AYAJONLARIM
Ikki parda, olti ko‘rinishli pyesa
QATNASHUVCHILAR
K a r i m j o n — yosh vrach.
U m i d a — yosh vrach.
B o‘ s t o n — Karimjonning onasi.
J a m o l — kolxoz raisi.
Sh a k a r — Umidaning onasi.
A sh u r a l i ye v — Umidaning otasi.
T o‘ t i n i s o — qo‘shni xotin.
X a y r i — To‘tinisoning qizi.
S o b i r j o n — montyor.
BIRINCHI PARDA
BIRINCHI KO’RINISH
Aeroport parkida xilvat bir go‘sha, Pastak stol, Uchta kursi. Tashqarida samolyotlar hayqirmoqda. Diktor tovushi: «672-marshrut bo‘yicha 67-reys bilan uchuvchi samolyotga yo‘lovchilar chiqarilmoqda. Yo‘lovchilar, samolyotga chiqishlaringizni so‘raymiz!»
U m i d a (bir qo‘lida chamadoncha, bir qo‘lida guldasta, Shakarni boshlab kiradi).Samolyot vaqtida kelar ekan, ayajon, mana shu yerda o‘tira turaylik.
Sh a k a r, Uff!.. Nasibang Karimjonning nasibasiga qo‘shilgan ekan, men nima deyman, bir muhabbating o‘n bo‘lsin, deyishdan boshqa so‘zim yo‘q!.. Lekin qishloq qizlari shaharga talpinyotganda sening qishloqqa ketishingga hech chidolmayman!
U m i d a. Ayajon, aytdim-ku: hukumat qaerga tayin qilsa o‘sha yerda bir-ikki yil ishlab berishimiz kerak! Kelganimdan beri yelib-yugurib zo‘rg‘a unatdim: ikkovimizni bir rayonga yuboradigan bo‘lishdi. Rayonga borsak bas, u yog‘ini Karimjon akam kolxoz raisi bilan qishdayoq gaplashib ketganlar... Bir-ikki yil ishlaymiz, undan keyin, bir gap bo‘lar... (Soatiga qarab.) Ie, samolyot allaqachon qo‘nipti-ku! (Tashqariga qaray-di.)Voy, ana Karimjon akam!
Umida yugurib chiqadi va Karimjon bilan kiradi,
K a r i m j o n. Salom, ayajon...
Sh a k a r (uning peshanasidan o‘padi). Qo‘sha qaringlar!..
K a r i m j o n. Dadam yaxshilarmi...
Sh a k a r. Yaxshi. Keladigan edi, lektorlarning seminari bor ekan, kutdik-kutdik, chiqavermaganidan keyin kelaverdik. Seminar tamom bo‘lgandir, hozir kelib qoladilar... Karimjon, uyga kirmas ekansiz-da.
K a r i m j o n. Umidaxon aytgandilar-ku: issig‘ida borib qog‘ozlarni topshiraylik, ishimizga o‘rnashaylik, undan keyin kelaveramiz-da!
Sh a k a r (o‘pkasi to‘lib). Bittayu bitta qizim... Butun umrim, bugungi kunim, kelajagim hammasi shu. Men Umidani sutim bilan boqdim, mehrim bilan o‘stirdim, bunga tikilgan tikanga ko‘z qorachig‘imni tutdim. Gulday qilib o‘stirdim. Mana, sizga nasib qilgan ekan, ko‘kragingizga taqib oldingiz. Ming marta roziman. Dadasi ham rozi. Umidani siz ham gulday asrang, hech qachon so‘lmasin, hamisha yashnasin!.. Ikkovlaring podruchka qilib yursalaring shahar ko‘chalariga qandoq yarashasizlar!..
K a r i m j o n. Albatta...
Sh a k a r. Umidaxon qiz bo‘lib qo‘liga bitta igna olgan emas, umrida bitta piyola yuvgan emas, faqat, faqatgina o‘qigan! Shuning uchun sochini tarasa ham qo‘li qavaradi!
U m i d a. Voy, aya, bu meni maqtaganingizmi, yomonlaganingizmi? Yotoqxonada pol yuvar edim, deraza yuvar edim!
Sh a k a r. Biz vaqtida o‘qiyolmadik, shuning uchun yaxshi turmush qilolmadik. Sizlar o‘qidilaring, yaxshi turmushni to‘liq ko‘rishlaring kerak. Shaharda bo‘lsalaring kir-chiringni o‘zim chinniday qilib yuvdirib, dazmollatib beraman!
K a r i m j o n. Qo‘ysangiz-chi, aya! O’zimizdan ish ortmaydi.
Sh a k a r. Yo‘-yo‘q, siz ham doktorsiz, bunaqa ishlarga siz ham qo‘l urmang! Shunaqa xotinlar ham bor! Eriga kir yuvdiradi, qoshini terdiradi... Bularga qolsa bolani ham eri tug‘ib bersa!.. Dadang muncha hayalladilar?
U m i d a. Hayronman...
Sh a k a r. Dadang ikkovimiz to‘ying rejasini chizib qo‘ydik. Shaharda to‘ylar alomat bo‘layotibdi.
K a r i m j o n. To‘y to‘g‘risida izmu ixtiyor sizlarda...
Sh a k a r (sumkasidan surat oladi). Aytganday, qizim, qanaqa surat yubording menga, nahot shu Karimjon bo‘lsa!
Umida suratni olib qotib-qotib kuladi.
K a r i m j o n (suratni olib), Ie! ZAGSdan o‘tgan kunimiz o‘rtoqlarimizni chaqirgan edik. Shunda Umidaxon olgan edi. Toza boplabsiz-ku!.. Uy qorong‘iroq edi. O’zimdan galstugim yaxshi tushibdi...
Sh a k a r. Siz ham ayangizga Umidaning shunaqa suratini yuborganmisiz?
K a r i m j o n. Yo‘q, men... surat yuborganim yo‘q.
U m i d a. Aya, rostini aytsam, Karimjon ayalariga hali ma’lum qilmagan ekanlar.
Sh a k a r (cho‘chib). Rostdanmi?
K a r i m j o n. Rost. Ma’lum qilmaganimni Umidaxonga ham yaqinda aytdim.
Sh a k a r (tashvishda). Nega ma’lum qilmadingiz, ayangizning ko‘zlagan qizlari bormi?
K a r i m j o n. Yo‘q...
Sh a k a r. Voy, ko‘zlagan qizlari bo‘lmasa, nega ma’lum qilmadingiz?
K a r i m j o n. Har kelganimda «senga unaqa qiz olib beraman, bunaqa qiz olib beraman» deyaverar edilar.
Sh a k a r. Qanaqa qiz axir?
Karimjon. O’zlari sal eskicharoq... u kishiga xat qilmaganimning boisi shu: «olti oy oldin yig‘lab o‘tirmasinlar», dedim.
Sh a k a r. Yo‘q, ayangiz qanaqa qizlarni yoqtiradilar?
K a r i m j o n. U kishining yoqtirganlarini qo‘yaverasiz, nuqul sochdan gapiradilar!
Sh a k a r (xotirjam bo‘lib). Bundoq deng!.. Sochdan gapirsalar, xudoga shukur, Umidaning sochi yetarlik! Bir kilo qo‘yning junini setkaga solib, boshiga tang‘ib yuradigan qizlar ham bor!.. Lekin ayangizga ma’lum qilmaganingiz chakki bo‘libdi! Olti oy oldin yig‘lasalar bu choqqacha taqdirga tan berib yupanib o‘tirar edilar. Endi to‘satdan ro‘para bo‘lsalaring... Xush ko‘rsalar-ku, yaxshi, xush ko‘rmay ikkovlaringnn oldilariga solib quvsalar nima bo‘ladi?
To'liq: Abdulla Qahhor. Ayajonlarim (pyesa) - PDF