OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yurtimiz boyliklarining talon-toroji: madaniyatimizning dunyoga sochilgan durdonalari

 Tarixdan ma'lumki, Turkiston inglizlar, olmonlar, Xitoy va boshqa imperialistik mamlakatlar uchun o‘lja manbai bo‘lib kelgan. O'rta Osiyoga yashirin yo‘l bilan turli maqsadlarni ko‘zlab kelib-ketgan ilmiy, harbiy ekspeditsiyalar, sayyohlar, tijorat vakillarini eng avvalo Osiyoning qimmatbaho, betakror boyliklari qiziqtirardi. 1931-1933 yillarda «Ost-Ind» kompaniyasining zobiti-leytenant Aleksandr Boris ma'lum vaqt Buxoroda yashab, 200 dan ziyod oltin, kumush tangalar, qimmatbaho taqinchoqlarni yig‘ib Britaniya muzeyiga taqdim etgan. Buxorodan olib ketilgan osori-atiqalar hozirda bebaho hisoblanib, bizning milliy boyligimiz Angliya mulki bo‘lib turibdi. Bu yaqin o‘tmishimizda diyorimizda ish olib borgan xususiy shaxs qilmishlaridan birgina misol. Qadim tariximizda va bizning davrimizda qilingan bunday o‘g‘riliklar va talonchiliklarni aytib ado qilish qiyin. Harholda shu hususda bir oz fikr yuritishga harakat qilib ko‘raylik.

XIII asrda chingiziylarning O'rta Osiyoga bosqini davrida Turkiston o‘lkasi vayron etilib, mamlakat boyligi talon-toroj qilingan bo‘lsa, 1740 yilda Eron shohi Nodirshoh istilosi natijasida xalqimiz mulki yana talab ketildi. Bosqinchi Nodirshoh Samarqanddan ko‘plab o‘ljalar qatori Sohibqiron Amir Temur qabri ustidagi toshni, muqaddas kitob-Qur'oni Karimni, Shohizinda darvozasini va jahongirning maqbarasi ichiga qo‘yilgan oltin sopli nayza va qilich-qalqonlarni, shahardan talab olingan boshqa qimmatbaho boyliklarni Eronga olib ketadi. Nodirshoh Sohiqironning qabrtoshini tezda o‘z joyiga qaytaradi.

O'rta Osiyodagn boyliklarga azaldan ko‘z olaytirib kelgan Rossiya podsholigi bu yerdagi milliy davlatlar-uch xonlikning yer osti, yer usti boyliklarini turli yo‘llar bilan qo‘lga kiritish uchun cheksiz xunrezliklar ko‘rsatdi. Rossiya imperiyasi Turkiston bosqini (1850-1916 yillar) davrida O'rta Osiyo xonliklari, jumladan, Samarqand, Buxoro, Xiva va Xo‘jand kabi ko‘hna shaharlar xazinasida to‘plangan boyliklarga maxfiy rejalar asosida ega bo‘lishga harakat qildi. Shu bois Rossiyadan Turkiston o‘lkasiga jug‘roflar, savdogarlar, tarixchilar, sharqshunoslar, boshqa turli soha mutaxassislari har xil qiyofada va turli vazifalar bilan birin-ketin jo‘natilib turildi. Peterburgdagi Osiyo muzeyi direktori X. D. Fren 1834 yili Sharq allomalari yordamida O'rta Osiyoda izlab topilishi mumkin bo‘lgan 103 ta nodir asarning tadrijiy ro‘yxatini tuzib chiqadi. Rossiya moliya nozirligi va barcha daxldor tashkilotlar Turkistonni bosib olish jarayonida talon-toroj qilingan jamiki boyliklarni Peterburg va Moskva shaharlariga tashib ketish va joylashtirish uchun askar va zobitlarning qo‘llariga maxsus tavsiyanomalarki topshiradilar. Shunga binoan ular O'rta Osiyoning Buxoro, Xiva, Samarqand, Qo‘qon, Xo‘jand, Toshkent kabi shaharlari va xonliklaridan oltin, kumush, amaliy san'at namunalari, qo‘lyozma kitoblar, tarixiy hujjatlar, muhrlar, tamg‘a, tug‘, tangalar, antiqa buyumlar, so‘zanalar, xurjun, qop, gilamlar, zargarlik, misgarlik buyumlari, nodir metallar, egar-jabduq, yoqut, dur-gavhar toshlar va boshqa barcha qimmatbaho buyumlarnn o‘lja olishib, Peterburg, Moskva muzeylari, kutubxonalariga maxsus karvonlar orqali yuborib turganlar. Turkistonning birnnchi general gubernatori K. P. Fon Kaufman (1867-1883) 1869 yili qadimiy Samarqand shahridan musulmon dunyosining bebaho muqaddas kitobi - VIII asr qo‘lyozma yodgorligi bo‘lgan «Usmon Qur'oni»ni Petsrburgga Rossiya imperatori hazrati oliylariga jo‘natgan edi. Shukrki, kufiy yozuvidagi bu nodir kitob - «Usmon Qur'oni» keyinchalik O'zbekistonga qaytarildi.

Chor Rossiyasining bosqinchi generallari 1870 yili Buxoro amirligi fuqarolarining qo‘zg‘olonini bostirish bahonasida Shahrisabz va Kitob bekliklariga qarashli joylarni vayron qilib, o‘lja olingan 97 jilddan iborat noyob qo‘lyozma kitobni Peterburg, Moskva shahriga olib ketadilar. Al-Xorazmiy, Al-Forobiy, Al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Xo‘ja Ahror, Ahmad Yassaviy, Mirzo Ulug‘bek, So‘fi Olloyor, Sulaymon Boqirg‘oniy, Alisher Navoiy kabi daholariing qo‘lyozmalariga ahamiyat berish zarurligi harbiy sharqshunos olim A. P. Kun tomonidan alohida ta'kidlab tayinlanadi. Eng qimmatbaho buyumlarni (qo‘lyozma kitob va boshqalarni) qo‘lga kiritgan har bir rus va kazak askari, zobiti Turkiston general-gubernatori Fon Kaufmanning faxriy va maxfiy maslahatchisi bo‘lgan A. P. Kuning ko‘rsatmasiga ko‘ra, unvonlar, mukofotlar bilan rag‘batlantirib turilganlar. O'z davri tarixiy voqealarining ishtirokchisi bo‘lgan xorazmlik shoir va mohir muarrix Muhammad Bayoniyning yozishicha, Xiva xonligi bisoti - sandig‘ida saqlanayotgan 300 dan ziyod arab, fors-tojik, turk-o‘zbek tillarida yozilgan qo‘lyozma kitoblar, xonlik asravxonasi-arxivida saqlanayotgan ming-minglab tarixiy hujjatlar, xonlik kutubxonasida asralayotgan nodir kitoblardan tortib to hattotlik san'ati bilan bezatnlgan miniatyuralar, bezaklargacha Peterburgdagi Rossiya imperatori kutubxonasiga olib ketilgan. Bosqinchilar tashib ketgan nodir qo‘lyozma kitoblar orasida Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Narshaxiy, ibn Sino, Jayxoniy, Yassaviy, Abu Rayhon Beruniy, Ogahiy, Munis va Bayoniylarning asarlari bo‘lgan. Hozirda yuritimizning bu qimmatbaho boyliklari Saltikov-Shchedrin nomidagi Sankt-Peterburg davlat kutubxonasida qarovsiz holda yotibdi. Bayoniyning guvohlik berishicha, general Kaufman boshliq Rossiya armiyasining askar va zobitlari 1873-1874 yillari Xiva xoni taxtini tag-tugi bilan Moskvaga ko‘chirib olib ketganlar. Rus olimi V. V. Stasov hozir Moskvadagi qurol-aslaha palatasidan joy olib turgan bu taxtni ilmiy tavsif etib: «Xiva xonligining taxti Xiva hunarmand ustalari mahoratining cho‘qqisi, ya'ni metallga gul solish hunarining betakror mahsuli hisoblanadi», - deb yozadi.

Avvallari O'rta Osiyoning yer osti va yer usti boyliklarini rus mustamlakachilari ot, arava, tuyalarda tashib ketgan bo‘lsalar, keyinchalik temir yo‘l orqali, inqilobiy to‘ntarishdan keyingi 70 yil davomida esa «qizil imperiya» tashmachilari quruqlik, suv va havo transportining barcha turlari bilan chumolidek bearmon tashib ketdilar, Bu hol mamlakatimiz o‘z mustaqilligini e'lon qilguniga qadar davom etdi.

Muhammad Yusuf Bayoniy asarlarida va bir qator tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Xiva xoni saroyidan talon-toroj qilingan o‘ljalar orasida pul yasaydigan 200 ta qolip, xonlikning 25 ta tilla va kumush muhri, 200 dan ortiq qadimiy tanga, XV asrga oid o‘ta qimmatbaho zargarlik buyumlari, kiyim-kechaklar, ro‘zg‘or ashyolari va ko‘zga ilinadigan boshqa boyliklar Peterburg va Moskva shaharlariga olib ketilgan. Mehnatkash xalqning bu bebaho durdonalari Ermitajda, Krasnoe seloda, Moskvadagi Etnografiya hamda Politexnika muzeylarida va boshqa joylarda saqlanmoqda. «Mulk o‘z egasini kutib xori zor bo‘lib yotibdi», - deb yozadi tarixchi olima Nafisa Sodiqova «O'zbekiston adabiyoti va san'ati» haftaligining 1991 yil 10 iyul sonida chop etilgan «Talon-toroj qilingan mulk» maqolasida.

Turkistondagi ilm-fan, madaniyat, ma'naviyat yodgorliklarini rejali, ilmiy asosda qo‘lga kiritish bobida Peterburgda tashkil etilgan Rus jug‘rofiya jamiyati katta rol o‘ynadi. Bu jamiyatga a'zo bo‘lgan podsholikning nufuzli knyazlari, harbiy tarixchilari, arxeolog, etnograf, topograf, sharqshunos va o‘lkashunos olimlari, jumladan, P. I. Lerxe, N. P. Kun, V. V. Stasov, M. S. Andreev, V. A. Ivanov, N. V. Veselovskiy, S. M. Dudin, N. P. Ostroumov, V. Minorskiy, V. Rozan, A. G. Tumanskiy, S. Vopin, M. Ye. Masson, Ye. F. Kol, X. D. Fren, V. V. Radlov, V. N. Dorn, K. G. Zalman, F. V. Oshanin, V. L. Vyatkin, V. V. Bartold, I. Yu. Krachkovskiy, V. A. Jukovskiy, S. P. Tolstov kabilar O'rta Osiyoning moddiy va ma'naviy boyliklari Moskva va Peterburgga tashib ketilishida juda katta xizmat ko‘rsatganlar.

Sharqshunos olimlardan P. I. Lerxe va A. L. Kun Turkistonni bosib olish jarayonida mahalliy xalqlarning mol-dunyosi, shaxsiy mulki va xonliklar xazinasidan qanday yodgorliklarga, qaysi buyumlarga e'tibor berish zarurligi to‘g‘risida dastur ham ishlab chiqadilar. Dasturda Sharqning buyuk olimlari va allomalari, payg‘ambar va aziz avliyolar, valiylar haqidagi qo‘lyozma kitoblarga e'tibor berish zarurligi ta'kidlanadi.

Samarqand shahrini bosib olib, xalq mulkini talon-toroj qilishga farmon bergan general K. P. Kaufman 1869 yilda musulmonlarning yuqorida aytib o‘tilgak muqaddas kitobi - Qur'oni Karimning noyob nusxasi bilan birga Hadisi sharif va boshqa nodir qo‘lyozma kitoblarni Sankt-Peterburgga jo‘natadi. Harbiy maslahatchi vazifasnda ishlagan sharqshunos A. L. Kun 1873 yilda Xnva xonligi bosib» olinganidan keyin xon saroyidagi qimmatbaho buyumlar qatori arab, fors za turkiy tillarda yozilgan noyob kitoblarni Moskva, Peterburg shaharlariga yuborib turadi. U Rossiya imperiyasining Turkiston bosqini davrida O'rta Osiyo hududidagi xazinalar ayovsiz talon-toroj qilinganligini ishonchli manbalar, arxiv hujjatlari asosida haqqoniy yoritib bergan. Olimning yozishicha, chor Rossiyasining bosqinchi generallari, talonchi chor chinovniklari, ochko‘z va g‘addor askar va zobitlari bosib olingan O'rta Osiyo va Qozog‘iston o‘lkalarida vahshiylarcha begunoh qon to‘kkanlaridan tashqari faqat xonliklar xazinasinigina emas, balki bekliklar, tumanlar va qishloqlar, hatto boy va amaldorlar, savdogarlarning mol-mulknnn ham talon-toroj qilganlar. Uyma-uy yurishib, har bir xonadondagi ko‘zga yaqin narsalarni va, ayniqsa, eski arab yozuvidagi qo‘lyozma kitoblarni yig‘ishtirib olganlar. «Devonbegi Matmurodning uyidan,- deb yozadi. N. Sodiqova yuqoridagi maqolasi davomida,- tillodan yasalgan ikki sandiq buyumlar, qimmatli toshlar olib ketilgan».

Xiva yurishidagi boy o‘ljalar haqida Amerika elchixonasining kotibi Skaylor bilan Rossiyaga kelib, Fon Kaufman boshchilik qilgan Xiva yurishida qatnashgan Amerikaning «Nyu-York gerald» gazetasi muxbiri Artur Mak-Gaxan ham «Oksusdagi harbiy harakatlar va Xivaning qulashi» degan asar yozib, 1875 yilda Peterburgda nashr ettiradi. Mak-Gaxan xon saroyi xazinasini batafsil tasvirlaydi. Bu yerda ko‘rgan narsalari butun dunyodan keltirilgan san'at durdonalari ekanligini, behisob Xitoy chinni idishlari, Eron, turkman ipak gilamlari, Kashmir ro‘mollari, ajoyib liboslar za qurol-aslahalarni ta'riflaydi. «Faqat XVII-XIX asrlarga oid Xitoy chinni buyumlarining o‘zi 1000 dan ortiq bo‘lib, ular rus zobitlariga o‘lja bo‘ldi», deydi Mak-Gaxan. Maqolada ta'kidlanganidek, Xiva bosqini davrida Rossiyaning ulug‘ knyazi Nikolay Konstantinovich Romanov va boshqa qator rus amaldorlari, generallari, chinovniklari, sudxo‘rlari va zobitlari, korchalon savdogarlari Xivada behisob o‘ljalarni qo‘lga kiritdilar. Talab olingan qimmatbaho buyumlarni kim oshdi savdosiga qo‘yib, xorijlik aktsiyachilar, savdogarlarga sotib yuborishdi. Bu xil misollar behisob. Muhammad Bayoniyning yozishicha, Xorazm yerlari bilan tutash bo‘lgan turkman o‘lkasiga yurish davrida ham chor Rossiyasining bosqinchi generallari, zobitlari va amaldorlari beadad tekin o‘ljani qo‘lga kiritganlar. Ayniqsa, Ko‘ktepa, Dinglitepaga hujum davomida bosqinchilar ming-minglab begunoh odamlarni qirib tashlab, turkman gilamlari, o‘tovlari, zotli otlari, tuya va chorva mollarini ochko‘zlarcha talaganlar. Qotil bosqinchilar qilichidan o‘lgan va ular dastidan qochib ketgan kishilarning 12000 ta egasiz o‘tovidagi turkman gilamlari, kigizlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qimmatbaho taqinchoqlari va hattoki it-mushuklarini o‘tovlari bilan qo‘shib talab ketishgan.

Haqiqatan ham Rossiya imperiyasi hujumkor armiyasining eng dahshatli jangi Turkmanistonning Ko‘ktepa va Dinglitepa qal'alarida bo‘lganligidan shu voqealar xususida yana bir oz to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Tarixchi Muhammad Yusuf Bayoniyning «Xorazm tarixi» asarida hamda Garteveldning «Ko‘char qumlar va kesilgan boshlar» deb nomlangan Turkiston safariga bag‘ishlang‘an ocherkida bu tengsiz fojia tafsiloti keng bayon etilgan. Dushmanga jasorat bilan qarshi turgan bahodir turkman xalqini mahv etib, mayib-majruh qilib, faryod chekib, qoniga bulg‘anib yotgan ota-onalar, yosh bolalar ko‘zi oldida xalq boyligini talashlar murdalar ko‘zini cho‘qiyotgan kalxatlarni eslatadi. Bunday vahshiylikni jahon xalqlari kamdan-kam ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Dahshatli bu tarixiy voqealarni ko‘z o‘ngingga hayolan keltirar ekansan, beixtiyor boshing g‘uvillab, badanlaring uvishib ketadi. Bu manzarani tasvirlashga qalam ojizlik qiladi. Mol-dunyo yig‘ish uchun begunoh insonlarni yoppasiga qirib, ularning huvillab qolgan yurtlarida barcha g‘alamisliklarni qilishga qodir bosqinchilar o‘zlarini madaniyatli sanab, bu qilmishlarini esa qonuniy deb hisoblashlari hech bir mantiqqa, insof-diyonatga to‘g‘ri keladimi axir?!

O'zlarini Turkistonning yarim podshosi, ho‘jayini deb hisoblagan rus generallari o‘zlarini o‘zga xalqlarni zor qaqshatib, begunoh qon to‘kish hisobiga egallagan jannatmakon yurtlarda yashovchi jannatilar deb hisoblardilar. Bunday «jannati» zobitlar, knyazlar, chinovniklar, barcha amaldorlaru sazdogarlar uchun hamma shart-sharoitlar muhayyo edi. Rus hukmdorlari bu yerda o‘zlarini mangu xo‘jayindek his etardilar. Kavkaz, Sibir, Orenburg general-gubernatorlarining oylik maoshlari 20-30 ming so‘mdan oshmagani holda Turkiston general-gubernatori 40-50 ming so‘m maosh olardi. Mahalliy xalq tilini o‘rganganligi, uning urf-odatlarini «hurmat qilganligi» uchun rus zobitlariga qo‘shimcha haq to‘lanardi. Bu ham Turkistonning Rosspya uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligndan dalolat berardi. Xullas, bosqinchi kelgindilar bu yerda o‘zlarini jannatning naq o‘rtasida sezardilar.

«1875-1876 yillari rus qo‘shinlari Ko‘qonga yurish qiladi va xon kutubxonasidan 130 dan ortiq nodir qo‘lyozmalar olinib, Peterburgga, imperator kutubxonasiga jo‘natiladi», - deb yozadi Gartezeld yuqoridagi kitobida.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, Buxoro Rossiya tomonidan bosib olinganiga qadar rus savdogarlari, sayyohlari, diplomatlari, har xil qiyofada va turli maqsad bilan kelib-ketadigan shaxslar, guruhlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, Buxoro amirligi hukmdorlariga, mahalliy xalqqa yaxshi madaniy munosabatda bo‘lishgan. Masalan, rus savdogarlari Buxoroga qimmatbaho sovg‘a-salomlar keltirishga alohida ahamiyat berganlar. Biroq Rossiya imperiyasi Turkistonni, jumladan, Buxoroi sharifni harbiy kuch bilan bosib olganidan keyin mahalliy xalqqa, hukmdorlarga muomala, munosabat butunlay o‘zgarib ketadi. Shundan keyin o‘zlarini O'rta Osiyoda hukmdor bilgan rus general-gubernatorlari, chinovniklari va ayniqsa chor Rossiyasining josus diplomatlari, savdogarlari endi Buxoroga sovg‘a-salomlar keltirish o‘rniga bu yurtlarning barcha boyliklarini bosqinchilarcha tashib ketishga kirishadilar. Buxorodan o‘lja olingan qimmatbaho sovg‘a-salomlarni talonchilar Toshkentdagi rus va chet el millionerlari va kollektsiyachilariga yanada qimmatroq sotish ishi bilan mashg‘ul bo‘ladilar.

Rossiya chinovniklari, ma'muriy amaldorlari, generallari, viloyat, shahar hokim-to‘ralari o‘z mustamlaka qo‘li ostidagi O'rta Osiyo xonliklarining amalodorlaridan, savdogarlar va fuqarolardan turli yo‘llar bilan katta-katta pora olib turganlar. Zullisonayn (ikki tklda ijod etuvchi) adiblardan Sadriddin Ayniy va Abdurauf Fitrat Buxoro tarixiga doir asarlari, maqolalarida yozishlaricha, Buxoro amiri Said Olimxon hukmronligi (1910-1920) davrida yangi Buxoro-Kogon shahrida faoliyat olib borgan Rossiya imperiyasining siyosiy agentliklari Buxoro amirligining amaldorlaridan muntazam ravishda pora, qimmatli sovg‘a-salomlar olishga odatlanib qolishgan. Masalan, S. Ayniy «Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar» (Moskva, 1926) nomli tarixiy asarida yozishicha, Rossiya hukumatining Buxoro (Kogon)dagi siyosiy agentlari Vvedenskiy, Shulga kabilar buxorolik qozikalonlar, qushbegi, darbor ahlidan muntazam pora olib turganlar. Xiva va Qo‘qon xonliklaridagi chor chinovniklari, generallari, barcha amaldorlari turkistonlik mahalliy boylar, amaldorlar ham ulardan qolishmagan. Xiva xonligida yashovchi ayrim amaldorlar, boy savdogarlar 1913 - 1916 yillar orasida oq podshoning ko‘plab amaldorlariga turli yo‘llar bilan pul hamda xalq boyligi bo‘lgan qimmatbaho buyumlardan iborat sovg‘a-salomlar yetkazib berib turganliklari haqida tarixiy hujjatlar saqlanib kolgan. Masalan, Xiva xoni Said Bahodir Asfandiyorxonning rus polkovnigi Volkovga 1916 yil 16 oktyabrdagi qabul chog‘ida bergan izohida quyidagilarni o‘qiymiz: «Polkovnik Kolosovskiyga pul bergan vaqtlarimni aniq yozib qo‘ymaganman, lekin daftarchamdagi yozuvlarda aks etganlarini og‘zaki bayon qilaman. 1915 yil boshida polkovnik Kodosovskiyga Matvafo orqali 5000 so‘m pul berdim. O'sha orqali Kolosovskiyga yana 5000 so‘m jo‘natdim. 1915 yilning ikkinchi yarmida Matvafo ishdan bo‘shatilgach, Toshkentdan qaytgan polkovnik Kolosovskiyga Abdullaxon orqali 5000 so‘m berib yubordim. 10 kundan keyin esa Matvafoni birinchi vazir sifatida qayta mansabga tayinlaganimdan keyin polkovnik Kolosovskiy mendan yana pul olish istagini bildirdi va u 1916 yilning iyunida shaxsan o‘zimdan 10000 so‘m pul oldi. Matvafo polkovnik Kolosovskiyning mendan tulpor (ot) olish xohishi borligini xabar qildi. Shunda Matvafoga barcha otlarimni unga ko‘rsatishni buyurdim. U o‘ziga ikki otni oldi. 1916 yilning qishida men rus armiyasi zobitlari va askarlarnga po‘stinlar sovg‘a qilgan chog‘imda Matvafodan polkovnik Kolosovskiyga nimani tortiq qilish lozimligi haqida so‘raganimda u Kolosovskiy narsa (sovg‘a-salom) dan ko‘ra pulni afzal ko‘rishini aytdi. 1915 yilning noyabrida bo‘lsa kerak, polkovnnk Kolosovskiy xotini bilan oldimga kelganida ularning har biriga po‘stin uchun 2000 so‘mdan, hammasi bo‘lib 4000 so‘m tutqazdim.

Matvafoning maslahatiga ko‘ra, polkovnik Kolosovskiyning xotini uchun Moskvadan brilliant isirg‘alar buyurtirdim va shaxsan o‘ziga topshirdim. Isirg‘alar 4000 so‘mga tushdi. Polkovnik Kolosovskiyning xotini o‘sha 1915 yili ketadigan bo‘lganida unga yo‘l harajati deb 1000 so‘m tutqazdim.

Matvafodan Kolosovskiy mening oldimga kelib-ketib, xafaqon bo‘lib yurganligini eshitib, 1915 yil oxirida unga 5000 so‘m berib yubordim. 5-6 kun o‘tgach, Kolosovskiyga shaxsan o‘zim 5000 so‘m berdim. O'n kundan so‘ng yana 5000 so‘m tutqazdim. Bir necha kundan keyin Matvafodan Kolosovskiyning mendan yana umidvor ekanligini bilib, polkovnikka 5000 so‘m berdim. Bir necha kundan keyin Matvafo menga polkovnik Kolosovskiy oz miqdordagi pulga qanoat qilmaganligini aytgach, polkovnikka shaxsan o‘zim 20000 so‘m tutqazdim.

Shu 1916 yilning boshida yovmut (turkman)dar Xiva qal'asi ostonasida jang qilayotganlarida men Kolosovskiyning iltimosiga ko‘ra shaxsan unga 5000 so‘m pul topshirdim. General Galkin turkmanlarnn tinchlantirib, Xivadan jo‘nab ketgach, polkovnik Kolosovskiy Matvafoning ukasi Abdurahmon orqali menga o‘zining bu yerda bo‘lishidan foyda ko‘rish niyatini aytgandan so‘ng men unga Abdurahmon Baqqolov orqali 30000 so‘m yubordim. Kislovodskga ketishidan ikki kun ilgari polkovnik Kolosovskiyga ikki bog‘lam (pachka) pul: birida 25000 so‘m, ikkinchisida 50000 so‘m - hammasi 75000 so‘mni Abdurahmon Baqqolov orqali jo‘natdim. 1916 yilning yozida Kavkazga ketishimdan bir kun avval polkovnik Kolosovskiy oldimga xotini va qizi bilan xayrlashuvga kelganida uning qiziga 3000 so‘m sovg‘a qildim. Hammasi bo‘lib 187000 so‘m».

Ushbu hujjatga imzo chekkanlar: Maxfiy politsiya boshlig‘i polkovnik Volkov, tarjimon Mamedov (qarang: O'zbekiston tarixi. 8-sinf darsligi. T., 1994, 344-345-betlar).

Yuqorida takror aytganimizdek, O'rta Osiyo xonliklari xazinasi kirim-chiqimida, jumladan, Buxoro amirligi xazinasi haqida qayd etilgan hujjatlar ko‘rsatmasida xilma-xilliklar mavjud. Masalan, Buxoro amirining vaziri - qushbegi Mirzo Nasrulloning inqilobga qadar shaxsan o‘zi ro‘yxatga olgan boyligi quyidagilardan iborat bo‘lgan: Buxoro tillasi 114838 dona, rus tillasi 4365100 so‘m, yombi holidagi Gamburg tillasi-1108 pud (17 dona - 728 kg) kumush - 45 tonna, rus kumushi- 1385 pud (22 tonna- 160 kg) Buxoro tangasi - 62834780 dona, Buxoro mis tangasi - 731 pud (5 tonna 696 kg), tilla kukuni- 16 pud (1 tonna 56 kg), rus banki kumushi - 864 pud (13 tonna 724 kg), yirik brilliantlar - 3482 karat, buyumlarga tikilgan brilliantlar - 968 karat, kimmatbaho toshlar - 8617 karat bo‘lgan. Buxoro amiri Olimxon (1914-1920) qo‘lidagi rus sanoat banklari aktsiyalarining qiymati 33 million so‘m edi. Uning xazinasida 100 million Rossiya puli bo‘lgani ham qand etilgan.

«Xonliklardan, boy va savdogarlardan tortib olingan yoki ulardan arzon-garovga yoxud sovg‘a tarzida olingan qimmatbaho buyumlar, qo‘lyozma kitoblar bilan keyinchalik faqat Turkiston general-gubernatorining shaxsan o‘zi shug‘ullanishga qaror qiladi. Natijada keyinchalik sovg‘ani faqat general-gubernatorning o‘zi olishga kirishadi»,-deb yozadi olima N. Sodiqova. Turkiston general-gubernatori Rozenbaxning xotini Olga Ivanovna juda nahang bo‘lib chiqdi. U xonlar va amirdan undirilgan qimmatli, noyob, bebaho sovg‘alarni Toshkent shahrida kimoshdi savdosida sotib, hisobsiz pul jamg‘arardi, shu tariqa xalqimizning nodir san'at yodgorliklari chet ellik xaridorlar mulkiga aylanardi. Buxorodagi qushbegilar, qozikalonlar, rais, muftiy a'lam, devonbegi, dodho, qorovulbegi va boshqa amaldorlar xonadonidagi hamda ma'rifatparvar ziyolilar, kitobsevarlarning shaxsiy kutubxonalaridagi qulyozma kitoblarni rus savdogarlari va sharqshunos missionerlari savdo yo‘li bilan qo‘lga kiritgan bo‘lsalar ham, lekin Buxoro amirligining boy kutubxonasiga xorijlik shaxslar kiritilmay, undagi asarlar uzoq vaqt rus va chet el sharqshunoslari ko‘zidan yiroq tutildi. Biroq chet ellar, jumladan Rossiya bilan olib borilgan savdo-sotiq ishlari bir qadar rivoj topgach, Buxoro bozorlarida, ayniqsa Buxorodagi bozori shab - tungi bozorda turli-tuman tangalar, taqinchoqlar, qo‘lyozma kitoblar, gilamlar, zargarlik buyumlari, uy bezaklari bemalol sotilardi. Buxoroda qorako‘l teri, suvsar, mo‘yna bilan savdo qilishdan tashqari, noyob qo‘lyozma kitoblar savdosi keng avj olgandi. Buxorolik kitob savdogari Mulla Najmiddinning Buxoro va Qarshida kitobfurushlik do‘konlari bo‘lib, ularda arab, fors-tojik, turkiy tillardagi noyob qo‘lyozma kitoblar sotilardi.

Buxoro, Qarshi va boshqa shaharlarda bozorlar, kitob do‘konlaridan arzon-garovga olingan durdona buyumlar za qo‘lyozma kitoblar rus sharqshunos olimlari tomonidan sotib olinib, xorijdagi kitobsevarlarga oshirib pullangan. Sadriddin Ayniy «Qisqacha tarjimai holim» (1940) va «Esdaliklar» (1941-1954) nomli asarlarida inqilobdan avval Buxoro, Qarshi, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Shahrisabz kabi shaharlarla bir qancha kitob do‘konlari bo‘lib, bozordagi kitobfurushlardan tashqari ajoyib va g‘aroyib kitoblar va oynomalarni savdogarlar ham sotganliklarini yozadi. Yozuvchining o‘zi Buxorodagi kitob bozorlaridan Hofiz Sheroziy, Soib, Bedil va Navoiy devonlarini sotib elganligini hikoya qiladi. Sadriddin Ayniyning 1920-21 yillarda o‘zbek tilida yozilib, Nazir To‘raqulov so‘z boshisi bilan Moskvadagi SSSR xalqlari nashriyotida 1926 yilda chop etilgan «Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar» nomli tarixiy asarida yozilishicha, Buxoroda amir Abdulahad va Said Olimxon hukmronligi davrida ko‘pgina qimmatbaxo buyumlar, nodir qo‘lyozma kitoblar amirzodalarning qimor o‘ynashlari evaziga rus va chet el savdogarlari qo‘liga o‘tib ketgan. Buxoro, Samarqand, O'ratepa, Xo‘jand va boshqa shaharlarda nodir kitoblar borligini sezgan xorijliklar turli yo‘llar bilan ularni qo‘lga kiritishga harakat qilganlar. Turkiston o‘lkasi butunlay Rossiya tasarrufiga o‘tgach, O'rta Osiyo yer osti va yer usti boyliklari o‘zini ikkinchi podsho deb hisoblagan Turkiston general-gubernatori ixtiyoriga o‘tadi. Mahalliy xalqlar qo‘lidagi qimmatbaho buyumlar, noyob qo‘lyozma kitoblar, chinni idishlar, koshinlar kollektsiyasini osonlikcha qo‘lga kiritish niyatida Turkiston general-gubernatori vaqti-vaqti bilan Toshkent shahrida ko‘rgazmalar uyushtirib turadi. Ana shunday ko‘rgazmalardan biri 1890 yili Toshkentda (hozirgi «Mehrijon» istirohat bog‘ida) qishloq xo‘jalik, san'at, hunarmandchilik mahsulotlariga bag‘ishlab o‘tkazildi.

Mazkur ko‘rgazmada O'rta Osiyo va Qozog‘iston o‘lkalarining turli shaharlaridan xalq xo‘jaligi, sanoat mollari, zardo‘zlik, kashtachilik, zargarlik, kandakorlik, gilam, duxoba, so‘zana singari buyumlar, nodir kitoblar namoyish etiladi. Shaxsan Turkiston general-gubernatori tomonidan uyushtirilgan bu ko‘rgazmaga keltirilgan barcha qimmatbaho buyum-ashyolar va noyob kitoblar uning ixtiyorida qoldiriladi. «Shu tariqa,- deb yozadi N. Sodiqova, - chor Rossiyasi O'rta Osiyoni bosib olgandan keyin Turkiston diyoridagi xalqlarning milliy mulki bo‘lgan xon saroyidagi kutubxonalarni, arxivlarni, shaxsiy qo‘lyozma xazinalarini, tangalar, muhrlar, qoliplar, nishonlar va boshqa mahalliy hunarmandlarning yuksak mahorati va nozik didi samarasi bo‘lmish boshqa qimmatbaho buyumlarni o‘marib-o‘g‘irlab ketdilar».

Bundan xulosa shuki, hatto eng ilg‘or vatandoshlarimizda hayrat uyg‘otgan o‘sha ko‘rgazmalar ham bir tomondan, Rossiya kuch-qudratini namoyish qilish, ikkinchi tomondan, eng noyob boyliklarimnzni tanlab olkb ketish yoki xorijga sotib yuborish maqsadida uyushtirib turilgan. Biz ba'zan kaltafahmlik qilib, yuqorida nomlari keltirilgan rus olimlari, sayyohlarining ilm sohasidagi xizmatlarini bir tomonlama baholab, keragidan ortiq ta'rif va tavsif etamiz. Lekin ularning ilmlari eng avvalo kimlar va nima uchun amalga oshirilganligi va qanday maqsadlarga xizmat qilganligi to‘g‘risida o‘ylab ham o‘tirmaymiz.

Qaysi bir mashhur olimimiz, ijodkorimizning qo‘lyozma yoki ko‘chirilgan hamda kam chop etilgan asarlarini o‘qib, ular ustida tadqiqot olib bormoqchi bo‘lsangiz, ularning asl nusxalarini, albatta, xorijiy o‘lkalardan - Frantsiya milliy kutubxonasi, Britaniya muzeyi, Sankt-Peterburg yoki Turkiya kutubxonalari va muzeylaridan topasiz. Mamlakatimizning milliy boyligi bo‘lgan kitoblar, oltin, kumush, ma'dan, qimmatbaho buyumlar turli davrlarda har xil yo‘llar bilan chetga olib chiqib ketilgan bo‘ladi. 1994 yilning 25 mayida «Trud» gazetasnda «Rus oltiilari qaytarilsin» («Vernut russkoe zoloto») sarlavhali maqolada bolsheviklar o‘margan 93,5 tonna quyma oltin xususida gap ketadi. Inglizlar hujumini qaytarish va Antantani mag‘lub etish uchun terrorchi qizil bolsheviklar 1918 yili Germaniyaga 93,5 tonna oltin yuborgan ekanlar. Maqolada Rossiyaning bu boyligi Frantsiya orqali Yaponiyada maskan topganligi to‘g‘risida ma'lumot berilib, u o‘z vatani-Rossiyaga qaytarilishi qat'iy talab qilinadi.

Chor Rossiyasining O'rta Osiyoga tijorat bahonasida, ekzotika izlab kelgan sayyohlari, sharqshunoslari Buxoro va Xiva shaharlarida bo‘lib, Osiyo muzeyi uchun XII-XIII asrlar tarixidan hikoya qiluvchi noyob qo‘lyozma va bosma kitoblarnn o‘lja oladilar. Masalan, peterburglik sharqshunos olim A. N. Samoylovich 1902, 1806, 1808 va 1916 yillari Turkistonga safar qilib, ko‘pgina qo‘lyozma kitoblar, etnografik yodgorliklar va qimmatbaho tangalarni o‘z vataniga olib ketadi. Rus Sharqshunoslaridan yana biri V.A. Ivanov 1915-1916 yillarda Buxoroda ikki marotaba bo‘lib, 1057 jilddan iborat arab, fors-tojik za turkiy tillarda yozilgan nodir kitoblarni Peterburgdagi Osiyo muzeyiga olib borib topshiradi.

Narshaxiyning o‘tmish madaniyatimiz tarixidan hikoya qiluvchi «Tarixi Narshaxiy» («Buxoro tarixi») noyob asari ham sarson-sargardonlikda jahon kezgan kitoblar jumlasiga kiradi.

«Ushbu asar, - deb yozadi tarixchi olim A. Muhammadjonov «Qadimda obod Buxoro» maqolasida («Fan va turmush» jurnali, 1991, 6-son), - Yevropa va Rossiya sharqshunosligida o‘tgan asrning 30-40-yillaridan boshlab ma'lum bo‘ldi. Dastavval 1832 yilda Buxoroda bo‘lgan «Ost-Sheril» kompaniyasining vakili A. Beris tomonidan uning dastlabki qo‘lyozma nusxasi olib ketildi. So‘ngra 1841 yilda Rossiyadan Buxoro xonligiga yuborilgan K. Busheev boshliq missiyaning ittifoqchisi N. Xonikov, 1858 yilda Xiva va Buxoro shaharlarida bo‘lgak N. Ignatev missiyasining a'zosi sharqshunos P. Lere tomonidan «Buxoro tarixi» kitobining to‘rtta qo‘lyozma nusxasi Sankt-Peterburgga olib ketildi».

Ma'lumot uchun aytib o‘tish joizki, Jahon sharqshunosligi va tarixshunosligida keng shuhrat topgan bu asar 1892 yilda Ch. Shedger tomonidan Parijda, 1894 yilda Yangi Buxoro-Kogonda, 1904 yilda Mullo Sulton tomonidan yana Kogonda va 1939 yilda Mudarris Rizoviy tomonidan Tehronda nashr etildi. Fors-tojik tilidan N. Likoshinning rus tiliga tarjimasida akademik V. V. Bartold tahriri ostida Toshkentda bosilib chiqdi. Amerikalik sharqshunos olim R. Frayning mufassal izohlari ilova etilgan inglizcha tarjimasi 1954 yilda Kembrij dorilfununida nashr etildi.

«Buxoro tarixi»ning o‘zbekcha nashri 1966 yilda Toshkentda, yangi imlodagi tojikcha nashri esa 1979 yilda Dushanbeda bosmadan chiqdi.

Umuman, Sankt-Peterburg muzeylarining O'rta Osiyo bo‘limlarini tomosha qilar ekansiz, Turkiston xalqlari ming yillar davomida yaratgan madaniy merosimizning noyob namunalarini, nodir me'morchilik, hunarmandchilik yodgorliklari, oltin, kumush, yoqut, gavhar, olmos va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni, turli-tuman bezaklar berilgan patgilamlar, turli davrlarga doir qurol-aslahalarni ko‘rib bir jihati qalbimizni qadimiy boy madaniyatimizdan g‘ururlanish tuyg‘usi egallasa, ikkinchi tomondan, borlig‘imizni achinish, alam tuyg‘usi qamrab oladi. Chunki bu boyliklarning asl Vatani Turon zamini - Turkistondir. Ularning tufar joyi ham shu yerda bo‘lmog‘i lozim.

 Majid Hasaniyning “Yurt bo‘ynidagi qilich yoki istilo” (Toshkent. «Adolat». 1997) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.