Istibdod nurayotgan, yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladigan ko‘klam payti edi.
Shunday kunlarning birida O‘zbekovuldagi yagona oziq-ovqat do‘koniga “talon” bo‘yicha tarqatiladiganidan tashqari uch qop un ortiqcha olib kelingani haqidagi xabar qishloqqa yashin tezligida tarqaldi.
Asta namozshom bostirib kelayotgan bo‘lishiga qaramasdan bir pasda do‘kon oldiga tumonat odam to‘plandi. Sotuvchi Xidirboy yerdan qaynab chiqqanday birdan paydo bo‘lib qolgan ovuldoshlarini ko‘rib, shoshib qolgan esa-da, atay qovog‘ini uygancha, o‘shshayib turaverdi. To‘g‘ri, keyingi paytlarda, ya’ni “talon tizimi”ga o‘tilganidan beri ahvol shu, ya’ni do‘konga un kelsa bas, hammayoqni odam bosib ketadi. Hatto fuqarolar yig‘ini raisi Odil cho‘loq ham ularni boshqarolmay qoladi. Sho‘rlik rais har qancha baqirib-chaqirmasin, tomog‘i qirilib ketguncha qichqirmasin, baribir ovulning erkaklari va ayollari un uchun mahallama-mahalla kelishni yoki navbatda turishni xayollariga ham keltirmay, bari birday mo‘‘jazgina do‘konga yopirilib kirishga urinib qolishadi. Go‘yo shunday qilishmasa, un tugab qoladiganday, yetmay qoladiganday.
Ishqilib, odamlar baqir-chaqir qilishar, bir-birlari bilan necha marotalab urishib ham olishar, jon-jahdlari bilan ichkariga turtilib-intilaverib, bir-birlarini tirsaklari bilan turtib, gohida esa oshkor itarib tashlab sotuvchini ham, raisni ham battar xunob qilishardi. Ora-sira un olish uchun “ochiritsiz” kirgan bechoraning boshiga esa qarg‘ishu so‘kinishlar do‘lday yog‘ilardi.
Nihoyat, bir oy uchun belgilangan un olib bo‘lingandan keyingina odamlar sal yengil tortishar va go‘yoki katta ishni bajarib qo‘ygan qahramonlarday ko‘kraklarini kerib, uy-uylariga tarqalishardi.
Xidirboy esa norozi po‘ng‘illagancha polga, yerga to‘kilib qolgan un qoldiqlarini supurib-sidirishga tushardi.
Oxiri yaxshi tugagan narsa baribir yaxshi-da. Ovulning erkak-ayollari har bir oilaga belgilangan to‘rt kilo un uchun har qancha yoqa bo‘g‘ishmasin, baribir savdo tugab, maqsadlariga yetishgach, apoq-chapoq bo‘lib ketishardi. Balki shu sabablidir, navbat talash avjga chiqqan mahallari ora-sira sal qaltisroq hazil gaplar ham eshitilib qolar, har qancha asabiy kayfiyatda bo‘lishmasin, bunaqa paytlari navbatda turganlarning aksariyati beixtiyor jilmayib qo‘yishdan o‘zlarini tiyib turolmasdi.
Biroq bugun yig‘ilganlarning avzoyi buzuq edi.
Odil rais hurpayib turgan erkak-ayollarga bir ko‘z tashlashdayoq gap nimadaligini angladi. Ammo hozircha indamay turishga, to talabgorlar bu masalani ko‘tarmaguncha o‘zini hech narsa bilmaganday tutishga qaror qildi.
Birinchi bo‘lib irg‘ay hassasiga suyangan Oliya momo do‘kon yonidagi o‘ziga xos sahnaga aylangan maydonchaga chiqdi va dabdurustdan maqsadga o‘tdi-qo‘ydi:
— Musulmonlar, baringning xabaring bor, kelasi oyda bir emas, ikki nevaram uylanadigan. O‘zlaring insof bilan aytinglar: ho‘kimat berayotgan to‘rt kilo un bilan to‘y o‘tkazib bo‘ladimi? Shunday ekan, o‘sha unning hech bo‘lmasa ekki qopi bizdiki bo‘lishi kerak. Gapim tuvrima?
Yoshi saksonga yaqinlashib qolgan, o‘zbekovulchasiga aytganda, “to‘ridan go‘ri yaqin” kampirga bir narsa deb e’tiroz bildirish mushkuldek edi go‘yo.
Ammo “Mol achchig‘i — jon achchig‘i” deganlari chin ekan. Oliya momo gapini tugatar-tugatmas odamlarning orqarog‘ida qolgani bois hadeb bo‘ynini cho‘zib qo‘yayotgan shaddod Karomat xola bobillab berdi:
— Nima, bizni yosh bola bilayapsizmi, momo? Hali to‘rtta ko‘rpa qavilmasdan turib to‘yni gapirasiz! Shu ketishi bo‘lsa orqasi og‘ir keliningiz avgustga borib to‘yga tayyor bo‘lsayam katta gap. Ungacha yangi bug‘doy pishadi, hammayoq “sen je, men je” bo‘lib ketadi. Un mana bizga kerak. Eng kamida ikki qopi...
Ammo vaqtida ovul faollaridan bo‘lib, ne-ne erkaklarni o‘tirib-turg‘azgan Oliya momo salga bo‘sh kelib o‘tiradigan kampirlar toifasidan emasdi. Hozir ham nursiz ko‘zlarini Karomat xola tomon tikkancha, shartta uning gapini bo‘ldi:
— Karomatmisan? Yashshamagur, senga mening kelinimning orqasini o‘lchashdan boshqa tashvish yo‘qmidi? Bor, ishingni qil, unga ko‘z olaytirma. Molbozor uch-to‘rt kun perashkasiz qolsa qolar...
Endi Karomat xola chiyillib yubordi:
— Men ayrimlarga o‘xshab g‘arlik qilmayman, momo, o‘g‘irlik qilmayman. Men halol ishlab, peshona terim evaziga pul topaman...
— Kimga ishora qilayapsan, tilingga kuydirgi chiqqur!
— Gap egasini topadi, momo!..
Agar qo‘yib berilsa, ayollar o‘rtasida dahanaki jang olovi yanada gurillab ketishini, oraga o‘n-o‘n besh yillik ginalar ham tushishini tushundi, shekilli, basavlat Karim oqsoqol shopmo‘ylovini silagancha “sahna”ga ko‘tarilarkan, qattiq tomoq qirib qo‘ydi.
— Bu yerda ortiqcha gapning hech kimga keragi yo‘q, — dedi oqsoqol ishonch bilan. — Xo‘sh, uch qop ortiqcha kelgan ekan... demak, bittasi selsovetimiz raisi Odil akaga. Har qalay, jo‘jabirday jon, buyog‘i endi o‘zbekchilik, mehmon kelari bor... Mayli, qolgan ikki qopini biz ola qolamiz. Puli naqd...
Oqsoqolning gapiga to‘y-ma’rakalarda birov e’tiroz bildirolmasdi. Ammo hozir...
— Yo‘g‘-e! — dedi allaqanday alamli ohangda, boshida o‘n yillik shlyapa, quyosh tig‘ida yuraverganidan mo‘riday qorayib ketgan, ozg‘ingina Kamol suvchi. — Nima, biz olsak nasiyaga olamizmi? Mana, biznikiyam naqd. — Shundan keyin cho‘ntagiga urib-urib qo‘ygan Kamol suvchi sotuvchiga o‘girilib, ma’nodor ko‘z qisdi: — Arava tayyor, uka, orttiravering. Hech o‘ylanmang, u yog‘ini kelishib olamiz.
— Nimani kelishib olasiz, Kamol aka? — chinqirib yubordi g‘azabdan ko‘karib ketgan Tojiboy agronom. — Shapkasinimi? Yo bir urug‘danmiz deb, Xidirboyga orqa qilayapsizmi? Aytib qo‘yay, bizding xotin ham senlarning urug‘ingdan. Lekin men indamay turibman-ku... bizga bir qopiyam bo‘ladi deb...
Goh u gapirayotganning, goh bu gapirayotganning og‘ziga angrayib qarayotgan Marvarid checha axiyri indamay turaversa un to‘la qoplar erkaklar orasida imi-jimida yo‘q bo‘lib ketishini tushundi chog‘i, bir sakrab “sahna”ga chiqib oldi va hamon bo‘zrayib turgan agronomga qarab qo‘lini paxsa qilib, baqirib berdi.
— Bekorlarning beshtasini aytibsan! Nima, ikkitagina bolangni boqolmay qoldingmi? Uyalmaysanmi og‘zingni to‘ldirib “bir qopi bizniki” deyishga?! Zakunlashsang zakunlashaman, lekin bilib qo‘y, un mana bizniki! Mat-giroyniki! — Shunday deya checha har ehtimolga qarshi nimchasi ko‘kragiga taqib kelgan “qahramon ona” medalini ko‘z-ko‘zladi. — Avval o‘ntasini tug‘dirib qo‘y, keyin talab qilasan haqqingni! Bermayam ko‘r-chi menga! Kerak bo‘lsa raykom bovoga boraman, obkom bovaga boraman! Lekin haqqimni birovga berib qo‘ymayman!..
Medal, har qalay, hukumat bergan siylov. Hukumat esa o‘z nomi bilan hukumat... Shularni o‘yladi, shekilli, endi qaqshatqich e’tiroz uchun og‘iz juftlagan Tojiboy agronom har ehtimolga qarshi indamay qo‘ya qoldi, ammo baribir bir qop unda haqqi borligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ymoqchiday, chekkaroqda turgan o‘g‘liga qarab sal o‘ng‘aysizroq tarzda ko‘z qisib qo‘ydi.
Ammo Tojiboy agronom bir narsani nazardan qochirgan, ya’ni ortiqcha uch qop dardida yig‘ilganlar safiga allaqachon xotini ham kelib qo‘shilgan ekan. “Yotib qolguncha otib qol”, qabilida chekka-chekkada ish tutishni ma’qul ko‘radigan Noroy checha hozir ham odamlar orasidan pisillatib zarba berdi:
— Qatorlashtirib tug‘ib tashlashni pishak ham biladi!
Sal narsaga o‘t bo‘lib yonib ketadigan Marvarid checha lablari pir-pir uchib tahdid bilan ovoz kelgan tomonga qaradi:
— Kim u mening bolalarimni pishakbachchalarga mengzagan?
Ammo odamlar uchun bu jang natijasi emas, kimlar ortiqcha uch qop unning egasi bo‘lishi masalasi qiziqroq edi. Shu sababli ular allaqachon umidvor nigohlarini Odil rais tomon burishganlari bois Marvarid chechaning savolini tuzuk-quruq eshitishmadi ham.
Biroq tomoq qirib olgan rais og‘iz juftlashga ulgurdi, xolos. Zero allaqachon sahnaga chiqib olgan Ibroyim cho‘pon hech e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda e’lon qildi:
— Boshqasini bilmadim, lekin bir qopi bizdiki! Baring bu yerda o‘tirasan tayyorga ayyor bo‘lib, bizga o‘xshaganlar tog‘-toshda nima yeb-nima ichib yurganidan xabarlaring yo‘q! Xullas, bir qopi bizdiki, tamom-vassalom! Qolganini o‘zlaring bo‘lishib olaveringlar!..
Ammo odamlar ham anoyi emas. Shu sababli hali gapini tugatib ulgurmagan cho‘pon boshiga ta’na toshlari do‘ldek yog‘ildi:
— Pulini qurtdek sanab olgandan keyin yurasiz-da tog‘da!.. Ko‘chadagi moy yeydi... quyruq moyi ko‘tarayapti muni!.. Tandirning quyrug‘ini oppoqqina nonga qo‘shib yegilari kep qopti!.. Ortiqcha jir bitibti-da, jezda!..
Bunchalik shiddatli hujumni kutmagan Ibroyim cho‘pon sal dovdiragan alfozda sahnani tark etdi.
Endi o‘z da’vosini doston qilish navbati Xolida opaga yetdi. Ko‘p yil bog‘chada mudiralik qilib, nihoyat nafaqaga chiqqan basavlat, hamon qosh-ko‘zini bo‘yab yuradigan opa benihoya jiddiyat ila sahnaga ko‘tarildi va olomonga bir qur ko‘z tashlagach, yana shunday salobat ila ma’lum qildi:
— Uch-to‘rtta charlarim bor edi. Keyinga suraverib betimda bet qolmadi. Ruxsat bersangizlar, xaloyiq, bir qopini bizga ajratishsa. Mayli, bir qopini rais ola qolsin. Qolganini o‘zlaringiz adolat bilan bo‘lishib olarsizlar.
Shunday opaning iltimos ohangida gapirishi ayrim erkaklarni iyitib yuborgandir ehtimol. Biroq Oltinoy ena bo‘sh kelmadi. U yulqinib oldinga o‘tdi va sahnada mung‘ayibgina turgan opaga qarab o‘shqirdi:
— Buncha hammangning og‘zingdan “rais” tushmay qoldi. Senlarga ketmondastani boshliq qilib qo‘ysayam bo‘ldi, egilganlaring-egilgan. Raisga nima? Bir og‘zining yeli! “Opkel” desa magazinching bir emas, to‘rt qopini uyiga tashlab qo‘yadi. Tashlamayam ko‘rsin-chi. Shuning uchun, odamlar, hech o‘ylanmasdan ispiskadan raisni chiqarib tashlab, o‘rniga meni yozib qo‘yinglar. To‘rt oy bo‘ldi, uyda bir marta beshbarmoq qilib yeyishga zorman. Kelinlarga aytsam, un o‘lgir yo‘q. Qachongacha qattiq non kamirib, shildir sho‘rva ichib yuraman. Shu umidda ho‘kimatga qirq yil ishlab berganmidim! O‘roq o‘rdim, ketmon chopdim, paxta terdim... Avval-ku, yoshman derdim, endi-chi, endi qariganimda ko‘rgan kunim shumi?!.
Mitti ko‘zlari g‘iltillab yoshga to‘lgan Oltinoy enaning gapi siyosiy tomonga burilib ketayotganini ko‘rgan rais jon alpozda uning gapini bo‘ldi:
— Ena! O‘ylanmang! Hukumat hech qachon siz singari fidoyi insonlarni unutmaydi. Mana, yaqinda o‘zingizdek fidoyi o‘g‘lingizni medalga tavsiya etmoqchimiz.
Keyingi paytlari vinodan bosh ko‘tarmay qolgan traktorchi to‘ng‘ichi Razzoq haqidagi eslatma yuragiga o‘qday qadalgan Oltinoy ena rais tomon o‘qrayib qaradi-da:
— Temir tunukangni o‘zing pishirib ye! Shusiz ham uyda bir hovuchi yotibdi! — dedi dag‘allik bilan. — Men sendan un so‘rayapman, un! Milkimda bitta tish qolmagan. Beshbarmoq yegim kelayapti deb aytdim-ku senga!..
Raisning baxtiga kampirning so‘nggi so‘zlarini olomonning shovqin-suroni bosib ketdi:
— Insof bormi o‘zi, Oltinoy ena?! Biz non uchun un so‘rasak, siz uyalmay beshbarmoq deb o‘tiribsiz... Nonni choyga ivitib qo‘ysangiz, yumshaydi-qoladi... To‘qlikka sho‘xlik qilmang-da endi...
Mung‘ayib qolgan Oltinoy ena sahnani tark etganidan keyin birdan bu joyga chiquvchi talabgorlar ko‘payib qolishdi. Ular endi bir-birlarini itarib-turtib oldinga intilishar va zo‘r berib o‘zlarining haqliklarini isbotlashga harakat qilishardi:
— Men!.. Men!.. Sen to‘xtab tur, nomard!.. Avval men... men...
Borliq shovqin-suronga, baqir-chaqirga to‘ldi. “Sahna” chekkasida turgan, olomonning vajohatidan rangi oqarib, vahimaga tushib qolgan rais beixtiyor bir qadam ortga chekinib, do‘kon devoriga taqalib qoldi.
Og‘zidan ko‘pik sachrayotgan, ko‘zlari olayib ketgan, musht qilib tugilgan qo‘llarini yuqoriga ko‘targan odamlar oqimi baqir-chaqir qilganlaricha rais tomon siljib kelardi.
Xuddi shu lahzada...
— Xaloyiq! — deya xitob qildi gulduragan ovozda Rayim jarchi. — Bir narsani unutibmiz-ku!
Olomon bir lahzaga to‘xtadi. Bundan foydalangan rais o‘zini shartta xavfsiz joyga oldi.
Rayim jarchi gapida davom etdi:
— Ariq qazishga ketganlar esdan chiqibdi-ku! Eshitib qolishsa, bizdan o‘pkalashlari aniq!
Olomon “oh” tortib yubordi. Gap shundaki, katta ariqdan O‘zbekovulga suv keladigan kichik ariq har yili bo‘tana suv oqishi oqibatida bir-ikki quloch loyqaga to‘lib qolardi. Ovul ahli ko‘klam chog‘i hashar uyushtirib, ariqni shu loyqadan tozalashardi. Ana shunda tozalangan ariqdan suv o‘ynoqlab kelib, dalalardagi bug‘doyga ham, paxtaga ham, tomorqaga ham yetardi. Bu yil ham ovulning o‘n besh erkagi ketmonlarini ko‘tarib kecha tongdan ariq tozalashga ketishgan. Bu ko‘pi bilan uch kun davom etadi.
Marvarid checha betini changalladi:
— Juda uyat bo‘libdi-ku...
Birdan olomon hovuridan tushdi. To‘g‘ri-da, ovulning o‘n besh erkagi dalada, ariq tozalab yurishsayu, bular bu yerda ularsiz uch qop ortiqcha unni bo‘lib o‘tirishsa... Yaxshi emas, yaxshi emas...
Jahl, g‘azab, e’tiroz va da’volar olovi birdan pasaydi.
Fursatdan foydalangan rais tashabbusni qo‘liga oldi va e’lon qildi:
— Hoziroq o‘zim odam yuboraman! Xudo xohlasa, ular ertaga ertalab yetib kelishadi. Majlisimizni ana o‘shandan keyin davom ettiramiz.
Odamlar bu taklifga rozi bo‘lishdi.
* * *
Ariq qazishga ketganlar yetib kelishgach, hammasi boshidan boshlandi: baqir-chaqir, e’tiroz, da’vo, iltimos, po‘pisa, pisanda... Bu gal shovqin kechagidan ko‘ra qattiqroq edi — har qalay, o‘n beshta erkakning qo‘shilganligi sezilib turardi. Buning ustiga, qiziq tomoni shundaki, ularning har biriga ham hech bo‘lmasa bir qopdan un kerak bo‘lib turgan ekan-da...
Hali aytib o‘tilganiday, ovulda bir necha urug‘ vakillari istiqomat qilishardi. “Rais falon urug‘dan, baribir o‘zinikilarga yon bosadi” degan qarorga kelgan bir necha o‘zbekovullik kechasi “Adolatsizlikdan, tanish-bilishchilikdan dod!” degan mazmunda kattagina bir shikoyat maktubini yumaloq-yostiq qilib yozib tashlab, tong sahardan “yuqori” idoraga o‘z vakillarini yuborib ham ulgurishgan ekan deng...
Xullas, baqir-chaqir, talashish-tortishish avjiga chiqqan, erkaklarning so‘kinishlariga ayollarning qarg‘anishlari qo‘shilgan, izdihom goh do‘kon eshigiga yaqinlashib, goh uzoqlashayotgan palla qop-qora “Volga-31” mashinasi kelib to‘xtadi. Qora kostyum-shim kiygan, qora bo‘yinbog‘ taqqan “mas’ul xodim”ning mashinadan tushganini ko‘rgan Odil raisning bo‘lari bo‘ldi!
Ammo mas’ul xodim chopqillab kelgan raisning gapini eshitib ham o‘tirmadi. U gerdayib do‘kon yoniga bordi va dami chiqqan pufakday puchmayib, pisib qolgan olomonga o‘shshayib nazar soldi va salomlarga alik ham olib o‘tirmasdan:
— Koroche, gap bunday, — dedi. — Kecha adashib, ovullaringizga uch qop unni ortiqcha ortib yuborishibdi. Demak, boshqa bir joyga shuncha un kam berilgan. Men normadan ortiqcha unni olib ketgani keldim. Qani, mashinaning bagajnigiga joylanglar-chi lishniy unni.
Amaldor kelganidan keyin birdan jonlanib qolgan Odil rais bir ishora qilgan edi, Xidirboyga qo‘shilib yana uch-to‘rt kishi shosha-pisha do‘konga kirishdi va shunday shoshqinlik ila uch qop unni olib chiqib, qora “Volga”ning yukxonasiga joylashtirishdi.
Hamon o‘shshayib turgan amaldor raisning jon halpida aytayotgan “Bir piyola choy” borasidagi taklifini ham eshitib o‘tirmasdan, viqor bilan borib mashinaning orqa o‘rindig‘iga joylashib oldi.
“Volga” quyuq chang ko‘targancha katta yo‘l tomon yelib ketdi.
Olomon hamon sukutda edi.
Axiyri cho‘ntagidan ro‘molchasini olib, terlab ketgan bo‘ynini artgan Odil rais xaloyiqqa qarab anchayin baland ovozda do‘q urdi:
— Bo‘ldi, tarqalinglar! Hammamiz charchadik. Unni ispiska bilan kechqurun, ishdan keyin tarqatamiz.
Olomon yana churq etmadi.
Uf tortib qo‘ygan rais oqsoqlangancha uyiga qarab yo‘l oldi.
Xidirboy shosha-pisha do‘konni qulfladi.
Shundan keyingina hammasi tugaganini, ya’ni ortiqcha uch qop un noma’lum tomonga olib ketilganini anglagan odamlar birin-ketin tarqala boshlashdi...
* * *
Shundan-shunga bekorga kelganlari alam qilgan ekanmi, o‘n besh erkakning birontasi qaytib ariq qazishga bormadi. Ular yotib olib vinoxo‘rlikka berilishdi va kunu tun o‘sha uch qop un haqidagi xabarni “yuqori”ga kim yetkazgani haqida taxmin qilishga o‘tishdi. Bu mavzu ayollar og‘zida ham saqichga aylandi. Ammo “Men yozgan edim!” yoki “Men xabar bergan edim!” deydigan mard topilmadi...
Xullas, o‘sha yili ariq qazilmay qolib ketdi. Natijada suv ozginagina maydondagi kuzgi bug‘doyga ham, g‘o‘zaga ham yetmay qoldi.
Vaqti kelib o‘sha ozgina maydondagi yangi bug‘doy pishdi. Ammo Karomat xola bashorat qilganchalik hammayoq “sen je, men je” bo‘lib ketmadi — qonib suv ichmagan g‘allaning hosildorligi past edi... O‘zbekovul ahli yana umid ko‘zini hukumat beradigan “talon”ga tikdi...
Ammo... ong-shuurda, tafakkurda, qalblarda nedir o‘zgarishlar, evrilishlar yuz bermoqda edi. Va tez orada O‘zbekovul osmonida chaqinlar chaqdi...
* * *
Oradan shuncha yillar o‘tib ketdi.
Oliya momoning yetti muchali, ya’ni ming oy umr ko‘rgani nishonlanayotgan ekan, shunga chaqirib qolishdi.
O‘zbekovulga bordim.
Qishloq eniga ham, bo‘yiga ham kengayibdi. Keng, ravon yo‘llar bo‘yida shunday uylar qurilibdiki, qasr deysiz.
Karomat xolaning biz tengi o‘g‘li Nodir bilan ancha gurunglashib o‘tirdik.
Nodir kattagina fermer xo‘jaligi raisi ekan. Yuz gektarga yaqin g‘allasi, paxtasidan tashqari ikkita tegirmoni, non tsexi, biofabrikasi, chorvachilik kompleksi bor ekan. Shu kunlari kompyuter o‘quv markazi ochish tashvishida yurgan ekan.
Gap orasida beixtiyor o‘sha og‘ir to‘qsoninchi yillar boshini, O‘zbekovulni junbushga keltirgan uch qop un mojarosini esladik.
Nodir maza qilib kulib oldi:
— E, jo‘ra, u zamonlar o‘tib ketdi. Odamlar allaqachon tekin baliq so‘rashdan ko‘ra, baliq tutishni o‘rganish kerak ekanligini bilib olishgan...
Rosti, shu kuni O‘zbekovulda yuz bergan o‘zgarishlarni ko‘rib, ham rosa hayratlandim, ham quvondim. Balki shu yoqimli tuyg‘ular ta’siridadir, uch qop un voqeasi xuddi o‘tmish zamonlardan qolgan bir ertakdek tuyulib ketdi...