OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Ahmad. Majlis tugadi (hajviya)

Jamoada yig‘ilish borardi. Avval boshliq, keyin o‘rinbosarlar, so‘ng bosh hisobchi va hokazo-hokazolar kuyib-pishib so‘zlashdi. Nima haqda deng? Pul topish kerak. Daromadning cho‘g‘i past.
Unisi undoq desa, bunisi bundoq dedi. Ammo hech biridan jo‘yali gap chiqmadi. Oraga og‘ir sukunat cho‘kdi. Hamma jim, xona dim. Odamlar toqatsizlana boshladi. Oh qaniydi, kimdir “Majlis tamom!”, — desa-yu, hamma gurra o‘zini eshikka ursa.
Ho, nimalar deyapsiz? Boshliq siz aytganday anoyi emas. Issiqdan terlab, halloslab o‘tirganlar suv bo‘lib oqib ketmaydimi. Arzi Mirzaevich baribir aytganini qildiradiganlardan! Boring-ey, Arzi Mirzaevich pulparast odam demoqchisiz? Nima-nima? Qorni un tiqilgan qopday tirsillaydi, dedingiz-a?!
Aslo unday demang. Uning barkashday sip-silliq, lorsillagan yuziga, keng-mo‘l bo‘yinbog‘ini kulchaday egallab olgan baqbaqasiga til tekkizmang. Axir, ungayam qiyin. Ish yurishmayapti. Xodimlar ertayu kech ming‘irlashgani ming‘irlashgan. Nega pichirlaysiz?... “Kursidan sirg‘alib ketsa...” Nafasingizni yel uchirsin. Sizga kim aytdi, uning amal kursisi omonat deb.
Boshliq shasht bilan o‘rnidan turdi-da, yuzidagi terni artaverib, artaverib shalabbo qilib yuborgan dastro‘molini almashtirib, stolga chunonam mushtladiki, pinakka ketganlarning deyarli barchasi cho‘chib uyg‘onishdi.
— Ahvol chatoq, daromaddan ko‘ra buromad oshib ketgan, bunga endi toqat qilib bo‘lmaydi, — dedi u o‘tirganlarga alohida-alohida tikilar ekan. — Qo‘shimcha daromad topishimiz kerak, aks holda...
Hamma birdan hushyor tortdi.
— Aks holda jiddiy choralar ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi.
Arzi Mirzaevichning ko‘zi qog‘ozga allanimalarni qoralab o‘tirgan Dovurboyga tushdi.
— Qani, Dovurboy, o‘tgan galgi majlisimizda “Pul topishni menga qo‘yib bering” degan senmiding? Qani gapir, pul topdingmi?
— Arzi Mirzaevich! Topdim, topganda ham ancha-muncha topdim, — dedi Dovurboy qo‘lidagi papkani titkilar ekan.
— Men sendan qog‘oz emas, pul topdingmi, deb so‘rayapman, galvars, — jahli chiqdi boshliqning.
— Gap bunday, Arzi Mirzaevich, — dedi Dovurboy yuziga jiddiy tus berib. — Men rosa o‘yladim. Ha, ishonavering. Ishxonani, g‘alvir qivordim. Xullas, bir qarorga keldim.
— Gapni cho‘zmay tezroq gapirsangchi?! — tutaqib ketdi boshliq. — Qani o‘sha pul?
Achchig‘ining zo‘ridan Arzi Mirzaevich bo‘g‘ilib, ovozi chiqmay qoldi. Shundanmi, bo‘yinbog‘ini yechib, stolga otdi. Titroq qo‘llari bilan kissasidan sigareta olib, burqsitib tutatdi. Kresloga og‘ir cho‘kdi-da, davom et, deganday Dovurboyga imo qildi.
— Xo‘p, Sizga aytsam, — Dovurboy boshliq tomon engashdi, — gapning dangalidan boshlay. Eng avval, ishdan o‘zim ketaman. Nega deysizmi? Bekorchilikdan mudrab o‘tirish jonimga tegdi. Innankeyin, sizga uchta o‘rinbosarning nima hojati bor. Bittasi yetadi. Ikkinchi kotibangiz bor-ku, Gulya, uzzukun qo‘g‘irchoqday bezanib, pista chaqib o‘tiradi. Shuyam ortiqcha.
Boshliqning rangi bo‘zday oqara boshladi. Dovurboy bo‘lsa, bunga e’tibor bermay, so‘zida davom etdi.
— Arzi Mirzaevich, bir o‘zingizga ikkita xizmat mashinasi ko‘plik qiladi. Bittasini...
Shu joyga kelganda Arzi Mirzaevichning sabri tugadi. O‘rnidan dast turdi-da, majlisni yopiq deb e’lon qildi.
Shu-shu kunda, kunora o‘tkaziladigan majlislardan qutuldik. Dovurboy bo‘lsa, mish-mishlarga qaraganda, yana majlisga tayyorlanib yurganmish...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.