OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murod Muhammad Do‘st: “Ajdodlarni tinch qo‘yaylik” (2012)

http://ziyouz.com/rasmlar/mdust.jpg– Murod aka, suhbatimizni adabiyotdan boshlasak. Yangi asarlaringiz ko‘rinmay qolganiga ham ancha bo‘ldi...
– Odamzod ko‘p narsani ko‘rib-bilib boravergani sayin yozishi ancha qiyinlasharkan. Avval yozganlarim ham, endi yozadiganim ham mayda, arzimas bo‘lib ko‘rinaveradi – shunisi yomon.  Balki bunga yoshlik g‘ayrati, avvalgi zavqu shavq yo‘qolgani  sababchidir...
Umr bo‘yi, zamona bilan barobar odimlayapman, deb o‘ylar edim. Bugun, yosh bir joyga borib qolganda ko‘nglimda eski aqidalar ustunroq ekanini angladim. Albatta, yangi zamonga munosib emasligimdan uyalaman, lekin nachora... eski qarashlardan butkul xalos bo‘lishning iloji yo‘q. Qolaversa, yangi zamonni buyuk hayajon bilan kuylayotgan tengqurlar va yosh do‘stlarimizga yetib olishim juda qiyin. Shu sabab, ochiq tan olishim kerak, yangicha qahramonlarni, yangicha qarashlarni qalamga olmaslikka harakat qilaman. Albatta, og‘izga suv solib o‘tirganim yo‘q, ko‘hna realistik yo‘sinda, oz-ozdan bo‘lsa-da,  yozyapman. Xudo umrdan qismasa, oldinroq boshlab qo‘yilgan jiddiyroq narsalarimni oxiriga yetkizaman. Uch-to‘rt hikoya yozib tashlab qo‘ydim. Sal o‘tib, qaytadan o‘qib ko‘raman. Balki bir-ikkitasini chop etishga jur’atim yetar...
– Bir qaralsa, kitoblar yozilayotganday, ilgarigiday yuz minglab nusxada bo‘lmasa-da, chop etilayotganday.  Lekin baribir adabiyotning ilgarigi shashti ko‘rinmaydi. Bu nima bilan bog‘liq: ijod ahlining mavjud maishiy qiyinchiliklar oqibatida tirikchilik bilan andarmon bo‘lib qolgani bilanmi yoki vujudga kelgan voqelikni qayta baholash qiyinchiliklari bilanmi? Barcha zamonlarda ham adabiyotning hayotga munosabat  mezonlari  bir xil bo‘lmaydimi?
– Ijod ahlining shaxti pastligining sababi bitta – moddiy qiyinchilik. Eski zamonda adabiyot yozuvchining tom ma’noda tirikchiligi, yashash tarzi edi. Yozardi, chop etardi, evaziga qalam haqini olardi. Va ayni asnoda dilida tugib yurgan bir-ikki gapini ham aytishga ulgurardi. Bazisi, ustqurmasi, mafkurasi va boshqa – bugunda la’natdan o‘zga narsaga munosib ko‘rilmaydigan – balo-qazolaridan qat’i nazar, kechagi kunda yozuvchida o‘zini adabiyotga butkul bag‘ishlash imkoniyati bor edi. 
Endilikda adabiyotni kasb tutgan odamning kun kechirishi qiyin. Ayniqsa – yelkasida ortmog‘i bo‘lsa. Xotin, bola-chaqa va hokazo... Bu ahvol o‘tkinchi deb o‘ylayman. Jamiyat ma’rifati va o‘rtacha turmush darajasi o‘nglangan paytda yana hammasi izga tushadi.  
Adabiyot, umuman, haqiqiy san’at – insoniyatning tuzalmas dardi. Va uning mezonlari hech qachon o‘zgarmaydi: oq – qora, yaxshi – yomon, adolat – qabohat, muhabbat – nafrat..
“Odisseya” bilan “Alpomish”ning uyqash taraflarini bir o‘ylab ko‘raylik. Ikkovining orasida necha-necha asr yotibdi. Deylik, Tomas Mann “Yusuf va birodarlari” romaniga qo‘l urmasdan avval Injil va boshqa nasroniy matnlarni juda ko‘p titgani aniq, lekin “Alpomish”ni do‘mbiraga solgan sahroyi baxshining Homerni o‘qishi tugul, eshitganini ham tasavvur etolmaysiz. 
“Odisseya” ayricha, “Alpomish” ayricha tug‘ilgan. Protosyujet deganlari shu. Ilm ahli aytishicha, syujetlar, mavzular soni, nari borsa, o‘ndan oshiqroq bo‘larkan. Og‘zakiyu yozma adabiyot, necha ming yillardan beri yashab o‘tgan va bugun yashayotgan shoir va yozuvchilarning hammasi sanoqli syujetni qaytadan hikoya qilish bilan ovora. Quyushqonni uzib tashqariga chiqib ketgani yo‘q. Baholashda farq bo‘lishi mumkin. Milliy muhit, milliy axloq ta’sirida berilgan baho asarning qadrini yo‘qotmaydi, lekin mafkura ta’sirida berilgan baho uni o‘ldirishi mumkin. Isbotini uzoqdan izlash shart emas, biz bilgan milliy “klassik”larning axlat qutisiga tiqib tashlangan tom-tom asarlari...
Bugungi yozuvchi va shoirlarda jur’at yetishmaydi. Voqealarga, aniqrog‘i, Siz aytmish voqelikka beradigan baholarimiz rasmiy baho yoki talqinga zid kelib qolishidan cho‘chiymiz, shekilli. Bilmaymizki, voqelikka baho berish uchun baqirib-chaqirish, ayyuhannos solish shart emas. Buning uchun alohida toifa – huquq himoyachilari (negadir ularni “huquqxo‘r” deb atagim keladi) mavjud. Bizning vazifamiz – voqelikni badiiy idrok etish, xolisona, bosiqlik bilan badiiy idrok etish. Sho‘rolar zamonida yozilgan va bugun yashab kelayotgan ko‘pchilik yaxshi asarlar shu yo‘sinda bitilgan.
– Yaqinda yozuvchi Hamid Ismoil bir vebsaytga bergan intervyusida o‘zbek adabiyotidagi 3-4 ta arxetip darajasiga ko‘tarilgan obrazlar qatorida “Lolazor” romaningiz qahramoni Yaxshiboyevni ham sanab o‘tdi...
– Hamid Ismoilning Yaxshiboevga bergan bahosiga mening ham ko‘zim tushdi. O‘ylashimcha, Hamidjon oshnalik yuzasidan oshiqcha lutf etganday. “Arxetip” yoki “arxitip” so‘zi o‘rischaga “pervoobraz” deya o‘giriladi. “Avval misli bo‘lmagan” degan ma’nosi bor. Balki Yaxshiboev obrazi ma’lum darajada yangi bo‘lishi mumkin, lekin bu sifatni taltaymasdan, jo‘nroq qabul qilgan ma’qul. Dunyo adabiyotida arxetip bo‘lmagan yuzlab go‘zal obrazlar borki,  ularning mualliflarini taqlidchilikda ayblash bugun hech kimning xayoliga kelmaydi. Masalan, Sharq poeziyasidagi Farhod obrazi... 
– Bugungi o‘zbek adabiyoti jahon adabiy jarayonlaridan uzilib qolmayaptimi? Oddiy bir misol. Keyingi 4-5 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Jan-Mari Gyustav Leklezio (Frantsiya), Doris Lessing (Buyuk Britaniya) O‘rxon Pamuq (Turkiya),  Garold Pinter (Buyuk Britaniya) singari yozuvchilarning asarlarini o‘qish u yoqda tursin,  nomini eshitgan o‘zbek yozuvchi yoki shoiri ham kam. Albatta, men bu bilan ularning har biri klassik yozuvchi degan fikrdan yiroqman...
– Alam qilsa-da, tan olishimiz kerak: milliy adabiyotimiz jahon adabiy jarayoniga faol qatnashchi bo‘lib kirolgani yo‘q. Albatta, yaxshi asarlarimiz xorijiy tillarda chop etilgan, maqtov olgan, lekin birorta shoir yoki yozuvchimiz, deylik, Chingiz Aytmatovga o‘xshab dunyo badiiy tafakkuriga jiddiy ta’sir ko‘rsata olgani yo‘q. E’tiroz bildiruvchilar son mingta: Navoiy, Bobur... eposimiz... dunyoga dovruq taratgan yana qancha va qancha  asarlarimiz bor-ku?! To‘g‘ri, dunyo adabiyotida ularning o‘rni bor. Lekin Navoiy bilan Boburning o‘tib ketganiga qancha bo‘ldi! 
Umuman, milliy faxr borasida bizga yetadigan millat topilmasa kerak. Tariximizni maqtayverib, nazarimda, ajdodlarimiz ruhini ortiq darajada bezovta qilib yubordik. Buyuk o‘tmishga mehrimiz shu qadar kuchliki, ba’zida bugungi kun esimizdan chiqib ketadi. Bilmadim, xudo karomat ko‘rsatib, ulug‘ ajdodlardan birortasi tilga kirsa, balki, bizdan boshqa tashvishlaring yo‘qmi, o‘zlaringni o‘ylasalaring  bo‘lmaydimi, bo‘taloqlarim, deb aytgan bo‘larmidi... 
Menimcha, mavzuni torroq qilib, o‘zbek o‘quvchisining dunyo adabiy jarayonidan nechog‘li xabardor ekanidan gapirganimiz tuzuk. O‘ylab ko‘rsam, Siz tilga olgan ijodkorlardan Leklezioning “Sahro” romanini ancha oldin tasodifan o‘qigan ekanman. Voqealari, mavzusi bugun yodimda yo‘q. Lekin O‘rxon Pamuqni atay o‘qiganman. O‘zimizga yaqin bilib, alohida mehr bilan o‘qiganman. Menga uning “Qora kitob”i ma’qulroq. Bilim, katta mehnat va mahorat bilan, katta shavq bilan yozilgan roman. Afsuski, bu yaxshi yozuvchining Nobel mukofotiga qo‘yilganidan keyin qilgan bir-ikki siyosiy bayonoti yoqmadi. Gap Pamuqning siyosiy qarashlarida yoki bergan bayonotlari to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekanida emas, balki bu qarashlar ayni Nobel mukofotini berish arafasida va oxirgi ro‘yxatga kirish ilinjida oshkor qilinganida. Qolgan ikki “nobelchi” muallifning otlarini eshitganman, lekin o‘qiganim yo‘q.
Umuman, siz haqsiz – yozuvchining qadri Nobel mukofotini olgani bilan o‘lchanmaydi. Aksar yozuvchi mukofot olish uchun emas, aqalli bitta yaxshi kitob yozish uchun yashaydi. Nomlari bizga juda tanish ikki kamtar yozuvchi Fozil Iskandar bilan Grant Matevosyanni oling. Ular qaysi nobeldor yozuvchidan kam? To‘g‘risi, bu mashhur mukofotni berishda ham g‘irromlik borday. Asarga baho berishda biryoqlamalik – badiiy qimmatni ovro‘pocha an’analarga sadoqat mezoni bilan o‘lchash aniq seziladi. Adabiyotni chetga surib, Begin yoki Arafatga berilgan tinchlik mukofotlarini eslab ko‘ring, bu holat sog‘ fikr nari tursin, jo‘ngina mantiqqa ham zid emasmi? Ular boshida turgan urush hali to‘xtagani yo‘q-ku?
Shu kunning kitobxoni kimlarni o‘qishini yaxshi bilmayman. Har holda, Paulo Koelo yoki Xaruki Murakami kabi puflab shishirilgan “daho”larga mahliyo bo‘layotgan odamlar ko‘p deb eshitaman. 
Bugungi o‘quvchi tasarrufida bizning avlod tasavvur ham etolmagan katta imkoniyat – Internet bor. Xohlagan tilida xohlagan asarini o‘qishi mumkin. 
Yana bir muhim masala. Zamona zayli bilan o‘zbek kitobxoni jahon adabiyoti bilan asosan rus tili vositasida oshno bo‘ldi. Istibdod zamoni ortda qoldi, lekin rus tili ochib bergan eshik ochiqligicha turibdi. Bizda til biladigan katta tarjimonlar barmoq bilan sanarli, lekin ruslarda uch-to‘rt asr davomida shakllangan va g‘oyat rivojlangan tarjima maktabi bor. Mahdudlikka berilib, bu imkoniyatdan voz kechmasligimiz kerak. Afsuski, rus tilini biladigan yoshlar tobora kamayib ketyapti – ularning inglizchasi, nemischasi yoki yaponchasi xiyla mukammal. Ilgari rusifikatsiyani,  ya’ni ruslashtirish siyosatini yomon ko‘rardik. Lekin bugun rus tilining o‘zbek tiliga siyosiy raqobati yo‘q. Endi u bir vosita, kerakli vosita. Bizda milliy tarjima maktabi yuzaga kelishi uchun ko‘p vaqt va mablag‘ zarur. Hozircha, milliy adabiyotning o‘zi tuzukroq yordamga muhtoj. “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka”, “Yoshlik” kabi adabiy jurnallarimizning taqdiri omonatroq bo‘lib turganidan bilaverasiz.  
– Siz mansub avlod vakillari atrofga faqat ayrim yozuvchilarning ko‘zoynagi  bilan qarashga o‘rganib qolgan adabiyotga dunyo adabiyoti eshiklarini ochib berdi. Keyin she’riyatu nasrda turli eksperimentlar davri boshlanib ketdi.   Haligacha o‘sha ta’sirdan qutulolmay tili o‘zbekcha bo‘lsa-da, fikrlash tarzi, uslubi taqliddan iborat bo‘lib qolayotgan ijodkorlar bor.  Dunyo adabiyotini puxta bilishingizga qaramasdan Sizda o‘sha ta’sir umuman sezilmaydi. O‘qigan-bilganlaringizni asarlaringizga qanday singdirasiz?
– E’tibor berganmisiz, Abdulla Qahhor domlaning “men dunyoga Chexov ko‘zoynagi bilan qaradim” degan so‘zlarida rosmana g‘urur seziladi. Bugun men alam bilan o‘ylaymanki, ko‘zga surtgan to‘g‘riso‘z yozuvchimiz shu gaplarni zamonasozlik yuzasidan aytganida qanchalar yaxshi bo‘lardi! (“Az tahi dil cho‘qindingmi yoki mazmuni zamonasozliqmi?” – Abdulla Qodiriy, “Kalvak Mahzum”.)
Taqlid deganlari dunyo turguncha turadi. Aslida taqlid ham – ilmning  bir turi, ibtidoiy bosqichi. Gap bu bosqichdan eson-omon o‘tib olishda. Yozuvchining kitob o‘qib kitob yozgani darrov bilinadi. Lekin mumtoz asarni o‘qib, keyin uni butkul esdan chiqarib, ana undan keyin o‘zining kitobini yozsa edi, muallif bir zamonlar taqib ko‘rgan ko‘zoynak kimniki ekanini sezish qiyin bo‘lardi. 
Ovoz yozish jarayonida yaxshi atamalar bor. Original – master-nusxa, qolgan hammasi – birinchimi yoki minginchimi – jo‘n nusxa. Haqiqiy talant hech qachon arosatda qolib ketmaydi, baribir o‘z yo‘lini topadi – irkit o‘rdakcha ko‘rkam oqqushga aylangani kabi!
Tabiiyki, taqlid va o‘rganish davrini cho‘zib yuborgan noshud kishi oddiy epigonga aylanadi. Buni aniqroq tasavvur etish uchun zamona hofizlari ahvoliga bir qarang. Biri Ma’murjon Uzoqov bo‘lib, ikkinchisi Faxriddin Umarov bo‘lib xirgoyi qiladi, muxlis orttiradi, hatto unvon oladi. Fojia shundaki, ular o‘zlarining original emas, ikkinchi darajali nusxa ekanliklaridan uyalish u yoqda tursin, maromiga yetkazib taqlid qilishlaridan faxrlanadi. 
Sherali Jo‘raev yo‘lini tutgan bir ukamiz bor. Ba’zida “bu ukamiz Sheralining qo‘shig‘ini Sheralining o‘zidan zo‘rroq aytadi”, deb hazil qilamiz. Lekin u kinoyani sezmaydi, pichingni yuksak maqtov deya qabul qiladi. 
Ijodiy eksperimentlar juda kerak. Ularning eng sara namunalari milliy adabiyotning tarkibiy qismiga aylanishi ham mumkin. Barmoq vazni o‘zbek nazmiga yot – begona, degan gaplarni bugun kim eslaydi?   Kim bugun g‘azal shaklida she’r yozyapti? Mayli, yozayotgan ham bo‘lsin, lekin shaklga qaytadan jon bergan, yangicha mazmun bag‘ishlagan namunalar bormi o‘zi?
Bizning avlod vakillari ko‘p o‘qigani rost. Shu sabab, birimiz Heminguey, birimiz Selinjer, yana birimiz Garsia Markes bo‘lib yozgan chog‘larimiz ko‘p bo‘lgan. Apolliner, Bodler, Nozim Hikmat, Garsia Lorka, Uitmen, Eliot va boshqa o‘nlab-yuzlab go‘zal yozuvchi va shoirlar aqlimizni olgan paytlar edi. Ajnabiy yozuvchilar chetda tursin, o‘zimizning Shukur Xolmirzaev yoki O‘tkir Hoshimovga o‘xshab yozadigan “xashakiroq” (biz shunday deb o‘ylardik) oshnalarimiz qancha edi. Yanglishmasam, Shukur akaning o‘zi ham bir fasl Ernest Hemingueyning “telegraf” uslubini o‘zbekcha isloh qilishga urinib ko‘rgan edi. Yo‘q, ustozimiz keyin yana o‘zining surxon ulusiga, choriboy va panjiboylar davrasiga qaytdi va juda to‘g‘ri qildi. Va bugun bizlar Shukur akadan juda ko‘p narsalarni o‘rgandik, deb aytmasak gunohi azim bo‘lur edi. Umuman, Shukur aka rahmatlining eng katta xizmati o‘zbek nasrini osmondan yerga olib tushganida.  
Mening taqliddan qutulishim oson kechgan. Moskvada o‘qib yurardim. Shavkat Rahmon yoki Sobit Madalidan boshqa suhbatlashadigan odam yo‘q. Isfandiyor esa faqat o‘rischa gapiradi. Nachora, yolg‘izlikdan zerikib, yozgan narsalarimni ovoz chiqarib o‘qishni o‘rgandim. Jiddiyroq quloq tutsam, ba’zi jumlalar o‘rischadan tarjima qilinganday... yana bir jumlaning ohangi g‘alatiroq... xullas, qahramonlarimning odamga o‘xshab gapiradigani kam ekan. Bor-yo‘g‘i shu. O‘shal zamondan boshlab, qahramonlarimni odamga o‘xshab gapirishga o‘rgata boshladim. 
Rahmatli Mashrab Boboevning bitta zo‘r gapi bor edi. Jumlada g‘alizlik topsa bas, “Endi, og‘ayni, o‘zbek bunday gapirmaydi-da”, deb kuyunar edi. Shu sabab, yangi narsani avval Mashrab akaga o‘qitib olardik. Rahmatli Vahob Ro‘zimatov domla beo‘xshov jumlani o‘qisa bas, avzoyi o‘zgarib, ortidan bir “sasirdi”ki, uning g‘azabidan qo‘rqmagan yozuvchi zoti yo‘q edi. Aytgan gapi yoqmasdi, lekin saboq o‘rniga o‘tardi. So‘zni juda teran his etadigan zukko va shinavanda muharrir Nizomxon aka Komilov ham yoshligimizda bizga ko‘p marhamat ko‘rsatgan. Vahob Ro‘zimatovning sadoqatli shogirdi, qadrdon do‘stim va “qattol” muharririm yozuvchi Erkin A’zamov bilan alohida “hisob-kitobi”miz bor. U men faqirga turfa azoblar berib, opkelgan qo‘lyozmalarimdan butun-butun boblarni olib tashlaganki, bugun endi minnatdor bo‘lib eslayman.
– Asarlaringizda kinoya ustuvor. Bu, ayniqsa, zikr etilgan qahramoningiz Yaxshiboev obrazida bo‘rtib ko‘rinadi. Lekin qo‘g‘irchoqboz Yaxshiboev bilan Oliyaning “bir-birini ko‘zyoshiga belanib suyishi” romanning go‘zal, shu bilan birga Yaxshiboev xarakteriga unchalik mos bo‘lmagan boblaridan biridir...
– To‘g‘risini aytsam, “Lolazor” romani, bor-yo‘g‘i, ikki jumlaga joy topish uchun yozilgan. Birinchisi – “osmon mezonlardan yiltirab yotardi”, ikkinchisi – Siz iqtibos etib keltirgan gap: “alar bir-birini ko‘zyoshiga belanib suydilar”. Har ikki jumla ham romandan oldin tug‘ilgan. Ularni yurakka mahkam bosib, asrab-avaylab yurganman. Vaqti kelib, biriga roman muqaddimasida, unisini o‘zim eng yaxshi ko‘rgan bobga tushirib, ortidan dunyo topgan tentakday quvonganman.
Umuman, men muhabbat borasida yozmaslikka harakat qilaman. Muhabbat deganlari shu qadar buyuk va nozik tuyg‘uki, unga munosib qahramonlar va ular aytadigan so‘zlarni topish o‘zi qiyin. Kamtarlikdan bo‘lmasa ham iqror bo‘lishim kerak: Siz aytmish bobdagi Yaxshiboev  aslida men o‘zimman.
Men Yaxshiboevni fosh etish uchun yozgan emasman. To‘g‘ri, undan kulgan paytlarim bo‘lgan, lekin hech qachon mazax qilmaganman. Umuman, matnda ham oshkor aytilganki, “Lolazor” – o‘nglanmagan taqdirlar romani. Yaxshiboev ham, Oshno ham boshqacha odamlar bo‘lishi mumkin edi. Ularda tanlov huquqi bor edi va ular bugungi taqdirini tanladilar. Yaxshiboevni oqlaydigan yagona narsa –Oliyaga muhabbati. Bu muhabbatda g‘irrom yo‘q. U Oliyani qutqarish uchun o‘zini sotdi – Oshno va boshqalar (Muhsina xonim, Muyassar xonim va hokazo bugungacha yashnab-yashab kelayotgan davlat xonimlari) tanlab bergan yo‘ldan chiqib ketolmadi. Ko‘ngilda katta alam qoldi. Balki shuning uchun ham keyinchalik Yaxshiboev qo‘g‘irchoqbozga aylanib, hattoki Oshnoning o‘zini ham qo‘g‘irchoq qilib o‘ynatgandir?.. 
Bir narsada Siz haqsiz. Oliya bilan Yaxshiboev muhabbati bobida kinoya kamroq. Bunga men aybdorman, muhabbat tavsifiga berilib ketib, romanning asosiy ohangini unutib qo‘yganman. Balki shunisi to‘g‘ri bo‘lgandir – kinoya aralashgan joyda muhabbat o‘ladi. O‘lmaydi, deydigan mard, ana, mahbubasiga ishqini piching aralash izhor etib ko‘rsin. 
– Bugungi ijodkorga mutolaa madaniyati kerakmi? Umuman, o‘zingiz qanday mutolaa qilasiz?
– Bu savolga jo‘yaliroq javob berolmayman. Mening kitob o‘qishimda hech qanday tartib yo‘q. Agar yonimda badiiy kitoblar bo‘lmasa, tunukachi yoki qadoqchi kasbi haqidagi kitobni ham o‘qiyveraman. Elektr yoki plastik payvand, santexnika, bo‘yoqchilik, misgarlik, temirchilik bo‘yicha qo‘llanmalar... Bularning hammasi birday qiziq va maroqli. Keyin jarrohlar yozgan kitoblarni (ular bizga o‘xshab, dramatik holatlarni o‘ylab topmaydi), otlar bilan itlar haqidagi kitoblarni yaxshi ko‘raman. 
– Sizningcha, bugun so‘zning, san’atning bozorga solinishi, to‘g‘rirog‘i, ulardan faqat boylik orttirish vositasi sifatida foydalanish qanchalik zarar   keltiryapti? Yoki bizda ham G‘arbdagiga o‘xshash, bunisi haqiqiy san’at, bunisi esa ko‘cha madaniyati deb ajratib qo‘ya qolish kerakmikin? 
– Tabiiyki, bozor munosabatlari o‘ziga mos narsalarni yuzaga chiqardi: bozor adabiyoti, bozor san’ati... kinosi, kuy-ashulasi, raqsi... Bu surrogat shakllar katta daromad keltiradi. Albatta, ularning o‘z muxlislari bor. Borgina emas, juda ko‘p – minglab, milyonlab. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak – masskult, ya’nikim ommaviy madaniyat. 
Adashmasam, “Mustafo” degan qissada qadim faylasufi Zunnun Misriyning so‘zlaridan iqtibos keltirgan edim. Ma’nosi shuki, ilm odamlardan tortib olinmaydi, ammo bilguvchilar yo‘qoladi. Bilguvchilar yo‘qolgach, nodonlar tepaga chiqib oladilar. Ular o‘zlari adashgani yetmaganday, ortlaridan boshqalarni ham yetaklab ketadi...
O‘zbek ommaviy madaniyati kimlarning yetovida ekanini aniq  bilmayman. Albatta, yetakda ketayotgan odamlarga havas qilib bo‘lmaydi. Lekin bu jarayonni to‘xtatish mumkin emas – o‘rtaga pul, katta sarmoya tikilgan. Estrada saviyasini ko‘tarish borasida qancha qaror qabul qilindi, lekin saviya sabil hali-hanuz tosh asri darajasida sobit turibdi. Faqat bir narsa – Rossiyada ham, Turkiyada ham, Qozog‘istonu Tojikistonu Qirg‘izistonda ham ahvol shu ekani taskinga zor ko‘nglimizni ozgina yupatadi. Boshqa tillarni tushunmayman, lekin o‘zimcha tusmol qilamanki, biz havas bilan qaraydigan Mag‘rib mamlakatlarida ham ahvol bundan ortiq emas. Ya’niki, ko‘pga tekkan kasal.  Nedir yangi va ko‘proq daromadli o‘yin yoki tomosha turlari o‘ylab topilsa, bugungi nag‘ma va muqomlar tez orada o‘tib ketishi ham mumkin.
– Bir suhbatingizda o‘zingizni nafosatni, go‘zallikni qadrlovchi amaldor, deb atagan edingiz. Bugun kechagi tushunchayu mezonlarning yashin tezligida o‘zgarayotgani nafosatu go‘zallikka bo‘lgan munosabatga ta’sir etmayaptimi? 
– “Nafosatni, go‘zallikni qadrlovchi amaldor” iborasida o‘sha zamondagi ahvolimga nisbatan – yozishga imkon yo‘qligidan afsus aralashgan ozgina piching bor edi. 
Inson ko‘nglidagi go‘zallik tuyg‘usi muqim qoladi, albatta. Mezonlar har kun o‘zgarishi mumkin. Ayniqsa, ayol chiroyi borasida. Aslida, Rubens chizgan semiz xonimlar bilan bugun sahnalarda muqom qilib yuradigan qiltiriq modellar ham birday go‘zal. Umuman, xunuk ayolning o‘zi bo‘lmaydi. Mening bir ajoyib sinfdoshim mahbubasiga shunday baho bergani yodimda: “Rosa chiroyli, og‘zi to‘la tilla tish, har barmog‘ida ikkitadan tilla uzugi bor!”  Men o‘sha payt ichimda kulgan edim. Lekin bugun o‘ylab ko‘rsam, u ham o‘zicha haq ekan. Ya’nikim, har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga...
– Zardushtiylik dinida  hozir ham dolzarbligini yo‘qotmagan “ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal”  triadasi bo‘lgan. Ko‘pchilik mavjud qiyinchiliklardan noliydi-yu, lekin ularni yengish uchun, avvalo, fikr va so‘z tuzalishi shart ekanini o‘ylab ko‘rmaydi. Buning uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz? 
– Dunyoda to‘kis odamning o‘zi yo‘q. Birovda ezgu fikr, ezgu so‘z bo‘lishi mumkin, lekin amalga kelganda oqsab qoladi. Bugungi otashin islohotchilarning hammasi shunday. Fikr va so‘zni tuzatish mumkindir (balki so‘zni tuzatish shart ham emasdir, negaki hamma  – o‘g‘ri ham, to‘g‘ri ham – juda ezgu so‘zlarni gapiradi), lekin moddiy g‘arazni yengish juda qiyin. Ezgu amalning asosiy kushandasi – nafs. Jamiyat mukammal bo‘lishini, halol mehnat kunlik  ezgu amalga aylanishini kutamiz endi.

Faxriyor suhbatlashdi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.