Kunduzi chiroq yoqib, butun Olotni qidirib chiqsangiz ham Muso raisga o‘xshagan kishini topolmaysiz. Qiladigan qiliqlari attorning qutisidayam yo‘q. Bo‘y-basti pachaqqina, til-zaboni achchiq. Ayrim ishlariyu gap-so‘zlariga qarab, uni kimga mengzashniyam bilmay qoladi kishi. Tagi-zotidan gap ochilsa goh o‘zini ojizu notavon qilib ko‘rsatadi, bordiyu ellikta “urib” olgan bo‘lsa, Amir Olimxonga jiyanlikni da’vo qilib qolishi hech gapmas. Aslida uning xudorahmati otasi bobom zamonida Moshko‘lda tuzilgan baliqchilik artelida rais bo‘lganmi, yo‘qmi, ishqilib, bu akam ham to‘y-hashamda biroz “tortib” qolsa, tamom! “Man raisman!” deb karillaydi. Nima bo‘lgandayam, bu otameros laqab unga yarashib turadi. O‘ziyam umr bo‘yi baliq ovlab, qishloqqa opkelib sotib yurdi. Mehnat daftarchasiyu ish staji borasida Yaratgan egamdan o‘zga hech kim hech qanday ma’lumotga ega emas. Akamiz pensiyaga chiqqach, qishloq oqsoqollari odam quriganday shuni qishloq qabristoniga qorovul qilib qo‘yishdi. Ana endi kattalikni ko‘ring-da! Qabriston darvozasiga peshlavha osib qo‘yibdi: “Jonuzoq ota qabristoni. Ish vaqti soat 9 dan 18 gacha. abed 12 dan 14 gacha. Dam olish kuni — yakshanba”. Marhamat, kulasizmi, kuyasizmi, ixtiyor o‘zingizda.
— Tavba! — dedi Chori polvon Barot qirriqning “qirq” xudoyisida, — yakshanba dam olish kuni emish! Xo‘sh, o‘sha kuni biror musulmon oyoqni uzatib yuborsa-chi? Ikki soat abed ekan. Qabristonda abedga balo bormi?!
— Ha, endi, marhumlar ham bir-ikki soat tiriklarning g‘urbatlaridan dam olishsin degan-da, polvon bova, — deya gap qistirdi qishloq o‘rtakashi Xoltoy Juma. Bu gapdan to‘rda o‘tirgan mulla bovaning siyrak soqoli likillab ketdi:
— Hay-hay, kufr ketmang, Jummiev, bu yer sizga to‘y emas!
Biz ham bu pastu baland gurungga indamay quloq solib o‘tiribmiz: ha-a, otag‘arning raisi, shuncha odamning suhbatiga mavzu bo‘lish hazil gapmi!
Bir payt Jo‘qqi malim pisanda qilib qoldi:
— Sizam bir nima deng, Hamroyup. Harqalay, shoir odamsiz.
Bizning miltiq esa, hamishagiday o‘qlangan edi:
— Ebi, biz nimayam derdik, Jo‘raqul og‘a. Bir kun kelib hammamiz ham o‘lib, raisning qo‘liga tushamiz. O‘sha kuni qabristonni qulflab, baliq oviga jo‘nab qolsa nima qilamiz?!
— E-e, bo‘ldi qilinglar-ey! — jahllandi polvon bobo xumday boshini chayqab, — bu o‘zi xudoyimi yo kansertmi!?
Darvoqe, kontsert deganlariga tag‘in Muso rais esga tushib qoldi. Allaqaysi yili madaniyat bo‘limida ishlab yurgan paytlarimizda mashhur doyrachi Hamroqul Odilov yoniga bir ashulachi bolani olib, Olotga kep qoldi. Olotu Qorako‘l xalqi Hamroqul boboni juda xushlaydi. O‘sha safar ham bobomiz yo shinavandalarning ko‘nglini olay degan yoki bo‘lmasam u-bu joyda kontsert qo‘yib, uch-to‘rt tanga ishlamoqchi bo‘lgan. Alqissa, Hamroqul bobo to‘ppa-to‘g‘ri madaniyat bo‘limiga kiribdilar. Hazilmi, bir paytlar “Yelpessa”ni, “Qiyma qalam qoshlaring”ni mashhur hofiz bilan jo‘rovoz bo‘lib aytishgan, o‘zi ham o‘ynab, doyraniyam o‘ynatib chalganidan xalq orasida Hamro laqasha deb nom chiqargan san’atkor o‘z oyog‘i bilan kelib o‘tirsa! Tabiiyki, u kishimning iltimoslarini eshitgan bo‘lim mudiri bizni chaqirdi.
— Shoir, Hamroqul og‘ani uchta kalxo‘zga oborib, kansert uyushtirish kerak. San kulupchisan, bu ishlar sani bo‘yningda. Davay, harakatingni qil. O‘zing ham birga bor, bu kishim charchaganlarida xalqqa she’r-per o‘qib berarsan.
Mudir boboning “she’r-per”dan boshqa barcha gaplari ma’qul tushdi. Ishqilib, uyushtirdik. Bir xo‘jalikda kontsert bo‘layotibdi. Biz parda ortida Hamroqul boboning “usilitelchi”si bilan qarta tashlab o‘tiribmiz. Boboning bir g‘alati qiliqlari bor edi: hofiz charchaganda o‘zlari doyrani likobday o‘ynatib, xorazmchayu olotcha termalardan jo‘shib-jo‘shib aytaverar edilar:
Shishani zargarga berdim,
Kechalar tortdim firoq.
Bir qo‘limga sham olibman
Bir qo‘limga shamchiroq...
Ayniqsa, tanish-bilish, do‘st-yorlar nomlarini qo‘shiq orasiga qo‘shib aytganlarida zal qiyqirib yuborardi! O‘sha kuni ham shunday bo‘ldi. Bobomiz ashula orasida zalning old qatorida o‘tirgan bir kishiga murojaat qilib qoldilar:
— Huv doyi, odingiz nama?
Parda ortidan sekin mo‘ralab qarasak, Hamroqul bobo naq Muso raisdan so‘rayaptilar! E-e tavbangdan ketay, oldingi qatorda balo bormi senga? Ana endi raisning holatini ko‘ring: bukchaygan qomat tiklandi, chala yumuq ko‘zlar chaqnadi, otameros telpak boshdan yulinib, pashsha qo‘nsa oyog‘i toyadigan kalla bir qur siypalandi, tomoq qirib olinib, ovozga siyosiy tus berildi:
— Xidirup!
“Voy pachag‘-ey, familiyangni emas, otingni so‘rayaptilar!” — deydigan vallomat qani? Lekin Hamro boboga gap yo‘q ekan! Musiqaniyam, ashulaniyam to‘xtatmay, raisning “noyob” familiyasini laparga qo‘shib ketdilar:
Baland-baland tog‘ ustinda
Namli-namli qor ko‘rindi,
Xidirupning sho‘x ko‘zina
Ola ko‘zli yor ko‘rindi...
Ana, bu Muso rais deganimiz mana shunaqa bir tip-da. Aytmoqchi, gap kelganda aytib ketaveraylik, o‘sha kontsertga o‘g‘limiz Shahriyorniyam olib borgandim. O‘g‘ilcha o‘sha paytlar musiqa maktabiga qatnab, doyrani o‘rganayotgandi.
— Yur, seni bi-r-r musobaqa qildiray Hamro bova bilan, doyrachangniyam olvol! — dedik uni erkalab. — Bovasi, shuning bir og‘ziga tuflab, fotiha bering zora sizday bo‘pketsa... — bu gapimiz bobomizgayam ma’qul tushib, “Lazgi” boshlangan choq parda ortida o‘tirgan o‘g‘ilchaga imo qildi: kel, yonimga birga chal!
O‘shanda Shahriyorboyning bo‘yi nari borsa ellik-oltmish santim chiqardi-da, Hamro bobo bo‘lsa naq ikki metr! Tasavvur qiling: o‘g‘ilchaniki “bak” etsa, bovaniki “bum-m!” etadi! Bobo unga yuqoridan egilib qaraydi: “Chalib o‘tiribsanmi, bacham?” “Bacham” ham pastdan yuqoriga qarab bosh silkiydi: “Chalib o‘tiribman, bova...”
Shu voqeadan so‘ng Muso rais bilan yaqinroqdan tanishib, uning fe’liyu a’molini chuqurroq o‘rganish fikri tug‘ildi. Qarang, devonaning ishini xudoning o‘zi o‘nglar ekan. Aksariyat muvaffaqiyatlarimiz singari, bunga ham xotin sababchi bo‘ldi. Bir gazetada baliqning foydasi haqida yozishgan ekan, xotin bizga “Orbit”day yopishdi:
— Baliq topib keling!
— E-e, bilasanmi, baliqning kilosi necha pul!?
— Muso raisga boring, arzon qilib beradi!
— U hozir qabriston qorovuli, unda baliq nima qiladi?!
— E-e, boravering, o‘g‘illari baliqchi, topib beradi.
Ishqilib qo‘ymadi. Raisni izlab ketdim. Gapini qarang, baliqda temir moddasi ko‘p emish, yegan odam baquvvat bo‘larmish, har bir odam oyiga kamida bir marta baliq yeb turishi shart ekan!
— Agar shu gap rost bo‘lsa, unda rais nimaga bunaqa pachaq? Sutdan qisilgan qo‘ziday yerkindik, — deya g‘udrandim yo‘l-yo‘lakay.
Nima bo‘lgandayam, har ikki-uch oy oralatib, raisdan baliq opkelib turdim ham. Bu orada u kishi bilan ancha qalin bo‘pqoldik. Ishoning-ishonmang, bu rais deganlari tap-tayyor faylasuf ekan. Har gapiga bir maqol qo‘shmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. Misol uchun, uyda oyog‘ini uzatib yotganida bir noxushroq xabar kepqolsa, otasi qaytadan o‘lganday to‘ng‘illaydi: “O‘tirgandim g‘amsiz-qayg‘usiz, hamsoyamning eshagi tug‘di, quloq-quyruqsiz”.
Qaysi kuni baliq bahona borsak, xotini bilan ikkovi katta o‘g‘illarining to‘yini muhokama qilib o‘tirishibdi. Yangamiz bir qulochlik ro‘yxat tuzib, chaqiriladigan mehmonlarni yozib chiqibdilar.
— Bo‘lmaydi, — dedi rais uni o‘qib chiqqach bosh chayqab, — qisqartir.
— Voy, nimaga-a?
— Men bu odamlarning yarminiyam tanimayman.
— Voy, bular mening qarindoshlarim-ku!
— I-hm... “Qulning qudasi ko‘p, totning-tog‘asi” deydilar. Qisqartir.
Yana bir kun borsam, raisning kichik o‘g‘li institutdan yiqilib kelib, qosh-qovog‘ini namozshomning bulutiday osiltirib o‘tiribdi.
— Ha-a, rais bova, jiyancha bundoq... — deb ko‘ngil so‘radim.
— E-e, men bunga to‘rt tanga topib berguncha oyog‘im olti, alamim yetti bo‘luvdi, shoir bova. Bo‘lmasa, qush tilida yolvordim-a, o‘g‘lim, bu kalla bilan Olotdan nariga chiqolmaysan deb. Unamadi, mana, eshondan qochgan jinniday bo‘lib keldi. O‘tiribdi, ketiga shappotilab. Otam xudo rahmati aytadilarki, qul o‘qib qozi bo‘lmas, ko‘ppak yugurib tozi bo‘lmas. Bizning o‘zimiz kimu bachalarimiz kim bo‘lardi.
Rosti, raisning ko‘ngliga yo‘l topish oson kechmadi...
Bir gal Mulla Sattor, u kishini gapirishib turganimizda, gap aytguchilarning og‘ziga shunday urgandi:
— Muso bilan ishingiz bo‘lmasin. U bir kallali odam bo‘lib ketar edi. Lekin... padarqusur bir-ikki shumg‘iyaning hisobiga yo‘li kesildi-da. Unga tegmanglar.
Biz esa, uning taqdirida ne gaplar bo‘lganidan bexabar e’tibor ham qilmagandik. Xullas, ijodkorlarga xos qiziquvchanlik ko‘ngilga o‘t yoqdi. Bir necha kun o‘tgach, bitta yarimtani qo‘ltiqqa urib, raisni izlab bordik. Raisning ko‘zlari chaqnab ketdi.
— Ebi-ebi, shoir, keling qani, keling!
Oldiniga baliq sho‘rva, so‘ng qovurilgan baliq keldi. Maydalashib o‘tiribmiz. Shisha bo‘shagach, rais sandiq ustiga taxlangan ko‘rpalar qatini kovlab, tag‘in birini topdi. U ham yarimlagach, nafas rostladik. Rais chayqalib o‘rnidan turib, tokchadan chang bosgan qalingina bir daftar oldi.
— Shoir, shuni bir ko‘ring, harqalay, bilimli odamsiz. Xot-e-n..! Baliqdan boshqa narsang yo‘qmi?!
Daftarni ochdim va... og‘zi ochilib qoldi! Ichi to‘la allaqanday raqamlar, hisob-kitoblar, formulalar... Ozmi-ko‘pmi maktab ko‘rganmiz, u-bu narsani tushunamiz. Mana bular logarifmlar, bular — difirentsial tenglamalar, integrallar. Tag‘in qanaqadir chizmalar, samolyotmi, fazoviy kemami...
— Ra... rais bova... bu nima? Bular...
— Yopiq sistemalar uchun Lagranj formulasi. Unisi — nisbiylik nazariyasining tanqidiy tahlili. E-e, bir paytlar biz ham... Ishqilib, Eynshteynning aytishicha, jismning tezligi yorug‘lik tezligidan oshgach, vaqt sekinlasharkan... lekin, shundaymikan aslida? Vsevolod Ivanovich aytgandiki...
— Stop! — dedim manglayimga qalqib chiqqan terni artib. — Kim u?
— A-a, umi? Leningradda yashardi bir paytlar, kim bilsin, balki o‘lib ketgandir hozir...
Yo‘q, har qalay bu tush bo‘lsa kerak. Hoynahoy, ko‘p ichvording-oy! O‘zi shu Muso raismi, yo...
— Siz ko‘p qistanmang, shoir, ko‘ravering. Kerak bo‘lsa, opketib, uyda qarab chiqarsiz.
O‘sha kuni Muso rais haqidagi tasavvurlarim ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Uning dard to‘la hikoyasidan ayon bo‘lishicha, u ko‘pchilik o‘ylaganidan butunlay boshqacha odam ekan. Bobosi Xidir oqsoqol “quloq” qilingach, otasi Sano kalta qishloqdan olisroqqa, cho‘lga tutash Moshko‘l tomonlarga qochib ketadi. Ammo oilasi qolib ketgani sabab ora-sira qishloqqa kelib turadi. Maktabda to‘liq o‘qimagan bo‘lsa ham, qoni toza emasmi, Musoboyning kallasi bigizday edi. Yigit yoshiga yetgach, Leningrad shahrida harbiy xizmatni o‘tayotib, Vitaliy ismli o‘ris bola bilan tanishib qoladi. Vityaning otasi, fizika-matematika sohasida yirik olim bo‘lgan Vsevolod Ivanovich Skryabin o‘zbek yigitidagi iqtidorni payqab, xizmatdan so‘ng uni Leningradda qolishga ko‘ndiradi. Musoboy universitetga o‘qishga kiradi, tez orada ustozlar nazariga tushadi. Biroq, “xalq dushmanining nevarasi” degan tavqi la’nat uni baribir izlab topadi. Uni o‘qishdan haydashadi. Skryabinning obro‘yi, aloqalari ham ish bermaydi.
— KGB degan tashkilot juda kuchli edi u paytlar... — deya uf tortdi rais, — keyinroq o‘qishdan ko‘ngil ham sovidi, otamizning oldiga, baliqchilik xo‘jaligiga ishga ketdik. Boboy bechora ham bir umr qo‘rqib yashadi... Lekin bir narsa aniq: bu men ilg‘agan, Skryabin anglagan matematik kashfiyot bugun ham muhim, yechimi topilmagan. Buni hali kimdir aniqlaydi. Axir, bu ilm degani, olimlik degani millat tanlamasa, barisi odamzodga birday xizmat qilsa... u vaqtda bu gaplar chepuxa edi ukam...
— Rais bova, u yer-bu yerga borib, yozib-chizib ko‘rmabsiz-da...
— O‘-ho‘, biz kim edigu Sho‘ro kim edi, shoir?! “Ura bilmas ulli tayoq ko‘tarar” deydilar, chiranib qaergacha borardik...
— Ih-m... Mayli esa, biz turaylik. Daftarni uyda bir ko‘rib chiqarmiz. Xo‘sh, sog‘ bo‘ling, rais bova.
— Yana kelasizmi? — rais ayyorona kulimsiradi turishga urinarkan.
— Hovva, kelamiz.
— Orqayin, bi-i-r kelingda munday, oyoqni uzat-i-i-b chaq-chaq qilayliq.
— Xudo xohlasa kelamiz.
Ko‘ngilda esa hayratmi, hasratmi, unga nisbatan achinishmi, ishqilib bir nimalar isyon qila boshladi. Qarshimda hangomalarimizning doimiy xirgoyisi Muso rais emas, balki katta bir ziyoli, jabrdiyda olim o‘tirganini his qildim. Uyga qaytarkanman, o‘z-o‘zimcha shunday xayol qilardim. Nahotki, bir inson shunchalar xo‘rlanishi mumkin bo‘lsa? Yaratganning ato etgan qismati shunchalar chigalmi? Nahotki raisning orzularini ro‘yobga chiqarib bo‘lmasa? Nega o‘zi harakat qilib ko‘rmagan shu paytga qadar?
— Nima qilasan otam zamonidagi gaplarni kavlab?! — dedilar mudir jahl bilan Muso rais haqidagi hikoyamni eshitib, — qilishga ishing yo‘qmi? Tashkilotlarga bor, shartnoma tuz, tadbirlar uyushtir. Tavba! Chiq, boshimni qotirma!
Ko‘nglim og‘ridi, kabinetni qulflab, uyga jo‘nadik.
— Ha-a, holingiz po‘ttiq, tinchlikmi? — dedi xotinim qosh-qovog‘imni ko‘rib.
— U-buni taxlab qo‘y, ertaga o‘z hisobimdan ta’til olib, Toshkentga jo‘nayman.
— Ebi, Toshkentga... nimaga?
— Fanlar akademiyasiga, ilmiy-tekshirish institutiga.
Uyga kirdik. Televizorda faryod chekayotgan ashulachi bolani ko‘rib, oxirgi uchrashuvimizda Muso rais kayf ustida qilgan xirgoyi beixtiyor yodimga tushdi:
Shum raqiblar bizni yomon bo‘ldirdi,
O‘lmagimdan boshqa kor manga naylar.
Beklar, kechibdurman kulli borimdan,
Endi nomus bilan or manga naylar.
Shohning olg‘ir bozi bordir ko‘linda
Hurkib-hurkib qo‘nar sog‘u so‘linda,
Mansur kabi “Analhaq”ning yo‘linda
Osilsam zulfidan dor manga naylar...
“Nahotki shu shoh satrlarni oddiy bir baxshi aytib ketgan bo‘lsa..? Mansur Halloj, “Anal-Haq”... O‘v-v bobolarim-a, bobojonlarim-a!” degan o‘y kechdi ko‘ngildan. So‘ng Muso raisning dard to‘la nigohi xotiramda jonlanib, dil tubida qat’iy bir ahd yuz ochdi.
— Ay-y, otasining qaptaliga! — deya qo‘l siltadim Musaboy og‘aga o‘xshab, — ertaga Toshkentga jo‘naymiz! Mayli, mudir bova, axmoq bo‘lsak-bo‘libmiz, lekin bu ishni shunday qoldirmaymiz!
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 8-son