Yaxshi she’r yozish iste’dodni, uni maromiga yetkazib o‘qiy olish esa chinakam san’atkorlikni talab etadi. Omon akaga buning ikkalasi ham nasib etgan. Ayniqsa, she’rini o‘zi o‘qiganda bu hol yaqqol seziladi: satrlarni bo‘lib-bo‘lib, nozik joylarini ohista, zalvorli joylarini esa jaranglatib o‘qiganda she’rning qirralari billurday yaraqlab ketadi, jozibasi bo‘rtib ko‘rinadi, tagma’nolari jilolanib ochiladi...
Omon aka bilan suhbat qilish istagi allaqachon tug‘ilgandi. Biroq qulay fursat topolmay yurgandim. Nihoyat taniqli shoirimizning 60 yoshga to‘layotgani bahona bo‘ldiyu, qo‘ng‘iroq qilib tabrikladim va maqsadimni aytdim. Rozi bo‘ldi, lekin shart qo‘ydi: «Faqat noodatiy savollar bo‘lsa, oddiy suhbatlardan farq qilsa!», dedi. Ochig‘i, bunday «tesha tegmagan», noyob savollarni topa olmadimu, shunga bir qadar harakat qildim.
— Ijtimoiy sharoit, muhitning ijodga ta’siri kunday ravshan. Biroq, xolisona aytganda, Vaqtning ijodga ta’siri qanday?
— Bu judayam murakkab savol. Bunday qaraganda, Vaqt shunday narsaki, hisoblasa — bor, hisoblamasa — yo‘q. Uni era, asr, yil, kun, soat deb belgilab olganmiz, bu yaxshi narsa. Chunki umrning o‘lchovli ekanliginiyam bildirib turadi har holda soat. Baribir ijtimoiy sharoit umr manzillariga jiddiy qarashga majbur qiladi va buning o‘ziyam yaxshi. Kelgan yo‘liga bir qarab, bu yog‘iga nima ish qilish kerakligini odam bir o‘ylab ko‘radi, belgilab oladi.
— She’rda aytganingizdek:
Ko‘kdan yerga bir ne tutash ko‘rinar,
Umr — o‘z burchingni o‘tash ko‘rinar.
"Avlodlar almashar!" — degan gap bekor,
Bu — har kimni bir-bir sinash ko‘rinar.
— Chindan ham bu bir sinov-da...
— O‘z-o‘zini tanqid masalasiga qanday qaraysiz?
— Yevgeniy Yevtushenkoning shunday bir gapi bor: Yozgan kitoblarimni, avval bitgan she’rlarimni varaqlab «Nahotki shularni men yozgan bo‘lsam, bundan durustroq ham yozishim mumkin edi-ku». deyman ba’zan, deydi. Mana shu o‘z-o‘zini tanqid, ijodkor uchun avvalgi yozganlariga o‘xshamaydiganroq yana bir boshqa shakllarda yozishga intilish — bu men uchun maroqli ish. Chunki bu yerda o‘qigan kitoblaringning ozligi, malakalaringga e’tibor bermayotganing ma’lum bo‘lib qoladi.
— Muayyan davr, deylik, bugunning taqozosi va atrofingizdagi odamlar munosabatiga e’tibor berasizmi?
— Bugunni analiz qilish uchun odamda ham turmush malakasi, ham o‘quv malakasi, ham uquv malakasi bo‘lishi kerak. Agar, deylik, bugun bir ibratli so‘zni zamondoshing aytsa, bu haqda anov olim unday, falon donishmand bunday degan edi-ku, deb eslay olish lozim. Shuning uchun odam yozgan narsasini ham qattiq tanqid qilib tashlaydigan, ham juda maqtaydigan, ham bir maromda fikr aytadigan — uch xil odamlarga e’lon qilishdan oldin asarini o‘qitsa, foydadan xoli bo‘lmaydi.
— Bo‘sh vaqtingizga qarab ijodiy kayfiyat yarata olasizmi o‘zingizda?
— Haqiqatan o‘rinli savol. Bilasizmi, Safar, ba’zida ikki-uch kunlab yolg‘iz qolaman, shuni yaxshi ko‘raman. Ba’zan g‘oyalar, fikrlar, she’rga mavzu bo‘ladigan qiziq narsalar boshga kelib yuradi — o‘n kun, bir oy, uch oy, olti oy... Asosiylari, ikkinchi darajali bo‘lmaganlari esdan chiqib ketmay to‘xtovsiz qaytib kelaveradi. Bo‘sh vaqt menga shularni qog‘ozga tushirish uchun kerak bo‘ladi. Ko‘pincha odamlar hayron bo‘ladi: qanaqa qilib buncha asar yozasiz, uchrashuv ko‘p, safarlar ko‘p, qolaversa, ish... Bunda bo‘sh vaqtning ta’siri albatta bor. Kayfiyat ham durustroq bo‘lishi kerak.
— Noo‘rin kamsitadigan kimsalarga qanday munosabatda bo‘lasiz?
— Ba’zan noo‘rin xafa qilishsa, ichimda «o‘ch olsammikan, birovlar shuni qilyapti-ku, ko‘rib turibman men» deyman. Lekin menga otamning, boshqa yaxshi odamlarning nasihati bor: jazo, o‘ch Xudoniki, sen aralashma! Shunday deb taskin topasanu, lekin judayam ustingga chiqib olishigayam qo‘yib qo‘yish kerak emas. Yomon jazolanmasa, demak, u yana davom etaveradi-da. Qanaqadir bir yo‘lini topish kerak. Shuning uchun umrning, odamga berilgan katta sukut lahzalarining, tinchlikning, osoyishtalikning qadriga yetish kerak.
— Baribir o‘z davrimizdan ajralib yasholmaymiz...
—To‘g‘ri, o‘z davrimizning odamlarimiz. Biz ko‘pchilikning shodligi bilan shodlanib ketaveramiz. Boshqalarning tashvishi sening tashvishingday tuyuladi. Kecha haligi «Kolumbiya» kemasining halokati tafsilotlarini ko‘rib, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi... Yigirma yillik kema edi u, havoning qattiq qatlamiga dosh berolmay portlab ketdi. Uning ichida hind qiziyam bor, isroillik odam ham bor — turli millat vakillari bor. Ochiq kosmosdagi elchilarimiz edi-da ular.
— Inson kutilmagan vaziyatlardan, hatto hodisa-falokatlardan ham teran xulosa chiqarishi lozim, demoqchisiz-da?
— Ha, Vaqt hisobga o‘tmaydi, dedimu suhbatimiz boshida. Qiziq-da, shaxmatchilar o‘rtasidagi soatning tugmachasini bosganda raqibning hisobiga chiqillab ishlay boshlaydi: «qani yur yurishingni» deb bir-biriga soat tugmasini bosib qo‘yishadi-ku. O‘zining emas, raqibining vaqtini belgilaydi aslida ular. Meningcha, «qani yur, yurishingni qil» deb hayot — Xudoyi taolo bizga shunday Vaqtni bergan ekan, uning ne’matlaridan, barcha yaxshiliklaridan foydalanmoqqa hamma muyassar bo‘lsin:
Yashash, bu — orzular qanotin kermoq,
Yashash, bu — muhabbat gullarin termoq.
Yashash, bu — umrning gulgun damlarin
El uchun yashamoq, el uchun bermoq.
— Sizningcha, badiiy ijod qilishning qiziqligi nimada?
— Mening «Uchinchi daryo» degan she’rim bor. Mashhur hofizimiz Otajon Xudoyshukurovga bag‘ishlangan bir payt. Men uni aytishni yaxshi ko‘raman:
Men gohi Sirdaryo sayliga borsam,
Ko‘nglimga keladi qiziq bir tuyg‘u:
Go‘yo yaqin joyda oqib yotganday
Sirdaryodan ko‘ra kattaroq bir suv.
Shu holga tushaman Xorazmda ham,
Buyuk Amudaryo bo‘yida turib.
Go‘yo Jayhundan-da katta bir nahr
Yaqingina joydan oqar o‘kirib.
Bu nima? Qandayin sirli ovoz bu,
Yerdanmi, ko‘kdanmi kelar bu sado?!
Nahot, tuprog‘imda ko‘zga tashlanmay
Oqib yotgan bo‘lsa uchinchi daryo!
Bilmadim, meni ko‘p ta’qib etadi
Shu sirli aks-sado, shu ilohiy un.
Ruhim juda yuksak bo‘lar shu kezlar,
Vujudim tuproqqa judayam yaqin.
Meningcha, nozillik degan bir gap bor — odamning xayoliga go‘zal o‘y-fikrlar, hofizlarga musiqiy unlar bir yerdan kelib qoladi. Bizning O‘zbekistonimizda judayam azim, ko‘rinmay oqib turgan daryo shovqinlari eshitilib, «oldinga suz» deb turgan, ko‘ngilga kelgan yaxshi xabarlarni — nozillikni ehtiyot qilish, eng go‘zal shakl va mazmunga o‘rab, ko‘pchilik bilan o‘rtoqlashish kerak.
Eng ulug‘ hikmat shunda: menga kelgan chiroyli gapni, fikrni yaxshi odamlarga, yonimdagilarga aytishim kerak. Ular ham toki ko‘ngliga bir narsa olsin. Turmushning, hayotning go‘zalligi shundan iborat. Mening shaxsan bitta o‘zimga hech narsa kerak emas. Go‘zal narsalarni bo‘lishaman, baham ko‘raman boshqalar bilan. Yomon narsalarni har kimga aytavermayman...
— Meningcha,shu savolga javob mana bu to‘rtligingizda ham bor:
Mingtadan bir jonni ul dono Hakam
Iste’dod nuri-la etar mukarram.
Inson bu ne’matni muhtaram aylab,
Bahramand etsa shart boshqalarni ham!
— Yaxshi eslatdingiz.
— Uslubni shoirning o‘zi o‘ylab topadi. Ammo she’r yo‘nalishini uning tabiati, aniqrog‘i, ruhiyati belgilaydi... Nega shunday?
— Bu juda to‘g‘ri. Misol uchun shaklda ham gap ko‘p. Odamning shakli har xil, ammo xotira avloddan avlodga qanday o‘tishini hali hech kim bilmaydi. Shakl tanlash — fiziologik hodisa. O‘n bir bo‘g‘indan ortig‘ini, masalan, o‘n olti bo‘g‘inni o‘qishga ovozim yetadimi-yo‘qmi?! Bu nafasning quvvati bilan bog‘liq-ku! Shakl tanlangandan keyin eng qiyin joyi — ruhning yukini uning ichiga kiritish. Men bo‘g‘in sanamayman, she’rning o‘zi quyilib kelganda o‘sha ruhning kuchi shaklni tanlab beradi. Ruh — ichki ovoz aytib turadi, turtki beradi. She’rning qog‘ozga tushishi endi o‘sha shoirning savodi, hali aytdim: o‘pka-ovoz imkoniyatlari bilan bog‘liq hodisa bo‘lib qoladi. Bu — bir-birini taqozo qiladigan shakl va mazmun birligi.
— Keyingi paytda shaklbozlik she’riyatimizda haddan ziyod ko‘payib ketdi. Aytganingizdek, o‘z uslubiga ruhiyatini mushtarak qilolmaslikning oqibati ekan-da bu?
— Men yosh shoirlarimizning, kim bo‘lsayam, hamma shakllarini qabul qilaman, mayli, yozaverishsin. Xokkuda yozish ham bir vaqtlar urf bo‘lgandi, keyin tankada, mayli, sochmada, verlibr deymiz — yozishsin. Lekin gap u nima demoqchi ekanligida! Odamlar yaxshi o‘qib, uqib olishi kerak uni.
Gyote aytadi: shoir uch bosqichdan o‘tishi kerak. Birinchi bosqich — judayam sodda yozadi, haligi, Quyosh chiqdi yarqirab, Suvlar oqdi sharqirab... singari; ikkinchi bosqich — (agar shoir shunga ko‘tarila olsa, kuchi bo‘lsa) juda murakkab. U nima yozayotganini o‘ziyam bilmaydi hatto. So‘zlar quyilib kelib qoldi-da deb nima bo‘lsa qog‘ozga tushiraveradi. Buyam o‘tishi kerak. Bu yaxshi, yomon emas. Bu — jismi, ruhi uchun sinov. Lekin uchinchi bosqich keladi. Bunga hamma shoir chiqolmaydi. U sodda, tushunarli yozadi, lekin juda ko‘p ma’no ijodida yashiringan bo‘ladi... Men Gyote ko‘rsatgan mana shu uchinchi bosqichni yosh shoirlarga, balki o‘zimizgayam tilayman.
— Masalan, yozgansiz-ku:
O‘zga sayyorada bir shoir go‘dak
Beshigin maqtardi to‘qib kuy-ertak.
Nahotki shu qadar qo‘msar, sog‘inar
Qo‘l-oyog‘i bog‘liq paytlarni, tentak!..
Komil inson tushunchasi haqida ko‘p o‘ylaymiz. Umuman, qanday insonlarda komillik alomatlari bor, sizningcha?
— Komillik dunyoning o‘z qurilgan shaklu mazmuniday juda murakkab narsa. Tasavvufdagi yetti bosqich bekorga keltirilgan emas. Xudoyi taoloning qarshisida yolg‘iz o‘zing qolmoqchi bo‘lsang, u tomonga bir qadam yurmoqchi bo‘lsang — o‘zni pokla. Dastlab odam o‘zini jisman, ruhan poklay olishi komillik sari oldinga qo‘yilgan bir qadam.
Komillik juda katta bilimni, albatta, bilimni va yana bilimni, keyin ma’lum hayotiy tajribalarni, o‘xshash narsalarni kuzatishdan xulosa qila olishni talab qiladi. Hamma ham xulosa chiqaravermaydi. Komillikka borishning asosida mantiq turadi.
Bizning sharoitimizda eng komil deb el orasida shunga intilayotgan odamni aytish mumkin. Buning zamirida diydor, insoniy munosabatlar bilan bog‘liq, juda ko‘p narsa mavjud.
— Ulug‘ tarixiy shaxslarning badiiy obrazlarini yaratishning o‘ziga xos murakkabliklari, nozik jihatlari nimalarda ko‘rinadi? Mana, Xoja Ahror Valiy haqidagi «Xaloskor ruh» asaringizni yozishda Siz nimalarga e’tiborni qaratdingiz?
— Rassomdek xayolimni chizib berolmagach, shu ojiz holimda shoirmanmi men, deydi Cho‘lpon. Navoiy, Ogahiy g‘azallariga muxammas bog‘laganman, ammo Mashrab haqida yozishdan doim qo‘rqqanman. Chunki, u — avliyo. Uni yozish uchun inson qandaydir o‘zga holatga kirmog‘i kerak... Tushda cho‘qmor bilan quvib qolmasa, yozishga jur’at qilsa bo‘ladi. Avliyolar bilan hazillashib bo‘lmaydi. Xuddi shunday ulug‘ insonlar bor. Ular haqida yozishing uchun yo u zot tushingda ayon bo‘lishi, yo o‘zing ruhan tayyor bo‘lishing kerak. Shayx Kubro, Yassaviy hazratlari, Xoja Ahror Valiy, Mashrab, So‘fi Olloyor — bilganlarim, bilmaganlarim qancha. Bular haqida yozishga ma’lum diniy-tasavvufiy qoidalarni o‘tab, poklanib, tozalanib, keyin qo‘l urmoq kerak. Irimiyam, an’anasiyam shu.
— Suhbatimizni vaqt mavzusi bilan boshlagan edik, xotimasi ham shunga yaqin bo‘lsa: mana, oltmish yoshga to‘ldingiz — bu to‘y, yaxshi, albatta. Ammo vaqt nuqtai nazaridan qanday: birpasda shu yoshga kelib qolganday bo‘lmayapsizmi?
— Vaqt adadsiz tushuncha. Yaratgan, bandalarini bir qur o‘ziga nazar tashlasin deb tongni ottiradi, kunni bottirib, o‘ziga, o‘z hayotiga yana bir boqib ko‘rsin deb tag‘in tongga peshvoz qilaveradi. Buning bari inson uchun imkoniyat. Faylasuflardan biri, meningcha, Aristotel aytgan, xudo yerni mukammal qilib yaratgan: uning na poygagi, na to‘ri bor — aylana shaklda, deb. Quyosh atrofida qancha planetalar mavjud. Agar eng yaqin yulduzga odam yetib bora olsa va «Biz shu yulduzga yetib keldik» degan xabarni radioto‘lqin orqali Yerga yuborsa, bu tovush 42 yilda yetib kelarkan! G‘afur G‘ulom aytganidek, «Uzilgan bir kiprik, abad yo‘qolmas, Shunchalar mustahkam xonai xurshid...»
Shunday ekan, menga yashash uchun vaqtni ko‘p berding yoki oz berding, deb shakkoklik qilib bo‘lmaydi. Men O‘zbekistonda tug‘ilganimdan benihoya xursandman. Yana, umrimni tinch zamonga ravo ko‘rgani uchun Ollohga benihoya shukronalar aytaman.
— Sir bo‘lmasa, qanday yangi asar ustida ishlayapsiz?
— Men odatda yangi asarimni, bitmaguncha, sir saqlar edim, bugun nimagadir aytgim kelyapti. Hozir tarixiy bir asar ustida ishlayapman, yo‘nalishi, syujetlari — hammasi tayyor. Faqat siz aytganday, bir ijodiy kayfiyat bo‘lib qolsa, qog‘ozga tushirib olsam bo‘lgani. Hozircha bari xayolimda. Tarixda Xorazm tomonlarda To‘rabekxonim degan malika yashagan. Uni Sulton Sunjor (Sanjar emas) sevib qolgan, malika oilali bo‘lishiga qaramay unga uylanmoqchi bo‘lgan. Malika ko‘nmagan. Sunjor Amudaryoning uning saltanatiga oqadigan o‘zanini (u paytda Jayhun o‘sha joylarda uchga bo‘linib oqqan) bo‘g‘ib qo‘ygan. Shunda malika qo‘riqchilari bilan sultonning oldiga borib, ayolning makri-hiylasi deymizmi, tadbirkorligi yo zukkoligi deymizmi, o‘zanni bir o‘zi ochtirgan. Endi, buni qanday amalga oshirgan?...
— Demak, bu yog‘i asardan ma’lum bo‘ladi.
— Ha, shunday bo‘lgani ma’qul.
— Nomi qanaqa?
— Shu, «To‘rabekxonim» deb atayapman. Bitsa, birinchi navbatda bir qismini sevimli «Adabiyot va san’at» gazetamizga, to‘lig‘ini «Sharq yulduzi»ga olib boraman, inshoollo.
— Sizga ijodiy kayfiyat va kuch-quvvat tilayman.
— Rahmat, chin dildan rahmat. Salomat bo‘ling.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 7-sonidan olindi.