Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov bilan suhbat
– Zuhriddin aka, suhbatimiz avvalida shuni ehtirom bilan aytib qo‘yay: Sizning matbuotdagi har bir chiqishingizni katta qiziqish bilan kutib oluvchi muxlislaringizdan biriman. Ayniqsa, ma’naviyat, til va adabiyotshunoslikka oid qator maqolalaringiz katta taassurot qoldirgan. So‘nggi paytlarda esa ma’rifiy mavzuda ham ancha-muncha maqolalar e’lon qildingiz. Rosti, siz bilan suhbat uyushtirishga ana shunday maqolalaringizdan biri turtki bo‘ldi. Gap “Sharq yulduzi” jurnalining 2011 yil 1-sonida chop etilgan “Tarix unutmaydi...” sarlavhali maqolangiz haqida. Keling, gapni ushbu maqola yakunidagi mulohazalardan boshlaymiz. Siz savol qo‘yibsiz: “...o‘tmishdagi hamma narsa “yopig‘liq qozon” bo‘lib qolaversa yoxud o‘zimiz bilittifoq yopib qo‘ya qolsak, unda qachon, nimadan ibrat olamiz?”
Darhaqiqat, “yopig‘liq qozon”ning ochilgani yaxshi. Ammo ayting-chi, sizningcha, bu “qozon”larni ochishda birlamchi tayanch manba nima bo‘lishi kerak?
– Men hamma narsani biroz tahlil etib, keyin qabul qilishni yoqtiraman. Hatto aksiomalarni ham. Nazarimda, so‘zsiz ravishda ma’qul topilaverishdan aksiomalarning o‘zi ham ziyon ko‘radigandek. Mana masalan, “haqiqat egiladi, ammo sinmaydi” degan maqolni olib qarang. Hikmatga boy, albatta. Ammo egiladigan haqiqat... haqiqatmi? Men uchun teskarisi to‘g‘riroqday: haqiqat sinadi, ammo egilmaydi. Uni sindirishadi.
Yoki “andishaning otini qo‘rqoq qo‘yma” degan maqol. Men qo‘rqmayman, andisha qilyapman, xolos, degani bu. Ammo andishani yig‘ishtirib qo‘yib aytadigan bo‘lsak, aynan qo‘rqoq odam “serandisha” bo‘lishini kim bilmaydi?
Biz andishali odamlarmiz.
Adabiyotimiz tarixidagi oq dog‘larga ham, qora dog‘larga ham tegib ketishdan juda ehtiyotlanamiz, har bir adibning hayotiga, ijodiga oid ma’lumotlarni boricha emas, o‘zimizbop qilib silliqlab, “yoqimtoy” ravishda taqdim etishga o‘rganganmiz (bu bizga o‘tmish adiblarni “demokrat ijodkorlar” va “feodal-klerikal adabiyot vakillari”ga ajratish davridan; bir guruhni oqlash uchun ularning “diniy-mistik” asarlari ham borligini yashirish, ikkinchi toifaga qo‘shib qo‘yilgan adiblarni qoralash uchun esa, ularning, aytaylik, ma’rifatga chorlagan asarlari borligini yashirish davridan meros bo‘lib qoldi). Shuning uchunmikin, davralarda ba’zi shoir-yozuvchilar yoki ularning asarlari haqida darslik va monografiyalardagidan boshqacharoq fikr-mulohazalar ham eshitilib qoladi. Biz har bir o‘quvchining shaxsiy fikri, o‘ziga xos qarashlari shakllanishiga erishishimiz kerak. Ayniqsa, adabiyot borasida. Chunki shaxsiy fikrga, estetik qarashlarga ega bo‘lishni adabiyot tabiatining o‘zi taqozo etadi, shuning uchun yaratiladi.
O‘tmishni har qaysi zamon o‘ziga moslab talqin etadi. Bu bor gap, undan qochib bo‘lmaydi. Ammo ana shu “o‘ziga moslash” jarayonida loaqal fakt va dalillarni yashirib ketmasdan, o‘rtaga tashlab, xolisroq tahlil etishga urinsak, sho‘ro adabiyotshunosligidan qolgan tamoyilparastlik (tedentsiozlik) ham bartaraf bo‘larmidi deyman. Ana shunda “yopig‘liq qozonning qopqog‘i” biroz ochilar edi.
– Adabiyot masalasida har bir o‘quvchining o‘z shaxsiy fikrini shakllantirish va o‘tmishni “o‘ziga moslashtirish” jarayonida tadqiqotchining xolis tahlili, aytib o‘tganingizdek, nihoyatda dolzarb masala. Lekin biz bu masalaga qay darajada e’tibor beryapmiz? Bugun yangi tarix, yangicha qarashlar shakllanayotgan bir davrda o‘tmish va kelajak oldidagi mas’uliyatimizni to‘g‘ri anglay olyapmizmi? Shundoq ham qattol zamonlar oyboltasida kallaklab tashlangan tariximizni, buyuk ajdodlarimizning ma’naviy meroslarini to‘g‘ri talqin etolyapmizmi? Ming afsuski, bu savollarning javobi haqida o‘ylaganingda ko‘nglingda biroz og‘riqlar paydo bo‘ladi.
Zuhriddin aka, uzoqqa bormaylik, suhbatimiz avvalida nomini eslatib o‘tganim: “Tarix unutmaydi...” maqolangizni olaylik. Ushbu maqolada ma’lum bir manbalarga asoslanib, Boborahim Mashrabning o‘limiga So‘fi Olloyor va Olloyorga o‘xshash johil, mutaassib dindorlar sababchi bo‘lgan, deb xulosa chiqarilgan. Iqtibos keltiraman: “…Mashrab va uning muridlarini aynan So‘fi Olloyor kufrda ayblagan edi. Mashrabni kofir deb e’lon qilish, ya’ni, uni mahv etishga hukm aslida Qabodiyonda chiqarilgan edi”.
Bu fikrlarning isboti uchun So‘fi Olloyor bilan Mashrabning Qabodiyonda uchrashgani va ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qisqagina muloqot dalil sifatida keltirilgan. Ta’kidlanadiki, So‘fi Olloyor Qabodiyonda mezbon maqomida bo‘laturib, Mashrabning oldiga o‘zi bormay muridlarini jo‘natishi va o‘z hujrasida Mashrabni “Ey, devonai Mashrab”, deb kutib olishi nazaringizda Mashrabga hurmatsizlik bo‘lib tuyulgan. Ayniqsa, So‘fi Olloyorning “Maslakul-muttaqin” asarida keltirilgan: “Yana bir toifalar lavandlik (ishyoqmaslik) birla ishlar qilurlar, otlarin “devona” qo‘yub, o‘zlarini mastlardek qilurlar”, degan fikrlari aynan Mashrabga nisbatan aytilganini yozasiz. “So‘fi Olloyorga zamondosh, otini “devona” qo‘ygan... odam kim bo‘lishi mumkin edi? Bunday odam birgina Boborahim Mashrab edi”.
Nazarimda, u paytlarda har bir shahar va viloyatlarda o‘nlab qalandarxonalar, yuzlab “devona”lar bor edi. Bugun ham, ha, aynan bizning zamonamizda ham o‘zlarini “devona”lar deb ataydigan toifalar bor. Bular haqida o‘tgan yillarda respublika matbuotida nordongina bir-ikki maqola ham e’lon qilindi.
Zuhriddin aka, men tarixchi emasman, ammo Boborahim Mashrab hayoti va ijodini mukammal bayon qilib beradigan tarixiy manba hozircha mavjudligiga shubham bor. Bugungi o‘quvchi hatto Mashrabning qachon tug‘ilganini ham aniq bilmaydi. Olimlar bir ilmiy davra suhbatida bundan keyin “Mashrab 1640 yilda Namanganda tug‘ilgan” deymiz, deb o‘zaro kelishib olishgan, xolos. Mashrabning o‘nga yaqin “tug‘ilgan yili” bor. Necha yoshda vafot etgani ham bahs-munozarali. So‘fi Olloyor bilan necha marta uchrashgani va bu zotlar o‘rtasidagi muloqot xususida ham aniq dalillar yo‘q. Siz manba sifatida keltirayotgan Ishoq Bog‘istoniyning “Tazkirai qalandaron” tarzkirasiga esa yetuk mashrabshunos olimlarning hech biri manba sifatida qaramaganlar. Ilmiy tadqiqotchi Abdulla Jabbor “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil, 27 may sonida aynan shu tazkira haqida fikr bildirib: “Mashrabshunos Muhsin Zokirov “kashf” etgan tazkirachi Ishoq Bog‘istoniyning Shoh Mashrab haqidagi xotiralari va uning “Tazkirai qalandaron” asari ilmiy iste’molga yaroqsizligi isbotlab berildi”, deb yozadi. Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Abdusattor Jumanazar aynan shu gazetaning 2010 yil 22 oktyabr sonidagi “Matn va... butun savolga yarimta javob” sarlavhali maqolasida “Tazkirai qalandaron” asaridan manba sifatida foydalanib bo‘lmasligini, asardagi voqealar ketma-ketligi va matn tuzilishi mutlaqo talabga javob bermasligini bayon qiladi.
Maqolada yana bir manba sifatida “Qissai Mashrab” keltirilgan. Ne ajabki, butun umrini mashrabshunoslikka bag‘ishlayotgan olimlar ham bu qissaning necha xil varianti borligini aniq bilishmas ekan. Bu kitobda Mashrab vafotidan o‘n yillar keyin bitilgan ayrim g‘azallar ham Mashrabniki bo‘lib ketgan ekan.
Endi, So‘fi Olloyor masalasiga kelsak, o‘zbek adabiyoti tarixida uch tilda bab-baravar ijod qilgan zot bormi? Agar bo‘lsa bu So‘fi Olloyor hazratlaridir. Uning o‘zida fiqhiy, aqida va odob-axloq masalalarini jamlagan “Maslakul-muttaqin” asari qadimdan madrasalarda darslik sifatida o‘qitib kelingan. Bu o‘n ikki ming baytdan iborat muhtasham bir asar. Hazrat asarlarining deyarli barchasini nazmiy tarzda inkishof etgan. Shuncha ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan zot Mashrab g‘azallarining mohiyatini anglamasligiga negadir ishonish qiyin. Qolaversa, So‘fi Olloyor ham hol ahlidan edi. Mashrabning junun holatini his etolmasligi mumkin emasdek tuyuladi menga.
Umuman olganda, tarixiy voqealar, ayniqsa, tarixiy shaxslar haqida yozganimizda shaxsiy xulosa chiqarishga, “menimcha” deb gap boshlashga shoshilmasligimiz kerakmi deyman-da.
Mana bir misol: Hazrat Alisher Navoiy “Sab‘ai sayyor” dostonining X bobini Husayn Boyqaroning xotinlaridan biri Xadichabegimga bag‘ishlagan. Hazrat yozadilar:
Ham Sulaymoni ahdg‘a hamdam, Hamdamu hamnishinu munis ham. Chun Sulaymong‘a yor erur ne ajab, Anga Bilqisi soniy o‘lsa laqab.
Bu o‘rinda Sulaymoni ahd deganda shoh Husayn Boyqaro nazarda tutilgan. Bilqisi soniy, ya’ni ikkinchi Bilqis esa Xadichabegimdir. Siz yaxshi bilasiz, Bilqis Sulaymon payg‘ambarning suyukli xotini bo‘lgan. Navoiy hazratlari Xadichabegimni «Bilqisi soniy» deb atamoqda. Bu kichkina rutba emas. Bundan tashqari, bu ayolning «mahdi ulyo» (oliy yo‘lboshchi), «ismatut-dunyo» (dunyo pokizasi) singari unvonlari ham bo‘lgan.
Xo‘p, endi o‘rta asrlar tarixiga oid muhim memuar asar, tarixiy manba hisoblanmish “Boburnoma” asarini varaqlaymiz. Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlari Xadichabegim haqida shunday so‘zlarni bitadi: “O‘zini oqila tutar, lekin beaql va vaysaqi xotin edi”. Bundan tashqari, Husayn Boyqaro saltanatidagi hamma fojealarning bosh sababchisi qilib Xadichabegimni ko‘rsatadi.
Ayting-chi, bu gaplarning qaysi biriga ishonamiz? Ikki buyuk zot bir kishi haqida mutlaqo bir-biriga teskari fikr aytmoqdalar...
– Savolingizning hajmi uning zalvoriga yarasha bo‘ldi, balli. Matbuot maydonidagi muloqot shunday ochiq-yorug‘, dangal bo‘lgani durust. To‘yxona bo‘sag‘asida mehmon kutayotgan odamlarday tabassumlar almashib, iyak siypalab, o‘zaro ta’zim-tavoze qila bersak... uning kimga keragi bor?
Esdan chiqmasligi uchun Xadichabegim haqidagi oxirgi savolingizdan boshlaylik. Ha, Navoiy uni “Bilqisi soniy” deb atagan. Buning ustiga, siz aytganday, “mahdi ulyo”, “ismatut dunyo” degan unvonlari ham bo‘lgan (o‘sha zamonning orden-medallari!).
Siz “bu ikki buyuk zot bir kishi haqida mutlaqo bir-biriga teskari fikr aytmoqdalar”, deyapsiz. Menimcha esa, har ikkovi bitta gapni ikki xil shaklda aytishgan. Keling, Navoiyning ham, Boburning ham u haqdagi fikrlaridan bir lahza ko‘z yumib, tarixga murojaat qilaylik. Bu ayol o‘z makru hiylalari bilan Xuroson mamlakatida katta mavqe qozongani, ammo oqila xotinlarga xos bo‘lmagan turli qilmishlari – rofiziy bo‘lgani (shia mazhabiga o‘tib, uni targ‘ib qilgani), saroydagi fitnachi a’yonlar bilan til biriktirib, podshoh o‘g‘illarini bir-biriga gij-gijlagani, oqibat – Husayn Boyqaro o‘g‘liga qarshi jang ochib, aka-ukalar bir-biriga urush boshlagani ma’lum. Aynan shu ayol shohning badmastligidan foydalanib, uning suyukli nevarasi Mo‘min Mirzoni qatl qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chektirganini eslang. Xadichabegim Husayn Boyqaro saltanatiga rahna solgani ravshan.
Albatta, Navoiy o‘sha davrda buni ochiq ayta olmas edi. Ammo menimcha, Navoiyning maqtovini madh deb tushunmaslik kerak: shoir ishora usulini qo‘llab, Husayn Boyqaroni Sulaymonga mengzagan. Sulaymonning esa bir ojizligi bor edi – jahonda eng ulug‘ podshoh bo‘lsa-da, ayrim xotinlarining (70 yo 90 xotini bo‘lgan) so‘zini ikki qila olgan emas, ularning xato da’vatlariga ko‘ngan. Demak, Navoiyning bu “maqtov”i – kosa tagida nimkosa bor, deganga o‘xshaydi. Yana to‘g‘rirog‘i, shohkosa. Boz, Husayn Boyqaroni madh etib yozgan baytlariga qarab Navoiy Boyqaro haqida shunday yuksak fikrda bo‘lgan ekan, deb tushunish ham biryoqlamalik bo‘lur edi. Navoiy podshohni o‘shanday bo‘lishga undagan. Filjumla, Xadichabegim ta’rifidagi misralardan ham shunday istakni uqish mumkin. Ya’ni, “Bilqisi soniy” podshohga zimdan yov emas, balki “hamdam, hamnishin, munis” bo‘lishi kerakligi... Yana bir gap. Sulaymon nima sababdan yiqilgani yodingizdadir? U tayanib turgan hassani qurt yemirgan ekan. Bu hassani, bu qurtni ham ramziy talqin qilib ko‘raylik...
“Boburnoma” esa realistik asar. Bobur unda barcha gapini oshkor bayon etgan, shaxslarga nafaqat real, hatto ratsional nuqtai nazardan baho bergan. Shu ma’noda, agar bu ramzu ishoratlarga e’tibor qilmay, savolni yalang tushunsak, unda javob ham yalang bo‘ladi: Boburga ishonamiz.
Mashrab bilan So‘fi Olloyor o‘rtasidagi munozaraga kelsak, uni men o‘ylab topmaganman, kitoblarda bitilgan. Siz ba’zi olimlar Mashrab hayotini bayon qiluvchi bu kitoblarni u yoki bu illatiga ko‘ra inkor qilishgan, deb aytyapsiz. Balki ularning e’tirozlarida ham jon bordir. Ammo shu o‘rinda amerikalik yozuvchi O’Henrining bir hikoyasi yodga keladi: kechki payt ko‘kka tikilib o‘tirgan bir qiz “Voy, ana Villi Jekson yulduzi!” deydi hayajon bilan. Boshqa qo‘shni ayol “Voy tavba, axir u falon turkumning alfa yulduzi-ku!” deb qizni masxara qiladi. Bir qo‘shni erkak esa xayolchan qizning yonini oladi: “O‘sha siz aytgan munajjimlar qaysi yulduzga qanaqa nom qo‘yishgan bo‘lsa, bu – ularning ishi. Ammo bu xonimning biron yulduzga nom qo‘yishga haqqi ham ularnikidan aslo kam emas!”
Mashrabni ko‘rgan, u bilan birga yurgan zamondosh odamlar bitgan kitoblar qay bir sabab bilan chiqitga chiqar emish-da, “Mabdai nur” u Mashrabnikimi, bu Mashrabnikimi” degan birgina savolga o‘nlab maqolalar yozib ham kasbdoshiga ma’qullata olmay, talashishayotgan domlalarning so‘zi mo‘‘tabar bo‘lar emish. To‘g‘ri, “Tazkirai qalandaron” ham, “Qissai Mashrab” ham fundamental tadqiqot emas, xalq yo‘lida bitilgan asarlar, ularda ilmiy izchillik emas, Mashrabga muhabbat ruhi yetakchilik qiladi. Ammo Mashrab bilan So‘fi Olloyor o‘rtasidagi munozara bayoni har ikki kitobda bir xil ekaniga e’tibor bering-a. Shuning o‘ziyoq o‘sha munoqasha real ravishda kechganini, bahs mavzui aynan nimaligi, bu ikki ulug‘ insonning dunyoqarashida katta tafovut bo‘lgani to‘g‘ri yoritilganini ko‘rsatmaydimi? Siz So‘fi Olloyor o‘zbek adabiyoti tarixida uch tilda bab-baravar ijod qilgan zot-ku, deb aytyapsiz. Menimcha, buning ayni masalaga daxli yo‘q. Uch tilda yozganmi, to‘rt tilda yozganmi...
So‘fi Olloyorga ham, Mashrabga ham hurmatim qancha ekanini o‘zim bilaman, bari dilimda, ammo har jumlada “hazrat falonchi” deyavermayman. Bilasizmi, bizda g‘alati bir illat bor: o‘tmishdagi biron olimni, shoir yoki ulamoni, podshoh yo sarkardani bir qoralasak, qora yer bilan bitta qilamiz, ammo zamon bir aylansa, o‘sha shaxsni shunchalar ko‘kka ko‘taramizki, quyoshdan ham teparoqqa chiqib ketadi. Shuning nima keragi bor? Axir, har bir odam – banda, bandai ojiz. Insoniy ulug‘lik, insoniy fojialar kimda bo‘lmaydi...
So‘fi Olloyor hayotda o‘ta sezgir odam bo‘lgan ko‘rinadi. U Mashrab bilan uchrashishni istamagan, chunki oqibati qanaqa bo‘lishini payqagan. Axir o‘zingiz o‘ylang: qancha podshohu beklar poyipatak bo‘lib, bir nazariga ilhaq turgan Mashrabday odam izlab, Kattaqo‘rg‘onga ikki safar borsa, izini ham ko‘rsatmay (“Topmasak So‘fi izin Kattaqo‘rg‘ona yurub...”), axiyri Qabodiyonda noiloj ro‘baro‘ kelsa? Yo, Mashrabning o‘sha qishloqda bitgan g‘azali ham g‘alatmi? E’tibor bering – Mashrabdan boshqa kim shunday g‘azal yozadi? Bu g‘azalda So‘fi Olloyor diniy yetakchi bo‘lgan Qabodiyonda kimda-kim sal tik qarab, nega zulm buncha oshdi, deya savol bersa, u o‘sha ondayoq “kofir” deb e’lon qilinishi ko‘rsatilgan.
Endi asosiy savolingizga kelaylik. Boya aytganingizdek, men So‘fi Olloyorning “Maslakul muttaqin” asaridagi bir parchani keltirganman: “Yana bir toifalar lavandlik (ishyoqmaslik) birla ishlar qilurlar, otlarin “devona” qo‘yub, o‘zlarini mastlardek qilurlar. Shariat birla parvolari bo‘lmas. Va yana ayturlarki: “Bizlar oshiqdurmiz, bizlarga namoz va ro‘za darkor emas”. Alarning ulfati Shaytondur. Bu so‘zlarga bovar qilib, andog‘ gumrohg‘a e’tiqod qilsa, ul Xudoni dushmanidur. Na uchunkim, ular Xudoni oyatiga munkirdur. Har kishi oyatga munkir bo‘lsa, beshak kofir bo‘lur”
Va davomida, “So‘fi Olloyorga zamondosh, otini “devona” qo‘ygan, o‘zini oshiq deb atagan, So‘fi Olloyorning qahrini qo‘zg‘ab, uningcha, “shariat birla parvosi bo‘lmagan” odam kim bo‘lishi mumkin edi? Shubha yo‘qki, u... Boborahim Mashrab edi” deb yozganman. Demak, mening talqinimda So‘fi Olloyor Mashrabni kufrda ayblayapti.
Siz “Nazarimda, u paytlarda har bir shahar va viloyatlarda o‘nlab qalandarxonalar, yuzlab “devona”lar bor edi”, deb e’tiroz bildiryapsiz. Qalandarxonalarda devonalar emas, qalandarlar bo‘ladi. Boringki, shu fikr to‘g‘ri deb topilib, qalandarxonalar devonalar bilan gavjum bo‘lsa, unda So‘fi Olloyor yuzlab-minglab “devona”larni kofirga chiqarib yuborgan bo‘ladi-ku? Yo‘q, devona laqabini olganlar sanoqli bo‘lgan. Chunki “devona” – jinni degani. Qalandarlar, zohidlar, so‘fiylar... hech sababsiz “devona” atalishiga rozi bo‘lmaydi. Shunday ekan, So‘fini ikkimizdan qay birimiz ko‘proq himoya qilyapmiz o‘zi?
Bu masalada yana bir gap. Sho‘ro adabiy siyosatida sinfiy dushman topish tamoyili kuchli edi. Asarlarda boy ila xizmatchilar, progressiv kuchlar bilan qoraguruhchilar bir-biriga qarshi kurashmasa bo‘lmas edi. Hozir bunga barham berildi. Endi bo‘lib o‘tmish hodisotlarni imkon boricha real yoritishga, sun’iy konfliktlar to‘qib chiqarmaslikka harakat qilyapmiz. Hatto, hayotda rostdan bo‘lib o‘tgan keskinliklarni ham biroz yumshatib, silliqlab ko‘rsatishga moyil bo‘lib qoldik. Yangi asarlarda ko‘p boylar uzoqni ko‘zlovchi, savobtalab, saxiy odam qilib ko‘rsatiladi, kambag‘al esa o‘zining yalqovligi, ishyoqmasligi tufayli yo‘qsil, xolos. Tarixiy shaxslar, shoiru adiblar orasidagi qarama-qarshiliklar-ku, tamom patorat topib ketdi. Go‘yo, hech qanaqa ixtilof bo‘lmagan, g‘irt idilliya!
Ammo... bu ham biryoqlamalik emasmi? Odam bolasi borki, kurashadi, shu asnoda o‘ziga yarasha do‘st-dushman orttiradi axir. Jamiyat hayoti ham, uning in’ikosi bo‘lgan adabiyot hayoti ham qarama-qarshiliklarga to‘la. “Yo‘q jahon mulkida bizdek ojizu bechora xalq” deb faryod qilgan ma’rifatparvar Avaz O‘tar o‘g‘li ham haq, uni jinniga chiqarib, kishanlashga fatvo berganlar ham ma’qul bo‘laversa... Mana, Muqimiyning bu baytlariga qarang:
...Xalloq bandaparvar, qo‘y, qilma vahmi mahshar, O‘ynaylik, kulaylik, omon bo‘laylik. Jo‘sh ursa bahri rahmat, jurming tamomi tuhmat, O‘ynaylik, kulaylik, omon bo‘laylik.
Olloh bergan ne’matlarga shukrona qilishga, undan zavqlanishga chorlagan bu hayotsevar g‘azalga qarshi Mo‘hyi na’ra tortganini bilarsiz:
...In siflahoi shumki, onon miyoni xalq Paydo shudand, pardai imon hamedarand. “O‘ynoyliku kuloyliku” go‘yon miyoni xalq, Hukmi xudoyu, amri payambar namebarand. In chand siflahoi chapan nomi shoiri, Bar xesh dodaandu hame ummii xarand.
(...Bu shum, yaramas odamlar xalq orasida paydo bo‘lib, hammaning imon pardasini yirtadilar; Xalq o‘rtasida “O‘ynaylik, kulaylik” deydilaru odamlarga Xudoning hukmini, payg‘ambarning amrini yetkazmaydilar; Bu yaramas, bezori odamlar o‘zlarini shoir deb atashsa ham, aslida savodsiz eshakdirlar).
Qarang, fikru g‘oyalar o‘rtasidagi kurash adabiyot maydonida hamisha bo‘lib kelgan ekan. Ammo... shu bilan birga... g‘alati bir mushtaraklik ham borligini sezyapsizmi?
– Dunyo mashhurlaridan biri lutf etadi: “Ehtimol men sizning fikringizga qo‘shilmasman, ammo shu fikrni aytish imkoniyati uchun jonimni berishga tayyorman”. Shunday ekan, bu masalalar borasida fikr bildirish imkoniyatini muhtaram jurnalxonlarga ham bersak...
Ammo javobingizdagi ba’zi o‘rinlarga biroz to‘xtalib o‘tmasam qiynalib ketaman. Avvalo, shuni aytishim kerakki, “devona” so‘zining lug‘aviy ma’nosi dunyoviy istilohda “telba”, “aqlsiz” degan ma’nolarni bildiradi. Diniy-ma’rifiy ma’noda Allohning vasliga shoshilgan, zikru samoga berilgan, so‘fiy kishiga aytiladi. So‘fi Olloyor “Maslakul muttaqin” asarida “bir kishi” haqida emas, “toifalar” haqida yozyapti. Bir kishi esa “toifalar” bo‘lolmaydi.
Sulaymon payg‘ambar haqidagi fikrlar esa meni butunlay karaxt qilib qo‘ydi. Bilmadim, ehtimol qo‘lingizda Siz ishongan manbalar bordir. Biroq bu boradagi haqiqat shuki, Sulaymon alayhissalom Qur’oni karimda nomi zikr etilgan payg‘ambarlardan biridir. Qur’oni karimning “Naml”, ya’ni, “chumoli” deb nomlangan surasida Sulaymon (a.s.) va Bilqis qissasini yaratgan zotning O‘zi batafsil bayon etib bergan. Qolaversa, payg‘ambarlar o‘z davrining va o‘z qavmining peshvolari bo‘lishgan. Bu haqda ham oyatlar bor. Mana shu oyatlardan kelib chiqib, mashhur hanafiy ulamolaridan biri Maqsudxo‘ja ibn Mansurxo‘ja aqidaga doir “Maxzanul maqsud” risolasida yozadiki: “Ul payg‘ambarlarni haqlarida bizlarga bilmog‘imiz vojib bo‘lgan sifatlar beshdur: 1. Sidq. 2. Omonat. 3. Tablig‘. 4. Ismat. 5. Fatonat. Ya’ni, jami payg‘ambarlar so‘zlarida rost gapirguvchi, omonatdor – xiyonat qilmaydigan, katta va kichik gunohlardan pok va uzoq, hamma odamlardan aqllik bo‘lguvchidir”.
“Sulaymon... ulug‘ podshoh bo‘lgani holda, xotinlarining so‘zini ikki qila olgan emas, ularning xato da’vatlariga ko‘ngan”. Bu gapga qo‘shilib bo‘lmaydi. Olloh O‘zi tanlab olgan payg‘ambarining botil e’tiqodga ergashib ketishini iroda etmaydi. Payg‘ambar bo‘laturib kimgadir ergashish, tag‘in xato da’vatga... Bu oddiy insoniy mantiqqa ham zid. Bu masalalarda ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Zuhriddin aka, bu gaplardan keyin men sizdan e’tiqod xususida so‘ramoqchi edim. Nazarimda, har bir insonning taqdiri uning e’tiqodiga muvofiq bo‘lganidek, har bir jamiyatning ravnaqi ham amal qilinayotgan e’tiqodiga borib taqaladi. O‘tmishda qachon musibatga duchor bo‘lgan bo‘lsak, e’tiqod susaygan, ma’rifat eldan ko‘tarilgan zamonlarda bo‘ldik. Qachonlardir dunyo ahlining peshvosiga aylangan bo‘lsak, to‘g‘ri e’tiqodni, ya’ni tavhidni mustahkam ushlagan davrlarda bo‘ldik. Bugun dinu ma’rifatimiz, qadriyatlarimiz o‘zimizga qaytdi. Endigi masala bu bebaho xazinani ochish, o‘qish va to‘g‘ri uqishdir. Ana shu jarayon jamiyatimizda qanday kechyapti? Va aynan mana shu jarayonda adabiyotning o‘rnini qanday baholash mumkin?
– Gapni sizning e’tirozlaringizga javobdan boshlasam. Avvalo, siz aytgan “Ollohning vasliga shoshilgan, zikru samoga berilgan so‘fiy kishilar” devona emas, oshiq, qalandar, so‘fiy deyilgan. Devona laqabini uhdaga olish uchun esa solik mashrabmisol bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, she’riyatda “ishqingda devona bo‘ldim” kabi misralar uchraydi, ammo bu “hajring o‘tig‘a parvona bo‘ldim” deganday lof. Bilqis masalasini esa kengroq tushunaylik. U Sulaymonning bosh xotini, Xadichabegim esa Boyqaroning. Shuning uchun Navoiy Bilqis otini tilga oladi. Ammo Sulaymonni boshqa bir xotini Ko‘na yo‘ldan urishga uringani bor gap: u uyiga haykal-sanam qo‘yib unga sig‘ingan, sanamga qurbonlik qilgan va hatto Sulaymon bunga ruxsat ham bergan. O‘shanda Sulaymonning vaziri Osaf ibn Burqiyo unga dashnom uchun nomini xutbaga qo‘shib o‘qimaydi. So‘ng Jabroil Sulaymonga vahiy keltiradi: “... Taqi yorlig‘ bo‘ldi: To‘rt xato ish qilding sandin kechurdim. Avval: Ko‘nani islomga kiyurmayin olding. Ikinchi: Kofira tishi (ayol)ni nikoh qilding. Uchunchi: Aning uchun but yo‘ndurding. To‘rtunchi: Chugurkani qurbonliq berding. Qamug‘ni bildi ersa, Sulaymon uzr qo‘lub sajdaga bordi...” (Qisasi Rabg‘o‘ziy, 2-kitob, T., 1991, 45-bet). Albatta, bu borada ixtiloflar ko‘p, lekin payg‘ambarlar adashmagan, deyish to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Muso va Xizr voqealarini eslang. Zero har bir payg‘ambar – avval odam, so‘ng rasululloh (abduhu varasuluhu). Beayb – parvardigor...
Endi savolingizga kelsak, ha, e’tiqodning susayishi (yoki unga yo‘l berilmasligi) tanazzulga olib keladi. Shu bilan birga, jamiyatdagi tubanlashish ham odamlarning imon-e’tiqodiga ham ozdir-ko‘pdir putur yetadi. Bu qoida, ma’lum ma’noda, umumiy “teorema”, jamiyat hayotiga tegishli. Uni biron konkret shaxsga tatbiq qilish, bu odamning imoni kuchli, shuning uchun tolei ham baland, anov kishining e’tiqodi sust, shu sababli hayotda ham baxtsiz deb bo‘lmas-ov.
Diyonatimiz, ma’rifat va ma’naviy qadriyatlarimiz qopqasini yanada kengroq ochib, undan bahramand bo‘lish masalasiga kelsak, bu haqda gap ko‘p. Gap ko‘p. Menimcha, bu xazina boyliklaridan tasarruf etish istiqbolimizni ta’min etishning bir jihati, xolos. Eng ilg‘or ilm-fan, texnika va texnologiya yutuqlarini nafaqat egallash, balki uni rivojlantirishda ham boshqa xalqlardan ortda qolmasligimiz lozim. Mana shu yerda dilemma hosil bo‘ladi: hadeb o‘tmishimizni tarannum etib, shu bilan qanoatlansak – milliy mahdudlikka, qoloqlikka yuz tutamiz va aksincha, globallashishga mahliyo bo‘lib, o‘zimizni uning ixtiyoriga tashlab qo‘ysak, tez orada o‘zligimizni yo‘qotamiz. Taraqqiyotning katta karvoniga yetib yura olmay, yo‘l chetida o‘tayotganlarga qo‘l qovushtirib turishni ham, globallashish degan ofatning domiga tortilib, uning “qora tuynugi”ga yutilib ketishni ham istamaymiz. O‘rta, mo‘‘tadil yo‘ldan og‘ishmay ilgarilashimiz shart. O‘zbek xalqining jahon ayvonida bir ma’rifatli millat bo‘lib umrguzaronlik qilishi bugun siz bilan bizning aqlu shuurimizga, oriyatimiz va hamiyatimizning darajasiga bog‘liq. Axir, ajdodlar oldidagi burchimizni qo‘ya turing, ertangi avlod oldida mas’uliyatimiz ham bor-ku? Bizga merosxo‘r bo‘ladigan avlodlarning taqdiri bizning shu kunlardagi tadbirlarimizdan kelib chiqadi. Bozor iqtisodiyotini, kundalik tashvishlarni bahona qilib, asl muddaoni esdan chiqarmasak, pirovard marrani ko‘zdan qochirmasak bo‘lgani.
Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, bu savolga javob berish uchun butun boshli kitob yozsa ham kamlik qiladi. Shuning uchun men faqat bir masalani tilga olmoqchiman.
Millat ma’rifatini kamol toptirishda adabiyotdan katta kuch yo‘q. Chunki odamlar olayotgan axborotning asosiy qismi kitob, gazeta-jurnal va hokazolar orqali keladi, ulardagi materiallar orasida adabiyot ko‘p o‘rin egallaydi. Xalq ma’naviyati adabiyot nimani targ‘ib qilsa, shunga qarab shakllanadi.
Ammo adabiyot faqat eng yuksak badiiyat namunalaridangina iborat emas. Bunday deb bilish havoyilik bo‘lur edi. Adabiy asar deb taqdim etilayotgan, odamlar o‘qib o‘zlashtirayotgan jami adabiy mahsulot uchun mas’ulmiz. Bu borada o‘ylaganda qadim rivoyat yodimga keladi: Nuh kemasini sichqon teshib qo‘yadi, bunga darrov chora topilmasa, kemaga suv kirib, jami maxluqot cho‘kayozadi, naqlning davomi – ilon va qaldirg‘och haqidagi mif...
To‘y raqqosalarini bilasiz, qoshini qoqib, ishvali boqib yoningizga kelib turib oladi. Qiyqiriq. Tezroq pul chiqarmasangiz, tizzangizga o‘tirvolguday bo‘ladi, bo‘yningizdan ikki qo‘lini o‘tkazib quchadi, ko‘ksini boshingizga ishqaydi – evoh, cho‘ntakning eng qorong‘u joylaridagi shildiroq aqchalar qanday qilib birin-ketin chiqib ketganini idrok ham qilolmay qolasiz, qarasangiz, bu payt boyagi go‘zal boshqa bir «boyvachcha»ning tegrasida xirom aylayotgan bo‘ladi.
Ba’zilar bunga ha endi, zamon shu ekan, deb kulib qo‘yaqoladi.
O‘tkir yozuvchilarimiz bor – xohlasa, ikki oy ichida ikki yuz betlik o‘ta qiziqarli, o‘ta sharmanda bir romanni yozib tashlash qo‘lidan keladi. Uni, masalan, ikki yuz ming nusxada chop eting: ikki haftada ur-yiqit bo‘lib sotilib ketmasa, biz benavat.
Taniqli raqqosalarimiz bor – istasa, g‘amzani boyagi orsiz «san’atkor qiz»lardan o‘n chandon orttirib, ming kishilik davradagi jamiki Odam o‘g‘illarining hushini boshidan uchira oladi. Biroq ular bunchalikka bormaydi; ayollarga xos hayo, o‘zbekona andisha va avvalo insoniy nomus bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ma’naviyatimiz peshvolari bo‘lgan adiblarimiz ham aslo boyagidek sharmanda asar yozishday tubanlikka tushmaydilar; bunga ularning hayotiy e’tiqodi, ijodiy printsipi yo‘l qo‘ymaydi.
Ammo qariyb chorak asrcha bo‘lib qoldi: ilgari birovning qulog‘iga ham aytib bo‘lmaydigan uyat gaplar kitoblarga bemalol yoziladigan, sariq-suruq gazeta-jurnallarning sahifalariga “husn” bo‘ladigan bo‘lib qoldi. Men shahvatparast ayrim qalamkashlarni hayo kemasini kemirayotgan sichqonga o‘xshataman. Hayosizlik – mahv etuvchi kuch, hayo yo‘qolgan joyda jamiyatning jamiyatligi, xalqning xalqligi qolmaydi. Biz Sharq elimiz, binobarin so‘z san’atimiz ham bizning hech kimnikidan kam bo‘lmagan mentalitetimizni targ‘ib qilganidagina fayzli bo‘ladi. Adabiyot milliy hodisa, u millatimiz ruhiyatini kamol toptirishga intilmay turib baraka topmaydi.
Qadimdan adabiyot kimning “dotatsiya”sida bo‘lsa o‘shaning g‘oyalarini targ‘ib qilib kelgan. O‘tish davrining qiyinchiliklari sabab, ayrim qalamkashlar ba’zan uyat va fahshni tasvirlab pul topishga urindilar ham. Ajabki, bunday asarlarda badiiyatning yo‘qligi ham bilinmay ketarkan. Aslida so‘z san’ati pul topish vositasi bo‘lganida emas, balki pul baquvvat asarlar yaratishning moddiy asosi bo‘lganida adabiyot rivojlanadi. Keyingi yillarda davlatimizning bu sohaga e’tibori kuchayib boryapti. Shunday ekan, yozuvchilar homiyning saxovatli qo‘liga qarab qulluq qiladigan zamonlar orqada qolib ketsa ajab emas. Adabiyot ana o‘shanda rivojlanadi, kamol topadi, haqiqiy vazifasini bajarishga kirishadi.
– Zuhriddin aka, bizga ajratgan vaqtingiz va qimmatli fikrlaringiz uchun minnatdorchiligimizni aytib qo‘ysak. Suhbatimiz nihoyasida o‘ylab ko‘rsam, har ikkimiz ham o‘z fikrimizda qolgandekmiz. Albatta, bu “kelishmovchilik” shunchaki gap talashish yoki o‘z fikrini o‘tkazish emas. Gap, tilga olganimiz – shu ulug‘ zotlar haqidagi qarashlarimizga biroz oydinlik kiritish. Zero, hazrat Mashrabning o‘zi lutf etadi: “Olimi xuddon bo‘lma, olimi kasdon bo‘l”. Ya’ni, u zot aytmoqdalarki, sen faqat o‘zingni ko‘ruvchi, xudbin bo‘lma, aksincha, yaxshi-yomonni, insonlarni taniydigan olim bo‘l!
Olimi kasdon bo‘lish yo‘lida esa xato va kamchiliklar bo‘lishi tabiiy. Zero, bu haqda hazrat So‘fi Olloyor yozadilar:
Xatti taqdir ast berun az g‘alat, Az g‘alat xoli naboshad hech xat.
Ya’ni, faqat taqdir xati xatodan xoli, boshqa har qanday xat xatodan xoli emasdir.
Darhaqiqat, o‘zbek adabiyotida, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda o‘ziga xos maqomga ega bu zotlar bilan har qancha faxrlansak, har jumlada emas, bitta jumlada ikki marta “hazrat” desak ham mubolag‘a qilmaymiz.
Suhbatdosh: Alisher NAZAR
“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 9-son.