Shoir va tarjimon, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Mirpo‘lat Mirzo bilan muloqot
— Bugungi adabiy jarayonda tarjimachilik sohasidagi jonlanish yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu jonlanishning sababini qanday izohlagan bo‘lardingiz?
—Tarjimachilik adabiyotimizda azaldan bo‘lgan. Lekin XX asr va boshlangan yangi asrimizda bu jarayon bir qadar kuchaydi. Bu quvonarli hodisa. Zotan, biror-bir xalq adabiyoti boshqa xalqlar adabiyotining ijobiy ta’sirisiz jadal rivojlana olmaydi. Muayyan bir xalq adabiyotida yaratilgan yetuk badiiy asar o‘zida o‘sha xalqning turmush tarzini, tafakkurini, hayotga munosabatini, ma’naviy dunyosini aks ettiradi. Ana shu jihatlar tufayli bir millatda boshqa millat madaniyati, adabiyoti bilan tanishish ehtiyoji tug‘iladi. Mustaqillik yillarida bu ehtiyoj tabiiy ravishda kuchaydi va xalqimizda dunyo xalqlari adabiyotlarining durdona asarlariga qiziqish ortdi. Bu ma’naviy ehtiyoj taqazosi sifatida “Jahon adabiyoti” jurnali dunyoga keldi.
— Darvoqe, ushbu nashr qisqa vaqt ichida adabiy jamoatchilikning e’tiborini qozondi, adabiy jarayonda mustahkam o‘rniga ega bo‘ldi...
— Xabaringiz bor, jurnal oyma-oy chop etib kelinmoqda. Ilk sonidan bu- yon hali biror oy kanda bo‘lgani yo‘q. Shu oyda uning 160-soni o‘quvchilar qo‘liga yetib boradi. Jurnalning hozirgacha chop etilgan sonlarida 90 ga yaqin roman, 120 dan ortiq qissa, yuzlab hikoyalar, 300 yaqin dunyo shoirlari ijodidan turkum she’rlar yoritildi. Shunisi e’tiborliki, ularning barchasi ilk bor tarjima qilindi va aksariyati asliyatdan o‘girildi. Bu ulkan jarayonga mohir tarjimonlarimiz jalb etilganini nazarda tutsak, adabiyotimiz xazinasi shuncha asar bilan boyiganiga amin bo‘lamiz. Bu ulkan ma’naviy kapital, iqtisodchilar tili bilan aytganda, ma’naviyatimiz ravnaqi uchun kiritilgan «investitsiya»dir. Eng muhimi, tarjima qilingan bu badiiy asarlar kitobxonlarimizda yangi dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qildi va qilmoqda. Yoshlarimizni hur tafakkurli, keng tushunchali va zamonga munosib tarbiyalashda bu asarlar munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.
— O‘quvchilar sizni taniqli shoir va tarjimon sifatida yaxshi bilishadi. Tarjimonlik faoliyatingiz tufayli Boris Pasternak nomidagi va “Alash” nomli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgansiz. Ayting-chi, she’riy asarlar tarjimoni, albatta, shoir bo‘lishi kerakmi?..
— She’rni, albatta, shoir tarjima qilgani ma’qul. Chunki she’rdagi hislar tug‘yonini, ohanglar tovlanishini, jilvalarini faqat shoirona tuyg‘u egasi his eta oladi va nazm tarovatni shoirlik iste’dodigina ro‘yobga chiqarishi mumkin.
— Badiiy asar tarjimasida tarjimon oldiga qo‘yiladigan birlamchi talablar qanday bo‘lishi kerak, deb hisoblaysiz?
— Tarjimon, birinchi navbatda, tarjima uchun tanlagan asari o‘zbek o‘quvchisiga yangi fikr, tuyg‘u, his-hayajon baxsh eta oladimi, bu asar millat adabiyotini, o‘zbek o‘quvchisining ma’naviy dunyosini o‘zining biron-bir qirrasi bilan boyita oladimi, degan savollarga aniq-tiniq ijobiy javob topgan bo‘lishi kerak.
— Tarjima jarayonida asarning, asosan, qaysi jihatlari ko‘proq diqqat-e’tiborni taqozo etadi?
— O‘zimning tajribamdan kelib chiqadigan bo‘lsam tarjimon, birinchi navbatda, shoirning-muallifning hurmatini joyiga qo‘yishi kerak. Masalan, men biron-bir shoir ijodi tarjimasiga kirishsam, avvalo, u shoir o‘z xalqi adabiyotida, she’riyatida qanday o‘ringa ega va ijodining qaysi bir qirralari bilan nazarga tushgan, qaysi jihatlari bilan boshqa xalq vakilini maftun qilishi mumkin, degan masalada chuqur mulohaza qilgandan so‘ng, imkon darajasida, tarjima qilinadigan asar muallifining ijodini, tarjimai holini o‘rganishga kirishaman. Chunki chinakam shoir ijodida uning o‘z hayoti muhrlangan bo‘ladi va uning tarjimai holida yana shunday nuqtalar bo‘ladiki, ular tarjimonga shoir ruhiy olamiga kirish uchun kalit vazifasini o‘taydi.
— Tarjima qilish uchun asar tanlaganingizda uning qaysi jihatlariga e’tibor berasiz: ulardagi umuminsoniy g‘oyalargami, bu asarning milliy mintaletitimizga mos kelish-kelmasligigami?..
— Chinakam shoir kurramizning qaysi burchida yashamasin, uning satrlaridagi dard-iztirob, go‘zal tuyg‘ular o‘zga o‘quvchilar qalbini ham hayajonga soladi. Men ko‘proq ana shunday shoirlarning dardli, hayajonli she’larini tanlashga harakat qilaman. Gap ana shu tuyg‘ularni boshqa tilga ohorini to‘kmasdan ko‘chira bilishda. Milliy mentaletimizga san’atkorona yozilgan, yuksak saviyadagi har qanday tarjima asari mos keladi, deb o‘ylayman. Eslasangiz, ilk bor tarjima qilinganidayoq Uitmen, Lorka va hatto yapon shoirlari ham sevimli shoirlarimizga aylangan. O‘rtamiyona ijodkorlarni va o‘rtamiyona tarjimani nafaqat bizning, boshqa millat kitobxonlari ham qabul qilmaydi.
— “Tarjima san’ati”, “tarjimonlik mahorati” tushunchalarini qanday izohlagan bo‘lardingiz?
— Tarjimon mahorati juda teran tushuncha. Kamina qirq yildan beri tarjima bilan shug‘ulllanib kelayotgan bo‘lsam-da, ba’zan o‘zimni nihoyatda tajribasiz ekanligimni payqab qolaman. Buni go‘zal bir tarjima asarini o‘qib qolganimda his qilaman. Tarjimonlik san’ati deganda, prozani oladigan bo‘lsak, ba’zi bir tarjimonlar yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan fikrni nuqta-verguligacha tarjima qilishadi. Lekin unda asar zarofati jamol ochmaydi. Lekin benazir ustozimiz Ozod Sharafiddinov va tarjima sohasining piri Qodir Mirmuhammedov qalamiga mansub tarjimalarini o‘qiganingizda, ular san’atidan shu qadar bahra olasizki, o‘qigan asaringiz boshqa tilda yaratilganligini unutib qo‘yasiz va bu asar asliyatda ham shunchalik jaranglaganmikan, degan o‘yga borasiz. Men bir paytlar Qodir akadan bu borada mahorat sirlari haqida so‘raganimda u dastlab menga g‘alati tuyulgan bir usulini gapirib bergandi. “Men asarning bir abzatsini obdon ruhimga singdiraman, keyin kitobni yopaman va o‘sha abzatsdan ko‘nglimga ko‘chgan tuyg‘uni o‘zbekcha ohangda qog‘ozga tushiraman”, degandilar.
Bu ham bir usul, albatta, lekin buni hammaga ham tavsiya qilib bo‘lmaydi. Chunki bunday mahoratga uzoq yillar davomida lug‘at titib tajriba orttirgan tarjimongina erishishi mumkin.
— Siz, asosan, rus tilidan tarjima qilasiz. Jahon shoirlari ijodidan qilgan tarjimalaringiz “Somon yo‘li chechaklari” nomi bilan alohida chop etildi... So‘ramoqchi bo‘lganim: bu to‘plamga she’rlari jamlangan shoirlar turli tillarda ijod qilishgan, siz ularni faqat rus tilidan tarjima qilgansiz. Ayting-chi, asliyatdan bevosita emas, bavosita, ikkinchi bir tildan o‘girilganda asarning shirasi ketib qolmaydimi?
— Men faqat rus tilidan emas, qozoq tilidan ham tarjimalar qilganman. Ellik nafar qozoq shoiri ijodi namunalaridan tuzilgan antalogiya mening tarjimamda “Sayra, do‘mbiram” nomi bilan nashr qilindi. Lekin savolingiz juda o‘rinli. Bizda ko‘proq G‘arb adabiyoti namunalari rus tilidan tarjima qilib kelinadi. Bu jarayonda, albatta, she’rning tovlanishlari, ohangi o‘zgarishi mumkin. Men, avvalo, tarjima uchun tanlagan she’rlarim rus tiliga qanchalik mahorat bilan tarjima qilinganiga, ularni kimlar o‘girganiga, albatta, e’tibor beraman va o‘sha shoirlar ijodiga taalluqli tadqiqotlarni, maqolalarni topib o‘qiyman. Ruhimda asliyat muallifi — shoir ruhiga mos kayfiyat paydo bo‘lgach, tarjimaga kirishaman. Har bir shoirning o‘z ovozini, ohangini saqlab qolish bu borada, ayniqsa, muhimdir.
Asliyat yuragingizga solgan ilhom tarjimangizning iforiyu bo‘yog‘ini ta’minlaydi.
— Asliyatdan so‘z ochdingiz. Deylik, yaxshi tarjima qilingan asar asliyatdan qanchalik farq qilishi mumkin?
— Bilasiz, she’rning bahosi olqish yoki hayrat bilan belgilanadi. Tarjimangizni o‘qib berganingizda o‘quvchi yuragida ana shu olqish va hayratni tuysangiz, demak, she’rni asliyat darajasida tarjima qilgan bo‘lasiz. Bunday natija tarjimonning badiiy mahoratiga bog‘liq. Masalan, asarini tarjima qilmoqchi bo‘lgan shoiringiz sozda chalgan kuyni siz ham chala olasizmi — bunga ichingizda jazm tuymasangiz, sozni behuda ting‘irlatishning hojati yo‘q. Uni chala olish uchun o‘zingizda shahd-shijoat topishingiz, avvalo, yuragingizdan to‘lqinlanishingiz kerak. Men o‘zimni to‘lqinlantirgan shoirlarnigina tarjima qilishga intilaman.
— Qilgan tarjimalaringizning barchasidan ko‘nglingiz to‘ladimi?
— Ilgari qilgan tarjimalarimni bilmadim-ku, lekin keyingi tarjimalarim ustida qattiq ter to‘kkanman. Albatta, qiyomiga yetmagan ishlarim ko‘p. Lekin ularni baholash — adabiyotchilarning, tadqiqotchilarning ishi.
— Zamonaviy jahon adabiyotini, xususan, she’riyatini modern, postmodern yo‘nalishidagi she’rlardan ayricha tasavvur etib bo‘lmaydi. Tarjima asarlaringiz orasida bunday namunalar ham talaygina. Sizning bu yo‘nalishga munosabatingiz qanday?
— Avvalo “modern” so‘zining mohiyatini aniqlab olaylik. Bu “yangi”, “zamonaviy”, degan ma’noni bildiradi. Bu oqim XX asr boshlarida G‘arbda shakllangan an’anaviy adabiyot o‘rnida paydo bo‘ldi. An’anaviy adabiyot, xususan, romanchilikning bosh mavzusi — bir maromda hayot kechirayotgan va tamaddun istiqbolidan ruhlangan burjuaziya hayoti, uning qahramonlari esa ana shu sinf vakillari edi. Ayni paytda ayrim adiblar mana shu bir maromdagi hayot tarzida inqiroz alomatlarini tuya boshladilar va bu holatni aks ettirish uchun yangi, zamonaviy adabiyot, zero, yangi uslublar zarur, degan uzil-kesil qarorga keldilar hamda shunday adabiyotni yaratishga bel bog‘ladilar. Bu izlanish asosan ramzlar, timsollarga asoslangan bo‘lib, insonning ichki dunyosini, uning hayotga, dunyoga individual munosabatini yoritishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi. Soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, bu yo‘nalish hayotni ko‘proq nekbin tarzda, ezgu nasihatlar ruhi bilan sug‘orilgan holda bayon qilib beruvchi va uni fotonusxa darajasida real aks ettiruvchi adabiyotga nisbatan ma’lum ma’noda isyon edi.
Modomiki, modern adabiyot uslubi ramzlarga asoslangan ekan, bu ramzlar aksariyat hollarda folklorga, asotirlarga daxldor bo‘ladi. Ana shu jihatiga ko‘ra, modern hikoya yoki she’rni daf’atan tushunish, anglab yetish murakkab. Ayniqsa, bunday asarni boshqa tilga o‘girib, boshqa millat o‘quvchisiga tushunarli qilib berish ancha qiyinchilik va muammolar tug‘diradi.
Asosan inson ruhiyatini, uning ichki kechinmalarini yoritishga jazm etgan modern oqimi vakillari usluban katta erkinlikka erishdilar. Bu holat adabiy jarayonda bir qadar xaosni ham yuzaga keltirdi, ushbu yo‘nalishdagi shoir va yozuvchilarning ijodi o‘zlari foydalangan ramzlarga ko‘milib qoldi va bu hol ayrimlarning ko‘zini qamashtirdi ham. Shu boisdan, modern adabiyotidagi chinakam iste’dod egalarini taqlidchilardan farqlash ancha mushkuldir.
Bu oqimning o‘zbek adabiyotida ko‘rinishlari, endi, tamomila boshqa bir mavzu.
— O‘zbek tarjimachilik maktabining yutuqlari haqida nima deysiz?
— Bizning tarjimachiligimiz kamdan-kam xalqlar adabiyotida uchraydigan yuksak maqomga ega. Men o‘zbek tarjima maktabi O‘rta Osiyodagi eng katta tarjima maktabi, deb bilaman. Qo‘shni xalqlar adabiyotidagi ayrim tarjimalarga nazar solsak, masalan, Navoiy g‘azallarining barmoq usulida o‘girilganiga, Dantening o‘ziga xos uslubi saqlanmaganiga shohid bo‘lamiz.
Bizda Cho‘lpon, Usmon Nosir, Mirtemir, Abdulla Qahhor o‘z tarjima maktablarini yaratganlar. Usmon Nosirning «Demon» poemasi tarjimasini asliyatga satrma-satr solishtirib chiqqanman va hayratlanganman. Erkin Vohidov tarjimasidagi «Faust», Abdulla Oripov tarjimasidagi «Ilohiy komediya» she’riyat tarjimasida uchraydigan noyob hodisalardir. Shuningdek, Sh. Rahmonning Lorkadan, R.Parfining Nozim Hikmatdan, M.Alining R. Byornsdan qilgan tarjimalari borasida ham shunday fikrlarni aytish mumkin. J.Kamolning Rumiy, Attor, Shekspir ijodidan qilgan tarjimalarini ham alohida ta’kidlash lozim. I. G‘afurovning Dostoevskiydan, Nitshedan, Joysdan, Ch.Aytmatovdan qilgan tarjimalari tahsinga sazovor. Bu jarayonning adabiyotimizdagi bardavomligi yanada quvonarli. O‘sh tarjimonlarning safimizga kelib qo‘shilayotgani, ayniqsa, ularning asliyat tilini yaxshi bilishlari kishini mamnun etadi. Alisher Otaboevning ingliz tilidan, Rustam Jabborovning turk tilidan, Ilhom Hafizovning rus tilidan qilayotgan tarjimalari badiiy pishiq-puxtaligi bilan alohida ajralib turadi.
— Adabiyotning salohiyatini, ayni paytda, undan dunyo xalqlari tillariga tarjima qilingan asarlar ham yuksaltiradi. Bu jarayon millat adabiyoti bilan birgalikda uning namoyadalarini ham jahonga tanitadi. Agar asarlari boshqa tillarga tarjima qilinmaganida Chingiz Aytmatov shunchalik shuhratga erishmagan bo‘lardi, deyishadi. Bu borada sizning fikringiz qanday?
— Chingiz Aytmatov dastlabki asarlarini qirg‘iz tilida yozgan. Ular rus tiliga tarjima qilingach, uning iste’dodi yanada keng qanot yozdi, keyinchalik to‘g‘ridan-to‘g‘ri rus tilida ijod qila boshladi. Bu ijod undagi iste’dodning yana bir noyob qirrasi edi. Albatta, bu yo‘ldan bormaganida adib shunchalik tez dovrug‘ qozonmagan bo‘lardi. Lekin barcha ijodkorga ham bunday fazilat ato etilmaydi-ku! Qolaversa, dunyoga chiqishni istagan yozuvchilar o‘z tilida emas, boshqa ommaviyroq tilda ijod qila boshlasa, ular mansub adabiyotning taqdiri nima kechadi? Bundan kelib chiqadiki, yozuvchining vazifasi, avvalo, yuksak badiiy asar yaratmoqdir. Bu asarni jahonga tanitish esa, tarjimonlar zimmasida bo‘lgani ma’qul. Yurtboshimiz “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” nomli risolasida ta’kidlaganlaridek: “Biz ma’naviyatimizni yuksaltirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga intilayotgan ekanmiz, hech qachon o‘z qobig‘imizga o‘ralashib qolmasligimiz kerak.
Qisqacha aytganda, boshqa sohalar qatori adabiyot sohasida ham xalqaro aloqalarni kuchaytirish zarur. Qaysi mamlakatda bizning adabiyotimiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimizga hurmat bilan qarashadi, xorijdan biz nimalarni o‘rganishimiz mumkin va o‘z navbatida, ularga nimalarni taqdim etishimiz mumkin — bugun bu masalalar xalqaro maydonda o‘zligimizni namoyish etishda katta ahamiyatga ega ekanini doimo yodda tutishimiz lozim”.
Bu da’vatdan jiddiy xulosa chiqarishimiz lozim. To‘g‘ri, bizda jahon adabiyoti durdonalarini xalqimizga tanitishda ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin o‘z durdonalarimizni dunyoga qachon, qay usulda tanitamiz?
Yaqinda O‘zuvchilar uyushmasida uyushma raisi ishtirokida qizg‘in davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unga taniqli tarjimonlar, Jahon tillari universiteti va Sharqshunoslik instituti rektorlari, ularning muovinlari ham taklif etildi. Suhbatda juda o‘rinli taklif va mulohazalar aytildi. Jumladan, mazkur oliy ta’lim muassasalarda talabalar jahonning turli tillarini o‘rganadilar, endilikda ular orasidan iste’dodli yoshlarni tanlab, tarjimonlarning yangi avlodini tarbiyalash lozimligi ta’kidlandi. O‘sh tarjimonlarning adabiyotimiz namunalaridan qilgan sara ijodini yoritib boruvchi, qolaversa, adabiyotimizni dunyoga olib chiquvchi xorijiy tillardagi nashrlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, eng yaxshi asarlarimizni turli tillarga tarjima qilib, tayyor kitob holida dunyoga havola etuvchi alohida nashriyot tashkil etishning mavridi keldi, degan takliflar ham aytildi. Bular juda o‘rinli takliflar. Chunki asarlarimiz orqali adabiy qahramonlarimiz dunyoga chiqar ekan, bu xalqimizning dunyoga chiqqani demakdir.
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
O‘ktamoy yozib oldi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 40-sonidan olindi.