Qishloqdan qaytdimu nimanidir unutib qoldirganday bo‘laverdim. Ammo yo‘l bo‘yi eslolmadim. Nazarimda, onamning nigohi o‘sha nimanidir eslatmoqchi bo‘lgan, yo‘lga chiqqunimga qadar atrofimda parvona edi...
Bu narsa onam bilan bog‘liq ekanini idrok qila boshladim. Xunobim tarqamadi. Olib ketgan ozgina va olib kelgan ko‘pgina narsalarimni ko‘zdan kechirdim. Qo‘l telefonim, g‘ilofi, quvvat oldirgichi, negadir ko‘payib qolgan pullarim, qo‘l tafti bilan tekislangan dastro‘molcham safar xaltaga joylangan, yana bir kishiga og‘irlik qiladigan sumka to‘la ilinchak narsalar bor edi. Hammasi joyida-ku. Qaysi buyumni unutdim ekan?! Hay mayli, esimga tushib qolar, dedimu sekin-asta ishga chalg‘ib ketdim.
Oradan uch to‘rt kun o‘tdi. Unutib qoldirgan narsam xayolimning bir chetida g‘imirsib yuraverdi. Go‘yo meni yaxshilab eslab ko‘rishga undab, negadir o‘tgan gal borganimda o‘sha narsani unutmaganimni ta’kidlayotganday edi...
Ishdan qaytgach, osh-ovqatni yeb, televizor tomosha qila boshladim.
— Kayfiyatsiz ko‘rinasiz, — sekingina so‘radi xotinim.
— O‘zim, shunchaki, charchagandirman...
— Dada, yasagan samolyotimni qarang!
O‘g‘limni eshitilar eshitilmas maqtab qo‘ydim. U tilini biroz chiqarib, burab tishlagancha yana maroqli “usta”chiligiga kirishib ketdi. Ko‘zim ekranga qadalganu xayolimda unutgan narsam... Nima bo‘ldi ekan u?!
Bora bora televizor shovqindan iborat bir narsaday tuyula boshladi. Narigi xonaga o‘tib yotdim. Uyqum uchdi. Shunda o‘tgan safar qishloqqa, onamning oldiga borganimni boshidan, birma-bir eslashga kirishdim. Xo‘o‘o‘sh, uyga yaqin qolganda katta akam qo‘ng‘iroq qildi. Onam mehmonga kelganini va meni telefonda so‘rayotganini aytdi. Odatda, hech kimni ilhaq qilmaslik uchun yo‘lga chiqqanimni aytmayman. Shuning uchun kelishimni hech kim bilmasdi. Mashina boshqarayotganim uchun uyga deyarli kelib qolganimni aytdim.
Onam eshitishi bilan ko‘chaga chopibdi. Kela solib uyni sarishtalashga kirishibdi. Ammo ulgurmadi. Shu alfozda kirib bordim. U bo‘ylarimdan bo‘ylab, bir muddat quchoqlab, mehmonxonaga boshladi. Ota hovliga yondosh uyda turadigan mendan katta akam bilan ro‘zg‘orimiz bir. Hatto hovlimizni ajratmaganmiz. Tez orada yangamlar, bolalari, boshqa aka-ukalar yig‘ildi. Osh damlanib, choy ichildi. Yotar mahal bo‘ldi.
— Bolalaringniyam obkemabsan-da, bolam, — yolg‘iz qolganimizda onam koyingan bo‘ldi.
Men kun sovuqligini bahona qilib o‘zimni oqlagan bo‘ldim.
— Ha, axir mashinada bo‘lsang, kelaberardi-da, hay, mayli...
— Endigi safar obkelarman, ena, yoki o‘zingizni obketaman.
— Menga indama, — onamning avzoyi tez o‘zgardi, yig‘lamsiradi. Ajin bosgan yuzlari, lablari pir-pir uchdi. — Otangning chirog‘ini yoqiiib shu yerda o‘tiraman. Rahmatli, qandaylar cholim bor edi-yahhh...
Yaqinda olamdan o‘tgan otamning devorda osig‘liq suratiga qaradim. Sog‘inganimni his qildim. Yutindim. Boshimni egib o‘tirdim. Nima ham deyman. Biroz ko‘ngli bo‘shab olsin... Qo‘shilib yig‘lamayman-ku axir. Otam shunday o‘rgatgan...
Erta turib qabrboshiga bordik. Onam rosa aytib yig‘ladi. Keyinda qolgani uchun otamdan bot-bot rozilik so‘radi. Gapidan otam bilan tengdosh ekanini uqdim... Otamni ko‘tarishayotganda yetmish olti yosh berishgandi... Onamning o‘z yoshini tusmollab aytgich edi — baliq yilimi-ey, quyonmidi. Tilovat qilib, uyga qaytdik. Shunda onamning qandaydir yengil tortganini his qildim.
Mavrid-maraka o‘tdi. Ikkinchi kun kech bo‘lganda, uxlash oldidan onam ohista yonimga kelib o‘tirdi. Boshimni, orqamni siladi. Yuz ko‘zimga mehr va mung aralash tikildi. Otamning bo‘yinsa oshnasi — Toshtemir polvon bobom meni har ko‘rganda otamga o‘xshashimni aytib yig‘lashini esladim... Onamga rahmim keldi. Qo‘llarini ushlab yuz-ko‘zimga surdim. Yonog‘idan o‘pib qo‘ydim. Ilgari bunday qilmagandim. Aminmanki, to‘qqiz tug‘ishganim ham bu ishni qilishmagan... Negadir, o‘zi shunaqa bo‘ladi... Onam chunonam quvondiki, dardi bir zumda ariganday, hatto yosharganday tuyuldi, menga...
... Xotiralar shu yerga kelganda miyamda chaqin chaqdi. Men nodon shuncha yo‘lga borib, oldimdan chiqqan odam bilan qo‘sh qo‘llab so‘rashib, egilib-bukilib, eng yaxshi tilak va gaplarni gapirib kelibmanu, onamga bir og‘iz, samimiy qilib sog‘inganim, uni yaxshi ko‘rishimni aytib, hech bo‘lmasa qo‘llaridan o‘pib qo‘ymabman. Ichki bir nido onamning beixtiyor mendan o‘tgan galgiday mehr kutganini, jilla qursa quchoqlab xayrlashishim, ko‘zlariga jilmayib qarab qo‘yishimni umid qilganini aytardi. Va... bu be’tama ilinj dunyodagi eng beg‘ubor, bahor yomg‘iridan keyingi havodan ham toza, ayni paytda shuuriy ekanini ham...