OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

«Iliada»ga ilhom bergan «Dekameron» (tarjimon Qodir Mirmuhamedov bilan suhbat) (2010)

Atoqli tarjimon Qodir Mirmuhamedov bilan uchrashib suhbatlashish maqsadida xonadoniga yo‘l olarkanman, ustoz bilan dastlabki tanishganim yodimga tushdi. O‘shanda Toshkent Milliy universiteti filologiya fakultetida Qodir akaning qizi Raisa Mirmuhamedova bilan birga o‘qirdik. Bizga Raisaning oddiyligi, kamgapligi, eng asosiysi, adabiyotni, ayniqsa, chet el adabiyotini yaxshi bilishi juda yoqardi. Kimning farzandi ekanini bilganimizdan so‘ng adabiyotga mehri balandligining sababi ayon bo‘ldi.

O‘ttiz bir yil oldin “O‘zbekfilm” kinostudiyasining dublyaj bo‘limi rahbari sifatida meni qanday samimiy, ochiqko‘ngillik bilan kutib olgan bo‘lsa, Qodir akani hamon o‘sha samimiyat, bag‘rikenglik tark etmagan. Biroz cho‘kib, sochlari oqarganini hisobga olmaganda, u insonning to‘qsonni qarshilayotganiga ishonging kelmaydi. O‘ziga shu gapni aytganimizda, ustoz bir xo‘rsinib qo‘ydilar-da, gap boshladilar:

— Ha, men tengilarning safi ancha siyraklashib qoldi. Sinfdoshlarimdan kompozitor Ikrom Akbarov bilan ikkimiz qoldik. Shunisiga ham shukur. Kechagina bola edik, uchta singlim va men ota-onamizning bag‘rida tashvish nimaligini bilmay yurardik. Otam imorat ustasi edi, onam farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanardi. Hayotda nimaga erishgan bo‘lsak, avvalo, bu ota-onamizning bizga bergan tarbiyasi tufayli. Ayniqsa, bola tarbiyasida onaning o‘rni katta, chunki ota ko‘chaning odami. Shuning uchun ham, birinchi navbatda, onamni minnatdor bo‘lib xotirlayman. Otam ham oddiy usta bo‘lgani bilan, savodli inson edi, fors va rus tillarini bilardi, bizning o‘qimishli bo‘lishimizni istardi.

Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda adabiyotga mehrim bo‘lakcha edi, o‘qituvchining har bir gapini jon qulog‘im bilan tinglardim. Keyinchalik so‘z ustasi sifatida tanilgan Ubay Burhon bilan sinfdosh edik. U bilan akasi Shukur Burhonov xizmat qiladigan teatrga tez-tez borib turardik. Men spektakllarni tomosha qilib, sahnada kechayotgan voqealar ta’sirida yozuvchilikka qiziqib qolganman. Bolalik ekan-da, o‘sha vaqtlarda yozganlarim kitob bo‘lib chiqishini orzu qilardim, hatto asarlarimning muqovasini tasavvur etib ko‘rganman. Biroq xayol boshqa, hayot boshqa ekan...

Ha, Qodir akaning ayni yigitlik davri ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. U 1941 yildan 1946 yilgacha urushning dahshatli suronlari ichida bo‘ldi. 1941 yili 19 sentyabrda Poltava-Peryatin shahrida butun diviziya nemislar tomonidan asirga olinib, ularni Chernigovga haydashadi. Qodir aka ba’zi voqealarni ko‘zida yosh bilan eslaydi.

— Nemislar qurshovida borarkanmiz, yo‘l-yo‘lakay holdan toyib yurolmay qolganlarni otib tashlashardi. Yurib-yurib bir joyda to‘xtadik. Yeyish-ichishning tayini yo‘q, ertadan kechgacha ishlaymiz. Bu yerdagi ko‘rgiliklar jonimga tegib, tavakkal qilib qochdim. Yurib-yurib o‘rmonga borib qoldim. O‘rmon yo‘lida arava haydab ketayotgan bir mujik qishloqni ko‘rsatib yubordi. Qishloqqa kirib, chekkadagi bir uyni taqillatdim. Eshikni ochib, uyga kiritishdi. Uyda bir kampir, o‘rta yashar ayol va ikkita yosh bola bor edi. Ayol uchta idishga bo‘tqa suzib kelib, menga va bolalarga berdi. “Sizlar yeyaveringlar, biz to‘qmiz, boya yeganmiz”, dedi. Lekin ular o‘z nasibalarini menga ilinganlarini bilib turardim. Nihoyatda ochiqqanimdan yeyishga majbur bo‘ldim.

Urush, notinchlik, ocharchilik odamlarni bir-biriga mehribon qilib qo‘ygandi. Ular mening millatimni ham surishtirib o‘tirishmadi, ovqatdan so‘ng askar kiyimimni oddiy kiyimga almashtirib berishdi, har holda, bexavotirroq. Keyin bu yerdan chiqib, qaysi tomonga yurishimni ko‘rsatib yuborishdi.

Bu uydan chiqib, Sharqqa qarab 900 kilometr yo‘l bosdim. Hamma joyda odamlar qornimni to‘ydirib, kiyimlarimni almashtirib, yo‘l ko‘rsatib turishdi. Qirq ikkinchi yilning 21 yanvarida bir ukrain qishlog‘iga kirib bordim. Bir xonadonga kirsam, o‘qimishli odamlar ekan, kimligimni bilib, “Bu yer frontga yaqin, yonimizda Vinnitsa qishlog‘i bor, o‘sha yerga borsang, birortasinikida xizmatini qilib yurishing mumkin”, deyishdi.

Shunday qilib, Vinnitsa qishlog‘ida o‘g‘li bilan yashaydigan bir kampirnikidan boshpana topdim. Kolxozga chiqib, yer haydadim. Shu yerda ukrain tilini o‘rgandim, ukraincha kitoblarni o‘qidim. Viktor Gyugoning “Kulayotgan odam” kitobini shu yerda, ukrain tilida o‘qiganman. 1943 yilgacha shu tarzda kun kechirdim...

Qodir aka bu voqealarni hazin ohangda, ma’yus, o‘ychan hikoya qilarkan, urush yillari uning boshiga qanchalik og‘ir kunlar tushganini ich-ichimdan his etib turardim. Ayni paytda, o‘zim yaxshi bilaman, deb yurgan odam haqida deyarli hech narsa bilmasligimni sezib qoldim. Ustozning hikoyalarini tinglar ekanman, yashash uchun kurash odamdan metin iroda, cho‘ng matonat talab etishi haqida o‘ylardim.

Xullas, 1945 yilning aprel oyida ular turgan shahar ozod qilinadi. Qodir aka boshidan kechirgan voqealarni aytib bergach, uni 22-diviziyaga minomyotchi qilib jo‘natishadi. G‘alabani shu diviziya bilan birga qarshi olgan Qodir Mirmuhamedov dekabrgacha Germaniyada bo‘lib, keyin polk bilan ortga qaytadi. 1946 yil iyun oyining boshlarida unga uyiga ketishga ruxsat tegadi.

Endigina urushdan qaytgan Qodir akaning zimmasida oilani boqish vazifasi turardi. O‘qishga, ijodga chanqoq sobiq askar Pedagogika institutining kechki bo‘limiga o‘qishga kiradi.

— Institutda antik davr adabiyotidan ajoyib inson, adabiyotshunos olim Hamid Sulaymon dars berardi, — hikoyasini davom ettirdi Qodir aka. — Darslarni shunday ta’sirchan o‘tardiki, vaqt qanday o‘tganini sezmay qolardik. O‘sha saboqlar bois, antik davr adabiyotiga qattiq qiziqib qolganman. Beshinchi kursni tugatganimda Hamid aka meni Moskvaga, aspiranturaga jo‘natmoqchi bo‘ldi. Lekin uydagilar rozilik berishmadi.

Institutni bitirgan yilim og‘ir dardga chalinib qoldim. Vrachlar ikki yoqlama o‘pka shamollashining og‘ir shakli, deyishdi. O‘sha paytlarda streptomitsin, degan dorini topish juda qiyin, narxi ham baland edi. Ollohning mehribonligini qarang, “Snejok” degan asarni tarjima qilib, topshirib qo‘ygandim. Kasalxonadaligimda matbuotda chop etilib, nomimga 1800 so‘m qalam haqi kelibdi. Shuning ming so‘miga dori olib, muolajani boshlab yubordik. Uch oy deganda sog‘ayib ketdim.

Tuzalgach, texnikumda dars bera boshladim. Bo‘sh vaqtim o‘zimga yoqqan asarlarni tarjima qilib, radioga olib borardim. O‘sha paytda radioga ishga kirmoqchi bo‘lganimda, urushda asirlikka tushganim uchun ishga olishmagan. Tarjimalarimni o‘qib eshittirishardiyu, lekin familiyamni aytishmasdi. Shunday davrlar edi-da, ba’zilar hatto soyasidan ham qo‘rqardi. Stalin vafotidan so‘ng ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Men ham 1956 yildan radioda adabiy tahririyatda ishladim. Shu yerda yozuvchilar, aktyorlar, rejissyorlar bilan tanishdim. G‘afur G‘ulom, Said Ahmad kabi adiblar bilan tanishligimiz, muloqotlarimiz shu davrdan boshlangan.

— Qodir aka, har qanday ijodkor kimdandir o‘rganadi, kimgadir havas qiladi, ya’ni ustoz o‘gitlaridan bahramand bo‘ladi...

— Mening birinchi ustozim rahmatli Hakim Nazir bo‘ladi. Radio uchun birinchi ishim — «Oppog‘im»ni tayyorlashda ustozning xizmatlari katta bo‘ldi. Vaqti kelib bu asarni spektakl qilmoqchi bo‘lishdi. Shunda Hakim aka meni Mirtemir domlaning oldiga yubordi. Domla meni juda yaxshi qarshilab, asarni o‘qib chiqish uchun olib qoldi. Keyin kelib asarni qo‘limga olganimda, oltmish foiz Mirtemir domlaning mehnatlari singganini ko‘rib xijolat bo‘ldim. Tarjimon sifatida u kishining nomlarini ham yozib qo‘ydim. Lekin domla o‘z nomlarini o‘chirib tashladi. Mirtemir aka ijodkorlarga nihoyatda mehribon, bag‘rikeng inson edi. Yana u kishi qatori Mirkarim Osim, Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliyni ham ustoz sifatida juda qadrlayman.

Bu ustozlarimdan, avvalo, tarjima jarayonida sinonim, antonim, omonimlardan foydalanishni, bularning qahramon nutqini berishdagi ahamiyatini, umuman, har bir so‘zni o‘z o‘rnida ishlatishni, so‘zni isrof qilmaslikni o‘rgandim. Chunki qahramon xarakteri, qiyofasi so‘zda namoyon bo‘ladi. So‘zma-so‘z tarjimada esa, har qanday asarning qimmati yo‘qoladi.

Yana bir narsani unutmaslik lozim. Biror asar tarjimasiga qo‘l urganda yozuvchi shaxsini, u yashagan joyni, davrni, kishilar hayotini, muhitni o‘rganish kerak bo‘ladi. Busiz haqqoniy tarjima asari yaratish mushkul. Qolaversa, tarjima uchun qo‘lga olingan asar mutarjimning diliga yaqin, uning dunyoqarashi asar muallifining ijodiy qarashlari bilan mushtarak bo‘lishi lozim. Masalan, Rabindranat Tagor ijodi menda katta qiziqish uyg‘otgan, ayniqsa, «Xonadon va jahon» romani juda yoqqan.

Har qanday asar tarjimasida dastlabki qadamlar qiyin kechadi. Keyin, voqealar ichiga kirib borganingiz sari tarjima jarayoni tez ketadi. Biror asarni o‘girishga kirishgan odamda mas’uliyat hissi bo‘lishi kerak. Ya’ni duch kelgan asarni qo‘lga olib, shunchaki o‘girib tashlayvergan bilan ish bitmaydi. Tarjimon, avvalo, asar muallifi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi, uning qanday asari ustida ish boshlayotganini tushunishi lozim.

—    «Dekameron»ni tarjima qilishingizga nima turtki bo‘lgan?

— Buning sababini aytish uchun oldin «Iliada» dostoniga qay tariqa qo‘l urganim haqida gapirib berishim kerak. Aytganimdek, antik davr va antik adabiyotga mehrim bo‘lakcha. Shu sababli «Iliada»ni o‘zbek tiliga o‘girish haqida ko‘pdan o‘ylab yurardim. Faqat bunday jiddiy asarga qo‘l urish uchun, avvalo, tajriba, qolaversa, vaqt kerak edi. Xullas, vaqt-soati yetib, «Iliada»ni o‘girishga qaror qildim. Bilasiz, bu dostonni rus tiliga Gnedich va Veresaev tarjima qilishgan. Veresaev nusxasi soddaroq, Gnedichniki juda murakkab va og‘ir. O‘ziyam 30 yil tarjima qilgan. Men Gnedichnikini tanladim. Dastlab asarning 53 satrini o‘girib, ishlab chiqdim. Keyin yana ishlab, chizib tahrir qildim. Ana shu 53 satr tarjimasi haqida kim bilandir maslahatlashish istagi tug‘ildi. O‘ylab-o‘ylab, yozuvchi Asqad Muxtorga uchrashdim. U kishi ertasiga xabar olishimni aytdi. Ochig‘i, ertasiga Asqad akaning oldiga ming bir hadik bilan keldim. «Bu jaydari shoirlar qiladigan ish emas, — dedi u kishi. — Lekin sizning qo‘lingizdan keladi».

Katta yozuvchining bu gapi menga dalda bo‘ldi. Darhol Mirtemir akaga telefon qilib, oldilariga maslahatli ish bilan bormoqchiligimni aytdim. Tarjimon Husan Ro‘zimetov bilan bordik. Mirtemir aka matnni darhol o‘qishga tutindi. O‘qib bo‘lgach, «Qofiyali tarjima qilibsiz. Qofiya kerak emas, tarjimangiz menga juda yoqdi. Davom ettiring. Shoyad men ham ortingizdan borib, «Odisseya»ni tugatsam», dedi. Hozir bitta qo‘shig‘ini tarjima qilganini, juda qiynalayotganini aytdi.

Ular bilan xayrlashib, uyga borib, ustozning nima uchun qiynalayotgani haqida o‘yladim. O‘zimcha fikrlab ko‘rsam, «Iliada»ni o‘qimay tarjimaga kirishgan ekan.

Xullas, ustozlarning daldasi madad bo‘lib, nashriyotga Hamid G‘ulomning oldiga bordim va maqsadimni aytdim. Asarning tarjima qilingan qismini o‘qib chiqishini aytdi. Oradan 15 kun o‘tdi va mening nashriyotga borishimni aytishdi. Nashriyot asarni bosadigan bo‘libdi. O‘n yil muddatga shartnoma tuzdik. «Iliada» juda murakkab, jiddiy asar bo‘lgani uchun charchagan vaqtlarimda orada dam olishim zarur edi. Shunda «Dekameron»ni tanladim. Sababi, bu asarning tili meni o‘ziga tortardi. Har bir obrazning o‘ziga xos so‘zlash uslubi, hikoya maromi bor.

«Dekameron» «Iliada» tarjimasiga ilhom berib, har ikki asarni ham borlig‘imni bag‘ishlab tarjima qildim. Ularning sifatiga baho berish, albatta, o‘quvchilarga havola.

Qodir Mirmuhamedov bilan bir-ikki yirik asar tarjimasi haqida suhbatlashib o‘tirarkanmiz, ustozning o‘nlab katta-kichik asarlarni tarjima qilgani xayolimdan o‘tdi. Ular orasida L.Tolstoy, M.Sholoxov, G.Sevunts, A.Pushkin, M.Gorkiy, D.Fonvizin, V.Gyugo, J.London, R.Tagor, K.Chandr, Latifa az-Zayyod kabi jahon tanigan va tan olgan adiblar bor. Yana bular qatoriga radio-televidenie, teatr sahnasi uchun qilgan tarjimalarini, dublyaj sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlarini qo‘shadigan bo‘lsak, Qodir akaning ijodiy imkoniyatlari va mutarjimlik mahorati qanchalar yuqori ekanini tasavvur qilish qiyin emas.

Shu o‘rinda tarjimonning dublyaj sohasidagi faoliyatiga alohida to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Zero, aynan Q.Mirmuhamedov dublyajda ishlagan va unga rahbarlik qilgan davrda studiya faoliyati gullab-yashnagani, MDH davlatlari orasida bir necha yillar mobaynida yetakchilikni qo‘ldan bermay kelgani hech kimga sir emas. O‘sha davrda studiyada Eson Karimov, Boriy Haydarov, Ilyos Yoqubov, Sofa Imonqulova, Mirg‘iyos Soatov, Yo‘ldosh Abdukarimov singari o‘z ishining ustalari bo‘lgan rejissyorlar, Yulduz Rizaeva, Sharofat Qo‘shboeva singari muharrirlar faoliyat ko‘rsatishgan, betakror ovozga ega aktyorlar guruhi ham bu soha yutuqlarining mustahkamlanishiga katta hissa qo‘shgan.

Kino asarlari tarjimasida Qodir Mirmuhamedovning mehnatini tasavvur qilish uchun «Ona Hindiston», «Uyimizdagi erkak», «Moskva-Genuya», «Soldat otasi», «Changda qolgan gul», «Butun umrga teng yil», «Hech kim o‘lishni istamasdi», «Urush va tinchlik», «Jurnalist», «Sangam», «Ona muhabbati», «Belorus vokzali», «Qirol Lir», «Boshsiz chavandoz», «Nomingni unutma», «Siyovush haqida doston» kabi filmlarni eslashning o‘zi kifoya. O‘sha davrda o‘zbek filmlarining rus tilida suratga olinganini nazarda tutsak, Qodir aka ko‘plab «O‘zbekfilm» kartinalarini ham mahorat bilan o‘girganini ta’kidlash joiz.

— Shubhasiz, badiiy tarjima va dublyaj orasida farq bor, — deydi Qodir aka — Bu haqda ko‘p aytilgan, yozilgan. Shuning uchun batafsillikdan qochmoqchiman. Faqat shuni aytishim kerakki, har ikkisining ham o‘ziga xos murakkabliklari bor. Dublyajning murakkab tomoni shundaki, unga ko‘pchilikning mehnati singadi. Tarjimon, rejissyor, muharrir, aktyorlar va boshqa texnik jarayonlar. Dublyaj muvaffaqiyati ularning har biriga bog‘liq. Yana ham muhimi, film qahramonlarining xarakteri, holati, hissiyotlarini obrazlarga ovoz berayotgan aktyor o‘zidan o‘tkazgan holda tomoshabinga yetkazib berishi kerak. Bunda, shubhasiz, rejissyorning xizmati katta. Zero, rejissyor aktyor tanlashda adashmasligi kerak.

Bilasizmi, bu borada bizning rejissyorlarimizga havas qilsa arziydi. Ayniqsa, Eson Karimov zo‘r rejissyorlardan biri edi. Birinchi navbatda, u obrazga ovoz beradigan aktyor har tomonlama mos kelish yo kelmasligi haqida o‘ylardi. Shu o‘rinda «Maugli» multfilmi tarjimasiga to‘xtalmoqchiman. Multfilmda qoplon Bagira obrazi bor. Men bu obrazga Dilbar Ismoilova ovoz berishi kerak, deb o‘yladim. Eson Karimov esa Rimma Ahmedova ovoz bersa to‘g‘ri bo‘ladi, deb turib oldi va haq bo‘lib chiqdi. «Qirol Lir»da ham bosh qahramonga Hamza Umarovni olmoqchi bo‘lganimizda, aktyorning o‘zi ovozi, so‘zlash uslubi to‘g‘ri kelmasligini aytib, rad etgan. Darhaqiqat, Qirol Lir Obid Yunus ovozi bilan o‘zbekchada nihoyatda ishonarli jaranglaydi.

— Badiiy asarlar asosidagi filmlar tarjimasiga qanday yondashgansiz?

— Agar o‘sha badiiy asar o‘zbek tiliga o‘girilgan bo‘lsa, o‘qib chiqish ziyon qilmaydi. Masalan, men «Urush va tinchlik» filmining dublyaji jarayonida stolimga asarning ruscha variantini, Abdulla Qahhor tarjimasidagi o‘zbekcha nusxasini qo‘yib ishladim. Jarayon nihoyatda murakkab kechdi. Lekin Abdulla akaning tarjimasi menga ilhom bag‘ishlab turdi.

Bugungi kunda filmlar tarjimasining saviyasi haqidagi savolimizga Qodir Mirmuhamedov shunday javob berdi:

— Hozir filmlar sinxron ovoz berish usulida o‘girilyapti. Shubhasiz, dublyaj bilan bu jarayon o‘rtasida katta farq bor. To‘g‘ri, muvaffaqiyatli tarjimalar ham yo‘q emas. Lekin aksariyat o‘girma filmlarda tilga e’tiborsizlik, ekrandagi holatdan yiroqlik ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, bir aktyorning bir necha obrazga ovoz berishi tarjima saviyasiga putur yetkazishi turgan gap. Aslida gap ovozni turli-tuman qilishda emas, qanday ovoz berishda.

Nazarimda, Qodir aka fikrlarini silliqlab, ko‘ngilga tegmaydigan qilib gapirdi. Chunki bugun aksariyat filmlarda so‘zlar pala-partish ishlatiladi, ovoz berayotgan aktyorlar obrazning ichki dunyosini, xarakterini yetarli ochib berolmaydi, ovozlarida hissiyot, emotsiya yetishmaydi. Bularning barchasi, shubhasiz, film saviyasiga ta’sir qiladi.

Suhbat asnosida Qodir aka nafaqaga chiqqanlaridan so‘ng nimalar bilan shug‘ullanganlaridan xabardor bo‘ldik. Eng asosiy ishlari — «Odisseya» tarjimasi. Asarni o‘girishni 2000 yilda boshlagan tarjimon 2008 yili uni nihoyasiga yetkazdi. «Jahon adabiyoti» va «Sharq yulduzi» jurnallarida asardan ayrim qo‘shiqlar e’lon qilindi. Ayni paytda «Odisseya» kitob holida chop etilishi arafasida.

«Jahon adabiyoti» jurnalida buyuk masalchi Ezop hayoti haqidagi maqolasi chop etilganidan so‘ng, Ezop masallaridan bir qanchasini tarjima qilib jurnalda chiqardi.

— Bugun bolalarning aksariyati kitob o‘qimasligi haqida ko‘p gapirilyapti, — deydi Qodir aka. — Nazarimda, buning sababini, avvalo, kattalar o‘zlaridan qidirishlari kerak. Ko‘p oilalar farzandlarini zamonaviy qilaman, deb hamma narsani aralashtirib yuboryaptilar. Bog‘cha yoshidagi bolaga kompyuter, video olib berishadi, televizordagi ko‘rsatuvlarni istagancha tomosha qilishga qo‘yib berishadi, boshlang‘ich sinf o‘quvchisi qo‘l telefonini ko‘tarib, qulog‘iga pleer taqib yuradi. Bola yoshiga, qobiliyatiga mos ish bilan shug‘ullanishi kerak. Hatto uyda o‘yinchoqni ham ko‘paytirib tashlab bo‘lmaydi. Chunki bunday «g‘amxo‘rlik»dan bola to‘yib qoladi, oqibatda uni hech nima qiziqtirmay qo‘yadi. Shuni yodda tutish kerakki, ko‘rgan, eshitgan narsa tez esdan chiqib ketadi, kitobdan o‘qilgan matn esa uzoq vaqt xotirada saqlanadi. Ya’ni kitobning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi.

Ustoz bilan kino tanqidchiligi, bugungi tarjimonlar faoliyati xususida ham suhbatlashish niyatimiz bor edi. Biroq ularni charchatib qo‘ymaslik uchun suhbatning davomini navbatdagi uchrashuvga qoldirib xayrlashdik.

Gulchehra Umarova

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 4-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.