OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Izzat Sulton: «Ikkalamiz bitta bo‘lib ketdik» (2006)

Universitetda o‘qib yurgan kezlarimiz Yozuvchilar uyushmasida o‘tkaziladigan uchrashuvlarni qoldirmasdik. Majlislarda ustoz Izzat Sulton tez-tez so‘zga chiqib turardi. Ustozning chiqishlarini o‘ttiz yildan ziyod tinglab kelgan bo‘lsam, biron marta o‘zlarini o‘zlari takrorlaganini eshitmaganman. Shu-shu, ustoz ishlaydigan institutda ishlashni orzu qila boshladim. Orzuim ushaldi...
Ustoz Izzat Otaxonovich bilan kasalxonada ayni bir paytda davolanishimizga ham to‘g‘ri kelgan edi. Men bu imkoniyatdan foydalanib u kishidan rahmatli akam kinorejissyor Latif Fayziev haqida gapirib berishini so‘radim. Ustozning akam haqidagi xotiralarini magnitofon tasmasiga yozib oldim va quyida o‘sha suhbatning bir qismini e’tiboringizga havola etmoqchiman.
— Izzat Otaxonovich, men akam haqidagi xotiralarni to‘playapman. Latif Fayziev haqida ham hamkasb, ham mutaxassis sifatida xotiralaringizni gapirib bersangiz.
— Kino sohasiga aloqam bo‘lgani uchun, albatta, akangiz bilan ko‘p uchrashishimga to‘g‘ri kelgan. Birga ishlaganmiz ham. Esimda yaxshi saqlanib qolgan uchrashuvlarimizdan biri «Qutlug‘ qon» romanini ekranlashtirish bilan bog‘liq. Mening bu filmga e’tirozim bor edi. E’tirozim shu ma’nodaki, film Oybek asaridan, originaldan ancha uzoqlashgan edi. «Nega unday bo‘ldi?» degan ma’nodagi savolimga Latif Obidovichdan quyidagi javobni oldim: «Oybek asari syujet jihatidan «Boy ila xizmatchi»ga o‘xshab ketadi. Men bu filmni Moskvaga olib borsam, bunga o‘xshash syujetli film bor, boshqa syujetli film topib keling, deb aytishardi. Shuning uchun ba’zi masalalarda chekinishga to‘g‘ri keldi. Asosiy sabab shu». Bu gapdan so‘ng men, demak, harqalay Oybek asarini ittifoq ekraniga olib chiqish yo‘lini topgan ekan, deb o‘z fikrimdan qaytdim.
— Buning sabablari bir necha bo‘lsa kerak. Men ham shu savolni berganimda akam: «Bitta filmda ikkita qahramon — ham Yo‘lchi, ham Gulnorning o‘limi tomoshabinga og‘irlik qilardi», deb javob bergan edi.
— Endi masalaga ijodiy yondashadigan bo‘lsak, bu kinoda bor gap, faqat Oybek asari munosabati bilan emas, hamma ijodkorlarda uchraydi. Masalan, Gorkiyning «Ona» romani bir necha bor ekranlashtirilgan va har safar juda muhim o‘zgartishlar kiritilgan. Shu jumladan, birinchi marta ekranlashtirilganda ham muhim o‘zgartishlar kiritilgan. Romanda ona bolasini qutqaraman, deb uning sirini ochadi. U faqat bolasini o‘ylaydi. Uning inqilobda ishtirok etish niyati yo‘q. Lekin politsiyachilarning badkorligini ko‘rgandan keyin o‘ylanib qoladi: bu qanday bo‘ldi, axir, ular o‘g‘limni ozod qilamiz deb va’da berishgan edi-ku? Filmning rejissyori yodimda yo‘q, bosh rolda Batalov o‘ynagan edi. Kino sohasida bu filmni katta voqea sifatida baholashgan edi. Aldangan ona shundan so‘ng inqilobiy ishga kirishib ketadi, ya’ni uning bu ishga kirishishi tabiiy bir holda kelib chiqadi, bu — bir. Ikkinchidan, kinoning imkoniyati e’tiborga olingan. Masalan, «Ona» romanida muzyorar kema yo‘q. Filmda xalqning uyg‘onishi, inqilobiy harakatni ko‘rsatish maqsadida rejissyor muzyorar kemani kiritgan. Har ikki tuzatish yo qo‘shimcha, deymizmi, romanning fazilatlarini oshirishga xizmat qilgan. Latif Fayzievning «Qutlug‘ qon»dagi ishlari ham shunga o‘xshash original. Roman bilan tanish kitobxonga bu yoqishi ham, yoqmasligi ham mumkin. Kino bo‘lganidan keyin har xil gaplar bo‘ladi-da.
Bizda tarjimon yoki rejissyor tomonidan kiritilgan ijobiy o‘zgartishlarni qabul qilmaydiganlar ham bor. Mayli, bir yaxshi asar maydonga keldi, ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi, buning nimasi yomon.
Esimda, Abdulla Qahhorning «Sinchalak» qissasini Konstantin Simonov tarjima qilgan edi. O‘zbekcha nusxasi bilan ruscha nusxasi o‘rtasida katta farq bor edi. Bu faqat o‘quvchilarning emas, ko‘pchilik adabiyotchilarning ham g‘ashini keltirardi. Nega tarjimon klassigimiz asarini buzadi, deb gapirishdi. Shunda men klassigimizni tuzatgan bo‘lsa-chi, dedim. Tarjimada shunday bir epizod bor. Rais — Qalandarov birdaniga o‘zini zamondan orqada qolganini sezadi-da, kutubxonaga kirib kitob o‘qiydi. O‘ttiz yil ichida o‘qimagan narsasini bir o‘tirishda o‘qib aql yig‘moqchi bo‘ladi. Keyin biladiki, buning foydasi yo‘q. Bu Simonovning qo‘shimchasi edi, yaxshi chiqqan, deb o‘ylayman. Tarjimada shunga o‘xshash joylari ko‘p. Shu bois, klassik asarlarga qo‘shimcha qilsa bo‘ladimi, yo‘qmi, kinoda janr imkoniyatini, xususiyatlarini e’tiborga olish kerakmi, yo‘qmi, degan masala munozarali. Men kino sohasiga aloqador bo‘lganim uchun bunday gaplarga o‘rganib ketganman. Ehtimol, hamma baravar qabul qilmas, lekin men bunday o‘rinlarni tabiiy hol, deb bilaman. Masalan, «Alisher Navoiy» piesamizda O‘dgor bilan Husayn Boyqaroning jang sahnasi yo‘q. Chunki spektaklda buni ko‘rsata olmaysiz. Kino imkoniyatlari esa bunga yo‘l beradi. Shuning uchun juda katta taassurot uyg‘otadigan jang daqiqalari kinoda berilgan. Yodingizda bo‘lsa, Husayn Boyqaro Yodgorning orqasidan quvib borib yiqitadi va shovullab turgan daryoning o‘rtasida ularning dialogi beriladi. Buni Komil Yormatov topgan. Shu tariqa, janr xususiyatidan kelib chiqib, adabiy manbadan chekinish mumkin. O‘ylaymanki, Latif Fayzievning ham «Qutlug‘ qon» filmidagi o‘zgartirishlari yaxshi chiqqan, o‘zini oqlagan.
Latif Fayzievning menga yoqqan ikkinchi filmi «Ulug‘bek yulduzi» edi. Men bu haqda uning yubileyida gapirganimda «Bu kishining ijodida ikkita cho‘qqi bor: biri — «Qutlug‘ qon», ikkinchisi — «Ulug‘bek yulduzi» filmi, degandim. Bugun «Ulug‘bek yulduzi» filmiga ancha e’tirozlar bo‘lishi mumkin. Xoja Ahror va boshqa masalalar bilan bog‘liq tarzda. Bu zamonaning ta’siri. Lekin yaxlit olganda, film yaxshi chiqqan, nomini ham «Ulug‘bek yulduzi», deb yaxshi topgan.
Yana bir film yuzasidan o‘rtamizda bahs bo‘lgandi. Latifjon hindistonlik san’atkorlar bilan «Ali bobo va qirq qaroqchi» nomli filmni suratga oldi. Meni badiiy kengashga taklif etishdi, qattiq gapirdim: pulimiz oz, imkoniyatimiz kam bo‘lsa, nega biz Hindiston bilan kino qilishimiz kerak, dedim. Raj Kapur bir yilda 400ta film chiqarar ekan. Bu film 401chisi bo‘libdi. Hindlar uchun 401-film, bizlar uchun hech narsa emas, dedim. Munozara tugadi. Akangiz muloyimlik bilan: «Biz tanqidga qarshi emasmiz, biz tanqidga quloq tutamiz, — dedi — qo‘ydi. — Lekin shuni aytishim kerakki, hindlar hamkorligimizdan juda hursand bo‘lishdi. Birga ishlashimizning madaniyatlarimizning yaqinlashishi uchun tashlagan har bir qadamimizning ular uchun katta ahamiyati bor. Ehtimol, Izzat aka aytganlaridek, bu yerda ahamiyati yo‘qdir, lekin Hindistonda ahamiyati katta. Shuning uchun men bu fikrga qo‘shilmayman», dedi.
Munozaradan so‘ng Shuhrat Abbosov kabinetiga taklif etdi. U kezlari Abbosov kinostudiya direktori edi. Menga shunday dedi: «Sizni atayin chaqirdik, filmdagi kamchiliklarni ochiq gapirasiz, deb. Biz — kasbdoshlarmiz, bir-birimizga kamchiliklarimizni aytishga jur’at etolmaymiz. Aytgan bir-ikkita kamchiliklaringiz to‘g‘ri. Lekin hamkorlik haqidagi gapingiz noto‘g‘ri, chunki biz Hindistonga o‘xshash davlatlar bilan ko‘proq hamkorlik qilishimiz kerak. Mayli, pulimiz oz bo‘lsa ham, hamkorlik qilishimiz kerak», dedi.
— Qarashlaringiz, fikrlaringiz bir joydan chiqmagan paytlar tez-tez bo‘lib turarmidi?
— Bu — ijod. Qarashlarimiz, fikrlarimizning ba’zan to‘g‘ri kelmasligi birga ishlashimizga monelik qilmagan. Bundan keyingi uchrashuvimiz teatrda bo‘ldi. Latif Fayziev hozirgi Milliy teatrimizga badiiy rahbar bo‘lib keldi. Katta g‘ayrat bilan ishlay boshladi. Birinchi taklifi shu bo‘ldiki, Abdulla Qodiriyni qo‘ysak, dedi. Xo‘p, dedim. Yoza boshladim. Nima yozgan bo‘lsam, hammasi ma’qul tushdi, bu meni xursand qildi. O‘rtamizda biron-bir qattiq munozara, tortishuv bo‘lmadi. Bironta epizod bo‘lmadiki, men yozib olib borgan bo‘lsam-u, u kishi bo‘lmaydi, desa. Aksincha, xursand bo‘lgan. Masalan, Zaynab Kumushga zahar berganidan so‘nggi voqealar bilan bog‘liq epizod. Voqea uzoq davom etishi kerak edi: qabriston, Otabek. U Qur’on o‘qishi kerak. Zaynab kelishi kerak. Kimsan, desa, Kumushman, deyishi kerak. Men shu joyini o‘zgartirdim. Zaynab Kumushga zahar beradi va chiqib ketadi, shu zahotiyoq jinni bo‘lib qaytib kiradi. «Juda boplabsiz», deb xursand bo‘lgan edi Latifjon. Shunga o‘xshash bir-ikkita joylarini juda ma’qulladi.
Uning menga yoqib tushgan maslahatlaridan yana biri shu bo‘ldiki, romanda yozuvchi atayin Otabekning Kumushga, Kumushning Otabekka oshiqligini sir tutib turadi. Ular chimildiqqa kirgandan so‘ng bilishadi: «Siz o‘shami?» deb so‘raydi Kumush. Ungacha Kumushga qo‘shilib biz ham kuyamiz. Atayin qilingan-da bu. Lekin motivirovkasi yo‘q. Hasanali sovchilikka boradi. Hasanali qaerdan bildi? Agar Hasanali bilishini biz bilsak, kuymagan bo‘lardik. Shuning uchun yozuvchi buni bizdan yashirgan, motivirovkasini tashlab ketavergan. Buni biz folklor usuli, deb aytamiz. Folklorda motiv tashlab o‘tib ketaveriladi.
Otabekning oshiqligi avval boshlangan edi. Namoz oldidan tashqari hovliga — ariq bo‘yiga chiqib, tahorat olayotganida Qutidorning qizi Kumushni ko‘rib qoladi. Men piesani shu yerdan boshlaganman. Latifjon juda xursand bo‘lgan, to‘g‘ri qilibsiz, shu yerdan boshlash kerak edi, deb ajoyib bir qo‘shimcha ham qildi. Otabek bilan Kumush bir-birini ariq bo‘yida ko‘rib qoladi, romanda yozuvchi oshiq bo‘lib qoldi, deydi. Lekin spektaklda bu gapni men qanday aytishim kerak. Mana shu joyini Latifjon topdi. Otabek ariq bo‘yida belbog‘ini tushirib qoldiradi. Kumush belbog‘ni darrov olib berkitadi. To chimildiqqa kirgunlaricha belbog‘ unda edi. Mana shu detaldan tomoshabin Kumushning Otabekka oshiqligini biladi. Bu sof rejissyorlik topilmasi edi. Bu akangizning yaxshi dramaturgligini ko‘rsatadi.
Menga yoqqan yana bir narsa shu bo‘ldiki, u kishi men yaratgan matnga juda hurmat bilan qarardi. Matndan biron joyini olib tashlamadi, tushirib qoldirmadi.
Dramaturglarda «podzanaves», degan ibora bor. Bunda tomosha yakunida biron o‘ta ahamiyatli gap aytish kerak bo‘ladi. Kinoda esa bunga zarurat yo‘q. Men bir «podzanaves» ishlatdim. Otabek raqibini o‘ldirgandan so‘ng, qo‘lidagi xanjariga qarab, endi sening menga keraging yo‘q, deb otib yuboradi. Bu «podzanaves». Mana shu joyni olib tashladik. Haqiqatan ham bu joyning keragi yo‘q ekan. Urg‘uli gap aytamiz deb, atayin pardani yana bir necha soniya ushlab turishga zarurat yo‘q edi. Xullas, hamjihatlik bilan ishladik, juda tez ishladik. Spektakl katta muvaffaqiyat qozondi. Shu sabab bo‘lsa kerak, nima uchun «O‘tgan kunlar»dan foydalangan, degan masala atrofida, spektakl ustida munozara boshlanib ketdi. Bizning ayrim kasbdoshlarimiz kuyib ketdimi, yo akangizning kasbdoshlarimi, bilmadim.
Men spektaklda Abdulla Qodiriyning yozuvchiligini ko‘rsatishim kerak edi. Yozuvchiligini ko‘rsatishim uchun Abdulla Qodiriy darajasida yozishim kerak. Men buni qilolmayman, kuchim yetmaydi. Kuchim yetmaydi deb o‘tib ketaversam, Abdulla Qodiriyni pastga tortgan bo‘laman. Shuning uchun piesaga Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlarini olib kirdim. Yaxshimi, yomonmi, yangilik yuzaga keldi. Bitta aktyor ikkita rolni bajaradi — ham Abdulla Qodiriy, ham Otabek bo‘lib chiqadi.
Endi yana bitta narsa bor. Har bir spektaklga muhabbat mojarosi kerak. Men muhabbat mojarosini qaerdan olaman? Abdulla Qodiriy birovni yaxshi ko‘rgani, kuygani, yongani bizga ma’lum emas. Bu haqda biron ma’lumot ham, hujjat ham yo‘q. Yozuvchi o‘zining biografiyasida bu haqda yozmagan bo‘lishi ham mumkin. Abdulla Qodiriyning uylanishidan xabarim bor. Lekin muhabbat degan gap bo‘lgan emas. Shuning uchun men spektaklga Otabekning muhabbatini kirgizdim. Uni o‘rtoqlar tushunishmadi. Xabaringiz bormi, bilmadim, asarim ikki marta muhokama bo‘ldi. Birinchi majlisda mening bunga haqqim bor, dedim va misol keltirdim. Miller degan dramaturg Bernard Shou haqida piesa yozgan. «Dvoe na kachelyax», deb nomlanadi. Men spektaklini ko‘rganman. Bernard Shouning 400ga yaqin sevgilisiga, sevgilisining Bernard Shouga yozgan xatlari saqlangan. Dramaturg mana shu 400 xatga biron-bir satr qo‘shmasdan, xatlardan parcha olib, montaj qilib piesa yozgan.
Xullas, bu munozara ancha davom etdi va mening foydamga hal bo‘ldi. Lekin asarni yana sahnaga olib chiqish imkoni bo‘lmadi. Shunda akangiz: keyinroq bu masalaga qaytamiz, dedilar. Bu gapni men akangizning menga vasiyati, deb bilaman. Bir hafsala qilsam, spektaklni tiklasak akangizga yana bir xotira — haykal qo‘ygan bo‘lamiz.
Spektaklda dekoratsiyalar shartli bo‘lgan, chunki odamlarning taqdiri muhim edi. Ko‘pchilik bunga norozi bo‘ldi, tabiiy dekoratsiyaga o‘rganishgan-da. Qozining uyi qanday, ko‘rpa-to‘shak, gilamlari qanaqaligiga e’tibor beradigan tomoshabinlar ham bor. Men ularga: biz ko‘rsatmayapmiz, biz hikoya qilayapmiz, Abdulla Qodiriy hikoya qilayapti, bo‘lajak asarining mazmunini hikoya qilayapti, shuning uchun dekoratsiya shart emas, dekoratsiya sifatida kitob ishlatilgan, dedim. Go‘yo «O‘tgan kunlar»ni o‘qiyapti, dedim. Buning qadriga yetgan yetdi, yetmagan yetmadi. Mening nazarimda, spektakl yaxshi chiqdi.
— Kino rejissyorining teatrda spektakl qo‘yishiga qanday qaraysiz.
— Nazarimda, teatr akangizning stixiyasi emas edi. Buni o‘zi ham sezgan bo‘lishi kerak. Teatr bilan kino o‘rtasida, ijodiy tomondan tashqari, sof tashkiliy tomondan ham farq bor. Kinoda rejissyor xo‘jayin. Xohlagan aktyorini kinoga oladi, xohlamaganini olmaydi. «Proba» degan gap bor. Mingtasini ko‘rib bittasini tanlash imkoni bo‘ladi. Teatrda esa buning iloji yo‘q. Jamoa bilan ishlanadi. Shuning uchun biz teatrda Kumushni topdik deb o‘ylamaymiz, harqalay, tashqi ko‘rinish jihatidan. Otabek — Abdulla Qodiriy topilgan edi.
— Kamchiliksiz inson bo‘lmaydi...
— Kinodagi kenglik teatrda yo‘q. Lekin ijodiy ishning o‘ziga xos bir xususiyati bor: birga ishlagan odamlar bir-biri bilan qo‘shilib, omuxta bo‘lib ketadi. Shuning uchun u kishining kamchiligi nimada, meniki nimada — aytolmayman. Kamchilikkina emas, vaqti kelsa fazilatni ham ko‘rmay qolasiz. Men o‘zimning kamchiligimni ko‘rmaganday, menda bor fazilatlarni boshqa birov yaxshi bilganday, men ham u kishining kamchiligini ko‘rmagan bo‘lishim mumkin. Ikkalamiz bitta bo‘lib ketdik. Meni bir narsa juda quvontiradi: bizda ijodiy ohangdoshlik yuzaga keldi. Aravani men bir tomonga, u kishi boshqa tomonga tortganimiz yo‘q. Boshqa rejissyorlar bilan janjal, muammolar bo‘lib turardi.
— Tanqidga munosabatlari qanday edi?
— «Ulug‘bek» stsenariysini birga muhokama qilganmiz. Tanqidni biroz pisand qilmas edi. Avvaliga bu menga yoqmadi. Keyin yoqdi. Men, umuman, tanqidchiga yozuvchining xushomadgo‘ylik qilishini yomon ko‘raman. Bolalar yozuvchisi Korney Chukovskiy bilan Mayakovskiy haqidagi bir voqeani eshitgandim. Chukovskiy yaxshigina tanqidchi edi, keyinchalik ham tanqidchilikni tashlamadi-yu, lekin bolalar adabiyotiga o‘tib ketdi. Mayakovskiy bilyard o‘ynayotgan ekan. Chukovskiy uning yoniga kelib, men Chukovskiy bo‘laman, debdi. Ha yaxshi, debdi-qo‘yibdi Mayakovskiy. Shunda Chukovskiy Mayakovskiyga: men mashhur tanqidchi Chukovskiy bo‘laman, debdi yana. Orada Mayakovskiy sha’niga maqtov gaplar ham aytibdi. Shunda Mayakovskiy: «Agar men haqimdagi gaplaringiz rost bo‘lsa, ana u yerda turgan qizga borib gapirib bersangiz», debdi. Nima uchun, deb Chukovskiy so‘raganda, men o‘sha qizni yaxshi ko‘raman, otasi uni menga bermoqchi emas, o‘zi bo‘lsa ikkilanayapti, meni maqtab, shu qizni ko‘ndirib bering, degan ekan. Bu voqeani Abdulla Qodiriyga gapirib bergan edim, toza boplagan ekan, deb kulgan. Ko‘rdingizmi tanqidga vazifa topib berganini...

Izzat Otaxonovich ham, akam Latif Fayziev ham «O‘tgan kunlar» spektaklini yana sahnada ko‘rish baxtini tuymadilar. Ularning «O‘tgan kunlar»ni yana sahnada ko‘rish istagi endi vasiyat bo‘lib qoldi. Bu spektaklga bugungi avlod — yoshlar Abdulla Qodiriy, Izzat Sulton, Latif Fayziev xotiralarini abadiylashtirish maqsadida yana qaytishlaridan umidvormiz.

Ra’no Ibrohimova,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 10-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.