OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Ismoil. Ab Ort (hikoya)

AB ORT
yo
SEVGIYU BAYRAM


Men ayam bilan dadamning yolg‘izu arzanda qiziman. Enam aytmish: na inog‘am, na egachim bor. Yolg‘izligim ham mayllariya, rahmatli dadamu ayam otimni na Yodgoru, na Umida, hatto na Sevara, balki Sevgi deb qo‘yishgan. 
Ana o‘sha so‘qqaboshligim bois aytmoqchi bo‘lgan gaplarim ham tirik zot haqida emas. Ayamning xitoy chinnisidan nozikkina qo‘g‘irchog‘i bo‘lardi. Chinni xarirlarga burkanib o‘tirgan mushtumdek Chin malikasining badani alohida, barmoqdek boshi alohida edi. Hamon-hamon bu qo‘g‘irchoqni qo‘limda tutib, boshini badanidan ayro kuzatib o‘tirgandekman. Boyagi ipak liboslarining rangorangligi, ularning yuz hiyla ila bichilgan burmalar orasidan oqqush boshidek yalanglangan qo‘lu, undagi tovus dumidek yelpig‘ich. Boshini aytmaysizmi bu qo‘g‘irchoqning: ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas og‘izchaning qip-qizil nuqtasi, chakki tomchisining uchidek qirra burunchasi, ikki suzuk qiyg‘och ko‘z, shaftoli tukidek kipriklar, chambar soch tepasida esa olmaning danagichalik bir bog‘liq tutam... Men bu mitti qo‘g‘irchoqning inju xati-xoliga soatlab termulib o‘tirardim. 
Ustiga ustak ayro boshining xipcha bo‘ynidan ignachalik o‘q o‘tqazilgan bo‘lib, boshni badan ustiga qo‘yganingizda bosh anavi o‘qcha ustida chayqalib turardi. Barmog‘ingmi, xonadagi yelvizakmi, boshning o‘z og‘irligimi bahona – qilt etdimi, Chin malikasi allamahalgacha o‘tirgan yeridan boshini chayqaganicha sen tomon boqib o‘z taajjubimi, taassufini izhor etardi. Mana shu qo‘g‘irchoq haqida so‘zlamoqchiman.

1


Qaydam, kasalvand qizcha bo‘lgan ekanmanmi, bolaligimni eslasam nuqul yolg‘iz uyda yolg‘iz o‘zim rezanda bo‘lib ko‘rpaga burkanganimcha o‘z karavotchamda yotganimni ko‘raman. Karavotcha yonidagi devorga ipaksimon gilamcha qoqilgan, unda bir kiyik boshini qimirlatmasdan menga qarab turadi. Men bu kiyikning shoxlarini goh daraxtga aylantirib boqaman, goh naqshga o‘giraman, gohida boshqa o‘yinchoqlarim uchun archaga evriyman, yovvosh kiyik qimir etmasdan buzoq ko‘zlarini menga tikkanicha bularning barisiga chidayveradi.
Boshqa kunlari esa oq choyshabimga pennitsilindan bo‘shagan bir hovuch shishachalar sochiladi. Bularning yarmini – qalpoqchalari tagiga ikki tilim qog‘oz qistirib, matroslarga aylantiraman, yarmining qalpoqchalari ostiga paxta tiqib - ularning dugonalariga. Ana endi bularning bir biri bilan xavoiy valsu, shaqir-shuqur fokstrotga tushganini ko‘rsangiz...
Bir kun esa bayram kuni o‘zimdanu, o‘z o‘yinlarimdan zerikib ketibman chog‘i, uch eshikli shifonerimizdan o‘zimning sap-sariq xitoy ko‘ylagimni olib yasandim-da – eshiklar ustimdan qulflangan emasmi, derazamizning darchasidan bir amallab ko‘chaga oshib tushdimu – bayramga qo‘shildim. Ayamning uzoqroq egachilaridan biri Bayram otli opacha meni ko‘rib qolib: “Voy, qoqindiq, tek o‘zing bu yerda nima qib yuripsan?” – deya, qayta uyimizga eltsa bo‘ladimi. Eshiklarimiz, aytganimdek, qulf. Xayriyatki, tinib-tinchimas Bayram-opacha meni ayamning qo‘liga emas, dadamning ishxonasiga yetaklab bordi. Dadam ham mening kelganimga emas, ko‘proq Bayram bilan hiring-hiring qilgani hali-hali esimda.
- Bayram kelibdiyu ko‘chamizga, chinakam Bayram...
Mana shu tek yolg‘izligim ayniqsa ayamning o‘limidan  avvalroq yanada yaqqollashdi, yalangladi. O’sha payt ayam dadamdan arazlab, biz ikkovimiz o‘z shaharchamizda ijaraga ko‘chgan joyimiz. Ayam odatda birorta sirini boy bermasdi, barini ichida yutardi, bu safar esa ikkovimiz taxta pol ustiga to‘shalgan ikkita ko‘rpaga o‘ralib yotarkanmiz:
- Sen, qiz, uka yo singilli bo‘lishni istarmiding?  - deb so‘rab qoldi. To‘satdan javob berish o‘rniga men ayamning yanoqlarini siypalay boshlabman. Ayamning ko‘zidan duv etib so‘lg‘in betlariga bir qator yosh oqsa bo‘ladimi. Put tomonimizdagi tokchada boyagi chinni qo‘g‘irchoq boshini chayqaganicha bizga zimdan tikilib o‘tirardi...
Biror haftadan keyin tippa-tirik yurib turgan ayam bir kunda kasalxonaga tushib olamdan o‘tdi...

2


Dadam o‘shanda icha boshlagan payt, mast-abgor holatda bizning ijara xonamizga kelib goh ayam, goh menga elanar, bular ish bermagach, janjal ko‘tarib bizni quvlardi, biz esak uy egasinikida berkinib qutulardik. Shunday kunlarning biridan keyin ijara xonamizdan anavi chinni malika yo‘qoldi. Avvaliga ayam mendan ko‘rib, toza koyidi:
- Sen, qiz, yaxshi chiqmading, chinnini yo bo‘ynini uzgansan, yo o‘rtog‘laringga eltgansan!
Mening miq-miq yig‘layverganimni ko‘rib:
- Mayli, bo‘lari bo‘pti. Anavi yigit o‘lgur xotinboz bola olgandir-da! – deya meni tinch qo‘ydi.
“Xotinboz bola” degani – dadam bo‘lib chiqdi. Ayamni go‘ristonga qo‘yib kelganimizga bir hafta bo‘lar-bo‘lmas dadam qo‘limga uch so‘m tutqazib, do‘konga aroq olib kelgani jo‘natdi-da, men qo‘limda jo‘ngina bir shisha aroq bilan qaytib kelgach, dasturxonga uch burda qotgan patir, maskayog‘, bir hovuch oqqand tashladiyu:
- Senam o‘tir! – deb buyurdi.
Men dadam o‘ngiga o‘tirdim.
- Noningni ye, qara, ranging o‘siriq rangiga o‘xshab ketipti! Tomoqqi tuzukroq yesang bo‘maydimi! – deb biroz nasihat qilgandek bo‘ldiyu, o‘zi piyolani aroqqa limmo-lim to‘latib, gazakisiz simirdi.
- Sen menga qarama, movi piyoladek ko‘nglim to‘lib ketgan, - deb yana bir piyolani bir tishlam qotgan patir bilan bo‘shatdi. Keyin birdaniga uzunkiprik ko‘zlarini yumib ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi. Men avvaliga juda qo‘rqib ketdim. O’pkamni hech bosolmadim. Dadam esa:
- Men, haromi, bariga benavotman, qizim. O’nashi kuni anavi kasofat Bayrammi tug‘ilgan kuni ekan, ayangni iskati chinnisi bormasmidi, men ashinisini olib, qanjiq Bayramga eltib beripman... Ayangni balniysaga erchitishshi o‘rniga u dardisarnikida qopman... Voy dod! Voy dod! Ayang o‘lmasdan men o‘lsam bo‘masmidi! Dod!
Dadam o‘shanda mast-alast holatda go‘ristonga borib, ayamning go‘rida yastanib yotgan. Qancha uni uyga chorlamay, to‘ng‘izdek yotvolib, meni uyga haydagan...
- Men, yigit o‘lgur, o‘g‘riman, men qo‘sh-qo‘sh qotilman, sen, qiz, menga o‘ralashma, ket! – deb ketimdan kesak otgan...

3


Ayam o‘lganidan keyin men enam bilan qoldim. Dadam esa anavi Bayramini nikohsiz xotin qilib oldi. Bularning hayoti ham yolchimadi. Bir yilga bormay dadamning qonida qandi ko‘tarilib, jon berdiyu, men to‘liq yetim bo‘lib qoldim.
Ana o‘shanda uchu-ettisi emasu, qirqimi, yarim yili bahona, enam ikkovimiz Bayram-opachanikiga borganimizda, Dediyoyu, Qissasul anbiyolar kechasidan so‘ng otinchalaru-xotinchalar tarqalgach, Bayram meni ayvondan ichkari xonasiga yetakladi-da:
- Sen qizga aytadigan gapim bor, - dedi. Meni nimshab xonada to‘rdagi duxoba ko‘rpachaga o‘tqizib:
- Dadang yaxshi bolamasti, - deb boshladi. Men nima deyishimni bilmay atrofga alangladim. Xona qorong‘u bo‘lishiga qaramay o‘ngimdagi tokchada chinni piyolalar dastasi orasida anavi xitoy malikasini ko‘rdim. U boshini bu safar xufyona liqillatib o‘tirardi.
- Go‘ri nurga to‘lgur ayangni do‘xtirga eltadigan kuni menikiga kelip qopketgan-ta, bilasanmi, qiz? Nas bola ekan o‘zi. O’sha oy mening hayzim kemay qogan-ta, dadang minan bozordagi restaranda uchrashib unga aytsam, toshtek qotip qoldi. Keyin nima deydi degin: men homila oldirtiradig‘on joydi bilaman, seni o‘nashi yerga eltay, - deydi, o‘lip o‘lgur! Xotinim endi ela oldirtirgan, - deydi, xunasa...
O’shanda men bu gaplarga quloq tutish emas, nuqul anavi chinni qo‘g‘irchoqni o‘g‘irlash payida bo‘ldim. O’z-o‘zimdan uyalaman: o‘l, Sevgi, - deyman, - sen ham otangdek o‘g‘ri bo‘psan, - deyman. O’liptimi, movi qo‘g‘irchoq ayammi mahriyu, - deb o‘zimga yana dalda beraman. Jodugar Bayramning ko‘zlari yomon bo‘lib eplolmadim. Bolishga suyangandek cho‘zildim, surat tomosha qilgandek cho‘kkaladim, haddim baribir yetmadi. Chinni malikam ham - yo‘q degandek - boshini chayqab turaverdi...

4


Qizilyuz Bayram-opacham ham yurib turib o‘ldi. Otam bahona – uni ham enam ko‘mdi. Uchi bo‘ldi, yettisi bo‘ldi, qirqi bo‘ldi - orada boyagi chinni qo‘g‘irchoq tokchadan yo‘qoldi. Enamdan so‘rasam:
- Sen, qiz, tiling bo‘yingdek o‘smay o‘lsin, bor, tashqarini shipir har matohga meros chiqmastan! – deya men bilan elashib o‘tirgani yo‘q.
Oy o‘tdi, yil o‘tdi, men qistayverdim.
- Sen mo‘yningni g‘ozday cho‘zib ustimga devalab kelaverma, qiz! – deb, enam sir boy bermadi. Bir kun og‘rib qolib enam o‘zi meni to‘shagiga chaqirdi-da, gilam tagidan sandiq kalitini chiqarib:
- Sen, qiz, katta bo‘p qolding. Enangni lahatka eltadigan payting yetti. Senga tugup qo‘ygan bir bo‘hcha gapim bor, - deya, sandig‘ini ochishni buyurdi. Sandiq ochilmay turib, bilagimdan tutdi-da:
- Senga aytmay yurgandim, yuragim yorilay deyapti. Ayang o‘lganida qornida bolasi bor ekan... Norasida kettiya, sho‘rlik...
Men nima deyishimni bilmasdan, ko‘zim yoshga namiqib, soqov bo‘lib o‘tirganimda, enam sandig‘ini ochdi-da:
- Mana, o‘limligimam bir, sening sarpolaringam shunda, - dedi.
Sandiqning eng tagida sarpolarim orasida boshi qimir etmasdan shipga qarab va negadir enamning o‘ziga mengzab anavi xitoy malikasi yotardi...

5


Enamsiz bu dunyoda shipshiydam bir o‘zim qoldim. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y bo‘lib uchiniyam, yettisiniyu qirqiniyam piysabillo qildik. Qarovsiz uyda enamning o‘limliklariyam, mening sarpolarim ham  tarqab bitdi. Yolg‘iz avvaldan anavi chinni qo‘g‘irchoqni ro‘molimga o‘rab, shipimizdagi to‘sinlardan birining ketiga berkitib qo‘ydim. Marakalar bitib tek boshimga qolgan kunim yana rezanda bo‘libmanmi, ship ostidan ro‘molimga o‘ralgan chinni qo‘g‘irchoqni oldim-da, ko‘rpachaga yastanib uzoq-uzoq bolaligimdagi his bilan uni ko‘zdan kechira boshladim. Chinni xarirlarga burkanib o‘tirgan mushtumdek Chin malikasining badani alohida, barmoqdek boshi alohida. Hali-hali bu qo‘g‘irchoqni qo‘limda tutib, boshini badanidan ayro kuzatib o‘tirgandekman. Boyagi ipak liboslarining rangorangligi, ularning yuz hiyla ila bichilgan burmalar orasidan oqqush boshidek yalanglangan qo‘lu, undagi tovus dumidek yelpig‘ich. Boshini aytmaysizmi bu qo‘g‘irchoqning: ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas og‘izchaning qip-qizil nuqtasi, chakki tomchisining uchidek qirra burunchasi, ikki suzuk qiyg‘och ko‘z, shaftoli tukidek kipriklar, chambar soch tepasida esa olmaning danagichalik bir bog‘liq tutam...
Bu xayollar orasida qarasam isitmam ko‘tarilyapti. Malikaning peshonasiga barmog‘imni bossam – u ham issiq.
- Ayammi o‘ldirgan senmisan? – deb so‘radim shunda to‘satdan. U yo‘q deydi.
- Dadammi o‘ldirdingmi? – desam, yana yo‘q deydi. Boshini siypalab qo‘ydim. 
- Bayram-qanjiqqi o‘ldirgandirsan? – desam ham  - bosh chayqaydi.
- Enammi-chi? – deb so‘rasam, yo‘q deyaveradi.
- Ayammi qornidagi inimmiyu siynimmi o‘ldirgan senmisan? – desam, miq etmay tosh qotadi.
- To‘xta, - dedim, - sen barini mendek bilgansan, faqat ichingga yutgansan, shundaymi?! – deb tergovlasam, u og‘ziga talqon solgandek jim.
- Bildim, - dedim o‘shanda men, - sen, qiz, meni bir umr aldagansan. Endiyam aldayapsan... Sen umringda rost gapirmagansan! Tuf senga!
U esa boshini yondan yonga chayqaydi. 
Shoshib qoldim shunda. Bu nima degani: rost gapirmaganini inkor qilishimi yo ko‘nishimi?! Qarasam – men bilan o‘chakishyapti bu tiluqmas mahluq. Bor alamlarim qo‘zg‘aldi o‘shanda ichimda. Yanchaman seni! - dedim-da, bo‘ynini uzib, enamning hovonchasiga alohida boshini, alohida badanini tashladim. 
Yanchdim uni, yanchdim! Avvaliga ingradi, singradi, yanchaverdim! Talqon qildim, mayda-mayda qum qildim. Qora terga botdim, baribir qo‘ymadim, o‘siriq rangidagi kukunga aylantirdim, keyin oftobada suv qaynatdim-da, kukunini choynakka damladim. Kukun qumdek suv bilan aralashmadi, yolg‘iz men uni aralashtiraverib, tuzmi, shakarmi, zaharmi – dadam aroq ichganidek ichdim, ichdim, ichdim. Qornim shishdi, ichaklarim og‘irlashdi, o‘lardek ter bosdi. Qum bosdi... Ichim bitdi... O’l, Sevgi, senam o‘lding, - dedim o‘zimga o‘zim.
Ertasiga ko‘zimni ochsam, ayam o‘lgan balnisada yotibman. Qornimni yorishibdi. Ko‘richak bo‘libman. Yo‘q, deyman tashlandiq homiladek o‘zimga o‘zim, va boshimni yondan yonga chayqayman, - homila tashladim, homila...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.