Saksoninchi yillarning oxirlari edi.
Sahro oxir-oqibat baribir yana sahroga aylanadi, degan gapda haqiqat unsurlari bor shekilli, keyingi yillarda cho‘lning qoq kindigiga joylashgan qishlog‘imizdan fayz ketdi. Bu narsa avvalo hosildorlik pasayib ketganida ko‘rindi. Keyin esa gurkirab o‘sib turgan daraxtlar asta-sekin so‘la boshladi.
Keksalar sizot suvining yer sathiga ko‘tarila boshlaganini aytishdi. Dar-haqiqat, ayniqsa kuz paytlari yer usti xuddi tuz sepib chiqilganday oqarib qolardi. Xullas, yer sho‘rlamoqda edi.
Ovulimiz uch-to‘rt yil ichida ancha huvillab qoldi. Sarmoyasi borlar shaharga ko‘chib ketishdi, eplaganlar esa yana tog‘dagi asl qishlog‘imizga. Uylar narxi ham birdan arzon bo‘lib qoldi.
Shu zaylda tirikchiligimiz asta-sekin, anchayin zerikarli tarzda o‘tib bormoqda edi. Men tezroq maktabni bitirishni va biron institutga kirishni, ishqilib, bir amallab qishloqdan chiqib ketishni orzu qilib yurardim.
Ovulimizning aksariyat erkaklari ichishni yaxshi ko‘rishar, shu sabablimi to‘ylar janjalsiz o‘tmasdi; ayollari esa kun bo‘yi mol-hol tashvishi bilan band edilar. Kechqurunlari, televizorda biron bachkana, uzundan uzoq serial bo‘lib qolsagina ko‘pchilik dasturxon atrofida o‘tirib, shuni tomosha qilishardi.
Mana shunday ikki tomchi suv yanglig‘ bir xil o‘tib borayotgan kunlarimizdan birida ovulimizda yaqinda armiyadan qaytgan Muslim aka uylandi. To‘yda odatdagidek molday to‘yib ichib olgan erkaklar janjal qilishdi, ayollar uy-uylariga narsa tashishdi.
Muslim akaning ushoqdaygina onasi, biz hammamiz Marvarid momo deb chaqiradigan kampir bolalarga bir belbog‘ parvarda sochqi qildi. So‘ng, bunga qanoat hosil qilmadi shekilli, ichkaridan uch-to‘rtta katta-katta bo‘lak nov-vot qand olib chiqib ulashdi. Bolalarga xudo berib qoldi.
Ishqilib, to‘y o‘tdi.
Avji yoz, dalada ish qaynagan payt edi. Biz paxta ichidan beri kelmasdik hisob. Ana shunda avval dalada ishlayotgan chopiqchilar orasida, undan avvalroq esa ovulda Marvarid momoning yangi tushirgan kelini behad suluvligi xususida gap-so‘zlar o‘rmalab qoldi. Hatto jo‘shib ketgan Omon traktorchi «Ey, ammo-lekin bir qoshiq suv bilan yutib yuborsa bo‘larkan-da», debdi. Bu maqtovga kelinchakni ko‘rib kelganlarning hayrati qo‘shildi. Hatto aytishlaricha, ba’zi odamlar ishgayam to‘g‘ri yo‘l qolib, Marvarid momoning uyi yonidan o‘tib qaytadigan bo‘lishibdi. Bola-baqra-ku, bu hovlidan beri kelmasmish hisob.
Lof ham evi bilan-da, deb yuraverdik. Ammo tez orada bu kelinchakning go‘zalligiyu tili shirinligi xususidagi e’tiroflar shu qadar ko‘payib ketdiki, biz ham beixtiyor bu yerda bir gap bor degan xulosaga keldik. Axir, shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlarmidi.
Cho‘l shamolida rosa qoraygan, lablari, qo‘llari taram-taram yorilib ketgan, faqat ko‘z oqigina yiltirab ko‘rinib turgan qishloq ayollari yangi kelinchakning husni haqidagi shivir-shivirlarga g‘ayirlik bilan qarashar, ba’zi sharttakilari esa «Bu nozik oyimcha biz bilan bir hafta ketmon ko‘tarib ishlasin, ana undan keyin ko‘ramiz ahvolini» deyishardi.
Ayollar bashorat qilishgan ekan. To‘ydan keyin oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas Muslim aka xotinini chopiqqa chiqardi. Shunda biz ko‘rdik, darhaqiqat, kelinchak juda chiroyli edi. Ismiyam jismiga monand: Oysuluv. Atlas ko‘ylak-lozim kiygan, yaltirab turgan sochi taqimini o‘padigan, oppoq yuzli, kipriklari uzun-uzun, jismi nozikkina bu ayolni bolalar negadir «Kumush checha» deb chaqirishardi. O‘ziyam kinodagi Kumushga juda o‘xshab ketardi-da...
Oysuluv yanga yerga qaragancha iymanib turardi. Shunda Muslim aka zalvorli ketmonni xotiniga tutqazdi va atay qattiq ovozda dedi:
- Shu ketmon endi seniki, kampir. El qatori ishla, eldan qolma. Iloji bo‘lsa ishga erta kelib, kech qayt.
Ketmon chindan ham og‘ir edi. Oysuluv yanga yerdan boshini ko‘tarmasdan ketmonni olarkan biz uning yanada nozik, ozg‘in va oppoq qo‘llarini ko‘rdik va beixtiyor «uv-v» deb yubordik: bu qo‘llar ketmon uchun yaratilmagandi.
Muslim aka bir qadam oldinga chiqdi va qo‘llarini beliga tiragancha xotiniga dag‘dag‘a qildi:
- Bu yer sening tog‘dagi qishlog‘ing emas, ey, paxta qo‘y emas, qirda yurib o‘zidan o‘zi o‘savermaydi. Qiyinchilikka chidab ishlasang ishlaganing, bo‘lmasa o‘zingdan ko‘r, ey...
Shu yo‘l bilan xotin zotini mensimasligini hammaning ko‘z oldida isbotlagan Muslim aka gerdayib shiypon tomon yo‘l oldi.
Oysuluv yanga hadiksirab ketmonni qo‘liga oldi, so‘ng biz tomonga jovdirab qaradi. Biz indamay ishga kirishdik.
E, xudo-yim, tabiat Oysuluv yangani bunchalar nozik qilib yaratgan ekan-a! Bamisoli ketmon ko‘tarsa bas, butun vujudi shuvillab to‘kilib ketadiganday.
Oysuluv yanga ketmonni uquvsizlik bilan ushlagancha bizning qatorimizga kirdi. Ha, ketmonni ham bilgan chopsin ekan. Yangada na kuch bor edi, na mahorat: ketmonni begona o‘tga to‘g‘ri mo‘ljallab urolmas, buning ustiga zarbasi juda kuchsiz edi. Halidan buyon yangani g‘ayirlik bilan ko‘z qirlarini tashlab kelinchakni kuzatib turgan qishloq ayollari piching gap qilishga o‘tib ketishdi:
- Opamlar bir umr qo‘llarini sovuq suvga urmagan shekilli... Cho‘lga borib, keng uyning kelinchagi bo‘li-ib o‘tiraman deb o‘ylagan-da... Ketmon chopish non ye-eb o‘tirish emas...
Men shu tomonga qaradim va Oysuluv yanga xijolatdan qizarib-bo‘zarib, bo‘g‘riqqancha kuchanib ketmonni ko‘tarayotganini ko‘rdim. Yana bir qaraganimda yanganing ko‘zlariga jiq-jiq yosh to‘lgan edi...
Odatdagi ishimizga kirishib ketdik.
Nogahon yanga qattiq ingrab yuborganini eshitdim. Yalt etib qaradim. Oysuluv yanga oyog‘ini chopib olgan edi. Bu qanday sodir bo‘lgan, tasavvur etolmadim, ammo yanga oyog‘ini chopib olgani rost edi. Aftidan yanga sal kattaroq begona o‘t - sho‘rani bir oyog‘i bilan bosib turib, so‘ng ketmon urgan shekilli. Xayriyatki, zarba kuchsiz bo‘lgan. Ozgina qon chiqdi, xolos. Yanga non tugib kelgan belbog‘ni olib, oyog‘ini mahkam bog‘ladi. So‘ng oqsoqlana-oqsoqlana ishini davom ettirdi. Men nimadir bahona qilib yangaga yaqin keldim va u kishidan kelayotgan nafis bo‘ydan boshim aylanib ketdi.
Qaerdan eshitgani noma’lum, bir payt ko‘zlari qontalash Muslim aka o‘shshayib kelib qoldi va uzoqdan turib xotiniga qarab baqirdi:
- Ko‘zingga qarab ishlasang o‘lasanmi, ey...
Shu bilan o‘z burchimni ado etdim deb o‘yladi shekilli, Muslim aka yana shiyponga, ichishni davom ettirishga ketdi.
Bunday razm solsam bukchayib, kichkinagina juvonga aylanib qolgan Oysuluv yanga piq-piq yig‘layapti va ko‘z yoshlarini birovga ko‘rsatmaslik uchun bo‘lsa kerak zo‘r berib ketmon chopayapti.
Hali aytganimday, dalada sharoit og‘ir, ichimlik suvi yo‘q edi. Shu sababli biz o‘zimizcha «lotok» deb ataydigan beton ariqdan oqadigan bo‘tana suvdan ichishga majbur edik.
Mana shunday suvdan borib ichdik. Ancha orqada qolib ketgan Oysuluv yangaga qizib ketgan alyuminiy idishda biroz suv olib keldik. Ko‘zlari qizarib, qaboqlari shishib ketgan yanga idishdagi bo‘tana suvga qarab hayron bo‘lib qoldi. Buni ko‘rgan chopiqchi ayollardan biri shang‘illadi:
- Arpa yemas otlar ham ajriqlarga zor bo‘lar. Biz bundan ham battarini ichganmiz, kelin, indamay olaver. Bu yer sening tog‘ing emas muzdaygina toza suv oqib turadigan. Boriga shukr qil.
Uzr ohangida aybdorona jilmaygan Oysuluv yanga misday qizib ketgan idishni qo‘liga olib suvga bir muddat tikilib turdi va mana shunday aybdorona tabassum bilan qaytarib berdi:
- Rahmat...
Oradan kunlar o‘tdi. Shabnamday toza, nafis, benihoya go‘zal Oysuluv yanga bizning sharoitga o‘rganolmay qiynalardi. Ayniqsa ayollarning shang‘i ovozda bir-birlarini mensimay gaplashishlari, hatto behayo so‘zlarni bemalol aytib tashlashlarini ko‘rib kalovlanar, bunday mahallari kiprik qoqmay ayollarga qarab qolar, ammo miq etib og‘iz ochmasdi. O‘z navbatida chopiqchi ayollar Oysuluv yanganing kamsuqumligidan, jur’atsizlidigan battar asabiylashishar va uni gap bilan chimdib-chimdib olib xumordan chiqishardi. O‘, o‘zim necha marta ko‘rganman Oysuluv yanganing chekka-chekkaga o‘tib yum-yum yig‘lab olganlarini. Yanga yig‘lardi-yu, lekin ovozini chiqarmasdi. Mening nazarimda, bularning bari bir taraf edi-yu, erining qo‘pol muomalasi bir taraf edi Oysuluv yangaga. Darhaqiqat, Muslim aka ayniqsa bizning oldimizda xotiniga qo‘pol gapirar, bo‘lar-bo‘lmas narsalarga jerkib beraverar, ishqilib, o‘zining oilada xo‘jayin ekanligini eslatib qo‘yishga intilardi. Bir marta, ishdan keyin sabil qolgur bir bog‘ shamak ko‘tarib ketish yodidan chiqqani uchun Muslim aka hammaning oldida so‘kkanida Oysuluv yanganing daraxt ortiga yashirinib olgancha «enajon...» deb izillaganini eshitganman.
Oysuluv yanga suluv ayol edi va mening fikrimcha yosh boladay sodda ham edi. Har zamonda yanga ufqqa tikilgancha munis jilmaygan ko‘yi nimalarnidir o‘ylab qolar, aftidan, o‘z qishlog‘ini, o‘z yaqinlarini eslardi. Ammo sal keyinroq tasodifan bilib qoldikki, yanga deganimiz shig‘ir-pig‘ir ham yozarkan. Hatto bir kuni ishga qattiq nonga qo‘shib shunaqa narsalar bitilgan qalingina daftariniyu bir-ikkita rayon gazetasini ko‘tarib kelibdi. Bir maqtangisi kelgandir-da sho‘rlikning. Buni ayollardan biriga aytibdi ham. Bu gap bir zumda hammaga oshkor bo‘ldi-qoldi. Ana shundan keyin yangaga yovqarash kuchaydi. Mashqlar to‘la daftar esa birdaniga negadir «xotira daftari» nomini oldi.
- Xotira daftarini kim yozardi, birovni degan, eridan ko‘ngli yo‘q xotin yozadi-da, aylanay...
- Kap-katta xotin xotira daftari yozguncha uyida sigiri ochlikdan o‘layotganini o‘ylasa bo‘larmidi...
- Endi yozib go‘r bo‘larmidi, undan ko‘ra ketmon chopishni o‘rgansin...
- Bir Muslimboydan so‘rab ko‘raylik-chi, yangi kelinchak kechasi daftar to‘ldirishdan boshqa biron ish ham qilarmikan...
Bular aytilgan gaplarning mingdan biri edi-yov chamasi. Axiyri bo‘lmadi - uyat va nomusdan yuzi lovillab yonayotgan Oysuluv xotinlarning unsiz ma’qullovi va ehtimolki talabi ostida «xotira daftari» va gazetalarni tushlik mahali omonat chaylada o‘tirgan mahalimiz qumg‘on tagiga tutantiriq izlayotgan oshpaz opaga berib yubordi...
Ammo yanganing juda qiynalayotgani, ezilayotgani chin edi. Men buni yanganing tobora so‘lib borayotganidan fahmlardim. Cho‘l saratoni quyoshi ayovsiz edi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas Oysuluv yanganing yuz-qo‘llari qorayib ketdi, lablari po‘rsillab yorildi. Bir kuni u kishi ishga qo‘liga surish uchun vazelin olib kelgan ekan, ayollar kula-kula o‘lishdi, yangani «nozikoyim» deb atashdi. Qip-qizarib ketgan Oysuluv yanga vazelin idishini otib yuborib qutuldi.
Qo‘polligidan tashqari, Muslim aka ichkilik desa o‘zini tomdan tashlaydiganlardan edi. U deyarli har kuni kechga borib qip-qizil mast bo‘lib olar va og‘zidan bodi kirib, shodi chiqardi. Bunday paytlari Oysuluv yanga battar ezilar, ishqilib tezroq bu yerdan ketishga, odamlarning ko‘ziga ko‘rinmaslikka urinib qolar, ammo bunday paytlari haqoratlar xaltasi yanada katta ochiladigan Muslim aka uni qo‘yib yubormas, hammaning oldida sharmandai sharmisor qilgancha so‘kkani so‘kkan edi.
Shu orada men shaharga, imtihonlarni topshirishga ketdim. Baxtim chopib, institutga kirdim. Joy topish, o‘qish tashvishlari bilan bo‘lib qishloqqa qaytib kelolmadim.
Oradan bir yilga yaqin vaqt o‘tdi. Iyun oyining o‘rtalarida ovulga keldim.
Uy tomon burilganimda ko‘chamiz boshida telejkada olib kelingan tsisternada suv tarqatilayotganini ko‘rdim. Xotin-xalaj baqir-chaqir qilib chelaklariga suv olmoqda edi.
Navbat talashayotganlar yonidan o‘tib borarkanman, shang‘illab bir-birlarini ayovsiz qarg‘ayotganlar orasida bir ovoz menga juda-juda tanish eshitildi. Beixtiyor to‘xtadim va e’tiborni jalb qilmaslik uchun engashib tuflimning bog‘ichini yechib bog‘lay boshladim.
Ha, yanglishishim mumkin emas edi - bu Oysuluv yanga edi. Biroq bu so‘zlar... Men garang bo‘lib qoldim.
- ...Ha, og‘zingdan qoning kelsin, Nuri, ochiritingga qarasang o‘lasanmi?! Mening bolamam uyda chirqirab yotibdi-ku! O‘ sening bolang bola, meniki itning bolasimi?.. Hali otasi yotibdi boshini ko‘tarolmay...
Men dong qotib qoldim va shu tarafga qaradim. Paqirlarini, plastmassa idishlarini tsisterna quvuridan oqayotgan suvga birinchi bo‘lib qo‘yishga urinib bir-birlarini sur-sur qilayotgan ayollar to‘pi ichida turgan bir qop-qoragina, dog‘ bosgan musht-day yuzini ajin to‘rlatgan, sochlari to‘zib ketgan, eski xalat kiygan juvon baqirmoqda edi. Darvoqe, ayollarning hammasi baqir-chaqir qilishar, ammo men faqat shu juvonning so‘zlarini eshitardim. Zero, bu o‘sha, bir yilgina muqaddam go‘zalligi va ma’sumaligi bilan bizni hayratlarga sol-gan Oysuluv yanga edi...
Men chekkaroqqa, qurib qolgan daraxt yoniga o‘tdim. Axiyri urush-janjallar bilan ikki paqir suvini olgan Oysuluv yanga davrani bir amallab yorib chiqdi va uyi tomon keta boshladi. Bu bukchayib qolgan, oyog‘iga yirtiq kalish kiyib olgan juvon nahotki o‘sha, bolalar «Kumush checha» deb chaqirib yurgan Oysuluv yanga bo‘lsa?..
Uyga qanday yetib borganimni bilmayman. Nahot, nahot tirikchilik, bir burda non tashvishlari shunday suluv juvonni bir yil ichida kampirga aylantirgan bo‘lsa. Qani men ko‘rgan Oysuluv yanganing suluvligi, ibosi? Qani men Oysuluv yanganing ko‘zlarida ko‘rgan o‘t? Bugun, ikki paqir sho‘r suv uchun jonini jabborga berib talashayotgan, shu suvni olgani uchun o‘zini baxtiyor sezayotgan Oysuluv yangani kim, kimlar bu ko‘yga soldi... Nahot, nahot endi bir insonning umri shu bilan o‘tib ketsa...
Shu oqshom uxlay olmadim...