O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov psixologik murakkab rollar ustasi sifatida nom qozongan. O‘ziga xos ovoz egasi bo‘lgan san'atkor yarim asrdan oshiq vaqt mobaynida kino va teatrda yuzlab rollarni maromiga yetkazib ijro etdi. U talqin etgan obrazlar sodda va samimiyligi, hayotiyligi, betakror nutqi bilan ajralib turadi. Aktyor ijrosidagi Abu Rayhon Beruniy, Abdullatif, Avrangzeb, Mirzakarimboy, Muhammad chatoq kabi rollar kino va teatrimizning yorqin obrazlari deya e'tirof etiladi.
- "Go‘daklikdan ma'lum har odam, Bola boshdan degan gap to‘g‘ri..." deb yozadi Sergey Yesenin. Po‘lat aka, siz ham bolalikdan aktyor bo‘laman deb maqsad qilganmisiz? Yoki san'at olamiga tasodiflar olib kelganmi?
- San'atga kirib kelishimni tasodif emas, taqdiri azal deb aytgan bo‘lardim. Ko‘ngilga san'atkor bo‘laman degan ishtiyoq ko‘cha changitib yurgan bolalik davrimda tushgan. O‘zbekiston xalq artisti, teatrimiznig darg‘alaridan biri Qudrat Xo‘jaev qo‘shnimiz edi. Mahalla-ko‘yda hamma boshqacha hurmat ko‘rgizadigan bu insonga ixlosim baland edi. Shu kishi sharofatidan bolalikdanoq dunyoda teatr degan mo‘'jiza borligidan voqif bo‘ldim. O‘smirligimiz Abror Hidoyatovning Otellosi rosa dovruq qozongan paytlarga to‘g‘ri kelgan. "Otello" spektakliga kirish uchun tomoshabinlar joy talashib, bir-biri bilan yoqalashishgacha borardi. O‘sha mahallar Hamza teatriga Shekspir yurti - Angliya parlamentidan mehmonlar keladi. Abror akaning ijrosini ko‘rgan inglizlar hayratdan yoqa ushlaydi, hatto bizning mamlakatda ham Otelloni bunchalik o‘ynay oladigan aktyor yo‘q deb tan berib ketadi.
Butun zalni sehrlab olgan aktyorlarning ijrosini ko‘rgandayoq men ham san'atkor bo‘laman degan qat'iy qarorga kelganman. Shuning uchun ham o‘rta maktabni bitirib, hech ikkilanmasdan Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutiga hujjat topshirdim. 1954 yili o‘qishni bitirib, Samarqandga yo‘llanma oldim. Hamid Olimjon nomidagi Samarqand teatrida u mahallar kuchli aktyorlar jamlangandi. Bu dargohda ishlash menga katta maktab bo‘ldi.
- "Teatrning generali" deb nom chiqargan zabardast aktyor Shukur Burhonov san'at yo‘lini tanlagani uchun otasining qattiq qarshiligiga uchragan ekan. Kasb tanlash sizda qanday kechgan? Aktyor bo‘laman degan qaroringizga oilada e'tirozlar bo‘lmaganmi?
- Shukur akadan otasi avval-boshda norizo bo‘lgani rost. Ammo o‘g‘lining teatr uchun tug‘ilganiga ishonch hosil qilgan kuyinchak ota keyinchalik baribir oq fotiha bergan. O‘zimga kelsak, oilada qarshiliklar bo‘lmagan. Ota-onam soddadil, halol insonlar edi. Pokiza luqma bilan, to‘g‘ri tarbiya berishgani uchun ham farzandlardan ko‘ngli to‘q edi ularning. Otamning do‘konlari bor edi. U kishi savdo-sotiq qilib ro‘zg‘or tebratganlar. Onam esa butun umrini bolalar tarbiyasi bag‘ishlagan munis ayol edi. Aktyor bo‘laman deganimda har ikkilari duo qilib unib-o‘sishimni tilashgan.
- San'atkor o‘z yo‘lini topishi uchun ustozlarning sabog‘i va duoyi fotihasini olishi - "maktab ko‘rishi" kerak. Siz kimlarning maktabini ko‘rgansiz?
- Shukrki, ustozlardan yolchiganman. Uch yil Samarqandda ishlab, Toshkentga - Hamza teatriga kelgan paytimda O‘zbekiston xalq artisti Yetim Bobojonovning qo‘liga tushdim. Yetim aka maktabida teatrning ko‘p sinoatlarini o‘rgandim. Rejissyorlik, aktyorlik va pedagoglikni baqamti olib borgan bu inson ko‘p iste'dodlarni ro‘yobga chiqardi. Ijodiy faoliyatim davomida Qudrat aka Xo‘jaevdan ham saboqlar oldim. Qudrat aka salbiy rollarni qoyilmaqom o‘ynardi. Rol aktyorga emas, aktyor rolga ta'sir ko‘rsatishi kerak deyishadi-ku. Qudrat aka ana shunday iqtidor egasi edi.
Avvalo, ishonchni oqlab, ustozlarga shogird tushib olishning o‘zi bo‘lmasdi. Keyin esa shogirdlik mashaqqatlariga sabr qilish kerak edi. Temir intizom, talabchanlik, tinimsiz repetitsiyalar... Bunga hamma ham bardosh berolmasdi. Lekin ana shu qiyinchiliklarni bosib o‘tmasdan turib, san'atning chinakam saroyiga kirib bo‘lmasdi.
Ustozlarimiz dili va tili bir, ijodni e'tiqod va hayot mazmuniga aylantirgan zotlar edi. Misoli xazina edi ular. Katta san'atkorlar bergan saboqlarni unutib bo‘larkanmi! "Aktyor qanchalik mahorat bilan o‘ynayotganini bilish uchun sahna bilan tomoshabin o‘rtasida qalin oyna qo‘yish kerak" - degandi ustozlardan biri. - "Garchi ovozi eshitilmasa ham, zal uning harakatlaridan voqelikni anglayaptimi, ana uni mohir aktyor deyish mumkin". Ishonchim komilki, hozir ham mazkur mezonga javob beradigan aktyorlar u qadar ko‘p emas.
- Umri teatrda o‘tib, kinoda rol o‘ynolmagan aktyorlar bor. Yoki aksincha - kinoda shuhrat qozonib, teatr ostonasidan hatlay olmagan san'atkorlar qancha. Sizga esa ham kino, ham teatrda o‘ynash nasib qildi. Rollar borasida armoningiz qolmagan bo‘lsa kerak?
- Falon rol armon bo‘lib qoldi desam noshukrlik bo‘lar. Kinoda ham, teatrda ham ketma-ket yaxshi asarlarda ishtirok etdim. Bu jihatdan o‘zimni peshonasi yarqiragan aktyor deb aytaman. Vaqti kelganda, bitta rol uchun o‘nlab da'vogarlar bilan bellashgan vaqtlarimiz bo‘ldi. "Gamlet"dan rol olish juda qiyin edi - menga Gertsogni ishonib topshirishdi. «Mirzo Ulug‘bek» spektaklida Abdullatif, "Yulduzli tunlar"da Qosimbek, "Zebuniso"da Avrangzebni o‘ynadim. Kinoda Beruniy, Zavqiy kabi ulug‘ zotlar obrazini yaratdim. "Qutlug‘ qon" filmida Mirzakarimboy, "Girdob"da Muhammad chatoq, "Diyonat"da Otaqo‘zi... Eh-he, yosh bir joyga borib, mundoq sarhisob qilsam, kino va teatrda juda ko‘p yaxshi asarlarda o‘ynash nasib qilibdi.
- Suhbatlardan birida aktyorning o‘zi bilan olib ketadigan roli bo‘lishi kerak degandingiz. Chindan ham, katta san'atkorlarning har biri o‘z qahramoniga ega. Oradan qancha yillar o‘tgan bo‘lsa ham, Olim Xo‘jaevni Alisher Navoiy, Abror Hidoyatovni Otello, Shukur Burhonovni Shoh Edip, Zaynab Sadrievani Farmon buvi, G‘ani A'zamovni Mo‘min, Obid Yunusovni O‘tkuriy ciymosida eslaymiz. Siz qaysi rolingizni "o‘zimniki" deb aytgan bo‘lardingiz?
- Vaqt o‘tgandan keyin avlodlar aktyorni eslaganda, bitta yoki ikkita rolini e'tirof etadi. Vaholanki, u hayoti davomida yuzlab obrazlar yaratgan bo‘lishi mumkin. Yodimda, Shukur Burhonovga bir mahallar Otelloni taklif qilishganida o‘ynamagan. Agar shuhratga o‘ch aktyor bo‘lganidami, bunday imkoniyatdan voz kechmasdi. Axir, san'atkor zotining tushlariga kiradigan rol-a! Ammo Shukur aka Abror Hidoyatovning Otellosi xalq qalbiga singib ketgan, deb taklifni rad etgan.
Aslida, rollar ham farzanddek gap. Shu ma'noda barcha - kattayu kichik obrazlarim birdek qadrli. Ammo odamlar yodida qolgan yorqin rollar sifatida Abu Rayhon Beruniy, Mirzakarimboy va Muhammad chatoqni aytaman. Ayniqsa, Mirzakarimboy obrazi qiyinchiliklar bilan ro‘yobga chiqqani uchunmi, juda ko‘ngilga yaqin. Ochig‘i, 42 yoshimda 68 yashar keksa boy obrazini ochib berish oson bo‘lmagan. Ammo mehnatga yarasha ijro ham yomon chiqmagan, chog‘i. Hozirgacha muxlislar meni Mirzakarimboy deb chaqirishadi.
- Milliy teatr xususida ko‘pdan beri munozaralar davom etyapti. Mulohazalar turlicha, ammo shunisi aniqki, bu borada ijobiydan ko‘ra salbiy munosabat ko‘proq. Uzoq yillar ana shu dargohda ishlagan san'atkor sifatida teatrning bugungi holatidan qoniqasizmi?
- Yashirib nima qildim, milliy teatrning bugunidan qoniqmayman. Teatrimizga milliy maqom berilgan. Demak, sahnaga olib chiqilayotgan spektakllar ham ana shu rutbaga munosib bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, "Daraxtlar tik turib jon beradi", "Bir qadam yo‘l"ga o‘xshagan yaxshi sahna asarlari qo‘yilyapti. Lekin umuman olganda, teatr tomoshabin saviyasini ko‘tarish o‘rniga tobora o‘tmaslashib borayotgan didga moslashayotgandek. "Agar pesa kuchsiz bo‘lsa, uni sahnadan tushishiga yordamlashish kerak. Kim biladi, balki sahnaga chiqib olgach, tushishga kuchi yetmayotgandir" deydi teatrning darg‘alaridan biri. Hazilomuz aytilgan bu gapda achchiq haqiqat bor...
Ustozlarimiz belgilab bergan mezonlar juda baland ekanmi yoki o‘zimiz ham juda talabchan bo‘lib ketdikmi, san'atga yangi kirib kelayotgan yoshlar orasida tug‘ma talantlisi, yarq etib ko‘zga tashlanadigani kam. Aslida-ku, aktyorlar ancha ko‘payib qolgan. Davralarda hech kimga gap bermayotgan yoshlarni ko‘rib qolamiz. Kim ekan bu deb surishtirsak, u mashhur san'atkor bo‘lib chiqadi...
Ustoz san'atkorlar spektakl boshlanishidan besh-olti soat oldin kelib unga hozirlik ko‘rishardi. Hozir-chi? Ayrim aktyorlar o‘n daqiqa qolganida amal-taqal yetib kelib, rolini o‘ynaydi-yu, keyin to‘yga shoshadi. To‘y orqali tanilaman, san'atda biror natijaga erishaman degan odam adashadi. Bunaqa yo‘l bilan faqat omonat obro‘yu o‘tkinchi davlatga erishish mumkindir. Ammo san'at faqat kun ko‘rish, pul topish vositasi emas, axir!
Nazarimda, san'atga kirib kelayotgan yoshlarga ijro mahoratidan ham avval sahna mas'uliyati, ijodkor xulq-atvori kabi muhim jihatlarni o‘rgatish kerak.
- Bugungi kino san'atiga qanday baho berasiz? Bir marta namoyish etilar-etilmas ekrandan tushib ketayotgan arzongarov filmlar o‘rniga «O‘tgan kunlar», «Mahallada duv-duv gap», «Tohir va Zuhra», "Suyunchi" singari umrboqiy filmlar yaratish vaqti kelmadimikin?
- Klassika darajasida yangi kinokartinalar yaratish kerak, albatta. Amir Temur haqida badiiy film olindi. Kartina uchun davlat tomonidan kattagina mablag‘ ajratilgandi. Lekin film muvaffaqiyatsiz chiqdi. Amir Temur - dunyo tan olgan sarkarda! U haqda olingan film ham jahon tan oladigan saviyada bo‘lishi kerak! Tariximizda film qilish mumkin bo‘lgan, tayyor kinomateriallar ko‘p. Masalan, qo‘rqmas sarkarda Jaloliddin Manguberdi to‘g‘risida baquvvat film ishlash mumkin.
San'at - pokiza tushuncha, unga pul, ta'ma, g‘araz aralashdimi, u tijoratga aylandi deyavering! Xususiy studiyalarning yengil-elpi kinolari ko‘payayotganidan men ham tashvishdaman. Pul tikaman degan hotamtoy topilsa bas, s'yomkaga tushib ketishyapti. Natijada, "xontaxta" deysizmi, "tijorat"mi - bir martalik filmlar ko‘payib boryapti. Filmlarning tezkorlik bilan olinayotganini aytmaysizmi! Haligacha ohorini yo‘qotmagan, kattayu kichik tomoshabinni hayratga solayotgan filmlar, deylik, "Nasriddin Buxoroda" kartinasi bir necha yil davomida olingan. Hozir esa uddaburon ijodkorlar bir badiiy filmni o‘n besh-yigirma kunda olib qo‘yishyapti. Film shoshmashosharlik bilan olingach, saviya ham shunga yarasha bo‘ladi-da. Kinoijodkorlar ko‘paygani yaxshi. Ammo kinoni konveyerga aylantirib yubormaslik kerak.
- Gap aylanib, rejissuraga kelib taqalmoqda. Aktyor sifatida hali yo‘lini topib ulgurmasdan rejissyorlikda o‘zini sinab ko‘rayotganlar bor. Bu esa muxlislar tasavvurida rejissyorlik har kim eplay oladigan ish ekan-da, degan qarashni shakllantirayotgandek...
- Aktyor agar rejissurada kuchini sinab ko‘rmoqchi ekan, mayli, bir ko‘rsin sohaning pastu balandini. Ammo rejissyorlik da'vo qilayotgan vallomatning odamlarga aytadigan so‘zi yo‘q bo‘lsa, unda o‘zini ham, tomoshabinni ham ovora qilmagani ma'qul. Odam biror bir universitetda o‘qib shoir-yozuvchi bo‘lib qolmaganidek san'at instituti diplomini olish bilan ham rejissyorga aylanmaydi. Tug‘ma iste'dod egasi, ko‘nglida dardi bor hassos odamdangina chinakam rejissyor yetishib chiqadi. Komil Yormatov, Nabi G‘aniev ana shunday ijodkorlar edi. Keyingi avloddan Shuhrat Abbosov, Zulfiqor Musoqov yaxshi asarlar oldi. Yoshlardan Ayub Shahobiddinov, Yolqin To‘ychiev o‘z yo‘lini topishga intilyapti.
- Kinoasarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan uning adabiy negizi - stsenariyga bog‘liq. Yaxshi kartinalar uchun balki mahorat bilan yozilgan stsenariylar yetishmayotgandir?
- Ilgari katta yozuvchilar ham kinostsenariyga ming bir istihola bilan qo‘l urishardi. Hozir oson bo‘lib qoldimi, ul-bul mashq qilib yurgan boshlovchi ijodkorlar ham stsenariy yozishga tushib ketishdi. Avvallari adabiyotda shov-shuv bo‘lgan asarlar tez fursatda kino va teatrga ko‘chardi, ular asosida spektakl va kinokartinalar yaratilardi. Adabiyot va san'at ahli juda yaqin ijodiy hamkorlikda ishlardi. Nazarimda, bugun ana shu hamkorlik ancha susayib qolgan.
So‘nggi yillarda yozuvchi Erkin A'zam asarlari asosida yaxshi filmlar olindi. Erkin A'zam - zabardast yozuvchi, tasvir va so‘zni yaxshi his qiladi. Undan kelgusida ham kino uchun yaxshi asarlar kutish mumkin.
Kino rivojida munaqqidlikning ham o‘rni katta. Xuddi adabiyotshunoslikda bo‘lganidek, kinoda ham badiiy filmlarni tahlil qiladigan, saragini sarakka, puchagini puchakka chiqaradigan, aktyorning yutug‘iyu kamchiligini ko‘rsatib beradigan xolis tanqidchilar suv va havodek zarur.
- Tomoshabinning xususiy telestudiyalar suratga olayotgan filmlarga ko‘proq qiziqayotgani, teatrning akademik mavqedan ommaviy darajaga tushayotgani vaqtinchami yoki...
- Xas-xashaklar bilan berkilib qolgan suv yo‘lini birdaniga ochib yuborsangiz, dastlab loyqa bo‘lib oqadi, uning sathiga yovvoyi giyohu xas-xashaklar qalqib chiqadi. Ammo vaqt o‘tishi bilan suv tiniqlashadi. Xuddi shu kabi san'atimizda ham ma'lum muddat o‘tib suv shaffoflashishi, "xontaxta" usulida tayyorlangan asarlar o‘z-o‘zidan unut bo‘lib ketishiga ishonaman.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Sobirjon Yoqubov suhbatlashdi
“Hurriyat” gazetasidan