Joniga to‘zim bersin-g‘ey Ovchibekning. Ne bir azoblarga dosh berib, birovlar shivir-shiviriga quloq tutadi. Kimdir pana-pastqamda turib, boshliqni yomonlaydi. “O‘lguday ochofat, jamoadagi bor narsani yulib-yulqib bitirdi. Yaqin orada qiyshayib-qingrayib turgan idora chordevoriniyam yamlab yutsa ajab emas” deydi.
Bilasiz, qorovulxona gapxonaning uyasi. Ovchibek shunaqa dolzarb yangilik topdimi, darhol o‘sha yerga chopadi.
“Eshitdilaringmi? – deydi ko‘zlarini shokosaday katta ochib, – G‘oyib Soipovich bugun tunda idoradagi bor ashqol-dashqolni uyiga ortib ketibdi. Endi xizmat mashinasini o‘ziniki qilish payida emish!”
“Evoh! – deyishadi uning so‘zlarini eshitganlar. – G‘oyib Soipovich qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan yuvvosh, oldidan bir qop tilla chiqsayam chetlab o‘tadi deyishardi-ku!” So‘ng bir-birlariga ajablanib qarab qo‘yishadi: “Yo tovba, odam olasi ichida, deb bejiz aytilmagan-da. Biz laqmalar, boshlig‘imiz sutday oppoq, xudojo‘y, o‘ta insofli, kishining haqidan hazar qiladi, deb o‘tiribmiz-a!”
Bu gaplar ham ortda qoldi. Ovchibek odati bo‘yicha kuzatishlarni davom ettirdi. Nima, odamlarning pichir-pichiriga uzzukun quloq tutish, kunu tun jon hovuchlab yashash, sho‘rlikka zaril deysizmi? O, zaril-da! Bu kimsa g‘iybatsiz yasholmasa ne qilsin?! Ha-ha, bu ham bir qismat, tuzalmas kasallik. Ul kimsa, do‘stimi, dushmanimi, hammasining kamoli-yu, zavolini zimdan kuzatmasa, ko‘ziga uyqu kelmaydi.
Tunov kungi gap-gashtakda elga taniqli va obro‘li kimsalar G‘oyib Soipovichni bir maqtashdi, bir maqtashdi, bu maqtovlarni eshitgan Ochilbek hayratdan barmog‘ini tishladi. “Tovba, – dedi o‘z-o‘ziga. – Bechora G‘oyib Soipovich shunday ulug‘, saxiy, qo‘li toza, ey boringki, sigirning sutini ichmaydigan – pokiza odam ekanlar-u, anovilar... ha o‘shalar... u muhtaram zotning tuprog‘ini to‘zitib yurishibdi-ya, muttaham g‘iybatchilar!”
Ovchibek uyiga kelsa, uni xotini og‘zi qulog‘ida qarshi oldi.
– Hoy dadajonisi, namuncha kech qoldingiz?
– Ish-da, xotin, ish...
– Hey, shu ishingiz ham bor bo‘lsin-ey.
Ayoli oshxonadan bir choynak choy ko‘tarib keldi-da, qo‘liga shapaloqday taklif qog‘ozini tutdi.
– Bugun charchagan bo‘lsangiz, ertaga bir yayrab dam olasiz, dadajonisi. Ta’tilda bo‘lganingiz uchun sizni atay uyimizga kelib aytib ketishdi. Taklifnomani kimsan G‘oyib Soipovich o‘z qo‘llari bilan yoziptilar. Qog‘ozni olib kelgan kenjatoylari aytdi.
– Ey menga qara, taklifnomani rostdanam kenjatoylari berib ketdimi?.. Ha-ha, sen haqsan! Taklifnomada G‘oyib Soipovichning o‘z muborak dastxatlari. Ur-rey!..
– Bu hali hech gap emas, kenjalari hozircha hech kim bilmasin deb, bir xushxabar aytdi.
– Xo‘sh, nima xushxabar? Tezroq ayt!
– Gap bunday. To‘yni o‘tkazvolib, G‘oyib Soipovich viloyatga ketarkanlar.
– Viloyatga, nima uchun?
– Voy dadajonisi-ey, shuni ham so‘raysiz-a. Kattakon boshliq bo‘lib-da!
– Yashavor, xotin! Meni behad xursand qilding. Ayrim gaplarni demaganda, u kishi bizga yaqin odam.
– Endi siz ham viloyatga ketsangiz kerag-a?
– Shunday bo‘lsa kerak, o, malades!
Ovchibek xotini qo‘ygan choyga ham qaramay, shosha-pisha ko‘chaga otildi. U yangiliklarni tezroq “egalari”ga yetkazishi zarur. Odamlar Ovchibek boshqalarga o‘xshab lallaygan, dunyo bexabar emasligini, har narsadan voqifligini ko‘rib qo‘yishsin. U dastaval qorovulxonaga yugurdi. Undan oshxonaga, guzarga, boringki, barcha joyga xabar yetkazdi. Taklifnomadagi yozuv shaxsan G‘oyib Soipovichning dastxat ekanligini qayta-qayta aytishdan charchamadi.
Ertasiga tong sahardan to‘y taraddudiga tushdi: “Eh ovsar, galvars!, – dedi o‘z-o‘ziga. – Pichir-pichirlarga qo‘shilib, shundoq tabarruk odam haqida yolg‘onlar to‘qibman-a! Xayriyat, o‘zi bilmaydi. Agar bilsa!... Endi shunday yo‘l tutayki, u kishining eng yaqin, eng... sadoqatli odamlari bo‘lib ko‘rinay. Shunda sening ham oshig‘ing olchi, Ovchibek! E, gardkam!”
Ovchibek G‘oyib Soipovichning to‘yiga nima to‘yona qilsam ekan deb rosa bosh qotirdi: “Yuz ming bersammikin? Ikki yuz mingmi? Ey-y-y, erta-indin baxt yulduzi porlab, katta amal pillapoyasida turgan zot uchun buyam kamlik qiladi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, keyin... moyliroq joyga o‘rnashsa, o‘n chandon chiqarib yuboradi”.
Shularni xayoldan kechirgan Ovchibek to‘yga uch yildan beri boquvda turgan novvosini yetaklab bordi. To‘y juda ham dabdaba bilan o‘tdi. Ovchibek tinim bilmay yelib-yugurib, boringki, tuz totmay xizmat qildi. Tinka-madori qurib charchadi. Lekin u juda mamnun edi. Negaki, boshliqning ko‘nglini olib, qayta ishonchini qozondim, deb o‘ylagandi.
Eh, attang! Dunyoning bor tog‘u toshlari Ovchibekning boshiga ag‘darilganday bo‘ldi. To‘yning ertasigayoq... G‘oyib Soipovich ishdan olindi.
Ovchibek ko‘rpa-yostiq qilib yotib oldi. Axir shunday bo‘rdoqi novvos sabil ketadi-yu, yurak xuruji tutmaydimi? Bir oydan so‘ng ishga chiqdi. Yangi boshliq bo‘shtobgina, kamsuqum kishi ekan. Qo‘l berib ko‘rishdi, xayrlasha turib: “Uzr, hol so‘ragali o‘tolmadik. Neki yordam bo‘lsa bizdan. G‘ayrat qilib ishlayvering”, dedi.
Ovchibek eski odaticha ish tutdi. Atrofdagi gap-so‘zlarga quloq tutishni kanda qilmadi. Pichir-pichir gaplarning birini bekor desa, ko‘pini rost deb bildi. Mukofot olgan kunlari uch-to‘rt ulfat xilvatda rosa otamlashishdi. Gap nihoyat yangi boshliq ustida ketdi.
– Eh, eshitdilaringmi, – dedi ko‘p yillardan beri shu dargohda ishlasa-da, no‘noqligidan martabasi oshmagan sheriklaridan biri, – tepada boshlig‘imizning rosa po‘stagini qoqishibdi. Ishni eplolmading, o‘rinni bo‘shat deyishibdi.
– Bor-ey, topgan gapingni qara-yu!
– Kelganiga endi bir yil bo‘ldi-ku!
– Tepada bunga qarashmaydi-da. Eplamadingmi, tamom, olib tashlashadi.
Yangi boshliq Ovchibekning nazarida uni xushlamaydiganday ko‘rinardi. Shuning uchun ichida suyunib, gapga qo‘shildi.
– E, tezroq ketsa ketsin. Hamma o‘zi undan bezib ketdi.
Shu suhbatdan so‘ng oradan bir oylar chamasi o‘tgandi. Tushlikda hamxonalar dardlashib qolishdi.
– Xabaringiz bormi, mulla Ovchibek, – dedi sheriklaridan biri unga sirli jilmayib: – Kattaroq to‘yonani hozirlayvering!
– Nima, qanaqa to‘y, qanaqa to‘yona?
– Boshlig‘imiz Asror Sardorovich otalarining sakson yilligini nishonlar ekanlar.
– Menga desa, – dedi Ovchibek achchig‘ining zo‘ridan ovozi bo‘g‘ilib, – otalari mingga kirmaydimi, men to‘yona bermayman. Mening berar to‘yonam yo‘q!
Hademay to‘y kuni ham yetib keldi. Jamoa xodimlari o‘rtada pul yig‘ib sovg‘a olishdi. Boshliqqa yaqinroq kishilar alohida to‘yona ham berishdi. Yolg‘iz Ovchibek ularning hech biriga qo‘shilmadi. “Ko‘r hassasini bir marta oldiradi, – degan so‘zlar o‘tdi uning dil tubidan. – Ikkinchi marta oldirsam, aldansam, unda... unda otimni boshqa qo‘yaman!”
Aldanmaslikka ahd qilgan Ovchibek to‘yga ham bormadi. Yakshanba emasmi, “oqi”dan olib, kun bo‘yi uyida yotdi. O‘zicha “boplaganim qanday!” deb kerilib ham qo‘ydi.
Oradan bir oycha vaqt o‘tdi. Ertalab telefon jiringladi.
“Ovchibek Soqibekovich, – dedi qandaydir masrur va oshiqona ovozda kotiba qiz. – Tez idoraga keling!
– Ha... hah... nima gap, tinchlikmi?
– Hammasi joyida. Asror Samadovich jamoa a’zolari bilan xayrlashmoqchilar.
– Nega endi... Sabab?
– Vazirlikka ishga o‘tibdilar, shunga.
– Nima dedingiz, vazirlikka? A, vazirlikka!!!
Shu so‘zlarni aytarkan, holsizlanib devorga suyanib qoldi.