OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mungli kechmish yoxud tarixdan bir saboq... (tarix fanlari doktori Qahramon Rajabov bilan muloqot) (2014)

– Qahramon aka, Siz ko‘p yillik ilmiy izlanishlaringizni Buxoro amirligi tarixini o‘rganishga bag‘ishlagansiz. Bugungi yoshlarga, jurnalxonlarga qiziqki, Turkiston tarixida 164 yillik davrni egallagan Buxorodagi mang‘itlar sulolasi o‘zi qanday mavqega ega bo‘lgan?

– Keling, o‘zaro gurungimizni eng avvalo mang‘itlar sulolasi emas, balki “92 bovli o‘zbek eli”ning bitta shoxobchasi bo‘lgan mang‘itlar urug‘idan boshlaylik.

Tarixdan ma’lumki, mang‘itlar turkiy qavm bo‘­lib, ular XII asrda Dashti Qipchoqda, katta bir qismi esa Volga va Ural daryolari oralig‘ida yashashgan. Bu paytda ular qipchoqlarning katta ta’siri ostida bo‘lgan. Qipchoqlar ta’siri ostida ularning bir qismi o‘z tillarini unutib, qipchoq tilida gaplashganlar.

Hozirgi O‘zbekiston hududida yashab kelayotgan mang‘itlar qavmining bir qismi qadimdan dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan o‘zbeklarning ta’siri ostida asta-sekin o‘troqlashib borgan, bir qismi esa XX asr boshlariga qadar ham chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Ular qorako‘l va jaydari qo‘ylarni boqishgan. Mang‘itlar dehqonchilik va chorvachilikdan tashqari hunarmandchilik bilan ham shug‘ullanib, gilam va turli matolar to‘qishgan. Xususan, uzun patli gilam-julxirs mashhur bo‘lgan.

Mang‘itlar qavmi oq mang‘it, qora mang‘it va to‘q man­g‘it kabi shoxobchalarga bo‘lingan. Buxoro amirligini 1756-1920 yillarda boshqargan mang‘itlar sulolasi mang‘it urug‘ining to‘q mang‘it shoxobchasidan bo‘lgan.

XVIII asr 40-yillariga kelganda Buxoro xonligida siyosiy va iqtisodiy inqiroz kuchaygan. Ashtarxoniylar (Joniylar) sulolasining so‘nggi vakili Abulfayzxon (hukmronlik davri: 1711-1747)ning kaltabinlarcha yuritgan siyosati natijasida xalqning moddiy ahvoli og‘irlashgan, Buxoro xonligi tarkibidan Farg‘ona vodiysi ajralib chiqqan va mustaqil Qo‘qon xonligiga asos solingan, mamlakatning bekliklarga bo‘linish xavfi kuchaygan. Buning ustiga Eron shohi Nodirshoh (hukmronlik davri: 1736-1747)ning Buxoro davlatiga hujumi, mamlakatning asosiy shaharlari bo‘lgan Buxoro va Samarqandning ular tomonidan egallanishi va talanishi oqibatida siyosiy vaziyat battar murakkablashgan. Turkiston taqdiri hal qilinayotgan ana shunday qaltis va nozik bir fursatda tarix sahnasiga yangi siyosiy kuch – mang‘itlar sulolasi ko‘tarildi.

Shu narsani alohida ta’kidlash lozimki, XVII asr oxiri va XVIII asr birinchi yarmida mang‘itlar qavmining to‘q mang‘it shoxobchasiga mansub bo‘lgan Xudoyorbiy otaliq va uning o‘g‘li Muhammad Hakimbiy otaliq nufuzli mang‘it biylari (urug‘ boshliqlari)dan sanalib, ular Ashtarxoniylar sulolasi boshqarayotgan Buxoro xonligi saroyidagi obro‘li va nufuzli amaldorlardan bo‘lgan.

Shu o‘rinda Muhammad Hakimbiy otaliq (XVII asr so‘nggi choragi – 1743) va uning o‘g‘li Muhammad Rahimbiy otaliq (1715-1758) xususida ikki og‘iz to‘x­talib o‘tsak, mang‘itlar sulolasining hokimiyatga qan­day kelganligi oydinlashadi.

Muhammad Hakimbiy Ashtarxoniylar saroyida dastlab miroxo‘r va parvonachi lavozimlarida ishlagan. U qisqa fursatda Buxoro xonligidagi mang‘itlar qavmining yo‘lboshchisiga aylangan hamda Abulfayzxon hukmronligi davrida xonlikda uning ta’siri nihoyatda kuchaygan. Muhammad Hakimbiy ko‘p sonli mang‘itlar qavmi va urug‘ yo‘lboshchilariga tayanib, qatag‘on va kenagas urug‘lari, jumladan, shahrisabzlik Ibrohim Ke­nagasning qavmlariga qarshi Buxoroda markaziy hoki­miyatni mustahkamlash uchun qattiq va murosasiz kurash olib borgan. Tez orada u saroyda devonbegi lavozimini egallaydi. Abulfayzxon tomonidan taxminan 1720 yili Muhammadbiy Hakimbiy saroydagi barcha shahzodalar otaliqlarining boshlig‘i deb tan olingan hamda unga otaliq unvoni berilgan.

Muhammad Hakimbiy Eron shohi Nodir­shoh­ning 1740 yili Buxoroga hujumi paytida aholini bosqin­chi­lar qo‘shiniga qarshilik ko‘rsatmaslikka cha­qirdi. Bu xizmatlari uchun Nodirshoh uni Buxoroning to‘la vakolatli hokimi, ya’ni saroy qushbegisi (Bosh vaziri) qilib tayinlaydi. Xullas, Muhammad Hakimbiy otaliq va qushbegi sifatida mang‘itlar sulolasining Buxoroda hokimiyat tepasiga kelishi uchun yetarli shart-sharoit yaratib bergan. Markaziy hokimiyatga bo‘ysunishni xohlamagan amirlar va turli qavmlarning yetakchilariga qarshi murosasiz kurashgan.

Muhammad Rahimbiy otasi tiriklik davridayoq muhim saroy lavozimlarini egallagan edi. U Abulfayzxonning kuyovi sifatida 1745 yildan Buxoro xonligining amaldagi hukmdoriga aylandi. 1747 yili uning buyrug‘i bilan Mir Arab madrasasi hujralarining biriga yashiringan Abulfayzxon o‘l­dirildi. Muhammad Rahimbiy Buxoro taxtiga Ab­dul­mo‘minxon (hukmronlik davri: 1747-1751), Ubaydullaxon III ibn Abdulmo‘minxon (hukmronlik davri: 1751-1754), Sherg‘ozixon (hukmronlik davri: 1754-1756) kabi “qo‘g‘irchoq xonlar”ni o‘tqazib, otaliq sifatida qariyb 10 yil davomida ular nomidan Buxoro mamlakatini boshqargan. Muhammad Rahimbiy faqat 1756 yil 12 dekabrda Buxoro xonligi taxtiga rasmiy ravishda o‘tirgan va Buxoro xoni deb e’lon qilingan. Xullas, Buxoroda hokimiyat tepasiga kelgan yangi mang‘itlar sulolasi qon va qilich kuchi bilan o‘z hokimiyatlarini qaror toptirishgan. 1756-1920 yillarda Buxoro amirligini mang‘itlar sulolasi boshqargan. Muhammad Rahimxon (1756-1758), Muhammad Doniyolbiy (1758-1785), Shohmurod (1785-1800), Haydar (1800-1826), Mir Husayn (1826), Mir Umar (1826-1827), Nasrullohxon (1827-1860), Muzaffarxon (1860-1885), Abdulahadxon (1885-1910), Said Olimxon (1910-1920) kabi o‘nta mang‘it amirlari Buxoro davlatida 164 yil saltanat tutganlar.

Tarixchilar tomonidan mang‘itlar sulolasi vakillari bo‘lgan Buxoro amirlariga turlicha baho beriladi. Amirlarning aksariyati zolimlik va yovuzlikda ayblanadi. Biroq tarixda odil hukmdorlar juda-juda oz o‘tgan. Bunday odil hukmdorlar mang‘itlar sulolasi orasida ham mavjud bo‘lib, xususan, “ma’sum amir” nomi bilan shuhrat qozongan Amir Shohmurod va uning o‘g‘li Amir Haydar faoliyatini misol qilib keltirish mumkin. Biroq hozir ijozat bersangiz Amir Nasrullohxon to‘g‘risida bir oz to‘xtalib o‘tsam.

Amir Nasrullohxon faoliyati to‘g‘risida sovet zamonasida ham, bugungi kunda ham tadqiqotchilar ko‘p yozishgan, biroq “xo‘p” yozgan emas. Bu tadqiqotlarning aksariyatida mang‘itlar sulolasining ushbu hukmdori hayoti va faoliyati bir tomonlama ko‘rsatilib, Nas­rullohxon qiyofasi faqat qora bo‘yoqlarda tasvirlangan. Aslida tarixchining ixtiyorida faqat oq va qora ranglar yoxud ijobiy va salbiy mulohazalarning biri bo‘lmasdan u har qanday tarixiy shaxsni o‘sha davrda kechgan tarixiy voqealar ichida xolis tasvirlashi, tarixiy shaxslarga baho berayotganda zamonasozlik qilmasdan adolat posangisini o‘ta sergaklik bilan ushlashi lozim. Nasrullohxon haqida bugungi kunda turli da’volar va yuzaki mulohazalar bildirayotgan (biroq bu iddaolar bir tomonlama aytilayotgan o‘ta kes­kin fikrlardan iborat bo‘lmoqda) mualliflarning aksariyati tarixchilar o‘rniga jurnalistlar, adiblar, adabiyotshunos olimlar va boshqa kasb sohalari ekanligi esa muammoning ancha jiddiyligi va chuqurligidan dalolat beradi hamda O‘zbekiston tarixida, shuningdek, Buxoro tarixida o‘ziga xos rol o‘ynagan bu shaxs haqidagi bor haqiqatni aynan tarixchi olimlar tomonidan jamoatchilik hukmiga tezroq havola etishni kun tartibiga zaruriyat qilib qo‘yadi. 2011 yilda mening “Nasrullohxon” tarixiy risolam chop qilindi. Hol­buki bu risola 2006 yil iyun-oktyabrda yozilgan edi.

Ruxsat bersangiz, Amir Nasrullohxon haqidagi fikrlarimni yuqorida tilga olingan tarixiy risolaning xulosa qismidagi mulohazalarim bilan davom ettirsam:

Amir Nasrulloh yashab o‘tgan zamondan buyon qariyb 150 yil o‘tdi. Ushbu davr ichida nafaqat Buxoro tarixida, balki butun Turkiston mintaqasida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. XX asr oxirida Nasrullohxon orzu qilgan Movarounnahr va Xorazmning yaxlit butunligi qayta tiklandi.

Bizningcha, Nasrullohxonni Turkiston tarixidagi o‘rni va roli quyidagilar bilan belgilanadi:

Birinchidan, Amir Nasrulloh Buxoro davlatida qat’iy markazlashtirish siyosatini olib bordi. Markaziy hokimiyatga bo‘ysunishni istamagan Shahrisabz va Kitob bekliklarining qarshiligini sindirib, separatistik (ajralish va taslimchilik) kayfiyatlariga barham berdi.

Ikkinchidan, amir o‘z siyosatida butun Movar­a­un­­­nahr va Xorazmni yagona davlat ostiga birlashtirishga intildi. U bu rejasini to‘liq amalga oshira ol­­magan bo‘lsa ham, qisqa muddat davomida butun Mo­varounnahrni yagona davlat sifatida boshqardi. Qo‘qon xonligi hududining Buxoro amirligi tarkibiga qo‘shib olinishi aslini olganda mintaqadagi ikki o‘zbek davlatchiligini o‘zaro birlashtirish edi. Afsuski, Nas­rullohxonning bu harakatlarini Qo‘qon tarixnavislik maktabi namoyandalari, jadid taraqqiyparvarlari (Ibrat, Fitrat, Ayniy) va O‘zbekistonning sovet davridagi tarixchilari butunlay boshqacha talqin qilib, ko‘p yillar davomida xalq ongida “dahshatli va qonxo‘r hukmdor”, “botur qassob”, “qassobning botiri” obrazlarini shakllantirishdi.

Uchinchidan, Amir Nasrulloh tomonidan Buxoro amirligida o‘tkazilgan turli islohotlar natijasida davlatning iqtisodiy va harbiy qudrati birmuncha yuksaldi. Ma’muriy sohadagi islohotlar oqibatida davlat boshqaruviga xalqning turli tabaqalari orasidan chiqqan kishilar kelib qo‘shildi. Ayniqsa, harbiy sohadagi islohotlar ancha samarali kechdi. Aynan harbiy islohotlarning natijasi keyinchalik Rossiya imperiyasining tajovuzi va hujumiga qarshi kurashda Buxoro amirligining uchta o‘zbek davlati o‘rtasida nisbatan eng keskin va qattiq qarshilik ko‘rsatishiga olib keldi. Rossiya imperiyasi bosqiniga qarshi kurashda Buxoro amirligi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham, mamlakat hududlarining muayyan qismi saqlab qolindi.

To‘rtinchidan, Nasrullohxon o‘zining faol tashqi siyosatida qator yutuqlarga erishib, Buxoro davlatining yaxlit qismi hisoblangan Balx, Marv va boshqa viloyatlar hududlarini amirlik ixtiyoriga yana qaytardi. Biroq bu hududlar keyinchalik turli sabab­lar natijasida Buxoro amirligi tarkibidan chiqib ketgan. Bu holat XIX asr so‘nggi choragi va XX asr birinchi choragida Turkiston mintaqasida kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, O‘rta Osiyoda o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanishga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Xullas, yaqin o‘tmishda bo‘lib o‘tgan ushbu geosiyosiy o‘zgarishlar natijasida bugungi O‘zbekiston Respublikasining sarhadlari o‘zining tarixiy vatanidan ancha kichik doirada shakllandi va hozir ham shu darajada saqlanib turibdi.

Shu bilan birga Amir Nasrulloh o‘z faoliyatida bir qator jiddiy siyosiy xatolarga ham yo‘l qo‘ydi. Davlat miqyosidagi eng muhim lavozimlarga turkiy o‘zbek qavmlaridan tashqari ajnabiylarning qo‘yilishi, davlat boshqaruvida eroniy qullar bo‘lgan shialarning ta’siri oshishi, mang‘itlar sulolasining forslashish jarayoni, o‘zbek tilining mavqei pasayishi va boshqalar ana shunday jiddiy xatolardandir. Buning ustiga Amir Nasrulloh tomonidan Nodirabegimning o‘ldirilishi uning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatganligini aytib o‘tish joiz.

– Bu gaplardan ko‘rinadiki, Rossiya imperiya­sining Turkiston mintaqasiga, jumladan, Buxoro amirligiga qarshi qaratilgan istilochi­lik yurish­larida Amir Muzaffarxon, Amir Ab­dula­hadxon, Amir Said Olimxonlar munosib qar­shilik ko‘rsatishi mumkin edi?

– Ha, mumkin edi. Biroq Amir Muzaffarxon bun­day qarshilik ko‘rsata olmadi. Buning sabablari Siz o‘ylayotgandan ko‘ra ham jiddiy, oqibatlari esa dah­shatli bo‘ldi. Keling, suhbatimizni shu og‘riqli mavzu atrofida davom ettiraylik.

Amir Muzaffarxon (1819-1885) shaxsiyati, uning Buxoro tarixida tutgan fojiali o‘rni hamda amir fojiasining Buxoro davlati fojiasiga aylanish jarayoni haqidagi achchiq mulohazalarni bildirish men uchun ham oson emas. Chunki Amir Muzaffarxon hukmronligi davrida Buxoro davlatining mustaqilligi boy berilgan edi.

Amir Nasrullohxonning o‘g‘li Sayyid Muzaf­fa­­riddinxon otasi hukmronligi davrida va­liahd si­fatida Karmanaga hokimlik qilgan. U amir Nas­rul­lohxonning yolg‘iz o‘g‘li edi. Biroq Nas­rullohxon o‘limi oldidan (u 1860 yil 21 oktyabrda 56 yoshida vafot etdi) Buxoro toju taxtini yolg‘iz o‘g‘li Sayyid Muzaffariddinxonga emas, balki ko‘p sonli nevaralaridan biriga vasiyat qilib qoldiradi. Ehtimol, mang‘itlar sulolasi hukmdorlari orasida eng ko‘p saltanat so‘ragan va davlat boshqaruvi borasida katta tajribaga ega bo‘lgan Amir Nasrullohxon yolg‘iz o‘g‘li Muzaffariddinxonda (bu paytda u 41 yoshda bo‘lgan) davlat rahbarlariga xos sifatlarni va hukmdorlik layoqatini ko‘rmaganligi uchun shunday yo‘l tutgandir. Biroq voqealar marhum amir tiriklik chog‘ida o‘ylaganidan sal boshqacharoq rivojlangan. Buyuk Sohibqiron Amir Temur 1405 yil fevralda vafot etgandan keyin uning vasiyati nevarasi Xalil Sulton va bebosh amirlar tomonidan qanday buzilgan bo‘lsa, oradan 455 yil o‘tgach – 1860 yil sentyabda ham Amir Nasrullohning vasiyati ana shunday buzildi. Har ikki holatda ham vasiyatga amal qilmaslik og‘ir oqibatlarga olib keldi...

Mashhur alloma va davlat arbobi Ahmad Donish (1827-1897) o‘zining “Risola yoxud Mang‘itlar xonadoni saltanatining qisqacha tarixi” nomli risolasida o‘zi guvohi bo‘lgan bu holatni quyidagicha tasvirlaydi:

“Nasrullohxonning amir Muzaffardan boshqa farzandi yo‘q edi. U o‘z farzandining tabiatida g‘a­razgo‘y­lik va shafqatsizlikni ko‘rdi. O‘zi raiyat va qo‘shinga g‘amxo‘r bo‘lganligi tufayli farzandining o‘zidan keyin davlat tepasida turishini istamadi. Shu tufayli, o‘z nabiralaridan birini valiahdlikka tayinladi va ayrim amirlarga davlatni unga topshirishni vasiyat qildi...

Amir Nasrullohdan keyin amirlar va a’yonlar hokimiyatni nabirasigami yoki o‘g‘ligami berish masalasida ikkilandilar. Ba’zilar “davlat ilgaridan ota meros” desalar, boshqalari “vasiyatni bajarish lozim” dedilar. Oxiri, o‘g‘ilni olib kelish tarafdorlari jamoasi g‘olib kelib, Amir Muzaffarni Karmanadan chaqirdilar. U 1227 (1860 yil) rabi ul-avval oyining yettinchisida (23 sentyabrda) Buxoro amirligi taxtiga o‘tirdi... ”

Amir Muzaffar davlat tepasida mustahkamlanib olgandan keyin vasiyat tarafdori bo‘lganlarni ildizi bilan quritdi. Merosxo‘r deb atalgan shaxs zudlik bilan Buxoroni tark etdi. Qochishga ulgurmagan avlodi, yaqinlari, zurriyotlarini amir qatl qildirdi. Otasi davrida mansab egasi bo‘lgan barcha a’yonlar, amirlar, vazirlarni haydadi, ularning mol-mulklarini musodara qildi va davlat tepasiga o‘z yaqinlari va tarafdorlarini o‘tkazdi. Qo‘shin va raiyatga zulm qilindi. Amir xizmatiga Karmanadan kelganlarning hammasi razil kishilar edi, chunki Amir Nasrullo o‘zi rad qilgan kishilarni “sening xizmatingda bo‘lsin va qadrimizga yetsin” deb Karmanaga (Muzaffar oldiga) yuborar edi.

Ular o‘zlari kutmagan holda nogohdan yuqori mansab va amallarga qo‘yilgandan keyin aholi qonini icha boshladilar, qo‘pol muomala qilar, uncha-munchani nazar-pisand qilmas edilar. Shu jihatdan Karmana kishilari Buxoro odamlari nazdida shum ko‘rinar edi”.

Bu fikrlar Sizga qanday voqealarni eslatmoqda? Olis o‘tmishda hukm surgan somoniylar, temuriylar, shayboniylar, boburiylar, ashtarxoniylar sulolalari va qonli jangu-jadallar ehtimol Sizni o‘ylantirayotgandir. Biroq O‘zbekiston va jahon tarixining yaqin o‘tmishi va eng yangi tarixida ham bu voqealarga o‘xshab ketadigan tarixiy hodisalar tiqilib yotibdi...

– Rossiya imperiyasi qo‘shinlarining Sirdaryo dashti orqali Buxoro amirligi hududiga kirib kelayotganini eshitgan xalq va ulamolar tahlikaga tushadi. Ichki g‘avg‘o, isyon, da’vatlar amir Muzaffarni noiloj qo‘shin to‘plashga majbur etadi.

Muzaffarxon 30 ming kishilik qo‘shinga Olloyor devonbegini bosh qilib general Romanovskiy qo‘shiniga qarshi Sirdaryoga chiqaradi.

O‘zi O‘ratepa yaqinidagi Rog‘un qishlog‘iga qo‘nib mayishat-ishratni boshlab yuboradi. Lashkarboshi Olloyor devonbegining endi yetilib kelayotgan o‘n yashar qizini quchog‘iga keltirishlarini buyuradi. Amirning jirkanch xatti-harakati natijasida go‘dak o‘sha kechasi nobud bo‘ladi. Bu mudhish xabarni eshitgan Olloyor jang maydonini tark etadi.

Yurt, xalq, shuningdek, o‘zining taqdiri hal bo‘layotgan tahlikali pallalarda o‘z lashkarboshisining norasida jigarbandini zo‘rlagan hukmdorni kim deb o‘ylash mumkin? Menimcha mamlakat oyoqosti bo‘lishining eng burilish, nozik nuqtasi shu yerda shekilli?

– Keling, savolingizga javobni yana o‘sha davr voqealarining bevosita guvohi bo‘lgan Ahmad Donish fikrlari bilan boshlasam:

“(Muzaffarxon) hukmronligining dastlabki bir ikki-yilida otasidan qolgan davlatga tayangan holda Hisor va Ho‘qand tomon lashkar tortib, ba’zi mavzelarni kuch va shafqatsizlik bilan egalladi va aholisiga omonlik bermay, qatlga yetkazdi, ya’ni ahvol ilgaridek xusumat va fasodga qaytdi. Jangu jadalda ikki-uch g‘alabadan keyin amirga fir’avn dimog‘dorligi yo‘l topib, dunyoda o‘zidan boshqani tan olmaydigan, shariat ko‘rsatmalarini o‘z xohishiga qarab moslaydigan bo‘ldi.

...Shu tariqa, otasi davridagi amaldorlarning aksariyatini qatl qildi, mulklarini musodara etib, yer bilan yakson qildi, qabih kishilar va qullarni xalq boshiga ko‘tardi.

Movarounnahrni Rossiya tomonidan istilo qi­lish boshlanguncha shunday davom etdi. Qo‘shinga har taraflama jabr qilishar, sarkardalar himmatsiz, g‘ayratsiz, nodon edi. Askarlar qullarga xizmat qilishni or bilib, orqasini o‘girib qochishga yuz tutdi, shunday qilib, hamma viloyatlar Rossiya tasarrufiga o‘tdi.

Sababi shundaki, bir askarga beriladigan maosh to‘rt kishiga beriladigan bo‘ldi, bir sarkardaga beriladigan tanho ikkitasiga beriladigan bo‘ldi...

Buxoro vazirligi Muhammadshoh qo‘shbegi qo‘lida edi. Bu odam kaltafahm, savodsiz, beaql edi, doim kasal bo‘lib, to‘g‘ri so‘zni ham podshoga yetkaza olmasdi. Hech kim davlat foydasiga biron narsa deyishga jur’at qila olmas, shu sababdan millat va davlatning ishlari to‘liq inqirozga yuz tutdi, qo‘shin va xalq o‘rtasida osoyishtalik yo‘qoldi. Aslida mamlakat ravnaqi vazirning ziyrakligi, qat’iyatligi, to‘g‘ri mulohaza yuritishiga bog‘liq. Agar vazir bemulohaza bo‘lsa, bunday davlatning holiga voy”.

Ahmad Donishning Buxoro hukmdori va uning bosh vaziri haqidagi mulohazalari ustida ko‘p mushohada qilaman. Buyuk allomaning yozganlarini qayta-qayta o‘qib, bu yerda faqat o‘zbek xalqining XIX asrdagi og‘ir tarixini emas, balki uning kelgusi qismatini ham bashorat qilganligini his etaman. Darhaqiqat, yurtda podshoh mabodo adolatli bo‘lib, vazir zolim bo‘lsa ham baraka bo‘lmaydi.

Keling, Rossiya imperiyasi qo‘shinlarining Buxoro amirligiga hujumi tafsilotiga o‘taylik. Gap shundaki, ko‘p manbalarda tarixiy sanalar ham, shaxslar ham, voqealar ham aralashib ketgan. Buning ustiga fakt olingan tarixiy manba ko‘pincha noaniq. Faqat bu yerda bitta narsa aniq. Darhaqiqat, bu jangda Buxoro amiri qo‘shinlari yengilgan.

Agar Siz qarshi bo‘lmasangiz suhbat maromini o‘zbek xalqining keyingi asrlardagi taqdiri hal qilingan o‘sha murakkab XIX asr 60-yillari o‘rtalariga qarab bursak...

XIX asr o‘rtalarida mustamlakachi ikki yirik imperiya, ya’ni Rossiya va Buyuk Britaniyaning strategik manfaatlari Turkistonda to‘qnashdi. Rossiya imperiyasi siyosatdonlari va harbiylari Buyuk Britaniyaning Turkiston o‘lkasi va Kaspiy dengizining sharqiy tomonlarini egallab olishidan g‘oyat xavfsirayotgan edi. Ana shunday vaziyatda O‘rta Osiyo xonliklarining Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi xavfi kuchaydi. Rossiya imperiyasi turli ekspeditsiya va ilmiy guruhlarning qatnashchilari, sayyohlar va olimlar niqobi ostida ko‘plab josuslar, ayg‘oqchilar, harbiy mutaxassislar va xufiyalarni Turkistonga jo‘natgan. Xullas, xonliklarni bosib olish uchun Rossiya imperiyasi katta miqyosda harbiy-siyosiy tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Rossiya imperiyasi Turkiston mintaqasini bosib olishdan oldin mukammal rejani ishlab chiqqan. Rejada asosiy zarbani mintaqada eng zaif va hududi jihatdan kichik Qo‘qon xonligiga berish, ayni paytda Buxoro amirligi va Xiva xonligini Qo‘qon xonligi bilan o‘zaro birlashib qo‘shin tuzishiga, o‘zbek xonliklarining birgalikda harakat qilishiga imkon bermaslik maqsadida ular o‘rtasida turli nizolar chiqarish va mavjud ixtiloflarni kuchaytirish yo‘llarini ishlab chiqishga qaratdi. Rossiya harbiy ministrligida harbiy harakatlarga ketadigan xarajatlar, qo‘shin miqdori va turi, urush harakatlarida qatnashuvchi qismlar, quruqlik va suvda harakat qiluvchi vositalar, qurol-yarog‘ miqdori va zaxiralari aniqlandi.

Rossiya imperiyasi qo‘shinlari 1853 yil Qo‘qon xonligining muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Oqmasjid qal’asini (hozirgi Qizil O‘rda shahrini) egallashdi. Rus qo‘shinlari Qo‘qon xonligining shimoliy hududlariga ikki tarafdan – Orol dengizi bo‘yi va G‘arbiy Sibir (sobiq qozoq juzlari) hududi orqali bostirib kela boshladi. Tez orada Ili daryosi vodiysi egallanib, 1854 yil Olmaota qishlog‘i yonida Verniy harbiy istehkomi (hozirgi Almati shahri) qurildi.

Rossiya imperiyasining Turkiston mintaqasini egallash uchun keng ko‘lamdagi harbiy harakatlari XIX asr 60-yillaridan boshlandi. Pishpak (hozirgi Bishkek), To‘qmoq shaharlari 1862 yil, Suzoq qal’asi 1863 yil, Turkiston, Avliyoota (hozirgi Taroz shahri), Chimkent shaharlari 1864 yil Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan bosib olindi. Nihoyat, 1865 yil 17 iyunda Toshkent shahri ham M.G. Chernyaev boshchiligidagi rus qo‘shinlari tomonidan qattiq qarshilikdan keyin egallandi. Rossiya imperiyasi bosib olingan hududlarda 1865 yil bahorda Orenburg general-gubernatorligiga bo‘ysunuvchi Turkiston viloyatini tuzgan.

Mustaqillik yillarida nashr etilgan “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi”ning 2006 yil bosilib chiqqan 12-jildida yozilishicha, rus qo‘shinlarining Toshkentni bosib olishi natijasida Rossiya imperiyasi bilan Buxoro amirligi o‘rtasida bevosita harbiy to‘qnashuv yuzaga kelgan. M.G. Chernyaev boshchiligidagi Rossiya imperiyasining qo‘shinlari 1866 yil fevralda amirlikka qarashli Jizzaxni bosib olish uchun hujum qildilar. Bu jangda ruslar mag‘lubiyatga uchrab, orqaga chekinganlar. Muzaffarxon qo‘shinlari hujumga o‘tib, 1866 yil 5 aprelda Chinozni ruslar qo‘lidan ozod qilishgan. Rossiya imperiyasi ma’muriyati Chernyaev ishlaridan qoniqmay unga jazo berib vazifasidan olib tashladi va o‘rniga general Romanovskiyni tayinladi.

Buxoro amiri Muzaffarxon Buxorodan 60 000 kishilik lashkar bilan Toshkentni egallagan ruslar ustiga yurish qildi. Amir qo‘shini tarkibida 5000 o‘zbek mang‘itlari, 30 000 qirg‘iz va qozoqlar, 10 000 turkmanlar va 20 to‘p bo‘lgan. Biroq buxoroliklar qo‘shini yaxshi qurollanmagan, askarlarning aksariyati harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan edi. 1866 yil 8 mayda Jizzax bilan O‘ratepa o‘rtasidagi Maydayulg‘un mavzesidagi Yerjar manzilida (hozirgi Janubiy Qozog‘iston viloyati hududida) Muzaffarxon qo‘shini bilan general Romanovskiy boshchiligidagi Rossiya imperiyasi harbiy kuchlari o‘rtasidagi dastlabki jiddiy to‘qnashuvda Buxoro askarlari yengilgan va orqaga chekingan. Ushbu jangda amir Muzaffarxon o‘zining harbiy layoqatsizligini namoyish qildi. Podsho Rossiyasi qo‘shinlari 1866 yil 24 mayda Xo‘jand shahri va Nav qal’asini, 2 oktyabrda O‘ratepani, 18 oktyabrda Jizzaxni bosib oldilar. Rossiya imperiyasi butun diqqat-e’tiborini Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligi hududini tezroq bosib olishga qaratdi. O‘sha yili Qo‘qon xonligi ham Buxoro amirligi ta’siridan chiqib, Rossiya imperiyasiga tobe bo‘lib qolgan.

Mashhur tarixchi olim, yirik xattot va munshiy Mirzo Abdulazim Somiy Bo‘stoniy (1839-1908) Buxoro amirligi bilan Rossiya imperiyasi o‘rtasida bo‘lgan janglarda voqeanavis sifatida bevosita ishtirok qilgan. “Tarixi salotini mang‘itiya” (1906-1907) asarida muallif Buxoro amirligining mang‘itlar hukmronlik qilgan davrini tanqidiy nuqtai nazardan baholaydi. Mirzo Abdulazim Somiy Yerjar jangi sifatida mashhur bo‘lgan Maydayulg‘un voqeasini (tarixchi iborasi) o‘z kitobida quyidagicha ko‘rsatib o‘tadi:

“U (Muzaffarxon) panjshanba kuni jihod yo‘lida oyog‘ini jihod uzangisiga qo‘yib, ko‘p sonli lashkari ham behisob g‘oziylar ila Buxoroi sharifdan qo‘zg‘alib, yo‘lga tushdi. U butun qurol-yarog‘lari-yu, shon-shavkatini ko‘z-ko‘z qilib, (uzoq) yo‘l bosib, (o‘z) tasarrufidagi O‘ratepaga yetdi. Sayxun daryosi qirg‘og‘ida o‘rinlashmish va bir keng sahrodan iborat bo‘lmish Maydayulg‘un mavzeida to‘xtab o‘rdu yasadi.

Jinirol Kaufman bu voqea xabarini eshitib, dushman haqida ma’lumot olish maqsadida Chernyaev – to‘ra qo‘mondonligi ostida bir dasta o‘ris qo‘shinini safarbar qildi. Nasroniy qo‘shinining ilg‘or dastasi g‘oziylar ko‘ziga ko‘ringach, bular (dahshatdan) ranglari o‘chib, bir zum o‘ylashib qoldilar. Miltiqlardan otilgan o‘qlarning kuchligina shovqini hali quloqlariga chalinar-chalinmas, (buxoroliklar) to‘plar suroni ta’sirida xayol uyqusidan uyg‘onib, qochmoqni mo‘ljallab qoldilar. Maydayulg‘un voqeasi (yanada) batafsilroq bayonga muhtojdir, ammo hozir buning o‘rni emas. Ba’zi bir vaziyatlarni sir saqlash andishasi meni mazkur ishdan chetga tortadurki (meni) kechirsinlar... (Ehtimol, muallif yuqorida siz tilga olgan sharmandali holatni tilga olishdan or qilayotgandir).

G‘oziylar qochganidan keyin nasroniylar qo‘shini tashlab ketilgan qurol-yarog‘, to‘pu to‘fang, narsa-buyumlarga ega chiqib olib, so‘ng O‘ratepani yon atrofdagi barcha mavzelari bilan qo‘lga kiritdi-da, Chinozga qaytdi. U bu yerda bir necha kun turib, Buxoro bilan sulh hamda do‘stona munosabatlar o‘rnatish va elchini ozod qilish borasida yana bir bor urinib ko‘rdi. Ammo (bu ish) hech qanday natija bermadi”.

Bu o‘rinda Mirzo Abdulazim Somiy rus armiyasi qo‘mondonlari sifatida yanglish tarzda Kaufman va Chernyaevning nomlarini tilga oladi. Aslida bu jangga rus armiyasini general-mayor D. Romanovs­kiy boshlab kirdi. General K.P. Kaufman Turkiston o‘lkasining bi­rinchi general-gubernatori sifatida Toshkentga fa­qat 1867 yil iyulda kelgan edi. Polkovnik M. Chernyaev bo‘lsa 1864 yil boshidan to 1866 yil mart oyigacha Turkistonda bo‘lib, Toshkent bosib olingandan keyin oradan ko‘p o‘tmay u Sankt-Peterburgga chaqirib olingan hamda o‘rniga general-mayor D. Romanovskiy tayinlangan edi.

Mazkur jang tafsilotlari va unda Buxoro qo‘­shinining sharmandalarcha mag‘lubiyatga uchrash sa­bab­lari o‘sha voqealarning yana bir ishtirokchisi Ahmad Donish tomonidan batafsil tasvirlanadi.

“Umuman olganda, ruslarning Toshkent ustidan g‘alaba qilishi va u yerni istilo qilishlaridan keyin Buxoro sarhadiga o‘tishda Samarqandga kirish darvozasi bo‘lgan Jizzaxni himoya qilish zarurligini ang­lab, bu borada yuz ming tanga sarfladilar hamda mudofaa devorini qurdilar. Ruslarning olg‘a yurishiga to‘sqinlik qilish uchun ko‘p sonli ilg‘or guruhni qal’aga garnizon sifatida yubordilar.

Shu davrda umrida miltiqdan otilgan o‘q ovozini eshitmagan, urush ma’rakasini, jang maydonini ko‘rmagan amir g‘ulomlaridan biri Ya’qub qushbegi lashkarboshi etib tayinlandiki, eng oddiy navkar ham uning lashkar boshlig‘i etib tayinlanganligidan or qilar edi.

Rossiya Jizzax ustiga yurish qilmasdan bir oz av­val Buxoro shahrida madrasa talabalari, ulamolari ji­hod qilish farz deb sag‘iru kabirlarni kofirlar ustiga tashlanishga chaqirib, katta g‘avg‘o ko‘tardilar. Amir bu hodisadan qiyin ahvolda qolib, ilojsiz lashkar tortish, jihod asboblarini tayyorlashga farmon berdi.

Katta qo‘shin, o‘ttiz oltita to‘p, bir necha tuyaga ortilgan artilleriya anjomlari bilan sarosima va ha­dikda shahardan chiqdilar. Dushman bilan yuzma-yuz kel­ganda esa porox va to‘p o‘qlari, o‘q-dorilar Buxoroda qolgani, hamma urush jihozlari yaroqsiz holda ekanligi ma’lum bo‘ldi. O‘q-dorilar shu darajada ediki, uni alangalatish, shu’la berish uchun bir lagan otash kerak edi...

Ikki oy deganda Sirdaryo bo‘yiga yetib kelib, Sas­siqko‘l degan joyda to‘xtadilar...

Ruslar dushmanning haqiqiy ahvolini bilmas edilar. Ular o‘z kitoblari orqali Temur saltanati va o‘zbek qo‘shinining kuch-qudratidan xabardor bo‘lib, butun dashtni mo‘ru malaxdex egallab kelayotgan sipohlarni ko‘rib sulh tuzishga rozi edilar. Ular o‘zlariga katta shikast yetishidan xavotirda edilar. Har qancha odam yubormasinlar, xat yozmasinlar, davlat amirlaridan baxt-omad yuz o‘girganidanmi ularga so‘z uqtirib bo‘lmadi, ehtimol ular (xatlarning) ma’nosini tushunmagandirlar va bu bilan amirni ishontira olishmagandirlar.

... Rus askarlari bir yarim-ikki mingdan oshmasa-da, temir devorday kelar edilar. Bizning askarlar orqaga chekinib bostirib kelayotgan rus askarlarini noqulay joyga tushirib, o‘rab, asirga olmoqchi edilar.

Amir to‘xtagan joyda shohona chodir qad ko‘targan edi. Jang maydoni undan taxminan bir farsah kelardi. Nog‘ora ovozi uning chodiriga yetib kelardi. Amir chodir soyasida shaxmat o‘yini bilan band edi. Bir to‘da hofizlar g‘azal o‘qir edilar. Amir nog‘oraning bir maromda urilishiga moslab oyog‘ini taqillatib o‘tirardi. Biroq shu vaqt rus qo‘shinlari hujumga o‘tib to‘plarni egalladilar va islom g‘oziylari tomon ikki-uch marta to‘pdan sochma o‘q uzdilar, hamma go‘yo qochishga muntazir bo‘lib turganday, to‘p-to‘p bo‘lib qocha boshladi... Shu vaqtning o‘zida amir hazratlariga “lashkar bevafolik qildi, orqaga chekindi” degan xabar keltirdilar. Amir sarosimaga tushib, dovdiragan holda shaxmat ustida turib, to‘ni va sallasini ham kiyishga ulgurmay, egarlanmagan otga minib qochib qoldi.

... Barcha mulk, behisob anjomlar, pullar, hatto tovoqlarga solingan tayyor taomlar, to‘shaklar ustiga terilgan kosayu piyolalar ham o‘sha joyda qoldi. Lekin rus askarlari bunga e’tibor berishmadi. Dashtlik qirg‘iz va qozoq elatlari kelib, hech kim hisobiga yetmaydigan bu ashyolarga egalik qildi.

Amir qochayotgan vaqtda zahar tang qilib, hojatini chiqarishga vaqt topolmay, egar ustiga yozilib ishtonini ho‘l qilib qo‘ydi. Xovos qishlog‘iga kelib otdan tushdi va yetib kelgan bir necha xizmatkorlarga liboslarini yuvib qo‘yishlarini buyurdi. Ertasi kuni tongda huzuriga ayrim amirlar yig‘ildi, amir egniga toza liboslar bilan oroyish berib, Samarqandga yetib keldi. Besh yuzga yaqin kishi amir xizmatiga keldi, taxminan ikki yuz mingga yaqin askar uylariga tarqalib ketdi. Ularni ilgari ham o‘ylamay jam qilgan edilar, yana o‘ylab-netib o‘tirmay uni tor-mor etilishiga yo‘l qo‘yib berdilar. Hech kim “qaerdan kelding”, “qaerga ketayapsan” deb so‘ramadi.

Bu parokandalikning sababchilari Amirning el va ulus ularga xizmat qilishdan or qiladigan maktabdosh g‘ulomlaridan iborat lashkarboshilardir. Elatiya jangchilarining oladigan xizmat haqlari 20 tanga edi. Shu ham ko‘pincha bir necha kunga kechiktirilib, to‘liq berilmasdi. Bozorlardagi narxlar o‘zgaruvchan, baland bo‘lganligi tufayli xizmat haqlari bahodirlarga yetishmas edi. Shu bilan birga, non uchun jon qurbon qiladigan och va muhtojlar juda ko‘p edi.

Agar qo‘shin boshiga haqiqiy jangchi tayinlanganda, xazina eshiklari ochilib, har qaysi jangchiga 60 dirhamdan haq berilganda, bozordagi narxlar tartibga solinganda odamlarning shavqi sinmas va dushman bilan jon olib, jon berib kurashar edilar”.

Xullas, Ahmad Donish mang‘itlar sulolasi tarixi to‘g‘risidagi o‘z risolasida o‘tkir kinoya va achchiq kesatiq bilan o‘zi xizmat qilgan Amir Muzaffarning butun shaxsiy “sifatlari” va “sarkardalik” layoqatini ochib beradi. Bu so‘zlarga yana nimani qo‘shimcha qilish mumkin, axir...

Shu o‘rinda Siz tilga olgan lashkarboshi Olloyor devonbegi haqida bir oz to‘xtalib o‘tsak. Aslida Olloyor devonbegi lashkarboshi, ya’ni muayyan miqdordagi qo‘shin qo‘mondoni bo‘lmay, balki u Jizzax hokimi edi. U ham xuddi Buxoro amirlari singari o‘zbeklarning mang‘it urug‘iga mansub bo‘lgan.

Mirzo Abdulazim Somiyning yozishicha, May­dayul­g‘un hodisasidan keyin Amir Muzaffar “Jizzax­da ekanligida mang‘itlardan Olloyor devonbegini hokim­likka tayinlab, Jizzaxdagi eski qo‘rg‘on atrofida yana bir devor qurib, uni mustahkamlab, shu yerda amirlashkarlar boshchiligida o‘rdu tarzida katta bir lashkar qoldirishni buyurdiki, go‘yo bu tadbir ila u o‘z ko‘nglida nasroniylar qo‘shini yo‘lida mustahkam to‘siq bino qilgandek edi...

Muhosarada qolgan amirlardan Olloyor devonbegi mang‘it, Odil dodxoh xitoy, Abdusattor Inoq Husanbiy, Juyonxoja to‘qsabo, jinirol Iskandarxon va (boshqa) talay amirlashkarlar shahid bo‘ldilar... O‘lim soati kechiktirilgan amirlar, xususan, Yoqub qo‘shbegi va boshqa ba’zi bir kishilar mag‘lubiyatga uchrab, ust-boshsiz, piyoda Samarqand qochib, oliymaqom poyiga yetib keldilar. Ulardagi (saboq) shon-shuh­rat­ning qolgan-qutganlaridan va Maydayulg‘un vo­qe­asidan keyin (hamon) saqlanib qolmish kuch-qud­ratdan asar ham qolmagandi.

...Jizzax vohasi va (unda) lashkari mag‘lub bo‘l­ganligi xabari (olingan)dan keyin janobi oliylari Samarqanddan chiqib, Karmanaga keldilar va shu yerda muqim turib qoldilar. G‘uzor hokimi Abdulmalik To‘rani, Hisori Shodmon hokimi Rahmonqul parvonachini, talay qal’a lashkarlarini, qo‘ng‘irot lashkarlarining qolgan-qutganini, Miyonqol lashkarini, Buxoro navkarlarini, (boshqa) viloyatlardagi g‘oziylarni Samarqandda qoldirdi va G‘ishtko‘prikni mustahkamlab, bu yerda ham o‘rislar yo‘lini to‘sish uchun lashkar qo‘ydi”.

Ma’lumki, Jizzax shahri Rossiya imperiyasi qo‘­shinlari tomonidan 1866 yil 18 oktyabrda bosib olindi. Tarixchi Somiy xuddi shu jarayonni o‘z asarida tasvirlab, Jizzax hokimi bo‘lgan Olloyor devonbegi shaharni himoya qilish jarayonida mardlarcha halok bo‘lganligini ta’kidlaydi. Ruslar albatta Jizzaxni bosib olgandan keyin Buxoro amirligidagi ikkinchi muhim markaz – Samarqand shahrini egallashga asosiy e’tiborni qaratishadi. Ahmad Donishning yozishicha, bu paytda Samarqand hokimi Sherali inoq edi. Amir Muzaffar Samarqand mudofaachilariga yordam tariqasida o‘z o‘g‘li Katta To‘ra nomi bilan mashhur bo‘lgan valiahd shahzoda, G‘uzor hokimi, 18 yoshni to‘ldirgan navqiron Abdulmalik To‘ra (1848-1909) boshchiligida bir guruh qo‘shinni qoldirdi.

Ahmad Donish tomonidan Jizzax va Sa­mar­qandning o‘rislar tomonidan bosib olinishi esa quyidagicha tasvirlangan: “Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek qozonining qopqog‘i ochildi, oltin deyilgani mis bo‘lib chiqdi, ruslar kerakli darajada ularning ahvolidan xabardor bo‘ldi. Ular shu vaqtning o‘zida Jizzax ustiga yurish qildilar. Jizzaxni mudofaa qilish uchun o‘n ikki ming askar bir necha lashkarboshi amirlar boshchiligida Samarqandga yuborildi. Hamma sarkardalar bir-birlariga muxolif ediki, agar biri dam bersa, boshqasi yurish qilar, agar birining oti loyga botib qolsa, hech qaysisi yordam bermas edi. Ular orasida muntazam askarlar ham bor edi, qo‘mondonlari afg‘onlardan bo‘lib, tartibli jang qilish ta’mini olgan, katta ma’rakalarda ishtirok etgan edilar...

Ruslar Jizzaxni egallagandan keyin amir Samarqandda ortiq turishni xohlamadi va Buxoro tomon otlandi. Ulamolar haqiqiy ahvoldan xabarsiz mullalar va avom odamlarning ko‘pini Samarqandga yig‘dilar. Amir tomonidan Samarqandga hokim qilib qoldirilgan Sherali Inoq esa “shularning shumligi, ig‘vosi bilan qancha jang, fitnalar sodir bo‘ldi, bu mullalar qatl qilinmasa, omma tinchimaydi” deb yig‘ilganlarni qatl qilishga buyurdi. “Aslida g‘azot sunniylarni o‘ldirishdan iborat, shunda biz tinch bo‘lamiz”, dedi. O‘z amallarining xatosi bo‘lmish farmonni bir to‘da musulmonlarning qoni bilan bezadilar. Samarqand fuqarolari bu bedodlikni Sheralidan ko‘rib, butun aholi, musulmon talabalari, erkaku ayol Samarqand garnizoni askarlariga qarshi ko‘tarildilarki, ko‘chalarda odamlar qoni oqa boshladi. Bu xabar dam-badam dushman qulog‘iga borib yetardi va ular “qaerda o‘ldirilmasin, bu bizning foydamizga” der edilar. O‘shanda Samarqandda bo‘lgan buxorolik ayrim sarkardalar yengil va’dalar bilan bu fitnani tinchlantirish yo‘linini topdilar.

Hech kim hech zamon bu mamlakatda bo‘lganidek tartibsizlikni ko‘rmagan...

Ruslar Samarqand daryosi yoqasiga kelganda to‘p­larimizning ba’zilari Cho‘ponota qiriga chi­qarilgan edi. To‘pdan ikki-uch marta otildi, biroq o‘q-dorimiz olov olmadi. Ruslar sochma o‘q otib, qiyinchiliksiz shaharga kirdi va Ko‘ktoshni egalladi. Hamma xayolparastlar o‘sha zamon Buxoroga qadar qochib bordi. Shu tariqa, choru nochor sulhga rozi bo‘ldilar. Asirimizdagi rus zodagonini tekinga ozod qilishdi, amir ruslarga bir yuz yetmish ming dinor qizil oltin berishga majbur bo‘ldi. Buxoro yeri Samarqanddan chegara chizig‘i bilan ajratildi...

Ruslarga qilingan harbiy xarajatlarni qoplash va biz tomon hujumlarni to‘xtatish uchun yana shuncha miqdorda tovon to‘ladik, itoat intizomini bajaramiz deb ushbu mablag‘ bilan Buxoro shahzodasini elchilar bilan birga rus imperatori poytaxtiga yubordik”.

– Lekin xalq o‘z hukmdorining nodonligiga qarab o‘tirmaydi. Amir Muzaffarning o‘z o‘g‘li Abdulmalik to‘ra bosqinchilarga qarshi bosh ko‘­tarmoqchi bo‘lgan ommani boshqarishga, g‘a­nim­ning yo‘lini to‘sishga harakat qildi. Ammo otasi bu xatti-harakatlarni ko‘rib, dushmanni emas, o‘z o‘g‘lini, vatanparvar, xalqparvar bir in­sonni yo‘q qilishga kirishdi, oxir oqibat rus lashkarboshilari bilan til biriktirib go‘yo “maq­sadiga erishdi”. Amirni aynan o‘z o‘g‘li bilan adovatlashishiga nima sabab bo‘lgan edi?

– Darhaqiqat, Katta To‘ra nomi bilan mashhur bo‘lgan valiahd shahzoda Abdulmalik To‘ra (1848-1909) Rossiya imperiyasining bosqinchilik siyosatiga qarshi kurash olib borgan jasur inson edi. Xususan, bu paytda G‘uzor begi bo‘lgan Abdulmalik to‘raning jasorati Samarqand qo‘zg‘oloni davrida yaqqol ko‘rindi.

Samarqand qo‘zg‘oloni 1868 yil 1-8 iyunda ko‘­ta­rilgan. Qo‘zg‘olon, bir tomondan Rossiya imperiyasining bosqinchilik va mustamlakachilik siyosatiga qarshi, ikkinchi tomondan, mahalliy amaldorlarning zulmi va o‘z xalqiga nisbatan xoinligiga qarshi qaratilgan edi.

1868 yil 2 mayda Rossiya imperiyasi qo‘shinlari Samarqandni egallagach, general K.P.Kaufman shahar va uning atrofida joylashgan viloyatlardagi mahalliy amaldorlar o‘z o‘rinlarida qoldirilganini, xalq bungacha mavjud bo‘lgan soliqlarni Rossiya imperiyasi xazinasiga topshirmog‘i lozim ekanligini e’lon qilgan. O‘sha yilgi soliqlar to‘la undirilganiga qaramay, podsho hukumati aholiga qayta soliq solishni talab qilgan. Zarafshon okrugida (u 1886 yilda Samarqand oblastiga aylantirildi) general N.N.Golovachyov boshliq harbiy-byurokratik hokimiyat tashkil qilinib, mehnatkash aholining amaldorlar va Rossiya imperiyasi ma’muriyati tomonidan ezilishi Samarqand qo‘zg‘oloniga sabab bo‘lgan.

Tarixchi Azim Malikovning yozishicha, 1868 yil 1 iyunda Amir Muzaffarning to‘ng‘ich o‘g‘li Abdulmalik to‘ra boshchiligidagi qo‘shinlar Shahrisabzdan Sa­marqandga yo‘l olishgan. Ularning yetib kelishi bilan Samarqandda ruslarga qarshi qo‘zg‘olon boshlangan. Qo‘zg‘olonda o‘zbek xalqining turli qavmlari: man­g‘it­lar, xitoy-qipchoqlar, naymanlar, tuyoqlilar, shuningdek, samarqandliklar, urgutliklar, panjikentlik­lar va qoraqalpoqlar qatnashgan. Qo‘zg‘olonchilar dast­lab Cho‘ponota tepaligida yig‘ilganlar. Ular 2 iyunda qal’aga (shaharga) hujum qilishgan. O‘sha davrda Sa­marqand qal’asining ikkita darvozasi bo‘lgan. Asosiy janglar janubda Ruhobod maqbarasi tarafida joy­lashgan Buxoro darvozasi atrofida bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, janglarda vatanparvarlardan 6000 dan ziyod odam qatnashgan.

Qo‘zg‘olonga dastlab Shahrisabz va Kitob beklari Jo‘rabek va Bobobek, keyinchalik Abdulmalik to‘ra rahbarlik qilishgan. Qo‘zg‘olonchilar rus askarlari joylashgan qal’aga qattiq hujumlar uyushtirishgan. Butun shahar aholisi qo‘zg‘algan. Biroq amir qo‘shinlari Zirabuloq jangida ruslar tomonidan tor-mor keltirilganini eshitgandan so‘ng va 4 iyun kuni ruslar Shahrisabzga yurish boshlaganligi to‘g‘risida yolg‘on mish-mishga ishongan Kitob va Shahrisabz beklari Samarqanddan chiqib ketishgan. Bu yolg‘on mish-mishlar va vahimali xabarlarni ruslarning rubli va dabdabali va’dalariga sotilgan ayrim sotqinlar va xoinlar tarqatishgan edi. Ularning nomini hatto bu yerda keltirishdan or qilasan kishi... Afsuski, Turkiston va O‘zbekiston tarixida ko‘pincha ana shunday sotqin va qo‘rqoq odamlar hamda ularning avlodlarini oshig‘i olchi, pichog‘i moy ustida bo‘lgan... Darvoqe, 1865 yil may oyida rus qo‘shinini ana shunday sotqinlardan biri qirg‘iz millatli Shobdon botir Jontoy o‘g‘li yo‘lboshlovchi sifatida Toshkent shahri ustiga boshlab kelgan edi...

Samarqand qo‘zg‘oloniga keyinchalik Ibod Salimboev, To‘xtaxo‘ja Nalchor, Zokirboy Razzoqboev, Abdusharif Abdulfattoev boshchilik qilishdi. Kuchlarning zaiflashishiga qaramay samarqandliklar qo‘zg‘olonni to‘xtatmay uni 7 iyungacha davom ettirishgan, lekin qo‘z­g‘olonchilar uyushtirgan hujumlar ancha susaygan. Ikki kun mobaynida Rossiya qo‘shinining 150 askari safdan chiqqan. 8 iyun kuni Rossiya qo‘shiniga yordamchi ilg‘or qismlar yetib kelgandan keyin qattiq jang bo‘lib, Sa­marqand shahri ruslar tomonidan qayta ishg‘ol qilin­gan.

1868 yil 8 iyunda Kaufman buyrug‘i bilan Sa­mar­qand shahri birvarakayiga to‘pga tutildi. Sha­har­ni batamom yoqib yuborish haqida buyruq olgan rus askarlari qirg‘in boshlaydilar. 9 iyunda minglab tinch aholining yostig‘ini quritgan Samarqand fojiasi boshlanadi. Qatli om uch kun davom etadi. Minglab odamlar hech qanday tergovu sud va so‘roqsiz otib tashlanadi. Qo‘zg‘olon faollaridan 19 kishi qo‘lga olinib, Sibirga surgun qilinadi. Umuman olganda Samarqand qo‘zg‘oloni tarixda muhim o‘rin tutadi.

Sadriddin Ayniyning fikricha, Abdulmalik to‘­raning harakati va qo‘zg‘olonchilarning jasorati tufayli Turkiston o‘lkasining general-gubernatori K.P.Kaufman poytaxt Buxoro shahriga hujum qilishdan voz kechgan va sulh tuzishga majbur bo‘lgan.

Xullas, 1868 yil 23 iyunda Samarqandda imzolangan Rossiya-Buxoro sulh shartnomasiga ko‘ra, Buxoro amirligi Rossiya imperiyasiga tobe bo‘lib qolgan. Zirabuloqqacha bo‘lgan hudud ruslar boshqaruvi ostiga o‘tgan.

Amir Muzaffarxon shaxsiyatidagi ayrim illat­lar: xudbinlik, boshqalar fikrini nazar-pisand qil­maslik va o‘ziga haddan tashqari bino qo‘yish, harbiy sohadagi layoqatsizlik va buni tan olmaslik, manmansirashlik kasali va shuhratparastlik kayfiyati, hatto dushman oldidagi jur’atsizlik va qo‘rqoqlik, odam tanlay bilmaslik va boshqaruv ilmini tushunmaslik kabi kamchiliklar Buxoro davlati harbiy kuchlarining Rossiya imperiyasi qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchrashiga olib kelgan sub’ektiv omildir. Shu bilan birga Buxoroda harbiy ish va qo‘shin ahvoli bu davrda harob holatda ekanligi, Amir Nasrulloh davrida boshlangan islohotlar to‘xtab qolganligi, mintaqadagi uchta o‘zbek davlati tashqi dushman – Rossiya imperiyasiga qarshi kurashda o‘zaro birlasha olmaganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

Buxoro amirligi Rossiyaga tobe bo‘lib qolgach, amirlikdagi ba’zi siyosiy va harbiy kuchlar Abdulmalik to‘ra atrofida birlashdilar. Abdulmalik to‘ra, bir tomondan Rossiya imperiyasining bosqini va mus­tamlikachilik zulmiga qarshi, ikkinchi tomondan, dushmanga qarshi kurashda ojizlik va qo‘rqoqlik qilgan otasi Amir Muzaffarxonga qarshi G‘uzor, Shahrisabz va Kitobda qo‘zg‘olon ko‘tardi. Uni ushbu hudud aholisi hamda viloyatlar hokimlari Jo‘rabek va Bobobek qo‘l­lab-quvvatlaydi. Poytaxt Buxoroda ham Abdulmalik to‘­rani qo‘llab-quvvatlovchilar topiladi, uning atrofi­ga to‘plangan beklar, sarkardalar hamda oddiy aho­li vakillari uni Shahrisabzda amir deb e’lon qilishadi.

Aynan shu holatlar Amir Muzaffarxonning o‘z o‘g‘li bilan yovlashishiga olib keldi. Muzaffarxon o‘g‘liga qarshi qo‘shin tortdi hamda mag‘lubiyatga uchrab chekindi. Bu holat qashqadaryolik jurnalist va yozuvchi Samar Nuriyning “Qora tong” (2003) romanida o‘z haqqoniy ifodasini topgan.

Mirzo Abdulazim Somiy o‘zining “Mang‘it sultonlari tarixi” asarida Abdulmalik to‘ra jasoratini ko‘rsatish bilan birgalikda u yo‘l qo‘ygan xatolarni, ba’zi saroy amaldorlari va sarkardalarning ota-bola (amir va valiahd) o‘rtasini buzishga intilgani, shu bilan birga, Amir Muzaffarxon layoqatsiz hukmdor ekanligini ochiq ko‘rsatib o‘tgan.

Xullas, Buxoro amiri Muzaffarxon o‘g‘liga qar­shi qo‘shin tortdi. Janglarda mag‘lubiyatga uchragach, Rossiya imperiyasining Turkiston o‘lkasidagi ma’murlaridan harbiy yordam so‘rashga shoshildi. Zarafshon okrugi harbiy gubernatori general Abramov boshchiligidagi rus qo‘shinlari 1868 yil 23 oktyabrda Qarshi shahri ustiga yurish qilib, shaharni Abdulmalik to‘radan tortib olib, Amir Muzaffarxonga topshirdi. Abdulmalik to‘ra atrof-tevarakdan kuch to‘plashga kirishgan, xususan, Xiva xoni Muhammad Rahimxondan madad istab borgan, so‘ngra Hisor viloyatidan va turkmanlardan qo‘shin to‘plab, Qarshini yana otasidan tortib olgan. General Abramov qo‘shinlari 1870 yilda Abdulmalik to‘raning kuchlarini tor-mor keltirib, Shahrisabz, Kitob va Qarshini Amir Muzaffarga qayta olib berdi. Aynan general Abramov buyrug‘i bilan Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan Shahrisabzdagi mashhur Oqsaroy va boshqa yodgorliklar to‘plardan o‘qqa tutilib, vayron qilindi. Biroq bu tarixiy haqiqat hozirgacha ilmiy tadqiqotlarda xolis ko‘rsatilmayapti. Hatto akademik Bo‘riboy Ahmedov bundan ancha yillar oldin Shahrisabzdagi Oqsaroyni Buxoro xoni Abdullaxon II buzdirgan, degan noto‘g‘ri ma’lumotni o‘ylab topdi hamda o‘z kitoblaridan kitoblariga bu fikrni ko‘chirib o‘tkazish bilan shug‘ullandi.

Na otasidan, na Xiva xonidan, na xalqdan, na do‘stu yorlaridan ro‘shnolik ko‘rgan Abdulmalik to‘ra Buxorodan chiqib Afg‘onistonga, so‘ngra 1873 yilda Koshg‘arga jo‘nab ketishga majbur bo‘ldi. Koshg‘ar Xitoy tomonidan bosib olingach, u Hindistondan panoh topdi. Abdulmalik to‘ra 1909 yilda Peshovar shahrida vafot etdi. Xullas, o‘zbek xalqining yana bir jasur o‘g‘loni xoki bugungi Pokiston davlati hududida qolib ketdi...

Endi, gapning mavridi kelib qoldi. Tarixchi olim va bir kuyinchak ziyoli sifatida meni bir narsa ko‘p o‘ylantiradi. Turkiy xalqlar o‘rtasida, xususan, biz mansub bo‘lgan o‘zbek xalqi orasida nega azaldan birlik bo‘lmagan. Tarqoqlik va o‘zibo‘larchilik (buni biz o‘ziga bek deb lof uramiz), hokimiyat tepasida o‘tirgan aksariyat amaldorlarning Vatan va Xalq manfaatini emas, balki o‘zi va oilasi manfaatini o‘ylashi, yurt hukmdorlarining dushman oldida ojizligi va qo‘r­qoq­ligi, xususan, yurtini o‘risga boy bergan Buxoro amiri Muzaffarxon, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II, Qo‘qon xoni Xudoyorxon (bir paytning o‘zida bitta xalqning uchta davlat hukmdorlari) biz uchun o‘ta pastkash hukmdorlar hisoblanadi... Gapiraversang, hali gap ko‘p.

Amir Muzaffarxon haqida fikrlarimizni yana Ahmad Donish asarlaridan olingan iqtibos bilan yakunlasak: “Amir butunlay ichkilik, buzuqlik, shah­voniy nafsga berilib ketdi. Qarshidan Keshgacha hududdagi unga bo‘ysunadigan qal’alarda g‘avg‘o va fasodga yo‘l ochilmasin deb, past tabaqali odamlarni oqsoqol qi­lib tayinladi. Izzat-obro‘lilarini esa olib tashladi. Bu viloyatlarga ko‘ngil ochish maq­sadida borganda shu yerdagi oqsoqollarning har kuni ta’zim bajo keltirishlarini talab qilar va viloyat qizlarini mendan qochirmasin deb yil davomida ularga shohona to‘nlar kiydirardi...

...Xuddi shunday o‘nlab aravalarda vazirning maxsus odamlari, mulozimlari Buxorodan kelar edi. Ular qizlarni topib, amir qaerda bo‘lsa, kechayu kunduz o‘sha yerga olib borishar edi. O‘n ming askar – xizmatkorlari bilan yigirma mingga yetardi. Ular o‘sha diyor xotinlari, farzandlariga ko‘z olaytirar, hayvoniy hirsga berilar edi. Ularing Buxoroda qol­gan 20000 xotinlari esa har oqshom 20000 odam bilan yaqinlashardi. “Alloh asraganlari bundan mustasno, albatta”. (Qur’oni karim, 7, 142-145)

Xullas, Mavorounnahrning Buxoroyi sharif joy­lashgan qismi yalpisiga Lut Shahristoniga aylandi. Fisqu fasod, tartibsizlik shunchalik kuchaydiki, mamlakat fir’avnlari Misrga o‘xshab “fosiqlar shahri” nomi bilan mashhur bo‘ldi. Lut shaharlariga o‘xshab iflos makonga aylanishidan qo‘rqish kerak edi. “Allohim, bu yer odamlarini bu fasoddan saqla”. (Qur’oni karim, 15, 74)

Amir Muzaffar boshqaruvi zamonida o‘rnatilgan tartiblar jumlasiga gulxan atrofida bazmu tomoshalar, bolalar raqsi, masxarabozlarning chiqishi, dorbozlar o‘yinining joriy etilishi, hamma viloyatlarda nog‘ora, karnay ovozlari yangrab turganini qo‘shish mumkin. Hamma joyda tinchlik hukmron, fitnayu fasod tugatilgan degan fikr hosil bo‘lishi uchun shunday qilinardi. Agar davlatga xavf-xatar tug‘ilgudek bo‘lsa, amir bu qadar xotirjam bo‘lmasdi, doira ovozini eshitib o‘tirmasdi, degan xulosa hosil qilish uchun ham shu taxlit masxarabozlik qilinardi. Shahar aholisi suvsizlikdan, narxlarning balandligidan jon berayotgan bo‘lsalar ham, surnayu karnay va nog‘ora ovozlari pasaymasdi, dorbozlar, raqqoslar o‘z o‘yinlarini davom ettirar edilar. Zarafshon to‘lib oqqanda, osmondan yomg‘ir o‘rniga g‘alla yoqqanda shunday sevinish mumkin edi. Bo‘lmasa, jo‘shqin tantana, ziyofatlar nima uchun qilinayapti? Tavba qilish, kechirim so‘rash vaqti, bil’aks, aslo raqs, dorni tomosha qilish vaqti emas edi. Choru nochor ba’zilar shunchaki yoki och qolsalar tomoshaga borar edilar.

Amir Muzaffar davri uzluksiz bayramu ziyofatlar zamoni bo‘ldi. Masalan, agar yangi yil (Navro‘z) kirsa, ikki oycha ayshu ziyofat to‘xtamasdi. Keyin Ramazon Qurbon hayiti, kelardi. Agar bu bayramlar tugasa, kelin to‘ylari, shahzoda va malikalarning nikoh to‘ylari uyushtirilardi. Oliyhimmatli kishilar bu ziyofatu bayramlarda o‘zlarini badnom qilmas edilar. Bu ma’rakalarda tuban, xasis odamlar, masxarabozlar, o‘yinchilar, besoqollar sovg‘alarini xaltalab uylariga tashir edi. Saroyga qizlar, fohishalarni yetkazib beradigan qo‘shmachi kampirlar hammadan ko‘p olar edi”.

– Qizig‘i shundaki, keyingi amirlar ham xuddi shu yo‘lni tutishdi. Amir Olimxonni oling, begunoh xalqni ezgani yetmaganday, yurtning qaysi go‘shasida chiroyli qiz bo‘lsa, keltirib or-nomusini toptadi, haramini to‘ldirib, xotinbozlikdan bo‘shamadi. O‘risning nayrangiga uchib, Fayzulla Xo‘jaevni dushman deb bildi.

O‘z navbatida F.Xo‘jaev ham dushman hiylasiga ko‘ra Olimxonni eng xavfli g‘anim hisobladi.Ayting-chi, bu hukmdorlar uchun Vatan taqdiri shu darajada arzimas yumush edimi?

– Keling, eng avvalo savolimizga ozgina oydinlik kiritib olaylik. Mang‘itlar sulolasining so‘nggi hukmdori Amir Said Olimxon (1881-1944) bilan BXSR va O‘zbekiston SSR hukumatlarining dastlabki raisi Fayzulla Xo‘jaev (1886-1838) o‘rtasida har jihatdan katta farq bo‘lgan. Biroq bir nuqta ularni o‘zaro tutashtiradi: har ikkalasi ham Buxoroning farzandi, shu buyuk zaminda tavallud topishgan edi. Biroq ularning har ikkalasi ham yurtidan uzoqda: biri Mos­kva o‘rmonlarida 1938 yilda, ikkinchisi esa afg‘on tuprog‘ida – Kobulda 1944 yil vafot etishdi. Har ikki shaxsning o‘limi fojia bilan yakunlandi. Har ikkisi ham yurt diydoriga talpinib, musofirlikda jon berdi. Bu tarix og‘ir, ayanchli va mungli tarixdir. Tarix saboqlari esa undan-da og‘ir. Shuning uchun dadil ayta olamanki, bu zotlar uchun Vatan taqdiri, xususan, Fayzulla Xo‘jaev uchun “arzimas yumush” emas edi! Fayzulla Xo‘jaev, hatto Amir Olimxon ham Vatan taqdiri, Buxoro yoxud Turkiston, umuman aytganda O‘zbekiston taqdiri uchun qayg‘urishgan.

Biroq har ikkalasi ham qattiq adashdi, jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Amir Olimxon o‘zining kichik zamondoshi, yirik savdogarning o‘g‘li bo‘lgan Fayzulla Xo‘jaevga past nazar bilan qaramasdan uning fikriga quloq tutganda, Buxoroda konstitutsion monarxiya o‘rnatilganda bolshevizm balosiga qarshi jiddiy kurashish mumkin edi. Lekin men tarixchi sifatida shuni ayta olamanki, Buxoro amirligi ham, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi ham Rossiya va SSSRning harbiy va siyosiy tazyiqlari ostida mustaqil faoliyat yurita olmas edi. Sovet hokimiyati Sharqda bu “mustaqil davlatlar” mavjud bo‘lishiga indamay qarab tura olmas, ularni yo‘qotish va avval Sovet Rossiyasi, so‘ngra Sovet Ittifoqi (SSSR) tarkibiga kiritish uchun barcha jirkanch vositalar va imkoniyatlardan foydalanishi sir emas edi. Aslida ham shunday bo‘ldi. Dastlab – 1920 yil sentyabrda qizil armiyaning yordamida Buxoro bosib olindi va amirlik tuzumi kuch bilan ag‘darib tashlandi. 1924 yil oxirida O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilishi natijasida Turkiston ASSR va Xorazm SSR singari Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi ham siyosiy yo‘l bilan tugatildi.

Uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi va uning davlatchilik tarixining ikki asosiy o‘chog‘i – Buxoro va Xorazm siyosiy sahnadan yo‘qotildi. 1925 yil fevralda O‘zbekiston SSR tashkil topdi va u oradan ko‘p o‘tmay – 1925 yil may oyida SSSR tarkibiga kiritildi.

Keling, suhbatimizni tarixiy dalillar bilan emas, balki O‘zbekistonning XX asr tarixida muhim rol o‘ynagan hamda Siz tilga olib o‘tgan mazkur ikki tarixiy shaxs haqidagi fikrlar bilan davom ettirsak.

Amir Said Olimxon mang‘itlardan Abdulahadxon xonadonida 1881 yil 18 dekabrda (hijriy 1288 yil muharram oyining 15 kuni) Karmana shahrida tug‘ilgan. Olimxonning enasi Davlat Baxt oyim ismli go‘zal ayol bo‘lgan. Olimxon yolg‘iz o‘g‘il sifatida alohida mehr-muhabbat va ehtiromga loyiq holda voyaga yetgan. Uni yoshligidan boshlab To‘rajon to‘ra deb e’zozlashgan.

Amir Abdulahadxon 1910 yil 22 dekabrda Karmana yaqinidagi Xayrobod chorbog‘ida 54 yoshida vafot etgach, Karmana hokimi bo‘lib turgan Mir Sayyid Olimxon to‘ra otasining dafn marosimidan keyin Buxoro shahriga kelib, 1910 yil 24 dekabrda 29 yoshida amirlik taxtiga o‘tirdi.

Amir Said Olimxon dastlab Buxoro amirligida ma’muriy, iqtisodiy va harbiy sohada islohotlar o‘tkazilishiga uringan. U 1910 yil 30 dekabrda maxsus farmon chiqarib, islohotlar dasturini e’lon qilgan. Farmonga ko‘ra xalqdan olinuvchi turli soliqlar kamaytirilgan va xiroj tartibga solingan, amaldorlarning pora olishi ta’qiqlanib, ularga xazinadan maosh belgilangan. Harbiy ishni qayta qurishga kirishilgan. Navkarlar va sarbozlarning maoshlari ikki-uch barobar oshiriladi. Amir Said Olimxon va arkoni davlatning bu ishlarini Buxoro jadidlari, xususan, Fitrat katta olqishlar bilan qarshilagan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Amir Olimxon qadimistik yo‘l tarafdorlari bo‘lgan ba’zi ulamolarning tazyiqlari natijasida bu islohotlarni to‘xtatib qo‘ygan. Yosh buxorolik jadidlarga nisbatan xayrixohona siyosatni ham o‘zaro adovat va nafrat egallagan.

Shu bilan birgalikda Amir Olimxon hukmronligi davrida Buxoro amirligini Rossiya imperiyasiga qaramligi tobora kuchaydi. Uning farmoni bilan ta­raqqiyparvar kuchlar, avvalo, Yosh buxoroliklar qattiq ta’qib qilindi. Birinchi jahon urushi davrida Rossiya imperatori Nikolay II uni general-leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlagan va o‘zining general-ad’yutanti qilib tayinlagan (1915 yil dekabr). Chunki amir urush paytida Rossiya davlatiga katta miqdordagi mablag‘ bilan moddiy yordam bergan edi.

Amir Olimxon Buxoro mamlakati uchun mas’uliyatli bo‘lgan bir davr – 1917-1920 yillarda to‘g‘ri siyosat yuritish o‘rniga jabr-zulmni kuchaytirgan. Buxoroda 1917 yil aprelda bo‘lgan namoyish, xususan, Kolesov voqeasi (1918 yil mart)dan keyin u amirlik hududida 3000 kishini jadid deb ayblab, nohaq qatl qildirgan.

Turkiston o‘lkasida 1917 yil kuzida sovet rejimi o‘rnatilgach, Xorazmda Junaidxon hamda Farg‘ona vodiysida Madaminbek, keyinchalik Shermuhammadbek bilan qizil armiyaga qarshi kurashda ittifoq tuzilgan bo‘lsa ham Amir Said Olimxon ularga yetarli darajada harbiy yordam ko‘rsatmadi. Buxoro qo‘shinini zamonaviy qurollar bilan ta’minlash ishlari ham oxiriga yetkazilmadi. Olimxon mamlakat ahvolini yaxshilash o‘rniga asosiy vaqtini dabdabali turmush kechirish va aysh-ishratga sarflagan. Buxorodagi ayrim mutaassib ulamolarning kuchli ta’siri ostida bo‘lgan ulug‘vor bir turkiy davlat – Buxoro amirligi tanazzulga uchrab, parchalanib ketishida Olimxonning kaltabinligi sabab bo‘lgan.

1920 yil avgustida Turkiston fronti qo‘shin­la­rining Buxoroga qilgan bosqini natijasida Said Olimxon toj-taxtdan mahrum bo‘ldi. Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darib tashlandi. Qizil askarlar tomonidan Buxoro shahri vayron qilindi, amirlik xazinasi to‘la ravishda Moskvaga tashib ketildi. Amirlikning 118 kishidan iborat harami 1920 yil sentyabr oyi boshlarida Xoja Orif (hozirgi Shofirkon)da qizil askarlar tomonidan qo‘lga olingan. Sentyabr oyining o‘rtalarida sobiq amir Sharqiy Buxoroga borib o‘rnashdi. Xullas, Buxoro fojialari Said Olimxonning shaxsiyatida kes­kin o‘zgarishlar yasadi. Biroq dushmanga qarshi kurash uchun asosiy fursat boy berilgan edi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Olimxon Buxoro xalqining bosqinchi qizil armiyasiga qarshi olib borgan mustaqillik kurashiga rahbarlik qilishga urindi.

Said Olimxon Hisor viloyatini o‘ziga qarorgoh (markaz) qilib, olti oy davomida qizil askarlarga qarshi kurashadi. U Hisorda saroy a’yonlari va ma­halliy amaldorlardan iborat yangi hukumat tash­kil qi­ladi, buxoroliklarning qizil askarlarga qarshi olib borayotgan jang harakatlarini mu­vofiqlashtirishga in­tiladi. Yangi hukumat faoliyatida Hisor hokimi Avliyoqulbek (1922 yili halok bo‘lgan) muhim rol o‘ynaydi. Biroq bir qator jang­larda mag‘lubiyatga uchragach, 1921 yil 4 martda Said Olimxon o‘z yaqinlari va saroy a’yonlari bilan Amudaryoning Chubek kechuvidan Afg‘onistonga o‘tib ketgan.

Kobul shahrida Olimxonni Afg‘oniston amiri Omonullaxon (hukmronlik davri: 1919-1929) qabul qilib, doimiy yashashi uchun unga poytaxt yaqinidagi Qal’ai Fotuda maxsus qarorgoh ajratib berdi. U Kobulda muqim yashasa ham Buxoroda istiqlolchilik harakatiga g‘oyaviy jihatdan rahbarlik qilishda davom etdi, qo‘rboshilar va ulamolarga turli maktublar va qimmatbaho sovg‘alar jo‘natib, ularni bolsheviklar va qizil armiyaga qarshi kurashga ilhomlantirdi.

Olimxon qolgan butun umrini Kobulda o‘tkazdi. U Xorijda ham Buxoroni bolsheviklardan ozod qilish fikridan voz kechmadi. 1929 yil 4 iyunda “Manchester-Gardian” (Angliya) gazetasida Olimxonning “Bolsheviklarning O‘rta Osiyoga kompaniyasi” nomli jahon xalqlariga murojaatnomasi e’lon qilindi. Bu murojaatnomada sovet Rossiyasining 1917-1922 yillarda Markaziy Osiyoda yuritgan mustamlakachilik siyosati, Buxoroning qizil armiya tomonidan bosib olinishi, amirlik xazinasining talon-taroj qilinishi va Mos­kvaga olib ketilishi, istiqlol janglari haqida muhim ma’lumotlar mavjud. Sobiq hukmdorning yozishicha, Turkiston mintaqasida qizil armiyaga qarshi kurashayotgan mujohidlar soni bu paytda 60000, qizil armiya jangchilarining soni esa 100000 kishi (faqat Buxoroning o‘zida 40000 nafar qurolli qizil askar) bo‘lgan.

Said Olimxon Kobulda o‘zining “Buxoro xalqining hasrati tarixi” nomli mashhur esdaliklarini yozgan. Bu memuar va uning Millatlar Ligasiga yozgan rasmiy bayonoti o‘zining maxsus vakili general Hoji Yusufbek Muqimboy o‘g‘li orqali 1927 yil sentyabrda Jenevadagi bu tashkilot rahbarlariga topshirildi. Murojaatnoma Jenevadagi Millatlar Ligasidan tashqari Gaagadagi xalqaro tribunalga, Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya va boshqa davlatlarning rahbarlariga jo‘natildi. Buxoroning sobiq amiri tomonidan tayyorlangan ushbu rasmiy hujjat jahon ahlini junbushga soldi. Frantsiya, Italiya, Shveytsariya, Germaniya, Angliya va Eron davlatlarida bu murojaatnoma qizg‘in muhokama qilindi.

Said Olimxon muhojirlikda yurt diydoriga talpinib yashadi. Uning Buxoroga qaytib kelish haqidagi iltijolariga SSSR davlati rahbari I.V.Stalin qat’­iy rad javobini bergan. Umrining oxirida uning ko‘zlari xiralashib, o‘zi og‘ir dardga chalindi. 1944 yil 28 aprelda Said Olimxon uzoq davom etgan xas­talikdan so‘ng 63 yoshida Kobul atrofidagi Qal’ai Fotuda vafot etdi. U Kobul yaqinidagi Shahidoni islom (islom shahidlari) qabristoniga dafn qilingan. Uning dafn marosimiga deyarli barcha islom mamlakatlaridan vakillar kelgan. Olimxon qabri ustiga katta marmardan xotira toshi o‘rnatilgan.

– Qahramon aka, Siz bilan biz bir asrning naryog‘idagi tarix haqida so‘zlashib yotibmiz. Nima bo‘lganda ham bu kechilgan tarix. Qanday xu­losa chiqarishimizdan qat’i nazar u o‘zgarmay qo­­la­­veradi. Bugunning, Mustaqil yurtning havo­sidan bahramand bo‘layotgan, tinch, osoyishta zamonning ko‘ngli to‘q fuqarolarimiz. Ulug‘ Istiq­lolimizning 23 yillik shodiyonasi yaqin. Biz uning qadriga yetish ma’nosida tarixning, Qodiriy ta’biri bilan aytganda “qora va kir” sahifalariga murojaat qildik, esladik. Bu ham behudaga emas. Kechagi kunni mutlaqo eslamasligimiz ham mumkin. Biroq ular ham ajdodlarimiz. Ular qo‘rqoqlik qilmaganlarida Vatanning begunoh fuqarolari behuda nobud bo‘lmagan, azob ko‘rmagan, ulug‘ ma’rifatparvarlarimizning yosh jonlari qirchinidan qiyilmagan bo‘larmidi, ma­daniyatimiz, adabiyotimiz bundan ko‘ra ulug‘ cho‘q­qi­larga erishmasmidi, yurtimiz bundan ham chandon go‘zalroq bo‘larmidi, deb o‘ylaysan-da odam.

Suhbatimizning chin ma’nosi ham shu o‘zi: armon. Boshqa narsa emas.

– Darhaqiqat shunday.

Keling, o‘zaro suhbatimizga hozircha nuqta qo‘yib, uni Ahmad Donishning quyidagi fikrlari bilan yakunlasak:

“Amir Temur dunyoning to‘rtdan bir qismida jasorati, mardligi bilan nom qozongan bo‘lsa, Buxoro amirlari badaxloqliklari, irodasizliklari, qo‘r­qoq­liklari bilan o‘z nomlarini badnom qildilar.

Buxoro va Samarqand adolat, insof, dinu diyonat, ilmu amali bilan dunyoga dovrug‘i ketgan sha­har­lardandir. Bular ushbu shaharlarni shunchalik bad­nom qildilarki, buning sharmandaligi qiyomatgacha qoladi, tarix varaqlaridan o‘chmaydi...

Turon mamlakatini boshqarish xotinlar darajasidan past odamning qo‘liga o‘tsa-ya?!. Musulmon amirining qabohat, razilliklarini xotirjam kuzatuvchi ko‘z qayda bor?!”

Mang‘itlar o‘tmishi ham bizning, o‘zbek xalqining tarixidir. Tarixdan esa voz kechib bo‘lmaydi. Faqat saboq chiqarish mumkin. U shuning uchun ham muhimdir...

Suhbatdosh: Sobir O‘nar

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 5-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.