OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oqibat devorlari (Halima Xudoyberdiyeva va Nabijon Boqiy suhbati) (1988)

http://ziyouz.uz/images/halima-xudoyberdieva2.jpg

— Eshityapsizmi, Halima opa, xonanda kuylayapti. Shoir qalbi nido qilyapti:

...Oqibatni yo-yod etib, hayro-on o‘zing,
Hayro-o-on o‘zing!

Men ham hayronman. Qo‘shiq kishining hayolot qamrovini kengaytiradi. Fikrlar jilovini erkin qo‘yasiz. Ayni tuyg‘ular kamondek tarang tortilgan lahzalarda she’r yaratilsa ne ajab! Har holda kamina birorta she’rga doyalik qilmaganini oldindan aytib qo‘yishim lozim. Ammo suhbatimiz mavzui katta: dialektika, tarix, falsafa, O‘rxun-Enasoy bitiklari... Xullas she’riyat haqida...

— O‘zingizga ma’lum, men anchadan buyon "ijodiy" otpuskadaman — farzand ko‘rdik.

— Muborak bo‘lsin! Qizmi, o‘g‘ilmi?

— O‘g‘il. Ismi Mirzo G‘olib. Men keyingi paytlarda adabiyotimizdagi yangiliklarni sinchiklab kuzatib borolmadim. Ayting-chi, kimlar jiddiy voqea bo‘ladigan asarlar yaratishdi?

— Abdulla Oripov bilan Gulchehra Nurillaevalarning turkumlarini o‘qigandirsiz... kechirasiz, Halima opa, o‘zingiz yangi she’rlar yozayapsizmi?

— Yozyapman. Yangi she’rlar kitobimni nashrga tayyorladim. Kechagina korrekturasi keldi.

— Ko‘raylik-chi! Ochig‘ini aytsam, men Sizning 1983 yildan keyin chop etilgan kitoblaringizni Alisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasidan ham topolmadim. Katalogda yo‘q emish. Shu ham bahona bo‘ldi-yu!

— Bekorga ovora bo‘libsiz-da, o‘zi aslida yo‘q narsani baribir topib bo‘lmaydi-ku! Men "Sadoqat"dan keyin o‘zbekcha kitob chiqarmaganman.

— Ie, shuncha yil kitob chiqarmay yurish mumkinmi? Balli-e! Uzr, Halima opa, yangi kitobingizdagi dastlabki she’ringiz yaxshi ekan. Mana bir bandi:

Shu kelinchak, shu ayol Senmasmiding, dilbandnm,
Yetmish ikki tomirim, jigarim bandi-bandim.
Sen otammi, bolammi, bilolmayman, asli kim,
Bir chetida quyoshday onam botgan Vatanim,
Bir chetini qo‘riqlab otam yotgan Vatanim.

— Iste’dodli Usmon Azimovning O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining XVI plenumiga bag‘ishlab yozgan she’ri "Tazarru" deb atalgan edi. Gurji rejissyori Abuladzening yashin tezligida tillarda doston bo‘lib ketgan asari — Vatanimizning eng qaro kunlaridan hikoya qiluvchi badiiy filmi ham "Tazarru" deb ataladi... Qolaversa, XVI plenum ham ma’lum ma’noda "tazarru" emasmidi? Jilla qursa, "Biz Rashidovning gipnozi ostida edik", degan so‘zlarni bir eslang. Oshirib yozishlarga o‘sha davrlardagi paxta siyosati sabab emasmi? O‘sha pallada respublikamizdagi deyarli barcha sohada hayot izdan chiqib ketdi — "Hamma narsa paxta uchun!" Axir bizning sotsialistik jamiyatimizda hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun xizmat qilishi kerak-ku?! Hozir ham ahvol tubdan o‘zgarganicha yo‘q.

Oktyabr oyining oxirlarida Farg‘onada tizza bo‘yi qor yog‘di. Tabiiy ofatmi? Tabiiy ofat, albatta. Dalalar g‘ilch-g‘ilch loy bo‘lib ketdi. Opam esa uch yashar qizchasini opichlab har kuni o‘sha dalaga yo‘l oladi. Maktab yoshiga yetib-etmagan jiyanlarim bo‘lsa, onalari daladan qaytguncha ko‘cha-ko‘yda izillab yurishadi. Chunki opam paxta tergani chiqmasa bo‘lmaydi: dam rayondan, dam oblastdan kelgan vakillar darvozani taqillataverib bezor qilishadi: "Tabiiy ofat! — deyishadi.— Hosilni qutqarish kerak!" Paxta punktlarida o‘sha "qutqarilgan" paxtalarni to‘rtinchi sortga qabul qilishadi, xolos. Undan sifatli tola chiqishi ham dargumon. Vaholanki, keyingi yillarda rsspublikamizda "tola uchun kurash" boshlandi. To‘rtinchi sortga topshirilgan paxta esa, hatto tannarxni ham qoplamaydi. Uch-to‘rt kundan keyin sovuq ta’sirida opamning ho‘llari tors-tors yorilib ketdi. Opam "yuqoridan kelgan vakillarga barmoqlarini ko‘rsatib, xudoning zorini qiladi: "Muolaja kor qilmayapti", deydi. Qanday muolaja deng-a? Har oqshom u barmoqlarining yoriqlariga shamni eritib tomizadiyu tun bo‘yi sirq-sirq og‘riqqa arang chidab yotadi. Qishloqlarda kasalxona yo‘qmi? Bor, albatta. Lekin u yer shundoq ham bemorlar bilan, xususan, sariq kasalga chalingan kishilar bilan limmo-lim. Qolaversa, hamshirayu, vrachlar ham paxta terishlari, normani bajarishlari kerak — barmoq yoriqlarini davolab o‘tirgani hech kimning vaqti yo‘q.

— Mening opam chamamda Sizga tengqur, biroq bod kasaliga mubtalo bo‘lgan — oyog‘i og‘riydi. Yomg‘ir demay dalaga chiqsa, qor demay dalaga chiqsa — fil ham yiqilib qolar?! Tag‘in ham odamzodning joni sabil ekan-da!

Qishloqlarda meditsina xizmatining sifati ayanchli. Shuning uchun hozir respublikamiz bolalarining o‘limi va boshqa "ko‘rsatkichlar" bo‘yicha SSSRda yuqori o‘rinda ekanidan ajablanmaslik lozim. Keyingi paytlarda respublikamizda bolalarning o‘limi yuqori darajada ekanini "ayollarning kamqonligiga" yo‘yish tendentsiyasi boshlandi. Aslida, qishloq ayollarining ahvoli og‘ir. Xo‘sh, qishloq ayollari qachon haqiqiy onalardek bola tarbiyasi bilan shug‘ullanadilar? Bunday masalalarga qayta qurish davrida javob topilmasa, qachon javob topiladi?.. Halima opa, Siz bir million nusxadan ortiq nusxada chop etiladigan "Saodat" jurnalining Bosh redaktori sifatida qishloq ayollarining fojiasini bilasizmi? Bilsangiz, nega bu haqda bong urmayapsiz?

— Nabijon, ta’nangiz o‘rinli. Siz mening eski yaralarimni tirnadingiz. To‘g‘ri, paxta bizning milliy iftixorimiz. Ukraina g‘allasi, Qirg‘iziston chorvasi bilan bizning umum dasturxonimizga ulush qo‘shgani singari, bizning umum dasturxonga qo‘yadigan ulushimiz — yuzimizning yorug‘ligi shu paxta. Shuning uchun ham uni qator o‘n yillar davomida bisotimizdagi eng ulug‘ so‘zlar bilan ta’rifladik. O‘tgan yili ham butun xalq birday oyoqqa turib, yo‘qni yo‘ndirib, eng so‘nggi imkonlarigacha sarflab, qorli paykallarni oralab paxta termadimi? Paxta uvolini non uvolidan kam ko‘rmaslik — xalqimizning qon-qoniga singib ketganligi hech kimga sir emas. Xalqimiz mana shunday o‘n yillar davomida (ayniqsa, turg‘unlik davri deb yuritilayotgan keyingi o‘n yilliklarda) jonini jabborga berib ishlab o‘ziga nima orttirdi? (Tiyinni qaerdan o‘marishni bilgan uddaburon odamlarning g‘ayriqonuniy boyib ketishlari va ko‘p o‘tmay qonuniy asliga qaytishlariniyu ba’zan qaytolmay ham sharmandai sharmisor ketganlarini hisobga olmaganda albatta). Deyarli hech narsa orttirgani yo‘q. Respublikada bolalar o‘limining yuqoriligiga sabab faqatgina asllarning kamqonligimi, deysiz, xo‘sh, ayollardagi, onalardagi kamqonlikning o‘zi qaerdan paydo bo‘lgan? Qishloq ayollari orasida befarzand xotinlarning nisbatan ko‘proq uchrashining asl sababi qaerda deb o‘ylaysiz?? So‘nggi yillarda sariq kasalligining avj olishiga sabab nima?

Men qishloqda o‘sganman. To‘rtinchi, beshinchi sinfdan boshlab, hali yaxshi ochilmagan zax paxtazorga odam oralatish paytidan e’tiboran (ko‘saklarga havo tegsin, tezroq ochilsin degan maqsadda paxta nishona bergan kezlarda dalalarga odam oralatishardi) to dekabr oyining qorli-qirovli kunlarigacha dalada bo‘lardik.

Esimda, Buvrayhon ismli sinfdoshimiz bor edi. U qattiq gripp bo‘lgan kezlar hamon ko‘z o‘ngimda. Lekin yotmadi. Quv-quv yo‘talib, yuzlari isitmadan qizarib, izg‘irin, yomg‘irli kunlarda ham biz bilan yuraverdi... Endi o‘ylayman: o‘shanda bola ekanmiz-da, o‘zimiz yoki o‘qituvchilarimizdan birortasi (uning o‘zini hech yotgisi yo‘q edi) zo‘rlik bilan bo‘lsa ham uni uyiga jo‘natib yuborsak bo‘lardi-ku. Oradan ancha kunlar o‘tgach, dalada yurgan Buvrayhon birdan qon tupura boshladi... Shundagina shosha-pisha uni uyiga jo‘natdik. Keyin uni rentgendan o‘tkazishibdi va zudlik bilan o‘pka kasalliklari shifoxonasiga joylashtirishibdi. Yettinchi sinfda o‘sha o‘rtog‘imizdan ajralib qoldik...

Bugun-chi, maktabni bitirgan yoshlar yo‘lini topib shaharga juftakni rostlab qolishlarini, erkaklarning aksariyati esa rayonga qatnab, turli tashkilotlarda ishlayotganliklarini, dala ishlari bo‘lsa ayollaru maktab o‘quvchilariga "muhrlab" berilganini qandoq tushunmoq kerak?

..."A’zolaringiz judayam yosh-ku", dedim bultur Sirdaryo oblast Sirdaryo rayonidagi Lenin nomli kolxoz raisi, butun respublikaga dong‘i ketgan Sotsialistik Mehnat Qahramoni Nazira opa Yo‘ldoshevaga, qushchalarday tizilishib o‘tirishgan bolakaylarga ishora qilib, Nazira opa qizarinqiradi, keyin sipolik bilan oqargan sochlarini tuzatgan bo‘lib xiyol jilmaydi. Nihoyat: "Kichkina demang, opasi, ularning har biri suyangan tog‘larim-a!" dedilar.

Umri g‘o‘za orasida o‘tgan, yil bo‘yi oyog‘idan kirza etik tushmaydigan, nolish nima bilmaydigan bu zahmatkash opaning holatini tushunish mumkin. Ammo paxtachilikning hamma mushkulotlariga sabr daraxtiday muqim turib berayotgan bu ayolning yonida nisbatan kattaroq "suyanch tog‘lari" turishi kerak emasmi? Hazilakam yukmi — bu paxta degani!

Bularning hammasining bosh sababini men o‘sha hisob-kitobi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan "paxta siyosati"da, kolxozchiga to‘lanadigan haqning kamligi, paxtakorlarning ish kunining chegaralanmaganligida, meditsina xizmatining abgorligida, madaniy-ma’rifiy sharoitlarning yo‘qligida ko‘raman.

Misol tariqasida, bir kilogramm paxta bilan bir kilogramm limon terib olish uchun sarflanadigan mehnatni o‘zaro solishtirib ko‘ring: xo‘sh, bir kilogramm paxta terish uchun yerga necha marta engashib turish lozim?...

"Bizga qanaqa mutaxassislarni yuborishyapti o‘zi?! — deydi ko‘z og‘rig‘i bilan kasalxonada yotib chiqqan bir tanishim xunobi oshib.— Kunlarning birida navbatdagi muolajani olish uchun hamshiraning huzuriga kirsam, u bitta dugonasi bilan chaqchaqlashib o‘tirgan ekan. Hamshira apil-tapil ko‘zimga dori quydi: negadir uning ta’siri har galgidan sal boshqacharoqday tuyuldi, qo‘limdagi doka bilan ko‘zimni artsam, oppoq mato bir oz qorayib qoldi. Xonadan ko‘nglim xijil bo‘lib chiqdim. Yo‘lak bo‘ylab ketyapman-u, borgan sari kuzlarim xiralashyapti: ana-mana deb palataga yetib borgunimcha hech narsani ko‘rmay qoldim. Hech narsani! Hamma tomon oppoq. Hamxonalarim yugurib-elishib birpasda davolovchi vrachni — professorni boshlab kelishdi. Professor tekshirib ko‘rgach, ko‘zimga... boshqa bemorga mo‘ljallangan dori quyib yuborilganini aniqladi va meni to‘xtovsiz ravishda operatsiya stoliga yotqizishlarini buyurdi... Yaxshiyamki, baxtimga profsssor hali uyiga ketmagan ekan, yo‘qsa ertalabgacha butunlay ko‘r bo‘lib qolarmidim, xudo biladi!"

Sahardan qora xuftongacha, vaqti-soati belgilanmagan ish — paxtakorlik kasbi bilan mashg‘ul xalqimizga ko‘pincha bilimi sayoz, Gippokrat qasamiga e’tiqodi sust kadrlarni yetkazib bermoqdamiz. Mana shu nuqtalarning hammasi qayta qurishga muhtoj — qayta o‘ylash, chuqur o‘ylab ko‘rish, o‘zgartirishlar kiritish lozim bu nuqtalarga. Buni endi haqiqiy kurash — uzoq yillar davomida yig‘ilib, yetilib kelgan muammolarni hal qilish uchun endigina boshlangan, hali davom etajak og‘ir kurash deyish mumkin. Agar bu kurashdan qandaydir manfaat keladigan bo‘lsa, avvalo, bir jonini mingga bo‘lib yashayotgan jabrdiyda ayol bahramand bo‘lishi kerak. Axir uning muqaddas yumushi azal-azaldan bola tarbiyasi bo‘lmaganmi? Uning ham inson ekanini, ayol ekanini, o‘ziga qarashi lozimligini, rayon markazlarida ishlaydigan orasta, pardoz-andozi joyida ayollar kabi ishlab keladigan eriga ham yoqishi kerakligini ta’kidlab o‘tmasak ham bo‘ladi. Faylasuflardan biri: "Millatning tozaligi, sofligi— onalarga bog‘liq", degan edi. Xo‘sh, millat tozaligining bosh manbai Onalar sog‘lig‘i-chi?..

"Ayollarning sog‘lig‘i ko‘pdan-ko‘p omillarga bog‘liq,— deydi Sirdaryo oblast, Yangier shahar, Shanxay kasalxonasining bosh vrach o‘rinbosari, ginekolog Zaynab Boboevna Eshmurodova. — Ba’zan o‘ylab qolaman, mana, hammasi odamning qo‘lida ekanku, butifosni sepmasak ham kunimiz o‘tar ekan-ku, shu ishni nega oldinroq bir yoqlik qilmadik? Defoliatsiya mavsumida qanchalik ehtiyot choralari ko‘rilmasin, bari bir onalaru bolalar kasalliklari, o‘limi keskin ko‘payishini, bu zaharning ona qornidagi homilaga qanday salbiy ta’sir o‘tkazayotganini ko‘rib, tushunib, ammo qo‘lingdan hech ish kelmay yashash — biz vrachlar uchun ham oson emas edi... Bir dugonam aynan shu dolzarb masala ustida ilmiy izlanishlar olib bordi va "g‘o‘zaning bargini to‘kish mavsumi"da homilador onalarda chala tug‘ish, bola tushish hollari 50—60 protsent ko‘payishini aniqladi. Kutilmagan natijalar qanchalik ilmiy va amaliy qimmatga ega ekanligi kunday ravshan bo‘lgani holda tap-tayyor ilmiy ishni hech kim tasdiqlamadi. "Bu gaplarni oshkor aytib bo‘lmaydi axir!—deyishdi unga mutasaddi o‘rtoqlar e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda. — Agar protsentlarni sal-pal kamaytirib ko‘rsatsangiz, biz qarshi emasmiz..." Lekin dugonam yolg‘on gapirib, xalqni aldab olima bo‘lish — meditsina fanlari kandidati bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Tayyor ish stol tortmasida qoldi-ketdi. Oradan ancha yillar o‘tdi, o‘sha yillardagi ishtiyoq qani endi. Shunga qaramay, men dugonamni o‘sha ishni qayta boshlashga tashviq qilyapman. Zora, daryoday toshib kelganingda to‘sadigan to‘g‘onlar olib tashlangani rost bo‘lsa... Bolalar xastaligining oldini olish uchun avvalo, hech bo‘lmaganda, almisoqdan qolgan tug‘ruqxonalarni, bolalar kasalxonalarini yangitdan qurish, kengaytirish, hech bo‘lmaganda tez-tez chinniday yarqiratib remontdan chiqarib turish, hech bo‘lmaganda bolalarning oziq-ovqati assortimentlarini ko‘paytirish, hech bo‘lmaganda onalarning yashashi, turmush tarzini yaxshilash lozim. Qishloq magazinlarining peshtaxtalarida ko‘pincha chang bosgan oqqand bilan novvotdan boshqa narsani ko‘rmaysan. Qolaversa, (birinchi navbatda) vrachlarning o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyatini, javobgarligini yanada oshirmoq darkor... Bular juda tezlikda erishib bo‘ladigan ishlar emasligi ma’lum, lekin bundan boshqa yo‘limiz ham yo‘q".

Xuddi shunday — bundan boshqa yo‘limiz yo‘q. Zaynab Boboevna haq gapni aytdi. Biz birorta yirik muammoni hal qilishimiz uchun shu muammoga kelib taqaladigan barcha xalqalarni tobga keltirishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun aniq hisob-kitob zarur. Endi cho‘tni oldimizga olib, aniq hisob-kitoblar asosida ishlashni o‘rganmog‘imiz darkor. Xalqimiz "turg‘unlik yillari"da ishlamadimi?! Ishlaganda qandoq, yuqorida aytganimizdek, jonini jabborga berib ishladi! Faqatgina o‘sha yillari hisob-kitoblar sustroq olib borildi. Hisob-kitobni haybarakallachilikniig "ura-ura" sadolari ko‘mib ketdi. Sergak tortib qarasakki, asosiy yo‘ldan anchagina chetga chiqib ketganmiz. Anchagina. Yo‘lning qaysi qismida, qanday sabablarga ko‘ra chetga chiqib ketdik, qanday yo‘l tutsak, qanday tezlikda yursak Asosiy Bosh yo‘lga tushib olishimiz haqida bosh qotiryapmiz bugun.

— Halima opa, ruxsat bersangiz hozir Sizning bitta she’ringizni o‘qiyman:

Bugun muammodir ko‘lni asramoq,
Muammodir bog‘ni, gulni asramoq.
Boshqacha qursak deb takliflar qator,
Qiyin hatto to‘g‘ri yo‘lni asramoq.
 
Eslasang... xotirga quyunlar ketgay,
Eslasang qorayar ko‘zlaring oldi.
Qiygos bog‘lar ketib, shamolga betkay,
O‘rnida yap-yaydoq dalalar qoldi...
 
Har bir so‘zni mahkam, daraxtday ushlab
Silkitgin, har bir so‘z bersin sado, un.
Ko‘kartir, ko‘kartir tishingda tishlab
Tilni asramoq ham muammo bugun!
 
So‘z tashib, so‘z tashib xuddi bolari
Biz qaygacha borsak, so‘z-la boramiz.
Siyrak tortib qolsa so‘z dalalari
Uni bolalarga qandoq beramiz?
 
Yelkada ona til yuklari tursin,
Biz ketavermaylik o‘zni ko‘tarib.
Mehnatkash o‘zbekning bolasi yursin
Paxta bilan qo‘shib Sizni ko‘tarib.

Darhaqiqat, "hatto to‘g‘ri yo‘lni asramoq" ham mushkul bo‘lib qoldi. Ma’lumki, geometriya fanida isbotsiz qabul qilinadigan aksiomalar bo‘ladi. Keyingi paytlarda hayotda ham geometriya faniga xos bo‘lgan istisno hodisalar — "isbotsiz qabul qilinadigan teoremalar" paydo bo‘layotir. Men respublikamiz maktablarida rus tilini o‘rganishni yana kuchaytirish borasidagi takliflarni nazarda tutyapman. Ba’zi hollarda: "o‘zbeklar harbiy xizmatga borgach, rus tilini yaxshi bilmagani uchun qurilish batalonlariga tushib qolmoqda" degan gaplar eshitiladi. Bu — masalaning bir tomoni xolos. Muhim jihati shuki, bugungi kunda rus tilini mukammal bilmay turib, jahon madaniyati boyliklarini egallab bo‘lmaydi. Chinakamiga bilimli, malakali inson bo‘lish uchun bolalarimiz rus tilini pishiq-puxta bilishlari kerak. Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: nega endi rus tilini o‘rganishga barcha imkoniyatlarimizni safarbar etganimiz holda, ayni paytda ona tilimiz — o‘zbek tilini o‘rganish borasidagi kamchiliklar haqida miq etmaslik lozim? O‘zbek tilini puxtaroq o‘rganish borasida kim jon kuydiradi? Shubhasiz, til o‘rganish uchun insonda qobiliyat bo‘lishi kerak. Chunki til bilishlik ham yuksak madaniyat belgisi hisoblanadi. Demakki, til ham ilm. Ilmlar esa biri ikkinchisiga halal bermaydi: biz nafaqat tilmochlikni, balki insoniyat tomonidan o‘tmishda yaratilgan barcha bilimlarni ham o‘zlashtirmog‘imiz darkor. Halima opa, biz hammamiz ideologiya frontining xodimlarimiz. Sir emaski, bu sohada ham chalasavod kimsalar yoki biror mansabni uzoqdan mo‘ljallab yurgan, lekin hozircha "otini sovutayotgan chavandozlar" har qadamda uchrab turadi. Ular ulug‘ g‘oyalarni chayqov qilishdan ham tap tortmaydilar, ba’zan esa kurakda turmaydigan "tashabbus" bilan o‘zlarini ko‘rsatmoqchi — kimningdir nazariga tushmoqchi bo‘ladilar. Afsuslanarli joyi shundaki, bunday "qaltis" damlarda "tushungan odamlar" sukut saqlab turishadi: ustilariga mag‘zava ag‘darilishidan qo‘rqadilar, "millatchilikda" ayblanib qolishdan hadiksiraydilar. Nega bunday? To‘g‘ri yo‘lni asramoq, rost gapni aytmoq shunchalar qiyinmi?

— Hali bola edim. Qishlog‘imizdagi bir to‘yda adabiyot o‘qituvchimiz Akram aka Karimnazarov atoqli arman shoiri Avetik Isaakyanning "Ona yuragi" she’rini o‘zbekchada, juda ta’sirli ohanglarda o‘qib bergan edi: davra suv quygandek jimjit bo‘lib qolganiyu ko‘pchilik ko‘ziga yosh olganini hali-hali unutmayman. Asarning qisqacha mazmuni shuki, bir sanam o‘ziga oshiqu beqaror yigitga: "Agar muhabbating chin bo‘lsa, onangning yuragini sug‘urib, menga olib kelasan. O‘shandan keyingina ishqingning rostligiga imon keltirib, senga turmushga chiqaman", deydi. Sevgi sharobidan mast-alast yigit uyiga borib onasini o‘ldiradi:

...sug‘uribdi yuragin,
To‘ldiribdi qon bilan
O‘ynab o‘sgan kulbasin.

Yigit urib turgan yurakni hovuchlagan kuyi qizning huzuriga yuguradi. Yiqilib-surinib, chopib ketayotgan paytda nogahon qattiq qoqilib yuz tuban qulaydi, yurakni qo‘lidan tushirib yuboradi.

Yomon yiqildi bir gal
Qoqilib do‘ngalakka.
Til bitibdi shu mahal
Yerga tushgan yurakka...

Ona yuragi farzandidan: "Jonim bolam, qo‘zichog‘im, yomon yiqilmadingmi, u yer-bu yering lat yemadimi?" deb so‘raydi.

Shu mo‘‘jaz asar boshqa millat vakilining qalamiga mansub ekanini, o‘sha she’r rus tili orqali o‘zbekchaga tarjima qilinganini to‘yda o‘tirgan biron kishi o‘ylabdi deysizmi? Asar juda katta dard bilan yozilgan edi, shu dard hammaning dil torlarini zirqiratib yubordi. Biz mana shunday "turtkilar" ta’sirida voyaga yetmadikmi? Agar o‘rtamizda ulug‘vor ma’naviy ko‘prik — rus tili bo‘lmaganda o‘sha sohir asarni o‘zbek tiliga, o‘zimizga qanday qilib o‘tkazib olardik? Arman tilida yaratilgan shu nodir asar kimgadir xalaqit beradimi? Yo‘q, albatta. Ammo uning ko‘pchilikka ma’naviy oziq bergani, tinglovchilarni bir lahza bo‘lsa-da bir qadar teranlashtirgani, bir qadar insoniylashtirgani shubhasiz. Shunday ekan, yer yuzidagi tillarning bir-biriga xalaqit berishi mumkinligi hahida gap bo‘lishi joizmi? Aslo. Dunyoga ijodining asosi "xor-zorlarga achinmoqqa chaqirdim"dan iborat, g‘amxo‘r, shafqat tangrisi bo‘lmish birgina Pushkinni bergani uchun ham ulug‘ rus tilini boshimizga ko‘tarsak arziydi.

Gulruxsor daryoday gulduros solib, "Sadoi man muhabbat, adoi man muhabbat!" deb she’r o‘qiyotgan lahzalarda yuragida tojik tilidan go‘zalroq til yer yuzida yo‘qligiga komil ishonch hukmron bo‘lishiga gumon qilmayman va buni men tabiiy hol deb bilaman.

"Toki til mavjud ekan — xalqning umri boqiydir. Har bir til muayyan xalq uchun aziz hisoblanadi", degan edi atoqli yozuvchimiz Chingiz Aytmatov "Literaturnaya gazeta"da e’lon qilingan suhbatlarining birida.

Bizning o‘z tilimizga bo‘lgan nihoyasiz muhabbatimiz ham boshqa tillarni sevishimizga, chanqoqlik bilan o‘rganishimizga zarracha-da xalaqit bermaydi deb o‘ylayman.

Chunki bu bebaho meros — bu boylikni bizga ulug‘ onamiz bergan. Tiriklikning eng quvonchli kunlarida bizning davomimiz bo‘lib har bir farzandimiz dunyoga kelar ekan, bu xazinani biz ularga, o‘z bolalarimizga o‘tkazamiz. Yo‘qotmas, to‘ldirib, ko‘paytirsa ko‘paytirar-u, kamaytirmas qilib. Bordi-yu birorta falokat ro‘y berib bu xazinani farzand yo‘qotsa, bu hol yaxshilikdan darak bermaydi. Bu katta yo‘qotish armoni uning tosh qotgan diydasini timdalamasa, endi uni qaytadan beshikka belab alla aytishga to‘g‘ri keladi. Chunki uning sezgisi uyg‘onishi, tili qaytadan chiqishi kerak. Unga xuddi chaqaloq mahallaridagiday ezilib-ezilib, uzoq-uzoq alla aytishimiz lozim. Agarda bu chorlov, bu fig‘on unga kor qilavermasa, biz ham Chingiz Aytmatovning ulug‘ Nayman onasiday belimizni sirib bog‘lab manqurtga aylangan bu go‘dakning xotirasini uyg‘otishga kirishmog‘imiz kerak bo‘ladi:

"Sening oting Jo‘lomon! Esla, eslab ko‘r — sen Jo‘lomonsan! Otangning oti Do‘nanboy, esla, otangning oti Do‘nanboy!"

Biz mana shunday kuyib-kunib nido qilganimizda, har xil ikkinchi, uchinchi darajali ishlarga emas, mana shu bizdan holadigan birdan-bir ishga o‘zimizni tomchi-tomchimizgacha sarflab ado qilganimizda bizning til bilmas go‘dagimiz tilga kiradi. Tilga kirmay iloji yo‘q. O‘zimiz holdan toyib, miltillab-miltillab so‘nggi laxcha cho‘g‘imizgacha o‘chib bo‘lsayam, ulug‘ Nayman onaday "dushman o‘qiga uchib bo‘lsayam", uni — go‘dagimizni tilga kirgizmoq tug‘ilishday, o‘limday ham qarz, xam farz bo‘lmog‘i lozim.

Akademik Erkin Yusupov o‘z maqolalarida shunday ta’kidlaydilar:

"...respublika Fanlar Akademiyasining Tarix institutida 1981—1987 yillar ichida tayyorlangan ilmiy asarlarning yetmish (70) foizi rus tilida, yigirma (20) foizi xorijiy tillarda, faqat sakkiz (8) foizi o‘zbek tilida nashr etildi. Tabiatshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqot institutlarida o‘zbek tilida tayyorlangan ishlarning soni bundan ham kamdir".

Sakkiz foiz... Tilni unutish...

Biz chanqoqlik bilan ichib ulg‘aygan she’riyatning billur buloqlaridan biri, ehtirosli arman shoirasi Silva Kaputikyan "Pravda" gazetasida e’lon qilgan maqolasida (1987 yil 7 may): "Boshqa respublikalarda qandayligini bilmayman-u, bizda — Armanistonda yildan-yilga ona tilimizning ko‘lami, doirasi torayib bormoqda", deb yozgan edi. Bunday gaplarni bevosita bizning respublikamiz haqida ham aytish mumkin. Tilga oqibatning susayishi menga onaga oqibatning susayishi, otaga oqibatning susayishi, elga oqibatning susayishiday ko‘ngilsiz tuyuladi.

Televizorda bir savob ish boshlandi — "Hayot quvonchlari va tashvishlari" ko‘rsatuvi berib borilyapti. Bir oqshom o‘sha ko‘rsatuvni tomosha qilib o‘tirib dahshatga tushib ketdim: charonali chaqaloqligidan boshlab tishida tishlab, yeru-ko‘kka ishonmay katta qilgan Otani unutish, Onani unutish...

E’tiqod, oqibat devorlari ko‘p joyidan darz ketgan ekan, biz uni bilintirmay ustalik bilan suvab kelayotgan ekanmiz-u, mana bu qayta qurishning larzali shamollari, silkinishlarida darzlar ko‘zga tashlanib qoldi. Endi zudlik bilan, imkon qadar zudlik bilan larzali shamollari, silkinishlarida darzlar ko‘zga tashlanib qoldi. Endi zudlik bilan, imkon qadar zudlik bilan bu devorlarni qayta qurish, tiriklikning og‘ir yuklarini ko‘tarishga tob beradigan, mustahkam qilib qayta qurishga kirishmasak, kechikamiz shekilli.

Hayotda ko‘rib, ba’zan achchiq nadomatlar chekib kuzatib yurganlarim, o‘ylab yurganlarim — mana shu she’r o‘sha kechasi qog‘ozga bir nafas bilan to‘kildi:

NIMA DEB KUYLAShNI MENGA O‘RGATGIL

Ehtimol, buyumdan voz kechmoq mumkin,
Bebaho kiyimdan voz kechmoq mumkin,
Naqshinkor uyingdan voz kechmoq mumkin,
Ammo keksa Onangdan emas!
 
Chamanlar ehtimol xotirdan ketar,
Totganing og‘u-bol xotirdan ketar,
Ot ketar, suyukli bo‘ron yol ketar,
Keksa Otang ketmas xotirdan ammo!
 
Balki xotin ketar sendan uzilib,
Balki bolang, mayli, ko‘ngli buzilib,
Bularga aybdorday siniq, ezilib...
Sho‘rlik Onang sendan qayoqqa ketar!
 
Bezdirsang, it ketar uloqib, daydib,
Do‘st ketar, do‘stlikka la’natlar aytib,
Ruhi ham chirqillab qorovullaydi,
Otangni o‘lgach ham ketkizolmaysan!
 
Shunday derdim, ammo bugun bu yo‘lda
Nimadir o‘zgardi, nimadir o‘ldi,
Hayron ko‘zlariga qumlar tiqildi —
Otang uydan ketdi birinchi bo‘lib.
 
Qadimda onani qaqshatsa xotin,
Ot dumiga bog‘lab, olinardi xun.
O‘sha arqon erkak tilida bugun —
Onang uydan chiqdi ikkinchi bo‘lib.
 
Xotirjamsan, mayli, siyoh kech kirar.
"Ko‘chada emas-ku"— yupanch, kuch kirar.
"O‘, bolam-a", degan yozuv qichqirar,
"Qariyalar uyi" devorlarida.
 
Unutdim: diydasi qotganlarni men,
Ortimdan ko‘p qimmat sotganlarni men,
Ortimdan otgani — otganlarni men —
Bular nima, bunday G‘am kelganda duch!
 
Ko‘kdan qormas, qarg‘ish yoqqanimi bu?
Bola emas, balo boqqanimi bu?
Daryoning teskari oqqanimi bu?
Tushun,— deysan, o‘rgat, qandoq tushunay?!
 
Qichqiriq tutadi, dunyoyi-dunni,
O‘chiring, o‘chiring bu fig‘on, unni!
Oyog‘i osmondan kelgan bu kunni
Nima deb kuylashni menga o‘rgatgil...

— Halima opa, Siz bu yil do‘stlaringiz davrasida kamtarona bir sanani nishonlashingiz mumkin ekan: ya’ni, birinchi she’riy to‘plamingiz bo‘lmish "Ilk muhabbat" kitobxonlar dunyosida tanilganiga roppa-rosa yigirma yil to‘ladi. Sizning nazaringizda, shu o‘tgan davr ichida she’r dunyosida, shoiraning dunyoqarashida nimalar o‘zgardi: nimalar o‘tkinchi bulut yanglig‘ o‘tib ketdi-yu, nimalar muqim o‘rin oldi? Darvoqe, bundan yigirma yil muqaddam ham Sizni muqimlik va "ko‘chmanchilik" masalasi xiyla tashvishlantirgan ekan...

— Ha, yigirma yil oz muddat emas. Bu orada men qo‘limdan kelgancha, ozmi-ko‘pmi she’rlar yozdim. Jondan aziz go‘daklarimizni oyoqqa turg‘azdik. Mana endi, yoshim bir joyga borib, qirqni qoralab turganimda Sizga komil ishonch bilan aytamanki, qarashlarimda keskin o‘zgarish yuz bergani yo‘q. Ko‘nglimda gurkirab turgan yoshlik hoyu havaslari pasayganini, odamlarga bo‘lgan haddan ziyod mehru muhabbatlarim, ishonchlarim ba’zan zaha yeganini hisobga olmaganda va nisbatan boshqa mayda tuyg‘ularni-da "o‘chirib" tashlaganda o‘zimda katta o‘zgarishlar bo‘lganini sezganim yo‘q.

— Siz bu tuyg‘ularni "mayda" deb bilasizmi?

— Ha. Hamma gap voqea-hodisalarni qanday qabul qilishingizga bog‘liq. O‘ylashim uchun bulardan ko‘ra muhimroq, zarurroq ishlarim ko‘p. Albatta, bular ham inson uchun ma’lum darajada saboq bo‘lishi mumkin. Hayotda o‘z oldimga qo‘ygan maqsadim, qo‘limdan keladigan ish, yuradigan yo‘lim aniq bo‘lganidan keyin har xil tuyg‘ularga chalg‘imaslikka harakat qilaman.

— Men esam... e-e, jin ursin, aytishga ham arzimaydi hatto! Halima opa, agar yanglishmasam, ko‘p yillar oldin yozilgan bitta she’ringizda "Mening umrim mo‘ljal sari ketgan o‘q" degan jumla bor edi. O‘ylaymanki, Siz umringizda to‘pponchadanmi, avtomatdanmi o‘q otib ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak, lekin mergan ekansiz! Ayting-chi, o‘q haqidagi she’rlaringiz qanday sabablar bilan dunyoga kelgan?

— Men Moskvada oliy adabiyot kurslarida tahsil ko‘rganman. Talabchan seminar rahbarimiz Aleksandr Mejirov bir kuni: "Qani, yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar-chi, o‘q haqida nima deyish mumkin? Xullas, kelgusi mashg‘ulotda shu haqda gaplashamiz", deb qoldi. Siz aytayotgan she’rlarim o‘sha bahonada qog‘ozga tushgan edi. Navbatdagi seminar chog‘ida ayrim kursdoshlarim qatori mening mashqlarim ham yaxshi baholanganini hali-hali eslab yuraman. (Maqtov kimlarga yoqmaydi deysiz?) Darvoqe, o‘shanda saboqdoshlarim Vasiliy Marsyuk bilan Gamlet Karchikyan o‘q haqidagi she’rlarimni ruscha so‘zma-so‘z tarjimasidan ukrain va arman tillariga o‘girishgan edi.

— O‘sha she’rlaringizdan sakkiz qatori esimga keldi:

Onam egilib naq kamon —
Otdi. Aylanib o‘qqa —
Uchyapman.
Bilmam qay tomon —
Tungami yo yoruqqa.
Bilganim, tegadi shu o‘q.
Onam ichgandir qasam —
Unda ortiq boshqa o‘q yo‘q,
Men mo‘ljalga tegmasam!

— Rahmat.

— Stolingiz ustida turgan anavi xatning muallifi — Anil Janvijay kim bo‘ldi? Ie, hindcha jurnalning varaqlari ham kelibdimi? Siz ulug‘ Tagorning tiliga tushunasizmi?

— Afsuski, lotin alifbosida yozilgan ism-familiyamdan boshqa biror so‘zga tushunganim yo‘q.

Xatning muallifi taniqli hind shoiri. U menga rus tilida xat yozibdi. Aftidan, Anil mening she’rlarimni rus tilidan bengal tiliga tarjima qilgan shekilli.

— Qani, xatni o‘qib ko‘raylik-chi, xoynahoy rosa she’rlaringizni maqtagan bo‘lsa kerak?

— She’rlarim hind o‘quvchilariga manzur bo‘libdi. "Qadrli Halima Ummatqulovna! Assalomu alaykum! Men Sizga Hindistonning jurnallaridan birida (hind tilida) chop etilgan she’rlaringizning kseronusxasini yuboryapman. Bu she’rlarni men rus tilidan tarjima qildim. Bizda Sizning she’rlaringiz xiyla mashhur bo‘lib ketdi: Hindistondagi ko‘plab jurnallar mendan yana-tag‘in Sizning she’rlaringizni tarjima qilib berishni so‘rashyapti. Agar Siz yangi she’riy to‘plamingizni jo‘natsangiz kamina bag‘oyat xursand bo‘lardim.

Men yosh hind shoiriman. Moskva radiosida ishlayman hamda Adabiyot institutida tahsil ko‘ryapman. Shu paytgacha sovet shoirlarining she’riy kitobini tarjima qilganman.

Sizga hindistonlik yosh shoirlarning shs’riy to‘plamini sovg‘a sifatida yuboryapman.

Ehtirom bilan,

Anil Janvijay, Moskva. 19. XII. 87".

— Halima opa, Siz umuman tarjima masalasiga qanday qaraysiz?

— Xalqning tili, adabiyotiga joni achiydigan har bir ijodkor bu masalaga befarq qaramasa kerak. meni hanuzgacha tarjimaga turli saviyadagi asarlarning chiqib ketayotgani tashvishlantiradi. Aksariyat hollarda o‘sha "bozorgir" asarlarning bahosi bizning katta, teran adabiyotimizga tamg‘aday bosiladiki, insof bilan aytganda, bunday holga chek qo‘yish payti allaqachon kelgan. Aksincha, bedodlik davom etaversa, biz Ittifoq miqyosida ham, jahon miqyosida ham o‘zbek adabiyotining rost bo‘yini hech qachon tiklay olmaymiz.... Anilning iltimosiga ko‘ra, men unga "Reshimost" kitobimni jo‘natdim. O‘ziga ma’qul bo‘lgan she’rlarimni tanlab tarjima qilar. Lekin baribir ko‘nglim xijil. O‘zga tilu o‘zga xalq yuragini zabt etish, harqalay, oson kechmasa kerak.

— Adabiyot hayotdan bir qadam oldinda yurishi kerak, degan siyqa bir gap bor. Bu gap shu darajada ko‘p aytiladiki, beixtiyor o‘sha gapni aytayotgan kishini tutib olib do‘pposlaging keladi. Bundan tashqari, ko‘pchilik tanqidchilar "yangi va yangi xilma-xil" asarlarni ana shu "tog‘ora"ga solib ko‘rishni juda qoyillatishdi. Asar o‘sha "tog‘ora"ga sig‘sa-ku, xo‘p-xo‘p, mabodo... Ochig‘i, men o‘sha "suyukli" iborani eshitsam, ensam qotadi, nima balo, yozuvchilar nog‘oraboz bo‘lishlari kerak ekan-da, degim keladi. Odatda, azal-azaldan nog‘orabozlar oldinda yurishardi. Vaholanki, "Po‘k ersa ham gar nog‘ora g‘ulg‘ulasi bosh og‘ritar" (Alisher Navoiy).

— Nabijon, "Adabiyot hayotdan bir qadam oldinda yurishi kerak" degan gapni men uning yo‘naltiruvchi, ogoh etuvchi kuchligiga ishora ma’nosida tushunaman. Qayta qurish jarayoni endi boshlandi yoki endi boshlanmoqda deyish ham mumkin. Turg‘unlik yillarida jamiyatimizda poraxo‘rlik, yolg‘on, ta’ma, ig‘vogarlik, qarindoshni beriga burish, begonani nariga surish kabi illatlar anchagina tomir yoydi. Adabiyot esa bunday illatlarni shu bugun ochayotgani yo‘q. Jannatmakon Nodar Dumbadzening "Abadiyat qonuni"dagi Sandro Maglaperidze — o‘maruvchi, tipik o‘maruvchi. Biroq, yozuvchi hayotni bu "chirmoviq"dan ancha ilgariroq tozalamoqchi bo‘lmaganmidi? Chingiz Aytmatov qachonlardir oliy jazoga hukm etgan ("Oq kema"dagi) O‘rozqullar bugun fosh etilyaptimi? Fosh etilyapti. Yoki qalami tig‘li Yevgeniy Yevtushenkoning "Yuz kishi o‘rtaga olib tepkilayotgan bechorani hech qachon yuz birinchi bo‘lib tepkilamaslik" haqidagi (Afsuski, bizda hozir buning aksi bo‘lyapti — bu ham aslida savodxonlikka, e’tiqodga borib taqaladigan masaladir):

"Katta miqyosdagi axlat bosganda
Lozim bo‘lar katta tozalash",

kabi o‘lmas misralari nechanchi yillarda yozilganini eslaysizmi?..

O‘zimizdan Odil Yoqubovning "Diyonat"ini, Pirimqul Qodirovning "Meros"ini, Asqad Muxtor bilan Erkin Vohidovning qator she’riy turkumlarini, qayta qurish bayrog‘ini shiddatli ravishda oldinda ko‘tarib borishayotgan bir to‘p olov nafasli shoir do‘stlarimiz, ukalarimiz borki, men ularning tinib turgan yurakni bo‘ronday qo‘zg‘atib yuboradigan har bir she’rini o‘qiganimda xalqimiz baxtiga adabiyotimizda mana shunday bezovta qalb sohiblari — "bo‘ron bolalari" borligiga ich-ichimdan shukronalar aytaman. O‘shalardan ikkitasining o‘zim yodlab olgan misralarini aytaymi:

X.Davron:

Tundan qo‘rqma, tunni ich
Va mag‘rur boq saharga.
Singanbo‘lsa gar qilich,
Aylanur u xanjarga!

M.Solih:

Sen ketganda
Bir ayolday ketsang edi,
Nozu firoq etsang edi.
Yo‘q, bunaqa ketmaydirsan sen.
Nozu firoq etmaydirsan sen,
Sen ketsang bog‘larday ketasan.
Vaqt o‘tgan sari yuk solib,
Sen xuddi tog‘larday ketasan,
Uzoqlashgan sari yuksalib.
Fig‘onsiz faryodsiz va tilsiz
Cheksiz bir Vatanday ketasan.

Men "Ketish"ning mana shunday — "vaqt o‘tgan sari yuk solib, uzoqlashgan sari yuksalib" ketishini, ulug‘vor, bul qadar ulug‘vor, "cheksiz bir Vatanday" ketishini Solihdan boshqa hech kimda uchratmagan edim. Shunday she’rlarni men "hayotdan bir qadam oldindagi adabiyot" deb tushunaman.

— Bilaman, she’rlaringizning ustivor fazilati — samimiyat. Ayniqsa, muhabbat mavzusidagi she’rlaringizda ana shu xususiyat yaqqol seziladi. Agar Lev Tolstoyning "Anna Karenina — bu mening o‘zim!" ("Lekin Tolstoy bir minut ham xotin bo‘lib kurmagan", degan gapni yanglishmasam Abdulla Qahhor aytgan edi) degan gapiga ishonadigan bo‘lsak, uslub — ijodkorning asl nusxasidir. Demak, Sizning asl nusxangiz, uslubingiz samimiyat. Lekin Siz ba’zan-ba’zan o‘zingizni "bo‘g‘ib turasiz" bag‘ishlov she’rlaringizda (men biror dolzarb mavzuga, o‘tkinchi sanalarga bag‘ishlangan mashqlaringizni nazarda tutyapman) nafasingiz, ovozingiz, kerak bo‘lsa, sozingiz "bo‘g‘ilayotgani" zukko o‘quvchiga shundoqqina bilinib turadi...

— O‘sha she’rlarimga (bag‘ishlov she’rlarimga), endi uka, davr nuqtai nazaridan qarash kerak bo‘ladi desam, o‘zimni oqlagandek bo‘laman. Lekin ijodkorni ham, uning asarlarini ham davrdan ajratib blib baholash adolatdan emas. Ba’zan ovozimning "bo‘g‘ilayotganini" to‘g‘ri ilg‘agansiz. Agar keyingi o‘n yilliklar — "turg‘unlik yillari" deb hisoblanayotgan bo‘lsa, mening adabiyotdagi qisqa umrim, kam hosil ijodiy yo‘lim aynan o‘sha yillarga to‘g‘ri keladi. Bu yillarda esa men ham, mening tengdoshlarim ham tilimiz chiqqandan boshlab: "Komsomol qiz Oybo‘ston, noming olamga doston"ga jo‘r bo‘ldik. Radio, televizorni burasak: "Xalqlar ozod, Vatan obod, hamma baxtiyor!" deb qulog‘imizga quyishardi. Rasul Hamzatov o‘tgan yili "Ogonyok" jurnalida e’lon qilingan suhbatida bunday degan edi "Hatto 1937 yilda ham biz, "Bizdagiday inson erkin nafas oladigan yana birorta mamlakat bormikan? Bilmayman", deb qo‘shiq aytardik". Gazeta-jurnallarning redaktsiyalarida she’rlarimizdagi "ura-ura"lar salgina pasaygan nuqtalarni topib olishardida: "Gumburlatib yozmaysizmi! Nimadan bu norozilik, zorlanish? Qora ranglar quyuqlashib ketibdi", degan gaplarni, hukmday jaranglaydigan e’tirozlarni eshitib turardik. Ammo gap bunda emas, eng yomoni — biz o‘zimiz shunga ko‘nikib ketdik. Shunday ko‘nikdikki, qora ranglar bilan oq ranglar qay darajada "chovushtirilsa" tsenzuradan o‘tishini shu qadar ustalik bilan o‘zlashtirib oldikki, oqibatda bu bizning odatiy ko‘nikmamizga, to‘g‘risini aytganda, fojiamizga aylandi. Birov emas, o‘zimiz-o‘zimizni cheklab, sizning iborangiz bilan aytganda, o‘zimizni "bo‘g‘ib" yozishga odatlandik.

— Agar adashmasam, bir vaqtlar matbuotda Sizning "Moslashuvchan odam" she’ringiz chiqqan edi. Lekin uni kitoblaringizdan izlab topolmadim. Chamamda, o‘sha she’ringiz ushbu suhbatimizga aloqador shekilli. Yodingizda bo‘lsa, aytsangiz.

— Xo‘p eslashga urinib ko‘raman:

Bir vaqtlari charsu chapani
O‘z so‘zingdan qaytmas eding Sen.
Kapa derding, turgan kapani —
Boshqacharoq aytmas eding Sen.
 
Qirralaring o‘tkir tuyulib
O‘rgandilar, qotirdilar bosh...
Qirralaring bir-bir yeyilib
Bo‘lding silliq, yum-yumaloq tosh.
 
Endi uni aytmoqlik uchun
Nom qidirib goh ochasan fol —
To o‘zgarib ketmasin mazmun,
Kapaga ham kelmasin malol.
 
Endi yo‘ling topib olding chin,
Qatnab cho‘pu cho‘pchaklariga
Endi yashayverishing mumkin
Kirib hatto cho‘ntaklariga.

Mana shunday, odamlar orasida har qanday sharoitga moslashuv (bunday holatlar faqat bizning respublikamiz miqssidagina ro‘y bergani yo‘q), o‘z foydasi yo‘lida hech narsadan qaytmaslik hollari, imon, e’tiqodning susayishi avj oldi. Yaxshiki, endi ob-havo o‘zgardi: qayta qurish epkinlari madad kuchlariday bizga yetib keldi. Bu kuchlar pastga qarab enib borayotgan ayrim imon, e’tiqod ustunlarini qayta tiklanib olishiga yordam berishi shubhasiz.

— Halima opa, birinchi kitobchangizda tanqidchiga bag‘ishlangan she’ringiz bor ekan. O‘sha paytdayoq — adabiyot ostonasidayoq tanqidchilarga ishingiz tushganmidi, deyman. Tanqidchilikka munosabatingiz...

— Adabiyotdan, ayniqsa tanqiddan birorta ob’ektni o‘qqa tutuvchi qurol sifatida foydalanishga hech kimning haqqi yo‘q. Hayotda ba’zan me’yor bilan yoqqan yomg‘irday dalalarni yashnatib yuborish mumkin bo‘lgan tanqidga, ba’zan esa bu yomg‘ir bevaqt va beme’yor yog‘ib ekin-tikinni yer bilan bitta qiladigan tanqidga duch kelamiz. Payhon bo‘lgan ekin-tikin qaddini yerdan ko‘tarib gullaguncha, hosilga kirguncha qilichini qayrab qish keladi. Shuningdek, obdon olib borib-olib kelingan sho‘rlik ijodkor qaytib oyoqqa turgunicha ham umrining gullash fasli o‘tib ketadiki, natijada bitta tanqid tufayli ijodkor ham, adabiyot ham teppa-teng zarar ko‘radi. Bundan tashqari, goho-goho ayrim maqsadlarni ko‘zlab, shoir tili bilan aytganda, "maqsadchalar" uchun xizmat qiladigan tanqidlar ham uchrab turadiki, bunday tanqidlar nafratga ham arzimaydi. Bevaqt, asossiz, haddan ziyod maqtovning zarari ham bundan kam emas, albatta. Xolis tanqidni qadrlayman.

— O‘zingizcha ichingizda kalima misoli qaytarib yuradigan birorta shioringiz bormi? Men, masalan, fashistlarning o‘lim lagerida azob chekib yotgan general Karbishevning do‘stlariga dalda berish maqsadida aytgan so‘zlarini xuddi tasbehday tez-tez o‘girib turaman: ruschadan — o‘zbekchaga. o‘zbekchadan — ruschaga. Mana, ruschasi: "Dumayte o svoey Rodine, togda Vas ne pokinet mujestvo". O‘zbekchasi: "O‘z Vataningizni o‘ylangiz, o‘shandagina Sizdan matonat yuz o‘girmaydi". Lekin o‘zbekcha tarjimani muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi.

— Talabalik yillarimda stolim ustida hamisha Nikolay Ostrovskiyning quyidagi so‘zlari yoziqli turardi: "Olg‘a, faqat qiyinchiliklar osha olg‘a!" Hayotda mashaqqatlar orqaligina olg‘a yurish mumkin ekaniga necha-necha bora iqror bo‘ldim.

— Halima opa, endi suhbatimizga, jilla qursa ramziy ma’noda bo‘lsin, yakun topsak. Marhamat so‘z Sizga!

— Oqibatni asraylik, do‘stlar! Toki oqibat devorlariga darz tushmasin!

TAVBA-TAZARRU VAQTI

Buzilgan adirda lola bir hol-ey,
Buzilgan taqdirda bola bir hol-ey,
Ikkovin bog‘lolmay tola bir hol-ey,
Tavba-tazarruga vaqt yetdi bugun.
 
Orol, to‘lqinlaring qochdilar qayga?
Ohular qochdi qay yongan to‘qayga?
Odam, bolalaring uchdi mo‘mayga!
Tavba-tazarruga vaqt yetdi bugun.
 
Ikkovmiz, deysan — u yagona chiqar.
Do‘st deb egilasan, begona chiqar.
Ma’no deb ushlaysan, bema’no chiqar,
Tavba-tazarruga vaqt yetdi bugun.
 
O‘z uyida zardob ichguvchi qushlar —
"Bolalar uyi"ga uchguvchi qushlar
Va goh bu dunyodan kechguvchi qushlar,
Tavba-tazarruga vaqt yetdi bugun.
 
So‘zimni har tomon burmagin tag‘in,
O‘zimga qaratdim dardning bor tig‘in.
Oh, kimga sig‘insang, do‘st, shunga sig‘in!
Tavba-tazarruga vaqt yetdi bugun.
 
Tavba qil, yovlashgan ellar oralab,
Saratonda bosgan sellar oralab,
Maqsadin yo‘qotgan dillar oralab,
Tavba-tazarruga vaqt yetdi bugun.
 
Bugun otang behol, davlatmand odam,
Erta balki bolang berar pand, odam.
Ko‘z och, o‘zi bilan g‘oyat band odam
Tavba-tazarruga vaqt yetdi bugun.
 
Tik turib armonni ichib qaytadan,
O‘t olib har tomir, iching qaytadan.
Hammasin boshlamoq uchun qaytadan
Tavba-tazarruga vaqt yetdi bugun.

"Sharq yulduzi" jurnali, 1988 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.