OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Hayot endi boshlanadi (hikoya)

Jo‘ramning ismi Toshkentboy.
Balki poytaxt sharafiga qo‘yilgani sabablidir, bir eshitgan odamning yodidan chiqmasdi bu ism. Ustiga-ustak, jo‘ramning tug‘ilgan kuni ham esdan ko‘tarilmaydigan sanalardan edi: 29 fevral. Yili, adashmasam, 1964 edi.
Ko‘plar bunday ot olishining sababini so‘rab qolishardi, albatta. Javob esa juda jo‘n edi. Uzoq Nurota tog‘larining orasidagi do‘ppidekkina qishloqda tug‘ilgan chaqaloqqa uning otasi Keldiyor aka yaxshi niyatlar bilan, yanada aniqrog‘i:
 Katta bo‘lsa Toshkentni egallasin, ka-atta odam bo‘lib yetishsin, deya qo‘ygan ekan bu ismni. 
Bu fikr bolaligidan jo‘ramning miyasiga o‘rnashib qolgan shekilli, maktabda o‘qib yurgan chog‘larimiz, goho-goho har kim o‘zining bolalik orzusini aytib qolgan chog‘lari, u hech ikkilanmasdan:
 Maktabni bitirsam, Toshkentga boraman, derdi-qo‘yardi.
Biz ham bu fikrga chippa-chin ishonardik.
Zero, jo‘ramiz matematika fanida hammamizdan peshqadam edi.
Biz hatto hayron qolardikki, bu allaqanday formulalaru, teorema-aksiomalar orasida Toshkentboy nimani tushunadi deb. Ammo u tushunardi. Tushunish ham gapmi, barcha masala-misollarni sharillatib yechib tashlayverardi. 
Shu sababli bo‘lsa kerak, Toshkentboyning matematika daftari sinfdoshlar orasida talash edi ko‘pchilik undan birinchi bo‘lib uy ishini ko‘chirib olishga shoshardi. Bu fandan oyda bir marta o‘tkaziladigan nazorat ishlari chog‘i-ku, Toshkentboy bechoraning yonidagi, orqa-oldidagi partalarga o‘tirishin istovchilar chunonam ko‘payib ketardiki... Ona tomondan qarindoshchiligimiz borligi bois bunaqa paytlari men xeshligimizni pesh qilgan holda daftarimni birinchi bo‘lib tutib turaverardim. Toshkentboyga esa kimning misolini yechib berishning sira ahamiyati yo‘qday edi: faqat matematik amal bajarishga mo‘ljallangan mashinaday, daftar ustiga engashib olgancha yozaverardi, yozaverardi.
Aynan matematika sababli Toshkentboyning maktabda ham obro‘yi baland edi. Chunki u shu fandan o‘tkazilgan olimpiadalarda tumanda birinchi o‘rinni, viloyatda esa ikkinchi o‘rinni olib qaytgandi.
Xullas, Toshkentboy jo‘ramizning kelgusida Toshkentga o‘qishga borishiyu, institutga o‘z kuchi bilan kirib, oxir-oqibat poytaxtni egallashini biz ham isbot talab qilmaydigan aksioma sifatida qabul qilardik.
Tez orada maktabni ham bitirdik. Hammasi o‘tdi: ilk muhabbat ham, ilk uchrashuvlar ham, qizlarga pinhona maktub yozishlar ham, kechalari o‘pkadan dudlar chiqib “oh”lab chiqishlar ham...
Hayot shu ekan-da...
Darvoqe, Toshkentboy kamgap edi. O‘tirishlarda ham qadah so‘zi berganimizda chaynalib, ezilib o‘tirmas, gapni juda qisqa qilar, nari borsa:
 Hamma sog‘ bo‘lsin, deb qutulardi. 
Shu sababli Toshkentboyga ovqat suzilgan mahallari qadah so‘zi berishni xush ko‘rardik taom sovib qolmasligi uchun. 
Toshkentboy jo‘ramizning ozgina soddaligi bor edi. Kim nima desa ishonib ketaverardi. Yodimda, sinfimizdagi xushro‘ygina bir qizning nomidan maktub yozib, uni uchrashuvga taklif qilgandik. So‘ng kech mahal kiyimlarini dazmollab, ustiga arzon atir sepib va’dalashilgan joyga yetib kelgan Toshkentboyni o‘zimiz kutib olib, rosa mazax qilib kulgan edik. 
Jo‘ramiz oilada to‘ng‘ich farzand edi. Mol-holga qarash, dala ishlari bilan bo‘lib ko‘pda bizning o‘tirishlarimizga ham kelolmasdi. Holbuki, jo‘ramiz shu yoshida oshqozon xastaligiga chalinib ulgurgan edi. Kuchli ovqat yeya olmas, ko‘pincha oshqozonini changallab o‘tirib qolar, tez charchar, ozgina ishlashi bilan terga ko‘milardi. Bir-ikki marta do‘xtirga borishni maslahat bergan bo‘ldik, u ham ko‘nganday bo‘ldi, ammo, o‘zbekchilik, “ertaga” degan va’daning oxiri ko‘rinmaydi, vaqt esa yetishmaydi...
Maktabni bitirishimiz munosabati bilan o‘tkazilgan kechada ham osh suzilgan mahal Toshkentboyga so‘z berildi. O‘z odatiga sodiq qolgan jo‘ramiz gapni bu safar ham kalta qildi. Faqat... negadir Toshkentboy hammaga sog‘liq-salomatlik tilash bilangina kifoyalanmadi, balki:
 Qani, oldik, dedi allanechuk ko‘tarinki ohangda. Hayot endi boshlanadi...
To‘g‘risi, shaxsan o‘zimga bu qadah so‘zi sal erishroq tuyuldi. Yo‘q, gap jumlaning jimjimadorligida emasdi. Zingil solib qarasam, bir nechta sinfdosh o‘g‘il bolalar ham ensalari qotib lab burib turishibdi. Bu bejiz emasdi-da. Ilk muhabbat atalmish his-tuyg‘ular girdobida o‘ralashib, o‘zimiz ko‘ngil qo‘ygan qizning qo‘liga tasodifan qo‘limiz tegsa yettinchi qavat osmonda sayr etib, mast-alast odamday entikib-hapriqib yurgan kezlarimiz edi. Nazarimizda, maktab tugashi bilan hayot ham tugaydiganday edi. Axir, endi hamma har tomonga tarqalib ketadi... Shu bois chekka-chekkaga o‘tib, ko‘z yoshi to‘kib olayotgan birodarlarimiz qancha edi... O‘n yil birga o‘qigan sinrfdoshar bilan ajralishning o‘zi bo‘ladimi...
Shunga qaramasdan, gurillab jo‘ramizning gapini ma’qullagan bo‘ldik. 
Shu-shu Toshkentboy jo‘ramizning “Hayot endi boshlanadi” degan gapi esda qoldi. 

* * *
O‘sha paytlar rasm bo‘lgan tartibga ko‘ra o‘n kun dalada ishlab berdik, shundan keyin attestatimizni qo‘limizga tutqazishdi. Shosha-pisha sog‘lig‘imiz to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma olishga kirishdik.
Qarasam, Toshkentboy ma’lumotnomasiga “Universitetga” deb yozdiribdi. 
 Matfakka, dedi jo‘ram savolimga javoban. 
Biz buni ham odldiy aksioma yanglig‘ qabul qildik.
Hatto, to‘g‘risini aytay, birontamiz undan “Tankang” bormi?” deb so‘rab ham o‘tirmadik. Zero, shuncha bilimi bor bola o‘qishga o‘z-o‘zidan, o‘z kuchi bilan kirib ketadiganday edi. Buning ustiga Keldiyor akaning ahvoli hammamizga ma’lum, bolasi uchun uch-to‘rt mingni sanab beradigan holi yo‘q... 
Ko‘pchiligimizning yodida bordir, u paytlari oliy o‘quv yurtiga to‘rtta kirish imtihoni bo‘lardi.
Men Toshkentboyning o‘qishga kirolmaganini aytsam unchalik ajablanmassiz. Ammo, bizni hayratda qoldirgani shu bo‘ldiki, jo‘ramiz matematika fanidan yozma imtihonda “3” olibdi.
Bunga esa sira ishonib bo‘lmasdi...
Ammo ishonmaganda qaerga borardik...
Qisqasi, Toshkentboy jo‘ramiz mandatdan o‘tolmay, eski jomadonini ko‘targancha qishloqqa qaytdi. 
Keldiyor aka sovxozda brigadir edi, poytaxtdan bosh egib qaytgan o‘g‘lini darhol dalaga chiqargan.
Biz, ochig‘ini aytay, bir amallab yoki tanish-bilish orqali o‘qishga kirib olganlar, ommaviy ravishda paxtaga jo‘nab ketish oldidan qishloqqa, issiq kiyimlarimizni olib ketishga keldik.
Ana o‘shanda ko‘rib qoldim Toshkentboyni.
Bir kabinasi olib tashlangan, uch g‘ildirakli eski “X4” traktorini haydab kelayotgan ekan. Meni ko‘rib to‘xtadi.
Har qalay, changga-moyga belangan ust-boshidan istihola qildimi, qo‘lining uchini berib so‘rashish bilan kifoyalandi. So‘ng, hol-ahvol so‘ragach, o‘qishga o‘tganim bilan tabrikladi.
Gerdayib, sal tepadan kelgan ko‘yi maslahat bergan bo‘ldim:
 Sen bu yerda moyga botib yuravermay, ilojini topib podkursga kirib ol. Kallang bo‘lsa bor...
“Kallasi bor” jo‘ram gaplarimni ma’qullab bosh irg‘ab turdi.
Yosh edim, o‘qishga o‘tib olganligim bois andak havoyiligim ham bor edi, shu sababli og‘zimga kelgan gapni o‘ylab o‘tirmasdan aytib yubordim:
 Bunday kiyim-boshda Toshkentni egallab bo‘lmaydi, jo‘ra... 
Toshkentboy bu gapimni ham ma’qullab bosh irg‘ab qo‘ydi. 
Shu bilan xayrlashdik. 
Paxta terishga qo‘shni tumanga keldik. 
O‘ttiz kun tilidan zahar tomadigan, har ikki gapning birida “Institutdan uchirib yuboraman!” deb do‘q-po‘pisa qiladigan bir o‘qituvchi rahbarligida eshshakday ishlagach, avval uch kun yomg‘ir ostida qoldik, keyin yomg‘ir qorga aylandi.
Muzday shiyponda yotibmiz. Sovuq suyak-suyagimdan o‘tib ketgan.
O‘zi sovuqqa yo‘qman. 
Oxiri chiday olmadim. 
O‘qituvchilar almashib, keksaroq bir o‘qituvchi bizga rahbarlik qila boshlagach, shu kishidan bu yerdan atigi olti chaqirim naridagi uyimga borib kelishga izn so‘radim. 
Baxtiyor aka ismli sochlari oppoq, muloyim bu o‘qituvchi meni shiypon tashqarisiga olib chiqdi, bir bo‘ralab yog‘ayotgan qorga, bir tizza bo‘yi loy yo‘lga qarab, o‘ylanib turgach:
 Bu ahvolda uyga qanday yetib olasiz? dedi.
Men esa, javob bo‘lsa bas, uyga qanot bog‘lab uchadigan, qanotim ho‘l bo‘lib qolsa, emaklab ham boradigan ahvolda edim. 
Baxtiyor aka ahvolimni tushundi shekilli:
 Bu yoqqa yuring-chi, dedi.
Shiypon yonboshidagi ayvon ostida Baxtiyor akaning yigirma yillik shaloq “Gaz-21” mashinasi turar edi. 
Domla mashinaga o‘tirib, meni yoniga chaqirdi.
Hayron bo‘lib, kabinaga kirdim.
Bu mashina emas, traktor, yo‘q, haqiqiy tank ekan.
Xullas, “Gaz-21” vorillab-porillab, loylarda toyib-qiyshayib, kuchanib oldinga intilib, xullas, bizni katta yo‘lga chiqarib qo‘ydi. 
Baxtiyor aka ajoyib odam ekan. Meni qishlog‘imiz boshiga qadar olib borib qo‘ydi-da:
 Qor to‘xtagandan keyin yerlar sal selgishini kuting, keyin barakka qayting, dedi.
Men yurak yutib so‘radim:
 Ungacha... javob berib qolishmasmikin...
Domla ma’yus kulimsiradi:
 Respublika to‘lmaguncha studentlarga javob berilmaydi... Televizorda svodkani kuzatib turing. Kuniga bir yarimdan berayapmiz, ajab emas yana o‘n kunlardan keyin planni bajarib qo‘ysak...

Baxtimga, qor yana uch kun tinmadi. Tilinib-shilinib, qop-qorayib ketgan qo‘llarimni qayta-qayta isssiq suv solingan tog‘orada ilitdim, o‘zim bo‘lsa issiqqina tanchaning ostidan chiqmayman.
Ishqilib, ikki kun deganda odam bo‘ldim.
Ana shunda jo‘ram Toshkentboyning viloyat markazidagi shifoxonaga tushib qolganini eshitdim.
Hamishagiday, xasta oshqozoni pand beribdi. Kombaynda paxta terayotgan ekan. Rulni buraman deb zo‘riqqan shekilli. Axir bahaybat mashinani boshqarishning o‘zi bo‘ladimi... Buning ustiga u paytlar butifos degan balo bor edi. Jo‘ram bo‘lsa daladan beri kelmaydi. Samolyotda bir yilda necha marta dori sepilsa, har safar dori dalada bayroq ushlab turgan...
Onamning bir-ikki dakkisidan keyin noiloj shifoxonaga bordim.
To‘rt kishilik palataga beshta karavot joylashtirilgan. Mana shu ortiqcha, shundoq eshikka qadalib turgan karavotda yotgan ekan jo‘ram.
Toshkentboy negadir qop-qorayib ketibdi. Holsiz. 
Hol-ahvol so‘radim.
 Ichimga o‘ziyam uch metr shlang tiqishdi, dedi u hazillashgan bo‘lib.
 Ishqilib, endi yaxshimisan? dedim.
Jo‘ram iljayishga urindi.
 Ko‘z tegmasin, otdayman. 
 Otday bo‘lda, jo‘ra, dedim unga dalda berishga urinib. Hali sen ne-ne shaharlarni egallashing kerak.
 To‘g‘ri, dedi Toshkentboy gapimni ma’qullab bosh irg‘arkan. So‘ng mutlaqo xotirjam tarzda qo‘shib qo‘ydi: Hayot endi boshlanadi...
Men bu bayonotga nima deb munosabat bildirishni ham bilmay qoldim. Hazillashyaptimi, deb razm solaman, yo‘q, jo‘ramning ko‘rinishi jiddiy. Lablari shaxd bilan qimtilganiga, ko‘zlari bir nuqtaga qadalib turganiga qaraganda o‘ta jiddiy.
Shu sababli gapni boshqa yoqqa burishni ma’qul ko‘rdim:
 Eng muhimi, yaxshilab tuzalib ol... Qolgani bir gap bo‘lar...

* * *
Qor tindi, erib ham ketdi. Hammayoq bilch-bilch loy. Kun sovuq. Bunday sharoitda shiypondagi bolalarning qay ahvolga tushganini o‘ylab ezilaman. Qaytib borishga esa yuragim dov bermaydi. Bormaslikning ham iloji yo‘q. Axir, o‘qishdan haydab yuborishlari mumkin...
Shunday ikkilanib yurgan kunlarimning birida Toshkentboyning shifoxonadan uyiga qaytganini eshitib qoldim. Yana onamning qistovi bilan Keldiyor akanikiga bordim.
Ancha ozib qolgan jo‘ram bilan quchoqlashib ko‘rishdik.
Bir piyola choy ustida uyoq-buyoqdan gurunglashib o‘tirdik. 
Tashqaridan mashinaning cho‘ziq signali eshitilib qoldi. Ikkovlon shoshib derazadan qaradik.
Darvoza yonida butun tumanga mashhur qora “Villis” turardi. Bu qo‘ng‘izga o‘xshash mashinani ayniqsa ota-onalaru yosh yigitlar yaxshi bilib olishgan. Zero, qora “Villis” tuman “voenkomi”ning, ya’ni tuman harbiy komissarligi boshlig‘ining xizmat mashinasi edi. 
Hovlida kuymalanib yurgan Keldiyor aka shoshib mashina yoniga bordi. 
“Villis”dan tushgan katta shapkali harbiy kiyimdagi kishi bir nimalar deb baqirdi. Men tanidim, uni o‘ninchi sinfda o‘qib yurgan kezlarim, tuman markaziga tibbiyot ko‘rigidan o‘tgani borganda ko‘rgandim. Doimo qovoq solib, o‘shshayib yuradigan, gapirganda ham jerkib, ruscha gapiradigan bu basavlat odam ma’lumu mashhur “voenkom” Tog‘aboev edi.
Asta derazani ochdim.
Odatiga ko‘ra Tog‘aboev rus tilida do‘q urmoqda edi:
 Sizga ikki soat muhlat!.. Mashina kelib olib ketadi!.. Bir minut ham ortiq berolmayman!.. Qanaqa shifoxona? O‘g‘lingiz mutlaqo sog‘lom! Qo‘limda tibbiyot kartasi turibdi!.. Harbiy xizmat bilan hazillashmang!.. O‘g‘lingni topmasang, ustingdan jinoiy ish ochdirib, qamattirib yuboraman! Bu mening qo‘limdan keladi! Men kerak bo‘lsa raykomingga bo‘ysunmayman!..
Mashina eshigi qarsillab yopildi. “Villis” gurillab oldinga intildi.
Darvoza yonida bir lagan loyday bo‘shashib qolgan Keldiyor akaga bir qarashdanoq hammasini tushundim: Toshkentboyni armiyaga olishmoqda edi. 
Yodingizda bordir, o‘sha paytlari askarlar Afg‘onistonga yuborilayotgandi... Shundan qo‘rqdimi, sho‘rlik...
Qudratli “voenkom”ning aytgani-aytgan, degani-degan paytlar...
Qolgani juda tez, hovliqish va shoshilish tarzida o‘tdi. 
Keldiyor aka chopib kelasola hovli adog‘idagi molxonadan ozg‘ingina bir tanani yetaklab chiqarkan, derazadan mo‘ralab turganimni ko‘rib qolgach, menga qarab baqirdi:
 Chop, Norjigitni topib kel.
Shu ko‘chada turadigan Norjigit aka qishloqning old qassoblaridan edi. 
Men Norjigit akaning uyi tomon oshiqdim.
Bir soat ichida tana so‘yildi, qaydandir paydo bo‘lib qolgan beminnat hasharchilar yordamida ikkita uyga joy qilindi, sandiqda yotgan mayiz-parvardalar dasturxonlarga sochildi, Maryam xola qo‘shni ayollar bilan tandir-tandir patir yopishga kirishib ketishdi. Kim do‘konga chopgan, nasiyaga ikki yashik aroq olib kelgan...
Axir, hazil gapmi, oilaning to‘ng‘ichi Toshkentboy armiyaga ketmoqda edi.
Shifoxonadan so‘ng ozib-to‘zib ketgan, darmonsiz Toshkentboyning o‘ziga katta las choponga o‘ralib olgancha mehmonxonaning to‘rida o‘tirar, keksa-yosh maslahatchilarning armiyada o‘zini qanday tutishi kerakligi, “starik”lar bilan qanday olishish lozimligi xususidagi bosh-keti yo‘q, ayni paytda biri-biridan vahimali maslahatlarini odatiga ko‘ra bosh silkib-bosh silkib eshitardi. 
Xayriyatki, xonadonda biron marta bo‘lsin “Afg‘oniston” so‘zi tilga olinmadi.
Ikki soat ichida aroqning bari ichib bo‘lindi, hatto yetmay qolib, yana o‘n shisha qarzga ham olib kelindi. Vaqt ziqligi bois qaynatma sho‘rva qilinmadi, Norjigit akaning o‘zi go‘shti hil-hil pishgan qovurdoq tayyorlabdi. Taomni mehmonlar maqtab-maqtab yeyishdi. 
Tog‘aboev “voenkom” o‘zi tayinlab ketganiday, ikki soatda emas, ikki yarim soatda yana o‘sha qo‘ng‘izga o‘xshash qora “Villis”ida yetib keldi. 
Mashina ichida Toshkentboy tengi yana bir yigitcha ko‘zlari jovdirabgina o‘tirardi. 
Tog‘aboev ichib olib, sal dadillashgan mehmonlarning shunchalik yalinib-yolvorishlarga qaramay ichkariga kirmadi, joyida o‘shshayib o‘tiraverdi. 
Toshkentboyni boyagi jovdirab turgan yigitcha yoniga o‘tqazishdi. O‘g‘li orqasidan intilgan Keldiyor akaga qarab Tog‘aboev bir o‘qraygan edi, dami ichiga tushib ketgan ota joyida qotdi-qoldi. 
Men hali eshik yoniga borib, jo‘ramga:
 Yaxshi bor, deyishga ulgurdim.
Toshkentboy menga... alanechuk xursand bo‘lib qaradi va:
 Armiya... yaxshi, dedi. So‘ng mamnuniyat bilan qo‘shib qo‘ydi: Hayot endi boshlanadi...
Keldiyor aka o‘krab yig‘lab yubordi, Maryam opa izilllab eriga jo‘r bo‘ldi...
 Prekratit! 
“Voenkom”ning qahrli, guldiragan ovozda bergan buyrug‘idan so‘ng birdan hamma jim bo‘ldi-qoldi. 
Tog‘aboev anqayib qolganlarga yana bir bor o‘qrayib qaradi-da, haydovchiga o‘girilib, navbatdagi buyrug‘ini berdi:
 Poexali.
“Villis” ketdi.
Mashina muyulishdan qayrilib, ko‘zdan yo‘qolgandan so‘nggina o‘ziga kelgan Keldiyor aka yana o‘krab yig‘lab yubordi, Maryam xola yana izilladi...
Ozgina ichib, sal kayf bo‘lgan, ko‘zlari suzilib borayotgan Norjigit qassob Keldiyor akani quchoqlab olgach, chayqalgan ko‘yi dedi:
 Moshin mendan, haydaydigan mard bormi? Oblsentrga borib, Toshkentboyni kuzatamiz.
Elchilik, mehmonlar ichida ichmagan, buning ustiga haydovchilik guvohnomasiga egalar ham bor ekan. 
Xullas, eski “Moskvich”ga olti kishi o‘tirib ular safida Keldiyor aka bilan Maryam xola ham bor edi viloyat markaziga, Toshkentboyni armiyaga kuzatgani ketishdi.
Kelib, bo‘lgan voqeani aytib bergandim, achinish bilan o‘ylanib qolgan onam lab tishlab turdi-turdi-da, so‘ng ishonch bilan:
 Kambag‘alning bolasi-da, kambag‘alning bolasi, dedi. Bo‘lmasa kecha balnisadan kelgan bolaga armiyada nima bor? Birovning o‘rniga ketgan bu, birovning o‘rniga... Biron amaldor Tog‘aboevning og‘zini moylagan-da, bolasini olib qolgan... O‘rniga bir bechorani yuborgan bu uying kuygur...

* * *
Oradan ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tdi.
Toshkentboy xizmatni Uzoq Sharqda o‘tadi. Undan ikki-uch marta xat oldim, bir marta javob ham yozdim shekilli. Bir maktubida u uch oyga yaqin harbiy qism shifoxonasida davolanganini, ichiga “aniq olti metr shlang yutganini”, shifoxonada yotganida matematika bo‘yicha ruscha kitoblar o‘qiyotganini yozgani esimda bor.
Yangi yil arafasida qishloqqa kelib, onamdan Toshkentboyning allaqachon armiyadan qaytganini, shu kunlarda esa otasining o‘rniga brigadir bo‘lib, dalada yaxob suvi qo‘yayotganini eshitib qoldim. 
Kech mahal ko‘chada jo‘ramning o‘zini uchratib qoldim.
 Amallar maborak! dedim quchoqlashib ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashganimizdan keyin. Hammasini qo‘shib yuvarkanmiz-da. 
 Rahmat, dedi iljayib jo‘ram. Otam qarib, ancha o‘zini oldirib qo‘yibdi. Bu yoqda ukalar katta bo‘layapti.
Darvoqe, Toshkentboyning sakkkizta uka-singlisi bor edi. Shu esimga tushib, beixtiyor tilim uchida turgan savolni berdim:
 Nima, o‘qishga borish niyating yo‘qmi? Hozir ham podkurs kech emas, armiyadan keyin indamay olishadi...
Jo‘ram ma’yus kulimsiradi:
 Sakkizta uka... Bari yeyman-ichaman degan payti... Men o‘qishga ketib qolsam, kim ularni boqadi? 
Bu savoldagi temir mantiq meni o‘ylantirib qo‘ydi.
 Matematika... shahar... deya chaynaldim men.
Toshkentboy jilmayib qo‘ydi.
 Matematika qochib ketmas... Keyin... hamma shaharga ketaversa, podani kim boqadi?
 Har qalay, kuning podaga qolmagandir, dedim men hazil qilishga urinib. 
 Yo‘q, dedi jo‘ram kiyib olgan rezina etigiga ishora qilib. Otamning o‘rniga brigadir bo‘ldim... O‘zing ayganday, amaldorman... Rostini aytsam, yaxshi ish. Buning ustiga...
Shu safar men jo‘ramdan ilgariroq otni qamchilab qoldimu, Toshkentboy aytmoqchi bo‘lgan gapni aytib qo‘ya qoldim:
 ... Hayot endi boshlanayotgan bo‘lsa...
Toshkentboy kulib yubordi:
 To‘g‘ri, hayot endi boshlanadi...
“Amaldor” jo‘ram bilan shu yerda xayrlashdik. 
To‘g‘ri, ertasi kuni odatimiz bo‘yicha uni “choy”ga chaqirdik, uy to‘la mehmonlar bilan qo‘shilishib, aroq ichdik. Ammo jo‘ram bilan iki og‘iz gaplashishga ham fursat bo‘lmadi.
Oila davrasida o‘tgan yangi yil bayramidan keyin esa o‘qishga qaytib ketdim.
Keyingi yili Toshkentboy jo‘ram uylandi. 
Maryam xola turib olibdi: “Tezroq uyga bir yordamchi olmasak, bir o‘zim shuncha bolani hech eplay olmay qoldim...” Kelinni ham onaning o‘zi topibdi. Qarindoshining qizi ekan. Oyoq-qo‘li chaqqongina, uy ishlarida sochi supurgi, qo‘li kosov emish.
O‘qishdan amaliyotga ketayotganligim bois to‘y arafasida borib Toshkentboyni tabrikladim.
Jo‘ram yanada ozibdi, qorayib ketibdi, ko‘zlari kirtayib qolibdi, biqinini ushlab-ushlab qo‘yishiga, ko‘zlari ostida paydo bo‘lgan qoramtir halqachalarga qaraganda sog‘lig‘i ham yaxshiga o‘xshamaydi. 
Toshkentboy qutlovlarimni yerdan ko‘z uzmagan ko‘yi, indamay eshitdi. Nihoyat boshini ko‘tarib menga kulimsirab qarab turditurdi-da, oxiri:
 Uylanish yaxshi, dedi. Mana ko‘rasan, haqiqiy hayot endi boshlanadi...
Chin gapim, men shunday bo‘lishini juda-juda istadim...
Ammo hayot deganlari beshafqat ekan...

* * *
Bir-birini quvib yillar o‘tdi.
Hayot ekan, har kimning o‘z tashvishi, o‘z quvonchi bor. 
O‘qishni bitirib, men ham o‘z tashvishlarimga andarmon bo‘lib ketdim. 
Xudoga shukr, sevib uylandim, farzandlarim bor. 
Ba’zan, fursat topilganda so‘rab-surishtirib qolaman, gohida onamdan eshitib qolaman, har tugul, Toshkentboy haqida u-bu gaplardan voqif bo‘laman.
Toshkentboy jo‘ram o‘tgan o‘n yildan ortiqroq vaqt mobaynida juda qattiq ishladi. U yetti uka-singlisini uyli-joyli qildi, hammasining to‘yini birovnikidan kam qilmay o‘tkazdi. Eshitishimcha, har safar, biron ukasi yoki singlisining to‘yini ytkazgach, juda xursand ahvolda: “Qutuldim. Xudoga shukr. Hayot endi boshlanadi”, der ekan.
Ammo ko‘pi bilan bir haftadan keyin navbatdagi to‘y tashvishi xonadonga asta kirib kelaverarkan...
Yilda bir-ikki marta biron to‘y yoinki ma’rakada uchrashib qolardik jo‘ram bilan.
Balki adashayotgandirman, ammo Toshkentboy ko‘z o‘ngimda ado bo‘lib borayotganday edi. Ish, ish va yana ish... Jo‘ramning bilgani shu edi go‘yo. Uchta farzandli bo‘ldi. Ammo qachon izlasam jo‘ram dalada bo‘lardi. Yoz-ku, tushunarli, ammo qishda ham uni daladan topish aniq edi. 
Men aniq bilardim, bu yillar mobaynida Toshkentboy biron marta bo‘lsin shifoxonada yotmadi, kurortlarga, sanatoriyalarga bormadi. Zero, bunga uning vaqti ham yo‘q edi. U ishlardi, tinmay ishlardi...
Taqdir hazilini qarang. Toshkentboy jo‘ram o‘n yildan oshiqroq vaqt mobaynida brigadirlik qilgan, har yili rejasini oshirib bajarib kelgan yuz gektar yerga tumandagi kattaroq bir amaldorning jiyanining ishqi tushib qolibdi. 
Fermerlik harakati paydo bo‘la boshlagach, tender o‘tkazilibdiyu, jo‘ramning yeriga da’vogarlik qilayotgan amaldorning jiyani “Men oliy ma’lumotliman” deb falon ball olibdi, “Mening shaxsiy traktorim bor” deb yana falon ball olibdi, “Mashnam bor” deb yana ball olibdi, xullas, Toshkentboyga ko‘ra ko‘proq ball yig‘ibdi-da, tender komissiyasi qaroriga ko‘ra yerni olibdi-qo‘yibdi.
O‘ziyam serhosil, suv boshidagi yer ekan. 
Har yili Toshkentboy jo‘ram tonnalab mahaliy o‘g‘itni aravada tashigani, vaqtida yaxob suvi berib turgani uchun yer sho‘rlash nimaligini bilmagan, hosildorligini esa oshirsa oshirganki, yo‘qotmagan.
Kambag‘alning ovi yursa ham, dovi yurishmas.
Osmondan tushganday to‘satdan paydo bo‘lib qolgan yangi xo‘jayin jo‘ramning bu dalada ishlashiga ro‘yxo‘shlik bildirmaydi. 
Toshkentboy jo‘ram yerga astoydil mehr qo‘ygandi, yerga bog‘lanib qolgandi. 
Jo‘ram kasal bo‘lib yotib qoladi.
Qo‘rqib ketgan mushtipar xotin do‘xtir chaqiradi.
Do‘xtir jo‘ramga tuman markazidagi shifoxonaga yo‘llanma yozib beradi.
Yo‘llanma bir hafta deraza raxida yotadi.
Nihoyat ahvoli og‘irlasha boshlagan, uzluksiz issig‘i chiqib, g‘arq terga botayotgan Toshkentboyni qo‘ni-qo‘shnilar majburlab mashinaga yotqizib, shifoxonaga olib kelishadi.
Bu yerda jo‘ramni ikki haftaga yaqin davolashadi. Uyidagilar, uka-singillar Toshkentboyning holidan xabar olib turishadi.
Axiyri bu xabarni men ham eshitib qoldim va shifoxonaga bordim.
Palataga kirib, Toshkentboyni ko‘rdimu, qo‘rqib ketdim.
Bir burdagina bulib qolibdi-ku, sho‘rlik...
Gap so‘rasam, ma’yus kulimsiraydi, ahvolidan gap ochsam:
 Yaxshi... deb qutuladi. 
Shunday keyin asta tashqariga chiqdim va uka-singillardan so‘ray-so‘ray, bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlarni bilib oldim. 
Jahlim chiqdi. Palataga, Toshkentboyning oldiga kirib:
Shuncha g‘avg‘o bo‘libdi, nega menga bir og‘iz aytmading? dedim.
Jo‘ram kulimsirashga urinarkan, ko‘zlari g‘iltillab:
Seni... bezovta qilgim kelmadi... dedi.
Shundan keyin unga yotig‘i bilan gap uqdirishga urindim:
Tong saharda ishga ketasan, jo‘ra, yarim oqshomda qaytasan. Yoz demaysan, qish demaysan, qachon qarasang ish, ish, ish... Bunaqa hayotning... bunaqa hayotning onalarini palon qilsang arziydi... Qo‘y o‘sha yerni, sen ham bunday odamga o‘xshab dam ol, hordiq chiqar, bolalaringni shaharga olib bor, aylantir... Balki o‘sha yerni sendan olib qo‘yishgani yaxshi ham bo‘lgandir bir tomondan... Balki hayoting endi boshlanar...
Toshkentboy menga diqqat bilan tikilib, pichirladi:
Yo‘q, yomon bo‘ldi... Bola-chaqani shuning orqasidan boqib turibidim...
Men bo‘sh kelmadim:
Lekin qanday boqayotganding? Yashashdan maqsad bola-chaqa uchun o‘lib-tirilib bir burda non topish, xolosmi? O‘zing qachon odamga o‘xshab yashaysan... Axir umr o‘tib borayapti. Dunyoga bir marta kelasan...
Xullas, yarim soatcha baqirib-chaqirib, o‘zimcha jo‘ramga nasihat o‘qigan bo‘ldim.
Jo‘ram gaplarimni indamay eshitdi. Faqat bir marta, men gap orasida: “Kerak bo‘lsa yeringni qaytarib olib berishim mumkin” degan mahalim menga yalt etib qarab qo‘ydi.
Xayrlashmasdan ham tashqariga chiqdimu, bosh shifokorni topib, jo‘ramga yaxshi qaramagani uchun xumordan chiqquncha so‘kdim.
Shu bilan o‘zim o‘zimdan mamnun bo‘lgan ko‘yi uyga ketdim. 
Oradan uch kuncha vaqt o‘tib, Toshkentboyning og‘irlashganini aytishdi. Avvaliga ishonmadim. Nazarimda, shuncha yil uzluksiz davom etgan og‘ir jismoniy mehnatdan so‘ng nihoyat shifoxona palatasida bo‘lsa hamki dam ola boshlagan jo‘ram qisqa fursat ichida mutlaqo sog‘ayib, hayotga boshqcha ko‘z bilan qaray boshlashi kerak edi. 
Kechga yaqin, ishdan chiqib shifoxonaga bordim.
Jo‘ramga alohida palata berganini tinmay ta’kidlayotgan bosh vrach uning sog‘lig‘i xususidagi savolimga javoban qo‘llarini ikki yonga yozgan ko‘yi bosh chayqarkan:
Kasallik o‘tib ketgan ekan, dedi hamdardlik ohangida. Lekin nimanidir kutayapti bechora...
Palata shinamgina ekan. Hatto to‘mba ustida mo‘’jazgina televizor ham bor.
Bir qarashdayoq uxlab yotgan jo‘ramning ahvoli yanada og‘irlashganini angladim.
Bemorning oppoq bolishi tagida qandaydir kitobning bir cheti ko‘rinib qolganday bo‘ldi. Sekin egilib, kitobni oldim. Bu matematika bo‘yicha darslik edi...
Tomog‘imga nimadir tiqilganday bo‘ldi.
Nogoh Toshkentboy seskanib ko‘z ochdi.
Uning nigohidagi cheksiz armon, sog‘inch, iztirob va alamni his qilarkanman, beixtiyor yuragim orqamga tortib ketdi. 
Jo‘ra, dedim salom-alikni ham unutgan ko‘yi hayajon bilan, gaplashdim, hal qildim, yer o‘zingga qoldi. Hech o‘ylanma. Sen o‘zing fermer bo‘lasan. Traktor ham sening nomingga rasmiylashtiriladi.
(Illo, men yolg‘on gapirmayotgandim, jo‘ramning yerini olib qo‘ygan amaldorni ham, uning tantiq jiyanini ham yaxshi tanirdim, ularga po‘pisa qilib qo‘ymoqqa haddim sig‘ardi, ammo orani buzib qo‘ymay degan hadikda to shu kun ularga bir og‘iz gap aytmagandim)
Shunda... shunda jo‘ram Toshkentboyning avvaliga og‘ir so‘lish olganini, so‘ng ko‘zlari chaqnab ketganini, quvonchdanmi, ko‘kragi ko‘tarilib tusha boshlaganini ko‘rdimu, “Sho‘rlik intizor bo‘lib kutgan yangilik balki shudir”, degan tusmolli o‘yga bordim.
Jo‘ramning qaqroq, yorilib ketgan lablari qimirlaganday bo‘ldi. U nimanidir shivirlashga urinardi. 
Men engashib, qulog‘imni jo‘ramning lablariga yaqin olib bordim.
Hayot... hayot endi boshlanadi... shivirladi Toshkentboy...
Bu uning oxirgi so‘zlari edi...
Shu so‘zlar bilan bir insonning umr shami so‘ndi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.