OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Istilo: uni amalga oshirganlar va ahli donish nazdida

 Bu xalqqa (o‘rta osiyoliklar — turkistonliklarga) iloji boricha, mumkin qadar ko‘proq paxta ektirish, ularni tinimsiz ishlashga majbur etish kerak, toki bu xalqning boshqa narsalarni o‘ylashga, siyosiy voqealarni anglab yetishga bir zum ham vaqti, xohishi qolmasin...
Amir isyonkorlaridan birortasi ham asir olinmasin, qulga tushganlarning hammasi, hattoki yaradorlar ham otib tashlansin!...
Biz xon bilan emas, balki xalq bilan to‘qnashdik. Uni bostirish oson bo‘lmadi, Ruslar O’rta Osiyoda bunday (Qo‘qondagidek) uzoq va qattiq qarshilikka duch kelmagan edilar...
Ulug‘ rus podshohi bizga qo‘shni davlatlarda xon va xalq o‘rtasida nizo chiqishiga yo‘l qo‘ymasligiga inonchimiz komil...
Fon Kaufman, Turkiston general-gubernatori.

Ming ikki yuz sakson birida o‘rus kelgay. 
Turkistonni atrofini qamsab olgay.
Sulton Orifin Hoji Ahmad Yassaviy.
(Hazrat Yassaviyning salkam sakkiz yuz yil avval aytgan bashoratlari to‘g‘ri chiqdi. Rossiya imperiyasi Turkistonni 1281 hijriy, melodiy 1864-yilda zabt etdi.M.H.)


G’aflatda yotgan xalqni uyg‘otish uchun uning tarixini uyg‘otmoq kerak.
Avgustin, ilohiyatchi.

Hech bir millat boshqa millatlarni ezishda davom etib, o‘zi ozod bo‘lolmaydi.
K. Marks, F. Engels.

Turkiston mustamlakachilikningi eng yorqin namunasidir...
Zolim kapitalistlar Rossiyada boshqa xalqlarga jallodlik rolini o‘ynagan eski, qonli va iflos o‘tmishni bitirishimiz lozim. Biz bu o‘tmishni tilka-tilka qilib tashlaymiz.
Chor monarxiyasi millatlarning erkin va teng huquqli bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi va bundan tashqari Yevropada va shuningdek Osiyoda vahshiylik, yirtqichlik va reaktsiyaning asosiy tayanchidir.
V. I. Lenin.

Chor Rossiyasi hukumatini rus xalqidan ajrata bilmagan kishi yomon siyosatdondir.
A. I. Gertsen, yozuvchi.

O’rta Osiyo —rus tojidagi eng qimmatbaho dur.
Vishnegorodskiy, Rossiya imperiyasi moliya noziri.

Rosiyaning kelajagi O’rta Osiyodan.
A. Gorchakov, Rossiya tashqi ishlar noziri.

Tarix—haqiqat chirog‘i. 
Sitseron.

Sharq bilan aloqada Qozog‘iston tasarrufi kalit va darvoza hisoblanadi. Shuning uchun millionlab pul sarflansa ham Qozog‘istonni bo‘ysundirish yoki, hech bo‘lmasa, u yerda Rossiya ta’sirini o‘tkazish zarur. 
Petr I, Rossiya imperatori.

Ruslar bu yerlarga (O’rta Osiyoga)  bir-ikki kunga emas, abadulabad kelgan. Endi orqaga qaytish yo‘q!
V. Perovskiy, Orenburg general-gubernatori.

Biz qaerni bosib olgan bo‘lsak, o‘sha yerda orqamizdan buruqsib qora tutun ko‘tarilar edi...
Dorga osilgan odamlar tipirchilab turganlarida rasmlarini chizganman. Bir mullavachchani minoradan uloqtirib yubordim.
V. Vereshchagin, Turkiston bosqinida qatnashgan rus rassomi va zobiti.

Naql etishlaricha, podsho Petr I o‘limi oldidan ikki narsani amalga oshira olmaganligi uchun armon bilan ketayotganini aytgan: Prut yaqinida 1711 yildagi jangda Turkiyadan yengilganligi va Bekovich-Cherkasskiyning 1717 yildagi Xivaga harbiy yurishi tor-mor etilganligi uchun qasos ololmaganligiga qattiq afsus chekkan.
A. S. Pushkin, shoir.

Yevropaga biz qashshoq qarindosh va qul bo‘lib keldik. Yevropa yo‘llarida shapkamizni tutib turgandan ko‘ra, o‘zimizni Sharqqa urganimiz afzal...
Rossiya o‘zi uchun Osiyoni ochsa, ikki yuz yillik tanballik va mahmadanagarchilikdan qutuladi. Agar Yevropada bizni tatar deb bilgan bo‘lsalar, Osiyoda bizni yevropalik deb tanishadi. Osiyoni madaniylashtirishga kirishsak, oxir-oqibatda bu bizning ruhimizni ko‘taradi va biz o‘zimizning kim ekanligimizni anglab olamiz…
Biz o‘zimiz o‘z yerimizda ilmlar sohasida chalasavodmiz. Osiyoga kirib borsak, biz u yerlarda arboblar sanalamiz, bizda mustaqil ish yuritish ruhi uyg‘onadi, biz uddaburon xalq bo‘lib qolamiz. Yevropada dum bo‘lgandan ko‘ra, Osiyoga bosh bo‘lgan afzal…
F. Dostoevskiy, yozuvchi.

Ertalab otam Turkiston urushidan qaytgan bir yunker bilan gurunglashib, uning aroq ichish-ichmasligini so‘rab qoldi. U «ahyon-ahyonda ichib turaman», deb javob berdi. «Nima uchun ichasan?»—deb so‘radi otam. «Mana, masalan, general Skobelev butun aholini (Ko‘ktepa qal’asida) qirib tashlash kerak bo‘lib qolganda askarlar bunday kilishdan bosh tortdilar, qirg‘inni amalga oshirish uchun askarlarni ichkizib, mast qilishlari zarur bo‘ldi», — deb javob qildi yunker.
Dadam bir necha kungacha buni unutolmay, hammaga hikoya qilib yurdi.
Tatyana Suxotina — Tolstaya (L. N. Tolstoyning qizi, «Esdaliklar»idan).

O’lkani (1860-70-yillarda O’rta Osiyo va Qozog‘istonni) ruslar egallagandan keyin aholining ahvoli kundan-kunga yomonlashib va og‘irlashib bordi. Aholidan biz ko‘p narsani talab etmoqdamiz. Ulardan soliq yig‘ishda esa biz tobora yuksaklikka ko‘tarilmoqdamiz, lekin xalqqa nima qildik? Toshkentda va turli komissiyalarda aytilgan so‘zlardan boshqa xalq xo‘jaligi uchun biz hech narsa qilmadik.
Ch. Raevskiy, chor Rossiyasi amaldori.

Biz eng avvalo Yoyiq daryosi orqasidan ko‘chib kelgan kazaklar (qozoqlar)ni muqimlashtirishimiz za qora-qirg‘izlar (qirg‘izlar)ning turli elatlarini o‘zimiz tomonga og‘dirib, so‘ngra ularda qo‘qonliklarga qarshi dushmanlik hislari uyg‘onishini qo‘llab-quvvatlab turishimiz kerak.
G. Gosfaru, Sibir korpusi qumondoni (1858 yil 12 oktyabrda imperator Aleksandr II ga yo‘llagan rasmiy takliflaridan).

Qo‘zg‘olonchilar (Dukchi Eshon boshliq 1898 yildagi qo‘zg‘olon) bizning uyquda yotgan 22 soldatimizni o‘ldirganliklari uchun buning xuniga isyonchilardan 22000 kishiga o‘lim jazosi berilib, 300 kishi Sibir surguniga hukm etildi. Qo‘zg‘olonchilar rahbari Dukchi Eshon yashagan joy. — Mingtepa tep-tekis qilinib, u yerga 200 oilali rus qishlog‘i qurildi...
Islom o‘z qiyofasida nufuzli bir kuchdirki, u bilan biz, ruslar, uzoq davrlargacha, muqarrar ravishda hisoblashishga majburmiz..."
Buyuk olampapoh, Siz boshqarayotgan hozirgi bug‘ va zlektr asrida hamma milliy nifoqlarni tekislaydigan, o‘zaro nizolardan kuchlangan umumiy tinchlik g‘oyasi va bunga qanday qilib bo‘lsa ham intilish chuqur mulohazali ish bo‘lur edi.
S. M. Duxovskiy, Turkiston general-gubernatori (Imperator Nikolay II ga yuborgan axborotnomasidan).

Rossiya imperiyasi Xiva xonligini bosib olish uchun Turkiston harbiy okrugiga 2873000 so‘m. Orenburg harbiy okrugiga 200000 so‘m, boshqa xarajatlar uchun shaxsan general-gubernator Fon Kaufman ixtiyoriga 400000 so‘m pul ajratgan edi.
M. Trentev, rus harbiy tarixchisi.

Shomil barcha ruslar hukmronligiga qarshi kurashayotgan pahlavondir.
Aleksandr Dyuma, yozuvchi.

Kimki o‘zgalar yurtiga qilich yalang‘ochlab kelsa, bilingki, o‘sha qilich zarbidan uning o‘zi mahv etilgay. 
Aleksandr Nevskiy, rus sarkardasi.

Bir ming sart bir rus soldati etigining poshnasiga arzimaydi.
Ivanov, Farg‘ona general-gubernatori. 

General-gubernator Gustav Gosfortga Cho‘qan Valixonovni qirg‘iz (aslida qozoq) kiyimida savdo karvoni bilan Qashg‘arga yuborishga maslahat berdim...
G’arbiy Sibir gubernatori qo‘mondoni Gustav Gosfort tajribali va jasur qo‘mondon sifatida Turkiston xonliklari bilan harbiy to‘qnashuvdan sira ham qo‘rqmasdi.
Ammo general Peterburg hokimiyati oldida o‘z mansabidan ajralib qolishidan juda qo‘rqardi.
P. P. Semenov-Tyan’shanskiy, sayyoh va olim.

Turkiston o‘lkasi Rossiyaga foyda keltirishi mumkin bo‘libgina qolmay, balki shunday qilishga majburdir. Bu foydalar Rossiyaning o‘lkani istilo qilish davridagi hamda qurilish ishlariga ketgan harajatlarni qoplashi kerak.
Rossiya imperiyasi harbiy vazirligining 1906 yil mart oyida graf Vite janoblari nomiga yo‘llagan maktubidan.

Buxoro, Xiva, Qarshi bozorlariga nazar tashlab, rus savdosi kuchli rivoj topayotganiga ishonch hosil qilish mumkin va shuni mubolag‘asiz aytish mumkinki, butun O’rta Osiyoda muayyan bir rus buyumi uchramaydigan birorta xonadon, birorta do‘kon yo‘q.
H. Vamberi, mashhur sayyoh va tarixchi.

Osiyoliklar Rossiyaga olib kelayotgan turli navli to‘qima matolarni ikkala xorijdagi oddiy haloyiq juda xush ko‘rib ishlatardi, chunki ular kiyishga yumshoq va chidamli, shuning uchun davlatdagi armiya uchun juda ko‘p hollarda zarur bo‘lgan kanop mato o‘rnini bosardi.
Qo‘qonda va butun Qo‘qon davlatida paxta ekini va ipak qurti boqish uchun tut daraxti to‘lib yotibdi: hammayoqda paxta ekilgan dalalar ko‘zga tashlanadi, undan qo‘qonliklar mato tayyorlab, buxoroliklar bilan rustovarlariga — temir, qunduz, sandal, to‘tiyo, kantselyar urug‘i, dengiz mushugi, po‘lat, movut va hokazolarga ayirboshlaydilar.
Filippin Nazarov («Zapiski o nekotorix narodax i zemlyax Sredney chasti Azii» kitobidan).

Rus qo‘shini 8000 kishidan iborat bo‘lib, 70 dan ortiq zambarakka ega edi. yigirma kunlik qamaldan keyin 1881 yilning 12 (24) yanvarida Ko‘ktepa qal’asi hujum bilan ishg‘ol etildi. So‘ng talon-toroj qilish uchun askarlar ixtiyoriga to‘rt kun tashlab qo‘yildi. Qal’ani qamal qilish va zabt etish chog‘ida 600—800 kishi halok bo‘ldi. O’rta Osiyodagi boshqa janglarga qiyoslasak, ruslar katta qurbonlar evaziga g‘alaba qozonganini ko‘ramiz, o‘lgan va yaradorlarni birga hisoblaganda, ular 1000 dan ortiq odamini yo‘qotdi.
V. V. Bartold, sharqshunos olim.

Ko‘ktepa jangida jon berayotgan bir mullaning: «8000 begunoh odamni o‘ldirganing uchun vijdon azobiga qolmaysanmi?» — deb bergan savoliga general Skobelev yuzsizlik bilan: «Yo‘q! Talofat 80000 ga yetmaganiga achinaman!»—deb vijdonsizlarcha javob bergan.
Millatni yo‘q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatnni, san’atini, tnlini yuq qilsang bas, tez orada o‘zi adoyi tamom bo‘ladi...
To‘kilgan har tomchi rus qoni uchun dushman (o‘rta osiyoliklar) qonini daryodek oqizaman..
Dunyo slavyanlarniki, slavyanlar esa Rossiyaniki...
Ochig‘i men urushni yaxshi ko‘raman. Har bir millat o‘z xududini tabiiy chegaralargacha kengaytirish huquqiga ega va bu qonuniydir.
Biz, slavyanlar, albatta Bosfor va Dardanellni egallashimiz zarur, aks holda har qanday tarixiy ahamiyatimizni yo‘qotamiz. Agar qo‘limiz bu bo‘g‘ozlargacha yetmasa, yerlarimiz qanchalik cheksizligiga qaramay, biz halok bo‘lamiz.
Men shuni ko‘rib, his qilib turibman va bashorat qilib aytamanki, slavyanlar bir kuni Germaniyani yeydi. Nemislarga aslo toqat qila olmayman...
M. D. Skobelev, Farg‘ona general-gubernatori.

Tarixiy obidalar, osori-atiqalar qanchalik tez vayron bo‘lsa, Rossiya davlatchnligi uchun shuncha yaxshi.
A. V. Samsonov, Turkiston general-gubernatori.

Umuman Buxoroning davlat xo‘jaliti talonchilik bilan ish yuritmoqda va buning oqibatlari halokatdidir. Afsuski, bizning hukumatimiz bu holatga keraklicha e’tibor bermayapti. Oxir-oqibatda (so‘ng e’tibor berilganda) kech bo‘ladi va hozirgi boy davlat o‘rniga rus davlati gardaniga og‘ir, yangi yuk bo‘luvchi qashshoq davlatga ega bo‘lamiz. Buxoroga diqqatni jalb etishning mavridi allaqachon keldi.
D. N. Logofet, rus tarixchisi va amaldori.

Rossiyadagi musulmon xalqlarga birorta hado ijtimoiy-siyosiy huquq berilmasligi kerak.
P. Ilinskiy, Rossiya maorifi namoyandasi

Men sizga uch marta (1870 yil yanvarda) xat yozib, bi-rortasiga javob olmadim. Buning ustnga mening so‘ng-gi elchimnn ham ushlab qolgansiz. Bunday harakatlarga ortiqcha chidab bo‘lmaydi. Ikkitadan bittasi — yo aytganlarimga ko‘nasiz-u, do‘st bo‘lamiz yoki aytganlarimga qo‘-shilmaysiz-u, dushman bo‘lib qolamiz...
Fon Kaufman (Xiva xoniga yozgan xatidan).

Janobi imperator hazrati oliylari, Sizni yangi shodiyona bilan qutlayotganimdan baxtliman: O’rta Osiyoning mashhur va ko‘hna shahri, musulmonchilik markazi, tarixiy shuhrati bilan dong taratgan Samarqandni birorta ham o‘q otmay topshirdilar. Sizning bahodir va sodiq qo‘shinlaringizga darvozalarni ochib, janobi oliylarining oyog‘iga yiqildilar...
Fon Kaufman (1868 yil 2 mayda imperator Aleksandr II ga yo‘llagan maktubidan).

Pristavlarning hokimlik surishlari shu darajaga yetdiki, ular, hatto masjidlarga qo‘ng‘iroq osish harakatida bo‘ldilar. O’zlarining to‘raliklarini va hukmdorliklarini ko‘rsatmoq uchun namoz vaqtida masjidga itlar bilan kirib keldilar...
Turkistonda ishlatilmoqda bo‘lgan yerlarning 55 foizi rus kelgindilarining qo‘liga o‘tdi. Shunday qilib, chor hukumati Turkistonda yerli xalqlarni ezishdan boshqa hech bir ish ko‘rsatmadi. O’zining ketinda (orqada) qolganligi va foydalana olmaganligi sababli, chor hukumatining eng boy bo‘lgan tog‘ ma’danlarini ishlatishga hech kimga ixtiyor bo‘lmadi...
Turor Risqulov, davlat, jamoat arbobi.

Rossiyada qonun yo‘q. Unda bir ustun bor, xolos. Ustunga esa toj kiygizib qo‘yilgan.
A. S. Pushkin, shoir.

Bosqinchilik qahramonlik bo‘lolmaydi.
Chingiz Aytmatov, yozuvchi.

Tarixiy haqiqat johilni qanchalik tahqirlasa, tarixiy yolg‘on ham fozilni shunchalik tahqirlaydi. 
O'ljas Sulaymonov, shoir.

Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, oyog‘imiz qoplandi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumurildi, qomusimiz g‘asb qilindi, huquqimizga tajovuzlar bo‘ldi, insonligimiz oyog‘lar ostiga olindi — to‘zimli turdik, sabr etdik. Ko‘cha tayangan har buyruqqa bo‘ysundik, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermadik, yashintirdik, iymonlarimizga o‘rab saqladik...
Zolimlar seni kimsasizmi ko‘rdilar. Yo‘q, sen kimsasiz emassan. Mana men butun borlig‘im bilan senga ko‘mak qiluvchi hozir manamen, chnn ko‘ngil bilan sening yo‘lingdan o‘lurga rozi... ustimga insonlar emas, shaytonlar qo‘shini kelsa, oyog‘imga zanjirlar emas, jahannam insonlari sorilsa, yana sen sari choparman. Dunyoning butun balolari boshimga to‘kilsa, zulm cho‘pining temir tikanlari ko‘zlarimga kirsa, yana seni qutqararman...
Rossiya davlati bizning o‘lkalarimizni kelib bosdi. Ortiq biz Turkiston turklari Ovrupo madaniyatini tashiguvchi bo‘lgan rus millatiga yo‘liqqan bo‘ldik. Madaniy ruslar bilan qotishib ularning dalolati bilan Ovruponing madaniy va ijtimoiy usullaridan ta’sir olmog‘imiz kerak edi. Shuni ham aytib o‘taylikkim, bunday bir ta’sirni rus millatining avom tabaqasidan olmog‘imiz mumkin emas edi. Chunki bizning avomimiz ulardan yuz marotaba madaniyroq edi...
Bizning diniy za milliy hissiyotlarimizni o‘ldirmoq tilagi bilan Ostroumov kabi mutaassib po‘plarning idorasinda gazeta chiqarildi, maktab ochildi, lekin o‘z millatimiz va diyonatimizni anglamoq uchun o‘z tarafimizdan ochilgan maktablar va gazetalar bog‘landi, shar’iy mahkamalarimizning huquq va salohiyatlaridan buyuk bir qismi g‘asb etildi. Mahkamalarda, uylarda, yo‘llarda, tijorat ishlarida, hatto vagon arabalarinda Turkiston musofiri bo‘lgan rus va armanidan tubanda tutildi...
Ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Senga ne bo‘ldi? Holing qalaydir! Nechuk kunlarga qolding? Ey Chingizlarning, Temurlarning, O’g‘uzlarning oilalarining shonli bolalari! Qani uchiqdiging yuksak o‘rinlaring? Qullik chuqurlariga nedan tushding!...
Abdurauf Fitrat, adib, olim.

Kimki yerli xalqqa va uning tiliga yuqoridan nazar qilsa, kimki mustamlakachilik fe’llarini izhor etsa, unday kishini hukumat mahkamalaridan rahmsizlarcha haydash kerak.
L. Trotskiy, partiya, davlat arbobi.

Turkiston mustamlaka sifatida ingliz va frantsuz-mustamlakalariga o‘xshash tuzumda idora etiladi.
«Turkestanskiy kuryer» gazetasi, 1917 yil 15 aprel.

Rossiyada hech qanday turk-tatar xalqi yo‘q, unda-bunda to‘p-to‘p qabilalar uchrab qoladi, ularni hech bir millatga mansub deb bulmaydi.
N. Ilminskiy, rus missioneri.

Sulton Sodiq (chor Rossiyasi bosqinchilariga qarshi kurashgan jasur Kenesarinning o‘g‘li), jasurlikda Alimqul (Qo‘qon xonligining sarkardasi)dan qolishmas ekan. Sulton Sodiq - dashtning so‘nggi arsloni. 
M. Chernyaev, general.

1868 yilning yozida general K. P. Kaufman buyrug‘i bilan Samarqand shahri to‘pga tutildi. Zobitlar qurshovida zafar o‘rindig‘iga yastanib olgan oliyjanob Konstantin Petrovich (Kaufman) to‘xtovsiz papiros tutatar va butunlay shafqatsiz ohangda:
«Otib tashlansin! Otib tashlansin! Otib tashlansin!», degan gapini takrorlardi, xolos.
V. Vereshchagin, rassom.

Turkiston g‘allasi Rossiya g‘allasiga, paxtasi esa Amerika paxtasiga kushandadnr. Turkiston aholisining ahvoli nima kechsa kechsin-u, lekin Rossiya manfaatlari to‘la saqlansin.
A. Krivoshein, chor Rossiyasi dehqonchilik vaziri.

Mamlakatda yashovchi barcha xalqlar podsho hazratlarining farzandlaridir. Ammo bu ko‘p sonli onlada ruslar boshqalarga nisbatan katta og‘a bo‘lishlari lozim...
Ko‘ktepa qal’asi ichiga qarash dahshatli edi. Behisob o‘liklar bir necha kundan beri uyilib yotardi. Ba’zi kulbalar murdaga to‘lib ketgan edi...
Biz 50 yil mobaynida tubjoy aholini taraqqiyotdan jilovlab, maktablar va rus hayotidan chetda tutib keldik...
Rossiya qaramog‘ida sobiq O’rta Osiyo xonliklaridagi yerli xalqlar qirq-ellik yil mobaynida rus nayzalari himoyasida tinch hayot kechirdilar, rivojlandilar va boyidilar. Vatan uchun og‘ir damlarda talab etilayotgan paytda ular Rossiyaga mardikorlar yetkazib berdilar. 
A. N. Kuropatkin, Turkiston harbiy general-gubernatori.

M. Chernyaev ashaddiy shovinist edi. Uning nazarida, Qo‘qon xonligida yashagan o‘zbeklar, qirg‘izlar, qipchoqlar va boshqa xalqlar faqat to‘n (chopon) kiyganliklari uchungina qirib tashlashga loyiqdirlar.
Z. A. Kastelskaya, rus harbiy tarixchisi.

Rossiyani men boshqarayotganim yo‘q, 35000 amaldor boshqarmoqda.
Nikolay I, Rusiya podshosi.

Biz Turkistonga madaniyat olib keldik, deb o‘ylaymiz. Bo‘ysundirilgan osiyoliklarga tinchlik va osoyishtalik berdik, deb o‘zimizni ovutamiz. Ammo bularda (turkistonliklarda) ham bir oliy tuyg‘u borki, bu millat va uning milliy iftixoridir. Musulmonlar ahvolini tushunishimiz kerak. Siyosiy o‘lim (milliy davlatchilikning yo‘qotilishi) og‘ir, milliy o‘lim esa undan ham og‘irroqdir. Bizning hukmronligimizda ular xuddi shunday ahvolga tushdilar. Bas, shunday ekan, hukmronligimizga qarshi g‘alayonlar ro‘y bersa, ajablanishga o‘rin yo‘q. Shunday milliy manfaatlar borki, ular xalq och yoki to‘qligidan qat’i nazar, bir kunmas bir kun o‘zini namoyon etajak.
N. N. Veselovskiy, tarixchi.

General Chernyaev Toshkent tarafdan hujumga o‘tib, ko‘p qon to‘kishlardan so‘ng Buxoro qo‘rg‘onlari — Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘onni birin-ketin egallay boshladi. Shunday qilib, butun Zarafshon vodiysining yuqori qismi Rossiya tomomidan bosib olinib, egallandi.
D. A. Logofet, tarixchi va amaldor.

1916 yili Samarqandda xalqning zulmga qarshi norozilik harakati ko‘tarila bordi, goh u yer, goh bu yerda ur-yiqitlar, o‘ldirishlar sodir bo‘lib turardi, mahalliy hukmdorlarning tushuntirishlari va ogohlantirishlari xalqqa ta’sir qilmadi, ma’murlarning so‘zlariga xalqning mutlaqo ishonchi qolmadi, nihoyat, bu haqiqat Rossiya hukumatiga qarshi ochiqdan-ochiq qo‘zg‘olon tusini oldi.
N. Likoshin, Samarqand viloyati harbiy gubernatori.

1916 yilgi Jizzax qo‘zg‘olonida qatnashgan «jinoyatchilar»ni qidirib topgandan ko‘ra, ularning uylariga yoppasiga o‘t qo‘ymoq ma’qul.
N. M. Ross, uezd hokimi.

Agar rus hukumati o‘z davrida ilm-fanning qanchadan-qancha yalovbardorlarini yetkazgan shonli arab madrasalarini musulmon fuqarolari uchun rus zamonida qayta tiklaganlarida edi, Vatan va insoniyat oldida buyuk xizmat qilgan bo‘lardi...
Biz — turkiy xalqlar qadim-qadimdan Marmar dengizidan Xitoy devorigacha yoyilgan yirik bir tarixiy etnografik birlik o‘laroq yashab keldik, xuddi shunday yashamog‘imiz kerakdir...
Ruslashtirish avjida, Idil-Volga bo‘yidagi tatarlar orasidan biror mansabdor u yoqda tursin, masjidga imom ham missioner N. Ilminskiy ruxsatisiz tayinlanmaydi. Turkistonda Ostroumov to‘ra, Kavkazning ham o‘z to‘ralari (ruslar)dan boshqasini millat deb hisoblamaydilar...
Ismoilbek G’aspirali, buyuk ma’rifatparvar adib.

Chor Rossiyasini yo‘qotish jadidlar tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat, yashirin emasdi.
Munavvar Qori Abdurashidov.

Harholda bu mustamlakachilar mustamlakachilik harom mamlakatda tezroq yo‘q qilinishga tegish! 
Chulpon, shoir.

Rossiya shiddat bilan o‘smoqda. Buyuk Petr zamonida uning aholisi 15 million edi. Katerina taxtga chiqqan yili 25 million bo‘ldi. Aleksandr I o‘lgan yili 58 millionga chiqdi. Hozir (1871 y.) esa 77 million bo‘libdi. Nufusning bunday shiddat bilan ko‘payishi ruslardagi ko‘p tug‘ilish qobiliyatidan emas, aksincha, ishg‘ol etgan o‘lkalaridagi aholini tezkorlikda ruslashtira olishlari bilan izohlanadi. Bundan o‘ttiz (1851) yil burungi Butling Katrin va Regulining ilmiy ekspeditsiyalari natijalari shuni ko‘rsatdiki, Lena havzasida yoqutlar, G’arbiy Uralda vogul (mansi qabilasining eski nomi) va votyaklar (hozirgi udmurtlar) son jihatidan hozirgidan besh martaba ko‘p edilar, qisqa bir vaqt ichida ruslashtirildilar. Ruslar ishg‘ol qilgan turk qavmlarining boshiga ham yoqut va vogullarning kuni tushadi.
Herman Vamberi.

Skobelev Ionovni zug‘umga olgach, u qo‘l ostidagi soldatlarni hujumga boshlab, emizikli bolalarni ham chopib tashladi.
V. Nalivkin, rus zobiti.

Toshkent shahar fuqarolari va qariyalari ibodatu namozdan ko‘ra (mudofaachilariga) qo‘lndan kelgancha yordam berish afzalroq va savob, deb askarlarga, g‘oziylarga suv, oziq-ovqat tashib turdilar...
Qo‘qon xoni lashkarboshnsn Alimqul Toshkent ahli fuqarolarining ko‘rsatgan g‘ayrat-shijoat va qahramonliklarini va xursandchiligini izhor qilib, bir tomchi qon qolguncha dushmanga qarshi kurashishga da’vat etdi.
Muhammad Solih Toshkandiy, tarixchi.

Xonlik xalqi urushni davom ettirishni talab etayotgan bir paytda kofirlarga tovon—kontributsiya to‘lashdan ko‘ra bir tomchi qon qolguncha kurashish afzalroqdir.
Usmonbek, Qo‘qon xoni lashkarboshisi.

Darig‘o, ushbu Chimkentni ruslar xo‘p xarob qildi, 
Yomonu yaxshini qo‘ymay qirib, so‘yib ado qildi.
Musulmonlar kuchi yetmay, o‘ruslarga so‘zi o‘tmay, 
O’ruslar o‘ng-so‘l qirib, oxiri zamon qildi. 
Husayn Shayx Kamina, shoir.

Koloniya (mustamlaka) qoidasi birla bizni idora eturlarki, bunga o‘z ixtilofimiz sabab bo‘lur. Boshqa xalqlar har daqiqa taraqqiy etmoqdadur. Takror arz qilurmizki, yosh va kattalar bir bo‘lib ishlamoq kerak. Vale bizga na hurriyat qolur, na-da muxtoriyat berilur...
Xalqimizning hozirgi ixtilofi meni dilxun etur, ma’yus etur.
Mahmudxuja Behbudiy, adib.

Rsssiya tomonidan Turkistonning zabt etilganligi bu ahvolga tuzukroq o‘zgarish kiritmadi. Chor Rossiyasi hozirgi Turkistonni zabt etib, Buxoro va Xiva xonliklariki o‘ziga mustamlaka qilib oldi.
Fayzulla Xo‘jaev, davlat va jamoat arbobi.

Ruslarning O’rta Osiyodagi hujumkor harakati xaritasiga qarasangiz, bu mamlakatning qamal qilinmoqchi bo‘lgan qal’aga qarshi uning atrofiga qo‘shni to‘plashdan iborat harbiy operatsiyaga o‘xshaganligiga hayratda qolasiz. Bunday qo‘shin to‘plash bundan yigirma yil muqaddam (1848 yilda) Kaspiy dengizidan Orenburg va Sibir dashtlari orqali Irtishga tomon tashkil qilingan edi. Bu kuzatish liniyasi edi. Ikkinchisi-namoyish liniyasi. Ikkinchi namoyish liniyasi Kaspiy dengizidan boshlanib, Krasnovodsk orqali Oksusga, Xivaning janubiga va Oksus oqimi bo‘ylab Pomir yassi tog‘lariga qadar boradi. Nihoyat, uchinchi liniya Astero shahridan boshlanib Eron chegarasigacha, undan Hirotga va bu yerdan Oksusgacha cho‘ziladi. Ehtimol, Qandahor orqali o‘tib Kobul (Afg‘oniston) tomon boradi.. Ana shunda Marvning ishg‘ol qilinishi muqarrar bo‘lib qoladi. Bu operatsiya tufayli Rossiya Hindiston kalitini qo‘lga oladi.
Genri Roulison, mashhur ingliz jug‘rofi, sayyohi (1968 yil iyulda Angliya hukumatiga yo‘llagan maktubidan).

Turkiston xalqlarida rus hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarish befoyda va halokatli degan tushuncha chuqur ildiz otgan.
Girs, chor hukumatining maxfiy maslahatchisi (Turkistonning 1880—1884 yillardagi hayoti to‘g‘risida bergan ma’lumotnomasidan).

Bu vahshiyona yurish (1873 yili general Verevkinning Xiva xonligidagi Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Mang‘it, Gurlan yerlarini vayron qilishi) oqibatida na insonlar va na uy hayvonlari qoldi...
Qozoq (kazak) otliqlari ko‘zga ko‘ringanni otib, qariyalar, bobolarni, ayolu atvolni qilich bilan chopib (general Fon Kaufman, Golovachevlarning 1873 yilda Xivani qirg‘in qilishi), sut emadurg‘on o‘g‘lonlarni nayza bilan sanchib o‘tga otar edilar. Ondan o‘tib, yana bir yovmut jamoalarini qatl etdilar. Yigirmadan ortiq xotunlar o‘g‘lonlarini quchoqlariga olib qo‘lga kirib, so‘z ichida, ekinlarning oralarida pinhon bo‘lib turib edilar. Rusiya askarlari alarni ko‘rib miltiq o‘qi bilan otub qatl etdilar...
1881 yil 1-12 yanvarda general M. D. Skobelev Turkmanlarning Ko‘ktepa qal’asida qirg‘in urushi olib bordi. 12 yanvar kuni so‘nggi mudofaatchilar tig‘dan o‘tkazildi. Yaradorlar ham nayzaga tortildi. Qirg‘in oxirida faqat 5 ming xotin-qiz omon qoldirilib, ular g‘olib askarlar ixtiyoriga berildi. Nomusi oyoq osti qilingan bu ayollar Eron feodallariga sotib yuborildi. Ko‘ktepadagi qirg‘inbarot urushini rus generallari maqtanib, «Ikkinchi Borodino» jangi deb ataydilar.
Muhammad Yusuf Bayoniy, tarixchi, shoir.

Ilgari Turkistonda, eski odatga ko‘ra, askarlikka rag‘bat va havas bo‘lar edi. Hozir askarlikdan ozod etilganliklari sababli turkistonliklarning shijoatlari asta-sekin so‘nib, bo‘shashib ketdi... Rossiya Osiyoda g‘oyat uzoqni ko‘zlovchi siyosat ketidan quvuvchi va bu keng qamrovli harakatlarda hech qanday chek-chegarasi bo‘lmagan, hirs va ishtahasi kun sayin oshib boruvchi imperialistik davlatdir. Rus millati ham buyuk davlatchilikka nihoyatda bog‘langan, xususiy mulkka qarab qolmay, hukumat ko‘rsatgan har qanday joyga, har qanday o‘lkaga borib joylashishga jomadoni tayyor, harakatchan, g‘ayrat qiladi. Rus millati bu harakatchanlik va g‘ayratni alohida bir uddaburonlik deb biladi.
Ahmad Zakiy Validiy, yirik davlat arbobi, olim, Turkistonda milliy-ozodlik harakati rahbarlari va tashkilotchilaridan.

Ko‘p jihatdan ayb (Toshkentda 1892 yilning bahorida vaboga qarshi ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘oloni uchun) o‘zimizda, albatta, ularning («sart»larning) fe’l-atvorini, qonun-qoidalarini o‘rganganimiz yo‘q va hali ham o‘rganmayapmiz. Bunda ayb faqat vaboning o‘zidagina emas, bu sabr kosasi to‘lgan xalqning g‘azabini toshirib yuborgan so‘nggi tomchidir. Xalq noroziligi allaqachondan beri kuchayib, yig‘ilib kelmoqda edi. Keyin esa boshqa noroziliklar qo‘shilishi bilan birdaniga qo‘zg‘olon boshlanib ketdi.
N. P. Ostroumov, chor Rossiyasining missioner amaldori (1892 yil 29 iyunda amaldor do‘stlariga yuborgan maktubidan).

Turkiston general-gubernatori A. V. Somsonov Rossiya imperatoriga Turkiston musulmonlarining ongi o‘sib, o‘lkada inqilobiy to‘ntarish yasashga bo‘lgan harakati haqida shularni xabar qiladi: mustamlaka ma’muriyati idoralari Farg‘ona viloyatida «idora tartiblariga va jamoat osoyishtaligiga qarshi kurash» sifatida 1911 yilda 833 ta, 1913 yilda 220 ta «jinoiy ish» qayd etilgan. Sirdaryo viloyatida esa shunday «ayblar» bilan 1911 yilda 3487 kishi, 1913 yilda 5394 kishi javobgarlikka tortilgan.
H. Bobobekov, tarix fanlari doktori.

«Turkiston— ruslar uchun» shiori ostidagi islohotni amalga oshirishga g‘ayrat bilan kirishildi. Imperiyaga qo‘shib olingan bu hudud imperiya bilan chambarchas bog‘langan mustamlaka sifatida qaralishi lozim.
Bu joy (Markaziy Osiyo o‘lkalari) Ovrupo Rossiyasi manufaktura sanoati ehtiyoj sezayotgan mahsulotlarni yetishtirishga qodirdir.
Qisman ko‘chmanchi chorvador va qisman o‘troq, asosan dehqon aholi yashaydigan bu mustamlakada manufaktura sanoati juda zaif rivojlangan, shuning uchun ham u tabiiy ravishda Ovrupo Rossiyasi manufaktura mahsulotlari chaqqon sotiladigan bozorga aylanadi.
M. Brodovskiy, Rossiya imperiyasining mahalliy savdogar amaldori.

Turkiston o‘lkasi uchun qo‘yilgan «missioner», shovinist Ostroumovning taklifiga ko‘ra, Turkiston musulmonlariga juma namozlarida (xutbalarida) oq poshsho nomini qo‘shib o‘qishlikka ko‘rsatma berildi. Mustamlaka musulmonlar tahqirlanib, rus amaldorlariga ta’zim bajo keltirishga majbur edilar, masjidlarda it yetaklab yurish odatini mustamlakachilar tark etmadilar.
Mustafo Chuqaev, Qo‘qon muxtoriyatining raisi.

Xudoning irodasi bilan mana 12 yildirki, yaramas ruslar musulmon shaharlarini egallab oldi. Toshkent, O’ratepa, Samarqandda dinimiz shu’lasini o‘chirib, e’tiqodimizga putur yetkazdilar. Shu sababli ham biz, barcha musulmon xalqlari, o‘z xonimiz (Xudoyorxon)dan muqaddas urush boshlashni so‘raymiz, Lekin u (Xudoyorxon) haq yo‘l qolib, nohaq yo‘ldan ketmoqda. Xon ruslar bilan til biriktirgan ko‘rinadi, Ko‘plab sovg‘alar jo‘natgan va rus podshosidan «muqaddas xon» degan yorliq ham olgan. Shu sababli bizning iltimos va maslahatlarimizga quloq solmayapti. U o‘z yuzini musulmonlardan teskari o‘girdi va bizdan yiroqlashdi. Shundan so‘ng biz barcha ruhoniylar yig‘ilishib. noqonuniy ishlarining barchasini birlashtirib yo‘q qilishga kelishdik... Abdurahmon oftobachi rus bosqinchilariga qarshi 1898 yil 17-18 may kunlarida Andijonda bo‘lgan xalq qo‘zg‘olonida boshchilik qilgan mingtepalik (hozirgi Marhamat tumani) Eshon (Dukchi Eshon) Muhammadali Xalif istibdodga qarshi xalq qo‘zg‘olonini shunday ifodalaydi:
1). Ruslar o‘lkani (O’rta Osiyo za Qozog‘istonni) bosib olgach, ularning mahalliy xalq mulkiga ko‘z olaytirishi kuchaydi.
2). Shariat ko‘rsatmalaridan yiroqlashildi.
3). Rus hokimlari dastlab xalq bilan yumshoq muomalada bo‘lgan bo‘lsalar-da, ibodatni taqiqlab qo‘ydi.
4). Zakot bekor qilindi.
5). Xalq vaqf qonunlaridan mahrum etildi.
Muhammadali (Dukchi Eshon) xalifa yodnomasidan.

Olmoniyaning «Bishof» firmasi 1903 yilda Turkistondan paxta sotib olish uchun Turkiston o‘lkasidagi Davlat mulklari va yer boshqarmasi huzuridagi qishloq xo‘jaligi soliq ishlari amaldori — chinovnik Ponyatovskiyga murojaat etdi. O’rta Osiyo paxtasiga «xo‘jayin» hnsoblangan rus agronomi Ponyatovskiy olmonlarga shunday javob qaytargan: «Bizning tolamizni Olmoniyaga sotish maqsadga muvofiq emas. Buning sabablari: birinchidan, bizning tolamiz hali o‘z fabrikamizga ham yetishmaydi, ikkinchidan, bizning paxtachiligimiz katta yo‘qotishlar evaziga qo‘lga kiritildi. Endi u avvalo rus sanoatini boyitishi kerak, xorijni emas. Uchinchidan, anni paytda Rossiya o‘z tolasiga xom ashyo sifatida juda katta ehtiyoj sezmoqda.
«Delo upravleniya zemledeliya i gosudarstvennix imushestv v Turkestanskom krae» (1903 y.) to‘plamidan.

Bo‘lg‘usi ko‘chmanchi posyolkalar (Rossiyadan O’rta Osiyoga ko‘chirilgan rus posyolkalari) qashshoq emas, balki boy va farovon bo‘lmog‘i kerak.
Krivoshein, yer ishlari va yer qurilishi bosh boshqarmasi boshlig‘i.

1906 yilda o‘lkaning (O’rta Osiyoning) besh viloyatida mavjud 136 posyolka 451 ming tanob yerga ega bo‘ldi.
Har bir xo‘jalik tomorqasi 34,4 tanobdan edi.
«Delo Kantselyarii Turkestanskogo general-gubernatora» (1907 y., 52-son) to‘plamidan.

O’zi tomonidan tobe qilingan sart (o‘zbek)ning xo‘jaligida batrak bo‘lib ishlashi rus kishisi sha’niga yarashmaydi. Bu ayni paytda o‘lkadagi tubjoy aholida ruslarga nisbatan boshqacha munosabat shakllanishiga olib keladi. Ruslarning sartlar qo‘lida ishlashi qoida darajasiga ko‘tarnlishiga davlat yo‘l qo‘ymasligi kerak.
«Voprosi kolonizatsii» jurnali, 1913, 13-son.

Sart o‘z yerida, o‘z oilasi bilan ishlaganida so‘zsiz mehnatkash bo‘ladi, vijdonan ishlaydi. Bu holat sart rus qo‘lida ishlayotganida boshqacha namoyon bo‘ladi. Chunki u bu paytda o‘zining vijdonan ishlashi kerakligini his qilmaydi. Men N. N. Andreev xutori (qishlog‘i)da buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Sart bu yerda kuzatuvchi turganligiga qaramay, makr-hiyla yo‘liga o‘tib oldy… U juda sekin qimirlar va bunga esa jazirama issiqni bahona qilib ko‘rsatardi. Haqiqatda yevropaliklar (ruslar) bu qadar issiqqa dosh berolmasdilar.
N.N.Aleksandrov,
Farg‘onadagi Andreev xutorining xo‘jayini.


Turkistonning ortiqcha har bir pud g‘allasi — bu rus va Sibir g‘allasining raqibidir. Turkistonning ortiqcha har bir pud paxtasi — bu Amerika paxtasining raqibidir. Shuning uchun garchi qimmat bo‘lsa-da, yaxshisi, o‘lkaga g‘alla keltirish kerak. O’zlashtirilgan yangi yerlarga esa paxta ekish lozim.
«Voprosi kolonizatsii» jurnali, 1913, 12-son.

Majid Hasaniyning “Yurt bo‘ynidagi qilich yoki istilo” (Toshkent. «Adolat». 1997) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.