OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Anor (hikoya)

Uylar to‘la non, och-nahorim  bolam,
    Ariqlar to‘la suv, tashnai zorim bolam.
O’tmishdan


Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining yengi zulfinga ilinib tirsakkacha yirtildi. Uning shashti qaytdi. Jo‘xori tuyayotgan xotini uning qo‘lidagi tugunchani ko‘rib, kelisopni kelining ustiga qo‘ya chopdi. Keli lapanglab ag‘anadi, chala tuyilgan jo‘xori yerga to‘kildi. Turobjon tugunchani orqasiga  bekitib, tegishdi:
—    Akajon, degin!
—    Akajon! Jo-on aka!..
—    Nima berasan?
—    Umrimning yarmini beraman!..
Turobjon tugunchani berdi. Xotini shu yerning o‘zida, eshik oldida o‘tirib tugunchani ochdi-da, birdan bo‘shashib ketdi va sekin boshini ko‘tarib eriga qaradi. O’z qilmishiga gerdayib turgan Turobjon uning ko‘zini jiqqa yosh ko‘rib:
— Nima ekanini bildingmi?—dedi.— Asalarining uyasi! Turgan-bitgani asal! Mana, mana, siqsang asal oqadi. Bunisi oq mum, harom emas — shimsa ham bo‘ladi, chaynasa ham  bo‘ladi.
Xotin yengini tishlab bir nuqtaga qaraganicha qoldi.
—    Yo, qudratingdan, ishonmaydi-ya!—dedi Turobjon
keltirgan matoini titkilab. — Mana, chaynab ko‘r! Ko‘rgin, bo‘lmasa innaykeyin degin...
Turobjon qizardi. U bir zamon betob o‘rtog‘ini yo‘qlab eltgan tarvuzini, bemaza chiqqan bo‘lsa kerak, sigirning   oxurida ko‘rib   shunday   xijolat  bo‘lgan edi.
Hovli yuzida aylanib yurgan oqsoq mushuk to‘kilgan jo‘xorini iskab ko‘rdi, ma’qul bo‘lmadi shekilli, Turobjonga qarab  shikoyagomuz «myau» dedi.
—    Tur, jo‘xoringga qara! Uni ko‘r, mushuk tegdi.
Xotin turayotib baralla  yig‘lab yubordi.
—    Bu yer yutkur qanday balo ekan!.. Odamlarday
gulutaga, tuzga, kesakka boshqorong‘i bo‘lsam-chi!
Turobjon do‘ppisini boshidan oldi va qoqmoqchi bo‘lganida ko‘zi yirtiq yengiga tushdi, yuragi achidi: endi uch-to‘rt suv yuvilgan yangigina yaktak edi!
—    Axir, boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da!—dedi do‘ppisini  qoqmasdan  boshiga  kiyib. — Anor,   anor...  Bir qadoq anor falon pul bo‘lsa! Saharimardondan suv tashib, o‘tin yorib, o‘t yoqib bir oyda oladiganim o‘n sakkiz tanga  pul. Akam bo‘lmasa, ukam bo‘lmasa...
Er-xotin tek qolishdi. Xotin jo‘xorini tuyib bo‘ldi, uni kelidan togorachaga solayotib to‘ng‘illadi:
—    Havasga anor yeydi deysiz, shekilli...
—    Bilaman... Axir, nima qilay? Xo‘jayinimni o‘ldirib pulini olaymi, o‘zimni hindiga garov qo‘yaymi? G’alatimisan o‘zing?
Xotin ovqatga unnadi, erining «boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da», degani unga juda alam qildi, xo‘rligi keldi, o‘pkasi to‘ldi.
Ovqat pishdi. Qozonning zangi chiqib qoraygan go‘jaga qatiq ham rang kirgizolmadi. Turobjon ikki kosa ichdi, xotini esa hanuz bir kosani yarimlatolmas edi. Uning imillashini ko‘rib Turobjonning ko‘ziga negadir oqsoq mushuk ko‘rindi. Mushuk yirtilgan yengini esiga tushirdi, avzoyi buzildi. Uning avzoyidan «esiz jo‘xori, qatiq, o‘tin» degan ma’noni anglab xotin, ko‘ngli tortmasligiga qaramasdan, kosani bo‘shatdi, ammo darhol tom orqasiga o‘tib ko‘zlari qizargan, chakka tomirlari chiqqan holda qaytdi.
—    Hali tug‘ilmagan bolani yer yutkur deding-a, — dedi Turobjon borgan sayin tutaqib.
Xotin indamay dasturxonni yig‘ishtirib oldi, qozonga suv quyayotib, eshitilar-eshitilmas dedi:
—    O’sha asalning puliga anor ham berar edi.
—    Berar edi! — dedi Turobjon zaharxanda qilib. — Anor olmay asal oldim!
—    Albatta berar edi! Albatta  anor olmay, asal olgansiz!
Mana shunday vaqtlarda til qotib og‘izda aylanmay qoladi, mabodo aylansa, mushtning  xizmatini qiladi.
—    Ajab qildim, — dedi Turobjon titrab, — jigarlaring ezilib ketsin!
Bu so‘z unga qanday ta’sir qilganini faqat boshqorong‘i xotingina biladi. Turobjon bu gapni aytdi-yu, xotinining ahvolini ko‘rib achchig‘idan tushdi, agar izzat-nafs qo‘ysa hozir borib uning boshini silar va: «Qo‘y, xafa bo‘lma, jahl ustida aytdim», der edi.
—    Kishining yuragini qon qilib yuborasan, — dedi anchadan keyin. — Nainki men asal olsam! Asal otliqqa yo‘q, hali biz piyoda-ku! Xo‘jayinga bir oshnasi sovg‘a qilib kelgan ekan, bildirmasdan... o‘zidan so‘rab oz-rog‘ini oldim... O’zi berdi. Tansiq narsa, xursand bo‘larmikansan debman. Yo tansiq emasmi? Umringda necha marta asal yegansan? O’zim umrimda bir marta yeganman: Shokirxo‘ja qandolatchi asal qiyom qildirayotganda qozoniga ammamning jo‘jasi tushib ketgandi, shu jo‘jani yalaganman...
Turobjonning bu so‘zlari xotinining qulog‘iga notayin bir g‘uldirash bo‘lib kirar edi. Uning Turobjon bilan uy qilganiga uch yil bo‘lib kelayotir, nazarida, bu odam shu uch yildan beri g‘uldirab kelgan, hozirgisi shuning davomiday edi. Ittifoqo, bu kun, nima bo‘ldi-yu, uch so‘zni ravshanroq aytdi: «Jigarlaring ezilib ketsin», dedi. Olamda uning suyangani eri, birdan bir orzusi — anor edi, birdaniga har ikkisi ham yo‘qqa chiqdi.
Xotin uyga kirib ketdi. Anchadan keyin darchadan xira shu’la tushdi. Turobjon ham kirdi. Xotin darcha yonida, bir tizzasiga boshini qo‘ygan, qoramtir — kul-rang osmonga qarab o‘tirar edi. Turobjon tikka turib qoldi. Tokchadagi beshinchi chiroq pixillab yonar, uning atrofida katta bir parvona aylanar edi. Turobjon ham darcha yoniga o‘tirdi. Shiftning qaeridir «qirs» etdi, qaerdadir kaltakesak chirqilladi, Turobjonning qulog‘i jing‘illadi. U ham osmonga — xira yulduzlarga qaradi. Masjiddagi keksa baqaterak orqasidan ko‘tarilgan qizg‘ish o‘t ko‘kka olovli iz qoldirib juda yuqoriladi va go‘yo osmonga urilganday chilparchin bo‘lib, «po‘p» etdi.
—    Mushak, — dedi Turobjon, — Mullajon qozining bog‘ida. Mullajon qozi beshik to‘yi qilgan.
Xotin indamadi.
—    Shahardan to‘ralar ham chiqqan, — dedi Turobjon yana.
Xotin yana indamadi. U Mullajon qozining bog‘ini ko‘rgan emas, ammo ta’rifini eshitgan. Bu bog‘ni ko‘z oldiga keltirib ko‘rdi: bog‘ emas, anorzor... Anor daraxtlarida anor shig‘il, choynakday-choynakday bo‘lib bo‘lib osilib yotipti.
—    Bitta mushak uch miri,— dedi Turobjon, — yuzta mushak otilsa... bittangadan yuz tanga. Bir miridan kam — yetmish besh tanga bo‘ladi.
Er-xotin uzoq jim qolishdi. Turobjon og‘zini katta ochib ham esnadi, ham uf tortdi.
—    Ma, buni tik,— dedi u yaktagini yechib, — ma!
Xotin yaktakni olib yoniga qo‘ydi, aftidan, hozir tikmoqchi emas edi.
—    Bo‘l,— dedi    Turobjon,  birpasdan    keyin, — ol... Senga aytyapman!..
—    Ha, muncha!.. Turtmasdap gapira bering... Tikib qo‘yarman, muncha qistov...
Turobjonning tepa sochi tikka bo‘ldi.
—    Hay, sening dimog‘-firog‘ing kimga! Xo‘sh, nima deysan?
—    Men sizga bir narsa deyapmanmi? Tikib qo‘yarman.
—    Har narsaga ro‘zg‘or achchiq bo‘la bersa... qiyinroq bo‘lar,— dedi Turobjon yaktagini  kiyayotib, — kambag‘alchilik...
—    Kambag‘alchilik o‘lsin!
Xotin bu gapni shikoyat tarzida aytdi, ammo Turobjop buni ta’na deb tushundi.
—    Nima, men seni olganimda kambag‘alligimni yashirganmidim? Erkaboyga o‘xshab chimildiqqa birovning to‘ni, kavush-mahsisini kiyib kirganmidim? Bunday armoning  bo‘lsa  hali ham serpulroq odamga teg.    
—    Ikkita anor uchun xotiniigizni serpul odamga oshirgani uyaling!    
Bu gap Turobjonning hamiyatiga tegdi. «Jigarlaring ezilib ketsin» degani xotiniga qancha alam qilgan bo‘lsa, bu gap Turobjonga  shuncha alam qildi.    
—    E,  hoy,  anor olib  bermadimmi? — dedi Turobjon mayin tovush bilan, ammo bu mayin tovushdan qo‘rqqulik edi, — sira anor olib kelmadimmi?
—    Yo‘q! — dedi  xotini  birdan  boshini burib.
Turobjonnipg boshi  g‘ovlab, ko‘zi tindi.
—    O’tgan bozor kuni yegan anoringni o‘ynashing olib kelganmidi?!    
—    O’ynashim olib kelgan edi!
Turobjon bilolmay qoldi: xotinining yelkasiga tepib, so‘ngra o‘rnidan turdimi, yo turib keyin tepdimi; o‘zini obrezning oldida ko‘rdi. Xotin, rangi oppoq, ko‘zlarini katta-katta ochib unga vahimali nazar bilan qarar  va boshini chayqab pichirlar edi:    
—    Qo‘ying... Qo‘ying...
Turobjon uydan chiqib ketdi. Birpasdan keyin ko‘cha eshigi ochilib-yopildi.    
Xotin uzoq yig‘ladi, eriga qattiq gapirganiga pushaymon bo‘ldi, o‘zini qarg‘adi, o‘lim tiladi; yig‘idan tolib tashqariga chiqdi. Qorong‘i, uzoq-yaqinda itlar hurar edi.
Ko‘cha eshigini ochib u yoq-bu yoqqa qaradi — jimjit. Guzar tomonda faqat bitta chiroq miltillar edi. Samovarlar yotgan. Qaytib uyga kirdi.     
Tom orqasida xo‘roz qanot qoqib qichqirdi. Ko‘cha eshigi ochildi. Xotin to burilib qaraguncha Turobjon katta bir tugunni orqalab kirib keldi. U tugunni uyning o‘rtasiga tashladi. Bir choyshab anor har tomonga yumalab ketdi, bir nechasi obrezga tushdi. Turobjon xotiniga qaradi. Uning rangini ko‘rib xotin qo‘rqib ketdi — bu qadar oqargan! Turobjon o‘tirib peshonasini ushladi. Xotini yugurib oldiga keldi va yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
— Qayoqqa   bordingiz? — dedi entikib. — Nima   qildingiz?
Turobjon   javob   bermadi.   Uning   vujudi titrar edi. 

1936

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.