning faoliyati bilan birga shaxsiyatiga ham xolis tanqidiy nigoh ila qarab hech cho‘chimay, aslo ikkilanmasdan odim tashlashini istayman. “Odam qavmi bir-birini teran tushunishga qodir emasligi uchun yolg‘on va aldashdan o‘zini to‘xtatolmaydi. Dunyodagi eng og‘ir ish — haqiqatni aytish. Bu esa juda ko‘p va uzoq vaqt o‘qishni, sabot ila mushohada yuritishni talab qiladi”, deydi faylasuf G.Gurjiev. Haqiqatni aytishning oliy maqomi — bu ilm va olimlik...

D.H.: — Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 26-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.