Maslahat yaxshi-da. Nega deysizmi? Obbo, o‘jar odamga o‘xshaysiz-ku! Axir, maslahat xom ishni pishitadi. Kami-ko‘stni to‘ldiradi. Gapning o‘g‘il bolasini aytaymi? Hech kim lo‘nda qilib maslahat berishda To‘zg‘anboyning oldiga tusholmaydi. U shundog‘am foydali maslahatlar beradiki, bitmagan ishingiz bitganday, taqa-taq to‘xtagan yumushingiz yurishganday, chaqasiz qolgan hamyoningiz to‘lganday bo‘ladi.
Hozirgina uyni qandoq qursam ekan, shiferni qaydan olsam ekan deb, xomush bo‘lib turgan odam birdan sherlanib ketasiz. To‘zg‘anboy so‘zlarni chertib-chertib, burro-burro qilib, ishonch bilan maslahat beradi-da. Yelkangizdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ladi.
Aytaylik, siz to‘y qilyapsiz. To‘zg‘anboy asta so‘raydi:
— Tashvishlar qiynab qo‘ymadimi, uka?
— Birnavi, qiynalganimcha yo‘q...
— O, shunday deng. Balli, yashang!
— ...
— Xo‘sh, jonim ukam! Oshga qancha guruch damlaysiz?
— Oshgami, hmm... biron o‘ttiz kilo yetib qolar.
— E, e, nimalar deyapsiz? O‘ttiz kilo? Buningiz urvoq ham bo‘lmaydi-ku?! Kattakon jamoada ishlaysiz. Hamkasblar, qarindosh-urug‘ deganday. Hoy og‘ayni, belni mahkam bog‘layvering. Yuz kilodan kami — kam. Qancha odam aytmoqchisiz?
— Yuz kishi atrofida.
— Uff! Hazillashayapsizmi?! Bunaqada menga o‘xshagan baobro‘ hamsoyalarni xafa qilasizu! Yo‘q, yo‘q, sharmanda qilasiz! Bilib qo‘ying, kamida besh yuz kishi chaqirasiz. Axir, kimsan To‘zg‘anboy, el oqsoqolining mahallasida to‘y bo‘layapti-ya! Bizniyam o‘ylang-da!
— Mayli-mayli, o‘ylab ko‘ray-chi.
— Buyog‘i hal. Artistlardan kimni aytdingiz?
— Hali aytganim yo‘q. Ha-ya, anavi bor-ku, musiqa muallimi, yaxshi qo‘shiqchi...
— Be, yig‘ishtiring uni! Ovozi past, Toshkentdan olib kelamiz. Eng mashhurini.
— ...
— Hey, menga qarang. Asosiysi esdan chiqay depti-ya. To‘yni qaerda o‘tkazmoqchisiz?
— O‘zimizning chorbog‘da-da, qurigan daraxtlarni kesib-b...
— Nimalar deyapsiz? Bo‘lmaydi, bilasizmi, kecha narigi mahallada yangi to‘yxona ochildi. Umuman dahshat. Hamma havas qilyapti. To‘yni shu yerda o‘tkazamiz. Do‘stlar suyunib, dushmanlar kuyib o‘lsin.
— Ma’qulmi?
— Bilmadim...
— Ajabo, bu odamni qarang. Bilmadimingiz nimasi? O‘ylab gapiring.
— Ha, endi dangaliga o‘taylik. O‘zi to‘yni kim qilayapti, sizmi, menmi?
— Albatta sizda, ukaginam!
— Shundaymi? Xo‘b, yaxshi maslahat berdingiz, faqat...
— Nima faqat?
— Nima desam ekan...
— Tortinmay aytavering, uka. Mana, yoningizda biz turibmiz, axir.
— To‘yga uch-to‘rt million so‘m qarz berib tursangiz...
— I-i, qiziq odam ekansiz-ku, qarz olib ham to‘y qiladimi? Boring-e, men sizga oson bo‘lsin deb, maslahat berib o‘tiribman-a...