OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Ismoil. Hachcha-bu (hikoya)

Xachcha-bu (yoshligida Xadicha) ikki iligidagi bodlarning og‘rig‘iga chidolmasdanmi, yo bu og‘riq ketidagi allambalo tushlaridanmi uyg‘onib ketdiyu, shu bo‘yicha uyqusi buzulib, kallai sahardan ko‘rpasini beliga o‘raganicha bomdod o‘rniga So‘fi Olloyordan bilganlarini xirgoyi qilib o‘tirardi.

Yomon nafsing sani o‘tdek tutoshti, 
Gunohing bora-bora tog‘din oshti.
Bila olmam, ayo noqobil avqot,
Nachuk jonsan, nachuk tansan, nachuk zot.
Bahoyimsan, bashar, devonasan, sog‘,
Gunohing oldida arzancha yo‘q tog‘.
Muxanasmusan, yo bolig‘misan, yosh,
Yuzung qattiq, tiling achchiq, diling tosh...


Bu achchiq she’rlarga uning taxir tushlari aralashar, ora-chura ularni yo‘yishga harakat qilarkan, avzoi yanada buzulib, g‘ash ko‘ngli ziyoda xiralashardi. Koshki bu zormonda og‘riq shol bo‘layozgan ikki oyog‘idan ketsa ekan, bu og‘rig‘i bilan qo‘shmozor bo‘ladigan-o‘v... Nimqorong‘uda bir to‘da navarasi g‘ujanak-g‘ujanak bo‘lib, sasib ketgan ko‘rpa ostida yotar, biroq yel qo‘lansasiga o‘tkir siydik hidi ham qo‘shilganini sezdi kampir. “Yer yutmagur anavi jinqarcha Qo‘zi yana tagini shalabbo qib yotgan-o‘v!” – deb chamaladi Xachcha-bu va ortiq na bodining uqalanmas og‘rig‘iga, na ko‘nglining to‘zmas g‘ashligiga chidolmay, birdan hayqirdi:
- Hoy, nas bosganla, turiyla! Yotuvradimi, to‘ng‘izga o‘xshab?! Hovlini changi chiqip yotipti, suv sepsalaring o‘lasanmi?! Hoy, Zumrad, erga teysang tug‘adigan bo‘psanu, ukalaringga qarasang bir joying kamayib qoladimi?! Tur-e, megajinga o‘xshamiy! Turqiyni qara! Bor, yuziyni yuv! Qiz bola diganiyam shunnog‘ dangasa bo‘ladimi?! Sani-chi, Optov, qulog‘ingga tom bittimi?! Burama qantimmi anchadan beri yemading-a?! Ukayni tegini qara – yana sholi sug‘orib chiqqandir... Ha, o‘l-a! Bor, tezrog‘ ustiga kul bos, simga il, ko‘rpalarimmi chiritib yuvordiyla... San-chi, san nimaga anqayasan?! Tur, somovarga qara! Otangga o‘xshab lallayasan! Ochib qo‘yiptimi bo‘tta, so‘lagiyni oqizasan?! Bor, ishiyni qil, bo‘htak!
Bu tirmizaklarning barini tumtaraqay qilgach, Xachcha-bu, kundan nima kutishini bilmay, o‘zi ham inqillab-sinqillab o‘rnidan turadi-da, qumg‘onini ko‘tarib, lapanglaganicha hovliga chiqib ketadi...
Kun ham bugun oydakkina bo‘ladi chamasi, osmonda bir par bulut ko‘rinmaydi. Quyosh ham, qurg‘ur, yozila boshlagan boddek, sarg‘aya boshlaydi. Iliq qumg‘onni chekaga qo‘yib, shildiragan ariqqa engashsammikan, - deb o‘ylaydi shu top kampir, biroq qaysarligimi, jinimi tutib: “Ochuv lahatka engashasanmi, boshing tegingda qogur!” – deb qo‘yadi o‘ziga o‘zi. Bir pas-yarim pas o‘tmasdan ijiq Qo‘zining ovozi: “Buvi, buvi, anuniyzi qarang, mayna qivotti!” – deb, kampir oromini buzadi.
- Dard! - deb o‘shqiradi kampir. Cho‘chib ketgan Qo‘zi chinqirib yuboradi. – Ho‘v, baloga yo‘liqqur, tinch qo‘yasanmi o‘zi?! He, qigan ishing boshiynda qosin! Ordona-ey! Nega kalaka qilasan, tasqara?! Sanam ammammi buzog‘iday qarab turasanmi?! Atchayin bo‘miysanmi?!
Bu payt eshikdan Zebiniso-qo‘shni kirib keladi.
- Egachi, huy egachi! Turdiylami?!
Xachcha-bu miyig‘ida g‘udranib qo‘yadi: “Ertalaptan pishirip qo‘yiptimi?” – biroq o‘rnidan turib, qo‘llarini etagiga artganicha, Zebinisoni qarshilagani yuradi.
- Esonmisiz, omonmisiz? Yaxshi yotip turdiylami? Keling, egachi, qoqindiq... Qizla, choyga qarayla! O’ting, aynaniy... tortinmang, jonim tasaddiq...
Qizlar supaga tezda dasturxon yozishadi: biri choy olib keladi, ikkinchisi – nonu murabbo. Uchinchisi shaloplatib supa atrofiga suv sepib chiqadi. Qo‘liga supurgi olishi bilan Xachcha-bu uni koyiydi: “Hoy, beparosat, aytmapmidim sangga ertaroq supurgin dep? Endi o‘tirganimizda changitasanmi? Sanlarga o‘qituvrib o‘zimga qomiydigan bo‘ldiyu!” – keyin Zebiniso-qo‘shnisiga choy uzatib: “Oxirzamonni dajjollari bula, qo‘shni, tiluqmas xitoyla...” – deb shikoyatlanadi.
Oftob: “Buvi, mana bosib supurvotmanku, bittayam changi chixmavotti...” – deb mijg‘ovlanib qo‘yadi. “Mayli, bilganingni qil, essiz sanlaga uqtirgan gaplarim...” – deya, Xachcha-bu Zebiniso bilan allamahalgacha gap sotib o‘tirishadi.
Ag‘dan-bag‘dan surishtirgan sayramliq Zebiniso: “Boldariyz qaytadig‘anmi?” – deb, kampirning nariroqda chug‘urlashib choy ichayotgan nevaralariga ishora qiladi. “Qaydam, puli kepturiptiku, shunisiga shugur. – deydi Xachcha-bu. – Musopirchiliyda boshlari omon bo‘sa bo‘gani... Ettayu-kech duo qip o‘tiripman” – deb noliydi ena.
- Mayli, bo‘masam manam turaqolay, egachi, qiladig‘an ishlarim boridi...
- Ha, o‘tiripsiz-te, - deydi ko‘ngli uchun Xachcha-bu, ichida esa: - Supraday yozilib nimaga shuncha vaxtimmi oldi bu? – deb, hayron bo‘ladi. - Qizix-te bu odamla, qilarga ishi yo‘g‘mikin?! Hoynahoy qurux choyi tugagan bo‘sa keray bu qurumsog‘g‘i... – Bu o‘yda kampir qo‘shnici Zebinisoni eshikkacha kuzatib qo‘yadi.
Haloga yozilgani o‘tarkan, yana esiga boyagi tushi tushadi. Qo‘l-oyog‘ini so‘qimdek bog‘lab rahmatli eri In’om-xo‘ja Xachchani Zog‘oriq bo‘yiga yetkazarmish-da: “Mana endi sani suvga tashiyman - bir yo‘la bodingdan qutulib chiqasan!” – deya, suvga irg‘itish o‘rniga jar yoqasida qoldirarmishu, o‘zi g‘oyib bo‘larmish. Xachcha qimirlay desa – jardan suvga qulaydi, qimirlamay desa – suvdan Zumradmi, Oftobning aksi qarab turganmish. “Ha, naga bo‘zrayvotsan, opat, yechmiysanmi buviyni?!” – desa, Zumradmi, Oftob: “O’l-a, tanmading-a!” – deya, suvga sho‘ng‘irmish. Shunda cho‘chiganidan qora terga botib seskanib ketadi Xachcha-bu...
“O’l-a! – deb qaytaradi boyagi ovozda kampir. – Halodayam tushiyni esliysanmi, qiyomatta qo‘pmagur!” Halodan chiqib Xachcha-bu polizga boqadi. Pamidorilar orasida zarpechakka ko‘zi tushadiyu, nevaralariga qarab baqiradi:
- Huv, Zumrad, huv Optov, o‘v, garmsel urgur sassihpopishay! Mambunga qaramiysilami?! Hammayog‘g‘i zarpechay bosip ketiptiyu!
Qizlar zum o‘tmay buvisining etagiga qo‘nadi. “Ehtiyot qilip yul, suvi to‘kilsa yana chiqip keluvradi!” – deb ogohlantiradi Xachcha-bu, o‘zi esa bir shingil rayhonni qulog‘iga qistirganicha, oshxona tomon jo‘naydi. Dam o‘tmasdan uning shang‘i ovozi oshxonadan taraladi:
- Hoy, yer yutkur, xamiring oqip ketiptiku, chochiqlarim rasvo bo‘pti, chop, qurvonliqqa yaramas!
Qizlardan biri qo‘lidagi zarpechagini uloqtirganicha, oshxona tomon yuguradi. Ketidan singlisining nolasi yetadi: “O’l-a, opa! Endi hammayog‘g‘i zarpechay bosadi...” Uzoqdan opalarini Qo‘zivoy masxara qilib turadi.
Yarim soatdan keyin so‘ng pamidorini o‘tash ham bir chekada qolib, qizlarning bari oshxonada non yopishga kirishadi: biri tandir qizdirgan, biri – zuvala uzgan, yana biri – buvisi bilan non yasab, Qo‘zivoy qo‘lida chakkichi bilan yasalib bo‘lgan nonlarni chakkichlagan.
- Tandirga bir matta kirgan do‘zahga kirmiydi! – deb uqtirib qo‘yadi Xachcha-bu, qo‘liga yengligu rapidasini kiyar ekan. – Ko‘ziyni moshtay och, ho‘v qiz! Erga teysang kuninga yariydi! Eringga qo‘shilip ko‘chalada ipiriski ovqat yeb yurmiysan! – deb, u yuzinchi marotaba Zumradga non yopishni o‘rgatadi. – Ana, otayng minan onayng qo‘ltig‘imga paxta sop ketishti. Rasiyga borip lo‘xtakiday pul ishlarmish... Ko‘cha tentirap gadoy bo‘p yurgandir... Yemastan-ichmastan o‘limlikka yiqqanlarimmi opketishti. Ma sanga, ma sanga, nima qoldi Hasanga...
Qizlar miq etmaydi, faqat Qo‘zivoy erkatoylik qilib: ”Buvi, boya o‘ziyz Zebapaga ettiyzku, pul yuvorishvotti dip...” – deydi. Bunga kampirning o‘tlagan qahri yana qapchiydi:
- O’chir-e, zumrasha! Endi Zebi-mumsikkayam yarim yildan beri bir miri yuvorishmadi diymi?! Uni og‘ziga qopqog‘ yopib bo‘ladimi?! 
- Tuyani shomol uchirsa, echkini osmonda ko‘r ekanda... – deb aqlini ko‘rsatadi mushtumdek Qo‘zi. Buvisining qitig‘ patini biladi bu muttaham. O’lasanmi-kulasanmi bu mishiqiga... Bolani boshidan ma’lum digani shu-te... Qizlar-chi, mum tishlashgandek: biri tandirning og‘zini yopgan, boshqasi – tandirdan olingan ortiqcha cho‘g‘larga chovgum qo‘ygan, uchinchisi – uziladigan nonga savat shaylagan.
- Buvi, naga nonimiz gullab ketadi, xich bozordigiga o‘xshamiydi?! – deb so‘raydi uzilgan nonlarni savatga yoygan Nozlijon.
- Unimizzi kepagi ko‘p, - deb tushuntiradi Zumrad, biroq uning gapini Xachcha-bu cho‘rt kesadi: “Ha, hali kepagi ko‘p bo‘p qoldimi? Teship chiqmiydimi bu gaplaring uchun?! San, bola, tappi qalap zog‘ora non yemagansan-ta! Tiliyni besh qarich qip “kepagi ko‘p” diysana!”
Bu payt eshikdan kimningdir ovozi keladi-da, Zumrad, qutulganiga ishonmay, darvoza tomon shoshiladi...

2

Eshikni ochsa – eshik tagida poson bir yigit turibdi. Aftidan chet ellik. Lekin o‘zbekchasiga olib: “In’om-xo‘ja akalarning xonadoni shu bo‘ladimi?” – deb so‘raydi. Zumrad yuz yil eshitmagan buvasining otidanmi, yo bu po‘rim yigitchaning ko‘rinishidanmi bir nav’ gangiydi-da, kalovlanib: “Kim didiyz?” – deb qayta so‘raydi. “In’omjon-xo‘jakalarning uyimi bu?” – deb jilmayadi yigitcha. “He, buvamla bo‘ladiyu, o‘lib ketganla-te...” – deb soddadillik bilan ko‘nadi Zumrad. Yigitcha qo‘lini yuziga tortib: “Xudo rahmat qilsin!” - deydi-da: “Uyda kattalardan hech kim bormi?” – deb so‘raydi. Shu payt hovlidan: “Hoy, Zumrad, yer yuttimi sani, muncha xayollading?! Kimakan o‘zi?!” – degan hayqiriq yangraydi. Yuzi shuvut Zumrad qo‘rqqanidan yigitchani ichkariga boshlaydi: “Keling, bum bilan gaplasharsiz...”
- Buvi, sizzi qidirip keptila...
Xachcha-bu, qo‘lida yengligu rapidasi bilan oshxonadan mo‘ralaydi, boyagi shinam yigitchani ko‘rib, nonga suv purkaydi-da, tandirni Oftob bilan Nozlijonga qoldirib, o‘zi biltong‘laganicha Zumrad bilan yigitchaga yuzlanadi.
- Keling, bolam... (Qaysi shamol uchirgan ekan?) Tuzuymisiz, eson-omonmisiz?,
Keyin Zumradga o‘shqiradi:
- Naga karaxt bo‘p qolding, ovsar, chop, dastarxoniyni yoz, issuv noniyndan opchiq.!
Kampir ozoda yigitchani ayvondagi supa tomon boshlaydi. Boyaginda tuppa-tuzuk havoning avzoi buzula boshlagan esa-da, bu dimlikda shildirab turgan ariqdan zig‘irdek bo‘lsa ham salqin ufuri taralardi.
- Keling, qoqindiq, bo‘ylariyzdan o‘zim o‘rgiliy, ko‘zimga issuv ko‘rindiyz, - deya o‘smoqlaydi Xachcha-bu. Yigitcha javob o‘rniga qo‘lini fotiha uchun yozganida, kampir hamono: - Bizzi yo‘qlap keganakansiz, iloyo martabayz ikki dunyo uluv bo‘sin! – deya qo‘lini yuziga tortadi va: - Xush kepsiz! – deya, Zumrad olib kelgan bir dasta issiq nondan birini tanlab, ushata boshlaydi. – Qani, nonga qarang! – Keyin Zumrad ketidan: - San Halakani itiday likkilamagin-te, choyiyni tezlat! – deb buyuradi.
Yigitcha ortiqcha istihola qilmasdan maqsadiga o‘tadi:
- Men bugun mozor boshiga kelgan edim, buvimlar shu yerga ko‘milganlar, shu deng buvimlar toza xo‘jalar avlodidan edilar. Dadam shajarimizni tiklay boshlaganlaru, buvimning ota tomonlaridan sal qiynalganlar. Katta buvamiz - Kamol-xo‘ja degan odam, o‘ttizinchi yillarda otilib ketgan ekanlar. Xudo rahmat qilsin!
Shu payt choynagini ko‘tarib kelgan Zumrad ham choynakni dasturxonga taq etib qo‘yib, qo‘lini yuziga tortar ekan, xushyor kampir:
- Hoy, dovdir, choynayni sindirayozdingu! Bor, mevaladan terip ke! – deydi. Bularni oshxonadan poylashayotgan Oftobu, Nozlijonu, Qo‘zivoy piqir-piqir kulishadi. Yigitcha bir zumga alaxsib, unga uzatilgan piyolani olar ekan, hikoyasida davom etadi:
- Ana shularning urug‘larini qidirib yuribman. Dadamning aytishlaricha shu mahallada Usmon-xo‘jami, Yunus-xo‘jami degan buvimning amakivachchalari bir payt yashar ekan. Go‘rkovdan so‘rasam sizlarning xonadoningizga jo‘natdi. “In’om-xo‘jakalarnikidan so‘rasang, shular bilishadi”, - deb aytdi. Shunga sizlarni qidirib kelgan edim...
Issiqqina nonini choyga botira kavshab o‘tirgan Xachcha-bu birdaniga:
- He, Meli-qozog‘ to‘g‘ri etipti, bizam peshindan keyin aynidigan xo‘jaladan bo‘lovuza. Bu mahallada bizdan boshqa xo‘ja yo‘g‘, chirog‘im... – deydi.
Zumradning endigina uzilgan mevalari ham yetib keladi.
- Ho‘v, qiz o‘lmagur, ketishiyndan qaytishing tez bo‘ldi... Tinchliymi? San, bola, esi-xushiyni yig‘vogin-a! Mevalariyni yuvdiymi o‘zi? Bor, oshxonaynga qara, qoqilgan qoziqqa o‘xshab turma-e!
Zumrad, qizarganicha, oshxona tomon yo‘l oladi.
- Bulariyzam toza xo‘jaqizladan, ordona qosin! – deydi kampir ko‘lkadek yo‘qolgan qiz ketidan.
- Demak Usmon-xo‘ja yo Yunus-xo‘jaka degan odamlarni eshitmagan ekansiz-da? – deb so‘raydi yigitcha, piyolasini dasturxonga sezilar-sezilmas zarda bilan qo‘yar ekan.
- Buviyzzi otlari nimaydi didiyz? – deb so‘raydi mo‘min ovozda Xachcha-bu, ichida esa: “Bu zumrashani zardasini ko‘taramanmi hali? Sovunimga kir yuvmapti bo‘ jo‘jaxo‘ja!” – deb o‘ylaydi.
- Sharofat. Kamol-xo‘ja qizi Sharofat...
- Qoplonbeydagi balniysada ishlagan Sharopatmasmi?
- Ha-da! Tanirmidingiz ularni?! - deb hayajonlanadi yigitcha.
Kampir esa yupqalashgan lablarini chimirib:
-Tanigandachi... – deydiyu, oraga og‘ir sukut tushadi.

3

Taniganda-chi! In’om-xo‘ja erini buzoqdek burnidan ilashtirib ketayozgan qanjiq ana shu Sharofat bo‘ladi-da! Kampirning miyasiga qon urdi o‘shanda! Portladi Xachcha-buning miyasi! Yetti qavat tuproq ostidagi go‘rida yarim asr yotgan ko‘lkalar sapchib qalqdi ko‘z o‘ngiga! Hah, biluvdiya kampir, sezgan ediya kallai sahardan: oyog‘ining bodi emasdi bu, havoning ham avzoi tugul, tushi ham aytmabmidi unga bu daqiqa kelishini...
Oltmishinchi yillarning oxiri edi o‘shanda. Xadichaxon In’omjonga yangi tekkan mahali. Manavilarning otasi tug‘ulib bo‘luvdi o‘shanda. Ikkinchisiga homilador edi. Yangi kelinning hayoti qursin: ko‘rganing – supurgiyu supra, o‘qishga qo‘yadimi qaynona: hamshiralik kurslarnni ham tashlattirdi o‘shanda In’omjon eri. Kunduzi qaynonasi qiynasa, kechasi – ishidan qaytgan eri qistayveradi. Homilasiga ham qaramaydi. Tunlari bir erining ovunchog‘i bo‘ladi, bir emizikli bolasini yupatadi. Uyqu yo‘q, halovat yo‘q. Ozib-to‘zib ketdi o‘shanda Xadichaxon, o‘shanda Xadichaxon Xachchaga aylandi-qo‘ydi. Yuzida yuz qolmadi, badanidan so‘yagi chiqib, eti yo‘qoldi. Ana o‘shanda bularning hayotida Qora-botir kabi bo‘yning uzilgur Sharofat – Sharob paydo bo‘ldi.
Avvaliga Xachchaning sodda eri og‘zidan gullab qo‘ydi: Qoplonbekdagi dorixonani boshqarmasmidi, nima emish, Qoplonbekdagi kasalxonaga hamshiralarning kattasi bo‘lib o‘zimizning xo‘jalardan bo‘lgan bir navjuvon ishga kirganmish, kasalxonada tejalgan dorilarni dorixonaga topshirib, pulini endi orada arra qilisharmish...
Shuv etdi o‘shanda Xachchaning yalang‘och, ozgan yuragi, biroq hech narsa demay, iljayib qo‘ygandek bo‘ldi xolos.
Ertasiga yarim kechada eri yana bir bahonada ishi haqida gapiraturib: “Xo‘jalaring qiziq-ta, xotin! Anavi Sharofat deganim-chi, haligi, dori obkeladigan-chi, uni uyida hamma Sharob deyisharkan... Jinnimi bularing, sharofat qaydayu, sharob qayda...” Xachcha o‘sha tun ham oriq yelkasini qisib qo‘yaqoldi. Xullasi, nima bo‘ldi, Xudoning bergan tuni gap borib-borib o‘sha o‘lgur Sharofat-Sharobga taqalar, bir tuni esa saharga yaqin sut ilinjida yig‘lay boshlagan to‘ng‘ichi bois Xachcha uyg‘onib, yonidan yoniga ag‘darilsa, unga qo‘lini qo‘yib yotgan eri uyqu aralash: “Sharob, Sharob...” – deydi... Tong otkuncha piqqillab yig‘lab chiqdi o‘shanda Xachcha. Neki qarg‘ishlarni bilgan esa, barini yog‘dirdi ajaling yetkur o‘sha manjalaqi Sharob boshiga. O’sha tun Xachcha qattiy bir reja tuzdi.
Kun yarimlab qolganida do‘xtirni ro‘kach qilib, emizikligini qaynonasiga tashladi-da, o‘zi ko‘chada avtobusga o‘tirib Qoplonbekka bordi. Tushlikni chog‘lab borgan emasmi, orqa eshikdan hamshiralikka o‘qib yurgan chog‘lari qallig‘liq kunlari yaxshigina tanib olgan dorixonasiga kirdi-da, kiyim ishkoplarining biriga berkinib oldi.
Dorixona emasmi, ishkop ichi dim bo‘lsa-da, bironta g‘uborsiz edi, terladiyu Xachcha, biroq aksurmadi, erini poyladi. Yarim soatlar o‘tar-o‘tmas tushlikdan kekirib eri kirib keldi. Xachchaning yuragi duk-duk ura boshladi. Bundan homila ham sarosimaga tushib, duk-duk qorniga tepa boshladi. U-bu odamlarning kirib-ketishiyu, shishachalarning jarang-jurungida qancha vaqt o‘tganini bilmadi Xachcha, lekin uning mo‘ljallagan vaqti-soati ham yetib keldi. Hovlida “Tez yordam” mashinasi to‘xtadi-da, go‘yoki kasalxona uchun dori olib ketgani kelgan hamshiralarning kattasi undan tushib keldi.
- Sharofatxon, sizmisiz? – deb o‘z nafasiga tiqildi hayajonidan In’om-xo‘ja. Qadamlarini mayda-mayda sochib, xonaga bir sharpa kirib keldi. Xachchaning hayajoni ham homilasi bila birga halqumiga tiqildi...
- Sharofatxon, bormisiz o‘zi... Sog‘intirib yubordingiz-ku! – deb, o‘zining hirs nafasini yoza boshladi In’om.
- Assalomu aleykum, In’omjon-aka... – deb, nozlangandek bo‘ldi bu qanjiq... – Mana, aytgan dorilaringizni olib keldim...
- Bizning dorimiz boshqa, oppoq qiz... – deya, shilqimlik qila boshladi eri.
- Qo‘ysangiz-chi, Ino’mjon-aka, uyli-joyli odam bo‘lsangiz... 
- Siz uchun surilib turar uy-joy deganingiz, o‘ldimi... – deganini biladi In’om-xo‘ja, shu payt kiyim ishkopining eshigi sharaq-shuruq ochilib, ichidigi kiyimlarga alvastidek o‘ralib, bo‘g‘oz xotini Xachcha chiqib kelsa bo‘ladimi!
Yo‘q, xushidan ketib qolgani yo‘q Xachcha o‘shanda, jilla qursa anavi jalabning sochiga yopishgani yo‘q, erini ham bo‘g‘madi: xipcha belida oppoq xalatining oppoq belbog‘ini o‘ynab turgan anavi manjalaqining chiroyiga mahliyo bo‘lib qotib qoldi. Ayniqsa malak yo shayton ko‘zlariga: bir ko‘rsang – umrbod unutmaysan...
- Nima qilib yuribsan bu yerda, eshshak?! – deb, do‘q urdi unga eri. Bu qo‘rs ovozdan cho‘chib ketgan Xachcha o‘zining azbaroyi juldurligidan, ko‘rimsizligidan, isqirtligidan nima qilarini bilmay ho‘ng-ho‘ng yig‘lab yubordi.
Anavi malakning qanday g‘oyib bo‘lgani ham esida yo‘q, eri mashina yollab uyiga yetkazganini ham eslolmaydi, to‘kilib-to‘kilib barini qayni Babaga aytib berganini xotirlaydi xolos...
O’sha kechasi qayni Baba bechora Sharofatni qaerdadir poylab pichoqlab ketdiyu, shu bo‘yicha Sibir bo‘lib, uyiga boshqa qaytgani yo‘q...
Sharru ofat edi o‘sha xo‘ja qizi Sharofat, sharofat emas, naqd sharru ofat... Tanimasinmi uni Xachcha?! Taniganda-chi! 

4

- Ho‘v, tentay, san naga baqrayib qoldiyng? Ko‘ziyng yomon sani, ko‘ziyng! Teshvorguday! Immilama, bor, aravayni tort! – Zumrad yigitchaning piyolasidagi choyni yangilaganicha, buvisiga yalt etib qaraydi-da, lom-mim demasdan yana oshxona tomon jo‘naydi. U yerda shumshayib turgan Qo‘zivoy: “Ajap bo‘ldi, xo‘p bo‘ldi!” – deb opasini qarshilaydi “Etmapmidim sanga: kovushing tor bo‘sa dunyoni kengliyidan ne poyda? – dip”.
- Ha, choyiyzga qarang, bolam, oynaniy, sovip qomasin... Gapiyz og‘ziyzda qoldi. Nima divotuvdiyz?
- Ha, - deb talmovsiraydi yigit. – Aytmoqchi bo‘lganim, Sharofat-buvimni tanirmidingiz?
- Ha-yo‘g‘, qayog‘da... Shunchaki bir eshitudim-te...
Bu payt oshxona tarafdan qo‘zining ma’rashidek Qo‘zivoyning: “Buvi, buvi!” – degan xarxashasi keladi.
- He, buviyng o‘lip buvisiz qogina, nima tag‘in?! Tinch qo‘yasanmi o‘zi?! Yashshamagurlar, bir og‘iz gapkayam qo‘yishmiydiya! – deb jerkiydi Xachcha-bu.
- Anuniyzzi qarang, yum-yum yig‘lavotti. O’zimmi o‘ldiraman divotti...
- Kimakan o‘sha ordona Nurxon?! Ko‘p yegan zo‘r dip, yana nima qilig‘ chiqarvotti?! – deganicha, kampir kovushini oyog‘iga ilar-ilmas, endigina yomg‘ir sepib o‘tgan hovlini piltillaganicha kesib, oshxona tomon shoshadi. Yo‘l-yo‘lakay u: “Siylaganni sigir bilmasakan-te!” – deya to‘ng‘illab qo‘yadi. 
G’aroyib yigit nima qilishini bilmasdan: ketsammikan yo kutsammi, deya kalovlanib o‘tiradi.
Kampir esa tokdan tushgan bir-ikki tomchini bujmaygan yuzidan artib borar ekan: “Shu yigitchaga anavi mol Zumradimmi uzutsammikan? Hayip, opatning qoni yomon-te... Unnog‘ disam bizzi qonimiz tuzuvmi?” – deb o‘ylab boradi. Tok barglari orasidan ishshaygan quyosh ko‘rinar ekan: “Baloga yo‘liq, Xachcha bo‘miy... barimiz peshindan keyin ayniydigan xo‘jalamiz-te” – deb o‘zicha o‘ylab qo‘yadi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.