OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xolis e’tirof ehtiyoji (professor Qozoqboy Yo‘ldoshev bilan muloqot) (2012)

http://ziyouz.com/rasmlar/qozoqboy.jpgAdabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev bilan muloqot

– Odamiyat jannatdan quvilgandan beri o‘zining mohiyatini axtaradi. Bu izlanish esa unga hayot, zavqu shavq va halovat beradi. Inson o‘zini anglash yo‘lida ko‘p sharafli yo‘llarni bosib o‘tdi. Zamon tili bilan aytganda yuksak taraqqiyotga, tsivilizatsiyaga erishdi. Lekin... bilasizmi, insoniyat muammolarining ko‘lami hecham o‘zgargani yo‘q. Aksincha, bu muammolar asrdan-asrga ulkanlashib, boshi berk ko‘chaga kirib bormoqda. Keling, kichginagina bir misol keltiramiz: tasavvur qiling, zarurat bo‘lsa bugun ekranda tanamizning har bir hujayrasini kuzatish, uning ustida tajriba o‘tkazish va hatto harakatlanishini ta’minlash imkoni bor. Lekin shu apparatlarga yarasha kasalligimiz ham bor-da! Muammo hamon o‘sha: xastalikdan qutulish! Insonning muammosini hal etolmagan “qulaylik” qanday qilib taraqqiyot bo‘ladi? Mening nazarimda, insoniyat asli taraqqiyotdan quyiga qarab harakatlanayotgandek.
Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, insoniyatning badiiy tafakkur tarzi ham asrdan-asrga sayozlashib, g‘ariblashib, siyqalashib borayotgandek. Axir buyuk Navoiy SO‘Zining qudratini besh asrdan beri sharh qilamiz. Hazratning so‘zi o‘nlab, yuzlab adabiyotchilarni professor qildi. Lekin nachora, boshqa Navoiy tug‘ilmadi. 
Ming vahki, badiiy tafakkurning sayozlashishi azaliy o‘zanlarni ham o‘zga tomonlarga burib yubormoqda. Aslida yuksak xayolot mahsuli adabiyot – insonning haqir dunyo tashvishlaridan, shafqatsiz hayot sinovlaridan o‘tishida eng yaqin ko‘makchi, sirdosh va maslahatchidir. Biroq XXI asrga kelib, tom ma’noda adabiyot ham “er”ga tushdi. Tirikchilik manbaiga, turmush dastyoriga, g‘oyaviy qurolga va hakozolarga aylanib bormoqda. 
Qozoqboy aka, bu tarzda adabiyotning sayozlashishida adabiy tanqidchilikning hissasi katta desam mubolag‘a qilmaymanmi? Chunki adabiy tanqidsiz adabiyot rivojlanmaydi. Adabiy tanqidchi, adabiy yaratuvchi hamdir.

– Javobni oxirgi ikki gapingizga to‘la qo‘shilishimni aytishdan boshlaganim ma’qulga o‘xshaydi. Aslida-ku, yuqoridagi da’volaringizda ancha oshirib yuborayotganingizni o‘zingiz ham bilib turibsiz. Suhbat sal keskinroq bo‘lishi uchun shunday jurnalistik usul qo‘llayapsiz, shekilli. Ilmiy taraqqiyotning juda shitob bilan borayotgani odam umrining uzayishida, bevaqt o‘limning kamayishida, bir odamning o‘z umri davomida juda ko‘p ishlar qilib qolish imkoniyati oshib borayotganida ko‘rib-bilib turibmiz. Ehtimol, inson ma’naviyati borasida tanazzul kechayotgani haqida gapirilsa, jo‘yalidir. 
Endi salkam olti asrdan buyon boshqa Navoiy tug‘ilmaganiga kelsak, boshqa Navoiy hech qachon tug‘ilmaydi. Buning keragi ham yo‘qdir. Zero, chin san’at va chinakam san’atkor betakrorligi bilan qadrlidir. Bobur ham, siz biladigan Mashrab ham, G‘afur G‘ulom ham, Abdulla Orif ham hech qachon qaytarilmaydi. Sizning badiiy tafakkur sayozlashib borayotgani borasidagi xavotiringizga ham qo‘shilish juda qiyin. Negaki, hazrat Navoiy Alisher Navoiyni o‘qimay ijod qilgan bo‘lsa, undan keyingilar Navoiy badiiyatidan bahra olib ulg‘ayishyapti. Buning ustiga, hozirda ochun kichrayib, axborot olish osonlashib, o‘zga ellarning badiiy tafakkuridan ham bahramand bo‘linmoqda. Bu hol, so‘zsiz, badiiy tafakkur teranlashuviga xizmat qiladi.
Sizning adabiyot to‘g‘risidagi “...insonning ...eng yaqin ko‘makchi, sirdoshi” degan fikringizga to‘la qo‘shilaman, lekin “maslahatchi”ligi borasida shubham bor. Asl adabiyot, menimcha, maslahat bermaydi, yo‘l ko‘rsatmaydi. U ko‘ngilni izlaydi, uni taftish qiladi, ko‘ngil holatlarini bildiradi. Shu yo‘l bilan o‘qirman ko‘ngliga ham ta’sir ko‘rsatadi. Qo‘polroq qilib aytgudek bo‘lsak, odam tirikchiligi uchun adabiyot mutlaqo keraksiz hodisa. Ammo shunday keraksiz narsaki, usiz odam to‘la ma’noda odam bo‘lolmaydi. Inson tirikchiligi uchun bevosita kerak bo‘lmagan narsalarga intilgani sari odamlashib boraveradi. Oziqlanish, chanqovni bosish, uxlash, ko‘payish uchun qo‘shilish kabi tirikchilikka kerak narsani hayvon ham qiladi. Odam ana shulardan boshqa yuksakroq narsalarga ehtiyoj sezganda, tanning emas, ko‘ngilning, ruhning talablarini qondirish zaruratini tuyganda, go‘zallikka intilish mahsuli o‘laroq adabiyot kerak bo‘ladi. Shukurki, hozir ham odamlarda shunga intilish seziladi. Hayot yaxshilanavergani sari bu intilishi kuchayaveradi deb o‘ylayman.
Adabiyotning o‘z ko‘kidan yerga tushib, “tirikchilik manbaiga, turmush dastyoriga, g‘oyaviy qurolga” aylanib borayotgani borasidagi xavotiringizda, afsuski, jon bor. Olamdagi barcha narsaning ikki jihati bo‘lgani kabi adabiyot ham bundan mustasno emas. Odamzod hamma narsani o‘ziga xizmat qildirgisi keladi. Lekin bu muammoni ham bo‘rttirib yubormagan ma’qul. Hozirgi kunda ham go‘zal badiiy asarlar ko‘plab yaratilayotganini o‘zingiz bilasiz. 
Endi adabiyotning sayozlashuviga adabiy tanqid sababchi deganga o‘xshashroq fikringizga kelsak, unga qo‘shilmasligimni aytay. Adabiyot sayozlashayotgani yo‘q, aksincha, teranlashmoqda. Oldinlari asarlarda ko‘proq qahramonlarning boshidan o‘tgan voqealar tasvirlansa, endilikda odamning ruhiy to‘lg‘anishlari, ko‘ngil kechinmalari, soniya sayin o‘zgarib turadigan sezimlari ham ko‘rsatilayotirki, uni sayozlashish deb bo‘lmaydi. Lekin adabiy tanqid – sinchilik ko‘ngildagiday ta’sir kuchiga ega bo‘lmayotgani bor gap. O‘zbek sinchiligi o‘zbek adabiyotining oldida borolmayapti, hatto, yonma-yon ham ketolmayapti, ortidan borayotir. Ammo badiiy adabiyotga yetib olay deb juda halloslab yugurayotgani ham yo‘q. Chunki kechim o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Yo‘naltirish, rag‘bat yo‘q darajada.
Bundan keyin bu ahvol yanada og‘irlashsa kerak deb o‘ylayman. Chunki kelajakda sinchilikka tayyorlanishi zarur bo‘lgan aspirantlar soni o‘ta qisqartirib yuborildi. Ilmiy daraja uchun yoqlanadigan dissertatsiyalar yo‘liga shunday to‘siqlar qo‘yilganki, ko‘pchilik iste’dodlarning ularni bartaraf etishga kuchi yetmay qolyapti.
– Qozoqboy aka, men tsivilizatsiyani yoki uning olamshumul imkoniyatlarini rad etmoqchi emasman. Aytmoqchi bo‘lganim: biz mahliyo bo‘layotgan bu taraqqiyot insoniyat muammosi ko‘lamini kamaytirmadi, ko‘paytirdi, xolos. Hazrat Navoiyning qayta tug‘ilmasligini esa hamma yaxshi biladi. Ammo bu ulug‘ zotdek so‘z san’atkorlari yana paydo bo‘lsa, bu adabiyotimizga “og‘irlik” qilmaydi. Buni orzu qilish va bu istakning amalga oshmayotganidan o‘kinish ham yaxshilikdan nishonadir. 
Albatta, aytib o‘tganingizdek endilikda adabiyotning teranlashayotgani, inson ruhiyatiga kirib borayotgani bor gap. Ammo men aytmoqchi bo‘lgan sayozlashuv oldida bu “teranlashish” andak g‘arib bo‘lib qolayotgandek. Sizning bunga adabiy tanqidning ko‘ngildagiday ta’sir kuchiga ega bo‘lmayotganini sabab qilib ko‘rsatishingiz, adabiy tanqid sohasini bir oz ayaganingizdan darak beradi.
Mening nazarimda, so‘nggi yillarda jild-jild “Tanlangan” va “Saylangan” asarlarning paydo bo‘lishiga aslida adabiy tanqidning oqsab qolgani sababchidek tuyuladi. Endilikda istagan odam roman yozishi, she’r yozishi, kitob chiqarishi mumkin bo‘lib qoldi. Hatto, bunday tasodifiy kitoblarga katta-katta “So‘zboshi”lar ham ilova qilinmoqdaki, beixtiyor o‘qiyotganing rostdan ham “asar” ekaniga ishonging keladi. Ming afsuski, bu holatga bizning tayyor javoblarimiz bor: hammasini vaqt ko‘rsatadi! Vaqtning ko‘rsatishini kutib o‘tirish shartmikin? Axir qachongacha adabiy asarlarni vaqtga saralatamiz. Vaqt asarlarni saralaguncha minglab kitobxonning badiiy didi nima bo‘ladi? 
Birinchi sinfda o‘qiydigan qizim bor. Yaqinda derazadan tashqariga qarab: “Dada, ana, tentak qor yog‘ayapti”, dedi. Men unga dakki berdim: “Qizim, qorni tentakka o‘xshatib bo‘lmaydi”. “Bizning “Musiqa” kitobimizda shunaqa she’r bor”, dedi. Ishonib-ishonmay kitobni varaqladim:

Dehqonlarga tilak qor,
Paxtaoyga kerak qor.
Goho meni quvalab.
Uyga qamar tentak qor.

O-la! Qaysidir bir kinoda qahramon aytadi-ku: “Bu olamda nimalar bo‘lyapti o‘zi?” Aka, darslikda bundan battarlari ham bor ekan. Qolganini aytib nima qildik, shunisini “hazm” qilib olaylik. Mayli, bu tizmadagi dastlabki ikki qatorni bir amallab tushunishga harakat qilamiz, ammo odamni “qorning quvalab ketishi”ni, “uyga qamab qo‘yishi”ni eng xayolparast bola ham tasavvur qilolmasa kerak. Lekin bu bola o‘zi tasavvur qilolmaydigan “she’r”ni qo‘shiq qilib aytishga mahkum! Ehtimol, “aldagani bola yaxshi”dir, lekin bu bolalar o‘zimizniki-ku! Bunday munosabat bilan ularni ma’naviy mayib qilib qo‘ymaymizmi? Axir bolalik qo‘shiqlari bir umr insonning ko‘ngliga muhrlanib qoladi. Gap yoqmasa, bugun o‘qib ertaga tashlab yuboriladigan kitob haqida emas, yuz minglab bolalarning qo‘lidagi darslik haqida ketyapti. Tag‘in kitobga nima deb yozib qo‘yibdi, deng: “To‘ldirilgan 10-nashri”! Yaxshiyam bunisi to‘ldirilgan(!) ekan. “To‘ldirilmagan”lari qanaqa bo‘lgan, Xudo biladi.
Qozoqboy aka, siz adabiy maqolalaringizdan birida: “...muayyan millatning badiiy-estetik tafakkuri darsliklar yordamida shakllantiriladi va shunga muvofiq bo‘ladi”, – deb yozgan edingiz. Modomiki, masala shu qadar jiddiy ekan, bu boradagi loqaydlikni qanday tushunish mumkin? Bunga bugungi adabiy saviyaning nazoratsizligi sabab emasmi?
– Juda nazoratga havasmand yigit ekansiz-da, Alisherbek! Taraqqiyot yuksalgani sari muammolarning ko‘payishi bor gap va shunday bo‘lishi ham kerak. Odamning aqliy-ma’naviy saviyasi o‘sgani sari uning talablari ko‘payib boraveradi. Bilasizki, talabning ko‘payishi muammoni urchitadi. Bizning qishloqda bir oqsoqol kimga bo‘lsa ham: “Tashvishing ko‘p bo‘lsin!” – deb duo qilardi. Undan: “Tashvishning ko‘pini nima qilaman?” – deb so‘rasak, bobo: “Hayoti yaxshi, sog‘lig‘i joyida odamning tashvishi ko‘p bo‘ladi. Baxtsiz odamda tashvish bitta bo‘ladi: kasal bo‘lsa, faqat tuzalish, och bo‘lsa, faqat to‘yish, qamoqda bo‘lsa, faqat ozod bo‘lish tashvishini chekadi. Hayoti yaxshi odamning tashvishida sanoq bo‘lmaydi”, – derdilar. Shunga o‘xshab muammoning ko‘pligi muammo emas, ularning yechilmayotgani muammo.
“Tanlangan asarlar” va “Saylanmalar” ko‘payib ketishida men unchalar qo‘rqqulik jihat ko‘rmayman. Yozuvchi bo‘lmagan biror odamning “Mukammal badiiy asarlari” chiqib qolishidan qo‘rqsa bo‘ladi. Bu muammoga keragidan ortiq e’tibor qaratish kishini asl masaladan, ya’ni badiiy asar mohiyatini anglatish zaruriyatidan chalg‘itadi. Oydinlarning ishi millat ahlini tanlab kitob bosishga emas, balki tanlab kitob o‘qishga yo‘naltirishdan iborat. 
Yoshlarda badiiy did zo‘rlik yoki qorovullik bilan emas, tabiiy ravishda shakllantirilishi kerak. Adabiy sinchilar jangovarroq bo‘lib, saviyasi past asarlarni “urib” turishsa, ular kamroq yaratilgan bo‘lardi degan fikr juda jo‘n qarashdir. Ijod erkinligi istaganday yozish va chiqarish erkinligi hamdir. Ayni vaqtda har bir o‘qirmanda tanlab o‘qish hurligi borligi ham esda turishi kerak.
Sizning millat yoshlari badiiy didini qaror toptirishi kerak bo‘lgan darsliklarning saviyasi to‘g‘risidagi kuyinishingizda, ming afsuski, haqiqat keragidan ko‘proq. Siz keltirgan misol judayam qo‘rqinchlisi emas. Istalgan sinfdagi ko‘pchilik o‘quv fanlaridan tayyorlangan darsliklar bundan ko‘ra ancha ayanchli misollarni keltirish imkonini beradi. Haqiqat shundaki, millat ahlining badiiy saviyasi darsliklar saviyasida bo‘ladi. Chunki millatning intellektual-ma’naviy qiyofasi shu darsliklar vositasida shakllantiriladi. Binobarin, darsliklar nimaga xizmat qilishi kerakligini biladigan odamlar tomonidan yaratilishi lozim. Ma’lumki, adabiyot – o‘quv fani, yozuvchi-shoir tayyorlash uchun o‘qitilmaydi. Menimcha, rasm va musiqa kabi saboqlar ham yoshlarda rassomlik yoxud qo‘shiqchilik qobiliyatini hosil qilish uchun emas, balki ularda rasm san’ati va musiqani tushunishga xizmat qiladigan didni shakllantirishga yo‘naltirilishi zarur.
Darsliklar tender deb atalmish usul asosida tanlanadigan bo‘lgach, umrida birovga biror soat saboq bermagan odamlar ham darslik yozadigan bo‘lib ketishdi. Oldinlari o‘quvlik yozish metodist olimlarning ishi bo‘lardi, endilikda ishbilarmonlarning “biznesi”ga aylandi. Bundaylar darslik yozishni qoyil qilishmasa ham tovarni taqdim etish mahoratini yaxshi egallagan bo‘lishadi. Natijada, ularning darsligi tenderda yutib chiqadi. Tanlovga bir narsa deb bo‘ladimi? 
Eng yomoni, o‘qituvchilar tobora darsliklarning yaxshi-yomonini farqlamaydigan, ularning saviyasiga qiziqmaydigan bo‘lib qolishyapti. Ular nimani, qanday o‘qitishni o‘ylashdan ko‘ra, adog‘i yo‘q qog‘ozlar oqimi ichida cho‘kib ketmaslik to‘g‘risida ko‘proq qayg‘uradigan holatga kelishdi. 
Akademlitseylar va kollejlarning ayrim bosqichlari uchun shu vaqtga qadar “Adabiyot” darsligi yaratilmaganini qanday izohlash mumkin? Lekin adabiyot saboqlari o‘tilyapti. XXI asrda, ta’lim uchun trillionlab mablag‘ sarflanayotgan yurtda adabiyotsiz adabiyot o‘qitilayotir. 
Ahvol shu darajaga yetganki, adabiyot haftasiga uch soatdan o‘qitiladigan to‘qqizinchi sinf “Adabiyot” darsligining hajmi adabiyot predmeti haftasiga ikki soat o‘qitiladigan sakkizinchi, yettinchi, oltinchi, boringki, hatto, beshinchi sinf darsligidan ham kichik. Butun jamiyat ma’naviyat uchun kurashish hayot-mamot masalasi ekanini tan olib turgan bir pallada bitiruvchi sinf o‘quvchilari adabiyotdan mahrum etilayotir. Tegishli mutaxassislardan nega shundayligi so‘ralsa, o‘rta maktab darsliklarining og‘irligi normadan ortiq bo‘lmasligi kerak deb javob berishadi. Lekin to‘qqizinchi sinfdagi o‘spirinlarga beshinchi sinf o‘smirlaridan kamroq yuk ko‘tarish belgilangan bunday mantiqsiz normani bartaraf qiladigan biror odam yo‘q. 
Bundan tashqari, umumta’lim maktablarining adabiyot dasturlariga istisnosiz har yili o‘zgarish kiritiladi. “Adabiyot” darsligi jurnal maqolasi, maktab tajriba maydoni, o‘quvchilar sinaluvchi ob’ektlar emasligini ta’lim tizimi mutasaddilari tushungilari kelmayotganga o‘xshaydi. Kechirasiz, adabiy kechim va adabiy sinchilik haqida gapirayotib, o‘qitish tashvishlariga o‘tib ketdik. Nachora, bu juda muhim muammo-da!
– Muammo, ta’bir joiz bo‘lsa xumda turgan musallasga o‘xshaydi. Musallas qancha ko‘p vaqt tursa uning ta’sir kuchi shuncha ortadi. U shunchalik ortadiki, bir kun kelib xumni yoradi. Bundan chiqadiki, har bir muammo vaqtida anglanishi va o‘z vaqtida hal etish maqsadga muvofiqdir. 
Qozoqboy aka, “...millat ahlini... tanlab kitob o‘qishga yo‘naltirish...” tadrijiy ta’lim-tarbiya mahsulidir. Saviyasiz ijod namunalari bilan “oziqlanib” ulg‘aygan bolani tanlab kitob o‘qishga yo‘naltirib bo‘lmaydi. Shunday ekan, kechirasizu, baribir yana o‘sha gapga kelamiz: bu masalada tom ma’noda adabiyotshunoslarimizning fidoyiligiga muhtojmiz.
Yaqinda Qahramon shoirlarimizdan biri aytib qoldi: Abdulla Qahhor vafot etishidan sal avvalroq o‘ziga yaqin hamkasblaridan birini chaqirib: “Menga qara, mening bu dunyoda do‘stim ham yo‘q, dushmanim ham yo‘q. Nima qilgan bo‘lsam, adabiyot uchun qilganman”, debdi. Ha, har bir soha, jumladan, adabiyot ham o‘zining fidoyilari bilan barhayot. Adabiyotdagi fidoyilik XOLIS e’tirofdir.
Men yuqorida tasodifiy kitoblar va ularga yozilayotgan katta-katta “So‘zboshi”lar haqida aytayotganimda, mana shu xolis e’tirofning yo‘qligini nazarda tutgan edim. Bu iddaoga ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin. Hatto, sizning ijodingizdan ham. So‘nggi yillarda “So‘zboshi” yozib bergan o‘nlab kitoblaringizning biridagi mana bu satrlarga va uning sharhiga diqqat qilamiz:

Qirq beshga jimgina, yolg‘iz, benavo,
Xotirjam kiryapman, loqayd, beparvo
Kirgan kabi xuddi qabrga...

“Qabrga kiradigan jasadgina yolg‘iz, benavo, loqayd, beparvo bo‘ladi. Qirq beshga kirayotgan odamning shunday xususiyatlarga egaligi ulkan umr fojiasidan dalolatdirki, uni tasavvur qilish va bu haqda biror to‘xtamga kelish o‘qirman shaxsning qanchalik balandligiga bog‘liq”.
Aynan shu misralar ta’sirida yana shunday teran mulohazalarni bayon qilgansizki, rosti, shaxsan men she’rdan emas, sizning tahlilingizdan ko‘proq ta’sirlandim. Aytganingizdek, ehtimol bu satrlarni tushunish har kimning “baland”ligiga bog‘liqdir. Lekin bu misralar meni hayajonga emas, tashvishga soldi. Negaligini aytaymi?
 Avvalo, meni mutaassiblikda ayblamassiz degan umid bilan aytmoqchiman: inson zoti borki, qabrga xotirjam, beparvo va loqayd bo‘lib kirmaydi. Qabr – inson uchun eng ko‘p tashvishlanadigan, eng ko‘p diqqat bo‘ladigan bir manzil! Bu manzilda hech bir zot beparvo, loqayd bo‘lolmaydi. Biz bunga sidqidildan ishonamiz va shuning uchun ham musulmonmiz. Menimcha, bu singari misralarni faqat hissiyotga tayangan holda sharhlash unchalik to‘g‘ri emas. Qo‘shimcha ma’nolar axtarish esa zo‘rma-zo‘rakilikka o‘xshab ko‘rinadi. Chunki bu misralarga “ob’ekt” bo‘layotgan qabr masalasida haqiqat bitta! U hech qachon ikkita bo‘lmaydi. Bu o‘rinda siz sharhingizda aytmoqchi bo‘lgan “Ruhiy manzara...” haqqoniy emas. 
Qozoqboy aka, adabiyot borasida siz bilan bahslashmoqqa jur’at qilolmaymiz va bunga hatto ma’naviy haqimiz ham yo‘q. Ammo bir istiholam bor: “falon kitobga Qozoqboy Yo‘ldoshev so‘zboshi yozgan ekan” deyilsa, adabiy jamoatchilik darhol hushyor tortadi. Chunki adabiyot maydonida sizning e’tirofingizning o‘z qimmati bor. Aksariyat ijodkorlar sizning e’tiboringizga tushishni istashadi. Adabiyot va adabiyotshunoslik borasidagi fikrlaringiz ham boshqalardan farq qilishini bilamiz. Ammo so‘nggi paytlarda badiiy asarlar va ularning ijodkorlari haqida fikr bildirganda, bir oz mubolag‘aga va yuzxotirlikka berilayotgandeksiz... 
– Menda gurungimizning shu vaqtigacha bo‘lgan qismi mana shu gaplarni aytishingizga tayyorgarlik, mening etimni “o‘ldirib”, e’tirozlaringizni bildirishga hozirlikday bo‘lib tuyulayotir va o‘z soddaligimdan nechanchi bor xijolat tortayotirman. Balki, adashayotgandirman, ammo menga bizning o‘zbek yoppasiga bir-birovini eshitishni istamaydigan ulus bo‘lib tuyulaveradi. O‘risda: “Hech qachon hech qachon dema”, – deganga o‘xshash naql bor. Biz hamma narsani darhol yo u yoqlik, yo bu yoqlik qilib tashlagimiz kelaveradi. Mana, siz ham hadeb: “Har bir masalaning haqiqati bitta bo‘ladi”, – deyapsiz. Nega endi bitta bo‘larkan? O‘sha masaladagi siz topgan bitta haqiqat sizning haqiqatingiz. Lekin men nega unga rioya qilishim kerak? Men boshqacha haqiqatni topgan bo‘lsam-u, u birovlarga ma’qul kelmagani uchun o‘zgartirayinmi? Haqiqat bitta bo‘ladi degani, butun millatga bitta bosh yetarli deganga o‘xshash gap. Haqiqatning bittaligini faqat Yaratganning bittaligiga nisbatangina ishlatish o‘rinli. Boshqa har qanday sharoitda o‘ylaydigan odam nechta bo‘lsa, haqiqat ham o‘shancha bo‘ladi. 
Siz men uchun xijolat bo‘lgan she’riy satrlardan men topgan fazilatlar sizga o‘tirishmagan bo‘lsa, qarashlarimdan voz kechaymi yoki sizga ta’sir qilishga urinib ko‘raymi? Sizda Qozoqboy domla aytgan bu gaplarni “So‘zboshi” yozdirgan shoirning o‘zi o‘rgatgan yoxud uni majbur qilgan degan shubha bormi? Shoir yozganida men aytganlarni o‘ylaganmikan o‘zi? Bunga kafolat berolmayman. Lekin bir o‘qirman sifatida shu satrlarda men shu ruhiyat mavjlarini tuydim va tuyganimni tuyganimday yozdim. 
Siz: “...inson zoti borki, qabrga xotirjam, beparvo va loqayd bo‘lib kirmaydi”, – deb juda to‘g‘ri aytasiz. Lekin siz tirik odam haqida gapirayotirsiz. Jasadga esa, joyida yotgani-ku tuzuk, lekin qayoqqa olib ketilayotganining farqi yo‘q. Ruhidan ayro tushgan jasad buni o‘ylay olmaydi. Shoira aynan o‘lmay turib, jasadga aylangan, yolg‘iz, benavo, loqayd holicha umr manzilining qirq beshiga yetib kelgan ayolning og‘ir bir ruhiy holatini manzaralashtirgan. 
Mening adabiyotdagi o‘rnim to‘g‘risidagi iliq gaplaringizga qulluq qilgan holda so‘zboshilarimning birortasi uchun xijolatlik emasligimni aytaman. Siz aytganlarga o‘xshash e’tirozlarni, sinchi kasbdoshlarim-ku mayli, hatto, so‘zboshi olgan ba’zi ijodkorlar ham aytishadi. Lekin e’tirozlarini o‘zgalar haqida yozilganlariga qaratadi, o‘zlariga emas. Bizning adabiyotimiz boshidagi ulkan fojianing ildizi aynan shu yerda, deb o‘ylayman. Ya’ni bizning birovni tushunishni bilmaganimiz bir sari, ammo tushunishni ham istamaganimiz, tushuntirishlarini yoqtirmaganimiz dahshat. 
Tushunmaganimiz uchun bir-birimizni bilmaymiz, bilmasdan turib, tan olmaymiz, inkor qilamiz. Keyin: “Nega o‘zbek adabiyotini dunyo tanimaydi?” – deya chin dildan o‘ksinib ham qo‘yamiz. Biz o‘zimizni o‘zimiz tuymasak, tushunmasak, tushuntirmasak, tanimasak, kim bizni taniydi? Qanday qilib va nega tanishi kerak? Misol uchun, bizda O‘ktamoy degan shoirani ko‘pchilik bilmaydi. Bilganlarning bir qismi tan olgisi kelmaydi. Holbuki, keyingi to‘rt-besh yilda Hindistonda shu shoira qizning ingliz, panjob va hind tillarida uchta kitobi ko‘p nusxada chiqdi. Hatto, adabiyot masalalari bilan shug‘ullanadigan Hindiston Saxitya akademiyasi O‘ktamoyning ingliz tilida chiqqan kitobining yuzochdi (taqdimot) marosimini o‘tkazib, o‘z hisoblaridan shoirani taklif ham qilishdi. Hozir shu shoira internetga kiritilgan oltmish uch ming dunyo shoirlari orasida 50- o‘rinda turibdi. Ko‘rinadiki, bizda bir-birini tushunish va tan olish degan muammo ham bor...
O‘ylaysizki, men qalam charxlab, yeng shimarib kim yangi kitob chiqarar ekan-u unga qachon so‘zboshi yoki taqriz yozib berar ekanman deb poylab turibman. Men bir narsani bilaman: har qanday odam tushunilgisi keladi. Ayniqsa, ijodkor. Uni ijod qilishga undagan narsa ham aynan boshqalar tomonidan tushunilish istagi emasmi?! Sinchining, umuman, adabiyot tanuvchilikning vazifasi o‘qirmanga yozarman bitigining diqqatga loyiq joylarini ko‘rsatib, nimadan, nima uchun, qanday ta’sirlanishga yo‘naltirish deb o‘ylayman. Hamma gap badiiy asardan nima qidirishda, undagi bor go‘zallik va ezgulikni ko‘ra va ko‘rsata bilishda. Men hech qachon, hech bir ijodkorning hech qaysi asar to‘g‘risida o‘zimcha, ko‘kka qarab fikr aytmadim. Hamisha matnga, faqat matnga tayandim va undan kelib chiqdim. 
O‘ylamang, Yo‘ldoshev domla har qanday kitobga so‘zboshi yoki taqriz yoza oladi deb. Ko‘p bo‘lmasayam, hech narsa yozolmagan holatlarim bo‘lgan. Lekin Qahhor domla aytmoqchidek, tuxumdan tuk qidirib, yozuvchining boshiga chertib maqola yozolmayman. Qanday asar haqida yozgan bo‘lsam, uni yaxshi ko‘rib qolgach, yozishga arziydigan jihatlarini topgachgina, qalam surganman. 
Adabiyotga fidoyilik uning darvozasida tayoq ko‘tarib soqchilik qilish emas, deb o‘ylayman. Adabiyot siyosatning yugurdagiga aylangan, o‘qirmanlar saviyasi boshqaruvga muhtoj davrlarda soqchiga ehtiyoj bo‘lgan. Shunda ham yuqoridagi boshqaruvchilar uchun. Endi badiiy asar va uning ijodkorini tushunish va tushuntirish, asarni jozibali qilgan jihatlarga o‘qirman diqqatini qaratish davri keldi. Men fidoyilikni shu jabhada ko‘raman. Hali dunyo tajribasida talantsiz adibni tanqid qilib, talantli qilolgan sinchi yo yozuvchi bo‘lgan emas. Fidoyilar ko‘p bo‘lgan zamonlarda ham talantsizlar ulardan kamroq bo‘lmagan. Keyin adabiyot sinchi yoki adabiyot tanuvchining mahriga tushgan mulk emas, u go‘zallik chechakzori. Sayr qilgisi kelgan kishiki bor, unga kirgisi keladi va bunga haqdor.
– Qozoqboy aka, siz bir oz qizishgan mana shu nuqtada muloqotimizni xotimalasak. Lekin aytib qo‘yay: sizning so‘nggi mulohazalaringizga unchalik qo‘shilolmayman. Siz “...negadir o‘zbek yoppasiga bir-birovini eshitishni istamaydigan ulus bo‘lib tuyulaveradi” deb juda to‘g‘ri aytasiz. Mana sizni olaylik, ba’zi bir sharhlaringizni ozgina noo‘rinroq emasmikin deb fikr bildirgan edik, darrov ayblashga o‘tib ketdingiz. Chunki siz ham eshitishni istamaydigan shu ulusning tipik vakilisiz-da!
– Tipik-ku emasman, ammo shu ulusning vakili ekanim chin. Binobarin, uning fazilatu illatlari menga ham begona emasdir. Lekin qizishmadim, balki fikrimni qizg‘inroq isbotlamoqchi bo‘ldim. Lekin men o‘zgalarda o‘zgacharoq fikr bo‘lishiga aslo qarshi emasman va boshqacharoq fikrlashni ayb sanamayman. 
– To‘g‘ri, aytganingizdek har bir insonning o‘z haqiqati bor. Ammo bu hayotda insonning aql-zakovati bilan o‘lchanmaydigan haqiqatlar ham bor-da. Insonning shaxsiy dunyoqarashi daxl qilolmaydigan masalalar mavjud. Qabr ana shunday masalalardan biridir. Bu masala aqida ilmiga xos bo‘lib, avvalo, shunga o‘xshagan so‘zlarni yoki o‘xshatishlarni keltirayotgan ijodkor bu muhtasham ilmdan ozgina xabardor bo‘lishi talab etiladi. 
– Insonning aql-zakovati bilan o‘lchanmaydigan haqiqatlarga amal qilinmagani uchun insonlarni ayblash qanchalik aqldan bo‘ladi? Shoir bechora qabrni emas, o‘z ko‘nglining o‘lgani borasida yozg‘irgan.
– Shoir do‘stlarimizdan biri matbuotda e’lon qilgan she’rlaridan birida mahbubasining hayotida o‘zini “parvardigorman” debdi. Yana biri mahbubasini Rasulni sevgandek sevishini iddao qilibdi. To‘g‘ri, bir qaraganda oshiq shoirlarni tushunsa bo‘ladigandek, biroq har qanday mubolag‘ada mantiq, o‘xshatishda asos bo‘lishi kerak. Afsuski, so‘nggi paytlarda ayrim ijodkorlarimizning ijod namunalarida ilohiy atamalarni qo‘llash urf bo‘lib qoldi. Bu hol mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas. 
 Siz aytasizki, inson zoti qabrga xotirjam kirolmasligi to‘g‘ri, lekin “...siz tirik odam haqida gapirayotirsiz. Jasadga esa, joyida yotgani-ku tuzuk, lekin qayoqqa olib ketilayotganining farqi yo‘q. ...Shoir esa aynan o‘lmay turib o‘likka aylangan, ...loqayd ...ruhiy holatini manzaralashtirgan”. Avvalo, tirik bilan o‘lik uchun boshqa-boshqa qabr bo‘lmaydi. Har ikki holatda ham ko‘z oldimizda bir xil manzara hosil bo‘ladi. Aynan shu bir xillikdan esa ikki xil xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Qolaversa, o‘lik tan uchun qayoqqa olib ketilayotganining juda farqi bor-da! Agar bu haqda gaplashsak, o‘zimiz ham mukammal bilmagan sohalarga o‘tib ketamiz.
 
– To‘g‘ri aytasiz, o‘zimiz bilmagan sohalarga o‘tib ketmaganimiz ma’qul. Alisherbek, gap bahsda yutib chiqishda emas, balki xalqqa foydasi tegadigan fikrga kelishda. Shuning uchun ham mening aytganlarimdan o‘lik va tirikka boshqa-boshqa qabr bo‘ladi degan ma’no kelib chiqqan bo‘lsa, demak, men fikrlarimni tushuntirib berolmabman.
– Darhaqiqat, adabiyotning millat qalbi va ruhiyati bilan bog‘liqligi xususida, jamiyat hayotida adabiyotning o‘rni nechog‘liq ekanligi haqida hamma zamonlarda bahslar, tortishuvlar bo‘lgan. Bundan bir necha yillar muqaddam marhum adibimiz Shukur Xolmirzaev “Adabiyot o‘ladimi?” degan savol bilan matbuot orqali so‘z ahliga murojaat qilganini yaxshi bilamiz. Ammo adabiyotning umri uzun bo‘lishini, yanayam to‘g‘rirog‘i, bu umrning mangulikka daxldor bo‘lishini istagan, hayotini shu maqsadga safarbar etgan insonlar xoki turobga aylandi hamki, adabiyot yashashda davom etayotir va yashayajak. Ammo mana shu jarayonda adabiy tanqidchilikning ham o‘z vazifasi borligini unutmaslik kerak. Bu vazifa esa kitobxonga chinakam adabiy asarlarni saralab berishda ko‘zga tashlanadi.

Suhbatdosh: Alisher NAZAR
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.