Yoshim yetib, maktabga qatnay boshladim. Har tong ajib zavq bilan uyg‘onaman. Choy ichayotib lablarimni kuydirib olaman. Shunday shoshilamanki, soatga qarash xayolimga kelmaydi. Maktabga yetay deganda katta serqatnov yo‘lni kesib o‘tish kerak. Bu yerdan hatto uzoqlarga ketadigan yuk mashinalar ham qattiq «bobil»lab o‘tadi. Shunday bo‘lsa-da, maktabga kimdir meni yetaklab qatnaganini eslolmayman. Bu mening mustaqil yurib o‘rganishim uchun ataydan qilinmagan, balki katta oilaning kenjasi ekanim, boz ustiga, eng kichik akam bilan oramiz sakkiz yosh bo‘lgani uchun menga alohida e’tibor berishga vaqt ajratadigan odam bo‘lmaganidan shunday edi. Lekin siz cho‘chimang. Yo‘l bilan bog‘liq hech qanday baxtsiz hodisa sodir bo‘lmagan.
Xullas, hali sinfdoshlarimning hammasini tanimaymanu, katta akamning o‘g‘li Azamat, amakivachchalarim Tursunboy hamda Budalay (uning asl ismi Behzod ekanini keyin bilganman) to‘rtalamiz kichik partalarga ikkitadan o‘tirib olganmiz. Darsdan tez zerikamanu, tanaffus payti bo‘ladigan o‘yinlar zavqi har doim bo‘lakcha-da. Jinsimizni farqlab qolganmiz. Sochlariga lenta-yu, kapalaknusxa bir narsalar taqib qo‘yilgan qizchalarga tegishib o‘ynash yoqimli tuyuladi. Jur’atli, to‘g‘rirog‘i, maqtovga o‘ch men laqma, oshnalarning gij-gijlashi bilan qizlarga haddan tashqari yaqin borib, tayoq ham yeb qolaman. So‘ng g‘o‘rra bo‘lgan joyimni silab, kulgi bo‘laman.
Ertalab otamdan undirgan pulni sarflash ham qiziqarli. Bufetchiga yuzida 3 yoki 5 yozilgan rangli qog‘ozni uzatsang, senga istagan narsangni beradi. Osh-ovqatimiz shu yerda berilgani uchun yegulik sotib olmayman. Ko‘pincha peromi, rangli qalam yoki konvertmi olib, o‘zimcha harbiyga ketgan akamga xat yozishga tutinaman. Lekin hech oxirigacha yozmaganman. Shunday kunlarning birida uyda onamning ignabog‘ich izlagani, topolmay xunob bo‘lgani esimga tushdi. Cho‘ntagimdagi pulning boriga ignabog‘ich sotib oldim. Darslarning tezroq tamom bo‘lishini kutdim. So‘ng uyga yugurdim.
— Voy, mening mehribon ulimdan! Enasini o‘ylagan shunqorim! Buncha ko‘p ignabog‘ich olib kelibsan... — onam rostdan ham quvonib ketgandi.
Bir qop semirdim. Ayniqsa, onam otamga mening ishimni maqtayotganda akalarimga «Ko‘rdinglarmi, mencha aqllaring yo‘q», deganday g‘o‘ddayib qarab qo‘ydim. Otamdan yana pul so‘radim.
— Durust, ulim, — dedi otam pul berayotib. — Endi biron narsa olib yegin. Yo kissangda turaversin. O‘g‘il bolaning yonida pul turgani yaxshi. Zarur bo‘lganda uyatga qolmaslik uchun-da. Xo‘pmi?!
Boshimni likillatgan bo‘lsam ham bu gaplar u qulog‘imdan kirib bunisidan chiqdi. Men qancha ko‘p ignabog‘ich olib kelsam, onam shuncha xursand bo‘lib, alqaydilar, deb o‘yladim. Birvarakayiga uni hayratda qoldirsam-chi. Muallima qandaydir onajonlar bayrami yaqin qolganini aytgandi. Shu kunni mo‘ljallab pul yig‘a boshladim.
* * *
Bog‘cha-sinf bo‘lganimiz uchun o‘quv binolaridan alohida ajratilgan, o‘yinchog‘u, karavotlari bor ikki xona muallimamizning ixtiyorida. Biri darslar o‘tiladigan sinf, ikkinchisi uxlash va lozim bo‘lganda jazoni o‘tash bo‘lmasi. Mohitob muallimamiz namuna qilib ko‘rsatadigan a’lochi o‘quvchi bo‘lganim uchun ancha vaqtgacha «jazoni o‘tash» qaerda amalga oshirilishini bilmaganman. Bir safar ustozning dilini ranjitganimda «qamal»dim. Voqea yana qizlarning g‘ashiga tegib o‘ynashdan boshlandi. Men har galgiday o‘zimcha qahramonlik ko‘rsatib, lo‘ppigina, qo‘lini tez-tez og‘ziga solib, odamga hurkovuch kiyikday xavotirli qaraydigan qizning lentasidan tortib qochmoqchi bo‘ldim. Qizcha haddan tashqari qo‘rqib ketgan odam beixtiyor qiladigan ishni qildi — xuddi men uning kallasini kesishga shaylanganday, ko‘zlari kosasidan chiqquday, qattiq chinqirib, ayni paytda musht tushirib yubordi. Ko‘zimdan olov chiqib ketdi. O‘rtoqlarim birvarakayiga kulishar, men yuzimni bekitgancha o‘tirib qolgandim. O‘zimga kelgach, qizchani urib tashladim.
— Ay, nima qilyapsan?! — eng aqllimiz Budalay oraga tushdi. — Bu malimning qizi-ku. Birga kelganini o‘zim ko‘rdim.
Bu gapdan damim ichimga tushgan bo‘lsa-da, sir boy bermaslikka urindim. Chaqmachaqarlar sinfga yugurdi. Qizning burni qonaganini ko‘rib, muallimaning jahli chiqdi.
— Nega urding?!
— O‘zi birinchi boshladi, — g‘udrandim men.
— Axir u qiz bola-ku.
— Shuning uchun meni urmasin edi...
Yuzim guvillab ketdi. Chayqalib nari borib qoldim.
— Nega urasiz? Uniyam uring. U birinchi boshladi.
— Uradigan joyini qoldirmabsan-ku, ahmoq.
Endi bu tomonimdan shamol esdi. Yig‘lab yubordim.
— U qizingiz bo‘lgani uchun meni uryapsiz. O‘g‘lingiz yo‘q-da...
Muallimaning o‘g‘li, umuman, bolasi bor-yo‘qligini bilmasdim. Shunchaki, alamimdan og‘zimga kelgan gapni aytib yuborgandim. U harakatdan to‘xtadi. Termulib turdi-da, bilagimdan sudraguday tortib yotoq bo‘lmasiga kirgizdi. Xonaga qanoat qilmay, kiyimlarimizni iladigan shkafga «qamadi». Shu yerdan chiqsam kunimni ko‘rsatishini aytib shkafni yopdi. Menga bir do‘qladi-yu, o‘zi yig‘lab yuborganday tuyuldi. Biroz piqillab, xo‘rsinib turgach, chiqib ketdi.
Avval e’tibor bermadim. qo‘ng‘iroq chalinib, dars boshlangan, hammayoq jimib qolgandi. Tor shkafning ichida sukunat bilan yolg‘iz qolganimdan sekin-asta vahm bosdi. Ming‘irlab qo‘shiq aytdim. Uzoqqa cho‘zilmadi. Yig‘lay boshladim. Qo‘rquvim zo‘raydi. Itarib ko‘rgandim, shkafning eshigi ochildi. Bir zumda eshik yoniga bordim. Ammo bu safar «sim-sim» ish bermadi. Ustimdan qulflab ketibdi. «Endi shu yerda qolib ketsam-a?» Aksiga olib, narigi xonada g‘o‘ng‘illashib dars qiladigan bolalarning ham uni o‘chgan. «Ketib qolishgan bo‘lsa-ya». Ammo hali yana qo‘ng‘iroq chalinishiga umid qilardim. O‘zimni chalg‘itib, otchaga, mashinaga mindim. Botinkamni yechib, karavotchaga chiqib sakradim. Yig‘ilib, cho‘ntagimda bujmayib qolgan pullarni sanadim. Hech vaqt o‘tay demasdi. Oxiri baqirib yig‘lagancha eshikni tepa boshladim. Qo‘ng‘iroq chalinib qoldi. Tezda ko‘zyoshimni artdim. O‘rtoqlarimga qo‘rqmaganimni isbotlashim kerak-da. Ammo qaytayotganimizda Azamatning masxara qilganidan bildimki, yig‘laganimni hamma eshitgan ekan. Muallima eshikni ochdi-yu, bir so‘z demay sinfxonaga kirib ketdi. Uning qattiq hafa bo‘lganini sezdim. Yutindim. Yoniga borishga betlamadim. Nima ham deyman. Bir ahvolda uyga keldim. Nonushta ham qilmay, qo‘ylarni jodratishga haydadim. Oqshomdanoq boshimni burkab yotib oldim...
* * *
Endi maktabga avvalgiday oshiqmay qo‘ygandim. Muallima ham maqtamas, aniqrog‘i, darslarim o‘lda-jo‘lda edi. Men ustozning hanuz ranjib yurganini bilardim. Uning ko‘nglini topish ilinjida «qizi» bilan inoqlashib oldim. Lekin u bunga ahamiyat bermadi. Shunday g‘urbat kunlarning birida onam bilan opamning suhbatini eshitib qoldim.
— Ena, Mohtob malim ukasining qizini boqib olibdi, — dedi opam muhim yangilik topganday.
— Qaysi malim?
— Manavining ustozi-da, — meni ko‘rsatib dedi opam.
— Bechora, — achinib gapirdi onam. — Alkash erdan tayoq yeyberib zada bo‘gan-da. Nimayam qisin?!
Miyamda yashin chaqnadi. Sinfdoshlar «qizi» deyishayotgan o‘sha lo‘ppi yuz nega buncha qo‘rqoq bo‘lib qolganini tushungandim. Undan ham yomoni, muallimaga aytgan gapim edi.
O‘sha kundan boshlab aybimni yuvish yo‘lini axtara boshladim. Tanaffusda ustozning sumkasiga konfet solib qo‘ydim, «qizi»ga xo‘rozqand olib berdim. Yana shahd bilan darslarimni qilib, faqat «besh» olishni boshladim. U «besh»ni indamay qo‘yib berar, jilmayib ham qo‘ymas, hanuz sal ortiqcha harakat qilsam o‘qrayib qarardi. Kutilmaganda miyamga: «Ustozga ham ignabog‘ich sovg‘a qilsam-chi?» degan fikr kelib qoldi. O‘zimga qoyil qolib, tanaffusni poyladim. Qo‘ng‘iroq chalinishi bilan do‘konga yugurdim.
Yiqqan pulim ancha-muncha bo‘lib qolgan shekilli, sotuvchi «bu pullarni otasining cho‘ntagidan o‘g‘irlab kelgan-ov», degan shubha bilan boqdi. Balki hansirab borganim uchun shunday qaragandir.
— Mana bu pullarga ignabog‘ich bering.
— Hammasigami?!
— Himm.
— Pulingga loyiq chiqarmikin, ko‘raylik-chi?
Bezovtalandim. Chiqmay qolsa nima bo‘ladi. Lekin sotuvchi meni xursand qilib, hovuchimni to‘ldirib ignabog‘ich topib berdi. Hamma cho‘ntagim qappayib qolganidan endi yugurmasdan, yo‘rtib borardim. Kelsam, dars boshlanib ketibdi. Muallimaning qoshlari chimirildi.
— Qaerda sang‘ib yuribsan?
— Anavi, haligi... — dovdirab qoldim.
— O‘tir, — ustoz negadir darrov yumshay qoldi.
Joyimga o‘tirishim bilan o‘ntadan qilib tizilgan ignabog‘ichlar shimimning cho‘ntagidan sirg‘alib polga tushib, sochildi. Muallima yonimga keldi. Menga yuzlandi.
— Bu nima?
— Ignabog‘ich... — o‘rnimdan turdim.
— Nima qilasan buni? A, gapir tez.
— Sizga... Bayramingiz uchun oluvdim... — boshimni egdim.
Muallima sekin egilib ularni terib oldi. Kaltak yeyman deb o‘ylovdim. Qancha turdim — bilmayman. Boshimni ko‘tarib qarasam, u yuzimga termulgancha yig‘layapti. Ko‘zyoshi yanoqlariga oqib tushgan.
— Hammasimi?
— A? — men darhol tushuna olmadim.
— Boshqa cho‘ntaklaringdagi hammi?
— Himm... — men yana negadir boshimni egdim.
— Ber! — dedi muallima. — Bittayam qoldirmay, hammasini!
U boshimni silab qo‘ydi. Ro‘molchasini olib hammasini avaylab uradi-da, bag‘riga bosdi. Bizni o‘z holimizcha qoldirib tashqariga chiqib ketdi...
— Endi o‘lding, — dedi men ismini bilmaydigan, partaga rang to‘kib, qo‘li bilan shuvab o‘tiradigan semiz bola. — Zavuchga ketdi.
Lekin men muallimaning bunday qilmasligini his etardim...
* * *
Oradan biroz fursat o‘tib, Mohitob muallima kelmay qo‘ydi. Bizni ancha vaqt boshqa ustoz qo‘liga topshirishdi. Bu vaqtga kelib biz ikkinchi sinfga o‘tgandik. Bir kuni sinfga kirsam, bolalar to‘planib olib shivirlashayapti-yu, har tomonga tarqalib ketib kulayapti. Qiziqib ketdim.
— Nima bo‘ldi, mengayam aytinglar?
— Malimimiz qariganda tuvipti, ixxixxi, — dedi bu paytga kelib, ismini bilib olganim, xo‘ppa semiz Elnur shivirlab.
— Qaysi malim?
— Motab malim-chi? Qiz. Ismini-chi, Uyto‘la deb qo‘yg‘anmish. Vax-xax-xa.
Uning gapiga bolalar yana kulishdi. Lekin bu gap menga kulgili tuyulmadi. Aksincha, negadir yig‘lagim kelardi...
2012