OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shuhrat Rizayev: “Yuksak mahorat — asosiy mezon” (2013)

http://ziyouz.uz/images/shuhrat_rizayev.jpg

O‘tgan yigirma yil mobaynida boshqa sohalarda bo‘lgani kabi adabiyotimizda ham tub o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘y ko‘rsatgani sir emas. Bu jarayon bugungi kunda ham tez va izchil davom etayotir. Adabiy jarayon bilan qadam-baqadam yurish, yangiliklarni o‘z vaqtida ilg‘ash va tahlil etishga tanqidchiligimiz ulgura olayaptimi?

— XX asrning oxiri va XXI asr boshlari o‘zbek adabiyoti haqida gapirilganda, eng avvalo, tamomila yangi sifat o‘zgarishiga yuz burgan, to‘la ma’noda isloh etilgan adabiyot borasida fikr yuritiladi. Bu, albatta, birinchi navbatda g‘oyaviy-mazmuniy o‘zgarish bilan bog‘liq. Chunki biz uzoq yillar orzu qilgan va asarlarimizning tag-qatlamlarida qay darajada aytib, o‘quvchiga sezdirishga uringan haqiqatlar shu davrga kelib voqelikka aylandi. Yaqin o‘tmishda gohi ta’ma va manfaat ilinjida tarannum etilgan sho‘ro mafkurasi g‘oyalari tamomila inkor etildi va tafakkurimizdan o‘chirila boshlandi. Natijada sun’iy g‘ov bilan to‘silgan jo‘shqin daryo to‘g‘onni buzib, o‘zanlariga sig‘may, to‘lib-toshib oqqani kabi badiiy ijod dunyosida ham son jihatdan ko‘p, turli-tuman asarlar paydo bo‘ldi. Albatta, ular orasidan yaxshi-yomonini ajratib olish anchagina murakkab kechdi. Lekin shunga qaramay, bu jarayonni tabiiy va ijobiy hodisa sifatida qabul qilish kerak. Yo‘qdan bor etguncha, ko‘pidan saralagan ma’qulroq. Binobarin, shunday katta epkin oldida adabiyotshunoslik va tanqidchilikning ham davrga moslashib olishi biroz qiyin kechishini tabiiy holat sifatida baholash kerak.

— Zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligi qanday bo‘lishi kerak? Bu borada munaqqidlarimiz baholi qudrat o‘z mulohazalarini bayon qilib kelmoqdalar. Biroq negadir yangi adabiyotshunosligimiz mezonlari to‘g‘risida jiddiyroq fikr-mulohazalar kam. Bu mezonlar qanday manbalarga va qoidalarga asoslanishi lozim, deb o‘ylaysiz?

— Yangi adabiyotshunoslik mezonlari haqida so‘zlaydigan bo‘lsak, bir qator olimlarimizning so‘nggi paytlarda e’lon qilingan kitob va maqolalari hamda matbuotdagi chiqishlarini eslatib o‘tish kifoya. U.Normatov, A.Rasulov, N.Rahimjonov, B.Nazarov, Q.Yo‘ldoshev, H.Boltaboyev, Q.Qahramonov, S.Meliyev, D.Quronov, A.Ulug‘ov, B.Karimov, U.Jo‘raqulov va boshqa adabiyotshunoslarning tadqiqotlarida zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligi uchun zarur mezonlar va hodisalar haqida ko‘plab fikrlar aytildi. Tan olish kerak, hozirgi paytda jahon adabiyotshunoslik ilmi nazariy-estetik mezonlar borasida ko‘pgina yangicha kontseptsiyalarni taklif etmoqda. Ular bilan qadam-baqadam yurish uchun muayyan ma’lumotlar jamlamasiga ega bo‘lmoq lozim. Bizda, afsuski, ana shu maxsus ma’lumotlar bazasi hali to‘liq shakllangani yo‘q. Nazarimda, biz shu paytgacha G‘arb antik dunyosidan va Sharq mumtoz adabiyotshunosligidan boshlab o‘rgangan barcha bilimlar, nazariy qarashlar, amaliy tahlil usul va uslublariga jahon estetik ilmi ilgari surayotgan eng so‘nggi mezon va yondashuvlarni ham uyg‘unlashtirib o‘zlashtirsak, shu bilan birga unga o‘z adabiyotimiz va adabiyotshunosligimiz tajribalarini ham qo‘sha bilsak, ayni xos tomonlarini nazarda tutib eng yangi mezonlarni ishlab chiqsak, shunda sohaga oid kemtiklikni to‘ldirgan bo‘lamiz.

— Milliy mentalitet tushunchasi ijodkor asarlarida qay darajada ahamiyat kasb etadi?

— Muayyan millatga mansub ijodkorning asarida muayyan darajada milliy xususiyatlar aks etishi muqarrar. Qaysi millatga mansubligi yoki qaysi xalq orasida shakllanib, qanday ijtimoiy-ma’naviy muhitda tarbiya topganiga qarab yozuvchining asarlarida siz aytgan jihatlarni, albatta, sezish mumkin. Deylik, bir makonda tug‘ilib, butunlay boshqa bir zaminda va jamiyatda shakllangan ijodkorda unisiga ham, bunisiga ham tegishli xususiyatlar aks etishi mumkin. Masalan, rus va ingliz adibi hisoblanadigan Vladimir Nabokov rus muhitida o‘spirin paytlari shakllanib, umrining asosiy qismini Yevropa va Amerikada o‘tkazdi, rus va ingliz tilida ijod qildi. Uni olimlar rus va ingliz tasavvuri, fikrlash tarzining g‘aroyib omuxtaligi sifatida tahlil va talqin etadilar. Kimlardir uni rus tilini “rasvo” qilganlikda ayblasa, kimdir o‘ziga xos fenomen deydi. Binobarin, haqiqat shuki, V.Nabokov ikki milliy madaniyatning qorishiq mahsuli. Biroq sinchi-tanqidchilar xuddi tomografiya usulini qo‘llagandek, uning romanlari tahlilida qaerda rus, qaerda amerikalikning tabiati bo‘y ko‘rsatib turganini aniq aytib, asoslab beradilar. Demak, muayyan ijodkorni, ijodidan kelib chiqib, biror-bir millat yo elatga mansubligini aytsa bo‘ladi. Ammo qachonki ijodkor o‘z qobig‘idan yuksalib, umumbashariy, madaniy-ma’rifiy xazinadan bahramand bo‘lsa va uni o‘z asarlarida mushtarak etolsa, shundagina u ham milliylik, ham umuminsoniylikni uyg‘unlikda namoyon qila biladi. Yana bir misol. Tog‘ay Murod 70-80 yillarda adabiyotimizda sof milliy xarakterlarning, milliy qadriyatlarning va badiiy tilning nihoyatda ohorli, o‘ziga xos bir shaklini taklif etdi. Bu asarlar har qancha milliy bo‘lmasin, ularda umuminsoniy g‘oyalar, qaerda yashashidan qat’iy nazar, barcha uchun birdek ahamiyatli masalalar qalamga olindi. Demoqchimanki, har qanday milliy mentalitetga xos jihatlar umuminsoniy miqyos kasb etmas ekan, uzoq umr ko‘ra olmaydi.

— “Tanqid adabiyotni olg‘a suradigan kuch bo‘lishi bilan birga yoshlar uchun maktab vazifasini o‘taydi. Afsuski, yoshlarimiz ana shu katta maktabdan mahrum”. Abdulla Qahhor “Yoshlar bilan suhbat” kitobida ta’kidlab o‘tgan bu mulohaza bugungi kunda ham o‘rinlidir desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Zero, yosh ijodkorlar bilan suhbatlarimizda ular jiddiy e’tibor va xolis e’tirof asosidagi adabiy muhitning yetishmayotganini ta’kidlashadi. Adabiy nazoratni, adabiy muhit talablarini yanada kuchaytirish, ustoz-shogird an’anasini mustahkamlash uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

— Abdulla Qahhorning tanqid va yoshlar xususidagi fikrlari, haqiqatdan ham, bugungi kunda dolzarbligini yo‘qotmagan. Chunki tanqid va tanqidchilik kasbi, asosan, istak va tashabbusning natijasi sifatida yashab turibdi. Vaholanki, bu soha o‘ziga xos bir yo‘nalish o‘laroq professional yondashuv va bevosita professional kadrlarni talab qiladi. Biron-bir asar haqida uning muallifi bilan tanish-bilishligi, do‘st-dushmanligi sabab maqtab yoki yomonlab yozish — bu umuman asl tanqidchilikka begona holatdir. Afsuski, bu holat me’yorga aylanib, ildiz otib bormoqda. Yosh ijodkorlarning o‘zlari uchun adabiy muhitning yetishmayotgani haqidagi fikrlari to‘g‘ri emas. Balki ularni asarlariga tanqidchilarning e’tiborsizligi tashvishlantirayotgan bo‘lsa, buni faqat muhit yetishmayotganligi bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Muntazam o‘tkazilayotgan yosh ijodkorlarning seminarlari, Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi to‘garaklar, dastlabki kitoblar va ularning taqdimoti bilan bog‘liq tadbirlar — bularning barchasi adabiy muhit emasmi?! Do‘rmondagi ijod uyi yil-o‘n ikki oy havaskor ijodkorlar uchun eshiklarni lang ochib qo‘yibdi. Uyushma huzurida ishlayotgan 8 ta ijodiy kengash o‘z rejalarida yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Lekin masalaning boshqa bir jihati ham bor. Yoshlarning “chillaki” to‘plamlari hali maromiga yetmasidan, kitob bo‘lib chiqayapti. Maktab bolalari “ikkita, uchtagacha kitob muallifiman”, deb ko‘krak kerib yurgani ham yolg‘on emas. Lekin bularning barchasi o‘zi yo‘q talantni bor qilib, kimgadir rosmana husn bag‘ishlay olmaydi. Pufak, har qancha shishirmang, oxir-oqibat yoriladi. Haqiqiy zar esa ming yillab tuproq ostida yotganida ham zarligicha qolib, bir sidra artsang, ko‘zni qamashtirguvchi jozibasini namoyon etadi.

— Yaqinda taniqli shoira Halima Ahmedova bilan bugungi kun dramasi haqida suhbatlashib qoldik. Halima opa yangi drama yozganligini, biroq uni teatrda qabul qilishmaganini aytdi. Bunday murakkab, boshdan-oxir falsafaga asoslangan asar bilan teatr binosini to‘ldirib bo‘lmas ekan. Faqat maishiy mavzularga o‘ralashib, tomoshabinning didini o‘tmaslashtirib qo‘ymayapmizmi?

— Teatr shunday san’at yo‘nalishiki, sahnada xoh tarixiy voqea, xoh zamonaviylik aks etishidan qat’iy nazar, bu ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi. Biz teatrda tarixiy asarlarni tomosha qilar ekanmiz, uni faqat ma’lumot olishdek ma’rifiy missiyasiga ko‘ra qadrlamaymiz. Aksincha, muayyan tarixiy voqea asosidagi spektakl qay bir g‘oyaviy-badiiy jihatlari bilan shu kunimizga xizmat qilayotganini his etib turamiz. Xuddi shunday zamonaviy asar ham, agar talqin va badiiy tahlillar bugungi kun kayfiyatini aks ettirmasa, demak zamonaviy asar degan ta’rifdan yiroq. Dramaning ob-havosi eskirgan emas, sohada yuksak professionallarning taqchilligi mavjud, xolos. Noprofessionallik maishiy mavzularga o‘ralashib, tomoshabinni yengil-elpi yo‘l bilan o‘ziga jalb etish niqobiga o‘rangan.

Iste’dodli shoira Halima Ahmedovaning yangi dramasi haqida esa (yanglishmasam, bu uning ilk piesasi), uni o‘qigan bir mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, uning asari dramaturgik malaka nuqtai nazaridan uncha tayyor emas. Har qanday mavzuni, soddami-murakkabmi, san’at asariga aylantirish, sahna yoki ekranga olib chiqish mumkin. Faqat bu mavzuni yoki muayyan qahramonni maishiy qobiqda qoldirmay, yuksak ijtimoiy zarur hodisaga aylantira bilish lozim. Yana bir muhim gap. Balki eng muhimi ham shudir, drama bu harakat degani – jismoniy, ruhiy, shuuriy... va hokazo. So‘z, badiiy so‘z harakatga asoslanishi, aniqrog‘i, harakatdagi so‘z bo‘lishi lozim. Ko‘pchiligimizda fikr dialoglarda ifodalansa, ana shu drama asari degani bo‘ladi, qabilida sayoz tasavvur bor. Jonli so‘z, ifoda muayyan harakat sodir etilishi uchun vosita. Nima uchun Sofokl, Shekspir, Chexov, Hamza kabi dramaturglarni istagan paytda, istalgan talqinda sahnalashtirish imkoniyati bor. Bu ularning asarlarida insonning murakkab hayoti, ruhiy olami bilan bog‘liq masalalarning jonli harakatdagi yuksak badiiy ifodasi topilganligi bilan izohlanadi.

Qizig‘i shundaki, bu asarlarning barchasida aynan maishiy mavzular qalamga olinadi. Ammo hech kim ularning ushbu mavzuda ekaniga ahamiyat bermaydi. Chunki ular sevgi, xiyonat, sadoqat, rashk, olijanoblik, fidoyilik, sotqinlik... kabi odatiy insoniy fazilat va qusurlarni shunchaki yengil-elpi ko‘rsatmay, aksincha, bor mohiyati, tub ildizi, miqyosi, ijtimoiy yuki bilan salmoqdor hodisa darajasiga ko‘tara oladilar. Yana bir fikr. Bugun o‘zbek teatrida rejissura masalasining anchayin taqchilligi bilinib qolayapti. “O‘zbekteatr” birlashmasi bu narsani anglab, yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga astoydil urinayapti. Ammo hozircha muammo hal bo‘ldi, deb ayta olmaymiz. Demoqchimanki, rejissuradagi taqchillik tufayli sahna asarlarimizning aksariyati yuksak badiiy darajaga ko‘tarila olmayapti. Rejissyor, dramaturg hamkorligi hozirda har qachongidan dolzarb bo‘lib turibdi.

— “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Abduqayum Yo‘ldoshevning “Adabiy innovatsiya ehtiyoji” sarlavhali maqolasi chop etildi. Muallif fikricha, adabiy innovatsiya rivojlanmagani bois o‘zbek adabiyotining mana man degan asarlari jahon adabiyoti maydoniga chiqa olmayotgan ekan...

— Adabiy innovatsiya masalasi yangi davrning eng yangi va nihoyatda muhim talablaridan biri. Uzoqqa bormay, so‘nggi 20 yil oralig‘ida yaratilgan asarlarimizdan eng saralarini ajratib, turli yetakchi xorij tillariga tarjima qilib (albatta, badiiy tarjima nazarda tutiladi), dunyoga chiqara bilsak, o‘zbek adabiyotiga munosabat hozirgiga qaraganda anchagina yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkin. Bugungi adabiyotimiz xoh prozada, xoh she’riyat yoki yana boshqa janrlarda bo‘lsin, jahonga chiqishga arzigulik namunalarini bermoqda. Yozuvchilar uyushmasida mana shu masalalarni hal etish uchun janr yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy kengashlar tomonidan antologiyalar tayyorlanyapti. Ana shu antologiyalarni xorijiy tillarga tarjima qilib, dunyoga tarqatish uchun uyushmada muayyan tadbirlar rejalashtirilayapti. Bu, albatta, kelgusida samara bersa ajab emas. Binobarin, mazkur antologiyalarga kirgan ijodkorlar professionallar sifatida Yozuvchilar uyushmasining mingga yaqin a’zolari orasidan saralab olingan.

O‘zbek adabiyotini yuksak badiiy tarjimalar orqali dunyoga olib chiqish nihoyatda katta tashkiliy-amaliy jarayonni talab etadi. Dante, Shekspir, Gyote, Pushkin asarlarini tarjima qilib, dunyoga yoyish bo‘yicha maxsus tashkilotlar ishlaydi, katta-katta mablag‘lar sarflanadi. Bizda ham ana shunday tashkiliy-amaliy jarayon uchun dastlabki qadamlar tashlanyapti. Ya’ni Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondining asosiy vazifalaridan biri mana shu maqsadlarga yo‘naltirilgan. Lekin buni aql bilan oqilona tashkil etish — mana bu muhimlardan muhimroq vazifa. O‘ylaymanki, vaqti bilan biz bu yo‘nalishda ma’lum bir samaralarga erishamiz.

Muxtasar Tojimamatova suhbatlashdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 1-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.