OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulatif Abdullayev. Ovullik (hikoya)

Bahor osmoni. Na quyoshda va na bulutda tuturiq bor. Bir qarashda ular narsa talashayotgan bolakaylarga o‘xshab ketadi. Baribir bulut ustunlik qilib, ko‘kni qamrab oldi. Momaqaldiroq qattiq gumburlab, universitet binosining deraza oynalarini zirillatdi. Shunday jala yog‘diki, beshinchi qavatdagi fayedan tashqariga termulib xayol surayotgan yigitning diliga qo‘rquv indi. Allaqachon dars boshlanib ketganini eslab auditoriyaga yugurdi...
Kursdosh qizlarining ko‘zi bilan qaraganda unchalik ko‘rimli bo‘lmagan, ular ta’biri bilan aytganda “qandaydir ovuldan kelgan”, aslida bizning qo‘shni Yorg‘unchi qishlog‘idan, o‘zining Saroy urug‘idan ekani bilan o‘zgacha faxr tuyib yuradigan bu durdoq dudoqli, qisiqko‘z, qorashirg‘ay yigitning ismi Talxat edi. Tanishganimizda ismining ma’nosi haqida so‘ragan, u yelka qisib qo‘ya qolgan, o‘zimcha bu Tal’at ismining buzib yozilgan shakli bo‘lsa kerak, degan xulosaga kelgandim.
Uning o‘qishga kirish tarixi ham qiziq bo‘lgan. Buni o‘zining og‘zidan bir eshitsangiz edi. Jaydari shevada, onda-sonda tupuk sachratib shunday hayajon bilan gapiradiki: “Oshnalarim minan kelishib qo‘yg‘andiq. Lekin ular menga aytmay Tashkintga ketib qopti. Alamimdan jilab jardim. Otamdan so‘rovdim, “pul jo‘q”, dedi. Puldi o‘zim tovaman, deb, tabardi oldim-da, jing‘ilzorg‘a kettim. Tomog‘im qaqrag‘anda “ey Xudo, menam o‘qishga kiray-da”, deb baklashkadagi suvdan ichib-ichib qo‘yaman. Shuytib eki tilijka o‘tin chovib sottim. Bir oqshom Tashkintga jo‘nadim. Ertalab keb tushdik. Endi qayarga borishdi bilmayman. Bir aptovuzg‘a chiqib kechgacha jo‘rippan o‘ziyam...”
U amallab jo‘ralarini topadi. Lekin unga joy berishmaydi. Baxtiga bir kampirning yukini ko‘tarishib borib, unikiga joylashadi. Nemis tili yo‘nalishiga hujjat topshirish asnosida bir o‘qituvchi bilan tanishib qolib, undan saboq ola boshlaydi. Xolis duosi Xudoga yetib, birinchilardan bo‘lib o‘qishga kiradi. Eng qizig‘i, oshnalarining birontasi imtihonlardan o‘tolmaydi. Xullas, shunday to‘pori yigit edi Talxat deganlari.

* * *

Teng-to‘shlari “ovullik” desa negadir jahli chiqadigan bu yigitning Nargizani ko‘rganda angrayib qolishidan pinhona kulisharkan, bir tarafdan qiz ham uning tuyg‘ulari bilan o‘ynashadi. Kishi bilmas nimtabassumu turli ishvalar qilib, umid uchqunlarini alanga oldiradi. Ba’zan dugonalari bilan kelishib olib, sirli jilmaygancha unga tik qarab yurib keladi-yu, yonidan bir so‘z demay o‘tib ketadi. Yigitning esa bo‘lari bo‘ladi. Boshidan tovoniga qadar qamrab olgan titroqdan yiqilay deydi. Birdaniga o‘z-o‘ziga yarashmay ketayotganini his qilib, qizning ko‘ngli qolishidan qo‘rqiblar ketadi. Balki shu sababmi, u adabiy tilda so‘zlashni-da tez o‘zlashtirgandi. Hamxonalari uni bir oy laqillatib, kursdoshlari bir umrga kulib eslab yuradigan gap ham topila qoldi. Soddalik qursin, nima ham bo‘lib, botinida kechayotgan tushuniksiz hayajonu entikishlar ichiga sig‘may ketdi. Bir oqshom detektiv kitobga mukka tushgan G‘anisher bilan radio eshitayotgan Ravshanga bir-bir qarab oldi:
–    Nima qilsam ekan?! – dedi dabdurustdan.
–    Nimani? – kitobdan ko‘z uzmay so‘radi G‘anisher.
–    Nargizani-da, – soddagina qilib dedi u.
G‘anisher o‘qishdan to‘xtadi. Ravshan radiopryomnigini o‘chirdi. Ikkisi ko‘z urishtirib oldi. Ravshan uning yelkasidan qo‘lini oshirib gap boshladi:
–    Buning chorasi bor, do‘stim. Uni bir oyda o‘zingga og‘dirib olsang bo‘ladi. Faqat buning uchun biroz chiqim qilish kerak...
–    A, qanday qilib?! – yigitning ko‘zlari porladi.
–     Bizning qishloqda bir dami o‘tkir domla bor. Shunga picha pul bilan eng qimmat shokoladdan bir kilocha eltib berish kerak. Shanba kuni men uyga ketaman. Shungacha tayyorlab qo‘y, xo‘pmi? Keyin shokoladni qizga yedirsang bo‘ldi. Seni ko‘rsa yopishadigan bo‘ladi.
G‘anisher xoxolab yubormaslik uchun yuzini bekitdi. Lekin buni Talxat sezgani yo‘q. U hozirgina Ravshan aytgan holatni tasavvur qilib, qizarib ketgandi:
– Yo‘g‘-ey, shart emas... O‘zi shandog‘am uni ko‘rsam qo‘rqib ketaman.
Ular baravar kulib yuborishdi. Shunday qilib, biroz pul jamg‘arish uchun yigit darsdan qolib, yashirincha mardikor ishladi. Aytilgan vaqtda pul va shokoladga ega chiqqan ikki qitmir hamxona pivoxo‘rlik qilishdi. Shokoladdan Nargizaga ham eltib bergan Ravshan voqeani yanada bo‘rttirib aytib, qizni kuldirdi. Nargiza kulishga kuldi-yu, keyin jiddiy o‘yga toldi. Ravshan bilan gapni qisqa qilib, xonasiga kirib ketdi...
Bu hangoma butun kursga yoyilsa-da, Talxat bexabar qolaverdi. Har safar Ravshan bilan gaplashganida Nargizaga umid bilan, ammo pinhona termular, qiz ham endi ortiqcha sho‘xlik qilmas, unga qandaydir achinish aralash tabassum bilan qarab qo‘yar, bundan yigitning yuragi qiniga sig‘may ketardi. Dugonalari-yu uyidagilar esa Nargizadan tashvishda edi. Aslida uning o‘zi ham botinida sodir bo‘layotgan holatga tushunolmayotgandi. Axir uni deb bir sodda yigit hamma narsaga tayyor bo‘lsa, bu uning yuz-ko‘zidan balqib tursa. Ba’zan shunday samimiy termuladiki...
Universitetni bitirganlarida Talxat yurak yutib, Nargizaning qo‘lini so‘radi. Qiz uni lolu hayron qoldirib, rozilik berarkan, hatto kulib ham qo‘ydi. Yigit aqldan ozay, dedi. Garchi Ravshan o‘zini boplab laqillatganini eshitgan bo‘lsa-da, bunga ishonib-ishonmagan, bu haqda gap ochganida Ravshan unga sovuq tikilib: “Seni deb o‘zimdan kechdim-ku...”, deb baqirib bergan, u gapning ma’nisini anglab-anglamagandi. Shuning uchun ham hozir Ravshan yonida bo‘lsa, uni quchib, rahmat aytgisi keldi. Ravshan bilan Nargizaning negadir gaplashmay ketishganini ham ortiq o‘ylamay qo‘ygandi...

* * *

Nargizaning ota-onasi qarshi bo‘lgani uchun to‘ylari shirin xotiralarga boy o‘tmasa-da, yaxshi yashay boshlashdi. Bir qancha vaqt Nargiza gul-gul ochilib yurdi. Talxat uning har qanday istagini ijobat qilishga urinar, aksariyat hollarda uddalardi ham. Lekin g‘alviri teshilgan dunyo ekan. Farzandli bo‘lish ular uchun orzuga aylanib boraverdi. Shunday kunlarning birida Nargiza erining uyda yo‘qligidan foydalanib, ikkilana-ikkilana shifokor qabuliga bordi. U yerdan yuzlari bir qadar mag‘ruru qahrli tus olib qaytdi. Eri ishdan qaytganda ular ilk bor gap talashib qoldi. To‘g‘rirog‘i, Nargiza ichini bo‘shatib oldi:
–    Nasihat qilguncha o‘zingizni bir tekshirtirib keling, – dedi eriga.
–    Nimaa? Sen... borib keldingmi?
–    Ha, soppa-sog‘ ekanman, bilsangiz... Qanchalar o‘ylandim-a?
Lekin Talxat keyingi gaplarni eshitmadi. Uning yuzlari yanada qorayib ketgan, bir tomoni “meni nima qilib qo‘yding?!”, deganday o‘ziga vajohat bilan qarab turgan xotinidan ranjigan, boshqa tomondan shifokorga uchrashi-yu, eshitishi mumkin bo‘lgan javobdan hozirdanoq qayg‘uga botgandi: “Balki shunchaki davolanish kerakdir...”
Ertasiga ishxonasiga qo‘ng‘iroq qilib qo‘yishni ham unutib, shifoxonaga yo‘l oldi. Garchi irim-sirimlarga e’tibor qilmasa-da, shu kuni yo‘lini kesib o‘tgan mushuk diliga vahima soldi. Butun tanasi og‘irlashib qolganday, sekin-sekin yurib bordi. Yuragi bezovta urar, nimanidir oldindan sezganday, dili xufton edi.
–    Bolaligingizda tepki bo‘lganmisiz?
–    U qanaqa kasal?
–    Tepki-da, sodda qilib aytyapman-ku. Momolar kalish bilan...
–    Haa, bo‘lganman. Xolam bo‘sag‘aga yotqizib, jag‘imga tepkan.
–    Aniq bir narsa deyish qiyin.
–    Bu nima deganingiz, aniqroq qilib ayting? – Talxatning rangi o‘chdi.
–    Balki men adashayotgandirman... Siz boshqa do‘xtirga ham uchrashing.
Shifokorning gapiga avval tushunmadi, so‘ng esi og‘di. Uni mashina urib ketishiga sal qoldi. Odamlar unga ajablanib qarashardi. To‘satdan joyida qotib turdi-da, taksiga qo‘l ko‘tardi. Shu kuni kechgacha uchta joyda o‘zini tekshirtirdi. Kechga borib yuziga qon yugurdi...
Uyiga kelganida hayajonda edi. Kun bo‘yi tuz totmagani, qorni juda ochligi esiga tushdi. Ammo xotinining yegulik ham tayyorlamay, hardamxayol o‘tirganini ko‘rib, biroz jahli chiqdi.
–     Nima keragi bor, to‘ydan oldin nog‘ora chalishning? – o‘zini tutib tura olmay o‘shqirib yubordi u. – Axir kun bo‘yi qanday ahvolga tushganimni bilmaysan-ku.
–     Nega menga baqirasiz. Avval bir narsani eplab qo‘ying-da, – xotini ham bobillab berdi. – Siz qayoqdan bilasiz mening kun bo‘yi qanday holga tushib, nimalarni o‘ylaganimni...
–    Xo‘shsh, nimani o‘ylading? Gapirr!
Nargiza qizarindi. Jimib qoldi. Erining qorni ochganda jahli tez chiqishini bilardi. Shunday bo‘lsa-da, unga achchiq qilib, yotoqqa kirib ketdi. Erining oshxonada bir narsalar pishirgani, so‘ng televizorda nimadir ko‘rayotganini ilg‘adi-yu, uxlab qoldi. Bu vaqtda Talxat qaysidir shifokorning videatasmaga yozilgan davolash dasturini berilib tomosha qilayotgan edi...

* * *

Kunlar ularga goh ilimiliq quvonch, goh g‘ussa libosini kiydirar, Nargiza ancha o‘zgarib qolgan, bo‘lar-bo‘lmasga shovqin solar, erining jimib qolishidan o‘zgacha bir qoniqish tuyardi. Shunday kunlarning birida Talxat kursdoshi Ravshan bilan uchrashib qoldi. Yemakxonadagi suhbat asnosida Ravshanni ajablantirib aroq buyurtma qilgan Talxat aslida ham ilk bor spirtli ichimlik ichayotgandi. Tezda mast bo‘lib qoldi-yu, ichini kemirib yotgan gaplarni to‘kib soldi:
–     Ayy, oshna-a! – hiqichoqlab gap boshladi u. – Bola bo‘mayapti. Ushta do‘xtirdan ekitasi bo‘ladi, dedi. Lekin Nargiza ishonmay qo‘ydi... Axir men unga bilintirmay davolandim. Surpiriz bo‘sin, devdim-da. Yana avvalgiday xursand bo‘p ketishini sog‘indim-da. Hiqq.
–     Yo‘g‘-ey... – Ravshanning ko‘zlari yaltiradi. U deyarli ichmayotgandi. – Umidsiz bo‘lma, do‘stim. Hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Xo‘sh, Nargizaning o‘zi nima deyapti?...
–     Eeyy, hishnarsa. Paqat qamalib olib yig‘laydi...
–     Qani, yana bittadan olaylik-chi, sening sog‘liging uchun...
–     Men... birinchi marta... ko‘nglim aynayapti, – Talxat qusib yubordi.
Uni irgana-irgana yuvib epaqaga keltirgan Ravshan cho‘ntagini kovlab qo‘l telefonini oldi. Undan “Nargiza” yoki “Uy” deb yozilgan raqamni qidirdi. Ammo yirik harflar bilan “HAYoTIM” deb yozilgan raqamni topdi. Rangi bir tus bo‘ldi-yu, biroz titrab raqamni terdi:
–    Allo, bu Nargizaxonmi?
–    Ha, Talxat aka, sizmisiz?
–    Yo‘q, men Ravshanman. Kursdoshingiz.
–    Ravshan aka... Talxat akam yoningizdami?
–    Ha, lekin hozir gaplasholmaydi.
–    Voy sho‘rim, nima bo‘ldi. Tezroq aytsangiz-chi?!
–     Xavotirlanmang. Mast bo‘p qoldi. Manzilni aytsangiz...
Erini bir ahvolda ko‘rib, tag‘in dimog‘iga qo‘lansa hid urilib, o‘zining ham ko‘ngli aynib ketgan Nargiza yuvinish xonasiga yugurdi... So‘ng erining kiyim-boshlarini Ravshan yordamida yechib, yotoqqa kirgizdi. Ravshanning xayoli buzilib, hansirab erini sudrayotgan Nargizaning oppoq bo‘yni aralash siynalariga qarab olayotgan bo‘lsa-da, sabrli bo‘lishga ahd qildi. Ayni damda unga rahmat aytib, kuzatib qo‘ygan Nargizaning dimog‘ini talabaliklarida ham Ravshan sepib yuradigan tanish atir isi qitiqlab o‘tgan, uni, hov bir paytlarda bo‘lgani kabi, o‘zi uchun ham tushuniksiz bir kayfiyat qamrab olayotgan edi...

* * *

Nargizaning o‘sha kundan boshlab tez-tez ko‘ngli aynir, Talxatning quvonchi ichiga sig‘mas, xotinining kun sayin injiq bo‘lib borayotganiga ham ko‘z yumardi. Hammasi Ravshanning keyingi tashrifidan boshlandi. Bu orada u Talxat bilan yana avvalgiday yaqin bo‘lib olgan, hatto tijorat fermasidan unga ish va xizmat mashinasi ham bergan, bundan xursand bo‘lgan Talxat do‘stini yaxshilab bir mehmon qilishga ahd qilgandi.
Dam olish kuni. Osmon tund edi. Kechga borib yomg‘ir tomchilay boshladi. Mehmon erining boshlig‘i, ya’ni Ravshan ekanini eshitgan Nargiza allanechuk orziqish bilan tayyorgarlik ko‘rdi. Derazadan tashqariga qararkan, “kelmay qolsa-ya”, deb o‘yladi... Yasatilgan dasturxonni ko‘rib erining og‘zi suvlandi. Ichidan xotiniga qoyil qolib, do‘stini qarshilashga otlandi. Dahlizda dimog‘iga biram tanish, xotiralarni uyg‘otuvchi ifor ilindi. Yil bo‘lgan edi bu hidni tuymaganiga. Tuflisini yechdi-yu, sekin yurib yotoqqa kirdi. Nargiza oyna oldida o‘tirgancha o‘ziga oro berardi... Talxat qizarindi. Ammo sir boy bermadi. Nargizaning bo‘ynidan o‘pmoqchi bo‘lib engashdi. U esa taniga ilon tekkandek seskanib, aftini bujmaytirgancha o‘zidan nari surdi.
–    Boring, mehmon kutib qolmasin...
–    Voy buu, namuncha noz-firoq? Kutsa kutar.
–    Farosatiz yo‘g‘-a. Axir Ravshan akaning ortidan non yeyapsiz-ku...
Talxatning kayfiyati buzildi. Xotiniga ilk marta shubhalanib qaradi. Indamay tashqariladi. Mehmon deganlari ko‘p qavatli uyning kirishiga kelib qolgan ekan. Boshlashib ikkinchi qavatga chiqishdi. Eshikni ochgan Nargiza bilinar-bilinmas titrar, buni ikkala erkak ham sezdi. Ikkisida ikki xil holat zuhur etdi. Buni bir-biridan yashirib, mulozamatga o‘tishdi.
–    Qani, o‘rtoq boshliq, marhamat qilsinlar.
–    O‘zlaridan bo‘lsin.
–    Voy, nega unday deysiz, – Nargiza gapga aralashdi. – Ravshan Toshevich, desangiz-chi.
Hammalari kulishgan bo‘ldi. Talxat xotiniga zimdan o‘qrayib qo‘ydi. Ravshan o‘tirishlari bilan u bu tilaklarni qo‘shib duo qilgan bo‘ldi. Nargiza oshxonadan har kelganida dasturxonning, taomlarning ta’rifini keltirib maqtab turdi. Talxatning ta’bi xira bo‘lgani uchun gaplari qovushavermadi. Ravshanning Nargizaga suqlanib qarab qo‘yishi, Talxatni aroqdan quyishga qistashi negadir unga shubhali tuyula boshladi.
Bir ikki qo‘l ichishgach, Talxatning miyasi qovoqari uyasiday g‘uvillay boshladi: “Nahotki xotinim manavi nusxa bilan pinhona uchrashib yurgan bo‘lsa... Yo‘q, yo‘q! Bo‘lishi mumkin emas. Nega bunday deb o‘ylayapman o‘zi. Kursdosh bo‘lgandan keyin hazil-huzul gaplar qilishadi-da. Eya, axir Nargiza mening mahram xotinim-ku. Nima haqqi bor buning qichiq gaplar qilishga. Nargizani nima jin urdi. Ana, labini ham bo‘yab chiqibdi. Ro‘moli qani? Sochini ham gajaklab olibdimi? Tag‘in bo‘lar-bo‘lmas gaplarga xandon otib kulishini-chi. O‘ldirib qo‘yaman hozir uni. Balki anavi...”.
– Hali shunaqami?!..
Talxatning stolni mushtlashidan ikkisi ham cho‘chib tushdi.
–    Yaxshisi, men keta qolay... – Ravshan unga tez-tez qarab olayotgandi.
–    Voy, Talxat aka, nega Ravshan akamning oldida uyaltirasiz?
–     Ravshan akam?! He o‘sha mehmoningniyam... Bildingmi?
–     Nima balo, mast bo‘lib qoldingizmi? Turing bo‘lmasa, joyingizga...
–     Meni uxlatib qo‘yib... A, keyin-chi, deyapman?!! – u choynakni olib devorga urdi. O‘rnidan chayqalib turib Ravshanga qarab yura boshladi:
–     Balki hov o‘shandayam... A, meni olib kelganingda...
–     Do‘stim, Talxatjon, o‘zingni qo‘lga ol. Yomon xayolga borma, – dovdirab qolgan Ravshan uni avramoqchi bo‘lardi.
–     Yo‘qol uyimdan, chayon! – Talxat unga musht tushirdi.
Ravshan mast bo‘lmagandi. Yiqilmadi-yu gandiraklab ketdi. Kuchi yetmasligini bildi. Tezda kiyimini olib, eshikni lang ochdi. Nargizaning ortidan yugurganiga ham qaramay zinalarni juftlab sakradi. Uyga qaytib kirgan Nargizaning ko‘zlariga qon to‘lganday, lablari gezarib ketgandi. Shu tobda erini yanchib tashlaydigan qudratli so‘z qidirardi. Nihoyat, o‘tirgan kuyi unga chayqalib, qandaydir iltijoli termulib turgan eriga nafrat bilan baqirib yubordi:
–     To‘pori, ovullik... Nafratlanaman sendan. Senga tekkan kunimga ming la’nat. Nima ko‘rdim o‘zi. Ustiga-ustak ota-onamdan ayrildim. Sevgimdan...
–     Nimaa?! Yana bir qaytar. Kimdan? Shumidi hali sening sevganing. Balki gumonang ham o‘shandandir...
Ammo Nargiza bu gapni kutmagandi. Telbaga do‘ndi. Bir muddat gapirolmay qoldi. Eriga shunday tikildiki, Talxatning shubhalari chilparchin bo‘lib ketdi. So‘ng jahl bilan dedi:
–    Koshki o‘shandan...
–     O‘chir ovozingni, bo‘ldi, bo‘ldi. Bas qilaylik endi. – Talxat endi tiz cho‘kdi. Yalingannamo termulgancha tizzasida yurib kela boshladi. Nargizaning oyog‘ini quchmoqchi bo‘ldi. Ilkis tisarilmoqchi bo‘lgan Nargizaning tizzasi erining ko‘zi aralash burniga tegib, qattiq og‘ritdi. Lekin “oh” deyishga kuch topmadi. Ko‘zidan olov chiqib ketgan Talxat burnidan qon tomayotganini ko‘rib, o‘zini yo‘qotdi. Bir hamlada xotinini urib yiqitdi.
–     Hali senmi, o‘shani deb meni tepadigan?!
Nargiza gapirishga ulgurmadi. Og‘zini katta-katta ochdi, xolos. Talxat uning ustiga chiqib olgan, shunday bo‘g‘ar ediki, ko‘ziga goh xotini, goh Ravshan bo‘lib ko‘rinayotgan govda qimirlamay qolganda ham bir muddat qo‘lini ocholmadi. Momaqaldiroq balkon derazalarini zirillatardi...

2008

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.