Ijodiy mahorati, ijro madaniyati, yuksak bilimi va boy tajribasi bilan o‘zbek sahna san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan aktyorlarimiz ko‘p. O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori Tesha Mo‘minov shunday san’atkorlardan biridir. Bugun ayni kamolot pallasida ijod qilayotgan taniqli aktyor huzurida bo‘lib, bir necha savol bilan murojaat qildik.
— Suhbatimizni sizning qadim Buxoro bilan bog‘liq bobolaringizga doir voqealardan boshlasak.
— Bobom Mirmo‘min oqsoqol Buxoroning davlatmand kishilaridan bo‘lgan deyishadi. Lekin badavlat bo‘lishiga qaramay, juda odil, qo‘l ostidagilarga mehribon, shu bilan birga, sodda inson bo‘lgan ekan. Otam egizak farzand bo‘lib dunyoga kelganlar, ismlari Husan bo‘lgan. Egizak opalari Fotima va otam oilaning sevimli farzandlari sifatida tashvish bilmay ulg‘aya boshlaganlar. Lekin onaning bevaqt vafoti ularning baxtli bolaligiga nuqta qo‘yadi. Fotimani juda yoshligida turmushga beradilar. Otam sakkiz o‘gay ona ko‘rgan. Nihoyat, bobom farzandlariga haqiqiy onalik mehrini berolgan ayolga uylangan. U ayolning o‘zi bilan kelgan qizini keyinchalik otamga olib beradi. Shu ayol mening onam edi. O‘shanda otam 20, onam 13 yoshda bo‘lgan ekanlar.
O‘tgan asr yigirmanchi yillari bobomizning bor mol-mulki musodara etilgach, ota-onam turli joylarda ijarada yashab yuradilar. Bunday xonadonda tug‘ilgan bolalar birin-ketin nobud bo‘laveradi. 1941 yili otam urushga ketib, 1945 yili qaytib keladi. Oradan uch yil o‘tib, 1949 yili men tug‘ilganman. Yettinchi bo‘lib dunyoga kelgan farzandning yashab ketishi, sog‘-salomat ulg‘ayishi, temirdek mustahkam bo‘lishiga umid qilib, menga Tesha deb ism qo‘ygan ekanlar.
— Yoshligingizda teatr san’atiga qiziqib, maktab va o‘quvchilar saroylaridagi to‘garaklarda rollar ijro etib, tengdoshlaringiz va ustozlaringiz e’tiboriga tushgan ekansiz...
—Ha, o‘sha vaqtlar sahnada kutilmagan holatlar ham bo‘lib turardi. 8-sinfda o‘qirdim. Xotin-qizlar bayrami arafasida drama to‘garagimizda kichik sahna ko‘rinishini qo‘ydik. Men bosh rolni ijro etdim. Stsenariyni ham o‘zim tuzganman. Tomosha ketayotgan vaqtda kutilmaganda magnitafon o‘chib qoldi. Tomoshamiz musiqasiz kutilgan ta’sir kuchini bermadi. O‘zimni qo‘ygani joy topolmadim. Axir, bu – sahnadagi birinchi zarba edi-da! O‘shanda ustozim Saidjon Ahmedov tasodiflar doimo bo‘lib turishini, bunday vaziyatlarga doim tayyor turish zarurligini tushuntira olganlar. Ilk ustozlarimdan yana biri Azizjon Mahmudov. Institutda Nina Timofeeva, Shohida Ma’zumova, Nazira Alieva kabi yetuk mutaxassislar san’at sirlaridan saboq berdilar. Ular bizga faqat talabalar deb qarashmasdi. Yashash tarzimiz, taqdirimiz bilan qiziqishardi. Bizni erkalashni ham, koyishni ham bilishardi.
Professional teatrga qadam qo‘ygan birinchi kunlarimdan Olim Xo‘jaev, Shukur Burhonovlar chin ma’noda ustozlik va ma’naviy otalik qildilar.
— Ijodingizning ilk pallalarida teatr sahnasida ijro etgan rollaringiz ichida siz uchun eng murakkabi qaysi biri bo‘lgan?
— Boshqird dramaturgi Mustay Karimning “Oy tutilgan tunda” spektaklidagi Devona obrazini tayyorlash jarayonida ancha qiynalganman. Repetitsiyalar vaqtida rejissyor ham, mening o‘zim ham rolga “nimadir” yetishmayotganini his qilardik. Devonani obraz darajasiga yetkazish uchun ruhiy xastaliklar shifoxonasiga borib, aqli zaif odamlarni erinmay kuzatdim. Ana shu yerda men ularning o‘z dunyosi borligini, har bir qilayotgan xatti-harakatlari orqali nimanidir isbotlamoqchi bo‘lishlarini, o‘zlarini juda aqlli deb bilishlarini tushundim. Mening ijromda ana shular yetmayotgandi.
— Siz buyuk bobokalonimiz Amir Temur obrazini teatr sahnasida ijro etish baxtiga muyassar bo‘ldingiz...
— Abdulla Oripovning “Sohibqiron” asari ko‘proq dramatik doston talablariga javob berishi bilan ajralib turadi. Asarga ko‘p voqealarning joylashtirilishi tomoshabindan tez sur’atda fikrlashni, aktyordan bir holatdan ikkinchi holatga tezda o‘tish mas’uliyatini talab qiladi. Bu bir tomondan dramaturgning aytmoqchi bo‘lgan gaplari ko‘pligidan bo‘lsa, ikkinchidan, bugungi tomoshabinga Sohibqiron hayotining o‘ta shiddatli kechganini ta’kidlamoqchi bo‘lganidan deb bilaman. Muhimi, asarda bobokalonimizning ezgu amallarini bor bo‘yi bilan ko‘rsatishga yetarli material bor.
— Nazaringizda, qaysi obrazlaringiz eng muvaffaqiyatli chiqqan?
— Ochig‘i, har jihatdan o‘zimga ma’qul bo‘lgan, o‘zim istaganimdek mukammal obrazni hali yaratolganim yo‘q, desam nokamtarlik bo‘lmasa kerak. Ayni damda o‘zimga bir qadar ma’qul, tomoshabinlar, tanqidchilar e’tirof etgan rollarimga kelsak, Piri Zindoniy, Shpigelberg, Devona, G‘afur, Yo‘lchi, Koriolan, Jo‘ra obrazlarini aytishim mumkin.
Bu obrazlar faqatgina mening ijodiy biografiyamni boyitib qolmay, balki aktyor sifatida shakllanishimda ham muhim ahamiyat kasb etgan, men uchun mahorat maktabi vazifasini bajargan.
— Yuragingiz qa’rida yashiringan gaplaringiz borligiga imonim komil...
— Hozirgi kunda teatr san’atida yangicha izlanishlar davri boshlandi. Bu quvonsa arzigulik hodisa. Shu bilan birga istardimki, teatr san’atiga yanada jiddiy, yanada e’tibor bilan, ustozlar an’analarini saqlagan holda munosabatda bo‘lsak. Buning uchun teatrning barcha ijodkorlari birdek mas’uldirlar. Tomoshabinni kutib olishdan boshlab, kuzatib qo‘ygungacha bo‘lgan jarayon haqiqiy bayram tusini olishiga erishish zarur. Insoniy madaniyat, avvalambor, biz san’atkorlarda bo‘lishi zarur.
Suhbatdoshimni tinglab shunga amin bo‘ldimki, u kamtar va samimiy, ayni paytda o‘zi va ijodiga nisbatan talabchan san’atkor. Muhimi, Tesha Mo‘minov mehnatkash, serharakat, ishga, bilimga chanqoq. Bo‘sh vaqtlarida kitob o‘qishdan charchamaydi. Dublyaj, radio, televidenie hayotining bir bo‘lagi. T.Mo‘minov faqat teatrda emas, radio, televidenie, kino san’atida ham bir qator o‘ziga xos obrazlar yaratdi.
Barkamol obrazlar yaratish ustida ish olib borar ekan, albatta, bu yo‘lda qiyinchiliklar ham, omadsizliklaru muvaffaqiyatlar ham bo‘ldi. Ana shunday damlarda u ustozlariga suyandi, o‘qib, izlanib, bilimini oshirib bordi. Ayni kunlarda Tesha Mo‘minov jo‘shqin kayfiyatda yangi-yangi obrazlar ustida izlanishlar olib boryapti. Bu jarayonning samarali bo‘lishiga ishonchimiz komil.
Kamola Ahmadjonova
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 16-sonidan olindi.