Osmonda likopchasimon g‘aroyib uchar jism paydo bo‘ldi. Lekin buni hech kim payqamadi. U bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay pastlay boshladi. Zum o‘tmay, paxta dalasidan ancha uzoqda, kimsasiz qirlar ortida g‘oyib bo‘ldi.
Uchar likopcha o‘tlari suvsizlikdan qovjiragan maydonga qo‘ndi. Bu texnik qurilma ko‘rinishidan o‘ta mustahkam ma’dandan ishlangan bo‘lib, birorta tirqishi ko‘rinmasdi. Nogahon qobig‘i quyosh nurida erib ketayotgandek bo‘ldi. Undan yaltiroq kumushrang kiyimdagi pakana odam baliq singari suzib chiqdi. Oyog‘i yerga tekkach, atrofga alangladi. Kuz quyoshi qizdirayotgan dashtda hech kas ko‘rinmadi. U yengil odimlab ro‘paradagi qirtepaga ko‘tarila boshladi. Yo‘l-yo‘lakay qovjiragan o‘t-o‘lanlarga egilib qo‘lini tekkizib bordi. Qip-qizil mevalari qoqi bo‘lib qolgan kovul oldida uzoqroq to‘xtadi. Uni suvsiz qir-adirda yayrab palak otgan o‘simlik hayratga soldi. Kaftidan kovulning yashil poyasiga ipakdek nozik nur yubordi. Nur qaytganda ajablandi: “Kovulning tomiri roppa-rosa o‘n besh quloch yer ostiga kirib boribdi. Bu nozik o‘simlik qanday qilib shunchalik chuqur namlikka yetib bordi?”.
U bir zum shularni o‘yladi. Qo‘lida kumushrang igna paydo bo‘ldi. Egilib, uni kovul bargiga sanchdi. Diqqat bilan bilagidagi moslamaning monitoriga tikildi va hayratdan ko‘zlari katta-katta ochildi. Monitorda kovul poyasi, mevasi, tomiri tarkibidagi birikmalarning uzundan-uzoq ro‘yxati ko‘ringandi. Pakana odam kovulning ushbu sayyora aholisida uchraydigan nafas qisishi, oshqozon, jigar xastaliklariga davoligini tushundi. Og‘riq qoldirish, gijja haydash, yaralarni bitirishda foydalansa bo‘larkan!
“Hali bu o‘simlikning sirlari ochilmagan, – degan xulosaga keldi u. – Kovul sayyoradagi g‘aroyibotlardan biri! To‘g‘ri, u bundan avval Yerning Sharq qismida qizil kedr daraxti ignabarglarida kuchli antibiotik borligini aniqladi. Hindistonda yomg‘ir yog‘ishidan darak beruvchi, Gruziyada yer ostida gullaydigan o‘simliklarni ham uchratdi. Lekin suvsiz qirda o‘sgan kovul bu sayyora odamlari uchun tabibi g‘aybning o‘zginasi! Ajab, ular qanday odamlar?”
Pakana savoliga javob izlab uzoqdagi paxta dalasiga qaradi.
* * *
Paxta terimi ayni qizigan paytlar edi. Kun tikka kelgan. Dala shiyponida Ergash bilan Zulxumordan boshqa hech kim qolmadi. Ishchilar ovqatlanib, katta paykalning etagiga tushib ketishdi. Ayollar fermer xo‘jaligi ajratgan avtobusda markazlashtirilgan bog‘chaga jo‘nashdi.
Zulxumor radiodan berilib qo‘shiq eshitardi. Yoniga Ergash kelib o‘tirdi. Beixtiyor harakat bilan do‘ppisini to‘g‘irlagan bo‘ldi-da, Zulxumorning qo‘lini ushladi.
– Jim! – deya qiz qo‘lini tortdi. – Jim! Eshiting, Botir Zokirov ashula aytyapti. Biram yaxshi ko‘raman!
Zulxumor ashula ohangiga mos tebrana boshladi.
– Kimni? – qizni gapga solmoqchi bo‘ldi Ergash.
– Botir Zokirovni-da... ashulasini.
– Meni-chi? – Ergashning quyoshda qoraygan baquvvat qo‘llari qizni ikki o‘rim sochlariga tegajoqlik qila boshladi.
– Men boshqacha yaxshi ko‘rishni aytyapman, – labini burdi qiz. – Tavba, qo‘shiq eshitasizmi, yo‘qmi? Sizniyam bolalik ayollarga qo‘shib jo‘natish keragidi.
Zulxumor o‘zining hazilidan zavqlanib kulib qo‘ydi.
– Hali vaqtliroq-da, – og‘zining tanobi qochib dedi yigit. – Keyin... siz bilan birga ko‘rib kelaveraman.
Zulxumor gapidan pushaymon bo‘ldi. Yuzi lov- lov yonib, o‘rnidan turdi. Devorda osig‘liq radioning ovozini ko‘tardi. Xonanda yuraklarni sel qilib kuylardi: intizor oshiq yorini zor-zor bo‘lib chorlayapti. Unga chamanlarni, kuylayotgan bulbullarni hadya etadi. Ergash ham borgan sari qudrati ortib borayotgan sohir ovozga quloq tutdi...
Shu payt bexosdan radio o‘chdi. Zulxumor alam bilan simni tortqiladi.
– Voy, qurib ketgur-ey, – kuyinib tipirchilardi qiz. – Qarang, Ergash aka, bunga bir balo bo‘ldi. Eng yaxshi ko‘rgan qo‘shig‘imidi-ya!
Ergash zavqlanib Zulxumorga tikilib turganida radiodan asabga teguvchi chiyillagan, g‘o‘rillagan ovozlar eshitildi. Shovqin tingach, kimdir ularning ismlarini aytib chaqirdi:
“Ergash! Zulxumor! Bizni eshityapsizlarmi?”
– Voy! – cho‘chib tushdi Zulxumor. – Bu nimasi, Ergash aka, eshitdingizmi?
– Eshitdim, – ajablandi Ergash ham.
Radiodan yana boyagi tovush eshitildi:
“Ergash! Zulxumor! Bizni eshityapsizlarmi? Javob bering!”
Bu g‘ayritabiiy holatdan Zulxumorning tomog‘i qaqrab qoldi. Atrofga alanglab hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, hayrati ortib, Ergashning yelkasiga suyandi. Bundan dadillangan yigit atrofga alanglab qaradi-da:
– Eshityapmiz, – dedi sekin. Keyin oshxonaga kirib bir piyola suv olib chiqdi.
“Yaxshi! – do‘rilladi boyagi ovoz. – Qo‘rqmanglar, biz hozir siz-z-ning huzuringizga boramiz”.
– Siz kimsiz o‘zi?! – Zulxumorni so‘riga yetaklayotgan Ergash yana atrofga alangladi.
Shu lahzada shiypon oldida past bo‘ylik, bug‘doyrang yuzli odam paydo bo‘ldi. Uni ko‘rib Ergashni eti junjikib ketdi. Pakananing boshida bir tola ham soch yo‘q. Bir juft qop-qora ko‘zlari silliq yuzining roppa-rosa yarmini egallagan. Qattiq qimtilgan ingichka lablari nax qulog‘igacha yetadi. Egnidagi yaltiroq kumushrang, uchuvchilarnikiga o‘xshash kiyimi dalaning yengil shabadasida sirli shatirlaydi.
– Qo‘rqmang, biz Kavsar sayyorasidan uchib kel-gan-mizz. Biz o‘zga sayyoralik mehmon! – Uning do‘rillagan ovozi eshitildi.
Orqasini o‘girib o‘tirgan Zulxumor ovoz kelgan tomonga yalt etib qaradi. Qaradi-yu, shu zahoti Ergashning suv tutib turgan qo‘liga yopishib oldi. Paxta gulli piyoladagi suvning yarmi yerga to‘kildi. Ergash suvning qolganini Zulxumorga ichirdi.
– Kim bu, qo‘rqyapman?! Jon Ergash aka, yuring, tezroq dam olish xonasiga kirib qulflab olamiz!
U Ergashga iltijoli termuldi. Zulxumorning mohvash chehrasiga qarab yigitning mehri jo‘shdi. Bilinar-bilinmas titrayotgan qo‘lini boshiga qo‘yib, sochlarini siladi:
– Qo‘rqmang, Zulxumor, men yoningizdaman!
Ergash oldinga o‘tib Zulxumorni pana qildi.
– Hoy, rostingizni ayting, kimsiz o‘zi? “Biz- biz” deysiz. Bir – o‘zingiz-ku, u yerda?.
Ergash qizni pana qilganini ko‘rib Pakana kuldi. Beo‘xshov lablari orasidagi mayda tishlari yaltirab ketdi.
– Biz Kavsar sayyorasidan, o‘zga sayyoralik, – javobini qaytardi. – Markaz elchisi men bilan birga. – U qo‘lidagi qutichaning yonib-o‘chayotgan qizil tugmachasiga ishora qildi.
– Xo‘p, sizga nima kerak? – Ergash yangi ungan maysadek mayin mo‘ylovini qishloq yigitlariga xos bir harakat bilan silab qo‘ydi.
Pakananing ovozi radiodan eshitilayotganini endi payqadi. Gapirayotganida lablari qimirlamasdi. Ayrim so‘zlarni juda tez talaffuz qilar, ba’zan nimagadir tutilib qolardi. U quyosh nuri aks etib yaltirayotgan kiyimini shildiratib bir-ikki qadam oldinga yurdi.
– To‘xtang! Zulxumor qo‘rqyapti, – dedi o‘jarlik bilan Ergash.
– Yaxx-shshi! – U joyida to‘xtadi. – Savolingizga javob bera-mann. Bizz Markazz topshirig‘i bilan Yer sayyorasini o‘rganamizz. Paxta o‘simligi. Fermer-rlarr haqida ma’lumot to‘playmizz.
– Unda, fermerga uchrashing-da, oldin.
– Sizlar bilan suhbatlashamizz. – Pakananing labida tabassumga o‘xshash bir ifoda jilva qildi.
– Mayli! – Ergashniyam dangalchiligi tutdi. – Muxbirga o‘xshab savol berasiz-da? Mana, Zulxumor eng zo‘r terimchi! Biz hozircha, oddiy suvchi... So‘rayvering, bexijolat... Xafa bo‘lmang-u, savol-javobni tezroq bitirsak, aka. Shu desangiz, tushunasiz-ku, Zulxumorxonga bir-ikki og‘iz gapim boridi. Hozir ayollar kelib qolishadi...
Pakananing lablarida yana tabassum paydo bo‘ldi:
– Yax-shi ko‘rasiz?
– Ha-da, – jilmaydi yigit.
– Istaysizmi, bir zumda to‘y bo‘ladi?
– Yo‘q! – xitob qildi shu paytgacha ters o‘girilib jim o‘tirgan Zulxumor. – Qiziq odam ekansiz, unaqasi bo‘lmaydi.
– Bizda hammasi tez bajarilad-di, – dona-dona qilib do‘rilladi Pakana.
– Bizda undaymas, – sekin pichirladi qiz.
Pakananing gapi Ergashga ma’qul tushgandek bo‘lgandi. Jilmayib ham qo‘ydi. Lekin Zulxumorning e’tirozi o‘ylantirdi: “Bu o‘zga sayyoralikka ishonib bo‘ladimi! Shundayam Zulxumor bilan munosabatlari binoyidek. Bu odam oralarini buzib qo‘yishi hech gap emas.” Hammasini taroziga solib, Ergash shunday xulosaga keldi.
– Ha, – deya Zulxumorning gapini tasdiqladi. – U yog‘ini o‘zimizga qo‘yib bering, aka.
Pakana jim bo‘lib qoldi. Chamasi, u Markaz bilan bog‘landi.
– Paxta ter-yap-siz? – dedi keyin.
– Ha-da! – “Shuniyam so‘raydi-ya” degandek yigitning ensasi qotdi.
– Qa-chon tu-gay-di?
– Kuzning oxirlarida. Ob-havo yaxshi bo‘lsa, harakat qilyapmiz.
– Istaysizmi, bir zum-da te-rib olasiz?
Ergash Pakanaga ajablanib qaradi. Do‘ppisini qiyshaytirib boshini qashib turdi-da, “Qaniydi!“ dedi.
Pakana shu zahoti qo‘lidagi qutichaning tugmasini bosdi. Ko‘z ochib yumguncha paxta ortilgan o‘nlab telejkalar dala yo‘liga tizildi. Ergashning hushi boshidan uchdi. Uch-to‘rt qadam oldinga yurib, o‘n olti gektarlik paykalga qaradi. Hozirgina oppoq chanoqlar bodroqday tizilgan g‘o‘za tuplari ship-shiydam bo‘lib qorayib qolgandi. Yigitning tiliga kalima kelmasdi. Zulxumorni oldiga qaytib, sekin yelkasidan ushladi:
– Qarang!
Zulxumor hammasini ko‘rgan va ajablanib yoqasini ushlab turardi. Ergashga munis nigoh bilan boqdi:
– Yo‘q, bunaqasi ketmaydi! – dedi jiddiy.
Ergash ham Pakanaga qarab “yo‘q” ishorasini qildi.
– Nima uch-chun? – ajablandi Pakana.
– Bunaqasi qizig‘amas, aka, – dedi Ergash. – O‘zimiz tervolamiz, o‘rganib qolganmiz. – Yana bir oz taraddudlanib turdi-da, qo‘shib qo‘ydi: – Ikki oy bekor qolamiz-ku? ...Terim tugasa Zulxumorni ayasi dalaga chiqarmaydi, – Ergash hazilga o‘tdi.
– Xa-xa-xa-xa! – Pakana do‘rillab kuldi.
U bir oz “xa-xa-xa”lab turdi. Keyin qo‘lidagi qutichaning tugmasini yana bir marta bosdi. Shu zahoti shiypon qarshisidagi paxta ortilgan telejkalar ko‘zdan yo‘qoldi. Ro‘paradagi paxtazor oppoq chanoqlarga burkandi.
– Ish bunaqa bo‘pti, – dedi Ergash ko‘ngli joyiga tushib. Keyin so‘riga, Zulxumorning yoniga o‘tirdi. – Keling, aka, bir piyola choy quyib beraman. Ana undan keyin savolingizni beraverasiz.
Pakana beo‘xshov boshini sarak-sarak qildi:
– Ma’lumot yetarli. Markaz tas-diq-la-di! Siz-z shunday odam-mlar-ki!..
– Qanday?
Ergashning gapi og‘zida qoldi, Pakana yerga kirdimi yoki osmonga uchdimi – birdan g‘oyib bo‘ldi.
Ergash shiypondan yugurib chiqib, atrofga alangladi. Asfaltlangan maydonga yoyib qo‘yilgan paxta quyosh nurlarida ko‘zni olib tovlanadi. Radiodan Botir Zokirovning sehrli ovozi taralmoqda... “Bog‘imga noz ila yor kel, quvnoq ovoz ila yor kel...”. Ergash shiypon tomonga o‘girildi. Zulxumor berilib qo‘shiq tinglardi.
U sekin qiz tomonga yurdi.
* * *
Pakana yana o‘zi bargiga igna sanchib ketgan kovul oldida paydo bo‘ldi. Ignadan bilagidagi qabul qilish moslamasiga hamon axborot oqimi quyilib kelardi. Bu axborotda kovul gulining tarkibidagi darmondorilar, ildizining sharbati odamlarda qon ivishini tezlatishi va yana allaqancha omillar bor edi. Ayniqsa, kovuldan saraton kasalligining oldini olish va davolashda, inson umrini uzaytirishda foydalanish mumkinligi uni lol qoldirdi...
Pakana bu axborotlarni sayyora odamlariga yetkazmoqchi edi. Ergash va Zulxumor bilan uchrashganidan keyin fikridan qaytdi. "Bu sir-sinoatlarni yaqin orada odamlarning o‘zlari yechishadi“ degan xulosaga keldi.
U kovul bargidagi ignani sug‘urib oldi. Keyin pastga, uchar likopcha tomonga odimladi.