O’zining aytishiga ko‘ra "nafis adabiyot muallimi" o‘rtoq Boqijon Baqoev og‘ilga kirib ta’bi xira bo‘ldi: sigirning qulog‘iga yana kana tushibdi! Kanadan ham ko‘ra sigir uning achchig‘ini keltirdi: kanani teray desa qo‘ymaydi — boshini silkiydi, pishqiradi.
— Hayvon! Sigir emas, hayvon! — dedi og‘ilning eshigini qattiq yopib.— Hayvon!
Xotini Mukarram hovlida samovarga suv quyar edi.
— Hayvon! — dedi Baqoev,— bu sigirni sotib puliga cho‘chqa olish kerak!
— Shaharda cho‘chqa asrash mumkin emas,— dedi Mukarram samovarga ko‘mir solayotib.
— Nima uchun? Taqiq qilinganmi? Kim aytdi? Men ay-tib edimmi? To‘g‘ri, mumkin emas... albatta, mumkin emas...
— Uyga kiring, Hamida keldi.
Hamida o‘n olti yoshlardagi tirik, quvnoq qiz, pochchasini ko‘rib sevinib ketdi.
— Siz uyda ekansiz, bilsam, daftarimni olib kelar ekanman... esizgina...
O’rtoq Boqijon Baqoevning ta’bi ochildi — sigir, uning qulog‘idagi ko‘m-ko‘k kana, g‘o‘qillab tumshug‘i bilan ariq yoqalarini buzib yurgan cho‘chqa ko‘z oldidan ketdi.
— Texnikumdan rabfakka o‘tibsan, deb eshitdim, rostmi? — dedi.— Himm... yaxshi qilibsan. Rabfakka o‘t, deb men aytib edim shekilli? Himm... Auff, zarda bo‘libman... Rabfak yaxshi. Men bir borgan edim. Kantselyariyaning eshigiga praktikum deb yozib qo‘yipti. To‘g‘ri emas. Praktikum, minimum, maksimum bular hammasi lotincha yoki lotinchaga yahin so‘zlar. Men, shaxsan shunday deb bilaman.
Bir oz jim qolishdi.
— Boqijon aka,- dedi qiz uyalibroq,- bir narsani sizdan so‘ramoqchi edim: biz sinfda Chexovning "Uyqu istagi"ni o‘qidik, go‘dakni o‘ldirgan qizni sud qilmoqchimiz. Da’vogar go‘dakning onasi — Rahima bo‘ladi, qoralovchi — Sharifjon. Sudyalar ham bo‘ladi. Men qizni oqlab, butun gunohni uning xo‘jayiniga, yosh qizni bu qadar berahm ekspluatatsiya qilgan kishiga qo‘ymoqchiman. Mana shu... Shuni yozdim. Shu to‘g‘rida sizning fikringizni bilmoqchiman. Chexov shunday demoqchi emasmi?
O’rtoq Baqoev o‘ylab turib, so‘radi:
— Nafis adabiyot darsini sizlarga kim beradi? Hakimov? Axmoq odam! O’z ustida ishlamaydi. Savol alomati hammavaqt"mi" dan keyin qo‘yiladi desam, kuladi. Gap bunda ham emas...
Mukarram samovar ko‘tarib kirdi. Hamida irg‘ib turib, samovarni opasining qo‘lidan oldi va stolga qo‘ydi. U, homilador xotinga samovar ko‘tartirib, qarab o‘tirgan pochchasidan o‘pkalamoqchi edi, biroq uyaldi, indamadi. O’rtoq Boqijon Baqoev juda chanqab turgan ekan, ustma-ust to‘rt piyola choy ichdi va terladi.
— Chuchvaradan keyin choy juda yaxshi ketadi-da,— dedi yuzidagi terni artib,— Himm... soqol ham o‘sipti, sartarosh bo‘lmasa odamlar maymun bo‘lib ketar edi. Maymun, juni to‘kilib, odam bo‘lgan. Bu haqda Engelsning fikri bor...
— Haligini aytmadingiz, Boqijon aka,— dedi qiz,— Chexov shunday demoqchi emasmi?
O’rtoq Baqoev yana bir piyola choy so‘radi.
— Chexovmi? Himm... burjuaziya realizmi to‘g‘risida so‘zlaganda, eng avval uning ob’ektiga diqqat qilish kerak. Burjuaziya realistlari tushungan, ular aks egtirgan ob’ektiv voqelikni anglash lozim bo‘ladi. Turgan gapki, Chexovning ijodi boshdan-oyoq, butun mohiyati bilan ilk burjuaziya realizmi, ya’ni... himm... Mukarram, tovuqqa moyak qo‘ydingmi? Qo‘yish kerak, bo‘lmasa daydi bo‘lib ketadi... Tavba, tovuqdan ahmoq jonivor yo‘q — moyak qo‘ysang tug‘adi! Nima guchun moyak qo‘ysang tug‘adi? Xo‘roz nima uchun saharda qichqiradi? Ajoyib psixologiya! Biologiya o‘qiysizlarmi?
Hamida biologiyadan nimalar o‘qiganini, bu o‘qish yi-lida yana nimalar o‘tilajagini so‘zlab berdi va o‘zining oqlash nutqida fiziologik asoslar ham ko‘rsatish niyati bor ekanini aytib, yana so‘zni Chexov ustiga burdi.
— Himm...- dedi Baqoev,-Chexov to‘g‘risida o‘zimning fikrim bor. Boshqalar nima desa desin, har holda uning dunyoga qarashida... Uning dunyoga qarashi Pushkin va Lermontovlarning dunyoga qarashidan farq qiladi. Bir davr, bir sinf, bir mamlakat yozuvchilari bo‘lishlariga qaramasdan, mutlaqo farq qiladi!
— Chexov Pushkin bilan bir davrda yashagan emas-ku,— dedi Mukarram,— bizning kutubxonada uning Maksim Gorkiy bilan oldirgan surati bor. Chexov 1904 yilda o‘lgan bo‘lsa kerak.
O’rtoq Baqoev bir oz o‘ng‘aysizlandi.
— Sizlar qaysi Chexov to‘g‘risida gapirayotibsizlar? Choydan quy!.. Bu Chexov haqidami? To‘g‘ri, bu 1904 yilning birinchi yarmidami, ikkinchi yarmidami o‘lgan... Boshqa ro‘molcha ber, bundan piyoz hidi kelayotipti. Men ana u Chexov, ilk burjuaziya realizmining namoyandasi bo‘lgan Chexov haqida so‘zlayotibman.
— "Uyqu istagi" qaysi Chexovniki? — dedi Hamida.
— Hech shubhasiz bu Chexovniki. Bu narsa birinchi marta "Sovremennik" jurnalida bosilgan.
Shundan keyin o‘rtoq Boqijon Baqoev uzundan-uzoq so‘zlab ketdi. Uning nima to‘g‘rida so‘zlayotganini Hamida bilmas edi. Detirding degan allaqanday mashhur tanqidchi Shelling degan yozuvchiga "sen dastyorga zor bo‘lguncha o‘g‘ling dastyor bo‘ladi" deb xat yozgan; Marks Dobrolyubovni Mering bilan bir qatorga qo‘ygan; Stending degan allaqanday bir dramaturg o‘lar chogida Demping degan bir tanqidchiga: "Agar butun jonivorlarni xudo yaratgan bo‘lsa, men uning zavqiga qoyil emasman, echkiemar ham jonivor bo‘ldimi?" degan...
Hamidaning boshi og‘irlashib ketdi; ikki marta sekin, og‘zini ochmasdan esnadi.
Hamida mezbonlar bilan xayrlashib ko‘chaga chiqqanda qorong‘i tushgan edi; "Uyqu istagi" to‘g‘risida pochchasidan hech qanday fikr ololmadi. Uning so‘zlaridan nima olgani haqida o‘ziga hisob berar ekan, g‘uvillab turgan boshida shun-dan boshqa hech narsa yo‘q edi: praktikum, minimum, maksimum; Detirding, Stending, Shelling, Mering, Demping...
1937