Havoning qovog‘i soliq. Bitta-ikkita yomg‘ir tomchilab turibdi.
Kimsan Qoraboev qo‘g‘irchoqdekkina qizchasi Lolani yetaklab, xotini bilan ajrashgani sudga ketayotibdi. Uning sochlari to‘zigan, rangi ne ahvolda, kiyim-boshi g‘ijim, shimining pochalari loy...
Lola dadasining qayoqqa ketayotganidan bexabar, lekin shunday yaxshi dada har kuni qayoqqadir bir yomon joyga borib, aroq ichib, yomon dada bo‘lib kelishini bilar edi, shuning uchun xavotirda: o‘sha yomon joyga har kuni o‘zi yakka borar edi-ku, bugun nega meni olib ketayotibdi ekan?..
Lola dadasidan ko‘zini olmay, turtinib-surinib, oyoq ostidagi ko‘lmak suvlarni sachratib, qaldirg‘ochday tinmay chug‘urlab borar edi. Kim biladi, goh ranjigan, goh yolvorg‘an, goh yig‘lamsiragan tovush bilan javrayotgan bu go‘dak nimalar deyayotibdi!..
Kimsan muyulishda gastronomga burildi, magazinga kirib Lolaning qo‘lini qo‘yib yubordi-yu, rang-barang shishalar terib qo‘yilgan tomonga bordi. Lola magazinning o‘rtasida turib qoldi; ko‘zlari javdirab, dadasiga bir shisha aroq uzatgan «yomon bir opa»ga, xaridorlarga qaradi. Lekin uni hech kim payqamadi.
Magazindan chiqilgandan keyin Lola gapirmay qo‘ydi. Endi uning xayoli boshqa narsa bilan band edi: dadasi shimining cho‘ntagida do‘ppayib turgan aroqni qachon va qaerda ichadi-yu, yana «yomon dada» bo‘lib nimalar qiladi...
Sud zalida er-xotin Kimsan bilan Inobatxonning yaqin qarindoshlari, ba’zi bir tanish-bilishlar. Inobatxon aslida yaxshi, lekin ichkilik tiriklay tobutga tiqqan eriga chindan ham aza tutganday boshdan-oyoq qora kiygan; qovoqlari shishinqiragan, kipriklarida yosh zarralari yilg‘iraydi, ho‘ngrab yubormaslik uchun ro‘molchasini labiga qattiq bosib bir chekkada o‘tiribdi.
Lola onasini ko‘rish bilan yugurib borib uning bo‘yniga osildi, yana qaldirg‘ochday chug‘urlab, birpasda olam-jahon gap gapirib tashladi...
Sud majlisi ochildi. Savol-javob boshlandi.
O’n bir yillik oila. Qimsan ilgarilar «xonasi» kelganda ichar edi, keyinchalik bitta-ikkita ulfat orttirib «xonasi»ni o‘zi keltiradigan bo‘ldi. To‘rt yildirki «xonasi» har kuni keladi, to‘rt yildirki oilada halovat yo‘q: xarhasha, shovqin, ko‘z yoshi... Kimsanni ba’zan yechintirib bo‘ladi, ba’zan bo‘lmaydi. Butun uydan, kiyimlardan, ko‘rpa-yostiqdan, hatto Lolaning boshidan ham aroq hidi keladi!
Kimsan stakanni qo‘liga olganida nima uchun ichayotganini bilmaydi, birov gapirsa malol keladi, «dono odamlarning nasihatidan chiqib qolibman» deb jerkib tashlaydi.
Aroq uning terisi bilan eti orasiga joylashib olgan, shuning uchun sevgili xotinidan ko‘ra aroqqa ko‘proq ishonadi.
Ko‘pincha aroq uning qulog‘iga shivirlaydi:
— Bilasanmi, xotining senga kuymaydi, ro‘zg‘ordan urib pul orttirayotibdi. Ko‘rmaysanmi, topganing zo‘rg‘a uchma-uch keladi...
Janjal...
Inobat jonidan bezor bo‘lib, qattiq gapirsa aroq yana Kimsanning qulog‘iga shivirlaydi:
— Xotining halol emas, shirin so‘zini boshqalarga to‘kib, senga nuqul taxirini qoldiradi...
Shovqin-suron...
Inobatxon shirin so‘z bo‘lsa, yana baloga qoladi:
— Xotining hozir o‘ynashining quchog‘idan chiqib keldi, senga dog‘ulilik qilayotibdi! Shuncha ziyrakliging bilan nahot shuni payqamasang!
Inobatxon goh zor-zor yig‘lab, goh yolvorib, goh qattiq gapirib uni ichkilikdan tiymoqchi bo‘lgan vaqtlarida aroq Kimsanni quturtiradi:
— Xotining seni qayirib olmoqchi, bir marta gapiga kirsang yelkangga minib oladi. Bir stakan ichadigan bo‘lsang xotiningni dodlatib turib ikki stakan, uch stakan ich!
To‘rt yildan beri ahvol shu. Faqat shugina emas-da, xotin mastning qusig‘i artilgan lattaday qo‘lansa shu odam bilan bir ko‘rpada yotib kelayotibdi!
Inobatxon to‘rt yil davomida yig‘lagan, janjallashgan, bunaqa oilaviy turmushdan voz kechmoqchi ekanini aytgan vaqtlarda ham aroq Kimsanga «parvo qilma, hech qayoqqa ketmaydi» deb tasalli berdi; bundan ikki oy burun Inobatxon uydan uzil-kesil chiqib ketayotganida ham «xotirjam bo‘l, baribir qaytib keladi» dedi. Lekin, shundoq bo‘lsa ham, Kimsan ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib, har ehtimolga qarshi Lolani zo‘rlik bilan olib qoldi. Biroq hozir Inobatxon sudyalarga qarab, qavm-qarindoshlar oldida shuncha gapni aytganidan keyin Kimsanning ko‘zi yaraq etib ochildi-yu, ichkilik haroratidan kechasi bilan qattiq urib horigan yuragi allanechuk bo‘lib ketdi, sovuq ter bosdi. Uning ahvolini ko‘rib kimdir bir stakan sovuq suv keltirib berdi. Lola bo‘layotgan gaplarni yaxshi tushunmasa ham, aroq tufayli yomon bir ish ro‘y berganini sezib bir chekkada mung‘ayib o‘tirar edi, dadasining titrayotgan qo‘lidagi stakanga ko‘zi tushar ekan, jon-jahdi bilan qichqirib unga tomon otildi:
— Dadajon, ichmang! Ichmang!..
Stakan Kimsanning qo‘lidan tushib chil-chil bo‘ldi, Orqada o‘tirgan bir chol Lolani o‘ziga tortib bag‘riga bosdi. Zalda bir g‘ovur ko‘tarildi-yu, og‘ir jimlik cho‘kdi, u yoq-bu yoqdan piq-piq yig‘i tovushi eshitildi... Sud hukmga kirdi. Hukm ikki soatdan keyin e’lon qilindi. Lola onaga hukm qilindi. Inobatxon Lolani yetakladi. Lola hayron, goh dadasiga qaraydi, goh onasiga...
Kimsan nima bo‘lganiga tushunolmay garang bir ahvolda eshikka tomon yo‘naldi. Kim biladi, shimining cho‘ntagida soniga botib turgan bir shisha aroqni eshikdan chiqishi bilanoq ichadimi yo yerga ko‘tarib uradimi! Agar yerga ursa buning tovushini Inobatxon eshitib ehtimol qayrilib qarasa, ehtimol qaytsa... Axir, Inobat xursand bo‘lib emas, yig‘lab ketayotibdi-ku!..