Turkiston xalqining taniqli davlat va jamoat arbobi bo‘lgan T. Risqulov kambag‘al qozoq chorvadori oilasida tug‘ildi. uning otasi Risqul Jilhaydarov volost boshqaruvchisi Uchkempirovni o‘ldirgani uchun avval Verniy shahridagi qamoqxonagaga tashlanadi, so‘ngra Sibirga surgun qilinadi (1904-05). Yosh T. Risqulov otasining xohishi bilan qamoqxonaga ketadi. U ilk saboqni turmadagi savod chiqarish maktabida oladi. So‘ngra u Avliyo uyezdi Merki shahridagi rus-tuzem maktabi va Bishkekdagi qishloq xo‘jalik o‘quv yurtini tugatadi (1907-1914). T. Risqulov 1914-yili Toshkentga keladi va turli yumushlarni bajaradi. U 1916-yilda chor Rossiyasiga qarshi ko‘tarilgan milliy-ozodlik kurashida faol qatnashdi. 1916-1917-yilda Toshkent o‘qituvchilar institutida o‘qidi.
1918-1924-yillarda T. Risqulov Turkiston Avtonom Respublikasida muhimvazifalarni bajardi: Turkiston Sog‘liqni saqlash xalq komissari (1918-19), Ocharchilikka qarshi kurash Markaziy Komissiyasi raisi (1918-19), RKP(b) TKP Musulmonlar byurosi (1919-20), Turkiston ASSR MIK raisi (1920-yil yanvar-iyul), Turkiston ASSR XKK raisi (1922-yil sentabr - 1924-yil yanvar) lavozimlarida ishladi. T. Risqulov Turkistondagi ocharchilik va uning dahshatli oqibatlarini tugatish uchun kurashdi, bolsheviklarning mahalliy xalqlarning ochlikdan qirilishiga befarq, mensimaslik munosabatini ochiq tanqid qildi. T. Risqulov boshchiligidagi ayrim milliy kommunistlar Markazning shovinistik siyosatini, Turkbyuro va Turkkomissiyaning zo‘ravonlik kirdikorlarini, qizil askarlarning bosqinchilik va talonchiliklarini ochib tashladilar. O‘lka musulmonlari Byurosi raisi sifatida u “Turk Respublikasi” va “Turk Kompartiyasi” tuzish haqidagi masalani Markaz siyosiy rahbariyati oldiga qo‘yadi. Biroq Markazning topshirig‘i bilan Turkkomissiya Turkiston xalqlari birlashishiga yo‘l qo‘ymadi. Aksincha, ularni ajratish chora-tadbirlarini ko‘radi.
Turkiston xalqlarini birlashtirish tarafdori bo‘lgan Risqulov lavozimidan bo‘shatilib Markazga chaqirib olinadi. U Markazning nazoratida: RSFSR Millatlar ishi xalq komissarining ikkinchi o‘rinbosari, ushbu komissarlikning Ozarbayjondagi Muxtor vakili lavozimlarida ishladi (1920-1922). Biroq, Turkistonda istiqlolchilik harakati kuchayib, siyosiy vaziyat keskinlashgach, u Turkistonga yana qaytarildi. T. Risqulov isqtiqlolchilik harakatiga qarshi kurashga rahbarlik qilgan sovet davlat arboblaridan biri bo‘lishga qaramasdan, u istiqlolchilar kurashining mohiyatini to‘g‘ri tushungan va ularga xayrixohlik bilan qaragan edi.
Markaz 1924-yil boshidan Turkiston xalqlarini bo‘lib tashlash maqsadida O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralash o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi. Turkiston xalqlarining birligi, Turk Respublikasi tashkil qilish tarafdori bo‘lgan T. Risqulov Turkistonda turishidan Markaz manfaatdor emas edi. shuning uchun u 1924-yil fevralda Markazga yana chaqirib olinadi. T. Risqulov Komintern Ijroiya Qo‘mitasining O‘rta Sharq bo‘limida ishladi, Mo‘g‘uliston Respublikasida o‘z tajribasini o‘rtoqlashdi (1924-1926), RSFSR Xalq Komissarlari Kengashi raisining muovini (1926-1936) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. U qaysi lavozimda ishlamasin, har doim O‘rta Osiyo respublikalari, xususan, Ozbekiston va Qozog‘iston manfaatlarini himoya qildi.
T. Risqulov Turkistondagi 1916-yil qo‘zg‘oloni va istiqlolchilik harakati to‘g‘risida va boshqa mavzularda bir qator maqolalar, asarlar yozdi. Jumladan, uning “Inqilob va Turkistonning tub aholisi” (1-qism, Toshkent, 1925) asari hozirgi kunda ham qimmatlidir.
T. Risqulov 1937-yilda Moskvada qamoqqa olinadi va mustabid sovet tuzumi tomonidan 1938-yilda otib tashlanadi.
Risqulov Turor
(1894-yil 14-dekabr, Yettisuv (hoz. Olmaota) viloyati Verniy uyezdi Sharqiy To‘rg‘ay volosti - 1938-yil 10-fevral, Moskva)