OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uzoq Jo‘raqulov: “Kitob — inson ruhini oziqlantiradi” (2009)

Do‘sti ko‘p odamning qanoti qayrilmaydi, deyishadi. Ammo do‘stlar ham har xil bo‘ladi. Kimdir mol do‘st, kimdir jon do‘st. Ammo inson uchun shunday sodiq do‘st borki, u kitobdir. Darhaqiqat, kitob bilan oshno tutingan odam hayotda kam bo‘lmaydi, ma’naviyati yuksak bo‘ladi.

Biz adabiyotshunos olim Uzoq Jo‘raqulov bilan kitob mutolaasi, uning inson hayotida tutgan o‘rni, shuningdek, bugungi kitobxonlik darajasi haqida suhbatlashdik.

— Domla, kimdir zerikmaslik uchun, yana birov ilm o‘rganish yoki shunchaki qiziqish tufayli kitob o‘qiydi. Siz nima uchun mutolaa qilasiz?

— Bugun “Axborot olishning manbalari ko‘payib ketgani sabab informatsiyaga bo‘lgan ehtiyojni qondirish osonlashdi. Oqibatda hech kim mutolaa bilan shug‘ullanmay qo‘ydi”, deb o‘ylaydigan kishilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo insonning kitobga bo‘lgan ehtiyoji butkul bosh­qa narsa. Aslida odam san’atni uch asos — ko‘rish, eshitish va o‘qish orqali qabul qiladi. San’atni ko‘rish yoki eshitish orqali qabul qilgan odam ijod qilmaydi. U tayyor narsani shundayligicha o‘ziga singdiradi. Kitob o‘qigan kishi esa ijod qiladi. Shu ma’noda insonda qachon ijod qilish kayfiyati paydo bo‘lsa, unda kitob o‘qishga ham ehtiyoj tug‘iladi. Shuning uchun odamlarni kitob o‘qimayapti, deb ayblash ham, bundan qo‘rqish ham kerak emas. “YAxshi kitoblar yaratilmayapti, agar klassik asarlar yozilsa, kitobxonlar ko‘payardi. Millatning saviyasi oshardi”, degan fikrga ham unchalik qo‘shilmayman. Chunki har bir millatning ijodiy kayfiyat davri bo‘ladi. Masalan, bitta odamning bir kunlik kayfiyatini olib ko‘raylik. U yigirma to‘rt soat ichida bir necha xil kayfiyatda yuradi, ishlaydi, yashaydi. Shunday paytlar bo‘ladiki, odamning doim meva yegisi keladi, gohida faqat non iste’mol qilishni istaydi yoki kim bilandir janjallashishni, kimgadir yaxshilik qilishni xohlaydi. Bu — zohiriy mayllar. Kitob inson ruhini oziqlantiradi.

Kishida ijodiy kayfiyat doim ham tug‘ilavermaydi. Masalan, o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida ko‘pchilik Abdulla Qodiriyning asarlarini yoddan bilgan. Bu, albatta, texnikaning yo internetning yo‘qligi bilan bog‘liq emas. To‘g‘ri, ular ham kitob o‘qilmayotganiga qisman sabab bo‘layot­gandir. Lekin bolaga o‘zga ayol ona bo‘lolmaganidek, kitobning o‘rnini boshqa narsa bosolmaydi.

— Darsga kelmagan talabalaringizga jazo sifatida jahon adabiyoti durdonalarini o‘qib kelishni buyurasiz. Sizning-cha, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan har bir inson qaysi kitoblarni mutolaa qilgan bo‘lishi shart?

— Boya aytganimday, odamni kitob o‘qishga majburlash mutolaani ommalashtirishda omil bo‘lishi mumkin, lekin hech qachon asos bo‘lolmaydi. Negaki, baribir unda ijodiy kayfiyat bo‘lishi kerak. Ijodiy kayfiyatni esa tor ma’noda tushunmaslik zarur. Bu ilohiy bir jarayon. Aytaylik, katta bir daryodagi suvni bitta odam to‘sishga harakat qilayapti. Tabiiyki, u daryoning juda oz qismini tambalaydi. Bu bilan daryoga katta ta’sir ko‘rsatib bo‘lmasligini aytmoqchiman. Shu ma’noda adabiyotda katta-katta oqimlar, voqeliklar bo‘ladi. Ularni bir kishining sa’y-harakatlari bilan o‘zgartirish, boshqa tomonga burib yuborish mumkin emas. Lekin jadidlar davri, undan oldinroq esa ma’rifatchilar davrida guyoki ularning harakati tufayli millatning hayotida o‘zgarishlar bo‘ldi, deyishadi. Aslida bu jarayon qanday sodir bo‘lganini, millat hayotida qanday iz qoldirganini to‘liq bilmaymiz. Agar bir ijodkor millatda biror adabiy oqim paydo bo‘lgan paytda tug‘ilsa, u daho bo‘lishi mumkin. Aks holda mingta daho tug‘ilaversin, ular oddiy insonlar qatori hayot kechirib, ajali yetganda dunyodan o‘tib ketaveradi.

— Boshlang‘ich sinfda o‘qiyotganimda sinfimizdagi ko‘pchilik o‘quvchilar ertak kitoblarni sevib o‘qirdi. Ammo yillar o‘tgani sari ular orasida kitob mutolaasi bilan shug‘ullanuvchilar juda kamayib ketdi. Tushunishimcha siz hozir aytganingizdek yoshligimizda bizda ijodiy kayfiyat bo‘lgan. Lekin bu holat hammamizda bir umr saqlanib qolmadi-ku?!

— Bu yerda gap butun millatning hamma qatlami haqida ketmayapti. Adabiyot hech qachon ko‘pchilik tomonidan bir xil o‘qilmagan yo hamma o‘qishi ham shart bo‘lmagan. Nega ommaviy tarzda kitoblar mutolaa qilinishi kerak?! Agar biror asar yaratilsa, uni hamma o‘qishi kerakmi?! Agar boshlang‘ich sinfda hamma ertak kitoblarni o‘qib, hozir ular mutolaa bilan shug‘ullanmayotgan bo‘lsa va o‘sha o‘qimayot­gan bolalar to‘qson besh foizni tashkil etsa, bu — tabiiy hodisa. Millatga nisbatan ham shu gapni aytish mumkin. Kitobxonlik darajasini ham shunday baholash kerak.

— Ammo sizni talabalarni majburlab kitob o‘qitadi, deyishadi-ku...

— Bu tamoman boshqa narsa. Universitetlarda tahsil olayotgan talabalar millatning nisbatan kam qismini tashkil etadi. O‘z o‘rnida ular ma’naviy yukli odamlar hisoblanadi.

Talabalar jamiyatning eng oldi qismi bo‘ladi. Shuning uchun ularni majburlab kitob o‘qitaman. Ammo yana bir narsa bor. Aytaylik, dehqonning o‘nta farzandi bor. U har kuni qo‘liga tayoq olib, bolalarini majburlab o‘qitsin, baribir foydasiz. Farzandlari orasidan chiqsa bitta adabiyotga qiziqadigani chiqadi. Ўki umuman chiqmasligi ham mumkin. Chunki bolalar hech narsani tushunmaydi, ular shunchaki otasidan qo‘rqqani uchun kitobga termulib o‘tiradi. Bu bilan ularda adabiyotga hurmat, qiziqish uyg‘otish qiyin.

— Bugun xoh jahon adabiyoti, xoh o‘zbek adabiyoti misolida ko‘ring, juda ko‘plab asarlar yaratilayotganining guvohi bo‘lamiz. Shuningdek, bizgacha yaratilgan ko‘plab asarlar ham bor. Bir qarashda bu ijobiy hol. Ammo sayoz kitoblarning ko‘payib ketishi o‘quvchini chalg‘itadi. Shunday ekan, kitobxon ular orasidan noyob asarlarni tanlab mutolaa qilish uchun nimalarga ahamiyat berishi kerak?

— Bu masalada ko‘pchilik haqida gapirish qiyin. O‘zim esa kayfiyatimga qarab, ruhiyatimga mos tushgan kitob­larni o‘qiyman. Masalan, qo‘lingizga biror kitobni oldingiz deylik. U o‘qiladimi yoki o‘qilmaydimi buni siz ham, miyangiz-u, hatto tajriba, bilim va yoshingiz ham hal qilmaydi. Chunki kitob mutolaasiga nisbatan aqldan tash­qari boshqacha bir munosabat bor.

Hammasini o‘sha narsa hal etadi. Asarni oxirigacha o‘qiysizmi yoki yo‘q bu qanday kitob tanlashingizga bog‘liq. YAna bir qiziq narsa bor. Shunday paytlar bo‘ladiki, men o‘ta murakkab kitoblarni o‘qigim keladi. Ba’zida aksi bo‘ladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kitob tanlashni ham kayfiyat hal etadi. Ustozlarimning (ayrimlari olamdan o‘tib ketishgan, ularni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) kutubxonalarida o‘n minglab kitoblar bor edi. Har safar u yerga borganimda juda ko‘plab kitoblarning biror marta ham ochilmaganini ko‘rardim. Endi o‘ylab ko‘ring: ularni o‘sha kitob­larni o‘qimagani uchun ayblashimiz kerakmi? Hayoti davomida bitta kitobga yuz marta murojaat qilgan-u, boshqasini mutolaa qilishga urinib ham ko‘rmagani uchun ularga malomat qilolmaymiz-ku! Kitob javoningizda bir kitob turaveradi. O‘shani qachondir o‘qishim kerak, deb niyat qilib qo‘yasiz. Ammo o‘n yillab, balki bir umr uni o‘qimasligingiz mumkin.

Men Yozuvchi Tomas Manni juda yaxshi ko‘raman. Uning “Doktor Faust” degan asarini tarjima qilayapman. Lekin mana shu kitobni o‘n besh yilcha qo‘limga ololmagandim. Mana oradan shuncha vaqt o‘tib menda shu asarni mutolaa qilish kayfiyati tug‘ildi va shu bilan birga uni tarjima qilish niyati ham paydo bo‘ldi. O‘ylaymanki, kitobning rangi, yozilishi va tilidan tash­qari, u bilan insonni bog‘laydigan ilohiy bir munosabat bor.

— Universitetga kirgunimcha ayrim adiblarimizning asarlarini sevib mutolaa qilardim. O‘sha paytlarda men uchun dunyoda ulardan zo‘rroq Yozuvchi yo‘q edi. Talabalik yillarimda esa Abdulla Qodiriy, Asqad Muxtor, Murod Muhammad Do‘st, Shukur Xolmirzayev, Xayriddin Sultonov, Tog‘ay Murodlarni kashf etdim. So‘ng boshqa asarlarning yaxshi yoki yomonligini ularning asarlari bilan taqqoslaydigan bo‘ldim. Shundan bo‘lsa kerak, bugun ko‘pchilik tomonidan sevib mutolaa qilinayotgan ayrim kitoblarni varaqlash ham malol keladi.

— Ha, har kim o‘z bilim darajasidan yo qiziqishidan kelib chiqib, kitob mutolaa qiladi, hatto o‘zidan kelib chiqib gazeta-jurnal o‘qiydi. Jilla qursa axborot olish uchun ham matbuot nashrlarini bir marta varaqlab chiqadi. Ammo yuksak darajadagi kitoblarni bugun millatning hatto bir ­foizi o‘qiyotgan bo‘lsa ham, demak, o‘sha asarlar o‘qilayapti, deyish mumkin. Agar odamlar o‘sha kitob­larning mutolaasiga sho‘ng‘igan bo‘lsa ham xalqimiz kitobsevar bo‘lib ketibdi, deb quvonish kerak emas. Ўki jiddiy badiiy asarlarni o‘qimasa, millat kitob o‘qimay qo‘ydi, deyish ham noto‘g‘ri.

Kitoblarni tanlab o‘qish haqida yana bir gapni aytib o‘tishni istardimki, ziyolilarimizning eng katta xatosi — jurnalist yo Yozuvchining texnika, ximiya, fizika, ast­ronomiya haqidagi kitoblarni o‘qimasligidir. Nima uchun filolog antrapologiya, geologiyani mutolaa qilmasligi kerak? Masalan, mikrofizika degan soha bor yoki kvant fizikasi paydo bo‘lib Eynshteynning qonunlarini yo‘qqa chiqardi. Bu jarayon juda qiziq bo‘lishi barobarida juda katta ilm maydoni. Bu kitoblarni faqat olim o‘qisagina tushunadi. Lekin filolog va jurnalistning ham uni o‘qishi, tushunishi hamda ular haqida bilishi shart emasmi? Agar Yozuvchining diapozoni mana shu darajada bo‘lsagina, uni o‘rta darajadagi ijodkor deyish mumkin.

Hamma “Yozuvchilarimiz yaxshi asarlar yarata olmayapti”, deb gapirayapti. Avvalo, hayot shunday ulkan ummonki, uning butun borlig‘ini ko‘rib bo‘lmaydi. Yozuvchi geologning ishini o‘rganib, fizikning faoliyatini kuzatishga ulgurmasligi mumkin. Hayot insonga o‘lchab berilgan. Shunday ekan, Yozuvchi hech bo‘lmasa ularni kitoblardan o‘qib o‘rganishi kerak. Asar yozayotganida, albatta, qaysidir joyida matematika, qaysidir joyida esa ximiya kerak bo‘ladi. Men Dino Butssatiyning “Eynshteyn bilan Iblis” degan kichkina asarini tarjima qildim. Asarda shunday terminlar borki, ularni tushunish juda qiyin. Uni tarjima qilishga qildim-u, mazmun-mohiyatini chiqara olmadim. Kuchli muharrirlar bilan birga ham ba’zi so‘zlarning mohiyatini ochib berolmadik. Negaki, biz fizikani bilmasdik. Bu masalaning birinchi tomoni. Masalaning ikkinchi tomoni fizika yoki boshqa soha professorining adabiyotni o‘qimasligi juda katta fojia. Bu nafaqat uning, balki butun millatning fojiasidir. Ana shu tomonlarni hisobga olib, ularga talab qo‘ysak ham bo‘ladi. Universitetlarda filologiya va jurnalistika fakultetlaridan tashqari boshqa fakultetlarda ham adabiyot darslari o‘qitilsa yaxshi bo‘lardi. Buning uchun, albatta, rahbarlar ham adabiyotga qiziqqan bo‘lishi kerak. Alisher Navoiy davrida Husayn Boyqaro she’rlar yozgan. Adabiyot Husayn Boyqaroning boshqa ishlariga ham xalaqit bermagan, aksincha foyda keltirgan. Eng asosiysi, adabiyotga qiziqqan odam hech qachon yomon ish qilmaydi. Yozuvchiga fizika kasb taqozosiga ko‘ra kerak bo‘lsa, fizikning adabiyotni bilmasligi uni ma’naviy qashshoqlikka olib keladi. Adabiyot hayot darsi, insonni tarbiyalaydi. Insonning ruhi tarbiyalansa, dunyoda urush ham, o‘g‘irlik ham bo‘lmaydi.

— Domla, masalaning boshqa jihati ham bor. Jadidchilik harakatining namoyandalaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy “Teyotr ibratxonadur” degan edi. Zamonamizning taniqli rejissiyorlaridan biri esa “Teatr axloqi yo‘qlarga axloq o‘rgatolmaydi, chunki axloqsizlar teatrga kelishmaydi” deydi. Xuddi shu fikrlarni adabiyotga nisbatan ham qo‘llash mumkin. YA’ni adabiyot keng ma’noda odob o‘rgatuvchidir, ammo odobsiz kishi kitob mutolaa qilarmikin?

— Paradokslar doim o‘zini oqlayvermaydi. Adabli odam kitob o‘qiydi deyish, bilmadim, qanchalik to‘g‘ri. Sharq dunyosida yaratilgan aksariyat badiiy asarlarning qimmati qay darajada adab berishi bilan belgilanadi. Adab berish deganda tanbeh yoki nasihat berish deb tor ma’noda tushunsak asarlar zerikarli bo‘lib qoladi. YA’ni nasihatguylikka o‘xshab qoladi. Etikaning ham darajasi bor. Agar adabiyot maishiy kundalik yumushlardan iborat bo‘lib qolsa, o‘quvchini tarbiyalay olmaydi. O‘z navbatida tarbiyalayot­ganini bildirib ham qo‘yadi. Agar siz tarbiyalayotganingizni kitobxonga bildirib qo‘ysangiz, uni hech qachon tarbiyalab bo‘lmaydi. Aslida bu ishni bildirmasdan qilish kerak. Chinakam etika singdirilgan adabiyotda nasihat borligini ham, kishini tarbiyalayotganini ham kitobxon sezmaydi. Shuning uchun siz qahramonning ahvoliga yig‘laysiz yo undagi ruh sizga ham ko‘chganini sezmay qolasiz. O‘sha asar sizni qulog‘ingizga karnay bilan nasihat qilgandan ko‘ra, yuksakroq tarbiyalaydi. Shu bois ajdodlarimiz adabiyotni doim baland qo‘yishgan.

Yana bir gap: matbuot ham ma’lum ma’noda ma’naviyatning tar­g‘ibotchisi. Shunday ekan, gazeta yoki jurnallar har sonida “Qutadg‘u bilig”dan parchalar berib borsa, yaxshi bo‘lardi. Ўki o‘sha asar haqida kitoblar yozilsa, seriallar va multfilmlar ishlansa ham maqsadga muvofiq bo‘lardi. Nima uchun yevropaliklar o‘zining botiniy e’tiqodlarini multfilm qilib, bolalarimizga singdiradi-yu, biz adabiyotga yo‘g‘rilgan iymonimizni efirga olib chiqolmaymiz! Mana shu masalaga jiddiy e’tibor qaratish kerak.

— Xabaringiz bor, o‘tgan yili Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari hozirgi o‘zbek tiliga moslandi, tabdil qilindi. Bu narsa yurtdoshlarimizga ushbu tarixiy-memuar kitobning mazmun-mohiyatini to‘liq anglashda katta yordam berishi shubhasiz. Ammo xalqimizning juda ko‘plab boshqa mumtoz asarlari mutolaasiga kelsak, bu haqda ijobiy fikr bildirish biroz qiyinroq. Kitobxon asarni tushunishda qiynalgani uchun o‘qimasa, uni kitobsevar emaslikda ayblashga haqlimizmi?

— Fikringizga qo‘shilaman. Umuman olganda, XX asrgacha bo‘lgan adabiyotimizni xalqimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘la tushunmaydi. Bu katta muammo, albatta. Bizda ham sharh va shorih degan tushunchalar juda qadim zamonlardan bor. Shorihlar tomonidan mukammal asarlar sharhlab kelingan. Hech qachon zo‘r asarlar odamlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib bormagan. Shu ma’noda ajdodlarimiz asarlarini sharh qilish kerak, degan fikrga qo‘shilaman. Lekin bu borada shorihning mas’uliyati nihoyatda katta. Chunki kitob to‘g‘ri sharhlanmasa, asar, shorih va o‘quvchi orasidagi munosabat salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Azim Ro‘ziyev suhbatlashdi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.