Jahon ommaviy axborot vositalari dunyo mamlakatlari madaniy hayotiga doir yangiliklarida Moskva shahrida shu yil 10-11 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan “Kitob san’ati” uchinchi xalqaro tanlovi natijalarini keng yoritdilar. O‘zbekiston Respublikasi uchun eng katta yutuq shunda bo‘ldiki, talabchan hakamlar hay’ati G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Boqiy satrlar” turkumida nashr etilgan Hazrat Alisher Navoiy “Xamsa”sining besh kitobiga birinchi o‘rinni berib oltin medalga loyiq topdilar.
Jahon ommaviy axborot vositalari dunyo mamlakatlari madaniy hayotiga doir yangiliklarida Moskva shahrida shu yil 10-11 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan “Kitob san’ati” uchinchi xalqaro tanlovi natijalarini keng yoritdilar. O‘zbekiston Respublikasi uchun eng katta yutuq shunda bo‘ldiki, talabchan hakamlar hay’ati G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Boqiy satrlar” turkumida nashr etilgan Hazrat Alisher Navoiy “Xamsa”sining besh kitobiga birinchi o‘rinni berib oltin medalga loyiq topdilar. Muxbirimiz ushbu nashr uchun “Xamsa” dostonlarini arab yozuvidan lotin yozuvida nashrga tayyorlagan matnshunos Vahob Rahmonov bilan shu voqea xususida suhbat qildi.
— Istiqlol yillarida O‘zbekistonning sport va madaniyat sohasidagi yutuqlari juda samarali bo‘lmoqda. Ayniqsa, Alisher Navoiy ijodiyotining buyuk kulliyoti — “Mukammal asarlar to‘plami”ning yigirma jildining nashr etilishi turkiylar olamidagi eng yirik va mukammalligi bilan jiddiy madaniy voqea bo‘ldi.
Oradan uch yil o‘tar-o‘tmas yana Alisher Navoiy ijodining gultoji — “Xamsa” dostonlarining besh kitobda ohorli bichimlardagi salmoqli nashri xalqaro kitobchilikda O‘zbekiston dovrug‘ini taratdi: nashr xalqaro tanlov oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Vahob aka, bu oliy yutuq G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi jamoasi, ma’muriyati, olimlarga, jumladan Sizga muborak bo‘lsin.
Yanglishmasam, bu nashr Alisher Navoiy asarlarining lotin yozuvidagi ilk namunalaridan bo‘lsa kerak?
— Ha. Bundan ilgariroq yangi yozuvda Alisher Navoiyning “Vafo qilsang” nomli g‘azallar to‘plami va “Lison ut tayr” dostonining asli va nasriy bayoni 2004-2005 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan edi.
— Menimcha, har bir yangi yozuv shug‘ullanayotgan xalq uchun naqadar sinov manbai bo‘lsa, mumtoz shoirlar asarlari nashri uchun ham shunday bo‘lib chiqadi. To‘g‘ri arab yozuvidan 1947 yilda Sadriddin Ayniy qisqartirib nashrga tayyorlagan kiril yozuvidagi “Xamsa”, ayniqsa, 1959-1960 yilgi “Xamsa”ning ikki mukammal nashri xalqimiz hayotidagi sezilarli adabiy hodisa edi.
Mazkur, lotin yozuvidagi nashr ham O‘zbekiston uchun shunday madaniy hodisadir. Biz kitobxonlar ilmiy tanqidiy matn nima va undan nashrga tayyorlash jarayonlarini tasavvur etishimiz qiyin. Nari borsa, kirill matnini lotinga kompyuter juda tez aylantirib beradi, degan xayoldamiz. Sizga birinchi savol: ilmiy-tanqidiy matn degani o‘zi nima? U qanaqa kitob va u qanday tayyorlanadi.
— “Xamsa” dostonlari ilmiy tanqidiy matnlarini buyuk matnshunos olim Porso Shamsiev yaratganlar. “Layli va Majnun” dostonini professor G‘ulom Karimov va “Saddi Iskandariy” dostonini professor Mavjuda Hamidova tayyorlashgan. Ilmiy tanqidiy matn yaratuvchi olim biror kitobni tayyorlamoqchi bo‘lsa: o‘sha asarning barcha qo‘lyozma, toshbosma va boshqa nusxalarini saralab yig‘adi. Nisbatan qadimiyroq va eng mukammal bir nusxani asos qilib oladi-da, boshqa nusxalarning hammasiga (10-15 nusxa bo‘lishi mumkin) so‘zma-so‘z qiyoslab, sezilgan farqlarni asosiy matn hoshiyalarida birma-bir qayd etib boradi. Farqlar: bir so‘zning boshqa so‘zga almashingani, tushib qolgani yoki so‘z orttirilgani, hatto birikma va gap qo‘shilgani yoki tushirilgani, teskari ma’no beruvchi so‘z bilan ifodalangani kabi holatlar bo‘lishi mumkin.
Ilmiy tanqidiy matn arab yozuvida yaratiladi.
Ommaviy nashrlar yoki akademik nashrlar imkon qadar ilmiy tanqidiy matn asosida tayyorlansa, ishonchli hisoblanadi. Chunki nashr ilmiy tanqidiy matn yuzasidan tayyorlanmasa — ishonchsizroq sanaladi. Buni tasavvur etish uchun turli yillarda nashr etilgan “Hayrat ul abror” dostonidagi bir baytning to‘rt-besh xil ekanligini misollarda kuzataylik.
1947 yilgi “Xamsa”dan:
Tuz ko‘runur mehr chu turg‘on suda,
Egri bo‘lur ishtidod urg‘on suda.
1960 yilgi “Xamsa”dan:
Tuz ko‘runur mehr chu turg‘on suda,
Egri bo‘lur ishtarak urg‘on suda. (92)
1972 yilgi “Navoiy asarlari lug‘ati”dan:
Tuz ko‘runur mehr chu turg‘on suda,
Egri bo‘lur ushturak urg‘on suda. (629)
Navoiy “Asarlar” 6-jild “Hayrat ul abror” 1965 yil:
Tuz ko‘runur mehr chu turg‘on suvda,
Egri bo‘lur ishtarak urg‘on suvda. (125-bet)
Ilmiy tanqidiy matn shunday harxillikni oldini olib, bir xil xulosaviy matn tarzida yaratilishi bilan muhimdir.
— Ilmiy tanqidiy matn asosida nashrga tayyorlangan akademik nashrlarni sahih — ya’ni eng ishonchli deb qarasa bo‘ladimi?
— Aslida ilmiy taomilda shunday bo‘lmog‘i kerak. Taassufki, amaliyotda ko‘pincha shunday bo‘lib chiqmaydi.
— Nega?
— Aftidan buning quyidagicha mantiqiy asoslari bor:
1. Ilmiy-tanqidiy matn arab yozuvidan ko‘chirilgani va bir kishi mehnati natijasi bo‘lgani uchun u sahih matn bo‘la oladi.
2. Ilmiy-tanqidiy matndan kirill yoki lotin yozuviga ko‘chirilsa — jarayon murakkablashadi. Chunki arab yozuvida shakli bir xil, biroq ma’nolari har xil — ya’ni boshqa-boshqa so‘zlar juda ko‘p. Nashrga tayyorlovchi sal ziyrakroq bo‘lmasa jo‘n “vird” (takrorlash) so‘zini atoqli ot “Vard” holida o‘qib yuborishi hech gap emas.
Chunonchi “Hayrat ul abror”ning ilmiy tanqidiy matnidagi ushbu baytni:
Somkim adl qildi, vird, qani?
Mazhari zulm — Yazdijird qani?
Shu ilmiy tanqidiy matnni tuzgan olimning o‘zi “Xamsa”ning 1960 yilgi nashrida baytni quyidagicha ko‘chirgan:
Somkim adl qildi. Vard qani,
Mazhari zulm Yazdjard qani?
Qiyoslang qanday katta farqlar ko‘zga tashlanadi! Buning sababi “Vird” va “Vard” so‘zlarining arab yozuvidagi shakldoshligidadir.
— Bu xatoni keyingi yillardagi nashrga tayyorlovchilar tuzatganlarmi?
— Taassufki — yo‘q: “O‘zbek adabiyoti bo‘stoni” turkumidagi “Sab’ai sayyor”da ham, Alisher Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami”ning o‘ninchi jildida ham bayt:
Somkim adl qildi, Vard qani,
Mazxari zulm Yazdjard qani?
tarzida e’lon qilingan...
— Keyingi nashrga tayyorlovchilar matnni Porso Shamsiev tayyorlagan 1959-1960 yilgi “Xamsa”dan ko‘chirganlarmi? Nega xato tuzatilish o‘rniga takrorlanadi, axir? Siz ilmiy-tanqidiy matnda to‘g‘ri yozilgan dedingiz-ku?
— Barcha keyingi nashrga tayyorlagan olimlar kitob boshida “Porso Shamsiev tuzgan ilmiy-tanqidiy matn asosida nashrga tayyorlandi”, deb yozishgan...
— Shunday xatolarning aynan takrorlanishi tasodifiy holatmi yoki asosan qaytarilaverganmi?
— Harqalay xatolarning bir xil takrori yuzlab marotaba kuzatildi.
— Demak... Keyingi nashrlarning ilmiy-tanqidiy matn asosida tayyorlanmaganiga yetarli asoslar bor... Shundaymi?
— ...
— Yana shunday jiddiy xatolar takroriga misollar keltira olasizmi?
— Eng qaltis nuqsonlardan biri “qalbgoh” (jangga saf tortgan lashkarning shoh turadigan o‘rni) “kalbgoh” “itxona” tarzida o‘qilishida sodir bo‘lgan:
Ilmiy-tanqidiy matndan ko‘chiramiz:
Ne ajab bo‘lsa ko‘ngul o‘rnig‘a shoh,
Chunki erur shoh yeri qalbgoh. (180-bet)
“Xamsa”ning 1960 yilgi nashridan iqtiboslaymiz:
Ne ajab o‘lsa ko‘ngul o‘rnig‘a shoh,
Chunki erur shoh yeri kalbgoh. (131-bet)
Endi shu matnni Navoiy asarlari yigirma jildligining yettinchi jildidan ko‘chiramiz:
Ne ajab o‘lsa ko‘ngul o‘rnig‘a shoh,
Chunki erur shoh yeri kalbgoh. (307-bet)
Nashrlar matniga ishonsak, shohning yashash joyi kalbgoh — itxona bo‘lib chiqadi...
Ikkinchi bir jiddiy nuqson: “Kasr” (kishilar tizilib o‘tirgandagi eng pastki, quyi o‘rin — poygak) so‘zi “qasr” tarzida nashr etilgan. “Xamsa” (1960 y.) yilning 41-betidan:
Qasr harimida maqom ayladi,
Ajzu tahayyurga qiyom ayladi.
Navoiy asarlari yigirma jildligi yettinchi tomining 77-betidagi bayt ham ana shu nuqsonli misralarni aynan takrorlaydi:
Qasr harimida maqom ayladi,
Ajizu tahayyurg‘a qiyom ayladi.
Vaholanki, mashhur matnshunos Porso Shamsiev tuzgan “Hayrat ul abror”ning ilmiy tanqidiy matnidan shu baytni ko‘chirsak:
Kasr harimida maqom ayladi,
Ajzu tahayyurg‘a qiyom ayladi. (45-bet)
Bunday misollarni, ya’ni jiddiy nuqsonli baytlarni “Xamsa”ning har bir dostonining ilgarigi nashrlaridan o‘nlab emas, yuzlab ko‘rsatishimiz mumkin. Bu holat O‘zbekistonimizda matnshunoslik ahvolining g‘aribligi, matnshunoslik tanqidining yo‘q darajada ozligi bilan izohlanadi. Nuqson bundagina emas, balki olimlarimizning matn tanqidi — sahihlik uchun kurashni ilm baxti deb emas, balki shaxsiy adovat deb tushunishlaridadir. Ko‘pchilik olimlarimizning e’tiqod tushunchalari: “Mumtoz asarlarda minglab xato ketsa... menga nima? Buni aytsam falonchilar ranjiydilar, so‘ng guruhlashib mening ildizimni quritadilar-a. Hay-hay! Yopiqliq qozon yopiqligicha qolaversin!” tarzidadir.
Mumtoz adabiyotimiz nashrlari sohasidagi sernuqsonlilikni hamma olimlar biladilar, illo aytmaydilar. Buni ochiq aytishga botingan mard esa maydonda ayrimlarga ig‘vogar, g‘alamis bo‘lib ko‘rinadi.
“Men senga tegmayman, sen menga tegma” tamoyilida matnchilik va matnshunoslik nazariya hamda amaliyoti yashamoqda... Bora-bora bu tamoyil nimaga keltiradi? Chalasavodlikka, ilmdagi haqiqatni tan olmaydigan bosh-boshdoqlikka olib keladi, xolos.
— Vahob aka, Alisher Navoiy “Xamsa”sining besh kitobini asosan siz Porso Shamsiev tuzgan ilmiy-tanqidiy matndan lotin yozuvida nashrga tayyorlagansiz. Shu mehnatingiz jarayonini batafsil aytib bersangiz.
— “Xamsa”ning besh kitobini arab yozuvidagi ilmiy-tanqidiy matndan so‘zma-so‘z, harfma-harf lotin yozuviga ko‘chirib chiqdim. Garchi o‘zimga nisbatan ishonchim, idrokimga nisbatan tayanchim bo‘lsa-da, o‘z nuqsonlarimdan, boshqa nashrga tayyorlovchilar yutuq va kamchiliklaridan mukammal xabardor bo‘lish uchun shu besh dostonni “Xamsa”ning 1960 yilgi nashriga, Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami”ning 7-11 jildlariga so‘zma-so‘z, misrama-misra, baytma-bayt sinchiklab qiyoslab chiqdim. Shunda ham har bir dostonda o‘zim sezgan o‘nlab muammolar qoldi. O‘shalarni zora hal qilsam degan umidda 30-90-yillar orasida bosilgan “Xamsa”ning lotin va kirill yozuvidagi alohida nashrlarini topib, o‘sha muammoli o‘rinlarni kuzatdim.
Hech hal bo‘lavermagan baytlarni shaxsiy kutubxonamdagi aziz do‘stim Abdujabbor Esonov sovg‘a qilgan Navoiy kulliyotiga qayta-qayta murojaat etdim.
Ishni o‘zimga ko‘paytirganim mening ilmdagi qo‘rqoqligim emas, balki mumtoz daho shoir so‘zi mas’uliyati oldidagi vazifam tufaylidir.
Shunda ham o‘zimcha to‘la hal bo‘lmagan muammolarni ulug‘ ustoz va hamkasblardan: akademiklar Alibek Rustamov, Aziz Qayumov, professorlar Abduqodir Hayitmetov, Abdurashid Abdug‘afurov, Ibrohim Haqqulov, Saidbek Hasanov, matnshunos Mahmud Hasaniy, donishmand ustoz Yoqubjon Ishoqov, hatto ayrim ziyrak shogirdlardan ham so‘rab surishtirdim. Jumladan, Alibek Rustamovning uylariga ham bordim, metro vagonida ham so‘radim. Mahmud Hasaniy ishxonalariga — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondiga imdod so‘rab bordim.
— Siz tayyorlagan besh doston bilan “Xamsa” dostonlarining sobiq nashrlari orasida qanday farq bor?
— Bu sohada Ustoz Porso Shamsievni istisno qilaman. Ular qo‘l yetmas — namuna. Boshqa noshirlarga kelsak, men — qo‘rqoq ehtiyotkor, boshqalar — yurakli va botir.
— Ular xato qilishdan qo‘rqmaydilarmi?
— Ularga ikkita dalda bor:
Birinchidan, bu kitobni oz odam o‘qiydi:
Ikkinchidan, hech kim menchalik bilmaydi. Nusxamdan xato chiqmaydi deb o‘ylab o‘zlarini xotirjam qiladilar.
Uchinchi dalda ham bor: “Mening xatomni ko‘rsatadigan mard chiqib qolsa-chi... unda o‘zidan ko‘rsin!”
Ana shu xayollar bandalari, ulug‘lik bandalari olimlar safida oz emas.
— Vahob aka, Siz tayyorlagan “Xamsa” dostonlari bilan avvalgi nashrlarning eng jiddiy farqlarini aytsangiz.
— Birinchisi: Bu mutlaqo yangi — lotin yozuvida amalga oshirildi. “Mutlaqo yangi” deganimning boisi bor: bu yozuv — 30-yillarda o‘n yil amal qilgan lotin yozuvidan jiddiy farq etadi. Oldingi nashrlarning asosiy qismi — kirilda amalga oshirilgan.
Ikkinchisi: agar tinish belgilari, so‘z har xilliklari, so‘z uzishlar, so‘zni xato o‘qishlarning hammasini nuqson hisoblasak, ilgarigi nashrlardagi kitoblarning har birida o‘nta, yuzta emas, mingta va undan ko‘proq xatolar sodir qilingan edi. Ana shu xavfli maktab — menga saboq bo‘ldi. Va imkon qadar Alisher Navoiyga sadoqatli kotib bo‘lishga harakat qildim. Chunki chumoliga ozor bermaydigan Alisher Navoiy shunchaki kotiblarga nisbatan shunchalik qattiqqo‘l bo‘lsalar:
G‘alat bitir kotib bobida qalam surmagu
Qorasining g‘alatin yuziga kelturmak
Falon kotib ar xatni mundoq yozar,
Bu mansabdin ani qo‘pormoq kerak.
Yuzin nomasidek qora aylabon,
Qalamdek boshin dag‘i yormoq kerak.
Qoradin qorag‘a beribon uloq,
Qalamravdin ani chiqormoq kerak.
Bir kitobni buzgan kotibga bunchalik jazoni loyiq ko‘rsalar... O‘n, yuz minglab nusxaga asos matn tayyorlovchi — ya’ni tanqidiy matndan asarni nashrga tayyorlovchi olimga nisbatan (agar u minglab xatolarga kitoblarda yo‘l qo‘ysa) qanaqa jazolar ko‘rgan bo‘lur edilar?
Meni ana shu jazo cho‘chitadi emas, qo‘rqitadi! Qo‘rqitadi emas, vahimaga soladi! Shu ma’noda men o‘zimni qo‘rqoq deb hisoblayman.
— Yuqoridagi bir fikringizga qiziqib qoldim. “O‘z tayyorlagan nusxamni boshqalarnikiga qiyoslab o‘z nuqsonlarimni, boshqa noshirlarning yutuq va kamchiliklarini to‘liq o‘rgandim”, dedingiz. Shuni izohlab bersangiz.
— Navoiy asarlarini boshqa yozuvda nashrga tayyorlash ko‘p muammolarni yuzaga chiqaradi. Negaki arab yozuvida shakli bir xil bo‘lgan so‘zlar har xil o‘qiladi. Chunonchi qo‘lyozmalarda pir, bir, har bir xil yoziladi! Shuning uchun ko‘pincha olimlar, “bahr”ni “hajr” deb ko‘chiradilar. Bunday so‘z shakldoshligi tuzog‘iga mubtalo bo‘lmaslik uchun noshirdan kuchli idrok, bilim, zako, tajriba, uslubshunoslik fazilatlari talab qilinadi. Men ham odamman. Mening ham idrokim hamisha ham olmosday keskir bo‘lavermaydi. Matnning qaysidir bir so‘zini boshqa olim to‘g‘riroq o‘qigan bo‘lsa, qoyil qolib o‘z xatomga ichimda iqror bo‘laman. Shunga aqlim yetmaganiga xijolat tortaman. Agar boshqa olim matnida biror so‘z xato o‘qilgan bo‘lsa-yu, men to‘g‘ri ko‘chirgan bo‘lsam, Xudoga shukr qilaman. O‘ta qo‘pol xato kuzatsam, “Nahotki?!” deb yuborganimni bilmay qolaman. Chunki boshqa barcha noshirlar shaxsini men o‘z shaxsimdan yuqori deb bilaman.
Navoiy olimlar va kitobxonlarga nisbatan sinovchanlikda shafqatsiz san’atkordir. Men biror baytni tushunolmasam yoki boshqa olimlarning shoir baytini noto‘g‘ri talqin qilganlariga duch kelsam xuddi daho adibimiz mening, bizning ustimizdan ermak qilib qah-qaha otib kulayotganday tuyulaveradi.
— Demak, olimlar ishlarida matnni xato ko‘chirishdan tashqari talqinda ham noto‘g‘ri fikr yuritish holatlari ham bo‘larkan-da?
— Yangi nashrdagi har bir kitobda dostonning ham asli, ham hozirgi o‘zbek tilidagi nasriy bayoni bo‘lgani uchun oz bo‘lsa-da, sobiq tabdillardagi ayrim nuqsonlarni esga olish foydadan xoli bo‘lmasa kerak.
“Hayrat ul abror” dostonidagi sher va durroj hikoyatida sher haqida yoziladiki:
Chun bo‘lur erdi bolalab zavqnok,
Mo‘r bolasin qilur erdi halok. (7-jild, 209-bet)
Shu baytning tabdili dostonning nasriy 1974 yilgi nashrida quyidagicha ifodalangan edi: “Sher har yili bolalab xursand bo‘lar va bolalari bilan o‘ynashib, chumolilarning bolalarini tutib o‘ldirar edi”.
Keyinchalik, 2002 yilgi 9-sinf “Adabiyot” darsligida shu bayt shunday talqin etildi:
“U bolalagan bo‘lib, ular o‘yinidan zavq olar, oyoqlari ostida esa chumoli bolalari halok bo‘lar edi”. (41-bet)
Bunday talqinlardan Alisher Navoiyning ichagi uzilguday kulsa ajab emas, chunki bu talqinlar oddiy maktab o‘qituvchisi talqini emas, balki adabiyot ilmi mutaxassislarining talqinlaridir.
Navoiyning baytini quyidagicha nasriy bayon qilish lozim edi: (Sher) bolalab zavqlarga to‘lganida chumolilar uning bolasini talab halok qilardi.
Nozik sir shundaki matnda “Mo‘r bolasin” birikmasi ibhomli — mubhamlik san’ati qo‘llanilgan tuzoq qo‘yilgan edi. Chunki oddiy kitobxon “Mo‘r bolasin” — “Chumoli bolasini” deb tushunishga “haqli”. Ammo adabiyot olimlarining o‘ttiz yilda shu haqiqatni farq etmaganliklarini men izohlashdan ojizman.
“Hayrat ul abror” dostonidan boshqa bir talqiniga ham to‘xtalib o‘taylik. Asarning:
Bazmda soqiylar o‘lub jilvasoz,
Ahli g‘ino har sori dostonnavoz
baytini 1974 yilgi asar tabdili nashrida quyidagicha berilgan:
Bazmda soqiylar shirin so‘zlar aytib jilva qilardilar.
Boy-badavlat odamlar hiyla-nayranglar bilan mashg‘ul edilar.
Holbuki “Ahli g‘ino har sari dostonnavoz” misrasini shunday tabdil qilish mumkin: “Musiqachilar turli ohangda kuy chalar edilar” yoki “ashulachilar turli ohangda ashulalar aytar edilar”.
Bir baytda — bir xil manzara beriladi-da: bazmda — mayxo‘rlik va sozu navo bo‘ladi...
Demak, yangi nashrning uchinchi farqiga kelsak nasriy bayonlardagi nuqsonlar imkon qadar ozaytirilgan deyish mumkin.
Yangi nashrning to‘rtinchi bir fazilati zamonaviy kitobchilik san’ati — ya’ni dizayn bilan izohlanadi. Rassomlar Anatoliy Bobrov va Bahodir Jalolovlarning ilhomlari mevasi sifatida ohorli bichim va xilma-xil rasmlar bilan muqova va ichki matn qismining ta’minlanishi kitobga alohida joziba, ko‘rk bag‘ishlagan. Navoiy asarlarining hozirgacha bizda yaratilgan nashrlari bunchalik go‘zal va salmoqli muqovalanmagan edi.
Shuning uchun xalqaro kitob ko‘rgazmasi hay’ati qarorini eshitgan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyining direktori Mizrob Bo‘ronov: “Qanday baxtki, kitobchilikdagi oltin medal bizning Alisher Navoiymizga nasib etdi!” deya hayajonlarini yashira olmadilar. Zero bu kitobni bugungi navqiron yoshlarga shunday go‘zal va aslu tabdilni mukammal holatda yetkazish g‘oyasi shu kishida tug‘ilgan edi. Biz, olimlar va rassomlar go‘yo ana shu qutlug‘ niyatga qo‘shqanot berdik.
Mazkur nashr ahamiyatini quyidagicha izhor etish mumkin:
— “Xamsa” dostonlarining mazkur yangi sahihroq nashri olimlar va ilm ahliga, ziyolilarga mo‘ljalangan ishonchli nusxalardir.
— Keng kitobxon ommasi: maktab, kollej, litsey, gimnaziya o‘quvchi va talabalari idrokiga moslashgan kitoblar hamdir. Chunki har bir doston asliyati davomidan hozirgi o‘zbek tilidagi mukammal nasriy bayonlari ham berilgan. Tabdillarni akademik G‘afur G‘ulom, Navoiyshunos alloma Abduqodir Hayitmetov, professorlar Saidbek Hasanov, Mavjuda Hamidova va yaxshi qalam sohiblari — Inoyatulla Maxsumov va Naim Norqulovlar amalga oshirishgan.
— Vahob aka, so‘nggi savolim: Ushbu “Xamsa” dostonlari matni mutlaqo xatosiz, deya olasizmi?
— Bu o‘ta qaltis va jiddiy savolga javobim bor. Sir emaski, Navoiy asarlari nashri noshiri hech bo‘lmasa, uch-to‘rtta tilni, ayniqsa serlahja bo‘lgan turkiy tilni qadimdan Navoiy davrigacha bo‘lgan so‘zlarini to‘la-to‘kis bilishga mas’uldir. Biroq bir odam — hamisha o‘z yolg‘izligi va ojizligini “Xamsa”day muhtasham qasrday ulug‘ kitob oldida ochiq sezadi. Biroq ishni bo‘yinga olgan olim Haqdan va Hazrat Navoiyning o‘zlaridan imdod tilab ishga kirishadi.
Men o‘zgalarga nisbatan qanchalik talabchan bo‘lsam, o‘zimga nisbatan o‘n chandon talabchanman. Afsuski, ish ulug‘, o‘ta uzoq muhlattalab. Menimcha har bir doston ustida bir yil ishlash kerak edi. Holbuki, men nashriyot ehtiyojiga bo‘yinsunib bir yilda ushbu ishlarni yakunlashga majbur edim.
Shuning uchun nashrda xatolar ketgan bo‘lishi mumkin. Men o‘zim allaqachon besh doston asliyatini qayta o‘qib chiqib ulgurdim va bir necha xatolar topdim.
Bu nuqsonlar asosan tinish belgilarda va lotin yozuvining bizday yoshi ulug‘lar uchun anchalik qiyinligi tufayli (bir necha o‘rinda er — yer holida, el — yel holida bosilgan) sodir bo‘ldi. O‘ylaymanki, orzu qilamanki bu yangi yozuvdagi nashr saviyasi — nuqson va yutuqlari haqida yozishlariga ustoz va hamkasblarimizda imkon topilajak.
— Vahob aka, samimiy, batafsil suhbatingiz uchun minnatdorman.
Ismat XUDOYOROV
suhbatlashdi
"Hurriyat" gazetasidan olindi (2006).