OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tilavoldi Jo‘rayev: “Modern bizga begona emas, biroq u yagona yo‘nalish ham emas” (2009)

Istiqlol sharofati tufayli jahon adabiyotidagi barcha izlanish va tajribalardan emin-erkin bahramand bo‘la boshladik, chet ellik mashhur adiblarning asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilmoqda. Bu jarayon xalqimizning ma’naviyatini umuminsoniy qadriyatlar bilan boyitishda muhim ahamiyatga ega. Biroq ayni ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar bugungidek shiddatkor davr talabiga qay darajada javob bera oladi?

Muhtaram Yurtboshimiz Yozuvchilar uyushmasi faoliyati samaradorligini oshirish, milliy adabiyotimizni yanada rivojlantirish yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalarida dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini ona tilimizga tarjima qilish, nashr etish, o‘rganish bilan bog‘liq tajriba, chet el yozuvchilari bilan aloqalarni rivojlantirish masalalariga yetarlicha ahamiyat berilmayotganligini ta’kidlab, jumladan, shunday dedilar: “Holbuki, biz ma’naviyatimizni yuksaltirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga intilayotgap ekanmiz, hech qachon o‘z qobig‘imizga o‘ralashib qolmasligimiz kerak”.

Darhaqiqat, jahon adabiyotida kechayotgan jarayonlardan xabardor bo‘lish, badiiyat olamida paydo bo‘lgan turli oqimlar, yo‘nalishlarni bilish, ularga tanqidiy yondashish, ijodiy o‘rganish har bir xalq adabiyoti taraqqiyotiga naf keltirishi muqarrar. Bu borada ko‘p ishlarni amalga oshirish adabiyotshunoslar va tarjimonlar zimmasidadir. Jahon adabiyotini o‘rganishning dolzarb mavzulari ustida tadqiqot olib borayotgan olimlardan endilikda yanada faol bo‘lishlari talab etiladi.

Quyida e’tiboringizga taqdim etilayotgan suhbatda uzoq yillar g‘arb modern adabiyoti va uning yirik vakili yozuvchi J.Joys ijodi bo‘yicha izlangan adabiyotshunos olim Tilavoldi Jo‘rayev adabiy aloqalar, ularning milliy adabiyotga ta’siri singari masalalari haqida fikr yuritadi.

— Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi madaniy aloqalar, o‘zaro ta’sirlar ko‘pasrlik tarixga ega. Bu davomli jarayon tarixchilar, adabiyotshunoslar tomonidan ko‘p o‘rganilgan. O‘zaro ta’sirlardan adabiyot sohasi ham chetda emas, albatta. Ayrim adabiyotshunoslar tomonidan “g‘arbga xos hodisa”, deya ta’riflanayotgan modern adabiyotining tarixi, dunyo xalqlari adabiyotiga ta’siri haqida nima deysiz?

— Dunyo paydo bo‘libdiki, hech qachon hech qaysi xalq, elat boshqa xalqlardan uzilib, o‘z holicha yashagan emas. Aks holda hech qanday taraqqiyot bo‘lmagan bo‘lur edi. Eng qadim davrlarda ham ajdodlarimiz Misr, Bobil, Yunoniston kabi mintaqalar bilan aloqa qilganlar. Ipak yo‘lining aksar qismi mamlakatimiz hududidan o‘tgani hunarmandchilik, savdo-sotiqning keng quloch yoyishiga olib kelgan. Ajdodlarimiz ishchan va uddaburon bo‘lganlarki, Vizantiya imperatorlari uzoq vaqtlarga qadar o‘zlarining diplomatik va moliya ishlariga yurtdoshlarimizni jalb etganlar. Madaniy aloqalar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, Vatanimizning uzoq o‘tmishi haqidagi asosiy ma’lumotlarni arxeologik topilmalar, Yaqin Sharq mamlakatlarida qadimda yashagan xalqlardan qolgan yozma yodgorliklar, yunonistonlik va rimlik mualliflarlar asarlaridan topamiz. Bu borada Heredot, Ktesiy, Strabon, Diodor asarlari qimmatlidir.

IX — XIV asrlarda Ispaniyada shakllangan tarjimonlar maktabi nafaqat «grek-arab fani»gina emas, balki movarounnahrlik allomalar Muhammad Muso Xorazmiy, Forobiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino asarlaridan ham G‘arbiy Ovruponi bahramand qildi. Sharq olimlari merosini tarjima etishda Ovrupo mamlakatlarida minglab tarjimonlar mehnat qildilar. Albatta, ilmiy, madaniy aloqalar hozirgi davrga kelib yangi yuksak bosqichga ko‘tarildi.

«Ong oqimi» adabiy yo‘nalishi sifatida paydo bo‘lgan modern adabiyoti to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, uning ildizi dunyoda yaratilgan ilk rivoyat, asotir-miflarga borib bog‘lanadi. Odam alayhissalomning o‘g‘illari Hobil va Qobilning fojiasi, ularning istig‘fori, tavba-tazarrusi, iztiroblari hali-hanuz ong oqimining teran tomirlarida oqib kelmoqda.

Ong oqimiga xos murakkab jarayonni qog‘ozga tushirish osondek tuyulsa-da, aslida murakkab ijodiy ish. Bu yo‘nalishda yozilgan asar shakli va uslubi aksari hollarda assotsiativ syujetni talab etadi va u asosiy syujet turiga aylanadi. Assotsiativ syujet, o‘z navbatida, o‘ziga xos tasvir printsiplarini talab etadi.

Ma’lumki, jahon adabiyoti XX asrning birinchi choragida ushbu yo‘lni bosib o‘tgan. Uch mamlakatda bir davrning o‘zida, keyinchalik «modernistik» deb atalgan adabiy yo‘nalishga mansub uch daho adib — Marsel Prust (Frantsiya), Jeyms Joys (Irlandiya), Frants Kafka (Chexoslavakiya) dunyoga keldilar va jahon adabiyotida o‘chmas iz qoldirdilar. Ular dovrug‘i shu qadar yuksaklikka ko‘tarildiki, 1963 yili ovrupolik adiblarning bir yig‘inida qilingan har bir chiqish «go‘yo yagona adabiyot» — modernizm haqida bo‘ldi.

Ular adabiyotda o‘chmas iz qoldirish barobarida, yuzlab izdoshlarini topdilar. Jahon adabiyoti bir «selpinib» oldi. Yuzlab yangi joyschilar, yangicha ko‘rinishdagi modernchilar paydo bo‘ldi… Xullas, modernistik adabiyotning dunyo xalqlari adabiyotga ta’siri beqiyos. O‘zlashtirish — buzish degani emas, ayni paytda, u yaxshi narsaga bebaho hissa qo‘shadi. Unga taqlid, deb qarash esa kulgili.

— Modernizm bilan qiziqishingiz qachondan boshlangan, xususan, Jeyms Joys ijodini o‘rganishingizga nimalar turtki bo‘lgan?

— 1970-yillarda Moskvada o‘qib yurgan kezlarimda modernizmga «ola» qarashlar hukm surgan davr bo‘lishiga qaramay, talaba yoshlar, aspirantlar orasida bu oqim haqida ko‘p gapirilar, Joys, Kafka haqida diqqatni tortuvchi suhbatlar bo‘lar, go‘yo qandaydir yangilik, to‘g‘rirog‘i, g‘alati noodatiy mavhumlik meni o‘ziga jalb qilardi. Bir kuni chet el adabiyoti muxlisi bo‘lgan hamfikr Olga ismli qizning qo‘lida Jeyms Joys nomi bitilgan kitobchani ko‘rdim. Bu Xerri Levin muharrirligida «Pingvin kitoblar» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Jeyms Joysning qisqa tanlangan asarlari» edi. Shu kitobcha bilan tanishish meni Joys dunyosini olib kirgan. 90-yillargacha, qariyb 20 yildan ortiq mutolaa, o‘qish-o‘rganish, Marsel Prust, Frants Kafka ijodi bilan tanishish meni modernizm haqida ilmiy izlanishga undadi.

Aslida o‘zim ingliz tili mutaxassisman. Farg‘ona dorilfununida 1968 — 1995 yillarda ingliz tilidan, asosan, tilshunoslikdan dars berdim. Nomzodlik dissertatsiyasini kasbiy ehtiyoj sifatida emas, dil amri bilan yozganman. Shaxsiy kutubxonamda saqlanayotgan, Oksford universiteti noshirlik bo‘limi chop etgan 900 sahifali «Joys» nomli maqolalar to‘plami, angliyalik kasbdoshlar tomonidan yuborilgan J.Joysning fundamental asarlari bilan yaqindan tanishganimdan so‘ng, maqsadimga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlandi. Modernizmga, J.Joys ijodiga qiziqishim ortdi.

— Izlanishlaringiz samarasi o‘laroq 1993 yili «Jeyms Joys» va bir yildan so‘ng «Fan» nashryotida «Ong oqimi va tasviriylik» kitoblaringiz chop etilganidan xabarimiz bor. Adabiy jamoatchilik o‘sha paytda ularni qanday kutib oldi?

— Bilasizmi, to‘g‘risini aytsam, e’tibor bo‘lmadi. Hamfikr do‘stim A.Mamatov homiyligida chop etilgan mazkur rivolalar, har holda, Joys poetikasi xususida edi. Bu kitobchalar Nizomiy nomidagi pedagogika instituti o‘zbek adabiyoti kafedrasiga, universitet yaqinidagi do‘konlarga bepul tarqatilgan edi. Hatto ijodkor do‘stlarga tarqatarsiz, deb bergan bir necha nusxa kitobchalar ham qaylardadir qoldi. Men bu gaplarni pisanda o‘rnida emas, mehnatimga achinganimdan ham ko‘ra, homiy oldida xijolat bo‘lganimdan aytayotirman.

Yana bir gap. Ustoz yozuvchimiz Shukur Xolmizaevning «O‘zAS»da «Kechirasiz, janob Karpenter, vaqtim ziqroq» sarlavhali maqolasi modern adabiyoti atrofidagi munozaralarning cho‘qqisi bo‘ldi. Gazetaning uch-to‘rt sonida munozara qizg‘in davom etdi, keyin so‘ndi. 2000-yillardagi bu bahsda yuqorida tilga olib o‘tilgan risolalar haqida lom-mim deyilgani yo‘q.

— J.Joys ijodi o‘ta murakkabligi bilan dunyo olimlarini o‘ylantirib kelmoqda. Uning asarlariga xos yetakchi xususiyatlar nimalardan iborat?

— Joys ijodining serqirraligi, o‘ziga xosligi asarlari poetikasining murakkabligini ham belgilaydi.

Adib ijodining asosiy shakllanish davri u yepifaniyalar yoza boshlagan yillarga (1900 — 1903) to‘g‘ri keladi. «Yepifaniya» (epiphanis) «Tangrining yuz ko‘rsatishi, tangriga yetishuv», degan ma’noni anglatadi. Joys yepifaniyaning asl ma’nosini o‘zgartirmaydi, balki uning mazmun ko‘lamini kengaytiradi. Uning yepifaniyasini bugungi adabiy tilga «tagma’no», deb o‘girish mumkin.

Joys ijodida ramzlar katta o‘rin tutadi. Adib uslubidagi bu muhim xususiyat norvegiyalik dramaturg Henrik Ibsen metodiga mansub. Juz’iylik va umumiylikning o‘zaro aloqasi, axloqiy muammolarga urg‘u berish Ibsen piesalarida realizmning ramziylik bilan uyg‘unlashib ketishini ta’minlagan. Bu usul, o‘z navbatida, Joys ijodi uchun ham xarakterli.

Joys nasri musiqa asarini, xususan, simfoniyani eslatadi; puxta o‘ylanib tizimlashtirilgan leytmotiv asosida bosh mavzu muntazam aylanaveradi. Mazkur muntazam leytmotiv usulini Joys Vagnerdan o‘rgandi. Ilk nasriy asarlardayoq yozuvchi bu usulni shu qadar maromiga yetkazdiki, uning vositasida tashqi tomondan turfa, uzuq-uluq fakt va favqulodda hodisalarni jamlab, maishiy tumush va ramziylikni yuksak mahorat bilan bog‘lay oldi.

Uning mashhur «Uliss» asari yetti yillik mashaqqatli mehnati tufayli yuzaga kelgan. Bu roman dunyoda yagona, hech bir badiiy asarga o‘xshamagan, falsafiy-psixologiya asar. «Uliss»ga modernizm, syurralizm, ekzistentsializm, freydcha psixoanaliz uslubi namunasi, «tafakkur oqimi» yo‘nalishidagi roman, XX asr sub’ektiv idealistik dunyoqarashi namunasi kabi ta’riflar berilgan.

Sobiq ittifoqda bu asarga qiziqish, uni o‘rganish o‘tgan asrning 20-yillaridanoq boshlangan edi. Ilk bor litov tiliga, keyinchalik latish, eston, rus, gurji va arman tillariga tarjima qilindi.

Mana, nihoyat, yaratilganiga qariyb bir asr o‘tib bo‘lsa-da, «Uliss» o‘zbek tiliga ham ag‘darildi. Bu g‘aroyib romanni kitobxonlarimizga taniqli olim va tarjimon Ibrohim G‘afurov o‘zbek tilida taqdim etdi.

— O‘zbek adabiyotida modern yo‘nalishida yozilgan asarlar qaysi jihatlari bilan boshqa asarlardan farq qiladi?

— O‘tgan asrning 80 — 90 yillarida o‘zbek adabiyotida ushbu yo‘nalishdagi jiddiy izlanishlarni Murod Muhammad Do‘st, G‘affor Hotamov, Olim Otaxonov asarlarida ko‘rish mumkin. Albatta, ularning har biri o‘ziga xos uslubga ega, ammo ularni bir umumiylik birlashtiradi. Bu umumiylik ular yaratgan qahramonlar ichki dunyosi, ruhiyati, ongi faoliyati, tafakkuri harakatining asosiy tasvir maydoniga ko‘chgani, badiiy xarakter yaratish ong oqimi jarayoni asosiga qurilgani bilan izohlanadi. Bu yozuvchilar insonning ichki mayl-istaklarini kashf etishda an’anaviy nasr yo‘lidan, sinalgan usullardan foydalanmaydilar, balki sa’y-harakatni qahramonning o‘z qo‘liga, o‘z idrokiga topshirib, o‘zlari xolis pozitsiyada turadilar.

O‘tgan asrning 90-yillarida adabiyotshunoslikda modern tarafdorlari, B.Ro‘zimuhammad iborasi bilan aytganda, «yangi yangilik» va realizm tarafdorlari — «eski yangilik» o‘rtasida ko‘p munozaralar bo‘lib o‘tdi va bu jarayon hanuz davom etayotir. Buni, albatta, tabriklash lozim. «Yangi yangilik» tarafdorlari R.Parfi, O.Muxtor, M.Muhammad Do‘st, X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul, A.Qutbiddin, B.Ro‘zimuhammad, T.Rustamov va yana bir qator yozuvchilarni modern ijodkorlar qatoriga qo‘yadilar. Balki shundaydir. Biroq bu ta’kidlar, avvalo, o‘z isbotini topmog‘i, buning uchun esa modernga yuzaki qaramasdan, uning tub mohiyati va ildizlari o‘rganilmog‘i kerak. Demoqchimanki, jahon badiiy intellekti yaratib kelayotgan intellektual mulk turlari, usullari qatorida modernga ham yashashga haqli yo‘nalish sifatida qarash lozim. Ko‘hna va barkamol o‘zbek adabiyotida modern izlari ham zohir bo‘layotgan ekan, uni yangilikka intilish deb qarash kerak. Biroq endilikda adabiyot faqat shundan iborat bo‘ladi, deyish mutlaqo noto‘g‘ri.

— Demak, modernizm yo‘nalishi o‘zbek adabiyotiga begona emas…

— Bilasizmi, adabiyotimizga modern oqimi begona emas, ayni paytda, u yagona ham emas. Modern adabiy hodisa sifatida G‘arbda paydo bo‘lganmi yoki Sharqda, degan masala ko‘ndalang bo‘ladi. Tasavvufga chuqur yondoshilsa, mutafakkir bobolarimizning ko‘p asarlari manti ong oqimini eslatib turadi. Uzoqqa bormay, mavlono Rumiy ijodiga e’tibor qilaylik. «Ichindagi ichindadir» asarining o‘ziyoq fikrimizga dalil bo‘lishi mumkin. Albatta, hozirgi zamon moderni bilan ularni tenglab bo‘lmaydi.

— Yaqinda «Farg‘ona» nashryotida «Ong oqimi. Modern» nomli salmoqli tadqiqotingiz bosmadan chiqdi. Bu kitobda modernizm adabiyoti bo‘yicha ko‘p yillik izlanishlaringizni jamlagansiz, shekilli.

— Iste’dodli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida J.Joysning «Uliss» romani tarjimasiga yozgan maqolasi meni bundan o‘n-o‘n besh yil muqaddam yozgan ishlarimga qaytardi, ularni bugungi kun talabidan kelib chiqib qayta ko‘rishga chorladi va shu tariqa mazkur kitob yuzaga keldi. Yaqinda poytaxtimizdagi Milliy universitetda Joysning «Uliss» asari tarjimasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘ldi. Unda «Uliss» tarjimoni Ibrohim G‘afurov, taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri vazifasini bajaruvchi Mirpo‘lat Mirzo, bo‘lim boshlig‘i Ortiqboy Abdullaev va universitet olimlari, talabalari ishtirok etishdi. Men Joysning tadqiqotchisi sifatida qatnashdim. Uchrashuvda mening kitob haqida ham yaxshi fikrlar aytildi va bu menga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.

Suhbatdosh: Jamoliddin MUSLIM.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 29-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.